Adashvoy

Boʻyin va oyoqlari ingichka, tili biroz chuchuk, feʼli tezroq Adashvoy adashib qoldi. Velosipediga bir qop sholi ortib Qumqishloq tegirmoniga borgan edi. Tegirmonchi: chiroq oʻchib qoldi, kechqurun yonsa, ertalabgacha oqlab qoʻyaman, dedi.

Adashvoy iziga – Qirqlar qishlogʻiga qaytdi. Qaytishda yoʻl enish, ham shamol orqadan boʻlganidan velosipedni yengil va shitob haydadi. Tezlik oshgan sayin battar avjlandi, koʻylaklari yelkandek hilpirab, oʻzini uchib borayotgan qushdek his etdi.

Aql-hushini tezlik zavqi band etib, qattiq hayajonlanib begona qishloqqa kirib borganini bilmay qoldi. Bu qanday qishloq ekan? Qumtepaga oʻtib ketibmanmi, deb oʻyladi. Lekin Qumtepani ilgari qoʻrmagani bois qayerga kelib qolganini bari bir anglay olmadi.

Pastqam guvala devorlar, tarnovlari ostini yomgʻir yuvgan loysuvoq uylar, egri-bugri, chang-tuproq koʻchalar… Ayrim joylarda beldamchalari chirib, belidan sinib, ilvirab qolgan qoʻralar mungʻayib turibdi.

Atrof qop-qorongʻi. Zulmat yer ostidan chiqib, osmonga tomon siyraklashib koʻtarilib borayotgandek. Qorongʻulik yer ostidan chiqib kelarkan, deb oʻyladi u. Quyosh osmonning qay tarafida ekanini bilib boʻlmasdi. Kunning qaysi payti ekan? Ajab, atrof qop-qoronigʻiyu, Adashvoy qishloqni aniq-tiniq koʻryapti. Yana ham aniqrogʻi, u oʻzi adashib kirib qolgan joyni taniyapti.

Qayoqdandir paydo boʻlgan bir toʻp odam gʻaroyib maxluqni koʻrgandek Adashvoyni oʻrab olib tomosha qila boshladi. Taxtalari uqalanib, qor-yomgʻiru shamollar, quyosh tigʻiyu vaqt egovida qirralari yemirilib, rangi uniqqan pakanagina koʻhna eshiklardan ayollaru bolalar avval moʻralab, keyin choʻchinqirab, uyalinqirab chiqib kelib Adashvoyni oʻragan olomonga qoʻshilardi. Negadir ularning turq-tarovati oʻzlari chiqib kelayotgan eshiklarning rang-tusi bilan bir xil edi.

Adashvoy ulardan qishloqlarining nomini soʻradi. Qumbosti deyishdi qishloqning nomini. U bunaqa qishloqni eshitmagandi. Keyin ulardan Qirqlar qishlogʻi qay tomondaligini bilmaysizlarmi, deb soʻradi. Ular bunaqa qishloqni eshitishmagan ekan. Adashvoy qoʻshni tumanga oʻtib ketgan boʻlsam kerak, deb oʻyladi. Keyin oʻsha yerda turgan taksichilardan soʻradi. Ular ham eshitishmagan ekan. Qaysi tumandansiz, deb soʻrashdi ular. Dangʻaradanman, dedi Adashvoy. Dangʻarani eshitganmiz. Katta tuman. Qishlogʻingiz aniq qayerda, dedi ular. Qoʻqon shahriga borib u yerdan qishlogʻimizga boradigan yoʻlni bilib olarman, deb taksichilarga umidvor tikildi. Boʻpti, dedi ular, lekin ancha qimmat boʻladi, deb kattagina narx aytishdi. Buncha pul Adashvoyni choʻchitib yubordi. Taksiga shuncha pul sarflagandan koʻra bir yoʻli topilguncha qishloqda daydib yurganim yaxshi, degan xayolda ortiga qaytdi.

Odamlar negadir Adashvoyga ajabsinib qaraydi. Goʻyo u odam emas, umrlarida birinchi marta koʻrib turgan ajabtovur jonzot edi. Butun bir olomonning oʻziga ajabsinib va qiziqib qarab turganidan Adashvoy gangib qoldi, beixtiyor atrofga alanglab berkingani joy qidirdi. Azaldan ikkita odam baravar qarab, biror narsa soʻrasa, oʻngʻaysizlanib, koʻzlari yoshlanib, yuz paylari qaltirab qoladigan Adashvoy yuzlab begona odamlarning qadalib, tikilib turishganidan oʻzini yoʻqotib, tizzalari mayishib ketgandek boʻldi. Koʻpchilik bir tomonga, bir narsaga baravar qarasa, ularning nigohi ham katta kuch ekan, degan oʻy oʻtdi xayolidan.

Boshida Adashvoyga qiziqib, hayratlanib qarab turgan olomon birdaniga uni tanigandek tirjaya boshladi. Ular meni qayerdan tanir ekan, yoki men haqimda kulgili gap eshitishganmikan, deb oʻyladi u.

Adashvoy uyat va xijolatpazlik hislariga koʻmib tashlagan olomon nigohidan berkinishga iloj topmadi, lekin ularning qarshisida qaqqayib turishdan ham oʻngʻaysizlanib, negadir koʻzini chirt yumib, ularga qoʻshilib ketgisi keldi. Shunday qilmasa, nazarida, oyogʻi ostidan yer gʻoyib boʻlib, tubsiz boʻshliqqa tushib ketadigandek edi. U najot istab olomon tomon beixtiyor bir necha qadam qoʻydi. Olomon esa Adashvoy timsolida paydo boʻlgan tekin tomoshadan ajralishni istamadi shekilli, baravariga ortga chekinib, koʻrsatgich barmoqlari bilan oʻsha joyda tur, degandek ishora qilib kulishdi.

Olomonning bu ishi, anchagina ovora boʻlib tutgan sichqonini birdaniga yeb qoʻymay, avval rosa oʻynab-oʻynab xumordan chiqadigan mushukning qiligʻiga oʻxshab ketardi.

 

Ayniqsa, yosh bolalarga ermak topildi. Ular Adashvoyni gʻuch oʻrab olishadi. Chuvir-chuvirlab tomosha qilishadi. Masofa saqlashadi. Goʻyo Adashvoyga yaqinroq kelishsa, qoʻrqinchli bir hodisa roʻy beradigandek.

Butun qishloq odami koʻchaga chiqib Adashvoyni koʻrgisi keladi. Oxiri Adashvoy ular bilan gaplashib olmoqchi boʻldi. Qiziq, hammasi ogʻzini katta – katta ochib gapiradi. Lekin gaplari tugagandan keyin ham ogʻizlarini yummay, katta ochib turaverishadi. Bir mahal odamlar Adashvoyni qoʻlidan ushlab qabristonga boshlab borishdi. Tikanaklar bosib ketgan, tuproqlari koʻpchib, koʻtarilib qolgan qabriston haddan ziyod katta, narigi cheti ufqlarga borib tutashgan. Odamlar qator-qator qabrlarni qoʻllari bilan koʻrsatib nimalarnidir gapiradi. Xursand boʻladi. Lekin Adashvoy xuddi qalin oynakning ortida turgan kabi ularning gapini eshitmaydi. Biroq ularning yuz ifodasidan qandaydir qiziq narsalarni gapirayotganliklarini tushungandek boʻladi.

Olomon orasidan yagʻrini keng, jagʻi yoʻgʻon, tirjayganida qop-qora milklari koʻrinib ketadigan bir kimsa ajralib chiqib, eskiroq qabrni ketmon bilan buza boshladi. Choʻkkan qabr oʻrnida kattagina oʻra qazib, shuning ichiga tush, degandek ishora qildi Adashvoyga. Adashvoy oʻraning ichiga moʻralab hilviragan kafanini yelkasigacha tushirib, qovoq solib oʻtirgan jikkakkina cholni koʻrdi. Cholning ochiq yelkasi va bilagida bir necha chayon oʻrmalab yurardi. Chol boshini koʻtarib Adashvoyni koʻrdiyu yuzidagi tund ifoda gʻoyib boʻlib, tepadagi olomon kabi tirjaydi va pastga tush, deb ishora qildi. Keyin chayonlardan birini qoʻliga olib, qoʻrqma, chaqmaydi degan maʼnoda yuziga qoʻyib yubordi. Chayon oʻrmalab lablari ustiga kelganida chol bir hamla bilan chayonning dumini ogʻziga kiritib oldi.

Olomon boʻlsa Adashvoyni ikki qoʻltigʻidan ushlab, bu sening otang, salomlashib ol u bilan, deb qabr ichiga tushishga unday boshladi. Adashvoy otam hali oʻlgani yoʻq-ku, deb baqirmoqchi boʻldi-yu, lekin olomonning baqir-chaqirida ovozini hech kim eshitmasligini sezib, indamay qoʻya qoldi…

Qabriston juda eski, xarob edi, hammayoqni sertikan yantoq, barglari kichkina, lekin tikani anchayin uzun butalar bosib ketgan boʻlsa-da, juda koʻp qabrlarga marmartoshlar oʻrnatilgan va ularga marhumlarning ism-shariflari bitilgan, ayrimlarida esa suratlari ham koʻzga chalinardi.

Qabristonga kiraverishda, chap tomonda bir necha mevali daraxt mungʻayib turibdi, shoxlarida esa yerga toʻkilmay, turgan joyida bujmayib, qorayib qolgan mevalar koʻrinadi. Daraxtlardan narida, oldi ochiq va pol oʻrniga asfalt qilingan kattagina ayvon, ayvonning oʻrtasida esa kattagina zambilga oʻxshab ketadigan tobut turibdi. Tobut ustiga tizilib oʻtirishgan yosh bolakaylar bir-biriga gap qotmay, tirjayib qaraydi. Bolalar, Adashvoyga koʻzlari tushib, tobutni xuddi ot mingandek qilib qoʻllaridagi xivchin bilan savalay boshlashdi. Oʻzi ham bolaligida mozorning ichida oʻynaganlari, oʻynab boʻlib, uyidan olib kelgan oʻroq bilan qabrlar ustini bosib ketgan begona oʻtlarni oʻrib, etakka tugib moliga tashiganlari yodiga tushdi.

 

Olomon Adashvoyni ikki qoʻltigʻidan ushlab ulkan qora marmartoshli qabr roʻparasiga olib kelib, buni koʻr, degandek boʻldi. Adashvoy marmartoshdagi yuzlari yumaloqdan kelgan odamning suratiga qaradi. Surat tanishdek koʻrindi. I-e, bu bir oʻtirishda bir togʻora manti yeydigan qoʻshnim Qamchiboy-ku, kecha uni qassobdan toʻrt kilo goʻsht olayotganida koʻrgandim, deb oʻylab olomonga qaradi. Olomon esa yoppasiga “ha, shunaqa” degan maʼnoda boshlari bilan tasdiq ishorasini qildi.

Adashvoy Qamchiboyni yomon koʻrardi. Chunki yerga toʻymagan qoʻshnisi oralaridagi devorni buzib, yangi devor tortganida uning yeridan anchagina qismini oʻzlashtirib olgan edi.

Qabrtoshdagi suratga jon kirgandek boʻldi. Avval ikki yuzi qizarib, keyin peshonasi yaltillay boshladi. Adashvoy suratning koʻziga qaradi: u tirilayotgandi, barkashdek keladigan basharaga yarashmagan bit koʻzlar olomonga javdirab qaray boshladi. Adashvoyga koʻzi tushgach esa lablari ikki tomonga tortilib tirjaydi. Keyin esa marhumning oydek nur taratib turgan yuzlari avval pushti rangga kirdi, keyin qoraydi va mum kabi erib, marmartosh ustiga uzun-uzun boʻlib oqib tusha boshladi. Adashvoy hayron boʻlib olomonga qaradi. Olomon boʻlsa bu manzaradan zavqlanib baravariga chapak chalib, qiyqirib yubordi. Bitta pakanarogʻi esa qabr ichida olov yonyapti, shuning uchun qabrtoshdagi odamning yuzi erib tomyapti, deb aytdi. Shunday deb aytdi u. Lekin gapirayotib ham ogʻzini ochmadi. Ogʻizni ochmay ham gapirish mumkin ekan-da, deb hayron boʻldi Adashvoy. Eski qabrlar choʻkib, yemirilib yer oʻchoqqa oʻxshab qolgandi. Oʻt yoqsa boʻladigan tayyor oʻchoq ekan, deb oʻyladi u. Xayolidan shu oʻy kechgan zahoti olomon ichidan bir odam bir quchoq oʻtin qoʻltiqlab Adashvoyga yaqinlashdi va oʻtinni unga uzatib, yoq, degan mazmunda avval koʻzi, keyin iyagi bilan bilan ishora qildi.

Tuyqus qabriston unga qishlogʻiga oʻxshab tuyuldi. Biri goʻrga suyanib, yana biri yerga oʻtirib gurunglashayotgan odamlarga koʻzi tushdi. Ularning bari Adashvoyga tanish edi. Qishlogʻim bu yerda ekan-ku, degan oʻy kechdi xayolidan. Olomon ichidan koʻzlari baliqning koʻzidek boʻrtgansimon bir kimsa “Toʻgʻri topding. Qishlogʻing shu. Yaxshiroq qarasang, loysuvoq uyingni topasan”, degandek boʻldi.

Adashvoy orqaga qaytib, qishloq tomon yoʻnaldi, ortidan olomon ergashdi. Bir payt qishloq bozoriga duch keldi. Kichkina bozor. Karton qogʻozlardan tiklangan doʻkonchalar. Ikkita qari kampir qurt, pista, pufak, qogʻozli qand va allaqanday mayda-chuyda yaltiroq narsalarni sotyapti. Ularga yaqin kelib ne koʻz bilan koʻrsinki, bozorchi kampirlar onasi va katta buvisi ekan. Nazarida onasi buvisidan yoshi kattaroqqa oʻxshadi. Har ikkalasining rang-roʻyi esa boyagi koʻrgan koʻhna eshikka monand edi.

Ular bu yerda nima qilib oʻtirishibdi ekan? Yoki shaharga bozorga ketyapman deb shu yerga kelisharmikan, degan oʻy kechdi xayolidan. Negadir onasi ham, buvisi ham Adashvoyni koʻrib bir soʻz demay tirjaya boshlashdi. Nega ular begona qishloqda adashib qolganimni sezmadi ekan, deb oʻyladi u. Kampirlardan biri, aniqrogʻi, onasi mushtdek toshni koʻrsatib, ma, ol, doʻmboqsuxari, deb Adashvoyga uzatdi. U boʻlsa toshni yeb boʻlmaydi-ku, deb gapirmoqchi boʻldi, lekin ovozi chiqmadi. Olomon boʻlsa Adashvoyni doʻmboqsuxari deb uzatilgan toshni yeyishga unday boshladi. U toshni yeb boʻlmaydi, deb bozordan nari ketdi.

 

Kech tushdi, menga tunash uchun joy topib beringlar, dedi u olomonga. Kun boʻyi Adashvoyni ortidan ergashib yurishdan zerikmagan olomon bu gapni eshitib xursand boʻlib ketdi. Chekkaroq xonadonga olib kirib, bitta xonani koʻrsatishdi. Mana shu joy sizga, deyishdi.

 

Qattiq charchoqdan dong qotib uxlagan Adashvoy eshik taraq-turuqidan uygʻonib ketdi. Qarasa, tong otibdi. Ostonada odamlar. Choy tayyorlab qoʻydik, yuring ichamiz, dedi ular.

Qari oʻrikning soyasiga, quruq yerga eskirib, iplari osilgan sholcha solinib, ustidan uvadasi chiqib qolgan koʻrpacha toʻshalgan. Oʻrtaga yozilgan kir dasturxon ustida bir boʻlak poʻpanak bosgan non. Olomon tirjayishib, taʼzim bilan Adashvoyni choy ichishga taklif qildi. Bir payt oyoqlari ingichka, ozgʻin, lekin keng koʻylak kiyib olgan, qoʻy koʻzlari sal namlanib yiltillab turgan qoracha ayol joʻmragi siniq choynakda choy olib keldi. Koʻz yoshlarimni choy qilib damladim, ichavering, degandek boʻldi. Ayolga razm solib qarasa, oʻzining xotini. Xotinim nima qilib yuribdi bu yerda, deb oʻyladi. Olomon kutilmaganda Adashvoyga bir hoʻmraydi-da, ayolni oʻzlari tomon chorlab, oʻrtaga olib, xuddi mashhur inson bilan suratga tushayotgandek hammasi boshini qiyshaytirib ayol tomonga yaqinlashtirishga harakat qilaboshladi. Bir mahal ayol koʻylaklari etagini mahkam gʻijimlab, qanotdek silkitib osmonga uchib ketdi. Olomon esa Adashvoyga uni koʻrsatib: Koʻrdingmi, xotining farishta, deb gapirayotgandek tuyuldi.

 

Qishloqning kun botar tomonida ulkan koʻl koʻzga tashlandi. Koʻlning usti qalin koʻkimtir baqatoʻn va shapaloqsimon suv oʻtlari bilan qoplangan, faqat ayrim joylarida qoramtirga moyil zangor suv koʻrinadi. Adashvoy, uning ortidan ulkan soyadek ergashib yurgan olomon koʻl boʻyiga keldi. Bu yerda uni yechinib, choʻmilishga unday boshlashdi. Qizigʻi shuki, olomon ovoz chiqarib gapirmas, Adashvoy boʻlsa ularning niyatlari, aytmoqchi boʻlgan fikrlarini shusiz ham tushunib olayotgandi.

Yechin, dedi ular baravariga. Oʻzingni suvga tashla. Adashvoy hamma kiyimini yechib, bitta ishtonchada qoldi. Endi suvga tushmoqchi boʻlgan edi olomon qiyqirib, kichkina ishtonchangni ham yech, koʻlda suv parisi yashaydi, deb turib olishdi. Adashvoy beixtiyor olomonning raʼyiga boʻysunib, choʻzmasi boʻshab qolgan kichkina ishtonchasini ham yechdi, yechdiyu uyalganidan tezda yerga oʻtirib oldi. Shu onda u har bir xatti-harakati olomon tomonidan boshqarilayotganini, ularning kallasida qanday fikr paydo boʻlsa, shu zahoti xuddi oʻrgatilgan itdek bajarishga kirishib ketayotganini anglab qoldi. Faqat angladi, xolos, ammo olomon tomondan boʻlayotgan bosimga qarshi turishga oʻzida zarracha kuch yoʻqligini sezdi.

Uyalganidan qunishib oʻtirgan Adashvoyga tush suvga, suv parisi seni kutib qoldi, deyishdi odamlar. Suv toʻsatdan qattiq shalopladi. Koʻl tomonga boʻynini keskin burib qaragan Adashvoy qirgʻoqda siyrak va kalta sochlarini barmoqlari bilan tarab oʻtirgan yalangʻoch ayolni koʻrdi. Suv parisi qoʻshnisi Qamchiboyning shaharlik xushtoriga oʻxshardi. Tunov kuni oʻsha shaharlik ayol Qamchiboyning uyiga kelib rosa janjal koʻtargandi. Qamchiboyning yuvosh, boshidan roʻmolini qoʻymaydigan, huda-behuda koʻchaga chiqavermaydigan, doim kulimsirab turadigan xotinini sochlaridan changallab, yuzlarini timdalab tashlagandi. Agar mahalla ayollari oraga kirishmaganida kim bilsin nimalar boʻp ketardi. Kundoshini urib xumoridan chiqolmagan shaharlik manjalaqi: hozir choyxonaga chiqib eringning qiliqlarini aytib sharmanda qilaman, deb qichqirgancha choyxona tomon ketgandi.

Suv parisi qirgʻoqdagi odamlarni koʻrmayotgandek bamaylixotir tomchilar marjondek osilib turgan nam sochlarini tarab, tomoqlari tagini silab qoʻyardi. Adashvoy ayolning boʻynidan pastiga qaragani qoʻrqdi.

 

Oʻzini irodasiz va fikrsiz maxluqdek his qilayotgan Adashvoyni olomon xohlagan kuyga solib, qoʻgʻirchoqdek oʻynatayotgan edi. Ana, olomon xayolan it boʻl, deb buyruq berdi, u boʻlsa darhol itga oʻxshab yugura ketdi. Yugurib-yugurib charchab toʻxtadi-da, tilini osiltirib hansirab nafas ola boshladi. Tilining uchiga yigʻilgan soʻlak uzun boʻlib yerga oqdi.

Buni koʻrgan qiyofasi va tirjayishlari bir xil olomon chapak chalib olqishladi. Keyin qoʻllari bilan “zoʻr” degan ishora qilib, endi eshak boʻl, deb buyruq berishdi. U eshak kabi shataloq otib yugura ketdi, yugurib ketayotib mocha eshakni koʻrgandek tumshugʻini balandroq koʻtarib, oldinga talpinib-talpinib hangray boshladi.

 

Adashvoy negadir bu qishloqdan hech qachon chiqib ketolmasam kerak, deb oʻylay boshladi. Balki adashib shahar chekkasidagi jinnixonaga kirib qolgandirman, degan oʻy kechdi xayolidan. Shahar tugab, ularning qishlogʻi boshlangan joyda jinnixona borligini eshitgandi. Odamlar Adashvoyning xayolidan kechgan oʻyni shu zahoti sezib, maʼqullab, tirjayishib uni oʻsha tamonga boshlab ketishdi.

Mana, sen izlagan joy, koʻr, mana, dedi ular ulkan maydondagi bir xilda yoʻgʻon taxtalardan qilingan katta-katta baraklarni koʻrsatib. Baraklarning bari bir xil shaklda taxta va yogʻochdan qurilgandi, anchayin baland edi. Olomon Adashvoyni deyarli majburlab ichkariga kiritib yubordi. Barakning ichi ham juda katta, kichikroq futbol maydonicha kelardi. Ichkariga qator-qator qilib ikki qavatli karavot oʻrnatilgan, bir xil kiyimda va aytarli yoshi bir-biridan farq qilmaydigan odamlar qoʻlini yonboshiga choʻzib, osmonga qaragancha belgisiz tomonga tikilib yotardi. Goʻyo hammasi bitta buyruqni baravar bajarayotgandek tirjayardi. Adashvoyga choʻzilib yotganlar tanishdek tuyuldi. Ular hozirgina uni ichkariga majburlab kiritgan olomonga oʻxshardi. Orqamdan soyadek ergashib yurgan odamlar mendan oldin kirib yotib olibdi, shekilli, deb oʻyladi u. Tezda tashqariga qaytib chiqdi. Uni tashqarida olomon xursand boʻlib, tirjayishib kutib turgan ekan.

Ular Adashvoyni bilagidan ushlab yana bir ulkan barakka kiritib yuborishdi. Bu yerda ham birinchi barakda koʻrgan manzarasi – ikki qavatli karavotda bir xil kiyim va bir xil tusdagi, qoni soʻrib olingandek rangi oqarinqiragan kimsalar qimir etmay osmonga qarab, qoʻlini ikki yonga choʻzib yotishibdi. Ularning tirikligini tirjayib-tirjayib turishlaridan bilsa boʻlardi. Goʻyo kimdir bu bechoralarning miyasiga qandaydir sim ulab, ongi, irodasini yoʻq qilib tashlaydigan toʻlqinlar yordamida tirjaytirayotgandek tuyuldi. Qanday qilib hamma odamlarda bir xil kayfiyat paydo qilish mumkin? Hatto oʻlik koʻmish uchun tobutning orqasidan qabristonga ketayotganlarning orasida latifa aytib, kulishadiganlar topiladi.

Yuzlab odamlarning bir xil alfozda yotib, bir xil koʻrinishda kulayotgani Adashvoyga yoqmadi, hatto koʻngli aynigandek boʻlib, shartta orqasiga burilib, tashqariga chiqib ketdi. Bu yerdan qochish kerak degan oʻy paydo boʻldi kallasida.

Tashqariga ildam chiqib, uzoq-uzoqlarda nima borligini koʻrmoqchidek iyagini koʻtarib chor tarafga alanglay boshladi. Hech qaysi tomonda yilt etgan nur koʻrinmadi. Faqat osmonning bir tomonida zulmat siyrakroq, oqarinqiraganroq edi. Quyosh shu tomondan chiqar ehtimol deb, oʻsha tomonga yugurib ketdi. Quyoshni moʻljal qilib qishlogʻimga boradigan yoʻlni topib olaman, deb oʻylagan edi u.

Qanoti qirqilgan oʻrdak uchishga harakat qilgandagi holatda goh oyogʻi yerga tegib, goh tegmay oldinga ildamlab borayotgan Adashvoy roʻparasida bir-birini qoʻltiqlagancha uzun devor hosil qilib, baravariga tirjayib turgan odamlarga koʻzi tushib, sekinladi. Aftidan olomon Adashvoyni hali beri qoʻyib yuboradigan emasdi.

Ular xuddi safda turgan askarlardek, bir tekisda qadam tashlab, bir-birining qoʻltigʻidan mahkam ushlab Adashvoyni oʻrab kela boshlashdi. Adashvoy qayoqqa qochishini bilmay yerga choʻkkalab oʻtirdi-da, ikkala qoʻli bilan boshini toʻsib, tizzalarini battar qisib, ustiga minglab odamlarning tashlanishini kuta boshladi.

Lekin Adashvoy kutgan hodisa sodir boʻlmadi – uning ustiga hech kim tashlanmadi. Oʻrnidan yengilgina turib, atrofga alangladi. Ajabo, olomon yoʻq, izsiz gʻoyib boʻlgan, butun borliqni esa qop-qora bulutlar qoplab olgandi. Qora bulutlar xuddi yer iskalagan itlardek yer bagʻirlab suzib borardi. Adashvoy endi oyogʻi ostidagi yerni ham koʻrolmadi, yer ham qora bulutga aylanib boʻlgan edi.

Adashvoy hatto oʻzini, oʻz vujudini ham koʻrolmadi. Uning ozgʻin tanasi ham bulut ichida bulutga aylanib, singib ketgandi. Faqat unda koʻrish va oʻylash qobiliyati saqlanib qolgan edi, xolos.

 

Rahimjon RAHMAT

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/nasr/adashvoy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x