“Sen borsanu olissan”

Chorraha

 

Oddiy oqshom edi.

Kun ham oddiy kun.

Kuz ham odatiy kuz –

Xazonlar bosgan.

Men esa yoningda borardim beun,

Nima demoqlikni bilmasdim,

Rost gap.

 

Qop-qora koʻl uzra suzgan oqqushdek

Tunning bagʻrin yorib ketar eding sen.

Bir payt chorrahaga yuzma-yuz tushdik,

Demak,

“Qoidaga amal etilsin!”

 

Yoʻlchiroq ostida turib qoldik biz –

Buncha intiq qilar, axir, yashil rang?

Avtolar quvlashib oʻtarkan tigʻiz,

Yengimdan tutdingu deding:

“Shoshilmang!”

 

Qoʻlimga oqqushning patlari tegdi,

Hatto, naq qoshimda kuyladi bu qush.

Yashil rang,

Yonmasang yonmagin endi,

Menga baxt keltirdi, axir, shu turish.

 

Qanday tushuntiray?

Hozir men uchun

Dunyoda eng goʻzal joy – shu chorraha.

Shu yerga qoʻnadi eng chiroyli tun,

Shu yerda otadi eng maʼsum sahar…

 

Biroq,

Xazonlarni koʻmib tuproqqa

Keyin oʻzi unib chiqqandek bahor,

Avtolar yoʻlini kesib oʻtmoqqa

Bizga ruxsat berib porladi zangor.

 

Qoʻllaringni tortib olding buncha tez?

Qulogʻimda tindi oqqush ovozi.

Axir, sen jonimga yaqin boʻlgan kez,

Bir umr kutishga edim-ku rozi!

Yoʻlda kechayotir hayotim hamon,

Koʻrdim qancha xazon, qancha bahorni.

Ammo, sen yonimda yoʻqsan.

Qoʻrqaman –

Kesib oʻtolmayman chorrahalarni.

 

Yopiq eshiklar

 

Uygʻonaman.

(Tong otdi baxtsiz!)

Ruhda hamon yolgʻizlik, tanglik.

Sen borsanu olissan, taftsiz –

Dekabrning quyoshi yangligʻ.

 

Oqib yotar qonimda muzdek

Yangi yilni boshlagan yanvar.

Sen borsanu xizmatkor qizdek

Bir yot uyda damlaysan qahva.

 

Kir chayasan.

Uy supurasan.

Kun koʻrasan eringni sevmay.

Va, men haqda oʻylab yurasan…

Tashqarida eriydi fevral.

 

Ikkimizning xayolimiz bir,

Bir xil urar yuragimiz ham.

Agar eshik ochsakmi hozir,

Ichkariga yoprilar koʻklam.

 

Ammo…

Biz qoʻrqamiz bahordan,

Ostonada tugab qolar yoʻl.

Oʻzimizni aldagan holda

Eshik tomon uzatmaymiz qoʻl.

 

Gulxan atrofida

 

Qur tashlab oʻtirdik.

Oʻrtada gulxan.

Kim gitara chaldi, kim aytdi qoʻshiq.

Birov koʻz uzmaydi yap-yangi kuldan,

Mening koʻnglim esa bor-yoʻgʻi boʻshliq.

 

Olov oʻynab yotar tungi barlarda,

Yarim yalangʻoch qiz raqs tushgan kabi.

U bizni rom etdi sehrgarlarday,

Hammamiz izmiga bosh egdik tobe.

 

Oʻt va suvda pinhon jodu bor

Rost gap.

(Shu paytda chanqogʻim yodimga tushar!)

Alangaga boqib ketaman muzlab,

Vujudim uvushar, koʻnglim uvushar.

 

Gitara jim.

Qoʻshiq yutildi ichga.

Davradan fayz ketdi, yuzlardan hovur.

Gulxanning tillari tortdi ingichka

Va,

Uyum kul uzra xayrlashdi qur.

 

Olov!

Olov!

Buncha beshafqat zarba!

Achchiq haqiqatga kelib qoldim duch:

Nahot, men oʻt yoqqan har bitta qalbda

Vaqt kelib faqat kul qolar

Bir hovuch?!.

 

Tasviriy sanʼat asariga sharh

 

Sheʼr tinglab oʻtirgan qizdek koʻzi yosh

Kuzning.

 

Sochlari sargʻaygan bogʻlarga oʻxshash

Qizning.

 

Kuz va bogʻ, qiz va sheʼr bunchalar gʻamgin,

E voh!

 

O, rassom, bu dardga qanday berib dosh

Chizding?!

 

Nosirjon JOʻRAYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/sen-borsanu-olissan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x