Rafiq Moʻmin (1900–1951)

Rafiq Moʻmin 1900 yilning 7 fevralida Namanganda faqir va serfarzand oilada tavallud topgan. Uning otasi Mulla Moʻmin kosibchilik qilib nochor hayot kechirsa ham, ammo maʼnaviy sogʻlom, boy turmush kechirgan, desak xato boʻlmas. Nega deganda, u oʻz xonadonida qishning uzoq tunlarida hammaslak doʻstlari bilan sandal atrofida navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, mashrabxonlik gashti bilan ochlik, nochorlikni ham unutib yashaganlar. Tabiatan iqtidorli, sezgir boʻlgan yosh Rafiq ana shu gʻazalxon muhitda tarbiya topdi.

Madrasada tahsil koʻrdi, xususiy mutolaaga berildi. Shu yoʻsinda u mumtoz adabiyotimiz namoyandalari ijodini oʻrgandi, ergashdi, baʼzan taqlid ham qildi. Ayniqsa, Mashrab ijodi uni oʻziga rom etdi. Mashrabning koʻpgina sheʼrlarini yodlab ulgurdi, yodlabgina qolmay, undagi asl maʼnolar magʻzini, sheʼriy shakllarni ham oʻzicha tahlildan oʻtkaza bordi. Oʻzi ham ijod bilan shugʻullangan dastlabki kezlarda “Mashrab” taxallusi bilan sheʼrlar ham yozdi.

Dunyoning past-balandini anglagan ota oʻgʻli Rafiqning kelajagini oʻylab rus-tuzem maktabida oʻqitadi. Shu bahona u Sharq mumtoz adabiyoti qatorida A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy kabi rus adabiyoti namoyandalari ijodi bilan tanishish, oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi. Xullas, oq-qorani erta anglagan yigit oktyabr toʻntarishi kezlarida bolsheviklarga katta umid tutdi. Shuning oqibatida mahalliy inqilobchilarning koʻzga koʻringan namoyandalariga ergashib yangi maktablar, yangi madaniyat oʻchoqlarini tashkil etish ishlariga ham aralashdi. Asli kasbi oʻqituvchilik boʻlgan Rafiq Moʻmin dastlab Namangandagi bolalar uylarida tarbiyachi va oʻqituvchi boʻlib ishladi. Ayniqsa, ota-onasiz qolgan yetim-yesirlarning boshini siladi, oʻqitdi.

Shulardan ayrimlari, jumladan Razzoq Hamroyev, Sanjar Tilla, Uchqun Rahmon va boshqalar oʻz ilmiy-ijodiy ishlari bilan xalqimiz orasida mashhur boʻlib ketishgan. Uning tashabbusi bilan 1925–1927 yillarda Namanganda toʻrtta yangi maktab bunyod etilgan.

Razzoq Hamroyevning keyinchalik eslashicha, “Rafiq Moʻmin faqat qalbdangina shoir boʻlmay, tashqi qiyofasi, xatti-harakati bilan ham shoirona odam edi. Rafiq akaning Navoiy, Lutfiy, Furqat ijodi haqidagi hikoyalari juda maroqli boʻlardi… Rafiq aka yaxshi xonanda va bastakor ham edi. U oʻz sheʼrlariga kuy bastalab, bolalarga oʻrgatar edi”.

Rafiq Moʻmin oʻqituvchi, shoir va publitsist sifatida 20-30 yillardayoq Gʻayratiy, H. Olimjon, Mirtemir kabi mashhur adiblar eʼtiboriga tushgan. U oʻz davrida lirik sheʼrlar qatori, siyosiy lirika namunalari hamda qilichdek keskir hajviy asarlari bilan ham mashhur boʻlgan. Uning koʻpgina asarlari “Mushtum”, “Mashrab” kabi jurnallarda tez-tez bosilib turgan. Unda olgʻir, tekinxoʻr va poraxoʻrlar, landavur, ishyoqmas, takasaltanglar, shuningdek, eski urf-odat va bidʼat ishlar keskin tanqid qilingan. Ayni chogʻda oʻnlab lirik sheʼrlarida bahor, gul, bulbul obrazlarining yorqin bir guldastasini oʻz oʻquvchisiga sovgʻa etadi. Jumladan, “Ey, goʻzal gʻuncha”, “Gul kapalaklari”, “Yana bahor” kabi sheʼrlarida oʻzining hayot va odamlar, tabiat haqidagi nozik tuygʻularini omuxta ifodalaydi. “Ey, goʻzal gʻuncha” sheʼrida:

 

Hasratda yigʻlama, ey goʻzal gʻuncha,

Yigʻlasang yigʻlarman senga ham shuncha,

 

deya lirik qahramonning ruhiy holatiga yaxlitlik bagʻishlaydi. “Yana bahor” sheʼrida:

 

Yana bahor… yana hayot qaynaydi.

Mudrab yotgan tabiatga jon kirib.

Yashil oʻtlar… sebargalar tirilib

Yana borliq, nurga toʻlib yashnaydi, –

 

kabi xalqona, baxshiyona misralar yaratadi. Rafiq Moʻmin lirik va hajviy sheʼrlar qatori “Ibrohim”, “Qapchigʻay”, “Qizil qiz”, “Zanglagan pichoq”, “Bolaqoʻr”, “Tiyonshon qizi” kabi ajoyib dostonlar, “Yoriltosh”, “Ishchi bobo”, “Oydin” kabi pyesalar ham yaratdi. U ana shunday ijodiy kamolot sari parvoz etayotganda qatagʻon zanjiri uning ham yelkasidan tortdi.

U 1937 yilning 25 mayida hibsga olinib, oʻn yilga Kuybishevdagi qamoq lageriga surgun qilindi. Oʻn yillik qiynoqlardan soʻng 1947 yilning yozida oʻz vataniga qaytib keldi. 1951 yilning 5 mayida orttirib kelgan ogʻir kasalligi tufayli vafot etdi. Istiqlol yillarida Rafiq Moʻminning “Qapchigʻay” (1998) nomli sheʼrlar va dostonlar kitobi bosilib chiqdi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/rafiq-momin-1900-1951/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x