Sheʼriyat xiyoboni

(Shayxzoda lirikasining badiiy-estetik xususiyatlari)

 

Umrim yoʻli bir xiyobon deya oʻyladim…

Daraxtlarning soni qadar misralar tizdim.

(Maqsud Shayxzoda)

 

Shoirlar boʻladiki, ular qoʻllagan har bir tashbeh – kashfiyotga, har bir soʻz – timsolga, har bir tinish belgisi – oʻquvchi zehniga yoʻl koʻrsatuvchi kompas miliga aylanib ketadi. Maqsud Shayxzoda ham ana shunday sanʼatkor edi. Uning “Navoiy”, “Yoʻq, men oʻlgan emasman!”, “Koʻr kuychi balladasi”, “Tovushlar”, “Binafsha”, “Bir chogʻlar”, “Xiyobon”, “Gʻafurga xat” kabi sheʼr va balladalarini oʻqigan kitobxon bir zum hayratda qoladi. Lekin shu bir zum hayratda qoldirish uchun shoir yillab, hatto oʻn yillab zahmat chekkanini xayoliga ham keltirmaydi. Vaholanki, ular shoirning oʻtgan yillari va oʻtilgan yoʻllarining shunday mujassam haykalidirki, tasodif ularni hech qachon yuzaga keltirishga qodir emas. Ana shu goʻzallik haykallarining vujudga kelishi, shakllanishi va tadrijini shoir lirikasida yaqqol koʻrish mumkin.

Sheʼrxon Shayxzoda kitobini qoʻlga olib, uning merosiga kirib borar ekan, shoirni oʻzi uchun qadam-baqadam kashf etib boradi – shoir haqida sheʼrlarning oʻzlari soʻzlay boshlaydilar. Ular shoirni bor boʻyi bilan tasvirlaydilar. Ana shu tasvirlardan biri, birinchisi va eng muhimi, bizningcha, mana shunday boshlanadi:

Maqsud Shayxzodani oddiy zamonaviy shoir deyish u qadar toʻgʻri emas. U kelajak zamonlar dardi bilan yashagan shoir. U zamon havosidan nafas olar ekan, zamondoshlarining oldingi saflarida borib, oʻz nafasini zamon havosiga singdiradi. Lekin Shayxzoda ijodining dastlabki davrlarida zamon doirasidan chiqa olmaganini, oʻtkinchi targʻibot va tashviqotlar doirasida oʻralishib qoganini, sheʼrning asl mohiyati goʻzallik ekanini anglab yetmaganini, katta zaminli kichik voqelikdan koʻra, kichik zaminli, koʻzga kattakon boʻlib tashlanadigan hodisalarni qalamga olganini koʻramiz. Bu davr shoirning izlanishlar davri boʻlib, sheʼrni chuqur badiiyat bilan emas, balki yuzaki hayqiriqlar bilan kuchaytirishga intilish pallalari edi.

Bu haqda Shayxzodaning oʻzi “Oʻn besh yoʻlning daftari” kitobiga yozgan soʻzboshisida shunday degan edi: “… bir qancha sheʼrlar borki, ularni avtor bukun yozsa, balki boshqacharoq yaratgan boʻlardi. Ammo ular kurashimizning turli yillardagi bevosita guvohlari edi; shundaylikcha qoldirdim”[1].

Oʻttizinchi yillarning ikkinchi yarmiga kelib, Shayxzoda ijodida koʻtarilish yuz berdi. Bu koʻtarilish “Qorovul” sheʼridan boshlanadi. Shoir endi ilgari surgan fikrlariga mos ifoda shakli topadi, ularga badiiy libos kiydiradi, gʻoyani sanʼat nuqtai nazaridan turib talqin eta boshlaydi. Har bir sheʼrning mavzui va mazmuni aniqlashadi, umumiylik, koʻpsoʻzlilik, ortiqcha hayqiriqlar yoʻqoladi, oʻz ohangiga ega boʻlgan uslub, oʻz jarangiga ega boʻlgan yangi ovoz, oʻziga xos estetik tamoyillar bunyodga kela boshlaydi.

Bu borada atoqli adabiyotshunos Aziz Qayumovning quyidagi fikri diqqatga sazovor: “Shayxzodaning sheʼriy mahorati oʻttizinchi yillarning oxirlarida oʻsa bordi, – deb yozadi Aziz Qayumov. – Deklarativ chaqiriqlar, nidolar chekindi, oʻrnini tafakkur egallay boshladi, obrazlar sistemasi boyidi va mukammallashdi”[2].

Shayxzoda nomi bilan bir umr yonma-yon turuvchi donolik hamda faylasuflik mana shu davrda ilk bor oʻzini namoyon etadi. Bundan buyon ana shunday barkamol sheʼrlar shoir ijodining asosiy gʻoyasini tashkil eta boradi. Buni shoirning oʻzi ham yaxshi his qiladi. Endi uni maʼlum bir shiorlar, umumiy tuygʻular emas, balki chinakam shoirona hissiyot, estetik ehtiyoj yozishga undaydi. Bu haqda u “Misraning tugʻilishi” sheʼrida shunday deb yozadi:

 

Uymalangan qator tashbehlar

Karvondir, sorbon istaydi.

Shitirlagan bargdan toʻqilgan

Qofiyalar meni qistaydi[3].

 

Mana shu davrda u “Navoiy” balladasini yaratdi. Ballada faqat shoirninggina emas, oʻzbek sheʼriyatning ham katta yutugʻi sifatida maydonga chiqdi. Shoir oldidagi eng qiyin vazifa Navoiyning haqqoniy portretini va u yashagan muhit manzarasini yaratish va kichkina bir manzumada butun bir davr ruhini bera bilish edi. Shayxzoda buning uddasidan chiqdi.

Shunisi qiziqki, asar kompozitsiyasi voqealarga asoslanib emas, balki koʻproq ohangga asoslangan holda uchga boʻlinadi. Balladaning boshlanishidan bir parcha keltiraylik:

 

Hirot qalʼasida koʻp qadim qoʻrgʻon,

Asrlar yiqitmay mujassam turgan.

Yana aysh-ishratda Temuriyzoda,

Sarxush kallalarga amr aylar boda,

Yana mastdir Sulton Husayn Boyqaro,

Kecha koʻp qorongʻi, hatto oy qaro.

U ham zuvalasi nozik shoirdir,

Gʻazallar toʻqishda ancha mohirdir[4].

 

Agar diqqat qilsangiz, shoir “Yana aysh-ishratda Temuriyzoda/ Sarxush kallalarga amr aylar boda”, der ekan, nafrat ohangi seziladi. Lekin “Yana mastdir Sulton Husayn Boyqaro” misrasidan soʻng kelgan satrlarni oʻqib, nafrat achinishga aylanganini, oltin toj qafasiga mahkum etilgan gavhar boshga, bir kamyob isteʼdodga achinish ohanglarini ilgʻaysiz. Endi “zuvalasi nozik shoir”ning bu holiga birgina muallif bilan siz emas, hatto kecha ham, oy ham achinadi. Bu va keyingi misralar koʻzgusida qonlarga qoʻshib simirilayotgan sharob, isteʼdodlarni ana shunday halokatga olib borayotgan muhit aks etadi. Boyqaro va uning saroyi bor basti bilan gavdalanadi, realistik manzara paydo boʻladi. Shayxzoda mahoratining yana bir qirrasi shunda koʻrindiki, u:

 

Ogʻir uyqularga tolgandir Heri,

Goʻyoki charchabdi azaldan beri, – [5]

 

degan nozik bir ishora bilan buyuk bobolari vasiyatini poymol qilib, oʻzaro jangga kirishgan shahzoda nabiralar qirgʻinidan charchagan oʻlka timsolini bera oladi.

 

Herining eng tanho bir goʻshasida,

Bogʻlarga eltuvchi tor koʻchasida

Poytaxtning xilvatgoh mahallasi bor, – [6]

 

deb boshlangan ikkinchi qism birdan realistik tasvir ohangidan chekinadi, romantik ohang sizni surur dunyosiga tortadi, buyuk “Xamsa” bunyodga kelayotgan goʻshaga yetaklaydi. Siz Laylilar taqdiriga yigʻlayotgan Navoiyni koʻrasiz:

 

Nega ranglar ichra koʻpdir qaro rang?

Nega bu dunyoda kelishmas ohang?[7]

 

Shunda siz ham beixtiyor shoir dunyosiga kirib borasiz, unga buyuk bir ehtirom bilan hamdardlik bildirasiz. Ammo eshik qoqqan yasovul shoir bilan birga sizni ham Boyqaro huzuriga boshlaydi. Endi saroyning ikkinchi bor tasviridan balladaning uchinchi ohangi – qismi boshlanadi. Shayxzoda “bir zarb bilan”, toʻrt misraning oʻzidayoq saroy muhiti haqida sizga toʻliq tasavvur beradi:

 

Vazirlar koʻzida sovuq gʻayirlik,

Yasama kulgilar emas xayrlik.

Kiyimlar zardoʻzi, ruhlar yovvoyi,

Koʻp yaxshi biladi buni Navoiy.[8]

 

Shoir atigi uchta sifatlash orqali (“sovuq”, “yasama”, “yovvoyi” – taʼkid bizniki) katta bir manzarani, butun bir kishilar toifasini shunday mohirlik, izoh talab qilmaydigan jonlilik bilan tasvirlaganki, bunda sheʼr uchun butun boshli soʻz u yoqda tursin, hatto soʻzdagi birgina urgʻuning zalvori ham naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini his qilish mumkin. Xuddi shu qismda Navoiyning badiiy qiyofasi yaratiladi. U:

 

Tut gadoligʻni, Navoiy, mugʻtanam,

Shohlar olida bosh indurma koʻp! – [9]

 

deb hayqirayotgan adolatparvar, inson qadrini chuqur anglab yetgan shoir, buyuk siymo sifatida koʻz oldingizga keladi.

Shayxzoda bu balladasi bilan oʻzini tamomila shakllanib boʻlgan, yetuk shoir sifatida koʻrsatdi[10].

Maqsud Shayxzoda ijodidagi yana bir koʻtarilish Ikkinchi jahon urushi davrida voqe boʻldi. Avvalgi sheʼrlaridagi publitsistik unsurlar birdan boʻrtib gavdalana boshladi, lirizm falsafiylik bilan, falsafiylik publitsistik ruh bilan chirmashib ketdi, realizm romantika va tarixiylik bilan birikib ohang yaratdi. Sheʼrlarning qahramonlari (farzandini kuzatayotgan ona, janggohdagi farzand, Gastello, Zeboxon, Qoʻchqor, Tekstil kombinat toʻquvchisi) asrning tom maʼnodagi vatanparvar va insonparvar farzandlari sifatida gavdalanadilar. Shuning natijasida oʻzbek jangovar sheʼriyatining durdonalari boʻlmish “Kurash nechun?”, “Qasos”, “Yoʻq, men oʻlgan emasman!”, “Generalning xotirasi” kabi asarlar yaratildi. Bu sheʼrlarda shoir ovozidagi joʻshqinlik salobat va qudrat kasb etdi, Vatan nomidan, jahon nomidan, insoniyat nomidan hayqirishga qodir boʻlgan ovoz darajasiga koʻtarildi. Sheʼrlardagi tashbehlar oʻzining tong qoldirarli favquloddaligi, benihoyat aniqligi va tabiiyligi bilan kishini quvontiradi.

Shoirning yuksak badiiy mahorati jilvalarini “Olma” sheʼrida ham koʻrish mumkin. Voqea oddiy: bogʻda kezib yurgan kelinchak jabhada Vatan uchun jang qilayotgan yorini oʻylaydi, bir olmani uzib, uni yaxshi niyat bilan uy toʻriga osib qoʻymoqchi boʻladi va yori qaytib kelgandan keyingi holatni koʻz oldiga keltiradi…

Lekin, nogahon, qoraxat uzatadilar. Olma kelinchakning qoʻlidan changga tushib ketadi…

Shoir esa kelinchakka oʻgit ham qilmaydi, alam bilan koʻzyoshi ham toʻkmaydi:

 

Qizil olma, qirmizi olma,

Tuproqlarga belanding nega? –

 

deydi, xolos. Bu misralardagi achinish, hamdardlik kitobxonga yuqadi, yuqqanda ham urushga laʼnat, dushmanga nafrat boʻlib yuqdi. Endi olma jangda halok boʻlgan yigit timsoliga aylanadi. U yorini va kitobxonni oʻzining changga botishiga, tuproqqa koʻmilishga majbur etgan dushmandan qasos olishga chorlaydi. Sheʼrda nogahoniy keskin burilish yuz beradi: shoir ovozi – olma ovoziga, yigit ovoziga, tabiat ovoziga aylanadi:

 

Goʻzal kelin, olmaday soʻlma,

Oʻch haqqiga oʻzingsan ega.[11]

 

Shayxzodaning “Yoʻq, men oʻlgan emasman!” sheʼri Ikkinchi jahon urushi davrida sobiq ittifoq adabiyoti miqyosida yaratilgan eng zoʻr asarlarning biri boʻlib qoldi. Bu sheʼrning har bir misrasi insonning insoniyatga, Vatanga, tabiatga, oʻz gʻoyasiga ezgu muhabbati, yovuzlikka cheksiz nafrati va ezgulikka olqishidan iborat. Uni oddiy sheʼr deyishdan koʻra, inson umrining dostoni deyish joizroq. Chunki u – urush qurbonlarining hayot qoʻshigʻi; unda yashab oʻtilgan umrdan gʻururlanish, ayni paytda hayotdan judo boʻlishning butun ogʻirligi oʻz tajassumini topgan:

 

Yoʻq, men oʻlgan emasman! Yoʻq, men oʻlgan emasman!

Umrim buyuk piyola, hali toʻlgan emasman.

Men yashayman bolamda, ekib qoʻygan dalamda,

Dami sinmas qilichda, uchi oʻchmas qalamda.

Agar bogʻlar gullasa, demak, bogʻbon oʻlmapti,

Agar charogʻ porlasa, ha… Charogʻbon oʻlmapti,

Agar qanot qoqilsa, demak, shunqor oʻlmapti,

Agar gʻazal yozilsa, demakki, yor oʻlmapti…

Agar qoʻnsa nurlari, demak quyosh yashaydi,

Yoʻlda yolgʻiz boʻlmasam, demak yoʻldosh yashaydi…

Eshitdimki, suratim mashhurmish Fargʻonamda,

Demakki, men oʻlmapman, oʻlmaslik peshonamda!..

Yoʻq, men oʻlgan emasman![12]

 

Bu misralarni faqat shu tarzdagina ifodalash va faqat Shayxzodagina ifodalay olishi mumkin edi, shunday boʻldi ham. Sheʼrda fojiaviylik oʻzining yuksak nuqtasiga koʻtarilib, hayotbaxsh ulugʻvorlikka aylanib ketadi. Uning qahramoni tom maʼnodagi qahramon – ulugʻvor inson. U oʻzga umrlarning yashashi uchun oʻz umrini fido qildi, ayni paytda ana shu umrlarda yashash huquqiga ega. Inson umrining boqiyligi haqidagi bu falsafiy durdona, urushning butun azob-uqubatini aks ettiruvchi bu sheʼr insoniyatni tinchlikni qadrlashga chorlovchi naʼra boʻlib yashab qoldi. Shoir esa, bu asari bilan oʻz sanʼatkorligini, donolik va badiiy soddalik, ravshanlik bobidagi komilligini yana bir bor namoyish etdi.

Urushdan keyingi davrda shoir ijodidagi yetakchi ohanglar, izchillik va eng yaxshi anʼanalar davom etdi. Ayni paytda, maʼlum darajada pasayish, badiiy sustlik kabi holatlar ham koʻzga tashlanadi. Sheʼrlarda balandparvozlik, jimjimadorlik, nooʻrin ritorika hukmronlik qila boshladi. Natijada nozik kuzatishlar, voqea-hodisalarning chuqur tahlili yoʻqolib, uning oʻrnini yuzakilik egalladi. Lekin bu pasayish faqat Shayxzoda ijodigagina emas, balki koʻpchilik uchun xos boʻlgan vaqtinchalik narsa, soʻz va fikr erkinligini, ijodkor erkini inkor etgan totalitar tuzum tazyiqi ostida roʻy bergan “konfliktsizlik nazariyasi” – oʻtkinchi hodisa – edi. Shunga qaramay, shoirning bu davrda dunyoga kelgan “Oqshom”, “Mirzo”, “Quyosh, Oy va qiz” asarlari oʻzining yuksak saviyasi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, bular orasida “Koʻr kuychi balladasi” alohida diqqatga sazovor. U oʻzbek balladachiligini yana bir pogʻona yuqori koʻtardi, desak yanglishmaymiz. Balladada inson qalbi yana bir bor kashf etiladi, muhabbat haqida muhabbatning oʻzi qadar sodda va sehrli til bilan kuylanadi. Unda muhabbat hodisaga emas – mohiyatga, chiroyga emas – goʻzallikka bogʻliq ekani shoirona tasvirlanadi. Muhabbatning yagona obʼyekti mavjud, u ham boʻlsa, goʻzallikdir, degan gʻoya balladaning falsafiy-estetik asosini tashkil etadi, koʻz vositasida idrok qilinadigan zohiriy goʻzallikdan, qalb bilan idrok etiladigan botiniy goʻzallikning ustuvorligi badiiy haqiqat orqali koʻrsatib beriladi.

Mahorat nuqtai nazaridan “Uch sheʼr” turkumiga kirgan “Qayiqlar” sheʼri ham diqqatga sazovor. Sheʼr “kichkina mavzu”ga bagʻishlangan. Unda qayiqda koʻrfaz sayliga ketgan rafiqasini kutayotgan lirik qahramonning intizorlik holati tasvirlanadi. Lekin tasvirlanganda ham shunday tasvirlanadiki, qahramonning nafas olishigacha his qilib turasiz, sheʼrni jilmayib oʻqiysiz. Yoʻq, yoʻq, oʻqiysiz emas, tinglaysiz. Zero, bu sheʼr – yaxlit bir musiqa. Unda ohang oʻzining yuksak nuqtasiga koʻtarilgan. Sheʼrdagi hamma misralar oʻz oʻrniga, oʻz vazniga ega, ular bir-birini toʻldiradi, goʻzallashtiradi. Eʼtibor bersangiz, har bir bandda chayqalib turgan dengizni koʻrasiz, qirgʻoqqa urilib, qaytayotgan toʻlqinlarning shovullashini eshitasiz. Ana shu toʻlqinlarning harakatiga, lirik qahramonning ruhiga ohang shu qadar mos kelganki, natijada har bir soʻzga jon kirib, har bir soʻz timsolga aylanib ketgan. Bu sheʼrda, qisqasi, Shayxzodaning butun shoirona nazokati, hatto tovushlarning rangini, tovlanishini, salmogʻini his qila oladigan sanʼatkor ekanligi namoyon boʻladi va shoir isteʼdodining yangi, takrorlanmas fazilatlari balqib koʻrinadi. Bu fazilatlardan biri shuki, endi shoir ohangi vaznda emas, balki soʻzlarning uzun-qisqaligida, urgʻuda, hatto tinish belgilarda oʻzining jilvasini koʻrsata boshlaydi. Shu jihatdan “Rikshaning qoʻshigʻi” sheʼri “Qayiqlar”dagi mahoratning bevosita tadrijiy rivoji boʻlib koʻzga tashlanadi.

Hindistonda yengil aravasiga odamlarni oʻtqizib, oʻzi uni tortib boradigan va shu yoʻl bilan kun kechiradigan kasb egalari bor, ularni riksha deb atashadi. Shayxzoda rikshaning ogʻir mehnatini uning qoʻshigʻi orqali berishni maqsad qilib qoʻyadi. Buning uchun shoir chopib borayotgan insonning oyoq tashlashidan ohang chiqaradi:

 

Kalkuttada mendan oʻtar riksha yoʻq.

Bengaliyada menga yetar riksha yoʻq.

Oyoqlarim baquvvatu qoʻl chaqqon,

Onam meni riksha boʻlsin deb tuqqan.

Siz rahm eting, aravamga oʻtiring.

Qayga boʻlsa oborayin, buyuring!

Oʻtiring, oʻtiring, ledilar!

Oʻtiring, misterlar, afandilar![13]

 

Eʼtibor qilsangiz, goʻyo yugurayotgan oyoqlar kuylayotgandek tuyuladi sizga. Soʻnggi ikki misrada esa yugurib charchagan insonning hansirashini yaqqol his qilib turasiz. Sheʼr ana shunday mukammal ishlangan olti banddan iborat va bu olti band bir burda non ilinjida yugurib oʻtayotgan umrning tuganmas faryodiga oʻxshaydi.

Maqsud Shayxzodaning oltmishinchi yillardagi lirikasi shoir ijodidagi yuksalishning eng baland va, afsuski, eng soʻnggi pillapoyasi boʻldi. Ularda biz mukammal badiiy mahoratni, tom maʼnodagi nafosatni koʻramiz. “Shamolni koʻz bilan koʻrib boʻlmaydi”, “Kechir meni, “Mayli” de!”, “Binafsha”, “Bersang ijozat”, “Bir chogʻlar”, “Bilasanmi?”, “Ayriliq”, “Gʻafurga xat” kabi qator sheʼrlari fikrimizning dalili boʻla oladi. Misol tariqasida ilk bor shoirning oʻz qoʻli bilan tayyorlagan soʻnggi kitobi – “Xiyobon” toʻplamida eʼlon qilingan “Binafsha” sheʼrini olib koʻraylik.

Maʼlumki, oʻzbek adabiyotida, asosan, yigirmanchi asrda, binafsha haqida oʻnlab sheʼrlar yozilgan. Lekin, ularning hech qaysisini kamsitmagan holda aytib oʻtish kerakki, faqat ikki shoirning shu mavzudagi sheʼri lirikaning mumtoz namunasiga aylangan. Bular Choʻlponning va Shayxzodaning “Binafsha”si. Choʻlponning “Binafsha”si fojiaviylikning yorqin namunasi boʻlsa, Shayxzodaniki – goʻzallik timsoli. Choʻlpon uch hijoli turoqda fojiani yigʻlab kuylasa, Shayxzoda xuddi shu turoqda (faqat baʼzi oʻrinlarda vaznlar har xil) bahor quvonchini, binafsha goʻzalligining mohiyatini tarannum etadi. Sheʼrda binafsha bahor va muhabbat ramziga aylanib ketadi. Oshiq-maʼshuqlarning “ha” degan bir boʻgʻinli qisqa soʻzi ulkan muhabbatni boshlab bergani kabi binafshaning qisqa umri bahorni boshlab beradi. Bu kamtarona umr aslida tom maʼnodagi goʻzallikdir. Sheʼr – goʻzallik, muhabbat va kamtarinlikni ulugʻlovchi estetik koʻtarinlik, falsafiy xulosa bilan uygʻunlashib ketadi:

 

Binafsha… Kamtarlik va sukut – hech biri

Kibrli koʻzlarda maʼnoga boy emas.

Lekin bor ularning oxir oʻz tomiri:

Qiyqiriq – kuy emas, koʻpiklar – soy emas…

Binafsha! Binafsha! Oh, umring shuncha oz!

Ammo sen gul faslin boshlaysan dilnavoz!..[14]

 

Men behuda Choʻlponni eslab oʻtmadim. Choʻlpon va Shayxzoda ikki xil uslub hamda ikki xil ovozga ega boʻlishlariga qaramasdan, falsafiy tilda aytadigan boʻlsak, hodisa bilan mohiyatni badiiy mantiq vositasida mohirona bogʻlay olish borasida nihoyatda bir-biriga yaqin shoirlardir. Ularning sheʼrlarida baralla koʻzga tashlanib, namoyon boʻlib turgan hodisa xuddi muztogʻ – aysbergning suv yuzasiga chiqqan qismiga oʻxshab, oʻzining ulkan mohiyati borligidan dalolat beradi. Shu oʻrinda Choʻlponning yana “Binafsha” sheʼrini eslashga, aniqrogʻi, unga biroz bafurjaroq toʻxtalishga toʻgʻri keladi.

Sheʼrning dastlabki ikki bandidanoq oʻquvchi Choʻlpon tasvirlayotgan binafsha oddiy dala guli emasligini, u atigi bir ramz ekanini, kichik giyoh ostida ulkan fojeiy tarix yotganini ilgʻab oladi:

 

Binafsha, senmisan, binafsha, senmi –

Koʻchada aqchaga sotilgan?

Binafsha, menmanmi, binafsha, menmi –

Sevgingga, qaygʻungga tutilgan?

 

Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay,

Bir erkin kulmasdan uzilding?

Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay,

Yerlarga egilding, choʻzilding?[15]

 

Bu satrlarga majoz pardasini ocha oladigan tafakkur bilan qaragan kishi ularda XX asrning gʻirrom siyosat bozorida sotilgan Turkiston qaygʻusi tepchib turganini anglashi qiyin emas. Mazlumlikdan chiqa solib, yana mazlumlikka duchor boʻlgan – Fevral inqilobidan soʻng “bir ozroq ochilmay”, jahonga oʻzini koʻrsatishga ulgurmay, “hidlari sochilmay”, Oktyabr toʻntarishi, beshafqat yangi mustamlakachilik va zoʻravonlik siyosati tufayli yerlarga egilgan, erkini yoʻqotgan Turkiston – Oʻzbekiston qiyofasi koʻz oldimizda gavdalanadi. Endi erksiz Vatan faqat shoirning qalbidagina erk topishi mumkin, shu yerdangina u qoʻshiqqa aylanib, koʻklarga uchish imkoniga ega, xolos:

 

Binafsha, sening-chun koʻkragim erk yeri,

Bu yerdan koʻklarga uchgil.[16]

 

Choʻlponning “Binafsha” sheʼri fojiaviylik bilan yakun topadi, faqat uning soʻnggida andakkina taskin bor, u ham boʻlsa – shoirning qalbi. Vatanni koʻklarga koʻtarish ishtiyoqidagi shoirona ahd sheʼr nihoyasiga ozgina koʻtarinkilik bagʻishlaydi.

Endi Shayxzodaning “tanqidchilar koʻzidan berkinib qolgan”, faqat birinchi marta I. Gʻafurov eʼtibor qilgan “Bir chogʻlar…” sheʼrini olib koʻraylik. Uni munaqqid mohiyatdan ancha yiroq va umumiy tarzda sharhlaydi, sheʼrning yashirin-botiniy mazmuniga hatto yaqinlashmaydi ham, aksincha, u haqda teskari xulosalar chiqaradi: “Sandiq ichra qolgan kechagi havo haqidagi gap olamning oʻzgarib, yangilanib, qarib-yasharib turishi haqidagi shoirona falsafa bilan yakunlanadi… Shoir bugungi kun qaytarilmasdir, zotan, inson bugungi kundan qaytarilmas xotira qoldirmogʻi darkor demoqchi”, – deb yozadi u.[17] Ehtimol, isteʼdodli munaqqid hammasini tushungan-u, lekin davr taqozosi bilan, ochiqroq gapirishning imkoni yoʻqligidan, shunday qilgandir. Har holda, nima boʻlganda ham, bu sheʼrning asl, kamyob badiiy asar ekanini birinchi boʻlib anglab yetishning oʻzi maqtovga sazovor.

Aslini olganda esa, bu sheʼr Choʻlpon “Binafsha”sining davomiga oʻxshaydi, unda Shayxzoda Choʻlponning milliy mustaqillik, istiqlol gʻoyasini davom ettirgan, desak xato boʻlmaydi. Faqat bu yerda binafsha havoga, yopiq sandiqda – qullikda saqlanayotgan havoga aylangan:

 

Yopiq sandiqda ham saqlanar havo,

Ammo u yoʻqotgan havo nafasin,

Uni havo deyish oʻzi noravo,

Bandilik boʻgʻibdi orzu-havasin.

U – oʻlgan sharobdek beparvo, bejon,

Na mastlik keltirar va na hayajon.[18]

 

Choʻlpon binafsha qiyofasi orqali nima demoqchi boʻlsa, Shayxzoda yopiq sandiqdagi havo orqali shuni aytmoqchi. Vatan va millat mustamlaka qulligida, garchand, oʻz nomlariga ega boʻlsa-da, ular haqiqiy Vatan, haqiqiy millat emas, faqat shaklan, yuzaki koʻrinishdan shunday taassurot qoldiradigan tushunchalardir, aslida, mohiyatda bu nomlar yoʻq, chunki ular faqat erkinlik tufayligina baralla yangrash huquqiga ega. Qullikdagi Turkiston – Oʻzbekiston – yopiq sandiqdagi havo, erkinligi, mustaqilligi tarixda qolib ketgan mamlakat. Ha, u bir paytlar olamdagi barcha havolar bilan teng boʻlgan, erkinlik daʼvo qilgani rost:

 

Holbuki, bir chogʻlar erkin parvozda

Yelga sherik boʻlib, oʻynab-yugurgan,

Quyunning boʻlagi, ulkan miqyosda –

Bepoyon choʻllarda qumlar sovurgan…

Bu bari boʻlgan gap. Bari haqiqat…

Ammo eslanadi tushlarda faqat.

Sandiqda boʻgʻilgan bir parcha havo

Bir chogʻlar erkinman deb qilgan daʼvo…[19]

 

Xotirangizda tarix jonlanadi: hozirda shoʻrolarning poʻlat sandigʻida, qullikda saqlanayotgan, boʻgʻilgan bu havo bir paytlar erkin Soʻgʻdiyona, buyuk Xorazmshohlar davlati, Buyuk Temur va Temuriylar saltanati suvratida jahonga oʻzini koʻrsatgan oʻzbek emasmi? Nahotki, millat taqdiri shunday fojiaviy yakun topsa, nahotki, endi ulugʻ oʻzgarishlar roʻy bermasa?! Sizda bir lahzalik umidsizlik paydo boʻladi, lekin u vaqtinchalik. Zero, sheʼrning soʻnggi qismidagi falsafiy yakun va undagi ohang umidbaxshdir. Toʻgʻri, bir qarashda, yakuniy satrlar, garchand falsafiyligi bilan sizni rom etsa-da, sheʼrning avvalgi qismiga bevosita bogʻlanmagandek, puxta kompozitsion aloqaga ega emasdek, shoir faqat birgina “shunday” degan soʻzga zalvor tashlab, uni mantiqiy bogʻlovchi sifatida qoʻllash bilan xulosada maʼlum darajada sunʼiylikka yoʻl qoʻygandek tuyuladi. Bu dastlabki, aldamchi tasavvur. Agar falsafiy yakunga jiddiy eʼtibor bersangiz, yuzaki tasavvur darhol yoʻqoladi va uning oʻrnini “kosa tagidagi nim kosa” – asl mazmun egallaydi:

 

Shunday: tinib qolgan bir kosa suvda

Sellarning, soylarning asfsonasi bor,

Oʻngib, xira boʻlgan siniq koʻzguda

Xushroʻylar husnining vayronasi bor,

Bugungi sukutda, tinglasang, dilbar,

Kechagi toʻylarning taronasi bor[20].

 

Siz bir kosa suv tarixining yopiq sandiqdagi havo tarixi bilan bogʻliqligini va bu bogʻliqlik muayyan tadrijiylikka ega ekanini anglaysiz, toʻgʻrirogʻi havo endi suvga aylanganini his etasiz, hayotbaxsh, umidbaxsh ohang yangraydi: tinib qolgan bir kosa suv hech qachon oʻz sellari va soylari toshqinlarini unutmaydi, ular bilan faxrlanadi, ularni yana qoʻzgʻatishni istaydi. Keyingi baytdagi siniq koʻzgu esa bir paytlar goʻzallikni inʼikos ettiruvchi erkinlik edi, ammo hozir oʻsha goʻzallikdan vayrona qolgan, xolos. Lekin vayrona muvaqqat hodisa, hech bir vayrona – urush vayronasimi, zilzila vayronasimi, suv toshqini vayronasimi, qanday vayrona boʻlmasin – hech qachon shundayligicha qolgan emas, hammasi doimo tiklangan. Demak, erkinlik koʻzgusining parchalarida qolgan goʻzallik vayronasi yana, albatta, tiklanajak. Yana qalbingizni umidbaxsh ohang qamraydi. Oxirgi, yakuniy baytda esa shoir “sukut”, “toʻy” va “tarona” soʻzlariga urgʻu beradi. Bugungi sukut vaqtinchalik, u doimiy sukunat emas, balki oʻz qaʼrida barcha xotiralarni asrab kelayotgan, erkinlikning boʻroni oldidan voqe boʻladigan jimlik. Sheʼrdan chiqadigan falsafiy xulosa shunday: suv oʻz sellari va soylari, toshqinlari bilan, koʻzgu oʻzida aks etgan yaxlit-butun goʻzalligi bilan, bugungi sukut kechagi toʻylariyu taronalari bilan qaytadan erkin yashash imkoniga ega. Demak, yopiq sandiqdagi havo ham albatta oʻzligiga qaytajak. Shunday qilib, “Bir chogʻlar” sheʼrida, Choʻlponning “Binafsha”sidan farqli oʻlaroq, qorongʻi fojiaviylik yoʻlagining soʻnggida hayotbaxsh, umidbaxsh ulugʻvorlik chirogʻi koʻzga tashlanadi. Ha, shunday qolishi mumkin emas, bir paytlardagi buyuk davlat va buyuk millat yana mustaqillikka erishajak, erkin dunyoning erkin qismiga aylanajak. Shoʻrolarning totalitar tuzumi avj pallasiga chiqqan bir paytda – 1962 yilda Vatan ozodligi haqida bundan ortiq dadil gapirib boʻlmasdi; shunday gapirishning oʻzi ham buyuk jasorat edi.

Mustabid shoʻrolar tuzumi har ikki shoirdan ham oʻch oldi – Choʻlpon otishga hukm qilindi, Shayxzoda qamoqqa tashlandi. Shayxzoda qamoqdan qaytganidan keyin, rasman oqlanganidan soʻng ham, totalitar tuzum tomonidan oʻziga xos jazolanishni boshdan kechirdi, endi bu jazo qamoq emas, maʼnaviy kamsitish tarzida olib borilardi. Tengi kam goʻzal sheʼrlar, “Toshkentnoma”dek beqiyos doston, “Mirzo Ulugʻbek”dek shekspirona pyesa yaratgan isteʼdodli shoir, dramaturg, mumtoz oʻzbek adabiyoti va Navoiy haqida fundamental tadqiqotlar olib borgan ulkan olim bir chetga chiqarib qoʻyilgan edi. Bularning hammasi yangi mustamlakachilik tuzumining shoirdan olgan oʻchi edi. Shayxzoda bularga parvo qilmadi, hayotbaxshlik va umidbaxshlik fazilatlari hech qachon uni tark etmadi. Uning shoir Mirtemirga – oʻzbekning shoʻrolar tomonidan jazolangan boshqa bir ulkan shoiriga bagʻishlangan “Xiyobon” sheʼrida buni yaxshi his qilish mumkin:

 

…Ammo tole meni doim erkalamadi,

Baʼzan zamon yilni yilga hech ulamadi.

Sahrolarga duch keldimki, na irmoq, na koʻl,

Surgunlarga yuborildim na ufq, na yoʻl…

Qulaganda gʻarazlarning shumshuk haykali,

Sheʼrimga ham kelib qoldi tirilish gali.

Chiqib qoldim Vatanning keng xiyoboniga,

Xiyobonki, eltar yorugʻ nur davroniga…

Ammo tarix xiyoboni bitmas ufqda.

Bashar oʻzin tarixiga qoʻymaydi nuqta.

Zehnimga shu tushuncha

Kelmadi osonlikcha.

 

Qissamga chin guvoh, boq –

Sochlarimga tushgan oq.[21]

 

Bu parchada biz shaxsni xor qilishga qaratilgan mustabid zamon chigʻirigʻidan oʻtgan shoirning, yuqorida aytganimizdek, hayotbaxsh kayfiyatini, umidbaxsh orzularini koʻramiz. Ayni paytda unda afsus ohangini ham ilgʻash qiyin emas. Biroq bu afsus, sochlardagi oq – yelkaga tushgan iztiroblar yukining ogʻirligidan emas, balki yilni yilga ulamagan yovuz zamon tufayli shoirning oʻz xalqiga xizmat qilish imkoniyatidan bir qancha vaqt mahrum etilgani oqibatida yuzaga kelgan armondir. Zero, shoir oʻz umrining bir daqiqasini ham xalqqa xizmat qilishdan forigʻ holda tasavvur etmagan. Oʻzbek sheʼriyatida Shayxzoda Gʻafur Gʻulomdan keyin, toʻgʻrirogʻi, u bilan yonma-yon turib, mustamlaka zamonida, qoʻrqmasdan, sheʼrlarida “oʻzbek” soʻzini ulugʻ bir iftixor ila eng koʻp ishlatgan mard shoirdir. U nima haqda yozsa ham, tag-zaminida oʻzbekni, uning fazilatlarini madh etish hissi yotadi. Uning gʻazal janrida, lekin barmoq vaznida yozilgan “Paxta gʻazali” sheʼri fikrimizga yorqin dalil boʻla oladi:

 

Mayli, qadim gʻazalchilar aruzning baytlarida

Dilbarlarni maqtanganin kitobda kuzatganman,

Ammo men-chi: mehnatkashning qoʻllarini hurmatlab,

Sodda “barmoq” vaznimizda paxtani madh etganman.

Oʻzbeklarning himmatini qutlaganda butun el,

Quvongandan qaygʻularni, dardlarni unutganman.

Paxta-ku bir bahonadir, shu tufayli xalqimning

Vafosini kuylab-kuylab, kuyli yoʻllar oʻtganman[22].

 

Shayxzoda lirikasi haqida fikr yuritganda, uning oʻziga xos uslubiga toʻxtalmay oʻtish mumkin emas. Shoir uslubining gʻoyasini oʻzbek sheʼriyatida hech kimda uchramaydigan oʻzgacha bir usul tashkil etadi: uning sheʼrlaridagi yuzaki qaraganda, “biri bogʻdan, biri togʻdan” qabilida qoʻllangan misralar, soʻzlar, birikmalar koʻp uchraydi, aynan ana shular shoir uslubining shoh tomirlaridir. Shayxzoda sheʼriyatini jiddiy tahlildan oʻtkazgan, yuqorida tilga olganimiz – isteʼdodli adabiyotshunos I. Gʻafurov buni juda yaxshi ilgʻab olgan. Bu haqda u shunday deb yozadi: “Aslida esa, sheʼrni mana shunday bir-biri bilan olisdan bogʻlanuvchi mustaqil fikriy oʻchoqlarga boʻlish, soʻng yaxlit bir daromatga kelish Shayxzoda sheʼriyatining ayricha belgilaridandir. Shayxzoda bu usul vositasida sheʼrga olam manzaralarini koʻproq olib kirishni, yaʼni sheʼr mazmunini chuqurlashtirishni nazarda tutadi. U bir qarashda tarqoqdek koʻringan boʻlaklardan aslida hayotning butun kartinalarini yaratadi”.[23]

Bu fikrlarga misol tariqasida Shayxzodaning “Inson, sheʼr va shoir” sheʼrini keltirish maqsadga muvofiq. Sheʼr inson haqidagi qoʻshiq. Lekin unda Shayxzoda faqat inson olaminigina kuylamaydi, u boshqa olamlarni ham insoniylashtiradi, ularni inson qalbi orqali bir-biriga yaqinlashtiradi, birlashtiradi. Uning nazdida nafaqat inson hayoti, balki giyohning ham, qushning ham, baliqning ham, daraxtning ham – barcha-barcha mavjudotning hayoti qadrlanishga, eslanishga va hurmat koʻrsatilishga loyiq. Shoir ularning hammasiga ezgulik va goʻzallik koʻzoynagi orqali qaraydi, hammasini dil-dildan sevadi, hammasining mohiyatan bir ildizga borib taqalishini oʻziga xos badiiy mantiq vositasida inʼikos ettirib beradi. Inson – mehvar, olam ana shu mehvar atrofida aylanadi. Inson –

 

Saroylar, chiroylar, kuylar yaratgan,

Qalblarni yaxshilik sari qaratgan…

Yulduzlar tovushin eshitgan – oʻsha,

Uzumdan sharobni pishitgan – oʻsha.

Shaharlar koʻrkini bezaydigan u,

Boʻsadan zurriyot yasaydigan u,

Yilni uyushtirib daqiqalardan,

Ming yillik osori-atiqalardan

Kelasi davronga salomlar eltar,

Tunlarni kuzatib, kunduzni kutar.[24]

 

Sheʼrdagi “saroy”, “chiroy”, “kuylar”, “yulduzlar tovushi”, “uzum sharobi”, “shaharlar koʻrki”, “boʻsa”, “osori atiqalar”kabi mantiqan bir-biridan uzoq soʻz va iboralar ajoyib bir badiiy yaxlitlikni tashkil etgan. Zero, shoir olam mohiyatida yaxlitlik mavjudligini yaxshi anglaydi, hammasi yagona Yaratganning bir-birini toʻldirib turuvchi olami ekanini kosa tagida nimkosa tarzida aytib oʻtadi – faqat inson emas, barcha yaralmishlar shoir sheʼridan oʻrin olishga haqli:

 

Odamning, olamning husnin olqishlay,

Ularga sevgimning vaznin bagʻishlay.

Satrlar chizayin men devorlarga,

Kuylayin suvlarga, jonivorlarga.

Bulutga chertayin tomchilar naqshin,

Oyda aks ettiray qizlar boqishin.

Oʻyay qoyalarga yelning suratin…[25]

 

Shayxzoda oltmishinchi yillarda “Izlar”, “Qarz”, “Tovushlar”, “Oy bilan suhbat”, “Bahor nashidasi” kabi sarbast vaznini komil yuksaklikka koʻtargan sheʼrlar yozdi. Ularda hijo, soʻz, turoq ikkinchi darajali sheʼriy unsur boʻlib qoldi, endi ohangga aylangan fikr, qamrovli fikrlar ohangi birinchi oʻringa chiqdi. Shu jihatdan “Tovushlar” sheʼri alohida eʼtiborga molik. Unda shoirning fikri-xayoloti xuddi qushga oʻxshaydi, u qayerga qoʻnsa, siz oʻsha yerdan bir hikmat topasiz, oʻzingiz har kuni duch kelganda eʼtibor bermaydigan mayda narsalarga moʻjizaga qaraganday tikilasiz, ularning naqadar goʻzal va qadrli ekanini anglaysiz. Shoirning fikr qushi uchib-qoʻnib, inson qalbi bilan tungi olamni uygʻunlashtiradi, oʻzingizni olamlar ichidagi goʻzal olam tarzida his qilasiz. Aslida “Tovushlar”ni sheʼr deyish nojoizroq. U tunning goʻzal musiqiy poemasi, tom maʼnodagi lirik-falsafiy dostondir. Unda buyuk Shelling soʻzlari bilan aytganda, “cheksizlikning cheklanganlikdagi” goʻzal ifodasini koʻrish mumkin.

Shayxzoda “xiyobon” soʻzini sevib qoʻllardi, xiyobonlarni sevib yashardi. Soʻnggi kitobining “Xiyobon” deb nomlanishi ham shundan, “Xiyobon” sheʼrida oʻz sheʼriyatini xiyobonga qiyoslab, “daraxtlarning soni qadar misralar tizdim”, deyishi ham shundan. Shayxzodaning sheʼriy xiyobonida bir bor kezgan kishi bir umr goʻzallikka shaydo, estetik zavqqa oshno boʻlib qoladi, shoirning “Sheʼr chin goʻzallik singlisi ekan” degan soʻzlari ayni haqiqat ekaniga ishonch hosil qiladi va bu goʻzallik xiyobonini hech qachon unutmaydi.

Shayxzoda nafaqat bagʻrikeng shoir, balki ulugʻ inson, olamu odam bilan eng yuksak axloqiy pogʻonadan turib munosabat qiladigan tom maʼnodagi mehribon zot edi. Uning yuksak axloqiyligi, himmati, kechirimliligi, donishmandligi shoiru olimlar davralarida tillarda doston boʻlib keladi. U hatto oʻziga yomonlik qilgan dushmanlarini ham kechirib, ularni boshqalardan himoya qila oladigan maʼnaviy kuchga ega inson edi.

Shayxzodaning yoshlarga munosabati ham alohida sahifalarga arziydi. U bir kun yoshlar bilan oʻtirib, kech kuzda yupun kiyingan yosh shoirga oʻz paltosini kiydirib qoʻyib: “Mening ustimda issiq, jun nimcha bor, buning ustiga bu palto menga endi kichiklik qilib qoldi. Shuni sizga beraman. Qarzga. Oʻrniga kitobingiz chiqqanda menga yangisini olib berasiz”, – deydi. Oradan biroz fursat oʻtib, yosh shoirning ilk kitobi nashrdan chiqadi. U kitobini ustozga taqdim etar ekan, iymanib palto masalasini eslatadi. Shayxzoda domla: “Ha, esimda. Faqat men birinchi kitobni emas, “Tanlangan asarlar”ni nazarda tutganman, – deydi kulib. – Endi oʻzlari tezroq “Tanlangan asarlar” chiqarib, qarzlarini uzsinlar”. Ustoz Shayxzoda oʻzi oʻqitgan talabalarga ham shunday muruvvatli, mehribon boʻlgan. Chunonchi, kunlardan birida, maʼruza oʻqib turganida papirosi tugab qoladi. Shunda Shayxzoda domla tirishqoq, iqtidorli, lekin kambagʻal talabani oldiga chaqirib, bir quti “Kazbek” olib kelib berishni soʻraydi-da, uning qoʻliga yuz soʻmlik tutqazadi. Domla doimiy chekadigan papiros “Kazbek” boʻlib, uning narxi ikki soʻm ellik tiyin edi. Talaba papirosni keltirib, qaytimni bermoqchi boʻlganida, domla uning pul ushlagan qoʻlini tutib: “Qaytimni men sizdan birinchi maoshni olgan kuningiz olaman. Bilib qoʻysinlar oʻzlari, albatta olaman”, – deb talabani koʻngliga tegmaydigan tarzda himmat koʻrsatadi.

Ha, ulugʻ shayx Nizomiyning yurtdoshi, tagi-zoti ganjalik Maqsud Maʼsumbek oʻgʻli Shayxzoda oʻzbekni oʻz boshida koʻtargan asl oʻzbek farzandi edi. Uning sheʼriyati ham, insoniyligi ham doimo bizga namuna boʻlib qolajak. Afsuski, oʻlim uni oramizdan olib ketdi, lekin faqat jismini! U oʻzbek madaniyatining tengsiz allomalaridan biri sifatida safdoshlari Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi ulkan adiblar bilan bir qatorda yashab qolajak.

Ustoz Shayxzoda vafot etgach, negadir men u zotni, doimo bizni kuzatib turgandek, avlodlardan koʻngil uzolmayotgandek tasavvur qilardim. Ustoz kechalari bizdan xabar olgani qabrini tark etib, koʻzimizga koʻrinmasdan quvonchu qaygʻularimizga sheriklik qilayotgandek tuyulaverardi. Men u kishining vafotidan bir yil keyin – 1968 yili yozgan “Ruh” degan sheʼrimda bu holatni berishga harakat qilganman. Maqolani oʻsha sheʼr bilan yakunlamoqchiman:

 

RUH

 

Ustoz Shayxzoda xotirasiga

 

Tugʻilganda men yigʻladim – kuldilar.

Men endi jim! – Yigʻlashadi xoʻp ular.

Oppoq yuzim, qonsiz yuzim, jonsiz tan,

Aʼlo toʻnim – oppoq kafan.

Tebranadi, uh!.. Uzlatning beshigi,

Bordir uning na tuynugi, eshigi.

Bora-bora qisqaradi soʻng yoʻlim,

Iskandarday ochiq borar, eh, qoʻlim!..

Bu odamlar nega muncha shoshadi?!

Menda alam toshadi!..

Oʻrgatishib mahshargacha sabrga,

Vujudimni qoʻyishadi qabrga.

Tebranadi munglimungli oyatlar,

Tebranadi mingming yillik odatlar,

Tebranadi kallalar,

Tebranadi oppoqoppoq sallalar,

Tebranadi tengdoshlarim saflari,

Notiqlarning biyron-biyron gaplari…

Shoshmang-shoshmang! Tosh qoʻymangiz ustimga,

U ogʻirlik qilur bugun jismimga,

Tiriklikda xoʻp toshlarni koʻtardim,

Toshlar qadar koʻzyoshlarni koʻtardim!..

…Tarqaldilar… Yarim tunda turaman,

Astaasta, koʻlankadek yuraman.

Avlodlardan umidimni uzmayman,

Ammo,

Tinchin buzmayman.

Uzoq-uzoq tilsiz boqib turaman

Va ularning har birida koʻraman:

Quvonchimni, alamimni,

Qoʻlimdagi qalamimni,

To hanuzam yonib turgan shamimni.

…Tun –

Kirarkan kafanimning rangiga,

Quloq solib tiriklikning zangiga,

Men koʻnglimni zoʻrgʻa uzib ketaman,

Tong otarda maskanimga yetaman,

Maskanimga!

Maskan…

Ha…

 

 

Maskan… Ha… Iloyo, ustozning maskani jannatdan boʻlgay. Omin!

 

Abdulla SHER

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

 


[1] Shayxzoda. Oʻn besh yilning daftari. T.,Oʻzdavnashr, 1947, 2-bet.

[2]2 Shayxzoda. Asarlar. Olti tomlik. Birinchi tom. Gʻafur Gʻulom nomidagi Badiiy adabiyot  nashriyoti. T., 1969, 7-bet.

[3] Shayxzoda. Asarlar. Birinchi tom, 207-bet.

[4] Shayxzoda. Asarlar. Birinchi tom, 202-bet.

[5]  Oʻsha kitob. 203-bet.

[6]  Oʻsha kitob. 203-bet.

[7] Oʻsha kitob. 204-bet.

[8] Oʻsha kitob. 204-bet.

[9] Oʻsha kitob, 205-bet.

[10] Biz tahlil uchun garchand “Asarlar”dagi nusxadan foydalangan boʻlsak-da, aslida balladaning “Oʻn besh yilning daftari”dagi variantiga asoslandik, yaʼni keyinchalik shoir mahorat nuqtai nazaridan kiritgan tahrirlarni oldik va shoʻrolar tuzumi tazyiqi ostida qoʻshilgan sunʼiy qismni, hamda nom oʻzgarishini tushirib qoldirdik. (A.Sh.)

[11] Shayxzoda. Asarlar. Birinchi tom, 277-bet.

[12] Shayxzoda. Asarlar. Birinchi tom, 261-bet.

[13] Shayxzoda. Asarlar. Ikkinchi  tom. T., 1969, 132-bet.

[14] Maqsud Shayxzoda. Xiyobon. Gʻafur Gʻulom nomidagi Badiiy adabiyot nashriyoti. T., 1967, 101-bet.

[15] Choʻlpon. Asarlar. Uch jildlik. I-jild. T., Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, T., 1994, 42-43 betlar.

[16] Oʻsha kitob, 43-bet.

[17] Ibrohim Gʻafurov. Oʻrtoq shoir. T., “Yosh gvardiya”, 1975, 6-7 betlar.

[18] Shayxzoda. Asarlar. Ikkinchi tom, 174-bet.

[19] Oʻsha joyda.

[20] Oʻsha joyda.

[21] Xiyobon. 82-83-betlar.

[22] Oʻsha kitob, 69-bet.

[23] I.Gʻafurov. Oʻrtoq shoir, 8-bet.

[24] Xiyobon, 86-87-betlar.

[25] Oʻsha kitob, 87-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sheriyat-xiyoboni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x