Post Views:
173
Muhtaram musulmonlar!
Hozirg‘i qiymatchilik va oziqsizlik shul qadar qo‘rqinchiluq darajaga bordiki, ko‘p oilalar, faqir va bechoralar pulga ham ozuq topolmasdan, ko‘chaba-ko‘cha sargardon bo‘lib, necha kunlargacha och turmoqqa majburiyat ko‘rurlar. Hozirda davom etub turg‘on daxshatliq urush, bu yilg‘i suvsizliq va chogirdka balolari bu holni minba’d yana qo‘rqinchliroq darajag‘a olib boradirg‘ong‘a o‘xshab ko‘rinadur. Turkiston musulmonlarining syezdi mana shu holni e’tiborg‘a olinmak oramizda bo‘lub turg‘on ba’zi bid’at va isrofot ishlarini, chunonchi, to‘y, ma’raka, gap, bazm, yalochi, qozoqlar orasidagi uloq, poyga va janoza bo‘ladurg‘on isrofotni bilkulliya barham bermoqg‘a qaror berdi.
“Sho‘royi islomiya”ning 12 aprelda voqe’ umumiy majlisida Toshkandning qozilari va ulamolari ham bu ishning aksarini shariatga xilof topdilar va o‘z oralarindan bir komissiya saylab, to‘y va ma’rakalarini shul komissiyalarg‘a topshurdilar.
Birinchi. Janoza kuni imom va ulamolarg‘a yirtish va choponlar ulashmoq, qarindosh-urug‘larg‘a qora kiyimliklardek nimarsalar bermoq, yug‘uchi va otunlarg‘a ijroyi xizmatlaridan ziyoda har xil kiyimlar bermoq, otunlar kelib tovush chiqorib o‘qimoq, sadr qilmoq, xotunlarg‘a ulashiladig‘on yetti, gul, qovoq oshi, qor yog‘di, laylak keldi, qovun-tarvuz, yigirma, qirq, hayit, fotiha va yil oshidek xalqa osh beriladurg‘on isrofdir; qozoqlar orasidagi yil oshi, poygalar va ahli kasabalar tarafidan arvoh, pari ismi bilan beralidurg‘on osh va ziyofatlarni yo‘q qilindi va bular badalig‘a janoza kuni davlatlik kishilar ulamo-imomlarg‘a pul berish, xayrot qilmoqlari ham yuqorida mazkur ma’raka kunlarida mahalladan uch-to‘rt kishi chaqirib, xatmi Qur’on qildirmoqlari mumkindir.
Ikkinchi. Qiz to‘ylarida sovchigarchilik, patir, kichik to‘y, qozon qaytarish, katta to‘y, bazm va kecha isroflari va yuz ko‘rar, hayitlarda mol yoyib, kelin ko‘rmoq, qiz oshi bermoq va nikoh kunlarida yalochilar o‘ynamoq, yor-yor aytmoq, xotunlarning har birig‘a alohida non va oshlar tortmoq, “to‘qqiz-to‘qqiz”, sandug‘larda churib ketadurg‘on gulko‘rpa, falak, ko‘rpalardek foydasiz mollar, ko‘chalardin miyoncha ko‘tarib yoki aroba va tuyalarga g‘alla va boshqa xil narsalar ortib to‘y yubormoq, qozoqlardagi qalin olmoq va shunga o‘xshash isrofot va bid’atlar bilkulliya mamnu’dir. Bunlar o‘rnig‘a kelin va kuyov taraflari kiyim va zaruriyat uy asboblari to‘g‘risinda pul ila bitishsunlar, ham nikoh kuni kuyov o‘zi oshnalari va mahalla kishilari birlan bekarnay, faqat surnay bilan borub, nikoh qilurlar va kelin taraf o‘z qarindoshlari birlan kelinni olib borurlar. Faqat kuyov ila boradurg‘on kishilarning yigirma- qirq kishidan oshmasligi lozimdur. Chorlari ham martaba kuni bo‘lib, kuyov ila birga boradurg‘on kishilardin kelin ila boradurg‘on xotunlar ham o‘n kishidan ortuq bo‘lmasun. Chorlari faqat taom yemoq uchungina bo‘lib, tugib olib ketmoqlari va yana beshik to‘yi, chillagarizonlar butunlay yo‘qolib bitsunlar.
Uchinchi. O‘g‘il to‘yida atrofdagi mahallalardan odamlar chaqirub, osh bermoq, uloq bermoq, xotun oshi bermoq, xatna qilinadurg‘on bolalarga nasha va ham ko‘chaba-ko‘cha sargardon qilib, oqcha yig‘moq va shunlarg‘a o‘xshag‘on isroflar bilkulliya mamnu’dir. Faqat davlatlik kishilar ulamo va imomlarni chaqirub, kichikroq bir mavlud majlisi yasab va faqir kishilar mahalladan uch-to‘rt kishinigiga chaqirub, o‘g‘illarini xatna qildirurlar.
“Sho‘royi islomiya” davlatlik kishilardin iltimos qiladurki, mavlud majlisini ham ko‘b katta yubormasdan, mumkin qadar qasdi rioya qilsalar (tejab sarf qilsalar) ham to‘yda… pul va g‘alla sarfi mahallaridag‘i och va yalang‘och, beva-bechoralarg‘a, maktab va madrasa va “Jamiyati xayriya”larg‘abersalar.
Ushbu tartibg‘a muxolifat qilg‘on kishilarning ma’raka va to‘ylari to‘xtamli va aybnoma (protokol) yozub, qozilarg‘a topshurmoq va shahar boshluqlarig‘a havola qilinadi. Bunday kishilarg‘a ittifoqi musliminni bu kim omilini va shar’an harom bo‘lg‘on isrofgarchilig‘ini belgi uchun muhtaram qozilar shariatg‘a muvofiq qattig‘ jazog‘a mustahiq qiladurlar. Muhtaram mahalla imomlari va mahalla komitetlaridan iltimos qiladurki, ushbu e’lonnomani xalqqa tushuntirib, xalqni ushbu tartibdan chiqmasligiga targ‘ib va tashviq qilsalar edi. Chunki janobi Haq ta’oliy isrof qilg‘uvchilarni suymas.
“Sho‘royi islom” raisi muovini
Munavvarqori
Komissiyalar:
Mullo Said Ahrorxon mahzum,
Mullo Murodxo‘ja eshon,
Mullo Abdusa’me’ qori.
“Najot” gazetasi, 1917 yil, 27 aprel
Manba:
Metodik-bibliografik qo‘llanma
© Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008 y.
https://shosh.uz/uz/sho-royi-islom-qarornomasi-1917-yil/