“Shoir”

Yuliya Markova

 

Kechagina Anton Vertalyotov ixtirochi boʻlmoqchi edi, oʻtgan kuni – haydovchi, bir hafta oldin esa tankchi boʻlish orzusida edi. Ammo bugun shoir boʻlishga qatʼiy qaror qildi.

“Mix” nomli maktab devoriy gazetaning navbatdagi soni chiqdi. Bu gazeta isteʼdodli bolalar haqida boʻlib, gazetaning har bir sonida bolalar yozgan sheʼr eʼlon qilinadi. Sheʼr gazetaning eng yuqori qismida, “Shoir boʻlaman” rubrikasi ostida chiqadi. Maktabda koʻpchilik bolalar “Yosh shoirlar” toʻgaragiga qatnar, toʻgarakni esa maktab direktorining oʻzi boshqarar edi. Gazetaga ham eng yaxshi deb topilgan sheʼrlar tanlanardi.

Devoriy gazetaning soʻnggi sonida Vertalyotovning sinfdoshi Igorka Krilovning sheʼri bosib chiqildi-yu, u bir zumda mashhur boʻldi-qoldi. Tanaffusda kichik sinfdagilar undan intervyu olishar, kundaligigami yoki boshqa daftariga dastxat qoʻydirishardi. Igorka hattoki hech kimnikiga oʻxshamaydigan jimjimador imzo qoʻyishni ham oʻrganib oldi. Bittagina sheʼr yozib mashhur boʻlish mumkin ekan-da, deb oʻyladi Vertalyotov.

Uyga kelib sheʼr yozishni nimadan boshlasam ekan, deb derazaga tikilib turdi. Koʻchada esa oddiy qish oqshomi: hammayoq oppoq qor, izgʻirinning shiddatiga qaraganda hali-beri qish tugamaydiganga oʻxshaydi. “Qish haqida yozaman”, qaror qildi Anton va sarlavha qidirdi. “Qish oqshomi” deb nomladi Vertalyotov. U qoʻliga qalam olgan zahoti sheʼr oʻz-oʻzidan quyilib kelaverdi. Yozgan sheʼrini ovoz chiqarib oʻqib, sheʼr yozish juda oson ekan, boʻldi, shoir boʻlaman, deb ahd qildi.

Ertasi kuni sheʼrni direktorga koʻrsatdi.

– Yaxshi sheʼr yozibsan, Vertalyotov, – maqtadi uni direktor. – Judayam aʼlo! Qanday uslub! Ha, Vertalyotov, toʻgʻrisi, shunchalik yozishingga koʻzim yetmovdi, lekin men uni qayerdadir eshitgandayman. Ayt-chi, Vertalyotov, sheʼrni oʻzing yozdingmi? – dedi direktor “shoir” ga sinchkovlik bilan tikilib.

– Oʻzim yozdim, – javob berdi “shoir” xuddi shunday nigoh bilan.

– Balki kattalardan kimdir yordam bergandir? – yana soʻradi direktor.

– Hech kim yordam bermadi, – javob berdi Anton.

– “Qish oqshomi”, “qish oqshomi”… – qaytardi direktor, – ha, esimga tushdi. Balki Aleksandr Sergeevichning oʻzi senga yordam bergandir?

Vertalyotov hech narsani tushunmadi. “Qanaqa Aleksandr Sergeevich?” Axir bu mening sheʼrim. Kechagina yozdim. Hali hech kimga koʻrsatmadim ham.

– Axir bu Pushkin, – Antonning xayolidagini oʻqigandek javob berdi direktor. – Sen koʻchirmachi shoir, Pushkinning sheʼrini oʻgʻirlamoqchi boʻldingmi?

Anton, qanaqa koʻchirmachi shoir, qanaqa sheʼr oʻgʻrisi, direktorning jahlini shunchalik nima chiqardi, deb hech narsaga tushunmasdi. Direktor esa azbaroyi jahli chiqqanidan, tishlari orasidan:

 

Boʻron, zulmat osmonni tutar

Qor quyunni qiladi oʻyin.

Dam hayvonday boʻkirib oʻtar,

Dam goʻdakday yigʻlar, berar un…

 

Shundaymi, Vertalyotov? Hech narsani adashtirmadimmi? – gʻazab bilan soʻradi direktor.

– T-t-toʻgʻri, – deb javob berdi qoʻrqib ketgan Vertalyotov. Lekin hech narsani tushunmadi.

– Ertaga maktabga ota-onang bilan kelasan! – baqirdi direktor.

Direktor toʻgarak rahbari sifatida hech qachon bunday voqeaga duch kelmagandi.

Uyda Vertalyotov ota-onasiga direktor chaqirayotganini, lekin nima uchun chaqirayotganini tushunmaganini aytdi.

– Menimcha, “Qish oqshomi” sheʼrini kim yozganini tushuntirib berish kerak, – deb qoʻydi.

Ota-onasi, agar Pushkin bilan bogʻliq boʻlsa, unda buvisi borgani yaxshi, chunki buvisining sevimli shoiri, deb kelishishdi.

Ertasiga buvi bilan nabira direktor xonasiga kelishdi.

– Sheʼrim devoriy gazetaga chiqadimi endi? – soʻradi Anton sekingina.

– Bu qanday odobsizlik, qanday surbetlik! – tutaqib ketdi direktor. Keyin buviga qarab “Qish oqshomi”ni kim yozgan? – deb, soʻradi-da, sheʼrdan yana toʻrt qator oʻqib berdi.

– Shubhasiz, Pushkin yozgan, – dedi hech narsaga tushunmagan buvisi.

– Men shunday desam, nabirangiz uyalmasdan, bu mening sheʼrim, deb turib olgan. Axir bu oʻgʻrilik-ku, tushunyapsizmi?

– Boʻlishi mumkin emas. Mening nabiram unday emas, – dedi buvi va biroz oʻylanib turib, shu sheʼrni ashula qilib aytdi.

– Sizga nima boʻldi? – choʻchibgina soʻradi direktor.

Buvisi sheʼrni oxirigacha ashula qilib aytdi va koʻzlari yoshlanib nabirasiga qaradi.

– Qanday chiroyli musiqa, – dedi direktor. – Oʻzingiz bastalaganmisiz?

– Yoʻq, men emas. Pushkinning litseydagi doʻsti bastalagan. Sizga hozir hammasini tushuntirib beraman.

– Marhamat, – hayratlandi direktor.

– “Qish oqshomi” bu mening eng sevimli romansim. Men uni Antoshka goʻdakligida har kuni aytib berardim. Unga yoqardi shekilli, jimgina tinglab uxlab qolardi. Menimcha, romans oʻshanda xotirasiga yozilib qolgan. Bolalarda shunaqa voqealar boʻladi, men buni psixologiya jurnalida oʻqiganman. Axir Pushkin qanday qilib yoqmasligi mumkin?

Direktorning unga ishonmay iloji yoʻq edi. U xonasida derazaga tikilib oʻtirar, koʻchada qorlar eriy boshlagan, bahor hidi kelardi. Direktorning kayfiyati yaxshi edi. U oʻzining bolaligini, buvisini esladi va oʻz-oʻzidan buvisidan eshitgan bahor haqidagi sheʼrni ovoz chiqarib oʻqidi.

Anton Vertalyotovning ham kayfiyati yaxshi edi. Biroq uyga qayta turib, shoir boʻlish fikridan qaytdi. U endi kompazitor boʻlishga qaror qildi.

 

Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

 

“Gulxan”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x