OLTIN YURT QOʻShIGʻI
Ey, hassos musavvir, chizib ber menga
Oltin dalalarning ajib shukuhin.
Jo etsin oʻziga sen bergan ranglar
Bu qadim diyorning bezavol ruhin.
Yuzi nurli dehqon tongga roʻbaroʻ –
Xirmonni shopirib turgan onni chiz.
Bu kun roʻyob erur ming yillik orzu,
Shu yurtning sohibi hur insonni chiz.
Tilla rang ufqlarga bergin fusun, zeb,
Elimning fayziga boqib toʻyayin.
Soʻng men – Oʻzbekiston suvrati shu deb,
Samo peshtoqiga osib qoʻyayin.
Keksalar ochgaylar duoga qoʻlin:
– Ayirma toabad baraka-qutdan.
Ey, bezovta dunyo, ulgu olgin sen
Chehrasi nondayin issiq bu yurtdan!
RIVOYAT
Bu qadim zamondan qolgan rivoyat:
Bir shoh toʻymas ekan oltinga zinhor.
Koʻzin boshqa yurt ham kuydirib gʻoyat,
Uni zabt etmoqqa qilibdi qaror.
– Qani aygʻoqchini chaqiring menga,
Keltirmish qanday sir-sinoat, xabar.
Urushda qoʻshini zoʻr tomon yenggay,
Ishoning, biz albat quchgaymiz zafar!
Kiribdi aygʻoqchi hovuchlab jonin,
Qotibdi taxt sari taʼzim qilgancha.
Shoh debdi: – Avvalo soʻyla, arslonim,
U yurt lashkarining sanogʻi qancha?
– Yuz ming, olampanoh, – soʻz qotibdi u,
Shoh qah-qah uribdi, qilgandek mazax.
– Mening lashkarim-chi – yetti yuz ming-ku!
Boshlaymiz bosqinni erta tongdanoq!
Shoh tagʻin josusga tikibdi koʻzin:
– Aytgin, dilda yana qanday gaping bor?
– Olampanoh! – buni koʻrdim men oʻzim –
Bu yurtda shoirlar koʻp ekan, bisyor.
– Ular sonin aytma, salmogʻini ayt,
Soʻyla, qanchadir el tan bergan oqin!
Tillarda takrormi ular bitgan bayt,
Chaqnarmi bamisli tundagi chaqin?
– Shunday shoiri bor yettita oʻktam,
Eli suyar ekan ularni behad.
Ular sheʼr aytganda dildan ketib gʻam,
Tiklarkan oʻzini har bir egik qad.
– Yettita dedingmi? – ogʻir sukutga
Tolibdi sherkelbat tojdor bir nafas.
– Men qaytdim fikrimdan, eʼlon qil yurtga –
Amrim bekor, yurish toʻxtatilgay, bas.
– Ulugʻ olampanoh, fikringiz nechun
Oʻzgardi? – Soʻrabdi aygʻoqchi shu chogʻ.
– Eli suygan yetti shoir men uchun,
Axir, oshib boʻlmas yetti ulkan togʻ!
Misli yetti daryo ayqirib oqqan…
Axir, yetti shoir otlarga minib,
Naʼra tortib kelsa yetti tomondan,
Xalq joʻshib dengizga aylanmaydimi!
Yurt ruhi oʻshanda alp togʻlar monand
Yuksalib ketmasmi yovga vahm solib!
Aytgin, qaysi qoʻshin shunda yemas pand,
Bu jangda qay lashkar boʻlolsin gʻolib?!
Mening yetti yuz ming askarim, evoh,
Bu qudrat qoshida boʻlmas urvoqcha!
O, koshkiydi, – debdi maʼyus shahanshoh, –
Menda ham shoirlar qonda oʻt yoqsa!..
Taxtim omonatmas, qudratim tayin,
Oqin ham koʻp – baxtdan zavqqa toʻlguvchi.
Lekin ular ichra bormi shundayi –
Qiyin damda elga suyanch boʻlguvchi?!
Shu armon oʻzim-la ketmay qabrga,
Shoyad falaklarga yetsa arz-dodim.
Almashmas edim men shunday shoirga
Qirqta vazirimu mingta ahbobim!..
Podsho shunday deya barmogʻin tishlab,
Ogʻir xayollarga choʻmibdi gʻoyat…
Bundan oʻzga maʼno oʻltirmang izlab,
Bu qadim zamondan qolgan rivoyat.
* * *
Shoirlar kuylaydi yurtining shonin,
Yashamoq nechun – qalb tugʻyon solmasa!
Shoirmas u – xalq-chun tikmasa jonin,
Xalqmi u – shoirin asray olmasa!
QUSHChAJON
Darchamning tagida naylading,
Tong payti nolalar aylading,
Bunchalar kuyunib sayrading,
Tilingni bilmayman, qushchajon!
Sitami koʻpdir bu dunyoning,
Buzdimi birovlar oshyoning?
Nimadan zorlanar, oh, joning,
Tilingni bilmayman, qushchajon!
Bu ochun shafqatga zor hali,
Tolega osmonlar tor hali,
Dunyoda razillar bor hali,
Tilingni bilmayman, qushchajon!
Tuyub kuz epkinin yaproqlar,
Soldimi dilingga titroqlar?
Bas, nechun shuncha gʻam-firoqlar!..
Tilingni bilmayman, qushchajon!
Shoirman, gʻussangni ilgʻayman,
Lekin, ayt, ne chora qilgʻayman,
Men sening dardlaring tinglayman,
Meni kim tinglaydi, qushchajon!
O, MENING SHEʼRLARIM!..
O, mening sheʼrlarim – zoʻr umidlarim,
Yuksaklarda uchgan sor burgutlarim!
Bir paytlar edingiz ruhimga suyanch,
Yolgʻiz qolganimda – tasalli, yupanch.
Siz bilan edim men dovyurak, botir,
Tuyardim oʻzimni har ishga qodir!
Yurakda gʻururim bilmas edi chek,
Ezgulik lashkarin mard jangchisidek.
Ishonardim shunga shaksiz-shubhasiz:
Qarshimda qabohat choʻkkay bir kun tiz!
Oʻylardim samoviy hislarda yonib,
Poklay olgum deya bir kun dunyoni!
Der edim yolgʻonga tik boqib yana:
Baribir Haqiqat qilgay tantana!
O, mening sheʼrlarim – zoʻr umidlarim,
Yuksaklarda uchgan sor burgutlarim!
Bu kun yuragimda armonlarim zil,
Sindi tuygʻularim shishadek chil-chil!
Bu kun shohiddirman men shunga faqat:
Sodda emas ekan aslo Qabohat!
Razil aʼmolidan sira qilmay or,
Oʻzin koʻz-koʻz qilar mudom u makkor!
Bilmam, poklamoqning bormi imkoni –
Fisq-fujurga toʻlgan ushbu dunyoni.
Yolgʻon dasti bu kun har joyga yetgan,
Goh yuksak-yuksakka chirmashib ketgan!
O, mening sheʼrlarim – zoʻr umidlarim,
Yuksaklarda uchgan sor burgutlarim!
Tegramni gʻam-hasrat chulgʻab kelar boz,
Endi men sizlardan kechadirman voz.
Meni oʻzim bilan qoldiring yakka,
Boring siz endi bir nekbin yurakka!..
* * *
Erkin VOHIDOVga
Isteʼdodga asli kim ega?..
Buni har kim oʻzicha yoʻydi.
Bugun hamma yozar-u, nega
Erkin aka sheʼr yozmay qoʻydi?
Sheʼr degani qiyindir abad,
Yetar-da – jon qiynoqdan toʻygan.
Kim biladi, balki shu sabab
Erkin aka sheʼr yozmay qoʻygan.
Sheʼr chorlaydi nuqul osmonga,
Lekin netgung – bandi qilsa yer!
Erkin aka ham bir inson-da,
Balki shundan yozmay qoʻygan sheʼr.
Sheʼr hisobin, ayting, kim soʻrar,
Qolmasa bas dilda asorat.
Lekin baʼzan yozgandan koʻra,
Yozmaslik ham ekan jasorat!
* * *
Hijron tuyular goh ajib bir totday,
Yuragimda mening sogʻinch-firoqlar…
Eshitdim, sen yashaydigan muzofotda
Bevaqt oʻchib turar emish chiroqlar.
Qaniydi, shu kech men yoningga borsam,
Serlutf suhbatlardan koʻngillar tolsa…
Shunda dil ilinjin uqqanday birdan
Xonangdagi chiroq oʻchib qolsa…
ILTIJO
Menga kerak emas dovrugʻ, shuhrat-shon,
Koʻzimni oʻynatar na oltin, na zar.
Menga kerak emas martaba, unvon,
Na hech kim quchmagan omad va zafar.
Asʼasa, dabdaba uchun chekmam gʻam,
Men oddiy odamman, yerdagi bir kas.
Yolgʻiz iltijomni qabul et, Egam,
Farzandimga tole ato etsang, bas.
IXTIROCHI
Farovonlik davri emas hali deb,
Har yon gard-gʻuborga, eh, toʻlib ketdi!
Fargʻonalik Nosirjon Yusufaliyev
Ajoyib uskuna ixtiro etdi!
Turfa neʼmat ishlar chiqindilardan,
Yasalishi uning sodda va oʻngʻay.
Bor-ku muhandislar oʻzimizda ham,
Tokay havas qilamiz yaponga?!
Ammo gʻovlar qurshab oʻngu soʻlini,
Toʻralar zugʻumi qilgandek ozlik –
Fargʻonalik ixtirochi yoʻlini
Poytaxtda toʻsib chiqdi qogʻozbozlik!
Biroq u gʻalat feʼl – qaddi gʻoz, tikka,
Yuragida kuzmas, hamisha bahor!
Bir zum ham tushmadi tushkunlikka –
Qolib yoʻlkirasiz, qolib och-nahor.
Vatan oʻziniki endi, axir – mustaqil,
Asrash kerak uni xas-choʻpdan koʻzdek…
Sening ertang oʻylab kuyunar bir aql,
Qachon qadrlaysan olimingni, oʻzbek?!
Ixtirochi doʻstim, zukko Nosirjon,
Dunyoda yaxshi koʻp, boʻlmagin sen xun.
Orzuying roʻyobga chiqqay begumon,
Kashfiyotingni ham alqarlar bir kun.
Lekin doim shuni qilamiz orzu,
Moʻjiza shaydosi boʻlgin sen har dam.
Bir ixtiro yaratib berginki, to u
Yurtni tozalasin noshud kaslardan.
Qayta ishlasin u turfa qallobni,
Aylanmagunicha pok odamga to.
Taraqqiyot bobida oʻshanda, lofsiz,
Dogʻda qoldirgaymiz yaponni hatto!
Mirpoʻlat MIRZO
“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/shoirlar-kuylaydi-yurtining-shonin/