Sevinch boʻlib borgan umidim

 * * *

Baxtlidir bu dunyo…

Sen uni yoʻqlab

Mangu bahorlardan uchib kelgansan.

Kechalar bu dunyo qolganda uxlab,

Olis osmonlardan tushib kelgansan.

 

Gʻaflat ogʻushida gʻaflatdan toʻyib,

Bu dunyo tosh kabi yotar ekan jim,

Sen kelgach, poyingga togʻlar bosh qoʻyib,

Toshligidan pushmon,

Yigʻlagan yum-yum.

 

Suvlar yotganida qumli sahrodek,

Nedir boʻlganini seza boshlagan.

Ummonlarga tushgan dolgʻali hadik,

Epkinlar uygʻonib esa boshlagan.

 

Garchi sen kelgansan shabnamga oʻxshab,

Borliqda sezgilar toʻlgʻonib ketgan.

Shovullab uygʻongan shamollar shoʻx-shaʼn,

Maysalar, giyohlar uygʻonib ketgan.

 

Zaminga egilib tushgan kamalak,

Yam-yashil adirlar ketgan chayqalib.

Uch kunlik umridan shodon kapalak

Chamanlarga uchgan chapaklar chalib.

 

Hali rang topolmay,

Har bir koʻringan

Yulduzga umidvor boqarkan gullar,

Sening shivir-shivir aytgan siringdan

Qizargan, sargʻaygan, oqargan gullar.

 

Sening bu dunyoga tushgan yoʻlingdan

Qoʻshiqdek uygʻongan, yangragan dunyo.

Har qanday yoʻqlikda, har bir oʻlimda

Tugʻilish borligin anglagan dunyo.

 

Anglagan:

Sukutda bir sado yashar,

Har qanday gʻaflatda bir uygʻonish bor.

Har qanday gʻamda bir shodlik bor, magar,

Har qanday soʻnishda qayta yonish bor…

 

Sen oʻzing shondirsan, sen oʻzing shoyon,

Olamda poyonsiz poyonim mening.

Har qanday ayonda sen oʻzing pinhon,

Har qanday pinhonda ayonim mening.

 

Shu qadar yaqinsan…

Shu qadar yiroq…

Sendan zarra nari oʻtolmagaylar.

Borligingni anglab yetgaylar, biroq

Kimligingni anglab yetolmagaylar…

 

 

* * *

Atrofga termildim koʻzlarim yoshlab,

Bir anduh sahnida turib qoldim, men.

Bu yerga kim meni kelmishdir boshlab,

Qachon bu yoʻllarga kirib qoldim, men?

 

Adashdim qaygʻuning sahrolarida,

Saroblar jonimga soldilar tahdid.

Chiqilmas yoʻllar bor uning barida,

Menga yoʻl koʻrsat, ey tangrining ahdi.

 

Boshidan turarkan olov quyilib,

Bu yoʻlsiz yoʻllardan yoʻl axtargan kim?

Meni kelajakning bagʻridan yulib

Moziyning qaʼriga uloqtirgan kim?

 

Suv desam, tutdilar qon toʻla chanoq,

Havo – yelim kabi. Nafasim yetmas.

Goʻyo ming yil avval oʻlganman. Biroq

Hamon koʻz oldimdan bu hayot ketmas…

* * *

Jilgʻalar ketmoqda togʻlarni tashlab,

Bogʻlarni tark yetib ketmoqda shamol.

Quyosh ketayotir osmonni gʻashlab,

Koʻnglidan ketmoqda surur bemajol.

 

Yurtidan ketmoqda qushlar qaygʻurib,

Bulut yum-yum yigʻlab osmondan ketur.

Dolgʻalar dengizdan ketgay hayqirib

Chaqmoqdek paykonlar kamondan ketur.

 

Yulduzli osmonga tavakkal qilib,

Sahroga iz solib karvonlar ketgay.

Yaproqlar daraxtdan ketgay toʻkilib,

Sham yonib tugaydi, parvona ketgay.

 

Bilmas, qay manzilga yetib boradi –

Kemalar ketmoqda – yelkanlari yoʻq.

Ketganlar jimgina ketib boradi,

Ketganlarning qaytib kelganlari yoʻq.

 

Tayyor tur, yuragim, bu kulfat – tayin…

Xongulim, qaysi dam, qay kun – bilmasman –

Sen mendan ketarsan xuddi shundayin,

Ketarsan…

Hech qachon qaytib kelmassan…

 

* * *

Xoliq seni yaratdi, baliq,

Sukunatdan oʻzga sen kimsan?

Bu qandayin qalbi daryoliq,

Baliq, nega manguga jimsan?

 

Koʻzlaringni yoʻsinlar toʻsar,

Toʻldiradi loy qulogʻingni.

Qaysi qoʻllar koʻnglingni tusar,

Qay shalola oyqulogʻingni?

 

Bir zolimning zulmi ila san

Boʻyalmishsan boʻgʻzingdan qonga.

Nechun shuncha qanoting bilan

Uchib ketolmaysan osmonga…

 

* * *

Sahrodagi tanho daraxtda

Qolgan soʻnggi yaproqdir koʻngil.

Shamol, endi uvlama baxtdan,

Ey koʻngil, bu qismatga koʻngil.

 

Garchi toʻzon ichra istiqbol,

Garchi ortga qaytmoq mushkuldir.

Xazonrezgi bogʻni bosdi qor,

Ey samoviy xotir, xush kelding.

 

Nazariga ilmay olamni,

Ey maʼbudam, dilda tosh qotgan

Bu hasratni, bu boqiy gʻamni

Yoding bilan boshlay boshqatdan…

 

Tikilganim koʻzgu shumidi –

Aksim tushgach, mayda-maydadir.

Sevinch boʻlib borgan umidim

Ortga figʻon boʻlib qaytadir.

 

Qismat hijron otligʻ ogʻuni

Qondek mayga ezib ichirar.

Bilmam, umid kimni sogʻinib,

Ruhim ichra kezib qichqirar…

 

Usmon QOʻChQOR

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/sevinch-bolib-borgan-umidim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x