Shokir Sulaymon (1900–1942)

XX asrning 20-30 yillarida Oʻzbekistondagi ijtimoiy, adabiy va madaniy harakatda faol qatnashgan siymolardan biri Shokir Sulaymondir. U sheʼriyat yoki nasr bilan shugʻullanmasin, publitsist yoki adabiy munaqqid sifatida qalam tebratmasin, hamisha maʼrifatparvarlik gʻoyalarining tolmas targʻibotchisi sifatida faoliyat koʻrsatgan.

Shokir Sulaymon 1900 yilda navroʻzi olam arafasida Qoʻqonda tavallud topdi. XIX asrda qator mashhur shoirlarni yetkazib bergan Qoʻqon adabiy muhiti oʻzining maʼnaviy nufuzini hali ham yoʻqotmagan edi. Bu hol Shokir Sulaymon adabiy-ijtimoiy faoliyatining shakllanishiga taʼsir oʻtkazmay qolmadi. U shu yerda 1916 yilgacha yangi usuldagi maktabda taʼlim oldi. Soʻngra Orenburgga borib, mashhur Madrasai Husayniyada oʻqishni davom ettirdi. Bu uning arab, fors, turk, tatar, rus tillarini oʻrganishi hamda shu tillarda chop etilgan gazeta va jurnallarni oʻqishiga imkon yaratdi.

Shokir Sulaymon oktyabr toʻntarishidan soʻng Oʻzbekistonga qaytgach, mahalliy matbuot sahifalarida maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib etish yoʻlidan bordi. 1922–1926 yillarda avval Moskvadagi ishchilar fakultetida, soʻng pedagogika institutida oʻqidi.

Shokir Sulaymon 20-yillarning oʻrtalaridayoq publitsist, hikoyanavis, shoir va tarjimon, adabiyotshunos va munaqqid, shuningdek, darslik va koʻplab qoʻllanmalar muallifi sifatida maydonga chiqa boshladi. Oʻnlab maqola va ocherklarida oʻz xalqini maʼrifatga, madaniyatga chorlagan boʻlsa, “Qotil”, “Hukm”, “Farmoza otasi”, “Lolazordagi shumgʻiya”, “Parazitlar”, “Yamo bilan Xamo” kabi hikoyalarida yangilik bilan eskilik oʻrtasidagi kurashni koʻrsatishga harakat qildi.

Shokir Sulaymon shoir sifatida oʻz davrida anchagina shuhrat topgan edi. “Erk kuylari” (1926), “Gʻalaba marshi” (1928), “Davr hayqirigʻi” (1932) kabi sheʼriy toʻplamlari va dostonlarida hayotsevarlik gʻoyalari tiriklik tashvishlari bilan omuxta kuylandi.

Uning shoir sifatidagi ijodida Sharq mavzuidagi asarlari diqqatga sazovordir. Jumladan, “Qoʻllari koʻklarga!” sheʼrida hind xalqining mustamlakachilik siyosatiga qarshi olib borgan kurashini aks ettiradi; “Hoy, Gʻarb zolimlari! Oʻlimdan-da, oʻtdan-da qoʻrqmaydi Buyuk Hindiston”, – deya qardosh mamlakatning ozod va hur kelajagiga ishonch bildiradi. “Sharq qizi”, “Qul” kabi sheʼrlarida Sharqdagi ozodlik kurashi manzaralarini koʻrsatishga intiladi. Shokir Sulaymonning hayotida pedagogik faoliyat muhim oʻrin tutadi. U oʻrta va oliy oʻquv yurtlari uchun bir qator darslik va qoʻllanmalar yaratib, ularda, xususan, Soʻfizoda, Hamza, Mirmuhsin, Fitrat, Choʻlpon ijodiga oid qimmatli maʼlumotlarni berdi.

Uning A. Saʼdiy, O. Ibrohimov, Hodi Toqtosh, Hasan Toʻfon, S. Ayniy, A. Lohutiy kabi qardosh xalqlar adabiyoti namoyandalari haqidagi chiqishlari qon-qardoshlikni mustahkamlash va adabiy-madaniy aloqalarni chuqurlashtirish ishiga xizmat qildi.

Ijodiy va ijtimoiy-maʼrifiy faoliyati qizgʻin tus olgan yillarda qatagʻon davrining sovuq nafasi Shokir Sulaymonga ham yetib keldi. 1941 yilning 25 avgustida qamoqqa olinib, 1942 yilning 8 avgustida 42 yoshida qatl etildi.

Uning nomi 60-yillarga kelibgina oqlandi, 1964 yilda “Oʻch” nomli hikoyalar toʻplami nashr etildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/shokir-sulaymon-1900-1942/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x