Shashqator nomlar

* halovat

 

Har tong

oʻn ikki soatni

oʻn ikki soʻm kabi

hamyonimga solib joʻnayman

kechqurunga besh-olti soatlik

halovatli uyqu olib qaytgani.

 

 * keksalik eshigidagi yozuv

 

Yoshlikning

xatolari bilan

kirmoq erur manʼ.

Bunda ham

nuqson koʻp

senga atalgan…

 

*

Aslida

asliyat ham – tarjima.

Qalb,

Tafakkur,

Ruh

tarjimasi.

 

*

Bir oyoqli

simyogʻoch

uch oyoqda turib

uni xoʻrlayotgan

daydi itga

boqdi achinib…

 

* ochun

Texnika

odamning oʻrnini

egallamoqda

odamiylik oʻrni esa

boʻsh qolmoqda

koʻpincha…

 

* istiqbol

Biologik tarzdan

elektron shaklga

oʻtar boʻlsa bashar hayoti –

sheʼr bitarmi, qiziq,

elektromagnit qalbli

biron avlodim?..

 

*

Gugurtchoʻpday

boshimda

balolar boʻldiki jam,

jahonimni oʻt olgay

dunyoga

tegib ketsam.

* hikmat

Dunyo doʻkonidan

keraksiz molni

olaverdim urho-ur.

Endi magʻrur bisotimni ham

sotib yubormoqqa

men majbur…

 

* etakchilik yuki

Turnalar olisga uchgan chogʻ

yurtlardan yurtlarga koʻchgan chogʻ

solishadi koʻkda argʻimchoq –

kuch-quvvatin tejarlar shundoq.

Ammo, eng koʻp qanot qoqarmish

Parvoz payti toʻdaboshi qush.

 

*

Bugun

odam –

odam emas,

odam – atom

(boʻlinmas va

boʻlishmas oʻzgalarga).

 

* tilak

soʻzga  chiqqaningda – zabon

ovga chiqqaningda – kamon

yoʻlga chiqqaningda – karvon

elga chiqqaningda – imon

pand bermasin

hech qachon!

 

*

Yor.

Yot.

Yov.

Birgina tovush bilan

yaqin yoki

yiroqmiz darrov.

 

* taqdir

 

Boshida aylangan

qancha-qancha

tegirmon toshlari

un boʻlib ketganiga

hali-hamon hayron

shu uvoq bir don.

 

* maniken

 

Muhtasham doʻkondagi

zarhal oyna ortidan

oʻshshaygan bu poʻrimga

jon ham ato etilsa –

“tomoshaqovoq”ligidan

boʻlardi-da xoʻb izza.

 

* arz

 

Vujud bilan olishdim qirq yil:

Ichsa xarob qiladiganni ichirdim,

Yesa azob beradiganni yedirdim.

Bu yogʻiga tan chiqdi epchil:

Ichish mumkin boʻlmaganni ichirgay,

Yeyish mumkin boʻlmaganni yedirgay.

 

* tuyuq

 

Koʻngilga

ayriliq dogʻi

dogʻ solar dogʻi va dogʻi

qachon

visol avvali-yu

bu hajrning adogʻi?

* bahsning davomi

 

Bahsimizdan

tugʻilgan

haqiqatning

otasi

senmi

yo men?..

 

*

Rafiqam

taxlaydi sandiqqa

ustma-ust

yozgi kiyimlaru

issiq kunlar

halovatini.

 

* Mahmud Koshgʻariy

 

Nomusing kamzuliga

til bilan qadalgan

tuhmat tugmachasin

tishlab

echolmaysan,

uzolmaysan ham…

 

* jaholat

 

“BIZ – TOʻGʻRIMIZ!”, deb

Tom baravar shior yozdilar

lekin

mualliflardan biri

“T” harfini

oʻmarib ketdi sekin.

 

* riyokorlik

 

Qaychi

ogʻushini

qancha

keng ochar –

demak kesmoqligi

shuncha muqarrar.

 

* luqmai halol

 

Yoʻlakdagi hakka

choʻchimadi-uchmadi,

aksincha, taʼnali tikildi tikka.

Uning chala chaqilgan yongʻoqlarin

shu yoʻlakdan olgandim terib

yigirma yilcha burun…

 

* shafoat

 

Bir kuni saharda

sohilga kelib

hasad, gina, arazlarni

oqizib yubordim

shafoat qayigʻiga solib

va ortimga qaytdim baxtiyor, gʻolib.

 

* eshik qoʻngʻirogʻi

 

Bu cholgʻuda

hamma

faqat

bitta kuyni

chalgani –

chalgan.

 

* nafosat

 

Goʻyo suv sathiga

oyoq qoʻygandek

bir ohista qadam bosar ul.

Nazarimda hozir, shu lahza –

tuflisin uchidan

halqa-halqa yoyiladi yoʻl.

 

*

Yomgʻir tugar

Yogʻdu ham tark etar falakni

tabiat

ranglarga boʻlaklab, tugar

va asrab qoʻyar kamalakni

keyingi galga.

 

* taʼsir

 

Manzilingni soʻrar edim

ilkimda qoʻltelefon –

oʻrtamizga tushdi qulab

manzilidan chalgʻigan

ari shoʻrlik

nogahon.

*

Samodagi

Yulduzlarning

olis haroratidan emas,

sunʼiy yoʻldoshlarning

yaqin nazoratidan

baʼzan qisadi nafas…

 

*

Raqamlar asrida

raqamli texnika

sehridan sarmast

“raqam”lashaverib

soʻzlashishni

unutmasak bas…

 

* faxr

 

Samarqand. Yulduzli oqshom.

Samoda yangi (eski) oy.

Navoiy, Ulugʻbek yo Temur bobom

qachondir shu oyga boqqan hoynahoy

men turgan manzildan

mendek mahliyo.

 

*

Umr borho kam qoliptur.

Umr – chindan ham qoliptur.

Oʻzni sigʻdirmoq-chun qolipga

Boshdan boshladik, oxir –

Qoliptur oyoqlar sigʻmay,

Bosh ham qoliptur!..

 

* sogʻinch

 

Hali

qish ham

boshlanmay turib

koʻrgim keldi yana bahorni

uch oyga pattalar

oldim oldindan.

* imkonsizlik

 

Har bir daqiqa –

oltmishta mix qoqilgan

eshik.

Qayta ochay desang

qancha eshiklaring

yana berk…

 

* taʼrif

 

Palakka ochilgan

suv bilan

serob

semizoʻtdek

orsiz, tekinxoʻr

janob…

 

*

Kuyadori hidi…

gʻijimlik…

uniqish…

eski paltomga ham

malol keldi

qish.

 

*

Qancha davom etar

bilmam

sevgi degan

yangi tush

rangli tush

ohangli tush!..

 

* shubha

 

Xotira

nainki odamda,

kompyuterda ham bor.

Lekin qalbni

mikrochipga koʻchirish –

eh-hey, dushvor ish…

*

 Istayman

istaklarimni.

Lek

istaklar

istasa –

netay…

 

* tarbiya

Bandadan

najot kutar

dilbandi.

Afsuski

banda – band

banda – bandi.

 

* gazetada xato ketgan

raqamlar

Siz – oshkora pinhonim

va qiynalgan vijdonim

ochiq qolgan tovonim

gumonimu pushmonim

yomonlardan yomonim

dushmanim…

 

*

Xotira diktofoni –

eng dahshatli qurol.

necha kunki

xato ketgan soʻzlarimni

takrorlab

pushaymondan oʻldirdi meni.

 

*

Parishon

qush misol

har nafasimni

qalbni

sovutmoqqa

sarflayman (uvol)…

 

Gʻulom MIRZO

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 8-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/shashqator-nomlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x