Alisher Navoiy bir shaxs, bir inson darajasida emas, butun bir ulus, butun bir millat darajasida nomus egasi boʻlgan.
Millat darajasi va millat miqyosida nomusli boʻlish, bu – millatning nomusi boʻlish bilan barobardir. U yuksak shaxs maqomi darajasida millatning tarixiy nomusi uchun butun ongli hayoti davomida kurashdi. Oradan necha yuz yillar oʻtib bu kurash hamon davom etadi. Endi mutafakkir shoirning oʻrniga asarlari – uning nomusli soʻzi kurash olib boradi.
Millatning – turkiy el-elatlarning Oltoy va Sibir oʻlkalaridan Oʻrol va Don yerlari osha to Shom, to Bolqon, to Oʻrtadengizgacha keng jugʻrofiy makonlarda yoyilgan, hamisha jaranglab turadigan goʻzal mardona tili bor edi, mardona erligi, mardona qudrati bor edi.
Ammo shu erlik, shu mardonalik qudrati boʻlgan holda okean kabi Chor devoni, okean kabi Xamsasi yoʻq edi hali.
Garchi Yugnakiylar, Yassaviylar, Boqirgʻoniylar, Yusuf Xos Hojiblar, Atoyilar, Lutfiylar, Sakkokiylar, Saroyilar, Qutb va Haydar Xorazmiylar kuylanardi tillarda.
Nima uchun birdan nomus egasi degan hech kutilmagan tushunchani tilga olib, oʻrtaga qoʻyayotirmiz. Chunki nomusli boʻlish sharafli boʻlish demak bilan teng. Nomusli boʻlish yaratuvchi boʻlish demak bilan teng.
Navoiy xalqni nomusli qilish, yaʼni bor qilish, uni yuksak madaniyat va axloq zirvalari ostida birlashtirish uchun oʻsha XV asrlardayoq inson qoʻli bilan yaratilishi mumkinligiga aqlu fantaziya sira bovar etmaydigan shu hayratomuz badiiy-falsafiy obidalarni yaratdi.
Xalqni nomusli qildi, uning badiiy goʻzalliklar dunyosini beqiyos kengaytirdi.
Hech kimning oldida
Yuzi qizarmaydigan,
Hech kimning oldida
Qul kabi
Boʻyin egmaydigan qildi.
Xuddi mana shu maʼnoda Navoiy, yaʼni nomus yaratuvchi maʼnosida xalqimizga barcha zamonlar uchun zamonaviydir. Xalqimizning oʻzini tanigan barcha vakillariga zamonaviy, yaʼni zamondoshdir.
U qulochi behad keng ijodkor, donishmand ijodkorgina emas, oʻmrovli, qamrovli, oʻz davridan ancha ilgarilab ketgan Shaxs sifatida zamonaviydir.
Ha, u, avvalo, bizga shunday Shaxs sifatida zamonaviydir.
Buni yana bir karra tasavvur qilib koʻraylik.
Ungacha va undan keyingi zamonlarda hech kim unchalik aynan xalq uchun madrasa ustiga madrasa qurmagan, unchalik koʻp maktab, kutubxona, xonaqoh, qiroatxona, avliyolar va soʻfiylar mozorlari ustida obidalar, masjidlar, sayilgohlar qurmagan, yoʻllar solmagan, suvsiz joylarga suvlar keltirmagan, doimiy suratda ehsonlar qilmagan, xalqning yelkasidan ogʻir soliqlar yukini olmagan va yengillatmagan, bechoralarning ohu zorlarini tinglamagan va chorasozlik koʻrsatmagan. Navoiyning mamlakat va xalq uchun qilgan barcha chorasozliklari oʻsha ulugʻ umummilliy nomusning yana bir belgisi edi.
Uning barcha ota-bobo ajdodlarining nomlariga “Bahodir” soʻzini qoʻshib aytardilar. Bejiz emas edi. Bahodirlar xalq, el-ulusning ishongan tayanchi, suyanchigʻi boʻladilar. Podshohlar va hukmdorlar ham ularga suyanadilar. Tarixdan maʼlum: oʻiyosiddin Bahodir – Navoiyning otasi Abulqosim Bobur tayanchlaridan edi. Navoiy sulolasi shunday har jihatdan tayanch odamlarni dunyoga keltirardi. Tayanch boʻlish Navoiyga ajdodlaridan meros boʻlib oʻtgan xislat edi. Sulton Husayn Bahodir bejiz unga sulton yaqini va saltanat tayanchi unvonini bermagan va unga doim shunday ulugʻ unvon bilan murojaat qilardi. Bu tarix va taqdirning inʼomi edi. Nomusli el farzandini tan olish edi.
Bahodirlik turkiylarning eng suygan hunarlari edi.
Oʻz tarixiy missiyasiga koʻra, oʻz tarixiy missiyasini eng yuksak darajada anglayaroq, mislsiz qurbat ila ado etaroq va bajararoq Navoiy dunyo badiiyatiga bahodir soʻzni olib kirdi.
Homer, Vergiliy, Firdavsiydan soʻng dunyo adabiyotiga bahodir soʻz shavkatini Navoiy olib kirdi. Uning butun ijodidagi soʻfiylik motivlari tom maʼnoda anʼanaviy edi, lekin bahodirlik motivlari butunlay yangilik va tom maʼnoda yangilik edi. Bahodir soʻz yoʻnalishlari Navoiy ijodida nima maʼnolarni anglatadi?
Navoiy timsolida dunyo adabiyotida bahodir soʻz bu:
Xalqni boshdan-oyoq zulmdan himoya qilgan soʻz.
Xalqni zulmdan xalos qilgan soʻz.
Xalq uchun adolat oʻlkasini yaratgan soʻz.
Xalqni birlashtirgan soʻz.
Navoiyning xamsa – besh doston yaratishga intilishida, oʻz xalqi uchun bir emas, necha yuksak badiiyat va maʼnolar kahkashoni maqomidagi devonlar turkumlarini yaratishida va oʻz xalqini xamsaviy dostonlar, maʼoniy devonlar egasiga aylantirishida, uning tarixiy yoʻli, taqdirini ilm va iymon quyoshi nurlari bilan yoritishida bahodir soʻzning tajalliysini koʻramiz. Iskandar vahshiy yaʼjuj-maʼjujlar yoʻliga insoniyatni ular zulmidan saqlab, ulugʻ devor barpo qilgan boʻlsa, Farhod ishq yoʻlida koʻhkanlik qilgan boʻlsa, Navoiy adolat yoʻlida zulmga qarshi “Xamsa” va “Xazoyin ul-maoʼniy”ni qoʻydi.
Zulmung erur kunduzu fisqing kecha,
Zulm ila fisqing necha, boʻlgʻay necha?
Navoiy insoniyat uchun eng ogʻriq savollarni qoʻyish bilangina cheklanmadi. Unga insoniyat tarixlari qaʼrlaridan, tafakkur maydonlarida borgan omonsiz kurashlar, izlashlardan va bularning barchasi oxir-oqibat inʼikos etadigan inson qalbidan javob izladi. Uning javoblari “Xamsa” qaʼrlarida, “Chor devon” toʻlgʻanishlarida oltin zarralari kabi sochilgandir.
Yana bir juda muhim gap.
Navoiy qiyofasida dunyoga yangi tip, yangi qiyofadagi muallif keldi.
Biz hali Navoiy qiyofasidagi yangi muallif – yangi modern muallif haqida sira-sira oʻylab koʻrgan emasmiz. Biz unga doim ulugʻ shoir, donishmand, valiy sifatida qaraganmiz.
Ammo muallif sifatida hech qachon oʻylab koʻrmaganmiz. Uni muallif sifatida tekshirsak bu ulviy zot haqiqatan ham juda ajoyib manzaraviy qirralarga ega boʻlganligini seza boshlaymiz. “Xamsa”da u mualliflik sir-sinoatlari ustida har qadamda oʻylagani, fikr qilgani, xayolida yangi Sharq muallifi siymosini shakllantirishga intilganligini koʻramiz. “Xamsa”ning shakli qanchalik muayyan darajada anʼanaviy boʻlmasin, Navoiy muallif sifatida barcha qahramonlarini oʻz qalbi, oʻz qalbining qoni, oʻz filogenetikasidan bino qildi. Farhodning barcha belgi-xususiyatlari, intilish, mayllari, niyat-maqsadlarini u oʻzidan olib yozdi. Navoiyning butun bolalik paytlari, kitob oʻqish, ilm olishga intilishlari, oʻsmirlik chogʻlari, el-ulus bilan uning qalbi dunyosining bir boʻlib, ruhiy-majoziy bir tarzda birlashib ketishi, el ozoridan ozor chekishi, bahodirlik sifatlarini kamolga yetkazishi – hamma-hammasi Farhod siymosida oynadek zuhur etadi. Navoiyning oʻtmish va zamon shoirlariga munosabatlari, nozik tanqidiy qarashlarida, tilga, soʻzga boʻlgan original qarashlarida ham biz yangi muallif siymosini koʻramiz va oʻzbek milliy poetikasi yaratilganini payqaymiz.
Navoiy siymosida yangicha real dunyoning ish-yumushlariga juda faol aralashadi. Navoiy, bu – faol muallif siymosidir!
Navoiy hech qachon bir chekkada xolis tomoshabin, xolis kuzatuvchi, xolis roqim, raqamkash boʻlib turmaydi.
Navoiy yangi muallif sifatida faol yoqlaydi, faol qoralaydi, qahramonlari bilan birga faol jon chekadi. Dard chekadi. Zorlanadi, koʻzyosh toʻkadi. Ular bilan birga insoniyat ofatlaridan qutulish yoʻllarini qidiradi. Mumtoz adabiyot dunyosiga kirib kelgan bu yangi muallif barcha hikoyatlari, naqllariga ham oʻz mualliflik qarashlarini singdirishga intiladi. Bu yangi muallif oʻz asarlari va ularning qahramonlarini yaratishda original estetik ideallariga tayanadi. Uning “Chor devon”ni yaratish oldidagi oʻy-xayollari, iztiroblari, boshqa barcha Sharq devonlaridan farqli va ilgʻor, tamomila yangi devon yaratish maqsadini oldiga qoʻyishi, juda uzoq izlanishi, yangi xamsa yaratish yoʻlidagi ulugʻ mutafakkirlar va tarixchilarga xos shakl, mundarija topish yoʻlida mislsiz zahmatlar chekishi, oʻta jozibador fikrlarni ilgari surishi bu faqat yangi muallifninggina dunyoqarashini suvratlantiradi. U oʻzigacha yaratilgan asarlarda, oʻz tili bilan aytganda, “turk zavqi” boʻlmagani uchun qaygʻurdi va oʻzi yaratgan har bir asar va har bir soʻz turkiy ellarga bahra boʻlishini istadi.
Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur,
Falak koʻrmadi men kabi nodire,
Nizomiy kabi nazm aro qodire…
Ibrohim GʻAFUROV
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sharqda-yangi-muallif/