Shahar olib bermagan qizlar

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Qishloqdan kelgan mehmonlar yozning issig’ida beton uylarda siqilib qolishmasin, degan o’yda ko’cha eshikni ochib qo’ygandim. Bir payt qo’shni ayolning shang’illagani, eshiklarning qattiq ochilib-yopilgani eshitildi.

Ayol ovozini baralla qo’yib, o’ziga tegishli lug’at boyligidagi barcha qarg’ishu haqoratlarni eriga yog’dirar, dam-badam o’zining sho’r peshonasiga ham la’natlar o’qib, ayyuhannos solardi. Mehmonlardan xijolat chekib eshikni yopish uchun koridorga chiqsam, qo’shni erkak qandaydir xaltani qo’liga ildirib olib, lift chaqiryapti ekan. Salom bergandim, iztirob va xijolatchilik bilan qarab, alik oldi-da, o’zini liftga urdi. Shu topda boyoqishga juda ham achinib ketdim. Chamasi, olti oylar avval shu qo’shni ayol boshqa bir qo’shnimiz bilan qattiq janjallashib qolgandi. O’sha aytishuvda qo’shni ayolning shallaqiligi, atrofdagilardan xijolat bo’lmasligiga taajjubda qolgandim, boshqa qo’shnimiz:
— Bu xotinning yuziqoraligiga “dom”dagilar o’rganib qolgan. Kerak bo’lsa, butun daha biladi, desam ham yolg’onchi bo’lmayman. O’zi hokimiyatda ishlaydi. Maqtanishicha, katta-katta o’qishlarda o’qiganmish. Ota-onasi unga quloq solmay, o’qimagan, oddiy, hunarmand yigitga uzatgan ekan. Eri yaxshi odam, mo’min-qobil, topish-tutishi ham yomon emas. Ammo xotin noshukrlik qiladi, er boyoqishni mensimaydi. O’qimaganligini yuziga solib, har janjalida eriga ta’na-malomat qiladi, – degandi.
Qo’shni xotinning janjalini ko’p bor kuzatganman. Aksariyat paytlarda janjalning oxiri erkakning qandaydir xaltani qo’liga ilib, uydan chiqib ketishi bilan yakunlanadi. Bu galgi mojarolarni chetdan kuzatar ekanman, anchadan beri yuragimda yig’ilib qolgan mulohazalarni insho etish fikri tug’ildi.
Haqiqatan ham atrofimizga nazar tashlasak, o’qimishli, ma’lumotli qiz-ayollarning oliy ma’lumotga ega bo’lmagan, hunarmand yoki umuman yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug’ullanadigan erkaklarga past nazar bilan qarashi kishini o’yga toldiradi. Aslini olganda, erkak kishining topgani barakali bo’ladi. Ayol ming pul topaman deb chiranmasin, o’zini o’tdan cho’qqa urmasin, baribir topganida baraka bo’lmaydi. Ayniqsa, juftini kamsitadigan, eridan or qiladigan ayollarning holiga voy bo’ladi. Chunki har qanday ayolga ayollik nafosatini faqat erigina in’om eta olishi mumkin. Ayol kishiga faqat erining oilasidagina baxt topish imkoniyati berilgan. Aksariyat ayollar esa, gumrohlik bilan o’z baxtini boy berishadi-yu, keyin aybni goh taqdirdan, goh atrofidagilardan izlab yurishadi.
Diplom baxt garovi…mi?
Yo’q. Oliy ma’lumot, diplomli bo’lishning oilaviy baxtga aloqasi yo’q, fikrimizcha. To’g’ri, o’qimishli kishilarning ma’naviy dunyosi, fikrlashi, dunyoqarashi boshqalardan ko’ra farq qiladi. Ammo o’qigan bilan uqmaganlar, ya’ni ma’lumoti oliy bo’la turib, hayot maktabidan hech qanday ta’lim olmaganlar ham o’zlariga va ham atrofidagilarga zarar qiladilar.
Bundan uch-to’rt yillar avval bir viloyatga mehmonga keta turib, yoshi ulug’roq yo’lovchi bilan hamroh bo’lib qoldim. Amaki juda ham to’lib ketgan, ko’ngli kemtik ekan. Birpasda meni o’ziga yaqin olib, iztiroblarini so’ylay ketdilar:
— Yoshlikning havoyi havaslari qurib ketsin. Sevib qoldim, o’laman sattor, shundan boshqasiga uylanmayman, deb o’qimishli qizga uylangandim. O’shanda rahmatli ota-onam: “Bolam, bekor qilyapsan, sen o’qimagan, hunarmand yigitsan, topgan qizing oliy ma’lumotli, yana katta joyda ishlasa (u paytlarda raykomda komsomol degan tashkilot bo’lardi. U o’sha tashkilotning tuman kotibi edi), nega endi yonida yurgan o’qimishli yigitlarni emas, seni tanladi? Boz ustiga, o’zingdan ikki yosh katta ham ekan, agar yaxshi qiz bo’lsa, nega shu paytga qadar turmushga chiqmadi?!” – degan gaplariga qat’iy e’tiroz bildirib, hatto o’z ota-onam meni kamsitishyapti, deb ulardan xafa bo’lib, o’shanga uylangandim. Nikohning birinchi tunidayoq qattiq xatoga yo’l qo’yganimni bildim… Ammo bu dardimni birovga aytolmadim ham. Negaki o’zim tanlagan, o’zim pishirgan osh edi. Yashayverdim. Uch yilda birin-ketin ikki qizimiz tug’ildi. So’ngra xotinim ikki oyog’ini bir etikka tiqib, ishga chiqaman, deb turib oldi. Noiloj edim. Yo’q desam, ikki gapning birida ajrashishni taklif qiladi, ajrashsam, oshna-og’aynilarim, yaqinlarim oldida nima degan odam bo’lardim? Qolaversa, farzandlarim ham bor. Ko’ndim. Xotinim bir-ikki yil o’sha lavozimida ishlab, amali ham ko’tarildi. Lekin meni er o’rnida, erkak o’rnida ko’rmasdi. Deyarli har kuni: “Eh, qaydanam erga tegib, bola tug’dim-a, agar turmush qurmaganimda, hozir karyeramni ancha rivojlantirgan bo’lardim, mansabim bundan ham katta bo’lardi”, deb nolirdi. Qisqasi, ko’rgan kunim kun bo’lmadi. Bir amallab qizlarimni uzatib yubordim, baxtimga, ular onasiga o’xshamadi. Endi keksayganimda xotinim meni uydan haydab solyapti. Biz otamning hovlisidan bo’lak hovli-joy qilib chiqqan edik, uni ikkalamiz qurganmiz. U menga: “Paxta zavodda oddiy ishchi bo’lib ishlagan odam hech zamonda bunaqangi dang’illama hovlini qurolmasdi, uy mening pulimga qurilgan, qani, bu yerdan tezroq nari keting”, deyapti. Axir bu yoshimda qaerga boraman? Kimnikiga sig’aman? Pensiya pulimga uyni qaerdan olaman?.. Bir paytlari o’ylamay qilgan ishim boshimga xo’-o’-o’p tashvish bo’ldi…
O’qimishli xotin amakini toza laqillatib uyni o’z nomiga rasmiylashtirib olgan ekan. Yana: “Mansabdor bo’lish uchun ma’lumotnoma tayyorlanayotganda, yaqin qarindoshlari haqida qisqacha sharh yoziladi, men, erim oddiy ishchi, deymanmi?” deb farzandlari tug’ilganidan keyin rasmiy nikohini ham bekor qildirgan ekan. Hayron qolgandim, karyera qilib umrini xomtalash qilgan ayol (agar uni ayol deb atashga haqli bo’lsak!), jilla qursa, qariganida eri, farzandlari, nevaralari davrasida farog’atda yashashga o’zini munosib ko’rmadimikan?.. Esiz, bir ayolga berilgan umr, unga nasib etgan onalik baxti…
— Oliy ma’lumotli qizlarning aksariyati o’ziga baland baho berish bilan hayotda juftini topishga qiynaladi – deydi ruhshunos Muhabbatxon Arslonova. – Avvalo, o’qigan-o’qimaganni ajratishda pul muhim omil emas, hamma gap dunyoqarashda. Bir narsani tan olishimiz kerakki, haqiqatan ham o’qimishli odam bilan oliy ma’lumotli bo’lmagan odamning dunyoqarashi va fikrlashida juda katta tafovut bor. Oliy ma’lumotli bo’lgani, ishlab pul topgani uchun o’zini katta tutayapti, bizni nazariga ilmayapti, degan gaplar ham aynan o’sha ma’lumoti bo’lmaganlardan chiqadi. Chunki o’qigan odamning ma’naviyatliligi, dunyoqarashi keng ekani avvalo uning gap-so’zida bilinadi. Buni tushunmaganlar esa manmanlikka yo’yadi. O’qigan va o’qimagan qizlarning orzu-havaslaridayam katta farq bor. Oliy ma’lumotli qizlar o’ziga o’xshab o’qigan yigit bilan turmush qurishni xohlaydi, albatta. Mana shu xohish bilan osmonlarda uchib yurishadi va shunday paytda o’qimagan yigitdan kelgan sovchi ularni kamsitgandek bo’ladi. Lekin hamma o’qigan yigitlar ham bir xil emas. Ba’zi o’qimagan yigitlar o’qiganlardan ko’ra ming chandon oqil va dunyoqarashi keng bo’ladi. Umuman olganda, qiz bola, ayol kishining o’qimishli, ma’naviyatli bo’lishi yaxshi. Nega deganda u bo’lg’usi ona, nasl davomchisi va millat kelajagining tarbiyachisi hisoblanadi. Ammo bu ularga turmush o’rtog’ini kamsitish huquqini bermaydi! Qolaversa, men o’qimishliman, ma’lumotim oliy, faqat oliy ma’lumotli yigitga tegishim kerak, degan fikrda bo’lgan qizlar ham yanglish o’ylaydilar. Vaqt vafo qilmaydi. Ilm olish, ma’naviyat sarchashmasidan bahramand bo’lib sizga taqdir qilinibdimi, shukr qiling va eshigingizga sizni so’rab kelgan, sizni baxtli qilishi mumkin bo’lgan yigitning ko’nglini og’ritmang. Ayol kishining asl ayollik saodati — oilada. Ma’lumotingiz oilangiz mustahkamligi, aqlli, ilmga chanqoq, sog’lom va barkamol farzandlarni dunyoga keltirib tarbiyalashga xizmat qilsin, baxtingizning boylanib, teng-to’shingizdan ortda qolishingizga emas, degim keladi shunday qizlarga qarata…
Olibsotarning huquqshunos xotini
Bir tanish ayolni bilaman. Oliy ma’lumotli huquqshunos. Uch nafar farzandi bor. To’y-hashamlarda birga o’tirib qolganimizda davradagilardan birovi ayoldan turmush o’rtog’ining nima kasbdaligini so’rasa, istehzo bilan kulganicha: “Erim chayqovchi. Olibsotar”, deydi. Kimdir uning gapiga qo’shilib sharaqlab kulsa, yana birov ensasi qotganini yashirmay ayolga nafrat bilan tikiladi. U esa og’zini to’ldirib, erini kamsitadigan gaplarni gapira boshlaydi. Bilishimcha, eri yaxshigina tadbirkor. Ayol dang’illama hovli-joylarning malikasi bo’lib, xorijiy rusumdagi avtomashinalarni minib yuribdi. O’zi hech qaerda ishlamaydi. O’sha u “o’qimagan”, “olibsotar, chayqovchi” deb kalaka qilayotgan eri bir ayol orzu qilgan hamma sharoitni xotiniga muhayyo qilib qo’ygan. Evaziga hurmat va qadr topish o’rniga, xotini uni tanigan-tanimaganlar ichida masxara qiladi, kamsitadi. Ha, oliy ma’lumot kishiga aql va farosat bera olmas ekan. Yo’qsa, eri kam-ko’stsiz hayot in’om etgani uchun ayol uni duo qilib, faxrlanib, ishlarining xayrli kechishini tilamasmidi? Afsus, undaylar juda ko’pchilikni tashkil etadi. O’zlari o’qib biror nimani qoyillatib qo’ymagan bo’lsalar-da, halol mehnat bilan rizqini topayotgan juftlarini behurmat qilish bilan o’zlarining-da qadr-qimmatlarini yerga uradiganlar o’zini o’zi baxtsiz qilayotganlar emasmi?
— Bu borada kimnidir aybdor qilishga haqli emasmiz, – deydi jurnalist Jamshidbek Namozov. – Har kimning o’z fikri, dunyoqarashi, hayot mezonlarini o’lchaydigan qarichi bor. Zamonamizga kelib ayrim dangasa odamlarda “o’qib oliy ma’lumot olganing bilan tuzukroq ish topmaysan”, “maosh bilan tirikchilik qilib bo’lmaydi” degan fikr paydo bo’lgan. Mehnatkash kishi uchun bahonaning keragi yo’q. Chunki hozir uquvli, ilmli, uddaburron odamlarga mehnat qilishi, o’zini ko’rsatishi va ishlashdan asoosiy maqsadi – to’kin va farovon yashashi uchun yaxshigina sharoitlar bor. Buning uchun kishi qat’iyatli, izlanuvchan va mehnatsevar bo’lishi kerak. Imkon kishining qo’liga kelib qo’nmaydi, uni o’zingiz izlab topib qo’lingizga qo’ndirib olasiz. Xullas, mulohazaga munosabat bildiradigan bo’lsam, hozir aksariyat yigitlar yuqoridagi asossiz fikrga tayanib bilim olish, oliy o’quv yurtlarida tahsil olib, diplomli bo’lishdan o’zlarini mosuvo etyaptilar. Undaylarning fikricha “diplomli bo’lish, oylik maosh bilan yashash – ayollarga” ekan-u, erkak ko’chadan pul topib kelsa bo’ldimish. Ana shu kalta o’yli odamlar hisobiga yigitlarimiz orasida o’qimishli, oliy ma’lumotlilari kamayib boryapti. Oliy o’quv yurtlarida tahsil ko’rgan, oqila, oq-qorani tanigan qizlar esa, ko’chada ust-boshi tuproqqa belanib yuradigan yo bozorda ayollar ichki kiyimini xorijniki deb maqtab sotayotgan yoxud yil o’n ikki oy chet ellarda ishlayman deb ketadigan yigitga turmushga chiqqisi kelmaydi. Bu yerda ham dunyoqarashda, ham ma’naviy nuqtai nazarda va ham moliyaviy holatda ikki tomon orasida katta farq yuzaga keladi. Agar qiz o’shanday yigitga turmushga chiqqan taqdirda ham oilada boshdan-bosh o’zaro hurmat mustahkam bo’lmaydi. Aql-zakovatli qiz bo’lsa, erining hurmat-izzatini o’rniga qo’yar, ammo u ham faqat eri bo’lgani uchungina juftini hurmat qiladi. Dunyoqarashi bir-biriga mos kelmaydigan odamlarning shunchaki el ko’ziga bir tom ostida yashashi esa ham o’zlariga va ham bolalariga ziyon…
Bizning fikrimizcha ham, oliy ma’lumot va diplom mustahkam va baxtli oilaning asosini tashkil etmaydi. Muhimi – juftliklarning ahilligi, totuvligi va bahamjihatligida. Ro’zg’orning qut barakasi ham er-xotinning o’zaro inoqligi va bir-birini har qadamda qo’llab –quvvatlashiga bog’liq. Zero, bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ariydi, deydi donishmand xalqimiz. Yana bir narsa, juftlar ma’naviyatli, zakovatli bo’lishi ham saodat eshigiga kalit bo’ladi.
Umida AZIZ

Manba: Hordiq.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x