Savr saboqlari

Savr oyi – sabr oyi.

Oʻzbek xalq maqoli

Hamalning oyogʻida havoning tarzi oʻzgardi.

Ikki-uch kunlik iliqdan soʻng kutilmaganda sovuq tushib, izgʻirin boshlandi.

Koʻk qop-qora bulutlardan isirgʻa taqib, xoʻmraydi.

Ertalabdan harakatga tushib qoladigan chumolilar in-iniga kirib ketdi.

Tabiatning beozor jonivorlari boʻlmish musichalar bir-birini “ku-ku”lab chaqirgancha, tiqilishib, boʻgʻotdan joy olishdi.

Ayvonimizdagi inlariga qaytib kelgan bir juft qaldirgʻochning azondagi shoʻx-shoʻx qanot qoqishlari, “valfajr”lab chugʻurlashlari siyraklashdi.

– Yaxshiyam chigitni ekib boʻlganimiz, boqibegʻamlik qilib yurganimizda yogʻin-sochinli kunlar boshlanib ketib, vaqtdan yutqazardik, – dedi ertalabki nonushta payti toʻngʻich oʻgʻlim.

Choponga oʻralib, tomorqa aylanib yurganimda kenja oʻgʻlim izimdan chiqib:

– Dada, bunisi tagʻin nimasi, yaqindagina qoʻy-echkilarning junini qirqqandim, endi sovuq qotib qolishmasmikin, – dedi.

– Hammasining oʻz oʻrni bor, bolam, – unga tasalli berdim. – Kecha, oldingi kun zov boʻyida koʻk qarrakka (koʻk qargʻa)koʻzing tushmaganmidi?

– Toʻshi yam-yashil tovlanib turadigan, kaptarga oʻxshaydigan qushmi?

– Ha.

– Kecha bir galasi chaylamizning yonidan oʻtadigan zaxkash boʻyida uchib-qoʻnib yurgandi.

– Ana, koʻrdingmi, tabiat adashmaydi, bu oʻshaning toʻfoni, sabr qilsang, hademay savr kiradi.

– Savr deganingiz nima?

– Savr hijriy-shamsiy taqvim boʻyicha aprelning yigirma ikkinchisidan boshlanadigan bahorning ikkinchi oyi, uni buzoq deb ham atashadi. Savrning yogʻingarchiligi boshlangani Xudoning bergani, yoz boʻyi qoʻy-qoʻzilaring oʻtdan zoriqmaydi.

Oʻgʻlimning savollariga javob qaytarar ekanman, koʻz oʻngimda rahmatli otamning nuroniy qiyofasi gavdalandi:

– Savrning ob-havosi koʻp oʻzgaruvchan boʻladi, egningni qalin qilib ol, – derdilar u kishi yilning shu kunlarida biron yerga safarga otlanmoqchi boʻlsak. – Unda yogʻingarchilik koʻp boʻlganidan qoʻrqmaslik ham, nolimaslik ham kerak, bir-ikki kunning loygarchiligi oʻtadi-ketadi, ammo bu oy qurgʻoqchil kelgani Xudoning urgani, qaysidir yili bahor bir tomchi ham yomgʻir yogʻmaganida xoʻjalikning, odamlarning suruv-suruv qoʻylari qirilib ketganining guvohi boʻlganman…

…Bilgichlarning aytishicha, bahorning ikkinchi oyida “shishai savr” atalmish ayozlar ham boʻlarkan. Dehqonu chorvador bu sinovlardan keksalarning maslahatlariga, tajribasiga tayanib, oʻtib olarkan…

2.

Azon payti hovlimizning yonginasidan oʻtadigan beton ariqdan xabar olgani chiqqanimda, meni koʻrib, Xonqul rais mashinasini toʻxtatdi:

– Hormang, domla, tomorqaning tashvishimi?

– Bugun ariqqa suv keladi, deb eshitgandim, shunga chiqib qarayapman.

– Keladi, bugun kelmasa, ertaga keladi, biron xonadonning tomorqasi suvsiz qolishiga yoʻl qoʻymaymiz, lekin odamlarga ham hayronman-da, domla, – dedi u jigʻibiyroni chiqib. – Bugun kechasi bilan toʻrt-besh kishi yotmay, suv yoqaladik. Bir xillari suvning oldiga toʻsiq bosishgan, boshqalari undan norozi. Navbat bilan olishsa, hech kimni quruq qoldirmaymiz-ku.

– Zarari yoʻq, rais bobo, – unga koʻngillik berdim. – Tirikchilik, hamma tomorqasini tezroq ob-hayotga qondirishni koʻzlaydi, uch-toʻrt kun ariqni toʻldirib oqizing, keyin natijasini koʻrasiz, meni aytdi deyavering, oʻzlari bezor boʻlib, suv oʻtadigan quloqlarni berkitishadi.

– Mayli, janjal qilishmasa boʻlgani. Lekin shu yil qishlogʻimizda har bozor kuni toʻrt yuz, besh yuz quti pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon koʻchati sotilayotganidan boshim osmonda, hamma oʻz dasturxonini obod qilsa, toʻkinchilik boʻladi.

– Ekishgani yaxshi, rais, ekishaversin, ham daromad, ham dasturxon obod, yot ellarda bir soʻm topaman deb izgʻigandan koʻra, yoshlarimiz yerga mehr qoʻyib borishayotganiga shukr qilish kerak. Bozorimizda, mana, yigirma-oʻttiz yildirki, mirishkorlik bir momo koʻkatlar bilan savdo qiladi, shu onaxondan bir gal qiziqib soʻraganimda, har yili tomorqasida ekib, yetishtiradigan piyoz, shivit, shovul, ismaloqdan besh-olti million soʻm sof foyda olarkan.

– Yerimiz bebaho, domla, ayniqsa, bu yilgidek sharoitda unga qurigan choʻpni suqsangiz ham koʻkaradi.

– Keksalarimiz “Shirin boʻlar ekib yesang, manglay tering toʻkib yesang”, deb bejiz naql qilishmagan, – suhbatimizga aralashdi Odil rais. – Bir tomondan Yaratganning oʻzi qoʻllayapti, kunosha yogʻingarchilik, ikkinchi tomondan, mana, ariqni ham oqizib qoʻydi, yogʻin suv bilan oqar suvning oʻz oʻrni bor, ekinning quloqdan ichgani boshqa, simirib ichgani boshqa. Simirib ichsa, yer toʻyadi, yer toʻysa, el toʻyadi.

– Ob-havodan gapiring, ob-havodan, otangizdan qoʻl olgan boʻlsangiz, sizda hisob-kitob boʻlishi kerak, – dedi kayfiyati koʻtarilib Xonqul rais. – Uch-toʻrt kundan beri aylanishib qolgan bulutlar natijasiz ketaveradimi?

– Nasib boʻlsa, tabiat ham zoriqtirib qoʻymas, mana, savr boshlandi, – javob berdi Odil. – Erta-indin yomgʻir sharros quyadi.

– Aytganingiz kelsin.

– Xayr boʻlmasa, domla, tomorqangizga baraka bersin, biz ketdik, – Xonqul rais xayrlashish uchun qoʻl choʻzdi. – Endi bir-ikki kun aytganingizdek, ariq yoqalab turamiz, keyin hammasi iziga tushib ketar…

3.

Darhaqiqat, “Lolaqizgʻaldoqning oftobi”. U savrning soʻnggi oʻn kuniga toʻgʻri keladi. Shu kunlarda bogʻbonu sohibkorning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Bozor rastalarida yangi kartoshka, sabzi paydo boʻladi, tok gullaydi, oyning oxirlarida savriy gilos pishadi.

Ikkinchi yoki uchinchi sinfda oʻqirdim.

Saboqlarni tugatib, uyga qaytsam, otam Roʻzi joʻrasi bilan bogʻimizda kuymalanib yurishgan ekan. Apil-tapil nonushta qilib, ularning yoniga shoshildim.

– Nega ekinlarning, dov-daraxtlarning avji past, – soʻradi joʻrasidan otam.

– Senga shunday tuyulyapti, tabiat savr oyini boshdan kechiryapti, aslida ekinlar, dov-daraxtlar bir daqiqa boʻlsin rivojlanishdan toʻxtamaydi. Mana, tok gullabdi, endi uning novdalariga qaychi tekkizib boʻlmaydi. Lekin anjir, anorlar boshqa gap.

– Zap vaqtida kelding, oʻgʻlim, – dedi menga koʻzi tushgan otam. – Roʻzi domla anjir-anorlarning soch-soqolini qirtishlab qoʻymoqchi edi, bir tomosha koʻradigan boʻlding.

Hayron qoldim, “daraxtning ham soch-soqoli boʻlarkanmi?”, Roʻzi domlaning biron harakatini koʻzdan qochirmaslikka urindim. U kishi navbati bilan anjir-anorlarning ostini kavlab, kundasini ochar, yon tomirlarini qaychi bilan tozalab kesib, kundani qayta koʻmardi.

– Bu yoqqa kel-chi, – dedi u kishi bir anjirning tagini kavlayotib, kundasini chiqargach, gʻuj boʻlib yotgan yon tomirlariga ishora qilib. – Otang aytgan anjirning soch-soqoli – shu. Ularni ilmda “soch tomirlar” deb atashadi, har bahorda ekin shulardan tozalanib turilsa, tomiri chuqur ketib, yerosti chashmasiga yetadi, keyin ularning hosil berishini koʻrasan.

Roʻzi bobo qoʻlidagi qaychini chaqqon ishlatib, kundani “soch tomirlar”idan xalos etgach, mayin tuproqqa nuri aralashtirib koʻmdi…

4.

Saharxez qushlarning chugʻur-chugʻuridan uygʻongan nabiram yonimga keldi.

“Kisht-kisht”lab tutga yopishgan chumchuqlarni haydadim. Baravariga pirillab qanot qoqqan qushlar falakni bulutdek qoplaganicha uchib ketdi.

– Voy, ularning koʻpligini qarang, nega haydadingiz, bobo, – hayratini yashirolmay savol berdi Askarshoh.

– Tutning hali pishmagan mevalarini talab ketmasin, dedim-da.

– Chumchuq zararli qush boʻlsa, nega ularning polaponlarini ushlab olsak urishasiz?

– Tabiat butun borliqni bekamu koʻst qilib yaratgan, bolam, hamma narsaning oʻz rizq-nasibasi bor. Shu tutning ham mevasi bizdan koʻra koʻproq shularga nasib etadi, lekin gʻoʻraligida talab ketishgani yomon. Esingda tut, hozir bironta jonivorga ham ozor bermaslik kerak. Ayniqsa, qushlarga, ular oʻzlariga oʻngʻay joyda in qurib, tuxum qoʻyishgan. Hademay, joʻja ochishadi.

– Ayvondagi qaldirgʻochlarimizdekmi?

– Ha, hatto, shu oydan boshlab suv havzalari, daryolardagi baliqlarni ham ovlash gunoh sanaladi. Tabiatning muvozanatini buzmaslik kerak.

Askarshoh mulohazalarimning ayrimini tushungan boʻlsa, baʼzilarini ilk bor eshitib turishi edi, hali kun boʻyi uning ancha-muncha savollariga javob berishimga toʻgʻri keladi…

 

Abdunabi ABDIYEV

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/savr-saboqlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x