“Sh”dan boshlanuvchi buyuklar

Ehtiyotkorlik

 

1992 yilning 19 avgust kuni ertalab soat yettidan besh daqiqa oʻtganda Toshkentda qattiq yer silkindi. Buni qarangki, oʻsha kuni taniqli kino va teatr aktyori, Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotining sohibi Farhod Aminovning toʻrtinchi qavatdagi uyi ham qimirlabdi. Farhod aka bolalarini shosha-pisha pastga chiqarib yuborib, dahlizdagi bor oyoq kiyimlarini yigʻishtiribdi-da, quchoqlaganicha oʻzlari ham pastga yuguribdilar. Tushsalar, pastdagi maydonchada odam gavjum, butun “dom” allaqachon chiqib boʻlgan ekan. Odamlar bir-birini yupatgan, sogʻ-omon qolgani bilan tabriklagan, kimdir koʻziga yosh ham olgan. Axir, jon foydaga qolib turgandan keyin…

Hamma nima tashvishda-yu, kennoyimiz Farhod akaga nima dermishlar:

– Hay, adasi, uyni qulflaganmidingiz?..

 

 

Mehribonlik

 

Bir kuni Oʻzbekiston xalq artisti Murod Rajabov qaysidir qarindoshining toʻyidan juda kech qaytibdi. Ertalab boshini koʻtarsa, ayoli hovli supurayotgan emish. Indamabdi, chunki ahvoli indaydigan darajada emas ekan-da. Boshini yana yostiqqa qoʻyibdi. Bir necha soatdan keyin tagʻin boshini koʻtaribdi. Qarasa, xotini kir yuvayotgan ekan. Bir banka qatiq ichib, yana yotibdi. Kechga yaqin bosh koʻtarsa, xotini oshxonada ovqat qilayotgan ekan. Bu hech tinib-tinchimaydigan xotinga oʻzlaricha tanbeh bermoqchi boʻlibdilar:

– Vey, senga nima azob-a? Men sening oʻrningda boʻlganimda maza qilib, oyogʻimni uzati-ib yotardim.

Kennoyimiz kamtarlik qilib, sekingina debdilar:

– Shundoq ham nima qilyapsiz?..

 

 

Sabab

 

Mashhur hofiz Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayevning konsert dasturi Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga nomzod qilib qoʻyilgan edi. Odam koʻp. Hakamlar hayʼati uchun birinchi qatordan joy ajratilgan ekan. Biz Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik yonma-yon oʻtirib qoldik. Qavatimizga, nima ham boʻlib, bir muxlis joylashib oldi. Yaxshigina ichib olgan boʻlsa kerak, hofizning har bir chiqishi, har bir ashulasiga “voy-dod” deb qoʻllari (baʼzan, oyoqlari) bilan turli harakatlar qila boshladi. Hammaning, shu jumladan, bizning ham koʻzimiz oʻsha muxlisda. Qisqasi, konsertning asosiy qismi bu yoqda boʻldi. Tanaffusda tashqariga chiqdik. Odatda ogʻir-vazmin Tohir aka konsert haqidagi taassurotlarini kamina balan baham koʻrdilar:

– Sherali nega bunchalik jozibali kuylaydi desam, bu yoqda dirijyori bor ekan-da…

 

 

Dars

 

Hali “qayta qurish” degan yoʻq paytlarda biz, bir guruh yosh yozuvchilar, Maskovga, Yu. V. Andropovga jumhuriyatimizda mafkuraviy siyosat notoʻgʻri yoʻldan ketayotgani joʻnidan xat yoʻllagan edik. Xat yana Oʻzbekistonga qaytarilibdi. Bu yerdagi rahbarlar “tanobimizni tortib qoʻyish” uchun bizni Markazkomga chaqirishdi. Oʻsha paytdagi eng katta rahbarlardan biri qabul qildi. Ancha gap-soʻz, tortishuvlardan keyin oʻsha paytdagi amaldor opaxonimiz sira kutilmaganda… M. Gorkiyning “Lochin haqida qoʻshiq” degan asarini oʻqiy ketdi! (Albatta, oʻris tilida.) Opaxonning maqsadini avvaliga tushunmadik. Keyin bilsak, u bizni oʻlimtiklar bilan kun koʻruvchi quzgʻunga, qorongʻi kavaklarda yashaydigan ilonu chayonlarga qiyoslayotgan ekan. Buni hammamiz tushunib oʻtirardik. Faqat koʻkda, musaffo osmonda magʻrur parvoz qilayotgan lochinga kimni teng koʻrayotganini bilolmadik. Har qalay, u – biz emas edik…

Xullas, bu “adabiyot darsi” juda choʻzilib ketdi, oʻlgudek zerikdik. Tashqariga chiqqanimizdan keyin ajoyib yozuvchimiz Zohir Aʼlam chuqur tin olib qoʻyib, bizni yupatgan boʻldilar:

– Xafa boʻlmanglar, keyingi safar kelganimizda “Mumu”ni oʻqib beradilar…

 

 

Gʻamxoʻrlik

 

Keyingi paytlarda tez-tez shamollaydigan boʻlib qoldim. Bir kuni xotinim ishxonasidan hind yoglarining mashq dasturini olib kelib qoldi.

– Mana shu mashqlar bilan muntazam shugʻullanib tursangiz, sizni hech qanaqa kasallik bezovta qilmaydi, – dedi xotinim ishonch bilan.

Astoydil kirishib shugʻullana boshladim. Mundoq qarasam, kitobda nuqul mashq qilayotgan ayollarning rasmi chizilgan, bironta ham erkagi yoʻq.

– Menimcha, bu kitobing faqat xotin-qizlarga moʻljallangan-ov? – dedim shubhalanib.

– Yoglarda erkak-ayol degan gap yoʻq, – dedi u meni yupatib. – Odam organizmi bir xil.

Organizm bir xil ekan deb, yana besh-olti kun shugʻullanib yurdim. Yoʻq, boʻlmadi. Shubha-gumonlar oyoq-qoʻlimni bogʻlab tashladi. Bir kuni yorildim:

– Yoʻq, bu xotinlarniki! – dedim shubha-gumonlardan charchab. – Mana, qaragin, bironta kuch ishlatadigan mashqlar yoʻq, hammasi nozik, yengil-yelpi harakatlar. Tochno, xotinlarniki!

Xotinim menga rahmi kelib termuldi:

– Nima, sezilyaptimi?..

 

 

Kamtarlik

 

Bu hangomani menga taniqli teatrshunos Frunze Joʻrayev gapirib bergan edilar.

Tramvay chiptasi uch tiyin boʻlgan “kommunizm” davrida bir yozuvchi mashina olgan ekan. Birinchi kun ishxonaga minib kelibdi. Hovlida uch-toʻrtta hamkasblari gaplashib turishgan ekan. Ular yangi mashinani atay koʻrmaganga olib, u yoq-bu yoqdan gap sotaverishibdi. Mashinaning egasi avval gʻildiraklarini namoyishkorona tepib koʻribdi, soʻng eshiklarini zarurat boʻlmasa ham qarsillatib ochib-yopibdi, engashib taglarini qarabdi. Lekin hamkasblari mashinani sira “payqamasmish”. Oʻzi gap ochsa – noqulay. Mashina kalitini ularning burniga tekkizguday qilib barmogʻida aylantirib koʻribdi. Baribir hech kim parvo qilmabdi. Toqati toq boʻlgan mashina egasi sheriklaridan mensimayroq soʻrabdi:

– Bu, tramvayning bileti haliyam uch tiyinmi?..

 

 

Ogʻir zamon

 

Ichkilikvozlikka qarshi kurash ayni qizib, bir krujka pivo ichganni ham mirshablar moshinga solib olib ketadigan zamonlar. Domla Aziz Abdurazzoqning bir eski portfeli boʻlardi. Juda mashhur portfel edi, chunki ichida yo toʻla, yo yarmi ichilib tiqinlangan vinomi, aroqmi, konyakmi – albatta topilardi. Bir kuni Aziz aka “Tabassum” radiojurnali tahririyatiga kirib keldilar. Qoʻllarida oʻsha mashhur portfel. U kishi bilan soʻrashyapmiz-u, lekin hammaning koʻzi “xazina”da. Radiojurnalning rejissyori Rahmat Jumayev umid bilan portfelni koʻtarib-koʻtarib qoʻydi-da, Aziz akadan soʻradi:

– Ustoz, portfel ogʻirmi?

Aziz aka hazin ovozda javob qildilar:

– Yoʻq, boʻtam, zamon ogʻir…

 

 

Qiziquvchanlik

 

Shoir va tarjimon Hamid Ismoilovning qishlogʻida bir bekorxoʻja boʻlar ekan. Darvoza oldiga kursi qoʻyib olib, ertadan kechgacha oʻtgan-ketganga gap tashlab oʻtirarkan. Bir odam qoʻy yetaklab oʻtib qopti. Qoʻyning qoʻzichogʻi ham bor ekan.

– Musulmonqul, – debdi u qoʻyning egasiga. – Qoʻzichogʻing erkakmi, urgʻochimi?

– Erkak, – deb gapni qisqa qilibdi qoʻyning egasi.

Bekorxoʻja bu qisqa gap-soʻzdan qoniqmabdi shekilli, yana savol beribdi:

– Onasi-chi?..

 

 

Hali erta…

 

Shahar kengashida xizmat qiladigan, aslida oʻzi ham u-bu narsa yozib yuradigan bir ijodkor ustoz Said Ahmadga maqtanib qolibdi:

– Hozir koʻcha, xiyobon, maktablarning oʻrischa nomlarini oʻzgartirib, oʻzimizning shoir, yozuvchi, olimlarning nomini qoʻyyapmiz. Bir chekkadan hammasini shunaqa qilib tashlayapmiz!

Said Ahmad aka uning gapini boʻldilar:

– Ja unaqa qivormanglar, hali oʻladiganlar bor…

 

 

“Sh” harfi

 

Yozuvchilarning “Doʻrmon” ijod uyida Shukrullo domla bilan ustoz Said Ahmad suhbatlashib oʻtirishibdi. Shukrullo domlaning qanadaydir sahna asari haqida gazetada tanqidiy maqola eʼlon qilingan ekan, domla jigʻibiyron boʻlib turibdi. Vaziyat chamaladim-da, domlani yupatib, koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldim.

– Parvo qilmang, domla, oʻzi hamma buyuk ijodkorlarning ismi “Sh”dan boshlanadi, – dedim “ikkovimizdan zoʻri yoʻq” degan maʼnoda. – Masalan, Shekspir, Shiller, Shuman, Shubert, Shtraus… – Keyin Rossiya tomonlarni oraladim: – Shostakovich, Sholoxov, Shukshin… – Oʻzimizniki-lar ham benasib qolmadi: – Shayxzoda, Shukur Burxonov, Shukrullo, Shukur Xolmirzayev…

– Sharof Boshbekov… – dedilar domla hazillashayotganimni tushunib.

– Kaneshno! – dedim yasama viqor bilan.

Ustoz Said Ahmad sanoqni davom ettirdilar:

– Shaid Ahmad…

 

 

Sharof BOSHBEKOV

 

“Ijod olami”, 2018/4

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/sh-dan-boshlanuvchi-buyuklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x