SHOHMALIK

SHOHMALIK, amir Shohmalik, amir Gʻiyosiddin Shohmalik (? — 1426.21.1, Xorazm, Mashhadda dafn etilgan) — Amir Temur va Shohrux saltanatida xizmat qilgan dongdor amir. Amir Temur uni yoshligidan tarbiyalagan, harbiy salohiyatni oʻrgatgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida Shohmalik dastlab Amir Temurning 5 yillik yurishi, aniqrogʻi Takrit qalʼasining olinishi (1393 yil) voqealari bayonida qoʻshin boshligʻi sifatida eslatilgan; Muhammad Sultonni Hurmuz viloyatini egallashga joʻnatganda esa, Shohmalik lashkar tarkibida hazorani (minglik qoʻshin qismini) boshqargan.

Sh. Amir Temurning Hindistonga yurishida faol qatnashgan lashkarning turli qismlarida tuman sardori boʻlgan. Amir Temurning 7 yillik yurishi chogʻida Sh. Sohibqironning eng ishonchli kishilaridan sanalgan. Sulton Boyazid bilan jangda Shohmalik nomdor noʻyon sifatida lashkarning markaziy (qoʻl) qismiga belgilangan. Amir Temur Oʻtror shahrida vafot qilgan paytida Shohmalik uning yonida boʻlgan va oxirgi vasiyatlari, jumladan, Pirmuhammadni valiahd qilgani haqidagi vasiyatni bevosita eshitgan. Sohibqironning jasadi joylashgan tobut, oilasi, nevaralarini Oʻtrordan Samarqandga olib kelishda bosh boʻlgan.

Amir Temurning vafotidan soʻng, Samarqand taxtini Xalil Sulton egallagach, Shohmalik Mirzo Shohruxning oʻgʻillari Ulugʻbek va Ibrohim Sultonni olib, dastlab Buxoroga, soʻngra Xurosonga Shohrux xizmatiga borgan. Shohrux Movarounnahrni toʻla oʻz ixtiyoriga olgach (1409—10), uni Ulugʻbekka suyurgol qiladi va u hali yosh boʻlgani sababli, mamlakat ishlarini boshqarib turishga Shohmalikni mutasaddi qilib qoldiradi. Mazkur tadbirdan Ulugʻbekning koʻngliga malollik kelganini bilgan Shohrux (1411 — 12) Shohmalikni Xurosonga chaqirib oladi.

Keyingi 1405—13 yillar davomida Sh. Shohruxning topshirigʻi bilan Xuroson, Mozandaron, Movarounnahr, Xorazmga harbiy yurishlarda, isyonlarni bostirishda qatnashgan. Shohrux (1412 — 13) Xorazmni Shohmalikka butkul (darbasta) suyurgʻol qiladi. Shohmalik Xorazm hokimi boʻlganidan keyin ham Shohruxning gʻarbiy viloyatlarga yurishlarida ishtirok etgan.

Shohmalikning Temuriylar davri xalqaro elchilik munosabatlarida ham maʼlum hissasi bor. 1419—22 yillarda Temuriylardan Xitoyga borib kelgan katta elchilik safarida Xorazmdan Shohmalikning Oʻrduvon ismli elchisi ham qatnashgan.

Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlai saʼdayn»ida keltirilishicha, Amir Temur oʻz vaqtida Shohmalikning sadoqatli buyuk xizmatlarini qadrlab, juda koʻp joylarni unga suyurgʻol tarzida inʼom qilgan. Shohmalik oʻziga tegishli mulklarda madrasalar, xonaqohlar, masjidlar, rabotlar va hovuzlar kabi koʻp xayrli qurilishlarni amalga oshirgan, ularga ekinzorlar barpo etib vaqflar belgilagan.

Shohmalik vafot qilgach, uning jasadini Xorazmdan Mashhadga keltirib, Imom Rizoning qabri yoniga oʻzi qurdirgan maqbaraga dafn qilishgan.

Omonullo Boʻriyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x