Sarvqomat dilbarim

Chingiz AYTMATOV

 

MUQADDIMA OʻRNIDA

 

Kasbim jurnalist boʻlganligi sababli Tyan-Shanda tez-tez boʻlib turishga toʻgʻri kelardi. Bundan bir yarim yil muqaddam, bahor kunlaridan birida meni shoshilinch suratda redaksiyaga chaqirib qolishdi. Bu vaqt men Tyan-Shan oblastining markazi Norinda edim. Avtostansiyaga yetib kelsam, bundan bir necha minut ilgari avtobus joʻnab ketgan ekan. Navbatdagi mashinani yana besh soatlar chamasi kutish kerak edi. Xullas, birorta yoʻlovchi mashinada ketishga urinib koʻrishdan boshqa iloj qolmagan edi. Shu maqsadda shahar chekkasidagi tosh yoʻlga qarab yugurdim.

Muyulishdagi benzin kolonkasi oldida bir yuk mashinasi turardi. Shofyor mashinaga endigina benzin quyib boʻlgan ekan. Sevinib ketdim. Kabina oynasiga xalqaro qatnov belgisi “511” – “Sovet Ittifoqi”, deb yozib qoʻyilgan edi. Demak, mashina Xitoydan Ribachedagi chet ellar bilan aloqa qiladigan transport avtobazasiga kelayotgan ekan. U yerdan istagan vaqtda Frunzega ketish mumkin edi.

– Siz hozir joʻnaysizmi? Meni ham Ribachegacha olib ketsangiz! – deb iltimos qildim shofyordan.

U oʻgirilib, yelkasi osha menga qarab qoʻydi-da, qaddini rostlab, xotirjamgina:

– Yoʻq, ogʻa, ilojim yoʻq, – dedi.

– Oʻtinib soʻrayman, meni zarur ish bilan Frunzega chaqirtirishibdi.

Shofyor menga yana xoʻmrayib qaradi.

– Tushunyapman, ammo xafa boʻlmang, ogʻa. Hech kimni olmayman.

Men hayron boʻlib qoldim. Kabinasi-ku boʻsh, bir kishini olib ketsa nima qilarkin. Shoshilib turganimni, nafasim boʻgʻzimga tiqilib ketayotganini koʻrib turgan boʻlsa.

– Men jurnalistman. Juda shoshilyapman. Istaganingizcha haqini toʻlashim mumkin…

– Gap pulda emas, ogʻa! – deb soʻzimni shartta boʻldi shofyor. Soʻngra jahl bilan ballonni tepib koʻrdi. – Boshqa safar bepul ham olib ketaman. Ammo hozir sira ilojim yoʻq. Mendan ranjimang. Hademay boshqa mashinalarimiz ham kelib qoladi, xohlaganingizga tushib ketishingiz mumkin, lekin men olib keta olmayman…

Yoʻlda kabinaga birovni olsa kerak, deb oʻyladim va:

– Kuzovda-chi? – deb soʻradim.

– Baribir… Kechirasiz meni, ogʻajon.

Shofyor soatiga bir qaradi-yu, joʻnashga shoshildi.

Juda boshim qotib, yelkamni qisib qoʻydim-da, boyadan beri budka darchasidan bizni jimgina kuzatib turgan benzinchi keksa rus ayoliga hayron boʻlib qaradim. U goʻyo: “Tegmang, uni oʻz holiga qoʻying”, – deyayotgandek bosh chayqardi. Qiziq.

Shofyor kabinaga oʻtirdi va ogʻziga tutatilmagan papirosni qistirib, motorni yurgizib yubordi.

U hali yosh, oʻttizlar chamasidagi, bir oz bukchaygan, ammo baland boʻyli yigit edi. Uning rul chambaragini ushlab olgan salmokdor chayir qoʻllari, gʻamgin, oʻychan koʻzlari va charchab-horiganidan salqib ketgan qovokkari xotiramda saqlanib qoldi. Yoʻlga tushishdan oldin u yuzini kafti bilan siladi va chuqur xoʻrsinib qoʻydi, togʻ oralab ketadigan yoʻlga tashvishlanib nazar tashladi. Mashina yeldek uchib ketdi.

Tyan-Shan shofyorlari koʻrinishdan badjahl boʻlsalar ham, joy boʻlsa yoʻlovchilarning iltimosini hech qachon rad etmas edilar. Bu gal esa qandaydir tushunib boʻlmaydigan qaysar bir shofyorga uchrab qoldim.

Benzinchi ayol budkadan chiqdi. Aftidan, u meni yupatmoqchi boʻldi shekilli:

– Xafa boʻlmang, hozir siz ham ketasiz, – dedi.

– Shoshib turmaganimda mayli edi-ya!.. – deb toʻngʻilladim alamimga chiday olmay.

– Modomiki shunday ekan…

– Nima edi?

– Yoʻq, shunchaki aytdim-da! – deb ayol kimgadir achingandek qoʻl siltadi va shlangni kolonka oldiga yigʻishtirib qoʻyar ekan, xoʻrsinib qoʻydi: – Bu voqeaning tarixi uzoq…

Men jim turardim.

– Yigit bechoraning boshiga tashvish tushgan. Bir vaqtlar u biz bilan shu yerda, dovondagi bazada ishlardi.

Benzinchi ayolning gapini oxirigacha tinglash menga nasib boʻlmadi. Yoʻlovchi “Pobeda” kelib qoldi, biz yoʻlga tushdik.

Yuk mashinasiga hadeganda yetib ololmadik, faqat Doʻlan dovoni etaklaridagina yetib oldik. U hatto koʻpni koʻrgan Tyan-Shan shofyorlariga ham ruxsat etilmaydigan gʻoyat tezlik bilan uchib borardi. Mashina burilishlarda ham tezligini kamaytirmay, qoyalar ostidan gʻuvillab oʻtib borar, shiddat bilan balandliklarga uchib chiqar va birdan xuddi agʻdarilib ketgandek pastga tomon shoʻngʻir, yana bir zumda ustiga yopilgan brezentning chekkalari shalop-shaloplab bortga urilib, hirpiragancha oldinda paydo boʻlar edi.

Baribir “Pobeda” “Pobeda”ligini qildi. Biz yuk mashinasini quvib oʻta boshladik. Men oʻgirilib qaradim: bu odam muncha umidsizlikka tushgan, qayoqqa bunchalik yelib ketyapti? Shu payt yomgʻir aralash doʻl sharros quyib berdi. Bizda, dovonda bunday yogʻingarchilik tez-tez boʻlib turardi. Qiyalab, chaparastasiga urayotgan doʻl aralash yomgʻir tomchilari orasidan ranglari oppoq oqarib ketgan, papiros tishlab olgan jiddiy tusdagi qiyofa kabina oynasi orqasidan lip etib koʻrinib oʻtdi. Uning qoʻllari rul chambaragida tez-tez harakat qilardi. Kabinada ham, kuzovda ham hech kim yoʻq edi.

Mana shu tasodifiy uchrashuvdan soʻng oradan koʻp oʻtmay meni Qirgʻizistonning janubiga, oʻsh oblastiga komandirovkaga yuborishdi. Odatdagicha biz jurnalistlarning vaqtimiz hamma vaqt ziq boʻladi. Oqshom poyezd joʻnashi oldidan vokzalga chopgancha yetib keldim va vagonga sakrab chiqib, oʻz kupemga kirdim, hadeganda derazadan tashqariga qarab oʻtirgan passajirga eʼtibor ham bermabman. Nazarimda, bu kupega ikkalamizdan boshqa hech kim chiqmaydiganga oʻxshardi. Hamrohim menga qayrilib qaramadi ham. U boshini oynaga qadagancha yo shunchaki tashqariga tikilib oʻtirardi, yoki boʻlmasa allanimalar haqida oʻylardi.

Poyezd tezligini oshira bordi. Radiodan muzika ovozi yangradi: tanish kuy ijro etilayotgan edi. Bu qirgʻiz klassik kuyi menga doim gʻira-shira oqshom payti dashtda ketib borayotgan yolgʻiz otliqning ashulasini eslatardi. Yoʻl uzoq, bepoyon dasht. Egarda oʻtirib xayol surib, bironta ashulani asta xirgoyi qilinsa ham boʻladi. Xirgoyi qilganda ham qalbdan chiqarib kuylasang. Axir ot tuyoqlarining tapir-tupur sadolari ostida yolgʻiz oʻzi xirgoyi qilib borayotgan yoʻlovchining qalbida turli xil oʻy-xayollar ozmuncha boʻladi deysizmi?.. Ariqdagi suv mayda yaltiroq toshlar ustidan shildirab oqayotgandek, qoʻbiz torlaridan orombaxsh mayin kuy asta-sekin taralardi. Qoʻbiz adirlar orqasiga yonboshlayotgan quyosh haqida, har yoqqa salqinlik taratayotgan mayin shabada haqida, yoʻl yoqalab ketgan koʻm-koʻk yovshan va sap-sariq chalovlarning sekin-sekin tebratib, gul changlarini toʻkayotgani haqida kuylardi. Dasht ham chavandozning ashulasini tinglaydi va u bilan birga oʻynab, birga kuylaydi…

Ehtimol, hozir biz poyezdda yelib borayotgan bu yerdan oʻsha chavandoz ham qachonlardir yurgandir… balki oʻshanda, xuddi hozirgidek, dasht ufqida shafaq sekin-asta och-sariq tusga kirib, soʻna borgan, togʻ bagʻridagi qor esa xuddi hozirgidek quyoshning soʻnggi shuʼlalarini emib, pushti rangga kirgan-u yana darhol xiralashib soʻnib qolgandir.

Deraza ortidan bogʻ-rogʻlar, tokzorlar, qulf urib yotgan koʻm-koʻk makkajoʻxori dalalari oʻtib borardi. Yangi oʻrilgan barra yoʻngʻichqa ortilgan qoʻsh otli arava temir yoʻl chorrahasi tomon yoʻrtib borardi. U shlagbaum oldida toʻxtadi. Quyoshda qoraygan, rangi unniqib ketgan yirtiq mayka kiyib, ishtonini tizzasigacha shimarib olgan aravakash bola oʻrnidan turdi-da, poyezd tomon havas bilan boqib, iljayganicha kimgadir qoʻl siltadi.

Radiodan taralayotgan kuy poyezdning taraqa-turugʻuga joʻr boʻlib, kishini hayratga solarli darajada bir-biri bilan uygʻunlashib ketardi. Otning dukur-dukuri relslarning tutashgan joyiga urilayotgan gʻildirak tovushi bilan almashingandek edi. Qoʻshnim boʻlsa qoʻlini stolchaga tirab, koʻzlarini hamon tashqaridan uzmay oʻtirardi. Nazarimda, u ham oʻzicha oʻsha tanho otliqning ashulasini unsiz kuylayotgandek edi. U xafami yoki biron narsani oʻylayaptimi, harqalay, uning qiyofasidan boshida qandaydir chuqur qaygʻu, yuragida oʻchmas alam borligi sezilib turardi. U oʻzini shu qadar unutgan ediki, kupeda mening oʻtirganimni ham payqamasdi. Men uning yuzini koʻrishga intildim. Qayerda uchratgan edim bu odamni? Hatto bugʻdoyrang qoʻllari, uzun va baquvvat barmoqlari ham tanish koʻrinadi.

Nihoyat uni tanidim: bu meni mashinasiga olmagan oʻsha shofyorning xuddi oʻzginasi edi. “Biron yoqqa oʻz ishi bilan ketayotgan boʻlsa kerak”, – deb oʻyladim va shu bilan xotirjam boʻldim. Chamadondan kitob oldim. Oʻzimni unga tanitishimning hojati bormidi? Ehtimol, u allaqachonlar unutib yuborgandir. Shofyorlarga yoʻlda ozmuncha yoʻlovchi duch keladi deysizmi?

Shunday qilib, biz yana ancha vaqtgacha oʻzimiz bilan oʻzimiz ovora boʻlib, jim ketdik. Kech kirib, qosh qoraya boshladi. Hamrohim chekmoqchi boʻlib yonidan papiros chiqardi va gugurt chaqish oldidan chuqur xoʻrsinib qoʻydi. Soʻngra boshini koʻtardi-yu, hayratlanib menga qaradi va shu zahotiyoq qizarib ketdi. Tanidi.

– Salom, ogʻa! – dedi u aybdor kishidek kulimsirab. Men ham unga qoʻl choʻzdim.

– Uzoqqa ketyapsizmi? – deb soʻradim.

– Ha… Uzoqqa! – dedi u papiros tutunini taratarkan va bir ozdan keyin qoʻshib qoʻydi: – Pomirga.

– Pomirga! Demak, hamroh boʻlar ekanmiz-da. Men Oʻshga ketyapman.

– Men ham xuddi oʻsha tomonga.

– Juda soz boʻldi, zerikmas ekanmiz.

– Ehtimol, – deya ishonchsizlik bilan toʻngʻilladi u.

– Dam olganimi? Yoki oʻsha yoqqa ishga joylashmoqchimisiz?

– Ha, shunga oʻxshashroq… Chekasizmi? – deb papiros uzatdi u.

Biz papirosni tutatib, bir oz jimib qoldik. Dastlab boshqa hech qanday gapimiz qolmagandek tuyuldi. Hamrohim yana xayolga choʻmdi. U boshini quyi solib, poyezd harakatiga mos tebranib borardi. U, nazarimda, birinchi uchrashganimizdagiga qaraganda juda oʻzgarib ketgandek koʻrindi. Ancha oʻzini oldirib qoʻygan, peshonasidagi uch qator ajin yanada ichkariroq botib kirgan, chimirilgan qoshlari esa yuziga gʻamgin soya solib turgandek edi. U toʻsatdan boshini koʻtardi-da, qiyiq qoʻykoʻzlarini menga tikib:

– Siz oʻshanda mendan qattiq xafa boʻlgandirsiz-a, ogʻa? – deb soʻradi maʼyus jilmayib.

– Qachon? Negadir eslolmayapman, – men uning noqulay ahvolga tushib qolishini istamas edim. Rostini aytganda, oʻtgan ish xafa boʻlishga arzimasdi ham. Lekin u menga shunday bir samimiyat bilan tikilib turardiki, mening tezda iqror boʻlishdan boshqa ilojim qolmagan edi. – E, ha… unga ancha boʻldi-ku… Arzimagan gap edi, esimdan ham chiqib ketipti. Buning nimasi bor ekan. Yoʻlda har xil hodisa sodir boʻlishi mumkin. Siz oʻsha uchrashganimizni hali eslab yuribsizmi?

– Boshqa vaqtda boʻlganda, ehtimol, unutib yuborgan ham boʻlardim. Lekin oʻsha kunni unutolmayman…

– Nima boʻlgan edi? Biror falokat yuz berganmi-di? – deb soʻradim men undan beixtiyor, uning oʻsha kungi mashinani qanday boshqarayotganini eslab.

– Yoʻq, nima desam boʻlarkin? Falokat yuz bermagan edi! – dedi u bir oz durustroq soʻz tanlab, soʻng kulib yubordi, toʻgʻrirogʻi, oʻzini kulishga majbur qildi. – Hozir boʻlsa, istagan tomoningizga mashinada sayr qildirib kelar edim-u, ammo koʻrib turibsiz, oʻzim ham yoʻlovchiman…

– Hechqisi yoʻq, ot bir bosgan izidan ming marta yuradi, deydilar-ku, ehtimol, vaqt-soati kelib, yana yoʻlda uchrashib qolarmiz…

– Agar nasib qilib uchrashib qolsak, albatta oʻzim zoʻrlab kabinaga chiqarib olaman, – dedi u boshini silkib.

– Demak, kelishdikmi? – deb hazillashdim men.

– Soʻz beraman, ogʻa! – dedi u xursand boʻlib.

– Shunday qilib, nega oʻshanda meni olib ketmagan edingiz?

– Nega deysizmi? – dedi-yu, shu ondayoq maʼyus boʻlib qoldi.

U tarvuzi qoʻltigʻidan tushgandek jim qolib, papiros tutunini jon-jahdi bilan torta boshladi. Men oʻrinsiz savol berganimni payqab qolib, gapni boshqa yoqqa burishga intildim. Biroq vaqt oʻtgandi. U papirosini oʻchirdi-da:

– Ilojim yoʻq edi… Oʻgʻlimni oʻynatib olib yurgan edim… – dedi zoʻr-bazoʻr gʻoʻldirab.

– Oʻgʻlimni? – Hayron boʻldim men. – Kattaginami u?

– Yoʻq! – deya jilmaydi u, endi uning koʻzlari menga tabassum bilan boqardi. – Hali yosh, endi beshga qadam qoʻydi…

– Nima, u sizni biron joyda kutib turganmidi?

– Ha, dovonda.

– Xoʻsh, keyin nima boʻldi? – men hali ham hech narsa tushuna olmayotgan edim. Qiziq, nega oʻgʻli u yerda boʻladi, umuman, bolaning bu gapga nima aloqasi bor?

– Bilasizmi… Gap bunday… Sizga qanday tushuntirsam ekan… – deb u peshanasiga sizib chiqayotgan ter qatralarini artdi, hayajonini bosish uchun chekdi, soʻng menga jiddiy tikildi.

Ana shunday qilib, men shofyorning oʻz taqdiri haqidagi hikoyasini eshitishga muyassar boʻldim. Lekin u hech kimga, ayniqsa, menga – jurnalistga oʻz hayoti toʻgʻrisida batafsil gapirib bermasligiga qattiq ishonardim. Keyinroq bilishimcha, bu odam duch kelgan yoʻlovchiga yuragidagi sir-asrorini toʻkib soladigan odamlardan emas ekan. Ammo shofyorning boshidan kechirgan sarguzashtlari shunday ediki, uning xohishi-istagidan qatʼiy nazar, voqeani birma-bir aytib berishga majbur edi. Aks holda men hatto Tyan-Shan yoʻlida oramizda boʻlib oʻtgan arzimas hodisani ham tushunib yetmagan boʻlardim.

Manzilga yetguncha hali vaqtimiz koʻp edi. Poyezd Oʻshgacha deyarli ikki kecha-kunduz yuradi. Men uni shoshirmasdim va turli savollar berib gapini ham boʻlavermasdim. Kishi oʻz kechirganlarini qayta boshidan kechirayotgandek his etib, goh soʻzi ogʻzida qolib toʻxtab, goh oʻylanib, entikib hikoya qilib bersa – juda maroqli boʻladi. Ammo uni hikoyasiga qoʻshilib ketmaslik uchun men oʻzimni zoʻr-bazoʻr tutib turardim. Chunki men kutilmaganda shuni bilib qoldimki, sharoitga koʻrami yoki oʻzimning har narsaga aralashib ketaveradigan jurnalistlik kasbimga koʻrami, harholda, shaxsan bu yigit haqida boʻlmasa ham taqdir unga uchratgan, ammo shofyorga uncha tanish boʻlmagan kishilar toʻgʻrisida uncha-muncha narsa bilardim. Shuning uchun ham men uning hikoyasini davom ettirishim, baʼzi tafsilotlar bilan toʻldirishim, unga nomaʼlum boʻlgan koʻp narsalarni soʻzlab berishim mumkin edi. (Darvoqe, qissaning ikkinchi hikoyasida xuddi mana shu tafsilotlar bayon etiladi). Ammo men buni shofyorning hikoyasini oxirigacha tinglab boʻlganimdan keyin aytib berishga qaror qildim. Soʻngra esa u fikrimdan ham qaytib, unga hech narsa gapirmadim. Shunday qilganim yaxshi boʻldi, deb oʻylayman. Nega? Chunki bu tafsilotni keyinroq, qissaning eng oxirida soʻzlab berishni lozim koʻrdim.

Modomiki asosiy mavzudan chetlashib ketgan ekanman, shunga koʻra bu oʻrinda bir lirik chekinish qila qolay.

Ehtimol, oʻquvchilar “Ikki hikoyadan iborat qissa” degan gʻalati sarlavhachaga eʼtibor qilishgandir. Ha, darvoqe, shunday. Bu shunchaki avtorning xohishi bilan boʻlgan narsa emas. Maʼdumki, odatda, agar zarurat tugʻilsa, adabiy asarlarni boʻlim, bob va qismlarga ajratiladi. Hikoya esa oʻz-oʻzidan maʼlumki, alohida mustaqil adabiy asardir. Biroq bu yerda gap forma haqida ketayotgani yoʻq.

“Bu voqeaning tarixi uzoq!” – degan edi benzin kolonkasidagi ayol. Haqiqatan ham men soʻzlab bermoqchi boʻlgan voqea juda uzoq va ehtimol, odatdagi hikoyalarga mutlaqo oʻxshamas. Men bu haqda allaqachon avtor tilidan kichkinagina qissa ham yozgandim. Yaʼni, tashqaridan kuzatib turib, voqea-hodisalar va kishilar xarakterlarini chizib bergandim. Shunday qilib, tasvirlanayotgan hayot qaynovida avtor sifatida oʻzim ham qatnashgandim. Qissani oʻqib chiqish uchun oʻrtoqlarimga berarkanman, birdaniga ustimga doʻlday taʼna va tanbehlar yogʻila boshladi. Aytilgan fikrlar hech bir-biriga toʻgʻri kelmasdi: baʼzilar meni haq, avtor oʻz qahramonlariga nisbatan shunday pozitsiyada boʻlishi kerak, deyishsa, baʼzilar meni koyishib, gʻazablanib, avtor nohaq, asarni bunday emas, boshqacharoq yozish kerak edi, dedilar. Ayniqsa, qissaning xotima qismi koʻpchilikning achchigʻini keltirgandi. Xullas, ular har toʻgʻrida bahslashishardi. Axloq haqida, qahramonlarning hatti-harakatlari haqida tortishishib, yo ularni qoralashar, yo maʼqullashardi. Ammo kishilarning hayotga nisbatan bu shaxsiy qarashlari bilan bogʻliq boʻlgan barcha eʼtirozlari menga, avtorga qaratilgan boʻlib, goʻyo bularning hammasi mening xohishim bilan roʻy bergandek edi.

Oʻrtoqlarimdan qaysi birining fikri qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini muhokama qilib oʻtirishni oʻz zimmamga olmayman, tahlil qilish niyatim ham yoʻq. Biroq uzoq fikr yuritishlardan soʻng shunday xulosaga keldim, yaʼni qissani hayotda qay tarzda eshitgan boʻlsam, xuddi shu tarzda yozishim kerak. Men bu qissani ikki kishidan eshitganman, shuning uchun ham qissa ikki hikoyadan tashkil topgan. U ikki kishining boshidan kechirganlaridir. Men nimani eshitgan boʻlsam, shunigina yozyapman. Yaxshisi, qahramonlarning oʻzlari hikoya qilib bera qolishsin.

 

ShOFYOR HIKOYASI

 

…Bularning hammasi hech kutilmaganda yuz berdi. Oʻsha kezlarda men motorlashtirilgan qismda harbiy xizmatni oʻtab boʻlib, armiyadan endigina qaytib kelgan edim. Harbiy xizmatga borgunimcha oʻn yillikni tamomlab, shofyorlik qilardim. Oʻzim bolalar uyida tarbiyalanganman. Doʻstim Alibek Jonturin mendan bir yil oldin harbiy xizmatdan boʻshab kelib, Ribachedagi avtobazada ishlayotgan edi. Xizmatni oʻtab boʻlgach, men ham toʻppa-toʻgʻri oʻsha avtobazaga keldim. Biz Alibek ikkimiz Tyan-Shanda yoki Pomirda ishlashni doim orzu qilib yurardik. Avtobazada meni yaxshi kutib olishdi. Yotoqxonaga joylashtirishdi. Hatto biror yeri ham lat yemagan yap-yangi “ZIL” mashinasini berishdi. Toʻgʻrisini aytsam, mashinamni odamni sevgandek sevardim. Motori juda kuchli, ajoyib mashina edi. Shunday boʻlsa ham biz unchalik ortiqcha yuk bilan yurmasdik. Tyan-Shan yoʻlini oʻzingiz yaxshi bilasiz – bu avtotrassa dunyodagi eng baland togʻli yoʻllardan biri, qanchadan-qancha daralar, dovonlar bor. Togʻda suv istagancha topiladi, shunga qaramay, hammavaqt ehtiyotdan suv olib yurishga toʻgʻri kelardi.

Ehtimol, kuzovning oldi burchagidagi ustunchaga osib qoʻyilgan suvli kameraga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Yuk yoz boʻlsa ham, olis va oʻnqir-choʻnqir yoʻllarda motor tez qizib, radiator erib ketishi hech gap emas. Shuning uchun doim suv olib yurish kerak. Dastlab men ham qanday boʻlmasin, mashinaga koʻproq yuk ortish choralarini koʻzlab uzoq vaqt bosh qotirdim. Biroq hech nima chiqmadi. Harqalay, togʻ togʻligini qiladi.

Shunday boʻlsa ham oʻz ishimdan koʻnglim toʻq edi. Bu yerning oʻzi ham, tabiati ham menga yoqardi. Avtobazamiz shundaygina Issiqkoʻlning qirgʻogʻida joylashgan edi. Bu yerga chet ellik turistlar ham kelib turishardi. Ular koʻl sohilida sehrlangandek bir necha soatlab tomosha qilib turib qolishardi, ana shunday paytlarda men oʻzimcha: “Qarang, Issiqkoʻlimiz qanday ajoyib! Bunchalik goʻzal, bunchalik koʻrkam manzarani topa olish mumkinmi?..” – deb faxrlanardim.

Dastlabki kunlarda negadir bir oz siqilib yurdim. Bahor, ishlar qaynagan payt, sentabr Plenumidan keyin dastlabki kunlardanoq kolxozchilar qurilish ishlarini avj oldirib yuborishgan edi. Ular butun vujudi bilan ishga shoʻngʻib ketishdi-yu, ammo texnika yetishmasdi. Shuning uchun ham avtobazadagi mashinalarning bir qismini kolxozlarga yordamga yuborishardi. Ayniqsa, ishga yangi kirganlarni, shu jumladan, meni ham nuqul oʻsha yoqqa yuborishardi. Trassaga oʻtib, endi yoʻlga koʻnikdim deganda, yana u yerdan olib ovullarga haydashardi. Ishning qanchalik muhim va zarur ekanligini tushunardim. Ammo men harholda shofyorman, mashinaga jonim achirdi-da. Mashina emas, balki men oʻzim oʻnqir-choʻnqirlardan sakrab otilib, qishloq boʻylab loy kechib borayotgandek boʻlardim. Yoʻllar shunaqangi rasvoki, bunaqasini hatto tushingizda ham koʻrmagansiz.

Kunlardan birida yangi molxona uchun kolxozga shifer olib borayotgandim. Bu ovul togʻ etagida joylashgan boʻlib, unga boradigan yoʻl ham xuddi ana shu togʻ yonbagʻridagi dasht boʻylab oʻtardi. Mashina bemalol borayotgan edi, yoʻl ham selgib qolgan ekan. Biroq ovulga yetay deb qolganimda, mashinam birdan qandaydir ariqqa tiqilib qoldi. Bu yoʻl bahordan beri yurilaverib shunchalik agʻdar-toʻntar qilib tashlangan ediki, hatto tuya choʻkib ketsa ham topib olish qiyin edi. Unday qilib koʻrdim, bunday qilib koʻrdim, mashinani turli tomonga haydab koʻrdim – hech narsa chiqmadi. Laʼnati loy uni qaʼriga shunchalik tortib ketgan ediki, xuddi qisqichda tutib turgandek, hech qayoqqa qoʻzgʻatmasdi. Buning ustiga rulni jahl bilan qattiq burib yuborgan ekanman, mashinaning qayeridir shilq etib chiqib ketdi. Yana uning ostiga kirishga toʻgʻri keldi. Hammayogʻim loyga belanib qora terga tushib, yoʻlni ogʻzimga kelgan soʻzlar bilan soʻkib yotgan edim, kimningdir shu tomon yurib kelayotgan oyoq sharpasini eshitib qoldim. Yotgan joyimdan menga faqat rezina etikkina koʻrinardi. Etiklar yaqinlashib kelib, qarshimda qimir etmay turaverdi. Jahlim chiqib ketdi. Nimani tomosha qiladi-ya, sirk bormi bu yerda!..

– Qani, tepamda turma, yoʻlingga ravona boʻl! – deb qichqirdim mashina ostidan. Eskirib, goʻng tegib iflos boʻlib ketgan koʻylak etagiga koʻzim tushib qoldi. Nazarimda, allaqanday kampirga oʻxshadi, ovulga olib borib qoʻyar, deb kutib turgan boʻlsa kerak.

– Yoʻlingdan qolma, kampir! – dedim unga yana. – Bu yerda hali ancha vaqt aylanishib qolaman, kutaverib toqating toq boʻladi…

U boʻlsa:

– Men kampir emasman! – dedi.

U bu soʻzlarni qandaydir ishonchsizlik bilan uyalinqirab aytgan edi.

– Kimsan boʻlmasa? – dedim achchigʻim chiqib.

– Qiz bolaman.

– Qiz bolaman? – deb etiklariga yana koʻz qirimni tashladim. Jerkib berganligim uchun xijolat tortib, buyogʻini hazilga burdim:

– Chiroylimisan? – deb soʻradim.

Etiklar ketishga hozirlanib, chetga qarab odimlay boshladi. Shunda men darrov mashina ostidan chiqdim. Qarasam, haqiqatan ham qoshlari jiddiy chimirilgan va kattakon, koʻrinishidan otasiniki boʻlsa kerak, kamzulini yelkasiga tashlab olgan qizil durrachali, nozikkina bir qiz turibdi. U menga jimgina termilib turardi. Men boʻlsam yerda oʻtirganimni ham, loy va balchiqqa belanganimni ham unutib yuborib:

– Chakki emas! Chiroyli ekansan-ku! – deya uning boshidan oyogʻigacha nazar tashlab chiqar ekanman, iljayib qoʻydim. U haqiqatan ham goʻzal edi:

– Shu oyoqlaringga tuflichalar boʻlsami! – deb hazillashdim oʻrnimdan turarkanman.

Qiz toʻsatdan shartta burildi-da, orqasiga qayrilib ham qaramay, jadallagancha keta boshladi.

Nima boʻldi unga? Xafa boʻldimi? Hazil-mutoyiba qilib oʻtirishning vaqti emas! Es-hushimni yigʻib oldim, ortidan yugurib yetib olmoqchi boʻldim, keyin yana orqaga qaytib, asboblarni tezda yigʻishtirib oldimu kabinaga irgʻib chiqdim va mashinani goh oldinga, goh orqaga zarb bilan haydab tebrata boshladim. Faqat birgina narsani – unga yetib olishni oʻylardim, xolos. Motor esa zoʻr berib tirillar, mashina silkinar edi. Biroq u joyidan bir qadam ham siljimasdi. Qiz boʻlsa borgan sari uzoqlashib borardi. Men loyga botib, turgan joyida dirillab aylanib yotgan gʻildiraklarning ostiga qarab:

– Qoʻyib yubor! Qoʻyib yubor deyapman! Eshityapsanmi? – deb baqirardim, kimga qichqirayotganimni oʻzim ham bilmay.

Jonimning boricha akseleratorni siqdim. Mashina oʻkirib sekin-asta olgʻa siljiy boshladi va qandaydir bir moʻjiza bilan botqoqdan otilib chiqdi. Oʻzimda yoʻq quvonib ketdim! Mashinani yoʻlga chiqarib, roʻmolcha bilan yuzimdagi loyni artdim va sochlarimni silab tartibga soldim. Qizga yonma-yon kelgach, mashinaga tormoz berdim, bunchalik jurʼat qayerdan paydo boʻldi menda, oʻzim ham bilmayman, oʻrindikda oʻtirgan yerimda yonboshlagancha abjirlik bilan kabina eshigini shartta ochdim-da:

– Marhamat! – deb ehtirom bilan qoʻl uzatdim. Qiz toʻxtamadi. “Ana xolos!” – deya boshimni qashiy boshladim. Boyagi jasorat va ehtiromdan asar ham qolmagandi. Men unga yana yetib oldim. Bu gal uzr soʻrab, iltimos qila boshladim:

– Xafa boʻlmang. Men, axir, shunchaki… Oʻtiring. Ammo qiz lom-mim demadi.

Shunda men uni quvib oʻtib, mashinamni yoʻlga koʻndalang qilib qoʻydim-da, kabinadan sakrab tushib, oʻng tomonga yugurib oʻtdim, eshikni ochib, uni ushlab turaverdim. U, obbo, muncha yopishib oldi bu tentak, degandek hadiksirab menga yaqinlashdi. Men hech narsa demadim, nima ham qila olardim. Bosh egib kutib turaverdim. Menga rahmi keldimi yoki shunchakimi, haytovur, bir bosh chayqab qoʻydi-da, indamay kabinaga chiqib oʻtirdi.

Biz yoʻlga tushdik.

Men indamay oʻtirardim, qanday gap boshlashni oʻylardim. Qizlar bilan birinchi marta uchrashayotganim yoʻq, shunday boʻlsa ham hozir u bilan gaplashishga yuragim dov bermay turardi. Nega shunday-a? Rul chambaragini aylantirar ekanman, unga zimdan qarab qoʻyardim.

Qop-qora nozik va mayin sochlari qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq boʻlib boʻyniga tushib turardi. Kamzuli esa yelkasidan sirgʻalib tushib ketdi, uni tirsagi bilan tutib turardi, oʻzi boʻlsa menga tegib ketishdan qoʻrqib, nariroq surilib oʻtirdi. Qarashlari jiddiy boʻlsa ham, umuman, qiyofasidan mehribonlik va samimiylik sezilib turardi. Yuzlari oydek, rangi tiniq edi. Peshanasini tirishtirib, chimirilmoqchi boʻlardi-yu, biroq uddalay olmasdi va yoʻl-yoʻlakay ehtiyotkorlik bilan menga qarab-qarab qoʻyardi. Koʻzimiz koʻzimizga tushib qoldi. U jilmayib qoʻydi. Ana shundan keyin men gap boshlashga qaror qildim.

– Siz u yoqda, mashina oldida nega toʻxtagan edingiz? – deb ogʻzimga kelganini soʻrab qoʻya qoldim.

– Sizga yordamlashmoqchi edim.

– Yordamlashmoqchi? – deb kulib yubordim. – Darhaqiqat, yordamingiz tegdi! Agar siz boʻlmaganingizda, kechgacha oʻsha yerda qolib ketgan boʻlardim… Siz doim shu yoʻldan yurasizmi?

– Ha. Fermada ishlayman.

– Juda yaxshi! – deb quvonib ketdim, ammo dar-rov oʻzimni oʻnglab olib, soʻzimni toʻgʻrilab qoʻydim. – Yoʻl juda yaxshi!

Xuddi shu payt mashina chuqurlikka tushib qattiq silkingan edi, yelkalarimiz bir-biriga tegib ketdi. Men tomoq qirib qoʻydim, koʻzlarimni qayoqqa yashirishni bilmay, qip-qizarib ketdim. U esa kulib yubordi. Shunda men ham oʻzimni tutib turolmay, xaxolab kulib yubordim.

– Men boʻlsam kolxozga bormayman deb yuribman-a, – dedim kulgi aralash. – Agar yoʻlda sizga oʻxshagan yordamchi uchrashini bilganimda edi, dispetcher bilan adi-badi aytishib oʻtirmagan boʻlardim… Eh, Ilyos, Ilyos! – deya oʻzimni oʻzim koyidim. – Bu mening ismim, – deb tushuntirdim soʻng qizga.

– Mening ismim Asal…

Biz ovulga yaqinlasha boshladik. Endi yoʻl ancha tekis edi. Men mashinani yana qichabroq haydadim. Shabada kabina derazasiga urilib, Asalning boshidagi durrachasini yulqilar va sochlarini toʻzitar edi. Biz churq etmasdik. Ikkimiz ham iliq hislar quchogʻiga choʻmib borardik. Tirsagi tirsagingga tegay-tegay deb oʻtirgan mana shu qiz haqida bundan bir soat ilgari sen hech narsa bilmasding, endi boʻlsa nima uchundir faqat uning toʻgʻrisida oʻylaging keladi. Shunday paytlarda mashinani haydash ham juda oson, juda marokli boʻlar ekan… Asalning koʻnglida nimalar kechayotganini bilmasdim, ammo uning koʻzlari tabassum bilan porlardi. Ehtimol, u ham menga oʻxshab hech qachon ajralmaslik uchun uzoq va tinimsiz yurishni istayotgandir. Bu mening orzu-xayollarim, albatta. Shu chogʻ mashina ovul koʻchalaridan oʻtib borayotgan edi. Shunda Asal mashinada ketayotgani toʻsatdan esiga tushib qolgandek:

– Toʻxtating, tushaman! – dedi choʻchinqirab. Men mashinaga tormoz berdim.

– Yetib keldik shekilli? Shu yerda turasizmi?

– Yoʻq, – dedi u negadir hayajonlanib, bezovtalanib. – Yaxshisi, shu yerda tushib qoʻya qolay.

– Nega endi? Toʻppa-toʻgʻri uyingizga olib borib qoʻyaman! – deb uning eʼtiroz biddirishiga imkon bermay, mashinani yana haydab ketdim.

– Shu yerda tushaman, – dedi Asal nihoyat. – Rahmat!

– Marhamat! – dedim arang, soʻng: – Agar ertaga mashinam yana boyagi yerda tiqilib qolsa, yordam berasizmi? – dedim hazil aralash jiddiylik bilan.

U javob berishga ulgurolmadi. Yaqindagi hovlining koʻcha eshigi ochilib, allanimadan tashvishlangan keksagina ayol yugurib chiqdi.

– Asal! – deb qichqirdi u nimadandir ogohlantirmoqchi boʻlgandek, qoʻli bilan ogʻzini berkitib.

– Qayoqlarda daydib yuribsan, xudo koʻtarsin seni! Bor, tezroq kiyimlaringni almashtir, sovchilar kelishdi!

Asal uyalib ketdi. Yelkasidan kamzulini ham tushirib yubordi, soʻngra uni yerdan oldi-da, itoatkorona onasi orqasidan ketdi. U eshik oldiga borganda orqasiga bir qayrilib qaradi, ammo shu zahotiyoq eshik “taq” etib yopildi.

Men koʻchadagi qoziqda bogʻlogʻliq turgan egarlangan va uzoq yoʻl yurib terga botib kelgan otlarni endigina payqabman. Oʻtirgan yerimdan turib, devor osha hovliga qaray boshladim. Oʻchoqboshida xotin-xalaj uymalashib yurishardi. Katta rux samovardan burqsab tutun chiqib turardi. Ikki kishi ayvonda yangi soʻyilgan qoʻy terisini shilmoqda. Xullas, sovchilarni koʻngildagidek kutib olishayotgan edilar. Mening bu yerda qiladigan ishim qolmagandi. Borib yuklarni tushirishim kerak edi.

Avtobazaga kech kirganda qaytdim. Mashinani yuvib, garajga kiritib qoʻydim. Bu yerda ancha vaqtgacha oʻralashib yurdim, mashinaning u yoq-bu yogʻini koʻzdan kechirib, tuzatgan boʻldim. Bugungi voqeani koʻnglimga shunchalik yaqin olganimni negadir oʻzim ham tushunmasdim. Butun yoʻl boʻyi oʻzimni oʻzim dam koyirdim, dam yupatardim: “Xoʻsh, senga nima? Qanaqa ahmoqsan oʻzing? Axir u sening kiming boʻladi oʻzi? Qayligʻingmi? Yo singlingmi? Tasodifan yoʻlda uchrashib qolib, uyiga olib borib qoʻyibsan, xoʻsh, nima boʻpti? Goʻyo ilgaridan bir-birlaringni sevib yurgandek kuyunishingni qara-yu! Ehtimol, u sening haqingda oʻylashni ham istamas. Senga juda koʻzi uchib turgani ham yoʻqdir! Axir qizning ayttirib qoʻygan kuyovi boʻlsa, sen uning kimi boʻlasan, hech kimi! Yoʻlda uchragan begona shofyor boʻlsang, senga oʻxshagan shofyorlar son-sanoqsiz-ku, axir… Yana birovlarning ishiga aralashishga nima hadding bor: ular quda-anda boʻlishyapti, yaqinda toʻy qilishadi, ularning ishiga tumshugʻingni suqib nima qilasan? Hammasiga tupur. Sening ishing nima? Yaxshisi, rulingni aylantirib yuraver!..”

Ammo butun balo shunda ediki, oʻzimni har qancha avrasam ham u qizni yodimdan chiqara olmasdim.

Mashina oldida qiladigan ishim ham qolmadi. Yotoqxonaga borsam boʻlardi. U yerda shovqin-suronli, gavjum joy – qizil burchak ham bor. Mening u yoqqa borgim yoʻq. Koʻnglim yolgʻiz boʻlishni istardi. Qoʻllarimni boshim ostiga qoʻyib, mashina qanotiga chalqanchasiga yotdim. Yonginamda, mashina ostida Jontoy degan shofyor ivirsib yurgan edi. U chuqurdan boshini chiqardi-da:

– Senga nima boʻldi, chiroyli yigit? Xayol suryapsanmi? – dedi masxaraomuz toʻngʻillab.

– Ha, pul haqida! – deb shartta kesdim gapini. Men uni yoqtirmasdim, u uchchiga chiqqan xasis, ayyor va hasadgoʻy yigit edi. U boshqalarga oʻxshab yotoqxonada turmasdi. Allaqanday bir ayolnikida ijaraga turardi. Aytishlaricha, unga uylanishga vaʼda berganmish, nima boʻlsa ham uy-joyli boʻlib oladi-da.

Men teskari oʻgirilib oldim. Hovlida, mashinalar yuviladigan joyda yigitlarimiz qiy-chuv koʻtarib, hazil-huzul qilishyapti. Kimdir kabinaga chiqib olib, navbat kutib turgan shofyorlar toʻdasiga qarata brandspoytdan vishillatib suv sepmoqda. Ular butun avtobazani boshlariga koʻtarib qahqahlashardi. Otilib chiqayotgan suv shunchalik kuchli ediki, borib urilgan odamini bemalol gandiraklatib yuborardi. Boyagi yigitni kabina ustidan tushirishmoqchi boʻlishar edi-yu, ammo u turgan joyida irgʻishlab, goʻyo avtomatdan oʻq yogʻdirayotgandek, kishilarning orqasiga suv bilan savalab, bosh kiyimlarini uchirib yuborar edi. Birdan otilib chiqayotgan suv osmonga koʻtarildi-yu, quyosh nurlari ostida kamalakka oʻxshab egilib tusha boshladi. Qarasam, dispetcherimiz Xadicha turibdi. Suv esa uning ustidan uchib oʻtmoqda. Biroq u qimir etmasdi. Xadicha oʻz qadr-qimmatini bilardi, hammaning oʻziga suqlanib qarashini ham sezardi. U oʻzini qanday tutishni yaxshi bilar, uncha-muncha odamni oʻziga osonlikcha yaqin yoʻlatmasdi. Hozir ham u ishonch bilan hech narsadan choʻchimay, qani sepib koʻrchi, ojizlik qilasan, degandek, parvoyi falak turardi. Etikli oyoqlarini kerib, shpilkalarni ogʻzida tishlab, kulimsiragancha uni sochlariga qadardi. Mayda, kumushsimon suv zarrachalari uning boshi uzra tushayotgan edi. Yigitlar qahqahlashib, kabina ustidagi yigitni gij-gijlashardi.

– Xadichani choʻmiltirib qoʻy!

– Bir bopla!

– Qoʻlidan kelmaydi!

– Qochib qol, Xadicha!

Yigit jurʼat eta olmay, otilib chiqayotgan suv oqimini yuqorilatib-pastlatib oʻynardi. Uning oʻrnida men boʻlganimdami, boshidan oyogʻigacha suvga choʻmiltirardim, shunda ham u menga hech narsa demagan boʻlardi, kulardi-qoʻyardi, xolos. Men buni maqtanchoqlik qilib aytayotganim yoʻq. Xadichaning boshqalarga qaraganda menga qandaydir boshqacha munosabatda ekanini doim sezib yurardim. U men bilan gaplashganda boshqacharoq: muloyim, sal tantiqroq boʻlib qolardi. Hazillashib tegajoqlik qilsam ham, boshini silasam ham unga yoqib ketardi. Uning doim men bilan bahslashib, janjallashib qolib, yana darhol, hatto nohaq boʻlsamda, taslim boʻlishini yaxshi koʻrardim. Baʼzan uni kinoga olib tushardim, uyi yotoqxona yoʻlida boʻlgani uchun kuzatib ham qoʻyardim. Uning oldiga, dispetcher xonasiga toʻppa-toʻgʻri kirib boraverardim, boshqalar esa faqat tuynukcha orqali murojaat qilishardi.

Ammo hozir Xadicha ham koʻnglimga sigʻmasdi. Mayli, u erkaligini qilaversin.

Xadicha soʻnggi shpilkasini qadab boʻldi:

– Bas, yetar endi shuncha oʻynashganing! – dedi u amirona.

– Xoʻp boʻladi, oʻrtoq dispetcher! – deb kabina ustidagi yigit qoʻlini chakkasiga qoʻyib chest berdi-yu, hukmni osonlik bilan bajo keltirdi. Atrofdagilar xaxolashganicha yigitni kabina ustidan sudrab tushirdilar.

Xadicha esa biz turgan garajga qarab kelaverdi. U Jontoyning mashinasi yonida toʻxtab, kimnidir izlay boshladi. U xiyla paytgacha meni payqamadi. Oramizda garajni xona-xona qilib ajratib turuvchi sim toʻrlar bor edi. Jontoy chuqurdan boshini chiqarib:

– Salom, suluv qiz! – deb salomlashdi.

– E, Jontoy…

U koʻzlarini loʻq qilib, Xadichaning oyoqlariga tikilib turardi. Xadicha esa ensasi qotgandek yelkasini qimtib qoʻydi-da:

– Xoʻsh, namuncha tikilasan? – deb etikchasining uchi bilan Jontoyning iyagiga sal turtib qoʻydi.

Boshqa odam boʻlganda, ehtimol uni soʻkib bergan yoki ranjib qolgan boʻlarmidi. Bu boʻlsa goʻyo boʻsa olgandek ogʻzi qulogʻiga yetib, chuqurga shoʻngʻib ketdi.

Xadicha toʻsiqqa yaqinlasharkan, menga koʻzi tushib qolib:

– Dam olyapsanmi, Ilyos? – dedi.

– Ha, par toʻshakda yotgandek!

U yuzini sim toʻrga qadab, menga tikilib qaradi va sekingina:

– Dispetcherxonaga kir, – dedi.

– Xoʻp.

Xadicha ketdi. Oʻrnimdan turib, ketishga hozirlandim. Jontoy yana boshini chiqardi:

– Yaxshi narsa-ya! – dedi qoʻllarini ishqalab, menga koʻz qisib.

– Ammo sening tenging emas! – deb gapning poʻskallasini aytdim-qoʻydim.

Men uning jahli chiqar, men bilan urishib ketar, deb oʻylagan edim. Urish-janjal ishqibozlaridan emasmanu, ammo yuragim shu daraja azob chekayotgan ediki, oʻzimni qoʻyarga joy topa olmay turgan edim. Biroq Jontoy xafa boʻlishni xayoliga ham ketirmadi:

– Hechqisi yoʻq! – deb toʻngʻilladi u. – Omon boʻlsak, koʻrarmiz…

Dispetcher xonasida hech kim yoʻq edi. Nima balo? Qayoqqa yoʻq boʻldi u: ichkari kirishim bilan eshik yopildi. Orqaga oʻgirildim-u koʻkragim Xadichaning koʻkragiga qadalib, toʻqnashib qoldik. U boshini orqaga tashlab, eshikka suyanib turardi. Koʻzlari kipriklari ostida chaqnardi. Qaynoq nafasi yuzimga urilardi. U mening quchoqlab olishimni, oʻpishimni kutib turgandek edi. Oʻzimni tuta olmay qoldim. U tomon intildim-u, yana shu zahotiyoq orqaga tislandim. Bu gap qanchalik gʻalati tuyulmasin, men oʻsha daqiqada oʻzimni Asalimga xiyonat qilayotgandek his etdim. Bunday fikrning juda kulgili ekanligi xayolimga ham kelmadi.

– Nega chaqirding? – deb soʻradim norozi ohangda.

Xadicha hamon menga jimgina boqib turardi.

– Gapir, nima? – dedim toqatim toq boʻlib.

– Nahotki nimagaligini bilmasang? – dedi u dili ogʻrigandek. – Negadir qiyo boqmaydigan boʻlib qolding. Yoki boshqa birontasi topilib qoldimi?

Men dovdirab qoldim. Nega mendan oʻpkalayapti? Qayoqdan bila qoldiykin?

Shu paytda tuynukchaning zulfini shiqillab qoldi.

Jontoy boshini tiqib moʻraladi. U qisiq koʻzlarini oʻynatib tirjayib turardi. Poylamoqchi boʻlibdi-da! Eh, koʻnglimda nimalar borligini bilganda edi, bunday qilmagan boʻlardi!

– Marhamat, oʻrtoq dispetcher! – dedi u ichiqoralik bilan Xadichaga qandaydir qogʻozni uzatarkan.

Xadicha jahl bilan unga xoʻmrayib qaradi-yu, qogʻozni olmadi. Alam bilan yuzimga toʻrsillatib gapira ketdi:

– Sen uchun yoʻllanmani kim oladi? Alohida taklif qilishlarini kutib yuribsanmi?

Xadicha qoʻli bilan meni chetlatib, stol tomon tez oʻtdi.

– Ma! – deb yoʻllanmani uzatdi.

Men uni oldim. Ertalik yoʻllanma yana oʻsha kolxozga berilgan edi. Yuragim muz boʻlib ketdi: Asalning qay ahvoldaligini koʻra bila turib, yana oʻsha yoqqa boramanmi… Nega oʻzi doim meni kolxozma-kolxoz haydashgani-haydashgan?

Gʻazabim qaynab, qizishib ketdim.

– Yana kolxozgami? Yana goʻng-u gʻisht tashishgami? Bormayman! – deb yoʻllanmani stolga uloqtirdim. – Bas, shuncha loy kechganim yetar. Boshqalarni ham yuborishsin!

– Baqirma! Naryading bir haftalik! Lozim boʻlsa tagʻin yuborishadi! – dedi Xadicha menga.

Men esa xotirjamlik bilan:

– Bormayman! – dedim qatʼiy.

Har galgidek hozir ham Xadicha birdan shashtidan tushib qoldi.

– Xoʻp, mayli. Men boshliqlar bilan gaplashib koʻraman, – dedi.

U stoldan yoʻllanmani oldi.

“Demak, bormaydigan boʻldimmi? – deya oʻyladim men. – Endi Asalni ham hech qachon koʻrmaymanmi?” Battarroq qiynala boshladim. Negadir tezda oʻz hukmimdan qaytdim-da, yana uyoqqa borishga ahd qildim. Agar shunday qilmasam, keyin umr boʻyi afsuslanib yurishim menga ayon boʻldi. “Mayli, nima boʻlsa boʻlsin, ammo boraman!..”

– Mayli, buyoqqa ber! – deb yoʻllanmani tortib oldim.

Tuynukchadan moʻralab turgan Jontoy piqillab kulib yubordi-da:

– Ovuldagi buvimga salom aytib qoʻy! – dedi. Men hech narsa demadim. Tumpgugʻiga boplab tushirsang! Eshikni taraqlatib yopdim-da, yotoqqa ketdim.

Ertasi yoʻlda ketayotib chor tarafga nazar tashlab, koʻzlarim toʻrt boʻldi. Qani u? Qani endi, uning sarvnoz qomati koʻrina qolsa. Qizil durrachali sarvqomatim! Ehtimol, rezina etik, otasining kamzulini kiyib olgan dersiz! Bekor gap! Men uning qanaqa ekanligini oʻz koʻzim bilan koʻrganman! Uning nimasi meni rom etdi, qalbimni nega bunchalik oʻrtayapti?

Tevarak-atrofga nazar tashlab bormoqdaman. Yoʻq, hech qayerda koʻrinmaydi. Bu safar emas, turgan-bitgani azob boʻldi. Qani u, uni qanday topsam ekan? Ovulga yetdim, soʻngra qishloq koʻchasi boʻylab haydadim, uning hovlisiga yaqinlasharkanman, mashinani sekinlatib, oxiri toʻxtadim. Ehtimol, u uyidadir? Qanday chaqiraman, unga nima deyman? U bilan yana uchrashish menga nasib etmas ekan-da. Yukni olib borib tashlash uchun mashinaga gaz berdim. Yukni tushirishyapti-yu, koʻnglimda hamon umid uchqunlari yonmoqda. Balki qaytishda uchratib qolarman? Biroq qaytishda ham uchratmadim. Shundan keyin mashinani ferma tomon burdim. Ularning koʻhna fermasi anchagina chekkada, ovuldan uzoqda ekan. U yerga yetib kelib, bir qizdan soʻradim. U, Asal yoʻq, bugun ishga chiqmadi, dedi. “Demak, yoʻlda men bilan uchrashmaslik uchun atayin ishga chiqmagan”, – deb oʻyladim-da, juda xafa boʻlib ketdim. Avtobazaga gʻamgin boʻlib qaytdim.

Ikkinchi kuni yana yoʻlga chiqdim. Ammo endi uni uchratishni xayolimga ham keltirmasdim. Darvoqe, mening unga nima keragim bor? Agar qiz unashtirilgan boʻlsa, uni bezovta qilishdan nima foyda? Ammo negadir bunday boʻlishiga sira ishongim kelmasdi. Axir ovullarimizda hanuzgacha qiz bilan yigitni bir-biriga koʻrsatmay, orqavoratdan fotiha qilib yuboraveradilar-ku! Bu hakda necha marta gazetalarda ham oʻqidim. Biroq yozgan bilan foydasi qancha? Toʻydan keyin nogʻora chalishning foydasi yoʻq, fotihani buzib boʻlmaydi. Unashtirilgandan keyin gap tamom. Fotihani buzish – xayrli ish emas, ikki yoshning turmushi buzildi, degan gap… Mana shunday oʻy-xayollar miyamda chuvalashib ketgandi…

Oʻsha kezlar ayni bahor chogʻi edi. Togʻ etaklarida lolalar tovlanardi. Bolaligimdanoq men bu choʻgʻdek qip-qizil gullarni sevardim, yalangoyoq chopqillab yurib quchoq-quchoq lola tersang-u unga keltirib bersang! Ammo qani endi u, topib koʻrchi…

Bir mahal, qarasam, Asal. Koʻzlarimga ishongim kelmaydi! Oʻtgan gal mashinam tiqilib qolgan joyning naq oʻzginasida bir chetda, xarsang tosh ustida oʻtiribdi. Birovni kutib oʻtirganga oʻxshaydi. U choʻchib oʻrnidan turdi va sarosimaga tushib, boshidan durrasini yulqib oldi-yu, qoʻlida gʻijimlay boshladi. Asal bu safar chiroyli koʻylak va tufli kiyib olgan edi. Yoʻl shunchalik olis boʻlsa ham u poshnali tufli kiyib olibdi. Mashinani toʻxtatishga shoshildim. Yuragim esa taka-puka boʻlib oʻynardi.

– Salom, Asal!

– Salom, – dedi u sekingina.

Men kabinaga oʻtirishga yordamlashmoqchi boʻldim, u burilib, yoʻl boʻylab asta yurib ketdi. Demak, kabinaga chiqishni xohlamayapti. Mashinaning eshigini ochganimcha u bilan yonma-yon sekin haydab ketaverdim. Shu zaylda, u yoʻl chekkasida, men esa rulda jimgina borardik. Men nima hakda gapirishni ham bilmasdim, bir payt u:

– Kecha fermaga kelgan sizmidingiz? – deb soʻrab qoldi.

– Ha, nima edi?

– Shunchaki oʻzim. U yerga bormang.

– Sizni koʻrmoqchi edim. U hech narsa demadi.

Miyamdan esa oʻsha laʼnati unashish sira nari ketmasdi. Nima boʻlganini bilgim kelardi. Ammo soʻrashga tilim bormasdi. Yuragim dov bermasdi. Uning nima deb javob berishidan choʻchirdim.

Asal menga qarab qoʻydi.

– Oʻsha gap rostmi?

U bosh irgʻadi. Rul qoʻlimdan chiqib ketayozdi.

– Toʻy qachon? – deb soʻradim.

– Yaqinda, – dedi u ohista.

Mashinani gʻizillatib, boshim oqqan tomonga ketib qolishimga sal qoldi. Tezlikni oshirish oʻrniga aksincha qilib qoʻyibman. Motor bekorga gurillab aylanardi. Asal choʻchib oʻzini chetga oldi. Men esa hatto undan uzr ham soʻramabman, oʻsha mahal uzr soʻrash esga kelarmidi.

– Endi boshqa uchrashmas ekanmiz-da? – dedim.

– Bilmadim. Uchrashmaganimiz maʼqulroq.

– Men esa, men baribir… Istasangiz-istamasangiz doim sizni izlayman!

Biz yana jim qoldik. Ehtimol, ikkimiz ham bir narsa haqida oʻylayotgandirmiz, ammo ikkimiz ikki yoʻldan ketayotgandek, goʻyo oʻrtamizda mening unga yaqinlashishimga, uning esa mening kabinamga oʻtirishiga imkon bermaydigan qandaydir devor turgandek edi.

– Asal! – dedim. – Mendan oʻzingizni tortmang. Sizga hech ham xalal bermayman. Sizni uzokdan koʻrib yuraman. Maylimi?

– Bilmadim, balki…

– Oʻtiring, Asal.

– Yoʻq, mayli, ketavering. Ovulga yaqinlashib qoldik.

Shundan keyin ham biz uchrashib turdik, har safar uchrashganimizda goʻyo tasodifan toʻqnashib qolgandek boʻlardik. Yurishimiz ham avvalgidek. U yoʻl chetidan, men esa kabinada borardim. Juda alam qilardi, ammo nima qila olardim, birovni zoʻrlab kabinaga chiqarib boʻlmaydi-ku, axir.

Kuyov haqida ogʻiz ochmasdim. Noqulay ahvolda qolishi mumkin, qolaversa, soʻrashni ham istamasdim. Ammo soʻzlarimdan tushunishimcha, Asal uni yaxshi bilmas ekan. U ona tomondan bir oz chatishgan ekan, oʻzi esa uzoqda, togʻdagi oʻrmon xoʻjaligida yasharmish. Bu oilalar qadimdan bir-birlari bilan qiz berishib, qiz olishib, shu bilan avlodma-avlod qarindosh-urugʻchilik aloqalarini saqlab kelisharkan. Bizda esa bunday urugʻ-aymoqchilik juda hurmat qilinadi. Asalning ota-onasi uni begonaga berishni xayollariga ham keltirmasdi. Men haqimda soʻz ham boʻlishi mumkin emasdi. Men kim boʻlibman? Allaqanday kelgindi, tag-zotining tayini yoʻq bir shofyorman-da. Ochigʻini aytganda oʻzim ham qizdan umidvor boʻlib ogʻiz ocholmagan boʻlardim.

Oʻsha kunlari Asal kamgap boʻlib qoldi. Gʻam-gʻussa chekib, doim aldanimalar haqida oʻylab yurardi. Mening esa butun umid va ishonchlarim sovurilgan edi. Uning takdiri hal boʻlmoqda, uchrashish ham befoyda edi. Biroq biz xuddi yosh bolalardek, gapirishganda bu haqda soʻz ochmay, chetlab oʻtardik va u bilan shu taxlitda uchrashaverdik, chunki uchrashmasdan turolmas edik. Ikkalamizga ham busiz yashash mumkin emasdek tuyulardi. Ammo bizni oldinda nimalar kutayotganini tasavvur ham qila olmasdik.

Oradan besh kun oʻtdi. Shu kuni ertalab avtobazada yoʻlga tayyorgarlik koʻrayotgan edim. Bir oʻrtogʻim kelib, seni dispetcherxonaga chaqirishyapti, dedi. Chopib ketdim.

– Suyunchi ber! – dedi quvonch bilan Xadicha. – Seni Sinszyan yoʻliga oʻtkazishdi!

Men turgan yerimda qotib qoldim. Sinszyanga meni birinchi marta yuborayotganlari yoʻq edi. Shunday boʻlishi turgan gap edi, ammo keyingi kunlarda menga umrbod kolxozga qatnashim shartdek boʻlib qolgandi.

Xitoyga qatnash koʻp kunlik yoʻl, kim bilsin, Asalni koʻrishga vaqt topa olarmikinman. Uni xabardor qilmasdan toʻsatdan gʻoyib boʻlib ketamanmi?

– Senga maʼqul tushmadi deyman-a? – dedi Xadi-cha.

– Kolxoz nima boʻladi? – dedim hayajonlanib. – U yerdagi ishlar ham tamom boʻlgani yoʻq-ku.

Xadicha yelkasini qisib qoʻydi:

– Uyoqqa borishni ilgari oʻzing istamagan eding-ku. “Obbo, qoʻlga tushirdi-yu!” – deb oʻyladim men va jahlim chiqib:

– Ilgari istamagan boʻlsam istamagandirman-da! – dedim.

Stulga oʻtirdim, nima qilishimni bilmay qoldim.

Jontoy yugurib kirib keldi. Maʼlum boʻlishicha, mening oʻrnimga uni kolxozga yuborishayotgan ekan. Men sergaklanib turdim. Jontoy bosh tortsa kerak, chunki qishloqqa qatnaganda norma kamayib ketar edi. Bu esa qoʻlga oz pul tegadi degan soʻz. Ammo u, bilmadim, nima uchundir, yoʻllanmani oldi, yana buning ustiga mamnun boʻlib:

– Xohlagan tomoningga yuboraver, Xadicha, dunyoning narigi chekkasiga boʻlsa ham mayli! Hozir ovulda qoʻylarning ayni qoʻzilayotgan payti, senga ham olib kelaymi? – dedi. Keyin buyokda men oʻtirganimni koʻrib: – Kechirasan, xalaqit berdim shekilli, – deb qoʻydi.

– Yoʻqol bu yerdan! – deb oʻshqirdim boshimni koʻtarmasdan.

– Xoʻsh, nega oʻtiribsan, Ilyos! – deb yelkamga turtdi Xadicha.

– Kolxozga men borishim kerak, meni yubor, Xadicha! – deb iltimos qildim undan.

– Akding joyidami oʻzi, ilojim yoʻq, naryad tamom boʻlgan, – dedi-da, menga tashvishlanib tikildi. – Namuncha kolxozga qatnaging kelib qoldi?

Men hech narsa demay, chiqib ketdim. Garajga keldim. Jontoy meni masxara qilgandek yonimdan mashinasini gʻizillatib oʻtib ketdi, qanoti bilan urib ketishiga sal qoldi.

Mashina yonida allamahalgacha ivirsib yurdim, ammo biron iloj topa olmasdim. Yuk ortiladigan stansiyaga bordim. U yerda bir toʻda shofyorlar navbat kutib turishgan edi.

Oʻrtoklarim papiros chekishamiz, deb chaqirishdi, ammo men kabinadan chiqmay oʻtiraverdim. Koʻzimni yumdim-u Asalning yoʻlda meni behuda kutib oʻtirganini koʻz oʻngimga keltirdim. Bir kun kutar, ikki kun, uch kun… Soʻng mening haqimda nima deb oʻylashi mumkin? Qoʻrqoq, qochib qoldi, deb oʻylasa-ya!

Mening navbatim esa yaqinlashmoqda edi. Oldimdagi mashinaga yuk orta boshlashdi. Kran qandaydir katta-katta yashiklarni kuzovga tushirmoqda. Yana bir ozdan keyin kran ostiga mening mashinam turishi kerak. “Kechir meni, Asal! – deb oʻyladim men. – Kechir, meni, goʻzalim, sarvqomatim! Seni ogohlantirolmadim!” Ammo shu payt toʻsatdan miyamga oddiygina bir fikr kelib qoldi: axir men u yoqqa allaqachonoq borib unga aytib qaytishim mumkin edi-ku. Yoʻlga bir necha soat kechikib chiqsam, osmon qulab yerga tushmas?

Avtobaza boshligʻiga keyinchalik tushuntirarman, balki tushunar, tushunmasa bir oz koyir, hayfsan eʼlon qila qolar yoki juda zoʻr kelsa ishini olar. Allaqachon shunday qilishim kerak edi! Ketdim!

Mashinamni orqaga yurgizmoqchi boʻlib, darhol motorni yurgizdim. Ammo ortimda mashinalar tirband edi. Bu orada oldimdagi yuk ortilgan mashina oʻz joyini boʻshatdi. Navbat menga keldi. Men sal hayallab qoldim.

– Mashinangni keltir! Hey, sen! – deb baqirdi kranchi menga qarab.

Yuk olish uchun mashinamni oddinga siljitdim. Kranning xartumi tepamga yaqinlashib kelmoqda. Boʻddi, ish tamom! Eksport yuki bilan biron yoqqa jilib koʻr-chi. Nega axir shuni ilgariroq oʻylab koʻrmabman-a? Safarga joʻnatuvchi kishi kelib, hujjatlarga belgi qila boshladi. Men kabinaning orqa derazachasiga qaradim. Tepadan kuzovga konteyner tebranib tushmoqda edi. U borgan sari kuzovga yaqinlashib kelaverdi.

Ana shunda men:

– Poʻsht! – deb qichqirdim-da, mashinani shiddat bilan konteyner ostidan olib qochdim. Xayriyatki, motor oʻchirilmagan edi. Orqadan qichqiriq, hushtak va soʻkish ovozlari eshitildi. Biroq men eʼtibor bermasdan mashinani omborlar, taxlab qoʻyilgan yogʻochlar va koʻmir uyumlari yonidan gʻizillatib borardim. Pastqam yoʻllar bilan shahardan chiqib oldim va togʻ etagiga, kimsasiz yoʻlga yetib kelgach, rulga mahkam yopishib oddim. Mashina yelib borardi, “ZIL” goh u tomon, goh bu tomon chayqalib ketardi. Ammo biz bunga koʻnikib qolgan edik.

Koʻp oʻtmay Jontoyni quvib yetdim. Oddinga oʻtib ketmoqchi boʻlib signal berdim. U kabinadan boshini chiqarib xoʻmrayib qaradi. Dovdirab qolib, koʻzlari qinidan chiqib ketayozdi: meni tanidi. Ablahni qarang! Birovning shoshilayotganini koʻrib turgandan keyin unga yoʻl berish kerak-da. Ammo u-chi, yoʻl bergisi kelmaydi, boshimni aylantirmoqchi. Shunda men mashinani chetga burdim-da, uni toʻgʻri paykal bilan quvib boraverdim. Jontoy ham mashinasini qistay boshladi. Endi u yoʻlga chiqib olishga imkon bermasdi.

Biladiki, atrofda harakat qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortadigan biron kimsa yoʻq. Buning ustiga, hozir uni hech nima qila olmasligimni biladi. Shu zaylda uchib borardik: u yoʻlda, men paykal ichi bilan. Ikkalamiz ham rulga yopishib olganmiz, yirtqichlardek bir-birimizga koʻz olaytiramiz, soʻkinamiz.

– Sen qayoqqa? Nega? – deb baqirdi u menga. Men unga musht oʻqtalib doʻq qilardim. Harholda mening mashinam yuksiz edi. Uni quvib oʻtdim, orqamga qayrilib qarasam, u endi shoshmay, tinchgina kelardi. Ha, iblis, menga desa battar boʻl.

Asalni hech qayerda uchratolmadim. Ovulga kelib, mashinani ularning hovlisi oldida toʻxtatdim. Xuddi piyoda chopib kelgandek nafasim boʻgʻzimga tiqila boshladi. Hovlida ham, koʻchada ham hech kim koʻrinmasdi. Faqat egarlangan otgina qoziqqa bogʻlokdik turardi, xolos. Nima qilsam ekan? Kutishga ahd qildim. Mashinani koʻrib koʻchaga chiqar, deb oʻyladim oʻzimcha. Goʻyo bir narsani tuzatayotgandek motorni ochib, u yoq-bu yogʻini qaray boshladim, ammo oʻzim eshikdan koʻzimni uzmasdim. Unchalik uzoq kutmadim: eshik ochilib, ichkaridan Asalning onasi va toʻladan kelgan, qora soqolli, ikki qavat toʻn kiygan chol chiqdi. Qoʻlida ajoyib qamchi. Aftidan, u hozirgina choy ichgan boʻlsa kerak, terlab-pishib, boʻrsib ketgandi. Ular ot bogʻlangan qoziqqa yaqinlashdilar. Asalning onasi izzatu ikrom bilan uzangini ushlab turib, cholning egarga chiqib olishiga yordamlashdi. Bilsam u sovchini kuzatayotgan ekan.

– Biz sizdan xursandmiz, quda! – dedi u. – Ammo bizdan ham koʻnglingiz toʻq boʻlsin. Oʻz qizimiz uchun hech narsani ayamaymiz. Xudoga shukur, qoʻlimiz quruq emas.

– E,-e, boyvuchcha, xafa boʻlmaymiz, – dedi u egarga tuzukroq oʻrnasha turib. – Ollo taolo yoshlarga umr bersin. Yaxshilik qilsak begonaga emas, oʻz farzandlarimizga qilamiz. Xudoga shukur, birinchi marta qudalashayotganimiz yoʻq. Xoʻp, omon boʻl, boyvuchcha. Shunday qilib, juma kuniga kelishdik-a!

– Ha, juma kuni kutamiz. Juma – ulugʻ kun. Oq yoʻl sizga. Qudamga salom ayting!

“Nega ular juma kuni haqida gapirib qolish-di?” – deb oʻyladim men. “Bugun qanaqa kun? Chorshanba… Nahotki juma kuni olib ketishsa? Eh, qachongacha eski urf-odatlar biz yoshlarning hayotimizni poymol etadi?”

Chol otini togʻ tomon yoʻrttirib ketdi. Asalning onasi otliq uzoqlashib ketguncha kutib turdi, soʻngra menga tomon oʻgirilib, xoʻmrayib qaradi.

– Nega bu yerda pashshaxoʻrda boʻlib qolding, ho takasaltang? – dedi u. – Bu yer senga karvonsaroy emas! Tuyogʻingni shiqillatib qol! Qani joʻna, eshityapsanmi? Senga aytyapman.

Demak, allaqachon sezib qolibdi.

– Mashinam buzilib qoldi! – dedim oʻjarlik bilan poʻngʻillab va belimgacha kapotning ostiga shoʻngʻib ketdim. Yoʻq, uni koʻrmagunimcha hech qayoqqa ketmayman, derdim oʻzimcha.

Kampir javrab-javrab kirib ketdi.

Men kapotning ostidan chiqdim-da, mashina zinasiga oʻtirib olib, cheka boshladim. Qayoqdandir kichkinagina qizcha paydo boʻlib qoldi. U bir oyoqlab hakkalab mashina atrofida gir aylana boshladi. Qizcha sal Asalga oʻxshardi. Uning singlisi emasmikin?

– Asal ketib qoldi, – dedi u, oʻzi esa hamon sakrab-sakrab oʻynardi.

– Qayoqqa? – deb ushlab oldim uni. – Qayoqqa ketdi?

– Men qayoqdan bilay! Qoʻyvor! – deb qoʻlimdan yulqinib chiqdi-da, qochib ketayotib tilini koʻrsatib qoʻydi.

Kapotni taq etib yopib, rulga oʻtirdim. Qayoqqa boray, uni qayerdan izlay? Vaqt oʻtib ketyapti, qaytishim kerak. Men orqaga qaytdim, dashtga yetib kelib, ariqdan oʻtish joyida mashinani toʻxtatdim. Nima qilish kerakligiga sira aqlim yetmasdi. Kabinadan tushdim-da, yerga agʻanab yotdim. Yuragim siqila boshladi. Asalni ham topa olmadim, safarni ham barbod qildim. Orqaga qaytishning foydasi yoʻq. Boʻlar ish boʻddi. Nima boʻlsa boʻlar. Oʻyga botdim, koʻzimga hech narsa koʻrinmas, qulogʻimga hech narsa eshitilmasdi. Shu koʻyda qancha vaqt yotdim, bilmayman. Harqalay, anchagina yotgan boʻlsam kerak. Keyin, nima uchunligini hali ham bilmayman: bir mahal boshimni koʻtardim.

Mashinaning narigi tomonida tuflicha kiygan oyokdar toʻxtadi. Oʻsha! Darrov tanidim. Shunday quvonib ketdimki, oʻrnimdan turolmay, choʻkkalagancha oʻtirib qoldim. Bu safar ham biz oʻsha joyda – birinchi marta uchrashgan yerda koʻrishdik.

– Yoʻlingdan qolma, kampir! – dedim mashina ostidan “tuflichalardan” koʻz uzmay.

– Hech ham kampir emasman-da! – deb hazilga hazil bilan javob qaytardi Asal.

– Kimsan boʻlmasa?

– Qiz bolaman?

– Qiz bolaman? Chiroylimisan?

– Qarab koʻring-chi!

Ikkalamiz ham baravariga kulib yubordik. Men sakrab turib, unga tomon otildim. U ham menga qarab yugurdi. Yuzma-yuz toʻxtadik. Baxtiyor bolalardek quvnab kulardik.

– Goʻzallarning goʻzali! – dedim men. Qoʻltigʻida ikkita kitob, egnida kalta yengli koʻylak, yuzlari gul-gul yonib, shabadada tebranib turgan nozikkina sarv daraxtiga oʻxshardi u.

– Mening bu yerdaligimni qayoqdan bilding?

– Kutubxonadan kelayotgan edim, qarasam, yoʻlda sizning mashinangizning izlari!

– Rostdanmi?

Men uchun bu “sevaman” soʻzidan ham azizroq, qimmatliroq edi. U ham mening haqimda oʻylar ekan, hatto mashinamning izini ham tanirkan, demak, meni sevar ekan-da. Orqadagi chap gʻiddirakning pokrishkasi ikki xil edi, qiz ana shundan xabardor ekan.

– Men izga koʻzim tushishi bilanoq bu yoqqa yugurdim, koʻnglimda siz xuddi shu yerda kutib turgandek boʻlaverdingiz!

Men uning qoʻlidan ushladim:

– Bu yoqqa chiq, Asal, bir oz aylanamiz.

U jon deb rozi boʻldi. Endi u ham, men ham goʻyo butunlay boshqa odam edik. Barcha tashvishu gʻam-gʻussalar unutilib, ulardan asar ham qolmagan edi. Koʻzimizga samoyu yer va ikkimizdan boshqa hech narsa koʻrinmasdi, biz baxtiyor edik. Kabina eshigini ochib, uni oʻtqazdim, oʻzim esa rulni tutdim.

Yoʻlga tushdik. Yoʻl boʻylab boraverdik, qayoqqa va nega – oʻzimiz ham bilmasdik. Ammo biz uchun buning ahamiyati yoʻq edi. Yonma-yon oʻtirsak, bir-birimizga kulib qarasak, qoʻlga qoʻl tegib tursa, buning oʻzgacha gashti bor-da. Asal mening soldatcha shapkamni toʻgʻrilab qoʻydi. Men uni ikki yildan beri kiyib yurgan edim.

– Shunday kiysangiz yarasharkan! – dedi u va erkalanib yelkamga suykala boshladi.

Mashina dashtda qushdek uchib borardi. Butun borliq harakatga kelgandek edi. Togʻlar, daralar, dov-daraxtlar – hamma-hammasi bizni qarshi olishga oshiqardi. Qarshimizdan shamol urilar – biz olgʻa qarab yelib borardik, quyosh bizga tabassum bilan boqardi, chunki biz quvnab-kulib borardik. Havo yovshan va gullolalarning xushboʻy hidini taratardi, chunki biz toʻyib-toʻyib nafas olayotgan edik.

Yakkayu yolgʻiz qabr ustidagi koʻhna gumbaz xarobalarida oʻtirgan choʻl kalxati koʻtarilib, qanotlarini silkib-silkib mashina bilan birgama-birga yoʻl boʻylab yer bagʻirlab uchib borardi.

Yoʻlda ketayotgan ikki chavandoz choʻchib ketib, oʻzlarini chetga oldi. Keyin dagʻdagʻa bilan qiyqirib, orqamizdan ot qoʻydi.

– He-e, toʻxta! Toʻxta – deb qiyqirib, yer oʻpib chopib kelayotgan otlarini qamchilashardi. Ularning kim ekanligini bilmasdim. Balki Asalning ovulidandir. Ammo biz ularni tez chang-toʻzonda qoldirib ketdik.

Oldinda qandaydir arava yoʻl chetiga burildi. Aravada oʻtirgan yigit bilan qiz oʻrinlaridan qoʻzgʻalib choʻkkalashdi-da, qoʻllarini bir-birovlarining yelkasiga tashlagancha ikkinchi qoʻllarini silkib qolishdi.

– Rahmat! – deya kabinadan qichqirdim ularga. Dasht tamom boʻlib, katta yoʻlga chiqib oldik. Gʻildiraklar ostida asfalt gʻuvillay boshladi.

Mashina bizni koʻl tomon eltardi. Men uni shartta yoʻldan chetga burdim-da, toʻppa-toʻgʻri qoʻriq yerga soldim, oʻt-oʻlanlarni bosib-yanchib qirgʻoqqa tomon haydadim. Tepalikda, naq suv tepasida toʻxtadik.

Oʻ, Issiqkoʻl, qirgʻiz diyorining soʻnmas qoʻshigʻi! Bu dengiz oshiq-maʼshuqlar haqidagi afsona va qoʻshiqlar diyori ekanligiga ishonmay boʻladimi, axir. U shu damda mavjlanib, qatra gʻuborsiz, rang-barang tovlanib turardi.

Koʻkimtir toʻlqinlar oʻrkach-oʻrkach boʻlib, goʻyo qoʻl ushlashib olishgandek, sargʻimtir qirgʻoqlar sari yelib-yugurardi. Togʻlar ortida quyosh botmoqda, suvning etaklari koʻzni qamashtirib, pushti rang kasb etgan edi. Uzoqlarda osmon gumbaziga bosh urgan qorli togʻlarning och binafsha rang tizmalari koʻzga chalinadi. Bu tizmalar ustida kul rang bulutlar suzib yurardi.

– Uni qara, Asal! Oqqushlar! – deb qichqirib yubordim men. Oqqushlar Issiqkoʻlga faqat kuzda uchib kelishib, shu yerda qishlashadi. Bahorda esa bu yerga juda kamdan-kam kelishadi. Odamlarning aytishicha, bular shimolga koʻchib ketayotgan janub oqqushlari emish. Ularning kelishi yaxshilikdan, baxtdan darak berar emish…

Oqqushlar galasi oqshomgi koʻl uzra uchib yurishardi, Qushlar goh yuqoriga koʻtarilar, goh qanotlarini yoyib pastga suzishardi. Ular suvga qoʻnar, qanotlari bilan shaloplatib urib, koʻpirib turgan suv tomchilarini uzoqlarga sachratardilar-da, yana osmonga koʻtarilardi. Soʻngra ular turnaqator tizilib, bir tekisda qanot qoqishib, tunamoq uchun koʻrfazning qumloq sohillari tomon uchib ketishardi.

Biz kabinada oʻtirib, koʻlni jimgina tomosha qilardik. Goʻyo hamma narsani hal qilib qoʻygandek, shunday dedim:

– Hu-uv anovi qirgʻoqdagi tunuka tomlarni koʻryapsanmi, u bizning avtobazamiz boʻladi. Mana bu boʻlsa, – deb kabinani koʻrsatdim, – bizning uyimiz! – dedim-da, birdan kulib yubordim. Uni qayoqqa ham olib borardim.

Asal koʻzlarimga tikilib, oʻzini koʻksimga tashladi. U mening pinjimga tiqilarkan, ham yigʻlar, ham kulardi.

– Jonginam, azizim! Menga hovli-joyning keragi yoʻq! Faqat ota-onam, keyinchalik boʻlsa ham qachon boʻlmasin, meni tushunib, gunohimni kechirishsa boʻlgani. Ular mendan umrbod xafa boʻlishardi, buni yaxshi bilaman… Ammo ayb mendami axir…

Tezda qosh qoraya boshladi. Koʻkni bulutlar qoplab oldi, – koʻlga sokinlik choʻkib, endi qorayib koʻrinardi. Togʻ tizmalariga goʻyo elektr payvandchi oʻtirib olgandek, birdan oʻt chaqnab, koʻzlarni qamashtirar va yana oʻchar edi. Momaqaldiroq bosib kelayotgan edi. Oqqushlarning yoʻllarini oʻzgartganlari ham bejiz emas. Togʻda yogʻingarchilikka duch kelishlarini oldindan sezganlar.

Mana, momaqaldiroq gumburladi. Yomgʻir sharros quya boshladi. Koʻl chayqalib toʻlqinlanib qirgʻoqlarga urila ketdi. Bu birinchi bahor momaqaldirogʻi edi.

Bu – bizning birga oʻtkazgan birinchi tunimiz edi. Kabina ustidan, oynalardan yomgʻir paqirlab suv quygandek oqib, sizib tushardi. Olis-olislarga choʻzilgan och yashil yashinlar qop-qora koʻlga suzib tushardi. Biz esa bir-birimizning pinjimizga kirib, shivirlashib gaplashardik. Asalning choʻchiganidanmi yo sovuq qotganidanmi, sal titrayotganini sezib turardim. Uni kamzulim bilan oʻrab, qattiqroq quchoqladim. Shunda oʻzimga oʻzim juda kuchli, ulkan odamdek boʻlib koʻrindim. Oʻzimda shunchalik mehr va muhabbat borligini hech qachon sezmagan edim, birovga mehribonlik va gʻamxoʻrlik qilish shunchalik zavqli ekanini ham bilmasdim. Uning qulogʻiga: “Hech kimga, hech qachon seni xafa qildirib qoʻymayman, qizil durrachali sarviqomatim!” – deb pichirladim.

Ana-mana deguncha yomgʻir ham ancha shashtidan tushib qoldi. Ammo chayqalib yotgan koʻl hamon beshik-beshik boʻlib toʻlqinlanar, yomgʻir shivalab yogʻardi.

Men kabina tokchasidagi safarda olib yuriladigan radiopriyomnikni oldim. Oʻsha kezlardagi mening topgan-tutganim shu edi. Muzika tinglashni juda yaxshi koʻraman, shuning uchun ham priyomnikni doim oʻzim bilan birga olib yurardim. Uning u yoq-bu yogʻini sozlab, kerakli toʻlqinni tutdim. Hozirgidek esimda: oʻsha kecha teatrdan “Choʻlpon” baletini olib eshittirishmoqda edi. Baletda kuylanayotgan yoqimli va kishini oʻziga tortuvchi qudratli muzika sadolari xuddi oʻsha ashulada kuylangan chin sevgi kabi toshlar osha, choʻqqilar osha kabinaga oqib kelayotgan edi. Butun zal hayajonga kelgan, gulduros qarsaklar bilan artistlarni olqishlar, tomoshabinlar ularning nomlarini aytib qichqirishar edi, ehtimol raqqos va raqqosalarning oyoqlari ostiga gullar otishayotgandir. Ammo, menimcha, teatrda oʻtirganlardan birontasi ham biz kabi – toʻlqinlar mavjlanib, shiddat bilan qirgʻoqqa urilayotgan koʻl sohilida, sharros yomgʻir ostida kabinada oʻtirgan oshiq-maʼshuqlar singari zavq-shavqqa toʻlib hayajonlanayotgan boʻlmasa kerak. Bu bizning baletimiz, birinchi kechamizdagi ilk baletimiz edi. Oʻz baxtini izlab ketgan qiz – Choʻlponning taqdiri bizning qalbimizga naqadar yaqin edi. Mening Choʻlponim – tong yulduzim men bilan birga, yonginamda oʻtiribdi. Yarim kechaga borib u yelkamga boshini qoʻygancha uxlab qoladi, men esa allamahalgacha oʻzimni bosa olmay, shirin xayollar ogʻushiga choʻmdim. Uning yuz-koʻzini, betlarini asta-sekin silar, tinib-tinchimas Issiqkoʻlning qanday toʻlgʻanayotganini, xoʻrsinib chuqur nafas olayotganini tinglar, kuzatar edim.

Ertalab biz avtobazaga yetib keldik. Yaxshigina dakki yedim. Ammo bunday quvonchli voqea munosabati bilan kechirdilar. Keyinchalik mening yuk ortuvchi kran ostidan qanday qochib qolganimni eslashib, anchagacha kulib yurdik.

Men safarga – Xitoyga joʻnashim kerak edi. Asalni ham oʻzim bilan birga olvoldim. Uni yoʻlda doʻstim Alibek Jonturinning uyida qoldirmoqchi boʻldim. U oilasi bilan birga dovondagi bazada, Norinning shunday yonginasida yashardi. Bu joy chegaradan uncha uzoq emas edi. Bu yoʻldan yurganda doim unikiga tushib oʻtardim. Alibekning xotini yaxshi ayol edi, uni juda hurmat qilardim.

Biz yoʻlga chiqdik. Birinchi navbatda yoʻl yoqasidagi magazindan Asalga uncha-muncha kiyim-kechak oldik. Uning egnida birgina koʻylagi-yu, qoʻlida kutubxonadan olgan ikki dona kitobidan boʻlak hech narsasi yoʻq edi. Bulardan tashqari, kattakon, guldor sholroʻmol ham sotib oldik. Bu ishimiz juda yaxshi boʻlgan ekan. Yoʻlda birinchi uchragan kishimiz keksa shofyor, oqsoqolimiz Oʻrmat aka boʻldi. U olisdanoq menga toʻxta, deb ishora qildi. Mashinaga tormoz berib toʻxtatdim. Kabinadan tushib salomlashdik:

– Assalomu alaykum, Oʻrmat aka!

– Vaalaykum assalom, Ilyos! Ilyos! Qoʻlingga baxt qushi qoʻnibdi, xudoyim baxt bersin, uvali-juvali boʻlinglar! – deb fotiha bergan boʻldi menga.

– Rahmat! Qayoqdan bila qoldingiz, Oʻrmat aka? – deb taajjublandim men.

– E, oʻgʻlim, xushxabarning sadagʻasi ketay. Butun trassa boʻylab ogʻizma-ogʻiz koʻchib yuribdi.

– Yoʻgʻ-ye! – deb battarroq taajjublandim.

Yoʻl ustida turib gaplashardik, Oʻrmat aka hatto mashinaga yaqin ham kelmadi. Asalga koʻz qirini ham tashlamadi. Yaxshiyamki, buni Asalning oʻzi fahmlab qolib, boshiga roʻmolini tashlab, yuzini berkitdi. Shunda Oʻrmat aka mamnunlik bilan jilmaydi-da:

– Mana bu ishing joyida! – dedi u va kabinaga yaqinlashib kelib, Asalga bokdi. – Rahmat, qizim, hurmat qilganing uchun rahmat. Bundan buyon sen bizning kelinimizsan, avtobazadagi hamma oqsoqollar kelinisan, qizim. Hali ular yoʻlda uchrab qolishadi. Mana, Ilyos, koʻrmana. Kelinni qurukdan quruqqa koʻrsatmaydilar, – deb u pul uzatdi. Men qoʻlini qaytara olmadim, yoʻqsa, xafa qilib qoʻyardim.

Biz xayrlashdik. Asal hamon boshidan roʻmolini olmasdi. Odatdagicha tagli-taxtli qirgʻiz oilasiga tushgan kelindek, u odamlar bilan uchrashganda uyatchanlik bilan yuzini berkitardi. Oʻzimiz yolgʻiz qolganimizda esa oʻzaro kulishardik, boshiga roʻmol tashlab olgan Asal menga yanada goʻzalroq boʻlib koʻrinardi.

– Jonginam, qani, boshingni koʻtar, meni bir oʻpib qoʻy-chi, – dedim unga.

– Mumkin emas, oqsoqollar koʻrib qolishadi, – dedi-yu, shu zahotiyoq kulgi aralash, goʻyo birov koʻrib qolmasin deyayotgandek, ehtiyotlik bilan chakkamdan oʻpib oldi.

Yoʻlda borarkanmiz, yana ham qiziqroq hodisalarga duch keldik. Avtobazaning trassadagi hamma shofyorlari uchrashganda bizni qayta-qayta toʻxtatishib tabriklashardi, baxt-saodat tilashardi. Ularning koʻpchiligi yoʻl-yoʻlakay gul terib, guldasta yasabgina qolmay, hatto sovgʻalar tayyorlab qoʻyishga ham ulgurishibdi. Bilmadim, kimning aqliga keldi ekan bu. Bu fikrni hoynahoy rus yigitlarimiz oʻylab topishgan boʻlsa kerak. Ular qishlokda toʻy boʻlib qolsa, mashinani boplab bezatadilar. Hozir ham ular mashinamizga qizil, koʻk, yashil lentalar taqib, shoyi durralar, guldastalar ila boshladilar. Mashinamiz turli-tuman ranglarga gʻarq boʻlib, choʻgʻdek tovlanardiki, ehtimol u oʻnlab kilometr naridan koʻzga tashlanib turgan boʻlsa kerak.

Asal ikkimiz gʻoyatda baxtiyor edik, men doʻstlarimning bu iltifotidan qalbdan faxrlanardim. Doʻst kulfat-da sinaladi, deydilar. Menimcha, ular baxtli damlarda ham sinaladilar.

Yoʻlda eng yaqin doʻstim Alibek Jonturin ham uchradi. U mendan ikki yosh katta. U – kallasi katta, norgʻul yigit edi, oʻzi ancha yosh boʻlsa ham sermulohaza, ogʻir, vazmin yigit boʻlib, ajoyib shofyor edi. Bazada uni juda hurmat qilishardi. Alibekni profkom qilib ham saylashgandi. Qani, u nima derkin, deb oʻylab turibman.

Alibek mashinamizga jimgina qaradi-da, bosh tebratib qoʻydi, soʻngra Asalga yaqin kelib, qoʻl berib salomlashdi va uni tabrikladi.

– Qani, yoʻllanmangni bu yoqqa ber-chi! – dedi u. Men bunday kutib olar deb oʻylamagan edim. Hech narsaga tushunmay, qogʻozni jimgina uzatdim. U avtoruchkasini oldi-da, yoʻllanmaga koʻndalangiga toʻldirib, burchakma-burchak qilib yirik harflar bilan yoza boshladi: “Toʻy safari, № 167!”

– Nima qilyapsan? – deb dovdirab qoldim. – Axir bu hujjat-ku!

– Tarixiy boʻlib saqlanib qoladi! – deb kulimsiradi u. – Nima, buxgalteriyada oʻtirganlarni odam emas deb oʻylayapsanmi? Endi qoʻlingni ber! – deb meni mahkam quchoqlab oʻpdi. Biz xaxolab kulib yubordik. Keyin mashinalarimizga qarab yura boshladik, ammo Alibek meni toʻxtatib:

– Qayerda turadigan boʻldinglar? – deb soʻrab qoldi.

Men yelkamni qisib qoʻydim.

– Mana bizning uyimiz! – deb mashinani koʻrsat-dim.

– Kabinadami? Ehtimol, bolalaringizni ham oʻsha yerda boqarsizlar?.. Menga qara, dovondagi uyimizga joylashaveringlar, baza boshliqlari bilan oʻzim gaplashaman. Biz oʻz uyimizga koʻchib oʻtarmiz.

– Uying hali bitmagan-ku?

Alibek Ribacheda, avtobaza yaqinida uy qurmoqda edi. Boʻsh vaqtlarimda men ham unga yordamlashib turardim.

– Hechqisi yoʻq! Ozgina ishi qolgan, ammo undan ortiqrogʻini umid qilmay qoʻya qol, oʻzing bilasan, uy-joy masalasi ancha chatoq.

– Xoʻp, rahmat! Bizga shuning oʻzi ham kifoya.

– Xullas, biznikiga tushinglar, qaytishda esa meni kutib tura tur. Men yetib kelaman, keyin xotinlarimiz bilan hamma narsani hal etib olamiz! – deb Asal tomonga qarab koʻz qisib qoʻydi.

Ha, endi tuzliq toʻrva boʻyinga ilindi.

– Toʻy safaringiz xayrli boʻlsin! – deb qichqirib qoldi Alibek orqamizdan. Obbo xumpar-ye! Safarimiz toʻy sayohati ekaniga oʻzimizning ham fahmimiz yetmabdiya.

Hamma ishimiz oʻngidan kelayotganiga biz xursand edik. Faqat bir uchrashuvgina kayfiyatimni bir oz buzdi.

Yoʻlda, muyulishlardan birida toʻsatdan oldimizda Jontoyning mashinasi chiqib qoldi. U qayoqdandir kelayotgan edi. U yolgʻiz emas edi. Kabinada Xadicha oʻtirardi. U menga qoʻl silkib qoʻydi. Men mashinaga shartta tormoz berdim. Mashinalar borti bortiga yaqinlab toʻxtadi. Jontoy derazadan kallasini chiqarib:

– Namuncha yasan-tusan qilib olibsan, toʻymi deyman? – dedi.

– Toʻy boʻlganda qandoq! – dedim men.

– Yoʻgʻ-ye? – deb ishonqiramay soʻradi u choʻzib va Xadichaga qarab qoʻydi. – Biz boʻlsak seni izlab yuribmiz! – degan soʻz ogʻzidan chiqib ketdi uning.

Xadicha qanday oʻtirgan boʻlsa, shundayicha hangu mang boʻlib, rangi oʻchib, qotib qolgandi.

– Salom, Xadicha! – dedim unga xushmuomalalik bilan. U jimgina bosh irgʻab qoʻydi.

– Hali yonimdagi qayligʻim degin? – nima gapligini endigina anglagan edi Jontoy.

– Yoʻq, xotinim, – deb eʼtiroz bildirdim-da, Asalning yelkalaridan quchoqladim.

– E, hali shunaqa de? – deb Jontoy koʻzlarini battarroq olaytirdi. U xursand boʻlishini ham, xafa boʻlishini ham bilmasdi. – E-e, tabriklayman, chin qalbimdan tabriklayman…

– Rahmat!

Jontoy razilona tirjayib:

– Juda uchar ekansan! Qalinsiz qoʻlga tushirgandirsan-a? – dedi.

– Ahmoq! – deb soʻkdim uni mashinani haydayotib. Ablahni qarang-a! Shunaqa odamlar ham boʻladida dunyoda. Yana ham boplab soʻkmoqchi boʻldim. Kabinadan bosh chiqarib qaradim: oldinda yoʻl soʻl tomonga keskin buriladi-da, tepalikka koʻtariladi. Shunday qarasam, Jontoy mashina yonida turib, chakkasini qashlab, Xadichaga allanimalar deb qichqirib, musht oʻqtalib doʻq urardi. Xadicha boʻlsa yoʻldan chetga, dala tomonga yugurib ketyapti. Chopib-chopib borib, gup etib yigʻildi-da, boshini qoʻllari bilan bekitdi. Oralarida nima gap boʻlganini bilmasam ham koʻnglim gʻash boʻldi, goʻyo bunga men ham aybdordek, unga rahmim keldi, ichim achidi. Asalga hech narsa demadim. Uning kayfiyatini buzgim kelmadi.

Bir haftadan keyin Alibek xotini bilan yashagan dovondagi uyga joylashib oldik.

Uychamiz uncha katta emas edi: ikki xona va bir dahliz. Bunday uylardan u yerda bir nechta edi. Ularda shofyorlar oilalari bilan hamda yonilgʻi punktining ishchilari yashardi. Uyimiz tor boʻlishiga qaramay, yaxshi joy edi, yoʻlning shunday yoqasida, Norin daryosi ham juda yaqin edi. Harqalay, oblast markazida. Kinoga, magazinga borib kelish juda oʻngʻay, kasalxona ham bor… Yana shu jihatdan ham qulay ediki, dovondagi bu baza yoʻlning qoq oʻrtasida edi. Biz asosan Ribachye bilan Sinszyan oʻrtasida qatnardik. U tomonga oʻtganda ham, bu tomonga oʻtganda ham yoʻl-yoʻlakay uyga tushib dam olish, hatto tunab qolish ham mumkin edi. Men deyarli har kuni uyga kirib oʻtardim. Mabodo yoʻlda tutilib qolsamda, baribir yarim tunda boʻlsa ham uyga yetib kelardim. Asal doim meni kutib oʻtirardi, xavotirlanardi, to kelgunimcha mijja qoqmasdi.

Biz endi uy-roʻzgʻor uchun zarur uncha-muncha buyumlarni sotib ola boshladik. Xullas, turmushimiz asta-sekin yaxshilanib bormoqda edi. Asal ham ishlashi kerak, degan qarorga keddik. Uning oʻzi qattiq turib oldi: ovulda tugʻilib-oʻsgan emasmi, ish jon-dili edi. Ammo kutilmaganda yangi baxtga erishdik: Asalning ona boʻlishiga oz qolgan edi. Negadir, biz buni hadeganda payqamabmiz. Asalning koʻzi yorigan kuni men Xitoydan qaytib kelayotgan edim. Juda shoshilib, hayajonlanib ketyapman. Asal Norindagi tugʻuruqxonada yotgan edi. Kelsam, oʻgʻil tugʻibdi.

Uning oldiga kirmoqchi boʻldim, biroq har qancha tushuntirsam ham qoʻyishmadi. Lekin baribir xursand edim. Mashinaga oʻtirdim-da, togʻma-togʻ gʻizillatib haydab ketdim. Oʻzimni tuta olmay, mashinani tobora qattiqroq quvardim. Bu qishda boʻlgan edi. Tevarak-atrofda faqat qorli qoyalar. Atrofimdan oq, qora rang gʻirillab oʻtaverganidan koʻzlarim jimirlashib ketardi. Doʻlan dovonining tepasiga yeldek uchib chiqdim. Osmonoʻpar ulkan balandlik, bulutlar yer bagʻirlab suzib yurgandek edi, pastdagi azamat togʻlar ham uning qarshisida pak-pakana boʻlib koʻrinardi. Men kabinadan sakrab tushib, dara yoqasiga chopib bordim va sof havodan oʻpkamni toʻldirib nafas oldim-da, butun olam eshitgudek qilib qichqirdim:

– E-y, togʻlar! Men oʻgʻil koʻrdim!

Nazarimda, togʻlar ham larzaga kelgandek boʻldi. Ular mening soʻzlarimni takrorladi va daradan-daraga taralib, uzoq vaqtgacha aks sado berib yangrab turdi.

Oʻgʻilchamizni Samad deb atadik. Unga men shunday deb nom qoʻydim. Samad bizning ermagimiz boʻlib qoldi: Samad, bizning Samad jilmaydi, uning tishchalari chiqib qoldi. Xullas, hamma yosh ota-onalardek biz ham uni sevib ardoqlar edik. Biz bir-birimizni sevardik, ahil va inoq yashardik, soʻngra esa… Soʻngra baxtsizlik yuz berdi…

 

* * *

 

Bu baxtsizlikka qanday yoʻliqib qolganimni hozir qaytadan bayon etish ancha mushkul. Hammasi aralash-quralash boʻlib, chigallashib ketdi… Oʻzim-ku, bilaman-a, ammo bundan nima foyda…

Bu odam bilan hech qachon uchrashmagan edik. Uning bu ishlarga hech qanday aloqasi ham yoʻq edi. Men buni shuning uchun gapiryapmanki, haqiqatan ham na u, na men bir-birimizning bu yorugʻ dunyoda shunday yashayotganimizni bilmas edik. Bir kuni yoʻlda tasodifan uchrashib qoldik va bu bizning soʻnggi uchrashuvimiz emasligiga oʻzimiz ham shubha qilmay ajralishgan edik. Bor gap shu…

Kech kuzda safarga ketmoqda edim. Havo kishini zeriktiradigan tund edi. Osmondan qormi, yomgʻirmi, qandaydir mayda zarrachalar yogʻardi. Tuman xuddi sumalak singari togʻ yonbagʻirlari boʻylab chizilib ketgan edi. Butun yoʻl boʻyi kabina oynasini artib turadigan choʻtkani muttasil ishlatib qoʻyishga toʻgʻri keldi. Men togʻ oralab xiyla ichkariga kirib borib, Doʻlan dovoniga yaqinlashib qolgan edim.

Eh, Doʻlan, Doʻlan, Tyan-Shanning bahaybat beli! Umrimning qanchadan qancha sahifalari u bilan bogʻliq! Qatnov yoʻlimizning eng ogʻir, eng xavfli qismi ham shu yer edi. Yoʻl ilonizi boʻlib, goh u yoqqa buriladi, goh bu yoqqa. Charxpalakda uchgandek tobora qiyalab yuqoriga koʻtarilib, bulutlarni gʻildirak bilan yanchib oʻtayotgandek boʻlasan. Goh seni oʻtirgʻichga siqib, orqaga jipslab qoʻyadi, goh rulga yopishganingcha mashina seni pastga olib qochadi. Buning ustiga quturgan tuyadek havosini aytmaysanmi. Yozmi-qishmi, Doʻlanda, baribir. Bir zumda doʻlmi, yomgʻirmi savalab ketadi yoki boʻlmasa, shunaqayam qor boʻroni turib beradiki, bir qadam naridagi narsani ham koʻra olmaysan. Mana shunday bizning oq sochli Doʻlan!.. Ammo biz tyan-shanliklar unga koʻnikib qolganmiz, koʻpincha, tunda qatnardik… Men bularni hozir hikoya qilib beryapman, u yerdan qatnab yurgan paytlarda esa bu hakda oʻylashga ham vaqting boʻlmasdi.

Doʻlan yaqinidagi daralardan birida yuk mashinasiga quvib yetib oldim. Bu “GAZ-51” mashinasi ekanligi aniq yodimda. Toʻgʻrirogʻi, quvib yetganim yoʻq, uning oʻzi toʻxtab turgan ekan. Ikki kishi motorni tekshirish bilan ovora edi. Ulardan biri yoʻl oʻrtasiga bamaylixotir chiqdi-da, qoʻlini koʻtardi. Yoʻlni toʻsib qoʻymaslik uchun ulardan oʻtibroq toʻxtadim. Oldimga jiqqa hoʻl brezent plash kiygan, boshiga kapyushon yopingan kishi keldi. Yoshi qirqlarga borib qolgan, qoʻngʻir moʻylovi soldatchasiga choʻtkasimon qilib qirqilgan, qovogʻi soliqroq, koʻzlari esa muloyim tikilardi.

– Yoʻl uchastkasiga eltib qoʻy, yigit, – dedi u menga. – Motor ishlamay qoldi, traktor keltiramiz.

– Qaysi uchastkaga? – deb soʻradim. Chunki yoʻl tuzatish uchastkalari koʻp edi, bunday uchastkalar deyarli har oʻn besh-yigirma kilometrda boʻlardi.

– Doʻlandagi meteostansiyaga yetmasdan bir oz berirokdagisiga.

Meteostansiya dovonning eng baland yerida, yoʻl tuzatish uchastkasi esa yetti kilometrlar chamasi pastda, yoʻldan sal chetroqda, burilishda joylashgan edi.

– Oʻtiring, – dedim, – olib borib qoʻyaman. Balki oʻzimiz biror ilojini toparmiz? – deb kabinadan chiqdim. Ular traktor deb to kech kirguncha sarson boʻlmasin uchun bir amallab yordam bergim keldi. Yoʻl tuzatuvchilarga azbaroyi hurmatim tufayli shunday qilgim kelardi: axir ular albatta biz uchun zahmat chekyaptilar-da.

– Nima ham qila olarding, olov olmayotibdi, – dedi shofyor ochiq turgan kapotni bekitarkan, maʼyuslik bilan. Bechora sovuq yob, junjikib, koʻkarib ketibdi. Bu yerlik shofyorlardan emasligi koʻrinib turibdi, poytaxtdan kelayotgan boʻlsa kerak. U dovdirab atrofga alanglardi. Ular uchastkaga Frunzedan nimadir olib kelishayotgan edi. Nima qilish kerak? Miyamga bir qiziq fikr kelib qoldi. Avval dovonga bir qarab qoʻydim. U yoqda havoning avzoyi buzuq, bulutlar pastlab suzardi. Nihoyat bir qarorga keldim. Oʻylagan fikrim juda zoʻr boʻlmasa ham men uchun oʻsha paytda gʻoyat katta revolyusion voqea boʻlib koʻringan edi.

– Tormozing joyidami? – deb soʻradim shofyordan.

– Ana xolos… tormozsiz yurib boʻladimi! Motor ishlamayapti deyapmiz-ku senga!..

– Trossing bormi?

– Xoʻsh, boʻlsa-chi!

– Buyoqqa keltir, mashinamga ula.

Ikkalasi ham joylaridan jilmay, ishonqiramagandek menga tikilib turishardi.

– Nima balo, aqlingdan ozdingmi? – dedi shofyor sekingina.

Xarakterim shunaqa, bilmadim, bu yaxshimi, yomonmi. Biroq bundan qatʼi nazar, miyamga bir fikr keldimi, boʻldi, kuyib-yonib ketsam ham baribir uni amalga oshirmaguncha qoʻymayman.

Men shofyorga yalinib-yolvora boshladim.

– Jon doʻstim, kel, ulay qolaylik? Xudo ursin, yetkazib qoʻyaman.

– Qoʻysang-chi! – deb qoʻl siltadi u. – Nima, bu yerda shatakka olish mumkin emasligini bilmaysanmi. Buni oʻylamay ham qoʻya qol. Bor, yoʻqol, yoʻlingdan qol-ma!..

U goʻyo eng muhim va eng katta iltimosimni rad qilgandek, shunaqayam alam qildiki menga.

– Eh, eshshak, qoʻrqoq! – deb mashinamga qarab yurdim. – Qani, yuring, ketdik! – deb chaqirdim moʻylovli kishini. Keyinroq bilsam, u yoʻl tuzatadigan ustalardan ekan.

– Tura tur! – deb toʻxtatdi meni yoʻl tuzatuvchi va yuzimga bir tikildi-da, shofyorga qarab:

– Trossni keltir, – dedi. U kalovlab qolib:

– Oʻzingiz javob berasiz, – dedi yoʻl tuzatuvchi-ga. – Mashina sizning ixtiyoringizda, Boytemir aka.

– Hammamiz javobgarmiz! – dedi u qisqa qilib. Menga bu gap yoqib qoldi. Bunday kishilarga tezda hurmating ortadi.

Biz haligi mashinani shatakka olib yoʻlga tushdik. Dastlab durustgina yurib boraverdik. Soʻngra Doʻlanga yaqinlashaverganimiz sari yoʻl ham tobora yuqoriga – toqqa tomon koʻtarilib, goh yonbagʻirlar boʻylab, goh tik qiyalik boʻylab pastlab borardi. Yurish qiyinlashdi. Motor ingrab, quloq ostida faqat guvillagan ovozgina eshitilardi. Yoʻq, qanchalik nolish qilib ingrama, baribir bor quvvatingni ishga solaman. Doʻlanda yurish qanchalik mushkul boʻlmasin, baribir mashinalarda ozmi-koʻpmi ortiqcha quvvat saqlanib qolishini ilgaridan payqab yurardim. Yoʻlning yomonligini nazarga olib, hamma vaqt normadagi yukning yetmish foyizini yuklashar edi. Koʻrsatma shunday edi. Lekin oʻsha payt men bu haqda oʻylamagandim, albatta. Oʻylab oʻtirishning vaqti ham emasdi-da. Kurash oldidan sportchilarda gʻalabaga zoʻr ishonch kuchi paydo boʻlganidek, menda ham hozir xuddi shuningdek moʻjizakor kuch joʻsh urardi. Oʻylagan fikrimni sinab koʻrish, maqsadga erishish, mashinani manzilga yetkazishda ularga yordamlashishdan boʻlak maqsadni koʻzlamasdim. Ammo buni amalga oshirish oson ish emas ekan.

Ostimdagi mashina qalt-qalt titrab, zoʻriqib, soʻnggi kuchlarini sarflamoqda edi. Nam havo kabina oynalariga urilib, uni xiralashtirar, tozalov choʻtkasi zoʻrgʻa artib ulgurardi. Qayoqdandir bulutlar yopirilib kelib, naq gʻildiraklar ostida oʻrmalashib, yoʻl uzra suza boshladi. Yoʻl ham muyulishlarda tikka koʻtarilib keskin burilib ketardi. Qayoqdagi ishni boshlab qoʻyganim uchun oʻzimni oʻzim koyiy boshladim: odamlarga shikast yetkazib qoʻymasam edi. Mashinadan koʻra oʻzim koʻproq qiynalib ketdim. Ust-boshimni: shapka, fufayka, kamzul, toʻr koʻylagimni – hammasini yechib tashladim. Birgina koʻylaqda oʻtiribman-u hammayogʻimdan xuddi hammomda oʻtirgandek bugʻ koʻtarilardi. Hazil ishmi: shatakdagi mashinaning oʻzi qancha-yu, ustiga-ustak yana ozmuncha yuki bormi, yaxshiyamki, Boytemir zinada turgandi. Menga ovoz bilan orqadagiga imo-ishora qilib, harakatni boshqarib borardi. Qingʻir-qiyshiq, past-baland yoʻllar boʻylab tirmashib, oʻrmalab borarkanmiz, hoynahoy falokatdan oʻzini saklab qolish uchun sabr-toqati chidamay, oxiri sakrab tushib qolsa kerak, deb oʻylagan edim. Aksincha, u qimir ham etmadi. Togʻ tepasiga qoʻngan burgutdek mahkam oʻrnashib olib, kabinaga yopishib turardi. Unga qaradim: yuzlari goʻyo toshdan yoʻnilgandek osoyishta, suv tomchilari betlaridan, moʻylovidan sirqib tushib, koʻngli yengil tortayotgandek edi.

Biz yana bir katta qiyalikdan oshsak, marraga yetardik. Shu payt Boytemir derazaga engashib:

– Ehtiyot boʻl, oldinda mashina kelyapti! Oʻngroqqa ol, – dedi.

Men mashinani oʻngroqqa oldim. Togʻ tepasidan yuk mashinasi tushib kelayotgan edi. Jontoyniki! Endi tamom, xavfsizlik injeneri rosa boplaydigan boʻldi: Jontoy chaqib beradi. U borgan sari yaqinlashib kelmoqda edi. Rulga yopishib olgan, xoʻmraygancha pastga tomon tushib kelardi.

Biz yonma-yon kelib qoldik. Kabina derazalari roʻbaroʻ kelganda Jontoy oʻzini orqaga oldi va mallarang tulki tumoqli boshini taʼnaomuz tebratib qoʻydi. “He, iblis! Tiling qichigan boʻlsa, ogʻzingga siqquncha gapiraver!” – deb oʻyladim ichimda.

Tepalikka ham chiqib oldik, yoʻl pastga tomon juda qiyalab ketardi, dovondagi ana shu soʻnggi marrani ham qoʻlga kiritsak, yoʻl tuzatish uchastka hovlisiga burilamiz. Mashinani oʻsha tomonga burdim. Harholda sudrab olib keldimku! Motorni oʻchirdim, qulogʻimga hech narsa kirmasdi. Qulogʻim bitib qolibdi. Nazarimda, men emas, balki butun borliq chuqur uyquga choʻmgandek boʻldi. Churq etgan ovoz yoʻq, Boytemir yerga sakrab tushgandagina qulogʻim eshita boshladi. Kabinadan arang sudralib chiqdim va shu zahotiyoq zinaga oʻtirib qoldim. Nafasim qisilardi, madordan ketgan edim, buning ustiga dovonning havosi siyrak edi. Boytemir yugurib keldi-da, yelkamga fufaykani tashlab, boshimga shapkani bostirib kiygizdi. Narigi mashinadan rangi oqarib, dami ichiga tushib ketgan haligi shofyor ham sekingina oqsoqlanib kelaverdi. U oldimda choʻqqayib oʻtirdi-da, sigareta uzatdi. Qoʻllarim qaltirab, sigaretani oldim. Hammamiz chekib olganimizdan soʻng oʻzimizga keldik. Menda yana oʻsha laʼnati yovvoyi kuch joʻsh urib ketdi.

– He-e, qalay! – dedim men. – Koʻrdingmi! Shofyorning yelkasiga bir tushirgandim, u oʻtirib

qoldi. Soʻng uchovimiz ham oʻrnimizdan sakrab turdik-da, bir-birimizning orqamizga, yelkamizga tushira ketdik. Oʻzimiz esa qahqahlab kulib, allanimalar deb quvonch bilan qichqirib, baqirishib toʻpolon koʻtardik… Nihoyat tinchlanib, yana cheka boshladik. Men kiyimlarimni kiyib, soatimga qaradim-u ketishim kerakligi “lop” etib esimga tushib qoldi.

– Xoʻp, men borayin! – dedim. Boytemirning qovogʻi osildi:

– Yoʻq, uyga kiramiz, mehmonimiz boʻlasan! – dedi.

Mening esa biron daqiqa ham vaqtim yoʻq edi.

– Rahmat! – deb minnatdorchilik bildirdim. – Ilojim yoʻq. Uyimga kirib oʻtmoqchiman, xotinim kutib oʻtirgandir.

– Qola qolsang nima boʻlardi? Bir shishani qoqib tashlardik, – dedi koʻndirmoqchi boʻlib yangi doʻstim shofyor yigit.

– Qoʻy, zoʻrlama! – deb uning soʻzini boʻldi Boytemir. – Xotini kutayotgan ekan. Isming nima seni?

– Ilyos.

– Mayli, boraver, Ilyos. Rahmat senga, bizni qutqarganing uchun.

Boytemir mashina zinasida turib meni to yoʻlgacha kuzatib qoʻydi. U indamay qoʻlimni qisdi-da, mashinadan sakrab tushib qoldi.

Togʻ tepasiga koʻtarilayotib, kabinadan boshimni chiqarib qaradim. Boytemir hamon yoʻlda turardi. Qoʻlida shapkasini gʻijimlab, kallasini quyi solganicha allanimalar haqida oʻylardi.

Bor gap shu, ana shunday qilib biz ajrashdik.

Ammo oʻsha kecha tuni bilan qiynalib chiqdim. Shamollab qolgan ekanman. Uyga kelganimda hech narsani sezmagan edim. Tezda ovqatlanib oldim. Asalga voqeani batafsil gapirib oʻtirmadim. Lekin yoʻlda odamlarga yordamlashganim uchun kechikib qolganimni aytdim, xolos. Men oʻz hayotimni qayligʻimdan yashirmasdim. Ammo, menimcha, bunday narsalarning hammasini aytaverish ham zarur emas edi. U busiz ham mendan doim xavotir olib oʻtirardi. Bundan tashqari, men bunday nojoʻya ishlarni takrorlash niyatida ham emas edim. Hayotimda bunday voqea bir boʻldi, dovon bilan kuch sinashib koʻrdim, bas. Ehtimol, yoʻldan ogʻrib qaytmaganimda, buni ertasigayoq unutgan boʻlar edim. Uyga bir amallab yetib keldim-u holdan toyib yiqildim. Nima boʻldi, qanday boʻldi, bilmayman. Hadeb alahlardim, goʻyo mashinani shatakka olib, Doʻlanda kelayotgandek boʻlaverdim. Kuchli qor boʻroni yuzimga urilar, nafas ololmay qiynalardim, baranka xuddi paxtadan yasangandek, aylantirsam qoʻllarimga yopishib qolardi. Oldinda esa cheki chegarasi yoʻq dovon. Mashina radiatori tinmay guvillab koʻkka qarab tirmashib borar va yana balandlikdan pastga tomon shuvillab tushib ketar edi… Aftidan, bu kasallik dovoni boʻlsa kerak. Uni men uchinchi kuni yengib, yengil torta boshladim. Yana ikki kun yotdim. Oʻzimni yaxshi his etardim, oʻrnimdan turmoqchi ham boʻldim, ammo Asal hech koʻnmadi. Toʻshakda yana ikki kun yotishga majbur qildi. Unga qararkanman, hayratda qoldim. Men kasal boʻldimmi yoki umi? Shunchalik qiynalib tashvish tortibdiki, kishi tanib boʻlmaydi, koʻzlarining osti koʻkimtir halqa-halqa boʻlib, ozib ketibdi, qattiqroq puflasang yiqilib ketayotgandek, uning ustiga, qoʻlida bolasi. Yoʻq, bunaqasi ketmaydi, degan qarorga keldim. Taltayib yotishga haqim yoʻq. U dam olishi kerak. Oʻrnimdan turib, kiyina boshladim.

– Asal! – deb chaqirdim sekin. Oʻgʻilcham uxlab yotardi. – Qoʻshnilar bilan gaplashib koʻr, koʻnishsa Samadni qoldirib, kinoga borib kelamiz!

U karavot yoniga chopib keldi-da, meni yana yotqizib qoʻydi. Xuddi birinchi marta koʻrayotgandek mendan koʻzini uzmasdi. Koʻz yoshlarini tutishga urinardi-yu, ammo ular kipriklari ostida yiltirab, lablari titrardi. Asal koʻksimga yuzini qoʻyib, yigʻlab yubordi.

– Senga nima boʻldi, Asal? Nima boʻldi? – deb dovdirab qoldim men.

– Sizning sogʻayib ketganingizdan oʻzimda yoʻq xursandman.

– Oʻzim ham xursandman, ammo yigʻlashning nima keragi bor. Sal mazam qochsa qochibdi-da. Qaytaga uyda sen bilan bir necha kun birga boʻldim, Samad bilan ham oʻynab xumordan chiqdik. – Oʻgʻlimning allaqachon emaklay boshlagan, endi esa yurishga shaylanayotgan eng yaxshi, eng shirin chogʻlari edi. – Rostini aytsam, yana bir shunday kasal boʻlsam qaniydi! – dedim hazillashib.

– Qoʻysangizchi shunaqa gapni, keragi yoʻq! – deb jerkib berdi Asal.

Shu payt karavotchada uxlab yotgan oʻgʻilcham uygʻonib qoldi. Asal uni iliqqinaligicha koʻtarib keldi. Uchovimiz karavotga agʻanab, toʻpolon qilib hazillashardik, Samad esa ayiqchadek u yokdan-bu yoqqa oʻrmalab, bizni tepkilar edi.

– Mana koʻryapsanmi, qanday yaxshi! – dedim unga. – Sen boʻlsang… Tura tur hali, yaqinda ota-onangning oldiga – ovulga boramiz. Qani gunohimizni kechirmay koʻrishsin-chi. Samadni koʻriboq zavqlanib ketib, hammasini unutib yuborishadi…

Ha, ovulga kechirim soʻrab borish niyatida edik. Ammo avvalo otpuska olish, soʻngra Asalning ota-onasidan tortib barcha qarindosh urugʻlarigacha sovgʻa-salomlar tayyorlash lozim edi. U yoqqa quruqdan-quruq borishni istamas edim.

Bu orada qish ham kirib qoldi. Tyan-Shanning qishi qattiq boʻladi. Kuchli dovul, qor boʻronlari va togʻdan qor koʻchish hodisalari tez-tez boʻlib turardi. Bunday paytlarda shofyorlarga tashvish yana ortardi, yoʻl tuzatuvchilarga esa yana ham qiyinroq boʻlardi. Ular togʻlardan koʻchib turadigan qor uyumlariga qarshi kurash olib borar va qor oʻpirilib tushishi mumkin boʻlgan xavfli yerlarni oldindanoq portlatishib, darhol yoʻlni tozalab qoʻyishar edi. Toʻgʻri, oʻsha yilgi qish bir oz tinchroq oʻtgan edi. Yoki menga shunday koʻringandir, chunki ish shunchalik koʻp ediki, uncha-muncha narsalarga eʼtibor bermasdik. Oʻsha yili bizning avtobazaga kutilmaganda katta qoʻshimcha topshiriq berishdi. Aniqrogʻi, bunday katta topshiriqni olishga biz shofyorlar oʻzimiz sababchi boʻlgan edik, shaxsan men uning tashabbuskori edim. Men bunga hozir ham afsuslanmayman va maʼqul ish qilganman, deb hisoblayman. Ammo, nazarimda, mening barcha musibatlarim xuddi shundan boshlangandek tuyuladi. Voqea bunday bulgan edi.

Bir kuni kechqurun avtobazaga qaytib kelayotgan edim. Asal mendan Alibek Jonturinning xotiniga kichik bir tuguncha berib yubordi. Men mashinani ularning uyi tomon burib, signal berdim. Alibekning xotini chiqdi. Unga haligi tugunchani berayotib:

– Alibek uydami? – deb soʻradim.

– Yoʻq, hali kelganicha yoʻq.

– Qayoqda u, yoʻldami?

– Yoʻgʻ-a, bugun yoʻlga chiqqani yoʻq, keyinroq borarmish. Nimagadir u yoqdan-bu yoqqa zir yugurib yuribdi. Aytishicha, xitoylik ishchilar avtobazaga telegramma yuborishgan emish.

– U yoqda nima gap boʻlibdi?

– Zavod uchun asbob-uskunalarni tezroq yetkazib berishni iltimos qilishibdi,

– Qanaqa asbob-uskuna? Sinszyanda qurilayotgan qishloq xoʻjalik mashinalari zavodi uchunmi?

– Bilmadim, Ilyos. Oʻzing eshitib qolarsan.

– Hozir Alibek qayerdaykin?

– Qayerda boʻlardi. Yuk tushirish stansiyasida-da, hamma oʻsha yerda. Eshelonlar kelganmish.

Men ham mashinani oʻsha yoqqa tomon haydadim. Nima gap oʻzi, aniqlab olay dedim-da. Mana, yetib ham keldim. Bizning yuk tushirish stansiyamiz darada, koʻldan sal berida joylashgan boʻlib, temir yoʻlning soʻnggi stansiyasi edi. U yerda gʻala-gʻovur, gʻira-shira qorongʻi, hech narsani payqab boʻlmasdi. Dara tomondan esayotgan kuchli shamol simyogʻochlardagi chiroqlarni tebratar, shuvillab shpallarni yalab oʻtardi. Vagonlarni bir-biriga tirkab yurgan parovozlar u yokdan-bu yoqqa qatnab turardi. Eng chekkadagi yoʻlda turgan kran ilgaklarini koʻtarib, tebranganicha, vagonlardagi sim va tunuka tasmachalar bilan tangʻib, mixlab tashlangan yashiklarni tushirayotgan edi. Yanglishmabman. Bu Sin-szyandagi mashinasozlik zavodiga yuboriladigan tranzit yuklar edi. U yerda yirik inshoot qurilayotgandi. Avvallari ham biz u yoqqa baʼzi asbob-uskunalarni olib borgan edik.

Avtobazamiz mashinalaridan talayginasi shu yerda ekan. Biroq hali ularning birontasi ham yuk ortmay turardi. Hamma shofyorlar nimanidir kutishayotgandek edi. Ular kabinalarda, mashina zinalarida oʻtirishardi. Baʼzilar shamoldan panalanib, yashiklarga suyanib olishgandi. Men ular bilan salomlashdim. Biron kimsa menga eʼtibor ham bermadi. Papiroslarini tutatishib, sukut saqlab turishardi. Chetroqda oʻtirgan Alibekni koʻrib qoldim. Uning oldiga bordim.

– Salom, Alibek!

– Salom!

– Nima qilyapsizlar? Telegramma olibsizlarmi?

– Ha. Zavodni muddatidan ilgari ishga tushirishmoqchi.

– Xoʻsh, nima boʻpti?

– Endi gap bizda qoldi.

– Rostdanmi?

– Koʻryapsanmi, butun yoʻl yoqalari yukka toʻlib ketibdi. Hali yana keladi. Bularni qachon tashib ulguramiz? Bu haqda oʻylayapsanmi? Odamlar bizga ishonib, u yokda kutishmoqda!.. Ularga har bir kun gʻanimat.

– Sen bularni nega menga gapiryapsan? Mening bu ishlarga nima daxlim bor?

– Nima daxlim bor?! Bu nima deganing, yo boshqa mamlakatdan kelganmisan? Yoki bizga naqadar muhim ish topshirilganini tushunmaysanmi?

– Azbaroyi xudo, aqldan ozibsan! – deb ajablanib, oʻzimni chetga oldim.

Shu payt yashiklar orqasidan ovozlar eshitilib qoldi. Avtobazamiz boshligʻi Omonjoʻlov koʻrindi. U kamzulining etagi bilan shamolni toʻsib, pana qilib papiros tutatdi-da, soʻngra indamay hammamizga bir-bir nazar tashlab chiqdi.

– Gap mana bunday, oʻrtoqlar, – dedi u, – ministrlikka telefon qylib koʻraman, balki yordam berishar. Ammo bunga orqa qilish kerak emas. Nima qilish kerakligini hozircha oʻzim ham bilmay turibman.

– Buni uddalash qiyin, oʻrtoq Omonjoʻlov! – dedi kimdir. – Yuklar juda ogʻir, qoʻpol, ortishga ham, joylashtirishga ham noqulay. Kuzovga ikki-uchtadan ortigʻi sigʻmaydi. Mabodo kechayu kunduz ishlaganimizda ham, xudoga shukur, koʻklamgacha yetadigan ish bor.

– Hamma gap shunda-da, – dedi Omonjoʻlov. – Ammo ilojini topishimiz kerak. Xoʻp, hozircha uy-uyimizga tarqalaylik. Sizlar ham oʻzlaringizcha oʻylab koʻring!

U “Gazik”ka oʻtirib joʻnab ketdi. Shofyorlardan birontasi ham joyidan qoʻzgʻalmadi. Ular negadir shoshilmasdilar. Qorongʻi burchakda oʻtirgan allaqanday kishi, hech kimga murojaat qilmay, oʻzicha doʻrillab gapirdi:

– Boʻlmagʻur ish! Ikki oyoqni bir etikka tiqib boʻlmaydi! Bu haqda ilgariroq oʻylash kerak edi! – deb oʻrnidan turib, papiros qoldigʻini oʻchirdi-da, mashinasi tomon ketdi.

Uni boshqa shofyor quvvatladi:

– Bizda doim shu ahvol, ish qistalang keldimi, boʻldi, qutqaringlar, jon ogʻaynilar, deb darhol shofyorlarga osilishgani osilishgan.

Odamlar unga oʻshqirib berishdi:

– Bu xalqaro ish-ku, Ismoil, sen boʻlsang bozorchi shallaqi xotinlarga oʻxshab vaysayapsan-a!

Men munozara-tortishuvlarga qoʻshilmay turardim. Ammo birdan miyamga bir fikr kelib qoldi: dovonda mashinani qanday shatakka olganim yodimga tugndi. Chidab tura olmadim-da, har vaqtdagidek qizishib ketib:

– Oʻylab oʻtirishning nima keragi bor! – deb oʻrtaga otilib chiqdim. – Mashinalarga pritsep ulash kerak!

Hech kim qimir etmasdi. Baʼzilar hatto menga qayrilib qaramadi ham. Bunday fikrni faqat telbalargina aytishi mumkin edi.

Jontoy sekingina hushtak chalib qoʻydi:

– Koʻrdinglarmi!

Men uning ovozidan tanidim. Turgan yerimda har tomonga alanglayman, boʻlgan ishni birma-bir soʻzlab bergim kelyapti. Ammo qandaydir soʻloqmonday yigit yashik ustidan tushib, qoʻlqopini yonidagi sherigiga berdi-da, oldimga yaqin kelib, yoqamdan ushlab, oʻzi tomon tortib:

– Qani, “uff” de-chi! – dedi.

– Uff! – deb pufladim men.

– Kayfi yoʻq! – dedi u yoqamni boʻshatarkan, hayron boʻlib.

– Boʻlmasa, jinni-minni boʻlgandirda, – dedi haligi yigitning sherigi uni quvvatlagandek va ikkalasi ham mashinalariga oʻtirishib, joʻnab ketishdi. Boshqalar ham ketishga hozirlanib, oʻrinlaridan jimgina qoʻzgʻalishdi. Hech qachon bunchalik kulgi, bunchalik mulzam boʻlmagan edim! Yer yorilmadi-yu, yerga kirmadim.

– Toʻxtanglar! Qayoqqa ketyapsizlar! – deb shofyorlar orasida alanglab, u yoqdan-bu yoqqa yugura boshladim. – Men hazil qilayotganim yoʻq, haqiqatan ham pritseplar ulash mumkin…

Keksa, oqsoqol shofyorlardan biri jahli chiqib, oldimga keldi-da:

– Men bu yerda shofyorlik qila boshlagan paytlarimda sen hali ishtonchan yurgan goʻdak eding. Tyan-Shan tansa maydoni emas, senga juda rahmim kelyapti, xalq oʻrtasida masxarabozlik qilma! – dedi.

Odamlar meni masxara qilishib, mashinalariga tarqala boshladilar. Shunda men butun stansiyani boshimga koʻtarib baqirdim:

– Sizlar shofyor emas, xotinchalishlarsiz!

Buni bekor qilgan ekanman, boshimga balo orttirib oldim.

Hamma toʻxtab, baravariga menga qarab yopirilib kela boshladi:

– Nima deding, ablah! Koʻpchilikning hayoti bilan oʻynashmoqchimisan!

– Novator! Mukofot olmoqchi! – deb shovqin soldi Jontoy. Gʻala-gʻovur zoʻrayib ketdi, odamlar meni iskanjaga olib, yashiklarga qisib qoʻyishdi.

– Masxara qilyapsanmi hali!

– Sol tumshugʻiga!

– Mishigʻingni artib olsang-chi!

Doʻpposlab, dabdala qilib tashlashsa kerak, deb oʻylab, yerdagi yotgan taxtani qoʻlimga oldim.

– Qani, chetroq tur, yoʻl ber! – deb hushtak chalib, kimdir hammani itarib-surib kela boshladi.

Bu Alibek edi.

– Jim! – deb baqirdi u. – Sen, Ilyos, tushuntirib gapir! Tezroq soʻzlay qol!

– E, nimani gapiraman! – dedim men nafasim boʻgʻzimga tiqilib. Chunki hali ogʻiz ochishga ulgurmasdanoq yulib-tortqilashib, tugmamdan birontasini ham qoldirishmay uzib yuborishgandi. – Men dovonda bir mashinani yuki bilan shatakka olib, yoʻl tuzatuvchilar uchastkasigacha oborib qoʻyganman. Bor gap shu.

Yigitlar ishonmagandek jim boʻlib qolishdi.

– Xoʻsh, torta oldingmi? – deb soʻradi kimdir shubhalanib.

– Ha, butun Doʻlandan to uchastka hovlisigacha tortib bordim.

– Ho, juda zoʻr-u! – dedi kimdir ajablanib.

– Oʻzicha valdirayapti-da! – deb eʼtiroz bildirdi ikkinchi biri.

– Faqat muttahamlargina valdiraydi. Buni Jontoy ham koʻrgan. Hoy, Jontoy, qayoqdasan? Ayt! Qanday uchrashganimiz esingdami?..

Ammo Jontoyning ovozi chiqmasdi. U yer yorilib, yerga kirib ketgandek, gʻoyib boʻldi-qoʻydi. U ablahdan nafratlanib yurganim bejiz emas edi. Hozir buni oʻylab turadigan vaqt emasdi. Odamlar bahslashib ketdi. Meni quvvatlagan odamlar ham boʻlishdi. Biroq qandaydir bir shakkok chiqib, birdaniga ularni fikrlaridan qaytardi-qoʻydi:

– Bekorchi gap sotishning nima keragi bor! – deya toʻngʻillay boshladi u. – Birov bir ishni bir marta qilsa qilibdi-da! Bunday hodisalar ozmi! Biz yosh bola emasmiz. Trassamizda pritseplar ulab yurish man etilgap. Bunga hech kim ruxsat ham bermaydi. Mehnat xavfsizligi injenerlariga shunday deb koʻr-chi, nima derkin: shunaqayam boplasinki, dodingni xudoga ayt-gin. Sizlarni deb javobgarlikka tortilishni xohlamasa kerak… Gapning oʻgʻil bolasi shu.

– E, qoʻysang-chi! – deb gapga aralashdi boshqa birov. – Ruxsat bermaydi deganing nimasi! Mana, Ivan Stepanovich oʻttizinchi yillarda polutorka mashinada dovonni birinchi boʻlib ochgan. Unga ham hech kim ruxsat bermagan edi. U oʻz bilgicha qilgandi bu ishni. Mana oʻzi, hali oʻlganicha yoʻq…

– Ha, darvoqe, shunday boʻlgan edi, – deb tasdiqladi Ivan Stepanovich. – Ammo hozir shubhalanib turibman: axir bu yerdan hatto yozda ham hech kim pritsep bilan oʻtgan emas, hozir esa qish…

Shu paytgacha indamay oʻtirgan Alibek gapga aralashdi:

– Yetar shuncha tortishganimiz. Ilyosning taklifi hali sinab koʻrilmagan narsa boʻlsa ham oʻylab koʻrish kerak. Lekin sen aytgancha emas, Ilyos, pritsepni ulaymiz-u ketavermaymiz. Bunday qilish yaramaydi, oldin bunga hozirlik koʻrish, hammasini jiddiy oʻylab chiqish, maslahatlashish va sinab koʻrish kerak. Quruq soʻz bilan hech narsani isbotlay olmaysan…

– Isbotlayman! – dedim men unga. – Sizlar oʻylab, fol ochib boʻlgunlaringizcha, men isbotlab beraman! Ana oʻshanda ishonch hosil qilasizlar! – deb burilib mashina tomon yurdim va avtobazaga joʻnab ketdim.

Har kimning oʻz xulqi, feʼl-atvori bor. Ularni boshqarib turish kerak, albatta, biroq bunga hamma vaqt ham muyassar boʻlavermaydi kishi. Rul boshqarib borayotgan boʻlsam ham na ostimdagi mashinani, na yoʻlni his etardim. Dard-alam, xafagarchilik va asabiylik butun vujudimni egallab olgandi. Boyagi soʻzlar borgan sari izzat-nafsimga qattiq tegib, yurakni oʻrtab tutaqtirayotgan edi. Yoʻq, men sizlarga isbotlab berganim boʻlsin! Odamning soʻziga ishonish kerakligini isbotlab beraman, uning ustidan kulish qandayligini koʻrsatib qoʻyay, ehtiyotkorlik bilan orqa-oldingga qarab ish koʻrish qanaqa boʻlishini bir isbotlab beray! Alibekka ham qoyilman: oʻyiab koʻrish, tayyorlanish, sinab koʻrish kerakmish! U hamisha shunaqa aqlli, ehtiyotkor! Ammo men uchun bular bir pul! Men bu ishni xamirdan qil sugʻurgandek bajarib, kimligimni koʻrsatib qoʻyaman!

Mashinani garajga qoʻyganimdan keyin ham uning atrofida ancha vaqtgacha oʻralashib yurdim. Sirtdan qaraganda tinchlanib qolganga oʻxshasam ham koʻnglim bezovta edi. Men faqat bir narsa haqida – oʻzimning haq ekanligimni qanday qilib ertagayoq isbotlasam ekan, deb oʻylardim. Fikrimni isbotlash, soʻzlab berish uchun boshliqlar oldiga borishni, ularning eʼtirozlarini tinglashni endi xohlamas edim. Yoʻl bitta: pritsep bilan dovonga qarab joʻnash. Men buni qanday boʻlmasin, bajarishim kerak edi. Ammo pritsepni menga kim berardi, uni avtobazadan Tyan-Shan yoʻliga olib chiqishga kim ruxsat etardi?

Shunday oʻy-xayollar bilan garajdan chiqib, hovli boʻylab sekin yura boshladim. Kech kirib qolgan edi. Faqat dispetcherxonada chiroq yonib turardi. Men toʻxtab qoldim: e, dispetcherchi. Dispetcher hammasini toʻgʻrilab berishi mumkin-ku! Hamma ish uning qoʻlida. Men dispetcherxona tomon shoshildim. Chamamda, bugun Xadicha navbatchilik qilayotgan boʻlsa kerak. Shunday boʻlsa yana ham yaxshi. U mening iltimosimni rad etmaydi. Rad etishi ham mumkin emas. Rad etgan takdirda ham axir men jinoyat qilmoqchi emasman-ku. Aksincha, u hamma uchun foydali, hamma uchun muhim boʻlgan ishni amalga oshirishda menga yordam beradi, xolos.

Dispetcherxonaga yaqinlashar ekanman, anchadan beri ilgarilardagidek eshikdan toʻgʻri kirib boravermayotganligim va tuynukcha orqali murojaat qilayotganligim esimga tushib, ikkilanib qoldim. Shu payt eshik ochildi. Ostonada Xadicha turardi.

– Sening oldingga kelayotgan edim, Xadicha. Yaxshiyamki, shu yerda ekansan!

– Men ketyapman.

– Xoʻp, yur, uyinggacha kuzatib qoʻyaman.

Xadicha taajjublanib, menga shubhalanib qaradi-da, jilmayib:

– Ketdik, – dedi.

Biz tashqariga chiqib, koʻcha boʻylab keta boshladik. Koʻcha zim-ziyo qorongʻi edi. Koʻl tomondan toʻlqinlarning shovillagani eshitilib turar, izgʻirin shamol esardi. Xadicha qoʻltigʻimdan ushlab, sovuq shabadadan panalab pinjimga tiqila boshladi.

– Sovqotyapsanmi? – deb soʻradim.

– Sen bilan birga boʻlsam sovqotmayman! – dedi u. Xadicha yana bir nima demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, biroq jim qolib, yana kiftimga ishqalana boshladi. Bunga qadar hayajonlanib turgan edim, endi boʻlsa negadir tinchlanib, oʻzimni erkin seza boshladim,

– Ertaga qay mahal navbatchilik qilasan, Xadicha?

– Ikkinchi smenada.

– Senda bir ishim bor. Juda muhim. Bari senga bogʻliq…

Yoʻlda unga hammasini aytib berdim. Avvaliga gapimga quloq solgisi ham kelmadi, biroq men uni hamon ishontirishga intilardim. Chiroq ostida, muyulishda toʻxtadik. Xadicha bir qarorga kelolmay turardi.

– Eh, Ilyos! – dedi u tashvish bilan koʻzimga boqib. – Bekor shunday qilyapsan!

Ammo men nima desam ham uning bajarishini tushunib turardim. Uning qoʻltigʻidan ushlab:

– Bekorga emas. Menga ishonaver! Hammasi joyida boʻladi. Xoʻsh, kelishdikmi? – dedim.

U xoʻrsinib qoʻydi.

– Sen aytganingdan keyin, nima ham qila olardim! – dedi-da, xoʻp degandek bosh qimirlatdi.

Men beixtiyor uning yelkasidan quchoqlab oldim.

– Asli yigit boʻlib tugʻilishing kerak ekan-da, Xadicha! Xoʻp, ertagacha xayr! – deb qoʻlini qattiq qisdim. – Kechgacha hamma qogʻozlarni toʻgʻrilab qoʻy xoʻpmi?

– Namuncha shoshilmasang! – dedi u qoʻlimni boʻshatmay turib. Soʻngra birdan oʻzgarib qoldi. – Mayli, boraver… Yotoqxonagami?

– Ha, Xadicha.

– Xayrli tun, – dedi u.

Ertasiga bizda texnika koʻrigi boʻldi. Avtobazadagi odamlar diqqinafas boʻla boshladi: inspektorlar doim bemavrid tiqilinch qilishadi-da, nuqul biron narsadan ayb topib, akt tuzishgani tuzishgan. Qanchalik dahmaza, qanchalik tashvish. Ammo ularning oʻzlari esa juda ogʻir, sovuqqon odamlar. Planga muvofiq avtobazani texnika koʻrigidan oʻtkazishlari kerak edi, shunga koʻra ular bamaylixotir oʻz ishlarini bajarayotgan edilar.

Oʻz mashinamdan koʻnglim toʻq edi, ammo remont qilayotgan kishidek oʻzimni chetga tortib turaverdim.

Xadicha navbatchilikka oʻtguncha vaqtni choʻzib turish kerak edi. Hech kim men bilan gaplashmas, hech kim kechagi hodisani eslatmas edi. Odamlar buni xayoliga ham keltirmasdi: hamma texnik koʻrikdan tezroq oʻtib, yoʻlga tushishga va bekor ketgan vaqtning hissasini chiqarishga oshiqardi. Ammo baribir koʻnglimdagi dogʻ yoddan koʻtarilmasdi.

Texnika koʻrigidan tushdan keyin oʻtdim. Inspektorlar ham ketishdi. Hammayoq boʻshab, huvillab qolgan edi. Hovlining ichkarisida ochiq havoda pritseplar turardi. Ulardan baʼzan tekis yoʻllarda, ichki qatnovda foydalanilar edi. Men pritseplarga qanday borish qulayroq ekanini koʻzdan kechirib, ulardan birini – eng chetkisini moʻljallab qoʻydim. U oddiygina toʻrt gʻildirakli aravaga oʻxshardi. Uning hamma hikmati mana shu. Ammo shuni deb qanchalik hayajonga tushdim… Oʻsha payt meni nima kutayotganini bilmas edim. Shuning uchun ham yaxshigina ovqatlanib, biror soat boʻlsa ham mizgʻib olish maqsadida xotirjamgina yotoqxonaga ketdim. Yoʻl juda xavfli edi. Baribir uxlay olmadim. Vaqtni ilondek toʻlgʻanib oʻtkazdim. Qosh qoraya boshlagach, avtobazaga bordim.

Xadicha boʻlsa allaqachon kelib turgan ekan. Hamma narsa taxt edi. Men uni behuda tashvishlantirmaslik uchun ortiqcha takalluf qilib oʻtirmasdan yoʻllanmani oldimda, garajga shoshildim. Yugurib ketyapmanu xayolimdan: “Tamom! Endi buyogʻini bir koʻrsatib qoʻyay sizlarga!” – degan fikrni oʻtkazdim. Mashinani burdim va tislab borib pritsepga toʻgʻriladim, soʻngra motorni sekin yurgizib qoʻydim-da, tevarak-atrofni koʻzdan kechirish uchun kabinadan chiqdim. Biron kimsa koʻrinmaydi. Faqat remont ustaxonasidagi dastgohlarning taqir-tuquri-yu, koʻl toʻlqinlarining qirgʻoqqa urilishidan koʻtarilgan shalop-shulup ovozlari eshitilib turardi. Osmon sukunat ichida turgandek tutolsa ham bironta yulduz koʻrinmasdi. Yonimda motor sekin tirillab turardi, mening yuragim ham gup-gup urardi. Chekmoqchi boʻldimu, lekin papirosni shu zahotiyoq chetga otib tashladim, keyin…

Darvoza oldida meni qorovul toʻxtatdi:

– Toʻxta, qayoqqa! – dedi u.

– Yuk ortishga, oqsoqol, – dedim men oʻzimni beparvo koʻrsatishga urinib. – Mana chiqishga propuska.

Chol qogʻozga sinchiklab tikildi-yu, ammo fonus yorugʻuda hech narsa oʻqiyolmadi.

– Vaqtimni olma, oqsoqol! – dedim sabrim chidamay. – Ish qolib ketyapti!

Yuk ortish tinchgina oʻtdi. Yaxshigina yuk ham olindi: kuzovga ham ikki, pritsepga ham ikki boʻlak yuk olib yoʻlga chiqdim va faqat shundan keyingina koʻnglim joyiga tushib, cheka boshladim. Soʻngra mashinaga qulayroq oʻtirib oldim-da, chiroqni yoqib, toʻla gaz berdim. Mashina chirogʻidan taralayotgan yogʻdu atrofni qoplab olgan qorongʻilik chokini soʻkib borardi. Yoʻl boʻm-boʻsh edi. Mashinani eng yuqori tezlikka qoʻyib haydashim mumkin edi. Orqada sharaqlab kelayotgan pritsep yengilgina va bir tekisda yelib borayotgan mashinaga deyarli xalal bermasdi. Toʻgʻri, burilishlarga kelganda mashina yoʻl chekkasiga surilib ketardi va rulni boshqarish ham ancha qiyinlashar edi. Ammo bunga odatlanmaganlikdan, keyinchalik koʻnikib ketarman, deb oʻylardim. “Doʻlanni zabt etaman, Sinszyanga ham boraman!” – deb qichqirdim oʻzimga-oʻzim va ot ustida enkayib chopib borayotgandek rul chambaragiga yopishib oldim. Yoʻl ravon kelgan yerlardan iloji boricha tezroq haydab oʻtish va tun yarmida Doʻlanga hujum boshlash niyatida edim.

Baʼzi vaqtlarda tezlikni moʻljalimdagidan ham oshirib haydardim. Ammo togʻ boshlangandan keyin sekinroq va ehtiyotkorlik bilan yurishga toʻgʻri keldi. Bu motorning quvvati yetmasligidan emas, albatta. Tepalikka chiqishga qaraganda, pastlikka tushish ancha qiyin edi. Pritsep nishablikdan oʻkday gʻizillab kelib, mashinaga zarb bilan urilar va uning tinchgina tushishiga xalaqit berar edi. Har qadamda tormoz berib, tezlikni kamaytirish va rulni ziyraklik bilan boshqarib turishga toʻgʻri kelardi. Boshda oʻzimni dadil tutdim, uncha-muncha narsaga eʼtibor bermaslikka harakat qildim, lekin borgan sari xavotirlanib, asablarim buzila boshladi. Hali yoʻlda yana qanchadan-qancha tepalik va nishabliklar uchraydi. Bularni sanab chiqish hech kimning xayoliga kelganmikin! Shunday boʻlsa-da, ruhimni tushirmadim. Bu yerda holdan toyishdan boshqa hech narsa koʻnglimga tahdid solmasdi.

“Hechqisi yoʻq, – deb ovutardim oʻzimni oʻzim. – Dovonga chiqish oldidan nafasimni rostlab olaman. Dovondan albatta oshib oʻtaman!” Biroq men nega oʻsha kuzda mashinani shatakka olganimdagiga qaraganda hozir koʻproq qiynalyapman, deb oʻylab oʻtirmadim.

Doʻlan tobora yaqinlashib kelmoqda. Chiroq nurlari qop-qora tun qoʻyniga choʻkkan ulkan daraning qoyalarini siypalab oʻta boshladi. Qorli qalpoqlarini bostirib kiyib olgan bu qoyalar yoʻl ustida osilib turardi. Chiroq nurlarida pagʻa-pagʻa qor parchalari yaltirab koʻrina boshladi. “Yuqoridan shamol uchirib tushayotgan boʻlsa kerak”, dedim oʻzimcha. Ammo qor par-chalari kabina derazalariga yopishib, erib, pastga sirqib tushardi. Demak, qor yogʻayapti. U siyrak yogʻayotgan boʻlsa ham nam qor edi. “Bunisiga balo bormi-di!..” – dedim gʻijinib. Oyna tozalaydigan choʻtkalarni ishga soldim.

Dovonning dastlabki balanddiklari boshlandi. Motor odatdagidek oʻzining mungli qoʻshigʻini kuylay boshladi. Uning zoʻriqib bir ohangda guvillashi qorongʻida oʻrmalab borayotgan qoʻngʻiz bolasini eslatardi. Nihoyat marraga yetib keldim. Endi oldinda pastga qarab qiyalab ketgan olis yoʻl. Motor ovozi pasayib, mashina quyiga qarab tusha boshladi. Mana endi u yon-bu yonga qarab tebranib bormoqda. Men pritsepning orqada lapanglab, yoʻl-yoʻlakay mashinaga sharaqlab kelib urilayotganini sezib, halqalarning tutashgan yeridan gʻijirlab chiqayotgan metall ovozlarini eshitib turardim. Bu gʻijirlash ovozi gʻashimni keltirib, belimni, bilaklarimni sirqiratib ogʻritayotgandek boʻlardi. Gʻildiraklar tormozga itoat qilmay, nam qor toʻshamida sirgʻalib boradi, mashina sirgʻalib bir silkinib ketgan edi, ruli qoʻlimdan chiqib ketdi-da, shaqir-shuqur qilib, yoʻl boʻylab, qiyalab pastga tomon gʻizillagancha tushib keta boshladi. Shunda men darhol rulni burib, mashinani toʻxtatdim. Bu yogʻiga yurish amri mahol edi, oyoq-qoʻlimda jon qolmagandi. Mashina chirogʻini ham, motorini ham oʻchirdim. Tayokdek qotib qolgan qoʻllarim xuddi yasama qoʻldek pastga shalop etib tushdi. Men oʻrindiq suyan-chigʻiga oʻzimni tashlab, toshday qotib oʻtirar va xirillab nafas olayotganimni oʻzim ham eshityb turardim. Shu taxlitda bir necha minut oʻtirib, nafasimni rostlab oldim-da, papiros cheka boshladim. Chor atrofim qop-qorongʻi zimiston, dahshatli sukunat. Faqat kabina teshikchalaridan shamol gʻuvillab kirib turardi. Oldinda nimalar kutayotganini tasavvur qilishdan yuragim vahimaga tushardi. Bu yerdan yuqoriga qarab qiyalik boʻylab baland-past, qingʻir-qiyshiq yoʻllar davom etardi. Bu – motor va qoʻllarning azobi. Bu togʻ yonbagʻirlari boʻylab ilonizi yoʻllar bilan yuqoriga tinimsiz oʻrmalab chiqish demakdir. Oldinga – yuqoriga – orqaga, yana ilgariga – oldinga – orqaga, yana va yana… Ammo oʻylab oʻtirishga vaqt yoʻq, qor gupillab urib turibdi.

Motorni yurgizdim. Mashina qattiq oʻkirib, balandlik sari qoʻzgʻaldi. Tishimni tishimga qoʻyib, tinimsiz ravishda ilonizi yoʻllarni asta-sekin bosib oʻtaverdim. Nihoyat, tepalikka ham chiqib oldim. Endi tik qiyamalik, yoʻl tuzatuvchilar uchastkasiga burilib ketadigan muyulishga qadar bir tekis nishablik, undan keyin esa dovonga soʻnggi hujum boshlandi. Bir amallab pastga tushib oldim va toʻrt kilometrcha choʻzilib yotgan toʻgʻri yoʻldan mashinani yeldek uchirib borib, yuqoriga koʻtarila boshladim. Mana, u olgʻa intilib tobora yuqorilashib bormoqda… Ammo boyagi tezlab kelayotgani koʻpga bormadi, tezlik borgan sari pasaya bordi. Motorni ikkinchi, soʻngra birinchi tezlikka qoʻyib haydadim. Rulni mahkam ushlagancha, oʻzimni orqaga tashladim. Bulut parchalari orasidan yulduzlar moʻralashib qarashardi. Mashina joyidan qimir etmas va u yogʻiga tortolmasdi. Gʻildiraklar bir yerda gʻirillab aylanib, chetga surilardi, men akseleratorni jon-jahdim bilan bosdim.

– Qani, yana! Yana ozgina! Qimtib yubor! – deb qichqirib yubordim.

Choʻzib-choʻzib ingrayotgan motor titrab-qaltirab dirillay boshladi-da, birdaniga oʻchdi-qoldi. Mashina sekingina orqaga keta boshladi. Jonholatda tormoz berdim, toʻxtamadi. Pritsepning ogʻirligi bilan borgan sari tezroq sirgʻalib, pastga tomon gʻildirab tu-shaverdi, nihoyat, mashina qoyaga urilib, taqqa toʻxtadi. Hammayoq jimjit boʻlib qoldi. Kabina eshigini ochib, tashqariga qaradim. Xuddi oʻylaganimdek! Padariga laʼnat! Pritsep yoʻl yoqasidagi ariqqa tushib ketgan edi. Endi uni hech qanday kuch bilan chiqarib boʻlmasdi. Oʻzimni yoʻqotib, dovdiraganimcha, yana motorni yurgizdim, zoʻr berib mashinani oldinga qarab hayday boshladim. Gʻildiraklar oʻz oʻrnidan qoʻzgʻalmay gʻirillab aylanardi. Mashina bor kuchi bilan ilgariga qarab intildi, butun tanasi dirillab ketdi-yu, ammo joyidan siljimadi. Men mashinadan sakrab tushdim-da, pritsepga tomon chopib bordim. Uning gʻildiraklari ariqqa chuqur botib ketgan edi. Nima qilish kerak? Boshim qotib qolgan edi, gʻazab bilan pritsepga otildim, uning gʻildiragini qoʻllarim va butun gavdam bilan itara boshladim. Soʻngra kuzovning ostiga kirib boshim sirqirab ogʻrib ketgunicha yirtqich hayvon singari boʻkirib, pritsepni yelkam bilan yoʻlga surib chiqarishga urinib koʻrdim, ammo qayoqda deysiz! Holdan toyib, yoʻlga yuztuban yiqildim va qor aralash loyni quchoqlab alamimdan yigʻlab yubordim. Keyin oʻrnimdan turdim-da, gandiraklaganimcha mashina zinasiga kelib oʻtirdim.

Yiroqdan. motorning guvillagan ovozi eshitildi. Ikki chiroqcha balandlikdan pastdagi tekis yoʻlga yogʻdu sochib tushayotgan edi. Bu shofyorning kimligini va yarim tunda taqdir uni qayoqqa va nima uchun haydayotganini bilmasdim, ammo bu chiroqlar goʻyo meni quvlab yetib, ushlab oladigandek seskanib ketdim. Qaroqchi singari pritsep ilgagiga qarab yugurdim, uni mashina bilan ulab turgan metall oʻqni sugʻurib olib, chetga uloqtirdim va kabinaga irgʻib chiqib, pritsepni ariqda qoldirganimcha, mashinani yuqoriga qarab yeldek uchirib ketdim.

Qandaydir tushunib boʻlmaydigan dahshatli qoʻrquv taʼqib etardi meni. Orqamdan kelayotgan mashina nazarimda xuddi izma-iz quvib yetib kelayotgandek tuyulardi. Mashinani shunchalik tez haydardimki, azbaroyi yoʻlni yod bilganimdan biron yerga urib ham olmadim. Agar koʻzlarimni bogʻlab qoʻyganlarida ham xuddi shunday qilgan boʻlardim.

Tongotarda dovondagi bazaga yetib keldim. Nima qilayotganimni oʻzim ham anglamay, aqldan ozgan kishidek, eshikni musht bilan qoqa boshladim. Eshik lang ochildi. Asalga qaramay, boshdan-oyoq loyga belanganimcha uyga kirdim. Entikkanimcha allaqanday bir nam narsaning ustiga oʻtirdim. Bu kursi ustiga uyib qoʻyilgan kir uyumi ekan. Papiros olish uchun qoʻlimni choʻntagimga tiqqan edim, qoʻlimga mashina kalitlari ilindi. Men uni jahl ustida kuchim boricha chetga uloqtirdim va boshim “shilq” etib tushdi, urib poʻla qilib tashlangandek, tinka-madorim qurib, shalpayganimcha oʻtirardim. Koʻzlarim polda. Stol yonida Asal oʻz ogʻirligini yalang oyoqlarining dam unisiga, dam bunisiga solib turardi. Unga nima ham deya olardim? Asal polda yotgan kalitlarni olib, stol ustiga qoʻydi.

– Yuvinib olasizmi? Kechqurun suv isitib qoʻyganman, – dedi u sekingina.

Men boshimni sekin koʻtardim. Sovqotgan Asal nozikkina qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, tungi koʻylaqda qarshimda turar edi. Uning qoʻrquv bosgan koʻzlari tashvish va achinish bilan menga boqardi.

– Dovonda pritsepni agʻdarib yubordim, – dedim begona tovush bilan.

– Qanaqa pritsep? – deb soʻradi u tushunmasdan.

– Temirdan yasalgan, yashil rangli, “02–38” nomerli! Qanaqa boʻlsa ham baribir emasmi! – deb qichqirdim jahl bilan. – oʻgʻirlab olgandim uni, tushunasanmi? Oʻgʻirlab olgandim.

Asal sekingina “Voy!” deb yubordi-da, karavotga oʻtirib qoldi.

– Nega?

– Nega boʻlardi? – uning hadeganda gapga tushunavermagani mening jigʻimga tegardi. – Dovondan pritsep bilan oʻtmoqchi edim! Tushundingmi? Oʻz fikrimni amalda isbotlamoqchi edim… Mana endi uyim kuydi!

Men yuzimni kaftlarim orasiga olgancha oʻtirardim. Ikkalamizdan ham birmuncha vaqt sado chiqmadi. Asal shartta irgʻib turdi-da, kiyina boshladi.

– Nega oʻtiribsiz endi?. – dedi u jiddiy qiyofa-da.

– Nima qilishim kerak? – deb gʻoʻldiradim men.

– Avtobazaga qaytib boring!

– Qanday boraman! Pritsepsiz-a?

– U yerda hammasini tushuntirib berasiz!

– Esingni yedingmi! – Tars yorilib ketishimga sal qoldi. Xona boʻylab u yoqdan-bu yoqqa tez-tez yura boshladim. – Qaysi yuz bilan pritsepni u yerga sudrab boraman? Kechirasizlar meni, xato qilib qoʻydim, deymanmi?! Oyoqlariga bosh urib yalinib-yolvorgani boramanmi? Yoʻq, bormayman! Bilganlarini qilishsin! Hammasiga tupurdim!

Mening baqiriq-chaqirigʻimdan karavotda yotgan oʻgʻilcham uygʻonib ketib, yigʻlab yubordi. Asal uni qoʻliga olgan edi, bola battarroq qichqira boshladi.

– Qoʻrqoqsiz, – dedi Asal sekingina, lekin qatʼiy qilib.

– Nima-a! – deya gʻazabdan oʻzimni tutolmay musht oʻqtalgancha unga tashlandim, qoʻl koʻtarishga koʻtardim-u, ammo urishga jurʼat etolmadim. Uning hayratlanib boqib turgan shahlo koʻzlari meni tang qoldirdi. Men uning chaqnab turgan koʻz qorachiqlarida oʻzimning dahshatli va burishib-tirishib ketgan turqimni koʻrib turardim.

Uni qoʻpollik bilan bir chetga siltab yuborib, eshik tomon shiddat bilan borib, uni taraqlatib yopganimcha tashqariga chiqib ketdim.

Tashqari allaqachon yorishib qolgan edi. Kunning yorishib ketgani menga qattiq taʼsir qildi; kecha boʻlib oʻtgan hamma qilmish-qidirmishlarim menga yanada mudhish, yanada xunuk boʻlib koʻrinar, oʻzimni bir umr tuzatib boʻlmaydigan xato qilib qoʻygandek his qilardim. Hozircha birgina najot yoʻli bor boʻlib, bu ham boʻlsa loaqal mashinadagi yukni joyiga eltib qoʻymoq zarur edi. U yogʻiga nima qilishni bilmayman…

Orqaga qaytishda uyga kirib oʻtmadim. Asal bilan janjallashib qolganimdan emas. Usiz ham mulzam edim. Hech kimga koʻrinmaslikka va hech kimni koʻrmaslikka urinardim. Boshqalarni bilmayman-u bunday hollarda yolgʻiz boʻlishni va boshimga tushgan tashvishni boshqalarga sezdirmaslikni istardim. Kimga keragi bor buning? Agar qoʻlingdan kelsa, hamma kulfatlaring ado boʻlguncha sabr-toqat qil, chida…

Kechasi yoʻlovchilar tunaydigan uyda tunab qoldim. Tuni bilan uxlayolmay alahsirab chiqdim. Tushimda dovonda pritsepni qidirib yurgan emishman. Uning izlari bormishu oʻzi yoʻq emish. Har tomonga zir yugurib, pritsep qayoqqa gʻoyib boʻldi, kim olib ketdi, deb soʻrab-surishtirib yurganmishman. Men qaytayotganimda u haqiqatan ham oʻsha bexosiyat yerda – turgan joyida yoʻq edi. Faqat izlari bor edi, xolos. Qaytarib olib ketishibdi. Keyin bilsam, pritsepni avtobazaga Alibek sudrab kelgan ekan.

Pritsep orqasidan oʻzim ham ertalab avtobazaga yetib keldim. Shu kunlar ichida qorayib ketibman, kabina yoniga qadab qoʻyilgan kuzatuv oynachasiga qarab oʻzimni oʻzim tanimay qoldim.

Avtobazada hayot odatdagicha edi. Faqat mengina, goʻyo begona kishilardek, mashinani darvoza tomon iymanibgina haydab kelib, sekingina hovliga kirib bordim va mashinani garajdan narirokda, bir chekkada toʻxtatdim-da, kabinadan chiqmay oʻtiraverdim. Atrofga koʻz yugurtirib chiqdim. Odamlar ishlarini yigʻishtirib qoʻyishib, har tomondan menga qarab tikilib turishardi. Eh, qani endi lip etib qayrilsang-u boshing oqqan tomonga qochib qolsang. Biroq hech yoqqa qochishning iloji yoʻq edi. Kabinadan chiqishga toʻgʻri keldi. Bor jasoratimni toʻplab, hovlidan yurib, dispetcherxona tomon yoʻl oldim. Oʻzimni xotirjam tutishga, shaxdam qadam tashlashga urinar-dim, ammo aslida esa saf tortib turgan kishilar oldidan oʻtayotgan gunohkor soldatdek yurib borardim. Hammaning meni xoʻmrayib kuzatib turganini sezib turardim. Hech kim meni chaqirmadi ham, men bilan salomlashmadi ham. Ularning oʻrnida boʻlganimda, ehtimol men ham shunday qilgan boʻlardim.

Ostonaga qoqilib ketdim. Goʻyo yuragim ham qoqilib ketgandek boʻldi: eh, Xadicha haqida oʻylamabman, uni sharmanda qildim! Endi nima deyman unga?

Koridorda nafasimni rostlab, peshonamdagi terni artdim. Boshimni koʻtarib, u yoq-bu yoqqa qarasam, roʻparamda devoriy gazetamiz “Chaqmoq” sahifasidagi plakat menga tikilib turardi. “Uyat senga!” deb yirik harflar bilan yozib qoʻyilgan soʻzlar ostida togʻ orasida qoldirib ketilgan pritsep tasvirlangan edi…

Men teskari oʻgirildim. Yuzlarim shapaloq yegandek lovillab yonardi. Dispetcherxonaga kirdim. Xadicha telefonda nimanidir gaplashayotgan edi. Meni koʻrib gapidan toʻxtab, trubkani joyiga osib qoʻydi.

– Ma! – deb badbaxt yoʻllanmani stolga otdim. Xadicha achingan qiyofada menga qaradi. Faqat shallaqilik qilib yigʻlab yubormasa boʻlgani deb oʻyladim.

“Hozir emas, keyin, boʻlak biror yerda!” – deb yolvordim ichimda. U ham meni tushundi, hech narsa demadi.

– Shovqin koʻtarishdimi? – deb soʻradim sekin. Xadicha bosh irgʻib qoʻydi.

– Hechqisi yoʻq! – dedim gʻijinib, uning ruhini koʻtarish uchun.

– Seni katta yoʻldan olishdi, – dedi u.

– Olishdi? Butunlaymi? – dedim kulimsiragan boʻlib.

– Butunlay olishmoqchi edilar – remontga… Ammo yigitlarimiz sening yoningni olishdi. Hozircha ichki reyslarga oʻtkazishdi. Boshliqqa uchra, seni chaqirtirishgan edi.

– Bormayman! Mensiz oʻzlari hal qilishaversin. Pushaymon qilmayman…

Men xonadan chiqdim. Boshimni quyi solganimcha, koridordan arang chiqib ketdim. Kimdir menga peshvoz kelardi. Men unga yoʻl berib, oʻzimni chetga oldim. Bu Alibek edi. U moyga belangan qoʻllarini ham artmay garajdan kelayotgan ekan. Men uning yonboshidan oʻtib ketmoqchi edim, ammo Alibyok yoʻlimni toʻsdi.

– Yoʻq, shoshma! – deb meni burchakka qisdi. Koʻzlarimga tikilib, gʻazab bilan shivirladi: – Xoʻsh, ishlar qalay, azamat? Isbotladingmi? Itfeʼlligingni koʻrsatding!

– Ishimiz joʻnashib ketsin devdim-da, – deb poʻngʻilladim men.

– Yolgʻon!

– Nima yolgʻon?

– Yolgʻiz oʻzing shuhrat qozonmoqchi boʻlding! Oʻzing uchun tirishding! Biroq muhim ishni barbod qilding. Mana endi, shulardan keyin ham pritsep bilan yurish mumkinligini isbotlab koʻr-chi! Ahmoq! Shuhratparast!

Ehtimol, bu soʻzlar mening oʻrnimda boshqa odam boʻlganida aqlini yigʻib olishga majbur etarmidi, ammo menga endi baribir edi: oʻz fikrimni hali ham isbotlab, maqsadga erishishim mumkinmi, yoʻqmi, bunga befarq qarardim. Agar men shu paytgacha oʻzimcha ich-etimni yeb yurgan boʻlsam, endi shu daqiqadan boshlab kishilarning achchiq tazyiqlarini va menga nafrat bilan qarashlarini butun vujudim bilan his qila boshladim. Men goʻyo ularning koʻziga oʻzimning shon-shuhratimni orttirishga urinuvchi shuhratparast bir kimsa boʻlib koʻrinayotgan edim. Haqiqatda esa bu mutlaqo shunday emasdi. Ammo fakt faktligicha qoladi.

– Chetroq tur! – deb nariga itardim Alibekni. – Sensiz ham yuragim siqilib turibdi!

Eshikka chiqdim. Sovuq, izgʻirin shamol hovli sahnidagi qorni uchirib oʻynardi. Odamlar men tomonga koʻz qirini tashlashib, yonimdan jimgina oʻtib ketishardi. Nima qilish kerak? Mahkam tugilgan mushtlarimni choʻntagimga tiqib, darvoza tomon yurdim. Muzlab qolgan koʻlmakchalar oyoq ostida oyna singari chirsillab sinardi. Oyogʻimga tavot moyidan boʻshagan bankacha toʻgʻri kelib qoldi. Jonim boricha uni darvozadan koʻcha tomon tepib yubordim-da, oʻzim ham ortidan boraverdim.

Kun boʻyi shaharcha koʻchalari boʻylab daydib yurdim, kimsasiz huvillab yotgan pristanda tentiradim. Issiqkoʻlda poʻrtana quturib, qirgʻoqqa bogʻlab qoʻyilgan barjalar suv betida chayqalib-qalqib yotardi.

Bir mahal qarasam, suv transporti boshqarmasining choyxonasiga kelib qolibman. Yolgʻiz oʻzim deraza yoniga borib oʻtirdim. Oldimda – stol ustida ogʻzi ochilgan bir shisha aroq bilan tarelkada qandaydir gazak turardi. Birinchi stakanni ichishim bilanoq kayfim taraq boʻlib, oyogʻim ostiga anqov kishilardek termilib oʻtirardim. Mening koʻnglim ham zangori tutunga choʻmib, mast-alastlarning pala-partish gaplariga toʻlgan shu choyxona singari xira va gʻash edi.

– Nega gʻamgin koʻrinasan, yigit? – bexosdan boshim uzra kimningdir yoqimli va xiyol istehzoli ovozi eshitildi. Boshimni arang koʻtardim. Yonimda Xadicha turardi.

– Ha, bir oʻzing icha olmayapsanmi? – deb iljayib yonimga oʻtirdi u. – Qani, birga ichaylik boʻlmasa!

Xadicha stakanlarga aroq quyib, bittasini menga surib qoʻydi.

– Ol! – dedi u, goʻyo biz bu yerga anchayin oʻtirish va ichish uchun kelgandek, gʻurur bilan hayosizlarcha koʻz qisib.

– Sen nimaga suyunyapsan oʻzi? – deb soʻradim norozi ohangda.

– Nima, yigʻlaymi boʻlmasa? Sen turganda menga boshqa narsaning keragi yoʻq, Ilyos! Men seni sabrli, chidamli deb oʻylagan edim. Kel, nima boʻlsa boʻlar! – deb sekingina kulib qoʻydi u va yonimga yaqinroq surildi, qop-qora nozli koʻzlarini suzib, qoʻlidagi stakanni choʻqishtirdi.

Biz ichdik. Men papiros tutatdim. Koʻnglim bir oz yorishgandek boʻldi: kuni boʻyi birinchi marta jilmayishim edi.

– Qoyilman senga, Xadicha! – dedim va uning qoʻlini qisdim.

Darvoqe, Xadicha oʻsha kecha juda ochilib ketgan edi.

Keyin koʻchaga chiqdik. Qosh qorayib qolgan edi. Koʻl tarafdan esayotgan shoʻx shamol daraxtlarni va chiroqlarni tebratib oʻynardi. Oyoq ostimizdagi yer ham unga taassuf qilgandek chayqalardi. Xadicha qoʻltigʻimdan tutib, meni yetaklab borardi, u mehribonlik bilan yoqamni koʻtarib qoʻydi.

– Men sening oldingda aybliman, Xadicha! – dedim oʻz gunohim va minnatdorchiligimni yashira olmay. – Ammo shuni bilib qoʻy, men seni hech kimga xafa qildirib qoʻymayman… Hammasiga oʻzim javob beraman…

– Bularni unutib yuborasan, jonginam! – dedi u. – Oʻzing ham tinib-tinchimagansan-da… Doim qayoqqadir yelib yugurganing-yugurgan. Men boʻlsam senga achinaman. Oʻzim ham ilgari shunaqa edim. Hayotdan ilgarilab keta olmaysan, undan nasib qilganini ol… Taqdir bilan oʻynashib nima qilasan…

– Bu har kimning tushunchasiga bogʻliq! – deya eʼtiroz bildirdim, soʻngra oʻylab koʻrib: – Ehtimol, sen haqdirsan… – deb qoʻydim.

Biz Xadicha yashaydigan uyning shamolga teskari tomonida toʻxtadik.

– Mana, uyga ham yetib keldim! – dedi u.

Men ketmoqchi boʻlardimu, biroq u yerdan sira jilolmasdim. Endi ikkimiz oʻrtamizda bir-birimizni bogʻlab turuvchi qandaydir bir narsa bor edi. Xadichaning samimiyligi, menga nisbatan hamdardligi va uning oldida oʻzimni qarzdor kishidek sezayotganligim darhol ketishimga yoʻl bermayotgan edi. Buning ustiga, hozir yolgʻiz qolib, yotoqxonaga borishdan ham choʻchiyotgan edim. Haqiqatan u hozir juda ochilib ketgan boʻlsa ham baʼzida shunday zahar boʻlib qoladiki, undan oʻzingni beixtiyor chetga tortishga harakat qilasan.

– Nega oʻylanib qolding, jonginam? – deb soʻradi Xadicha. – Charchadingmi, yoʻling olislik qilyaptimi?

– Hechqisi yoʻq, bir amallab yetib olaman. Xayr. U qoʻlimni ushlab koʻrib:

– Vuy-y, muzlab qolibsan-u! Toʻxta, isitib qoʻyay! – dedi-da, qoʻlimni paltosi ostiga yashirib, qattiq koʻksiga bosdi. Men qoʻlimni tortib olishga, qizning bu qaynoq mehr-muhabbatiga qarshilik koʻrsatishga jurʼat eta olmadim. Qoʻlim ostida uning yuragi goʻyo koʻpdan orziqib kutib yurgan oʻz ulushini talab qilayotgandek dukillab urardi. Ha, darvoqe, men mast edim, ammo hech narsani tushunmaydigan, sezmaydigan darajada uchib qolgan emasdim, albatta. Men sekingina qoʻlimni tortib oldim.

– Ketdingmi? – deb soʻradi Xadicha.

– Ha.

– Xoʻp, xayr! – deb Xadicha xoʻrsindi-da, qayrilib, eshik tomon tez yurib ketdi. Qorongʻida eshikning “taq” etib yopilgani eshitildi. Men ham yoʻlga tushdimu, biroq bir necha qadam yurganimdan soʻng toʻxtadim. Bir mahal qarasam, yana oʻsha eshikchaning oldiga kelib qolibman, buning qanday boʻlganini oʻzim ham bilmayman. Eshikni itardim. Xadicha meni shu yerda kutib turgan ekan. U boʻynimga tashlandi, lablarimdan oʻpib, mahkam quchoqlab oddi.

– Oxiri qaytding-a! – deb pichirladi u, soʻngra qoʻlimdan ushlab, uyiga yetakladi.

Yarim tunda uygʻondim, ancha vaqtgacha qayerda ekanligimni bilolmay yotdim. Boshim qattiq ogʻrirdi. Biz bir karavotda yonma-yon yotardik. Badani iliqqina, yarim yalangʻoch Xadicha pinjimga kirib olgandi. U yelkam uzra bir maromda tinchgina nafas olardi. Men oʻrnimdan turib, darhol bu yerdan ketmoqchi boʻldim. Sal qimirlab qoʻydim. Xadicha koʻzlari yumukdigicha meni quchoqlab oldi. U silliq, yum-yumaloq tizzasini kaftimga qoʻydi.

– Ketma! – deb shivirladi qulogʻimga. Soʻngra boshini koʻtarib, qorongʻida koʻzlarimga tikildida, entikib-entikib pichirlay boshladi: – Endi sensiz yashay olmayman! Sen menikisan! Har vaqt ham meniki eding! Boshqa hech narsani bilmayman, bilishni ham istamayman! Meni sevsang boʻlgani, Ilyos! Sendan boshqa narsa talab qilmayman… Ammo sendan voz kecha olmayman, tushunyapsanmi, oʻz orzularimdan voz kecha olmayman! – deb yigʻlab yubordi. Uning koʻz yoshlari yuzimga yumalab tusha boshladi.

Men qoldim. Tongga yaqin uyquga ketdik. Qarasak rosa uxlabmiz. Tashqarida kun yorishib ketgan edi. Tez kiyindim, yoqimsiz, tashvishli bir his yuragimni siqib noxush qilardi. Yoʻl-yoʻlakay kalta poʻstinimni kiyib, shoshilib hovliga chiqdim, poʻstinimning tugmalarini qadarkanman, oʻzimni “lip” etib koʻcha eshikka urdim. Tevarak-atrofga nazar tashladim, devorning muyulishidan mallarang tulki tumoq kiygan odam toʻppa-toʻgʻri men tomonga kelaverdi. Eh, uni koʻrgani koʻzim, otgani oʻqim yoʻq-da! Jontoy ishga ketayotgan edi, u bu yerga yaqin joyda yashardi. Ikkovimiz ham bir lahza serrayib qoldik. Men oʻzimni koʻrmaganlikka soldim. Shartta burildim-da, avtobazaga qarab ketverdim. Jontoy orqamdan maʼnodor yoʻtalib qoʻydi. U orqamdan qorni gʻarch-gʻurch bosib kelmoqda edi. Uning bu shiddatli gʻarch-gʻurch odimlashida qanchalik zaharxandalik, birovning baxtsizligidan sevinish borligi ravshan anglashilib turardi. Biz to avtobazaga qadar shu taxlitda oldinma-keyin yurib keldik.

Men avtobazaga kiraverishdagi yoʻlakka kelganda qadamimni tezlashtirdim va garajga burilmay, toʻgʻri idoraga qarab ketdim. Koridorning biror yerida toʻxtab, sal nafasimni rostlab olishim kerak edi.

Bosh injenerning kabinetidan odamlarning gangir-gungur ovozlari xiyol eshitilib turardi. Bu yerda odatdagidek ertalabki qisqa yigʻin oʻtmoqda edi. Agar pritsep voqeasi odamlar xayolidan koʻtarilib ketgan boʻlsa edi, hozir bu yerga jon deb kirgan boʻlardim. Qani endi men ham kirib deraza tokchasigami, boshqa yergami chiqib olib, oyoqlarimni chalishtirgancha papi-rosimni chekib, huzur qilib oʻtirsam, yonimda oʻtirgan hamkasabalarim bilan u yoq-bu yokdan gaplashsam, ertalabki naryadni eshitsam, shofyorlarning ish sohasidagi biror arzimagan narsa yuzasidan begʻaraz soʻkishlarini va tortishuvlarini tinglab oʻtirsam… Shu paytgacha bular inson uchun shunchalik zarur, shunchalik aziz ekanini hech tasavvur etmagan ekanman. Garchi shunday boʻlsa-da, shofyorlarning koʻzlariga koʻrinishga jurʼat eta olmasdim. Koʻrqqanligimdan emas, yoʻq, qoʻrqoqlik qilganim yoʻq. Meni koʻproq oʻsha muvaffaqiyatsizliqdan gʻazablanish, umidsizlikka tushish va ular oldida behayolarcha koʻrsatgan botirligim, ojiz qaysarligim tashvishlantirayotgan, yana bularning ustiga-ustak, Xadicha bilan tasodifan tunab qolganim meni iztirobga solayotgan edi. Odamlar ham mening qilmishimni hali-beri unutmaydiganga oʻxshaydi. Ichkarida xuddi mening haqimda soʻz borardi. Avval ichkaridan eshitilib turgan gaplarga eʼtibor bermadim. Ammo birdan kimningdir gʻazab bilan baqirib gapirayotgan tovushi eshitila boshladi:

– Bu qanday bemazagarchilik! Uni sudga berish kerak, sizlar boʻlsangiz uni xaspoʻshlab oʻtiribsizlar! Tagʻin baʼzilar uyalmay-netmay, toʻgʻri oʻylabdi, deb uni himoya qilishyapti! Axir pritsepni dovonga tashlab kelibdi-ku!..

Uni boshqa ovoz boʻldi:

– Toʻgʻri! Bunaqalarning koʻpini koʻrganmiz. Aql oʻrgatishga juda usta. Shuhrat orttirmoqchi boʻlibdi, koʻngli mukofot istab qolibdi. Qarang, avtobazaga yaxshilik qilmoqchi emish! Biroq hammasi chappasidan ketdi!

Odamlar tortisha boshladi. Gʻovur-gʻuvur zoʻrayib, hech narsani anglab boʻlmay qoldi. Men nari ketdim, tirqishdan gap poylashni oʻzimga ep koʻrmadim. Yoʻllanma olish uchun dispetcherxonaga qarab yoʻnaldim.

– Men qayoqqa boraman? – deb soʻradim oʻsha kuni navbatchilik qilayotgan qizdan.

Hozircha meni avvalgi joyimda qoldirishibdi. Aftidan, hali mening masalam uzil-kesil hal etilmagan koʻrinadi.

Koridor boʻylab orqaga qaytdim. Shofyorlarning xonadan gur etib tashqariga chiqayotganlarini eshitib, qadamimni tezlatdim. Ular hamon vagʻir-vugʻur gaplashishardi. Alibek yoʻl-yoʻlakay kimgadir qizishib uqtirardi.

Pritsepga tormozlarni oʻzimizda oʻrnatamiz. Kompressorda shlangni sugʻurib tashlab, oʻrniga kolodkani joylashtirish uncha qiyin ish emas-ku! Anovi Ilyosmi? Ilyos, toʻxta! – deb chaqirdi u meni.

Men toʻxtamay, garajga qarab ketaverdim. Alibek menga yetib oldi-da, yelkamdan ushlab tortdi.

– Uh, seni qara-ya! Tushunyapsanmi, axir ishontirdim-da! Tayyorgarlik qilaver, Ilyos! Sherik boʻlib borasanmi? Sinab koʻramiz! Pritsep bilan!

Mening dilim ranjidi: meni yomonotliqdan qutqarmoqchi boʻlibdi, omadsiz oʻrtogʻini shatakka olar emish! Sherik emish! Men uning qoʻlini yelkamdan siltab tashladim:

– Pritsepingdan oʻrgildim!

– Namuncha zarda qilasan. Oʻzingdan koʻr! Men senga shunchaki gapirayotganim yoʻq – biz uncha-muncha narsalarni oʻylab qoʻydik, odamlar bilganlarini aytishdi, qolaversa, dovonda tashlab kelgan pritsepingni oʻzim tortib kelganman… Biron ish chiqib qolsa kerak…

– Qilsang, oʻzing qilaver, meni oʻz holimga qoʻy, bor.

– Qoʻysang-chi, shuncha jinnilik qilganing yetar. Ishni yarim yoʻlda tashlab ketish yaxshi emas! Ha, rostdanam, unutayozibman. Volodka Shiryaev senga hech narsa demadimi?

– Yoʻq, uni koʻrganim yoʻq. Nima edi?

– Iya, bu qanaqasi boʻldi! Qayoqlarda yuribsan oʻzing? Asal yoʻlga chiqib, kim koʻringandan seni soʻraydi, xavotir olib oʻtiribdi! Sen boʻlsang!..

Turgan yerimda oyoqlarim chalishib ketdi, yurak urishim xuddi toʻxtab qolayozgandek oʻzimni shu qadar ogʻir sezdimki, hatto oʻlimimga ham ming marta rozi boʻldim. Alibek boʻlsa yengimdan tortib, hamon pritseplar uchun yasaladigan qandaydir moslamalar va yana allanimalar haqida tushuntirardi. Jontoy bir chekkada quloq solib turardi.

– Oʻz holimga qoʻysang-chi! – deb qoʻlimni tortib oldim. – Mendan nima kerak senlarga? Sudga boʻlsa sudga beringlar! Shu yogʻi ham yetar! Hech qanday pritsepning keragi yoʻq menga! Hech kimga sherik ham boʻlmayman! Tushundingmi?

Alibekning qovogʻi osildi, peshonasi tirishdi:

– Oʻzing boshlab, oʻzing oʻt qalab, endi birinchi boʻlib dumingni xoda qilib qochmoqchimisan? Shunaqami?

– Qanday tushunsang, shunday tushunaver! – dedim-da, shartta burilib, garaj tomon ketdim.

Mashina oldiga keldim, qoʻllarim qaltirardi, nima qilishni bilmasdim. Nima uchundir mashina ostidagi chuqurga sakrab tushdim-da, sal oʻzimni bosib olish uchun terib qoʻyilgan gʻishtlarga yonboshladim.

– Menga qara, Ilyos! – tepamdan shivirlagan ovoz eshitildi.

Boshimni koʻtarib qaradim: bunisi yana kim boʻldi! Tumoq kiyib olgan Jontoy menga ayyorona tikilgancha chuqur tepasida xuddi qoʻziqorindek choʻnqayib oʻti-rardi.

– Uni juda boplading-da, Ilyos! – dedi u.

– Kimni?

– Alibekni-da, aktivistni! Naq nishonga urding! Darrov nafasi oʻchdi-qoldi, boʻlmasa bu novator quloqni batangga keltirardi.

– Xoʻsh, sening qanchalik ishing bor?

– Nima ishim borligini oʻzing ham tushunib turgan boʻlsang kerak. Biz shofyorlarga pritsepning keragi yoʻq. Uning oqibati qanday boʻlishini bilamiz: birortasi ishlab chiqarish normasini oshiradi, yoʻlni qisqartadi, keyin hammalaring oʻsha ilgʻor darajasiga koʻtarilinglar deyiladi-yu, biroq yuk tashish uchun toʻlanadigan haqni kesib qoladilar. Xoʻsh, kim oʻz choʻntagiga zarar keltirishni istaydi? Bir kunlik shuhrat, obroʻ kimga kerak? Biz sendan xafa boʻlayotganimiz yoʻq. Ha, koʻngling toʻq boʻlsin…

– Biz deganing kimlar? – deb soʻradim undan bamaylixotir boʻlishga intilib. Ammo birdan bosib kelgan gʻazabdan yuragim siqilib ketdi: – Mashinani shatakka olib ketayotganimda nega nafasingni chiqarmay oʻtib ketganingni endi angladim! Olisni koʻzlabsan-u, ammo tumshugʻing ostidan narini koʻrolmabsan, seningcha, boshqalar hech narsani tushunmaydi. Oʻzingcha meni ahmoq deb oʻylayapsan shekilli! Biz deganing senmi? – deb soʻradim yana.

– Faqat mengina emas, – dedi Jontoy koʻzlarini pirpiratib.

– Yolgon, magʻzay, bit! Seni deb qasddan pritsep bilan yurganim boʻlsin! Tanimda jonim bor ekan, aytganimni qilaman. Sen bilan ana oʻshanda gaplashaman. Qani, tuyogʻingni shiqillatib qol-chi!

– Hay-hay, haddingdan oshma! – deb oʻdagʻayladi Jontoy. – Sening ham qanaqaligingni yaxshi bilamiz… Biroq oʻylab koʻr… Anoviga kelsak, davring kelganda yurib qol…

– He seni!.. – deb jahl ustida qichqirib yubordim-da, joni qahrim bilan. jagʻiga tushirdim.

U xandaq chekkasiga qanday oʻtirgan boʻlsa, shundayicha orqasiga agʻanab tushdi. Tumogʻi ham uchib ketdi. Men xandakdan mushukdek sakrab chiqdim-u unga tashlandim. Ammo Jontoy oʻrnidan turib olgandi, u oʻzini chekkaga olib qochib, butun hovlini boshiga koʻtarib dodlay boshladi:

– Bezori! Kazzob! Musht bilan qoʻrqita olmaysan meni! Sening ham adabingni berib qoʻyadigan kuch topilar! Haddingdan oshma, zararkunanda!..

Har tomondan odamlar yugurib kela boshladilar. Alibek ham chopib keldi.

– Nima gap? Nega urding uni?

– Haqiqat uchun! – deya battarroq baqira boshladi Jontoy. – Haq gapni yuziga aytganim uchun! Pritsepni oʻgʻirlagan ham oʻzi, dovonda agʻdarib tashlab ketib, ishni barbod qilgan ham oʻzi, yana boshqalar vijdonan uning xatosini tuzatmoqchi boʻlishsa, u tumshuqqa soladi! Endi bu ishdan manfaatdor emas, chunki obroʻ va shon-shuhratni qoʻldan boy berib qoʻydi!..

Alibek men tomon yurdi. Rangida qoni yoʻq, oppoq oqarib ketgan, gʻazabdan tutilib-tutilib gapirardi.

– Ablah! – deb koʻkragimdan itarib yubordi u. – Alam qilganidan dovon uchun qasd olyapsanmi? Oʻylama, sensiz, qahramonlarsiz ham ishlay olamiz!..

Men indamay turaverdim. Biron narsani tushuntirib beradigan holim yoʻq edi hozir. Jontoyning haddan tashqari surbetlarcha aytgan yolgʻon-yashiq soʻzlaridan shunchalik iztirobga tutpgan edimki, hatto biron ogʻiz soʻz aytolmay qoldim. Oʻrtoqlarim menga oʻqrayib turishardi. Jontoy boʻlsa labidagi qonni tumogʻi bilan artib, hamon oʻkirardi.

Men mashinaga sakrab chiqdim-da, avtobazadan tashqariga haydab ketdim.

Yoʻlda ichib oldim. Taʼbim juda xira edi. Oʻzimga nisbatan boʻlgan qahr-u gʻazabni bartaraf eta olmas va soʻnggi kunlarda boʻlib oʻtgan hamma qilmishlarimni unuta olmas edim. Asalni eslasam, vijdon azobida yana qiynalardim.

Dastlabki yoʻl boʻyidagi magazinchalardan biriga kirib chiqdim, foydasi boʻlmadi, soʻngra yoʻl-yoʻlakay yana bir toʻxtab, toʻla stakanni paqqos urdim. Shundan keyingina sal yengillashdim. Koʻpriklar, yoʻl boʻyidagi belgilar va qarshidan kelayotgan mashinalargina koʻz oʻngimdan lip-lip oʻtib borardi. Koʻnglim ancha yorishgandek boʻldi. “Eh! – deya oʻylardim oʻzimcha. – Boʻlganicha boʻlar. Senga nima yetishmaydi, mashinangni haydab yuribsan, boʻldi-da, Xadichaning bu ishlarga nima daxli bor, senga u nima yomonlik qildi, boshqalardan uning qayeri kam? Yoshgina, chiroyli, dilbar ayol; boʻlsa. Seni jon-dilidan yaxshi koʻradi. Sen uchun har narsaga tayyor, sen boʻlsang, u haqida boʻlmagʻur turli xayollarga borib yuribsan. Axir u bilan oʻtkazgan tuning yomon boʻldimi. Yaxshilikni bilmagan ahmoq!”

Kechqurun uyga qaytib keldim. Kalta poʻstinimni bir kiftimga kiyib olganimcha, eshik oldida gandiraklab turibman: men baʼzan rulni boshqarish oson boʻlsin uchun oʻng yengimni yechib olardim. Bu bolaligimdan odat boʻlib qolgan, bolalar bilan tosh otib, kimoʻzar oʻynaganimizda ham shunday qilardim…

Asal koʻzi tushishi bilan menga otildi. Ammo qay ahvoldaligimni koʻrib qoʻrqib, hayron boʻlib turib qoldi.

– Sizga nima boʻldi, Ilyos? – Soʻngra gap nimada ekanligini angladi shekilli: – Voy, nega turibsiz? Charchadingizmi, sovqotdingizmi? Qani, yechining! – dedi.

Asal yordamlashmoqchi boʻlib qoʻlini choʻzdi, biroq churq etmasdan uning qoʻlini oʻzimdan nariga surib qoʻydim. Nomus qilayotganimni qoʻpollik bilan bekitishga toʻgʻri keldi. Qoqinib-surilib borarkanman, nimanidir taraqlatib tepib yubordim-da, oʻzimni gurs etib stulga tashladim.

– Biror narsa boʻldimi, Ilyos? – dedi Asal menga yaqinlashib kelarkan, mast-alast koʻzlarimga tashvish bilan tikilib.

– Nima, sen hali bilmaysami? – deb boshimni quyi soldim; yaxshisi, uning yuziga qaramayin. Men, Asal hozir oʻpkalab, takdirdan noliy boshlaydi, deb kutib turardim. Oʻzimni oqlamay, har qancha koyisa ham tinglashga tayyor edim. Ammo u goʻyo uyda yoʻkdek churq etmasdi. Men sekingina koʻz qirimni tashladim. Asal orqasini oʻgirgancha deraza yonida turardi. Garchand uning yuzini koʻrmayotgan boʻlsam ham iztirob chekayotganini va koʻzlarida yosh miltillab turganini sezdim. Unga juda rahmim kelib ketdi, yuragim ezila boshladi.

– Bilasanmi, Asal, men senga bir narsani aytmoqchi edim, – deb gap boshladim jurʼatsizlik bilan. – Shuni aytmoqchimanki! – nafasim boʻgʻzimga tiqilib ortiq soʻzlay olmadim. Qilgan gunohimga iqror boʻlishga yuragim dov bermadi. Yoʻq, u mendan buni hech qachon kutmagan, ayta olmayman. Unga rahmim kelgandi, ammo bekor qilgan ekanman. Oʻsha daqiqada oʻzimni-oʻzim yenga olmadim. – Biz, ehtimol, bu yaqin-orada sizlarnikiga, ovulga bora olmasak kerak, – deb gapni boshqa yoqqa burdim. – Keyinchalik vaqt-soati bilan borarmiz… Hozir bundan koʻra zarurroq ishlar bor…

– Xoʻp, mayli! Keyinroq borarmiz, shoshadigan joyi yoʻq! – dedi Asal va koʻz yoshlarini artib, ol-dimga keldi. – Hozir bu hakda oʻylamay qoʻya qoling, Ilyos. Hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Yaxshisi, oʻzingizni oʻylang. Juda oʻzgarib qoldingiz. Sizni hech tushuna olmay qoldim, Ilyos.

– Xoʻp, boʻpti! – deb uning gapini boʻldim, yuraksizlik qilib qoʻyganimdan jahlim chiqib. – Charchaganman, uyqum kelyapti.

Men yolgʻon-yashiq soʻzlarni yanada koʻproq gapirib qoʻymaslik, oradagi sof sevgi koʻzgusiga dogʻ tushirib qoʻymaslik uchun tezroq yotib uxlashim kerak edi. Asal ham uni-buni soʻrab boshimni qotirib oʻtirmasdi. Men voqeani bir boshdan oqizmay-tomizmay aytib bermoqchi boʻlib, bir necha bor hozirlandimu, biroq oradan vaqt oʻtgan sari iqror boʻlishdan uzoqlasha bordim. Bilsam, hammasining oʻz mavridi – vaqt-soati bor ekan. Kayfim tarqalgach, boʻlib oʻtgan voqealarni unga endi hech qachon ochiqchasiga gapirib bera olmasligimni tushundim. Nega bundayligini oʻzim ham bilmasdim.

Oradan bir kun oʻtgach, qaytishda dovonning narigi tomonida Alibekni uchratib qoldim. U pritsep bilan kelayotgan ekan. Doʻlan ishgʻol etilgan edi.

Alibek meni koʻra solib, yurib kelayotgan yerida kabinaning oʻng eshigidan sakrab tushdi-da, qoʻl silkiy boshladi. Men tezlikni kamaytirdim. U yoʻlda behad xursand va gʻolibona turardi.

– Salom, Ilyos! Buyoqqa chiq, chekishamiz! – deb qichqirdi u.

Men unga yaqinlashib tormoz berdim. Alibekning kabinasida yoshgina yigitcha – ikkinchi shofyor oʻtirardi. Mashinaning gʻildiraklariga zanjirlar oʻrab bogʻlangan. Pripeplarda pnevmatik tormoz. Buni men darhol payqagan edim. Biroq toʻxtamadim. Menga juda alam qilgan edi. Uddasidan chiqibsan – qoyil! Lekin meni tinch qoʻy.

– Toʻxta, toʻxta! – deb Alibek orqamdan yugura boshladi. – Ishim bor, toʻxta, Ilyos! Eh, shayton, senga nima boʻldi?.. Xoʻp, mayli! oʻzing bilasan…

Men mashinani tezlatdim. Qichqirma. Bizning bir-birimizda hech qanday ishimiz yoʻq. Mening ishim allaqachon rasvo boʻlgan. Yaxshi qilmadim, eng yaqin doʻstim Alibekdan ajraldim. Axir u haq edi, hamma narsada haq edi, buni endi tushunib yetdim. Ammo oʻsha paytda mening qanchalik asablarimni buzgan, qanchalik umrimni sarflagan narsaga u alam qilarli darajada juda tez va juda oddiy yoʻl bilan erishganligini kechira olmasdim.

Alibek chuqur mulohazali va jiddiy yigit edi. U hyoch qachon dovonga menga oʻxshab partizanlik qilib bormasdi ham. Bunaqangi harakatlar uning tabiatiga yot edi. Uning kuch-quvvati, eʼtibori ham xuddi mana shunda edi. U mashinani sherik bilan birga haydab toʻgʻri qildi. Ular mashinani yoʻlda navbatma-navbat haydashlari, dovonni yangi kuchlar bilan qoʻlga kiritishlari mumkin edi. Dovonda hal etuvchi narsa – motor, iroda va inson qoʻllari. Buning ustiga, Alibek bilan sherigining manzilga borib kelishda bekor ketadigan vaqti deyarli ikki marta qisqarar edi. Bularning hammasini u hisobga oldi, mashina kompressoridan pritsepga bir vaqtda harakat qila oladigan tormoz oʻrnatdi. U eng oddiy narsani – zanjirlarni ham unutmadi, ular bilan oldingi gʻildiraklarni tangʻib qoʻydi. Xullas, u faqat “ura” qichqirigʻi bilan emas, balki shay boʻlib, toʻla qurollangan holda dovonga hujum qildi. Ana shu yoʻsinda Doʻlandan mashinalar pritseplar bilan oʻtadigan boʻlib qoldi.

Alibekdan keyin dovondan boshqalar ham pritseplar bilan yurishga kirisha boshlashdi. Xdmmasi emas, albatta, ammo odatdagidek har bir ishda ham asosiy narsa uning boshlanishida-da, axir. Bu orada mashinalarning soni ham ortib qolgandi, qoʻshni avtobazadan yordam yuborishgandi. Bir yarim hafta davomida kechayu kunduz Tyan-Shan traktida mashinalarning guvillashi tinmadi. Xullas, qanchalik ogʻir, qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, biznikilar xitoylik ishchilarning iltimosini belgilangan muddatda ado etishdi, ularni uyaltirib qoʻyishmadi. Men ham koʻpchilik qatori ishladim. Bularni, endi hamma ishlar iziga tushib, oradan shuncha yillar oʻtib ketgandan keyingina aytyapman. Oʻsha qizgʻin kunlarda esa men egarda hali mustahkam oʻtira olmas va hayot otini ham unchalik boshqara olmasdim…

Dovon ortida Alibek bilan uchrashganimizdan soʻng avtobazaga kelganimda, kech kirib qolgan edi. Yotoqxonaga qarab yoʻl oldim, ammo yoʻl-yoʻlakay markaziy koʻcha tomon burildim. Yana choyxonaga. Oʻsha kunlarda mening hushdan ketguncha ichib, oʻlgudek mast boʻlgim, loaqal bir lahza boʻlsa ham hamma-hammasini unutib, toshdek qotib uxlagim kelardi. Men oʻzimni zoʻrlab boʻlsa ham juda koʻp ichdim, ammo aroq menga deyarli taʼsir etmadi. Men choyxonadan battar xafa boʻlib, gʻazabim qaynab chiqdim. Tun yarmida shaharchada daydib yurdim va nima qilayotganimni oʻylab-poʻykab oʻtirmasdan Beregovaya koʻchasiga, Xadichaning uyiga qarab qayrildim. U ham meni kutib oʻtirgan ekan.

Keyin ham ahvol ana shunday davom etaverdi. Men ikki olov oʻrtasida qolgandim. Kunduzlari ishda, avtobazada qolgan kechalarim esa darrov Xadichanikiga yugurib qolardim. Oyogʻim unikiga tortib turardi, u bilan oʻzimni xotirjam va erkinroq his qilardim. U yerda goʻyo oʻzimdan, odamlardan va haqiqatdan yashiringandek boʻlardim. Nazarimda yolgʻiz Xadichagina meni tushunadigandek va sevadigandek tuyulardi. Uyimga kelganimda esa iloji boricha tezroq joʻnab qolishga harakat qilardim. Asal, aziz Asalginam! Agar u oʻzining oqkoʻngilliligi va sofdilligi bilan meni uydan tobora uzoqlashtirayotganini bilsa edi. U shu fazilatlari bilan meni tezroq ketish uchun bahona topishga majbur qilardi, chunki unga munosib emasligimni, men uchun u qilgan barcha narsalarga oʻzimning sazovor emasligimni koʻra-bila turib bu yerda ortiq tura olmasdim. Men uyga bir necha bor mast boʻlib keldim. Ammo u biror marta ham taʼna qilmasdi. Hali-haligacha uning menga nisbatan shunday munosabatda boʻlganini tushuna olmayman: boʻshligi, irodasizligidanmi yoki aksincha, oʻta bardoshliligi va insonga nisbatan ishonchi tufaylimi? Ha, u albatta mening oʻzimni qoʻlga olishimni, muvaffaqiyatsizliklar ustidan gʻolib kelishimni va yana avvalgi holimga qaytishimni kutar, bunga ishonar edi. Ammo undan koʻra meni koyigani, bor haqiqatni vijdonan aytib berishga majbur etgani yaxshiroq edi. Ehtimol, Asal mening yuragimni oʻrtab tirnayotgan narsalar faqat ishdagi koʻngilsizliklargina emasligini bilganida, mendan javob talab qilgan boʻlarmidi?.. U shu kecha-kunduzda mening hayotimda nimalar sodir boʻlayotganini tasavvur eta olmasdi. Men esa unga juda achinardim, yurak sirlarimni ochishni doim galga solardim. Natijada, shu taxlitda ish koʻrib, uning oldida, muhabbatimiz oldida, oilamiz oldida bajarishim lozim boʻlgan burchimni ado etishga ulgura olmay qoldim.

Soʻnggi marta uchrashuvimizda Asal meni quvonch bilan, shavq-zavq bilan kutib oldi. Yuzlari gulgun ochilib, koʻzlari tabassumdan porlar edi. U kalta poʻstinim va etigimni yechirmasdanoq toʻgʻri ichkariga sudradi.

– Buni qarang, Ilyos! Samad endi tippa-tik turyapti!

– Rostdanmi? Qani u?

– Huv ana – stol tagida!

– Polda emaklab yuribdi-ku!

– Mana hozir koʻrasiz! Qani, oʻgʻlim, qanday turishingni dadangga bir koʻrsatib qoʻy! Qani tur, tura qol, Samad!

Samad undan nima istayotganliklarini tushungandek boʻldi. U stol ostidan quvonib emaklab chiqdi-da, karavot yonida toʻxtadi, uni ushlab, zoʻrgʻa tikka turdi. U jilmayib, nozik oyoqlarida bir oz kalovlanib turdida, keyin oʻshanday jilmayganicha “gup” etib polga oʻtirib qoldi. Chopib borib, uni quchoqlab oldim-da, badanidan yoqimli sut hidi anqib turgan goʻdakni bagʻrimga bosdim. Xuddi Asal kabi naqadar qadrdon va aziz edi bu hid.

– Sekinroq, Ilyos, nafasi qaytib ketadi! – deb Asal quchogʻimdan Samadni tortib oldi. – Xoʻsh, endi nima deysiz? Qani, endi yechining. U tez kunda kattakon boʻlib qoladi, shunda oyisi ham ishga boradi. Hammasi oʻrniga tushadi, hammasi yaxshi boʻlib ketadi, shundaymasmi, oʻgʻilcham? Siz-chi, – deb Asal kulimsirab, maʼyus koʻzlari bilan menga boqdi. Men stulga oʻtirdim. U oʻzining mana shu bir ogʻiz soʻzi bilan soʻnggi kunlar ichi aytmoqchi boʻlib yurgan, lekin aytolmay yuragida saqlab kelayotgan barcha gaplarini bayon etganini payqadim. Bu soʻzlarda iltijo ham, taʼna ham, umid ham mujassamlashgan edi. Men oʻsha ondayoq unga bor gapni soʻzlab berishim yoki tezroq bu yerdan chiqib ketishim zarur edi. Yaxshisi, keta qolay. U behad baxtiyor edi va hech narsadan shubhalanmasdi. Men oʻrnimdan turdim.

– Men ketdim, – dedim.

– Qayoqqa? – deya seskanib ketdi Asal. – Bugun ham qolmaysizmi? Loaqal choy ichib olsangizchi.

– Ilojim yoʻq. Ketishim kerak, – deb toʻngʻilladim men. – Oʻzing bilasan, hozir ish juda qistov…

Yoʻq, meni uydan haydayotgan narsa aslo ish emas edi. Vaholanki, yoʻlga ertalab chiqishim kerak edi.

Qorongʻida mashina yoniga kelib, kabina oʻrindigʻiga oʻzimni gurs etib tashladim va alamimdan ingrab yubordim, motorni yurgizish uchun kalitni oʻz oʻrniga tushira olmay, ancha vaqtgacha timirskilab oʻtirdim. Soʻngra yoʻlga chiqdim, derazalarda miltillab turgan chiroqlar orqada qolib, to koʻzdan gʻoyib boʻlguncha haydab bordim. Darada, koʻprikdan oʻtishim bilanoq mashinani yoʻldan chetga burib, butazorda toʻxtatib, chiroqlarini oʻchirdim. Shu yerda tunashga ahd qildim. Choʻntagimdan papiros oldim. Guturt qutisida bittagina gugurt choʻpi qolgan ekan. U lov etib yondiyu, oʻchib qoldi. Papirosni ham qutichaga qoʻshib kabina oynasidan uloqtirib yubordim, boshimga kalta poʻstinni tortib, oyoqlarimni yigʻishtirganimcha oʻrindiqda bukchayib yotib qoldim.

Qop-qorongʻi va bahaybat togʻlar ustida oy xiragina nur sochib turardi. Darada shamol hazin guvillar, ochilib turgan kabina eshigini u yokdan-bu yoqqa tebratar edi. U shamolda ohistagina gʻijirlardi. Kabinada yotar ekanman, oʻzimning butunlay yakkayu yolgʻizligimni, odamlardan, oilamdan va avtobazadagi oʻrtoqlarimdan ajralib qolganligimni hali hech qachon hozirgidek chuqurroq sezmagan edim. Bundan buyon bu taxlitda hayot kechirish mumkin emas edi. Oʻzimga-oʻzim soʻz berdim: safardan avtobazaga qaytib kelishim bilanoq, Xadicha bilan gaplashaman, undan meni kechirishini, ikkovimiz oʻrtamizda boʻlib oʻtgan hamma narsalarni unutishini iltimos qilaman. Shunday qilsam, vijdonan haqqoniy va toʻgʻri ish tutgan boʻlaman.

Biroq hayot bu fikrimni boshqachasiga hal etdi. Men shunday boʻlishini hech qachon oʻylamagan va kutmagan edim. Oradan bir kun oʻtgach, ertalab dovondagi bazaga yetib kelganimda, uyda hech kim yoʻq edi. Eshik langʻillab ochilib yotardi. Dastlab Asal biron yoqqa: suvgami, oʻtingami chiqqan boʻlsa kerak, deb oʻyladim. U yoq-bu yoqqa qaradim. Xonada hamma narsa ivirsib yotardi. Olov yoqilmagan, qora pechkadan qandaydir yoqimsiz sovuq urib turar, uy huvillab yotardi. Samadning karavoti yoniga bordim – boʻm-boʻsh.

– Asal! – deb shivirladim dahshat aralash. “Asal!” – deb shivirlab aks sado berdi devorlar. Men eshikka oʻkdek otilib chiqdim.

– Asal! – deb qichqirdim hovlida turib. Hech kim javob qilmadi. Qoʻni-qoʻshnilarimiznikiga yugurdim, benzinkolonkaga chopib bordim, hech kimdan aniqroq javob ololmadim. Odamlarning aytishicha, kecha bolasini tanishlarinikida qoldirib, oʻzi kun boʻyi qayoqqadir ketibdi va tunda qaytib kelibdi. “U voqeadan xabar topib ketib qolgan!” – degan dahshatli xayoldan choʻchib ketdim.

Umrimda hali hech qachon Tyan-Shan togʻlaridan mashinani oʻsha, men uchun baxtsiz boʻlgan kundagidek tez haydamagan boʻlsam kerak. Men nuqul qayerdadir anovi muyulishdan keyin yoki anovi darada, yoki yana qayerdadir yoʻlda unga yetib oladigandek boʻlaverdim. Goʻyo burgutdek parvoz qilib, ketib borayotgan mashinalarni quvib yetardim va ularga yonma-yon kelib mashinaga tormoz berardim-da, kabina va kuzovlarga koʻz yugurtirib chiqib, shofyorlarning soʻkish-koyishlari ostida mashinani yana ilgarilab yeldirib borardim. Men shu vaziyatda radiatordagi suv qaynab ketmaguncha uch soatlar chamasi mashinani betoʻxtov yeldek uchirib haydadim. Kabinadan sakrab tushdim-da, radiator ustiga qor socha boshladim, soʻngra yoʻl yoqasidagi pastlikdan suv olib chiqqani yugurdim. Suvni darhol quydim. Radiatordan bugʻ koʻtarilar, mashina esa poygadan chiqqan otdek ufurardi. Rulga endi oʻtirmoqchi ham edimki, Alibekning qarshidan kelayotgan avtopritsepiga koʻzim tushib qoldi. Quvonib ketdim. Garchand biz gaplashmay, salomlashmay yurgan boʻlsak ham mabodo Asal ularnikida boʻlsa, baribir u buni menga aytishi kerak-ku. Men yoʻlga yugurib chiqib, qoʻlimni koʻtardim-da:

– Toʻxta, toʻxta, Alibek! Toʻxta! – deb qichqirdim.

Rulni boshqarib borayotgan navbatchi yigit Alibekka savol nazari bilan qaradi. Alibek esa xoʻmrayganicha teskari burilib oldi. Mashina toʻxtamasdan oʻtib ketdi. Mashina gʻildiraklaridan koʻtarilgan qor toʻzoni orasida qolib, ancha vaqtgacha qoʻlimni koʻtargancha turib qoldim. Soʻngra yuzimni artdim. Mayli, olmoqning bermogʻi bor-ku, axir! Biroq hozir undan xafa boʻladigan darajada emas edim. Demak, Asal ularnikiga bormapti. Bu koʻnglimni battarroq gʻash qila boshladi. U oʻz ovuliga ketgan boʻlsa kerak, boshqa boradigan joyi yoʻq. U ota-onasi oldiga qaysi yuz bilan bordiykin va nima dedi ekan ularga?

Tezda ovulga joʻnashim kerak.

Yukni tushirgach, avtobaza hovlisiga kirib oʻtirmadim. Mashinani koʻchada qoldirib, hujjatlarni topshirish uchun dispetcherxonaga yugurib ketdim. Borayotib yoʻlakda Jontoy bilan toʻqnashib qoldim. Uning yonidan oʻtib ketdim, u boʻlsa ortimdan jirkanch va hayosizlarcha tirjayib qoldi.

Halloslab dispetcherxonaning tuynukchasiga boshimni suqdim-da, Xadichaning oldiga yoʻllanmani tashladim. U menga gʻalati qilib bir qarab qoʻydi. Uning koʻzlaridan qandaydir bezovtalik va oʻzini gunohkordek sezayotganligi nogoh sezilib ketdi.

– Tezroq olsang-chi! – dedim men.

– Biron nima boʻldimi?

– Asal… uyda yoʻq, ketib qolibdi!

– Rostdanmi? – dedi ranglari oppoq oqarib ketgan Xadicha va oʻrnidan turdi-da, lablarini tishlab: – Kechir, kechir meni, Ilyos! Hammasiga men, men… – deya boshladi.

– Nimaga men-menlab qolding! Tushuntiribroq gapirsang-chi, qani, ayt barini! – deb despetcherxo-naning eshigiga qarab otildim.

– Bularning hammasi qanday boʻlganini oʻzim ham bilmay qoldim, gaplarim rost, Ilyos. Kecha yoʻlakda turuvchi qorovul tuynuk eshikchasini taqillatib, bir qiz kelib, seni soʻrayapti, dedi. Qorovul uni bu yerga chaqirdi-da, oʻzi chiqib ketdi. Men uni darhol tanidim. U “jimgina menga tikilib qaradi: “Shular hammasi rosti?” – deb soʻradi. Men, men esa dovdirab qolib, qoʻqqisdan: “Ha, rost. Hammasi rost. U men bilan birga!” – deb yuboribman. U choʻchib ketib, tuynukchadan boshini shartta tortib oldi. Men esa oshimni stolga shilq etib tashlaganimcha, jinnilarga oʻxshab: “Meniki u! Meniki!” – deb hoʻngrab yigʻlab yubordim. U koridordan yugurib chiqib ketdi, keyin uni koʻrmadim… Kechir meni…

– Shoshma-shoshma. U qayoqdan bildiykin?

– Jontoy aytgan. Oʻsha, u menga ham doʻq qilib yurardi. Uning ablahligini bilmaysanmi axir!

– Bilaman. Biroq u bu gal haqiqatni aytibdi.

– Sen, Ilyos, bor, uni qidirib top. Men endi sizlarga xalaqit bermayman. Biron yoqqa bosh olib ketaman…

Mashina meni qishki choʻl bagʻridan olib borardi. Yoʻlni qalin, koʻkimtir muz qoplab yotardi. Shamol qor uyumlarining yoʻllarini tarab, ariq boʻylaridagi qorlarni quyun qilib uchirib, oʻzi bilan olis-olislarga olib ketardi. Uzoqdagi togʻ etaklarida shamolda nuragan devorlar va yaproqlari toʻkilib ship-shiydam boʻlib qolgan ovul bogʻlari elas-elas qorayib turardi.

Kolxozga kechqurun yetib keldim. Mashinani menga tanish boʻlgan xonadon oldiga kelib toʻxtatdim, nafasimni rostlab olish uchun papiros tutatdim soʻng uning qoldigʻini oʻchirib tashladim-da, signal bera boshladim. Ammo Asal oʻrniga yelkasiga poʻstin tashlab olgan onasi chiqdi. Men kabina eshigini ochib, zinaga tushdim va sekingina:

– Salom, opa! – dedim.

– Ha-a, senmiding! – deb gʻazab bilan javob qildi u. – Qilar ishni qilib qoʻyib, tagʻin meni opa deyishga qanday tiling bordi? Yoʻqol bu yerdan, basharang qursin. Sayoq, muttaham, loʻli! Bolamning bosh-koʻzini aylantirib olib qochibdi-da, yana uyalmay-netmay burnini tortib kelganini qara-ya! Benomus! El-yurt oldida sharmandai sharmisor qilding…

Kampir ogʻiz ochirgani qoʻymasdi. U meni ogʻziga kelgan achchiq soʻzlar bilan tinmay qargʻar edi. Uning baqiriq-chaqirigʻini eshitib, qoʻshni hovlilardan erkak-ayollar va bolalar toʻplana boshladilar.

– Xaloyiqni chaqirmasimdan, bu yerdan tuyogʻingni shiqillatib qol! Basharang qursin, turqingni sira koʻrmayin! – gʻazabga toʻlgan ona poʻstinini yerga uloqtirib tashladi-da, menga tomon xezlab kela boshladi.

– Hoy, yaxshilikcha joʻnab qol bu yerdan! – dedi allaqanday bir kishi yoʻlga tomon qoʻlini ishora qilib dagʻdagʻa bilan.

Yoʻlga tushishdan boshqa iloj qolmagan edi. Axir meni Asal hatto koʻrishni ham istamagandan keyin ketish kerak edida. Mashinamga tosh va tayoqlar otila boshladi. Bolalar meni ovuldan ana shunday haydab qolishdi. Nega shunday qilishdi ekan? Ehtimol, ular meni bu kampirni haqorat qilib, xafa qilgan deb oʻylashdimikin? Yoki biron kallakesar deb oʻylashgan boʻlsa kerak…

Oʻsha tuni koʻl boʻyida uzoq daydib yurdim. Oy nurida jilolanayotgan koʻl toʻlqin urib, oʻzini qoʻyishga joy topa olmasdi. Oʻ, Issiqkoʻl, mangu qaynoq koʻl! Oʻsha tun muzdek sovuq eding, iltifotsizlik bilan qarshi olgan eding. Men toʻntarilib yotgan qayiq ustida oʻtirarlim. Qirgʻoqdagi sayozliklar sari oʻrkach-oʻrkach boʻlib yopirilib kelayotgan toʻlqinlar zarb bilan etiklarimning qoʻnjiga urilar va pishqirib yana orqaga qaytar edilar.

Soʻng allakim menga yaqinlashib keldi-da, yelkamga sekingina qoʻlini qoʻydi. Bu Xadicha edi.

 

* * *

 

Bir necha kundan keyin biz birga Frunze shahriga joʻnab ketdik. Anorxoy dashti yaylovlarini oʻzlashtirish boʻyicha qidiruv ishlari olib borayotgan ekspeditsiyaga men shofyor, Xadicha ishchi boʻlib oʻrnashdik. Mana shunday qilib yangi hayot boshlandi.

Ekspeditsiya bilan birgalikda Anorxoy choʻlining ichkarisiga, naq Balxash boʻylarigacha yetib bordik. Agarda undan ham olislarga borib qolganimizda ham baribir, orqaga qaytmagan boʻlardim. Oʻtmish bilan aloqani uzadigan boʻlgandan keyin bir umrga uzmoq kerak.

Dastlabki paytlarda dard-alamimni ish bilan yengdim. Ish esa istagancha topilardi. Uch yildan ortiqroq vaqt ichida butun Anorxoy dashtini kezib chiqdik, quduqlar qazidik, yoʻllar oʻtkazdik, yoʻl ustida bazalar qurdik. Xullas, hozirgi Anorxoy baland-past adirlardan iborat boʻlib, yovshan bilan qoplanib yotgan va hatto kishi kuppa-kunduzi adashib, boshi va oyogʻi qayoqda ekanligini topa olmay haftalab, oylab tentirab yuradigan ilgarigi yovvoyi dasht emas. Hozir u yerlar madaniy dam olish joylari, uylar va qoʻsharlari boʻlgan chorvadorlar oʻlkasiga aylangan. Don ekishadi, hatto chorva uchun pichan tayyorlashadi. Toʻgʻri, hali Anorxoyda qoʻl urilmagan ishlar koʻp, biz shofyorlarni boʻlsa qoʻyavering, ularning ishi hamma vaqt boshidan ortib yotadi. Biroq men u yerdan qaytib keldim. Hali koʻp yerlari noobod, odamlar kam yashaydigan dashtda yashash ogʻirligidan yoki boʻronli qishda, yoʻlsiz choʻlda tentirab yurish qiyin boʻlganligi uchun emas. Bu qiyinchiliklarning bari vaqtinchalik narsa, albatta. Agar inson mustahkam oʻrnashib olsa, choʻlni oʻziga boʻysundira oladi, u yerga oʻzi ham koʻnikib qoladi, choʻlni ham oʻziga moslashtira oladi. Xadicha ikkimiz qiyinchiliklardan qoʻrqmasdik, turmushimiz ham yomon emas edi, bir-birimizni hurmat qilardik. Ammo hurmat boshqa-yu, muhabbat boshqa. Agar biri sevib, ikkinchisi sevmasa, unda bu ham, menimcha, koʻngildagidek haqiqiy turmush boʻlolmaydi. Yo inson oʻzi shunday tuzilganmi, yo faqat men tabiatan shunaqamanmi, bilolmadim, harqalay, menga doimo bir narsa yetishmasdi, uning oʻrnini ish bilan ham, doʻstlik bilan ham, seni sevguvchi ayolga nisbatan eʼtibor va gʻamxoʻrliging bilan ham almashtirib yoki oʻrnini toʻldirib boʻlmasdi. Men Asalning oldiga borishga yana bir bor urinib koʻrmay, shoshma-shosharlik qilib ketib qolganim uchun koʻpdan beri ich-ichimdan oʻkinib yurardim. Anorxoyda oʻtkazgan keyingi yarim yil mobaynida boʻlsa Asal va oʻgʻilchamni sogʻinib yurak-bagʻrim ezilib ketdi. Tunlari uxlay olmay chiqardim. Samadning kulib, nozik oyoqchalarida zoʻrgʻa tik turgani koʻzimga koʻrinaverardi. Uning iliq tafti va goʻdaklarga xos mayin hidini goʻyo butun umrga singdirib olgandayman. Qadrdon Tyan-Shan togʻlari, mavjlanib yotgan moviy Issiqkoʻl, ilk va soʻnggi muhabbatimni topgan togʻ etaklaridagi jonajon dashtlar meni oʻziga tortardi… Xadicha bularning hammasini bilardi, biroq men uni hech narsada ayblamaganimdek, u ham meni biron narsada ayblamas edi. Nega ham ayblardik? Biz birga yashay olmasligimizni nihoyat tushungan edik.

Oʻsha yili Anorxoyga bahor erta keldi. Adirlarni qoplab yotgan qorlar tezda erib, kunlar isib, oʻt-oʻlanlar koʻkara boshladi. Dashtga jon kira bordi, u issiqlik va namlikni emib bugʻlanib yotardi. Tunlari havo shishadek musaffo boʻlar, osmonda yulduzlar charaqlardi.

Biz parmalash vishkasi yonidagi chodirda yotgan edik. Har vaqtdagidek uyqu kelmasdi. Kutilmaganda allaqayoqlardan parovozning qichqirgan ovozi zoʻr-bazoʻr eshitilib, choʻl sukunatini buzdi. Uning bu tomonlarga qay tarzda yetib kelganini aytish qiyin. Qozoq temir yoʻli bizdan dasht boʻylab yarim kunlik yoʻl narida. Yoki menga bu tovush shunchaki eshitilgandek boʻldimi, bilolmayman. Biroq yuragim “jiz” etib ketdi. U meni yoʻlga chorlardi. Shunda men:

– Bu yerdan ketaman, Xadicha, – dedim.

– Toʻgʻri, Ilyos. Ajralishimiz kerak, – dedi u. Biz ajralishdik. Xadicha Shimoliy Qozogʻistonga, qoʻriq yerlarga joʻnab ketdi. Eh, xudo, uning baxtiyor boʻlishini chin yurakdan istardim. Men Xadichaning koʻnglidagi odamini topishiga, balki oʻzi ham sezmay-bilmay turib uni izlab yurgan yigit bilan uchrashishiga ishongim kelardi. U birinchi eridan yolchimadi. Unga koʻngilsiz boʻlib, ajralishib ketdi. Shuningdek, men bilan ham oʻz baxtini topolmadi. Agar men haqiqiy, chinakam sevgi nima ekanligini, sevish va sevilishning maʼnosini toʻla anglab yetmaganimda, ehtimol, u bilan turmush qurib ketgan boʻlar edimmi?.. Darvoqe bu shunaqangi narsaki, uning nega bunday boʻlishi keragu unga oʻzgacha boʻlishi mumkin emasligini izohlashga ojizlik qilib qolasan kishi.

Xadichani stansiyagacha olib borib, poyezdga oʻtqazib yubordim va to orqada qolib ketmagunimcha vagon bilan yonma-yon chopib boraverdim. “Safaring xayrli boʻlsin. Xadicha, oramizda oʻtgan yaxshi-yomonni unut!” – deb shivirlab qoldim soʻnggi marta.

Turnalar Anorxoy osmonidan janubga tomon uchib borardi, men esa shimolga, Tyan-Shan tomon borardim…

 

* * *

 

Manzilga yetib keldimu hech qayerda toʻxtamasdan, toʻppa-toʻgʻri ovulga joʻnadim. Chamadonimni rayon mehmonxonasida qoldirdim. Yoʻlovchi mashina ham juda qulay kelib qoldi: u toqqa, geolog-razvedkachilar huzuriga ketayotgan ekan. Men kuzovda borar ekanman, hech narsa haqida oʻylamaslikka urindim, butun vujudimni bir vaqtda ham qoʻrqinch, ham quvonch chulgʻab olgan edi. Biz togʻ etagidagi dasht yoʻlidan, Asal bilan uchrashgan oʻsha qadrdon yoʻldan ketayotgan edik. Ammo u endi ilgarigi torgina qishloq yoʻli emas, balki shagʻal yotqizilgan, beton koʻpriklari va yoʻl belgilariga ega boʻlgan keng va tep-tekis koʻcha boʻlib ketibdi. Men hatto avvalgi oddiy yoʻldan asar qolmaganiga bir oz achingandek boʻldim. Mashinam tiqilib qolgan ariqni, Asal oʻtirgan oʻsha xarsang toshni ham taniyolmay qoldim.

Ovulga yetmasdanoq kabina tepasini qoqa boshladim.

– Nima gap? – deb boshini chiqarib soʻradi shofyor.

– Toʻxtat, tushaman.

– Oʻrta yoʻlda-ya? Hozir yetamiz-ku.

– Rahmat! Yaqin qoldi, – deb magpinadan yerga sakrab tushdim. – Buyogʻiga piyoda bora qolarman. – U mening qayoqqa va nega kelayotganimni qayoqdan bilsin. Pul uzatdim.

– Qoʻy! – dedi u. – Shofyorlardan, hamkasabalardan olmaymiz.

– Ushla buni, shofyorligim peshonamga yozib qoʻyilgani yoʻq-ku.

– Yurish-turishingdan sezib turibman.

– Xoʻp, mayli, ketaver boʻlmasa, salomat boʻl! Mashina yoʻlga tushdi, u hovlilar ortidagi koʻchaga kirib koʻzdan gʻoyib boʻldi. Men esa es-hushimni yigʻishtirolmay hamon yoʻl ustida turardim. Shamolga chap berib sigareta tutatdim. Sigaretani labimga keltirar ekanman, barmoqlarim dir-dir titrardi. Bir necha bor bosib-bosib, ichimga tortdim-da, soʻngra gʻildirak iziga tashlab toptab, yoʻlga ravona boʻldim. “Mana, yetib ham keldim”, deb gʻoʻldiradim oʻz-oʻzimga. Boshqa aytadigan gapim ham yoʻq edi. Yuragim fikr-xayollarimni bosib ketmoqchidek gurs-gurs urar, goʻyo bir narsani bolgʻalayotgandek qulogʻim shangʻillardi.

Ovul ajabtovur oʻzgarib, xiyla kengayib qolibdi, yangidan solingan koʻpgina shifer tomli binolar paydo boʻlibdi. Koʻchalarga simyogʻochlar oʻrnatilib, simlar tortilibdi, kolxoz boshqarmasi binosi oldidagi simyogʻochda radio gapirardi. Bolalar maktabga chopqillab ketishyapti. Ulardan sal kattaroq bolalar esa universitetni bitirgan yosh oʻqituvchilari bilan (bu koʻkragidagi znachogidan koʻrinib turardi) bir gala boʻlishib, allanimalar haqida oʻzaro gaplashib borishardi. Ehtimol, ularning orasida menga tosh va tayoqlar otib qolgan bolalar ham bordir. Mayli, hechqisi yoʻq, oʻsha kezlarda hali ular yosh bola emasmidi.

Garchand meni bu yerda hech kim tanimasa ham, birov sezib qolmasin deb koʻchaning bir chekkasidan shoshib borardim.

Mana oʻsha sambittolli va paxsa devorli hovli. Toʻxtab, nafasimni rostladim. Qoʻrquv va tashvishdan badanim muzlab, koʻcha eshigi tomon qatʼiyatsizlik bilan yurib boraverdim. Taqillatdim. Qoʻlida portfel koʻtargan qiz chopib chiqdi. Bu – menga tilini koʻrsatib qochgan oʻsha qizcha edi. Endi u maktabga boradigan boʻlib qolibdi. Qiz shoshilib turardi. U menga hayron boʻlib qaradi-da:

– Uyimizda hech kim yoʻq! – dedi.

– Hech kim yoʻq?

– Ha, oyim lesxozga mehmon boʻlib ketdi… Dadam traktorlarga suv tashiyapti.

– Asal-chi, qayerda u? – deb qoʻrqa-pisa soʻradimu shu zahotiyoq ogʻzim qaqrab ketayotganini sezdim.

– Asal? – deb ajablandi qiz. – Asal allaqachon ketib qolgan…

– Keyin hech kelmadimi?

– Har yili pochcham bilan birga keladi. Oyim uni juda yaxshi kishi deb maqtaydi.

Qizdan boʻlak hech narsa haqida surishtirib oʻtirmadim. U maktabiga chopib ketdi, men esa orqaga qaytdim.

Bu yangilik meni shu qadar dovdiratib qoʻydiki, uning kimga va qachon turmushga chiqqani endi menga baribir edi. Bilib nima ham qildim? Biroq oʻtgan yillar orasida nima uchundir Asal boshqa birovga turmushga chiqib ketgandir, degan fikr hech qachon xayolimga ham kelmagan edi. Axir shunday boʻlishi ham mumkin edi-ku. Hech qanday dom-daraksiz bir necha yillar qoramni koʻrsatmay ketganimdan keyin, hammani qoʻyib meni kutib oʻtirarmidi…

Ovuldan chiqiboq, hech qanday mashinani kutib oʻtirmasdan, toʻgʻri yoʻl yoqalab ketaverdim. Agar biror mashina quvib yetganida ham uni toʻxtatmas edim. Har qalay, biron yoqqa yurishim kerak edi, qayoqqa boʻlsa ham – dunyoning narigi chekkasiga boʻlsa ham menga baribir edi endi.

Men bir vaqtlar Asalni olib ketgan yoʻldan borardim. Ammo yoʻl burungicha emas – yaxshilab shibbalanib, shagʻal yotqizilgandi, Faqat dashtgina ilgarigicha: atrofda qop-qora shudgoru oʻrib olingandan keyin qolgan sargʻish poyalar koʻzga tashlanardi. Bepoyon dasht issiqkoʻlning nurli hoshiyadek ajralib turgan uzoq qirgʻoqlarini yorib kirib, togʻ yonbagʻirlaridan tortib to ufqqa qadar yastanib yotardi. Qorlar erib, yalangʻochlanib qolgan yer namga toʻyib koʻpchib yotardi. Allaqayoqlarda traktorlar tarillab, bahorgi shudgorlash boshlab yuborilganidan darak berardi.

Rosa xuftonda rayonga yetib keldim, tunni mehmonxonada bir amallab oʻtkazdim-da, ertalab avtobazaga borishga ahd qildim.

Qayoqqadir, oʻzga oʻlkalarga ketishdan endi foyda yoʻq edi. Hamma orzu-istaklarim barbod boʻlib, hammasidan mahrum boʻlgan edim. Endi shunchaki yashash-u ishlashdan oʻzga iloj qolmagan edi – uyogʻi nima boʻlishini kim bilsin.

Tyan-Shan traktidan mashinalar odatdagidek turnaqator tizilishib u yoqdan-bu yoqqa qatnab turardi, biroq men oʻzimizning avtobaza mashinalaridan birontasida ketishni maʼqul koʻrdim. Mana, tanish mashinalardan biri yaqinlashib kelmoqda. Qoʻl koʻtardim.

Kabinada oʻtirgan shofyor hadeganda meni payqamay qoldi. Katta tezlik bilan kelayotgan mashina gʻizillab oʻtib ketdi-yu, biroq shu zahotiyoq taqqa toʻxtadi. Men chamadonimni qoʻlga oldim. Shofyor kabinadan chiqdi. Bunday qarasam, polkdoshim Ermak, u stajirovkani armiyada mening qoʻlimda oʻtagan edi. Ermak oʻsha kezlarda hali yoshgina yigitcha edi. U menga qarab jimgina jilmayib turardi.

– Tanimayapsanmi?

– Serjant… Ilyos! Ilyos Aliboyev! – Nihoyat esladi u.

– Xuddi oʻzi! – deb iljaydimu, ammo oʻzimga juda alam qilib ketdi, odamlar zoʻr-bazoʻr tanigandan keyin, juda oʻzgarib ketibman-da.

Biz yoʻlga tushdik. U yoqdan-bu yoqdan gaplashib bordik, armiyada xizmat qilgan yillarimizni esladik. Ishqilib, mening turmushim haqida gap ochib, surishtirib qolmasa boʻlgani, deb choʻchib turardim. Ammo Ermak, aftidan, hech narsadan xabarsizdek koʻrinardi. Men biroz tinchlandim.

– Uyga qachon qaytding? – deb soʻradim men.

– Ishlayotganimga mana ikki yil boʻldi.

– Alibek Jonturin qayerda?

– Bilmadim. Men kelsam, u ketib qolgan ekan. Aytishlaricha, Pomirning allaqayeridagi avtobazada bosh mexanik boʻlib ishlayotgan emish.

“Qoyilman, Alibek! Qoyilman senga, doʻstim! Puxta yigitsan!” – deb undan behad xursand boʻldim. Demak, oxiri oʻz maqsadiga erishibdi-da, u armiyada xizmat qilib yurgan kezlaridayoq avtomobil va yoʻl texnikumida sirtdan oʻqib yurgan edi. U institutni ham sirtdan tugatishni orzu qilib yurardi.

– Boshliqlaring Omonjoʻlovmi?

– Yoʻq, yangi odam. Omonjoʻlov ministrlikka koʻtarilib ketdi.

– Seningcha, qalay, meni ishga olisharmikin?

– Nega endi olishmasakan, olishadi, albatta. Birinchi klass shofyorsan, axir armiyada ham yaxshilar qatorida eding-ku.

– Qachonlardir shunday edim, – deb toʻngʻilladim men. – Jontoyni-chi, bilasanmi uni?

– Bizda unaqa odam yoʻq. Hech qachon eshitmaganman ham.

“Ha, avtobazada ozmuncha oʻzgarishlar boʻlmapti…” – deb xayolimdan oʻtkazdim. Keyin soʻradim:

– Pritseplar bilan ishlash qalay? Dovondan olib oʻtyapsizlarmi?

– Ha, bemalol oʻtib yuribmiz, – dedi u eʼtiborsizgina. – Yukning qanaqaligiga bogʻliq. Zarur boʻlsa tirkab olishadi-yu, ketishaveradi. Hozir mashinalar juda baquvvat emasmi…

Bu pritseplar menga naqadar qimmatga tushganini u bilmasdi. Anorxoy dashtida ishlab yurgan kezlarimda ham bu hodisa haqida koʻp bosh qotirardim. Bu ishda birgina men aybdormanmi yoki yana qandaydir boʻlak sabablar ham bormikin? Agar bunday oʻylab qaralsa, bu juda oddiy, uncha bosh qotirib oʻtiradigan ish emas edi. Qanchalik ogʻir va qanchalik qiyin boʻlmasin, Doʻlandan pritsep ulab oʻtish mumkin ekanligi oxiri isbotlandi-ku, endilikda, agar zaruriyat tugʻilib qolsa, bemalol olib oʻtilyapti-ku. Ammo bari balo shundaki, biror yangilik oʻzining ishda qoʻllanilishini talab etayotgandek, eshigingni qoqib turgan taqdirda ham oʻz vaqtida sezib ololmaymiz. Nega odamlar mening taklifimga shunchalik ishonchsizlik bilan qarashdi? Bu taklifni togʻ sharoitida amalga oshirish haqiqatan ham qiyinligidan tashqari, yana bizning trassada mashinalardan foydalanish va yuk tashish qonun-qoidalari instruksiyasi ham bor edi, unda dovondan pritsep ulab oʻtish man etilgandi. Xudo biladi, bu instruksiya qachon ishlab chiqilgan ekan.

Ehtimol urushdan avval polutorkalarga moslab tuzilgandir. Bu bechora polutorka pritsep uyoqda tursin, hatto oʻzi tep-tekis yoʻldan arang yurardi. Endilikda hech qanday instruksiyaning hojati yoʻq edi. Yangi markali, juda baquvvat zamonaviy yuk mashinalari vujudga keldi-yu, ammo qogʻozdagi narsalar esa to hayotning oʻzi oʻchirib tashlamaguncha eskiligicha saqlanib kelaverdi. Mayli, bu kichkina va alohida bir masala, deylik, biroq shunga oʻxshash narsalar boshqa, yanada muhimroq va yanada kattaroq ishlarda yuz berib qolishi mumkin-ku, axir. Endi-ku, oʻrtoqlarimning yuk ortish stansiyasidagi beodobligim uchun salkam doʻpposlamoqchi boʻlganlaridan xafa emasman-a. Lekin oʻsha vaqtda xuddi ana shu narsa mening jahlim chiqib ketishiga va qiziq ustida hech narsani oʻylab oʻtirmay, pritsepni dovonga olib ketishimga sabab boʻlgan edi-da…

Xullas, oʻzimning qadrdon avtobazamga qaytdim. Birinchi kuni Ermak oʻz uyiga taklif qildi. Yaxshigina kutib oldi. Uchrashganligimiz sharafiga bir oz ichamiz, dedi. Ammo men ichmadim, koʻpdan beri ichmasdim, ichish niyatim ham yoʻq edi.

Avtobazada ham yaxshigina kutib olishdi. Ishga qabul qilishdi, yotoqxonada yashay boshladim. Meni taniydigan oshna-ogʻaynilarimning jigʻimga tegib, uni-buni soʻrab-surishtiravermaganlaridan juda xursand boʻldim. Koʻrib turibdilarki, bir kimsa qayoqlardadir tentirab yurib, yana oʻz oʻrtoqlari huzuriga qaytib kelib, vijdonan halol ishlayapti – juda yaxshi. Oʻtgan ishni qoʻzgʻashning nima hojati bor? Oʻzim ham hammasini unutishga, bir umrga unutishga harakat qilardim. Men bir vaqtlar oilam bilan yashab turgan oʻsha dovondagi baza oldidan oʻtib borayotib, atrofga nazar tashlamay, hatto benzinkolonkadan benzin ham olmay, gʻizillaganimcha oʻtib ketardim. U yerda bir daqiqa boʻlsa ham ushlanib qolmaslik uchun toʻxtamasdan chetlab oʻtardim. Ammo baribir meni hech narsa qutqara olmadi, oʻzimni oʻzim alday olmadim.

Avtobazaga qaytganimga ham ancha vaqt boʻldi. Trassa meni oʻziga jalb etib oldi, unga yana koʻnikib qoldim. Mashinani har ohangga solib haydardim, motorni barcha tezliklarda va balandliklarga chiqishda sinab koʻrdim. Qisqasi, oʻz ishimni bilardim va unga shoʻngʻib ketdim.

Oʻsha kuni Xitoydan qaytib kelayotgan edim. Bamaylixotir, hech narsani oʻylamay papiros chekib, rul chambaragini aylantirgancha, har tomonga nazar tashlab kelardim. Ayni bahor, tevarak-atrof kishini oʻziga maftun etardi. U yer-bu yerga oʻtovlar tikilayotgan edi: chorvadorlar bahorgi yaylovlarga chiqishayotgan edilar. Oʻtovlar uzra koʻtarilgan koʻkish tutunlar koʻkka boʻy choʻzishardi. Shamol bezovtalanib kishnayotgan ot ovozini olib keldi. Qoʻy-qoʻzilar yoʻl yoqasida oʻtlab yurishardi. Bolalik chogʻlarim esimga tushib ketdi, koʻnglim xiyol gʻash tortdi… Koʻlga yaqinlashib qolganimni bilaman, birdan choʻchib, seskanib ketdim: oqqushlar!

Shu bilan hayotimda ikkinchi marta Issiqkoʻlda bahorgi oqqushlarni koʻrishim edi. Koʻm-koʻk Issiqkoʻl uzra oppoq qushlar gir aylanishib parvoz qilishardi. Toʻgʻri borayotib, nimagaligini oʻzim ham bilmay, mashinani yoʻldan keskin burdim-da, xuddi oʻtgan safargidek, qoʻriq yerni kesib, koʻlga tomon hayday boshladim.

Oʻ, Issiqkoʻl, Issiqkoʻl, qirgʻiz diyorining soʻnmas qoʻshigʻi! Nega men yana oʻsha kunni, Asal bilan suv boʻyida, tepalikda toʻxtagan kunni esladim-a! Ha, hozir ham hammasi avvalgidek: oq-koʻkish toʻlqinlar goʻyo qoʻl ushlashib olganday saf tortishib oʻrkach-oʻrkach boʻlib, sargʻish qirgʻoqlarga mingashar edilar. Yotogʻiga yoʻl olgan quyosh togʻlar ortiga asta-sekin botib bormoqda, etakdagi suvlar esa qontalashgandek qizgʻish tusda tovlanardi. Oqqushlar tantanavor chagʻillashib charx urishardi. Ular birdan qanot qoqib yuqoriga parvoz qilardilaru yana qanotlarini yozib chuvillab pastga suzib tushar, suvga toʻsh urib, qat-qat halqachalar hosil qilardilar. Ha, hamma-hammasi ayni oʻsha manzaraning oʻzi-yu, ammo yonimda Asal yoʻq edi, xolos.

Hozir qayerlarda yuribsan, qizil durrachali sarvqomatim?

Koʻl boʻyida allamahalgacha qolib ketdim. Keyin avtobazaga qaytib keldim, undan chiqib sabr-toqatim tugab, kayfiyatim tagʻin buzila boshladi. Yuragimda qoʻzgʻalgan dard-alamlarni bosish uchun yana choyxonaga bordim. Choyxonadan juda kech qaytdim. Atrof qop-qorongʻi, osmonni bulut qoplagan edi. Quvurdan otilib chiqayotgandek daradan guvillab esayotgan kuchli shamol quturib daraxtlar qaddini egib-bukar, sim-yogʻochlardagi simlarga urilib chuvillar va mayda toshlarni kishi yuziga keltirib urar edi. Koʻl esa chayqalib toʻlgʻanardi. Men yotoqxonaga zoʻr-bazoʻr yetib oldimu yechinib oʻtirmasdan oʻzimni karavotga tashladim.

Ertalab boshimni koʻtara olmasdim, sirqirab rgʻrirdi. Tashqarida yurakni siquvchi qor aralash yomgʻir shivalab yogʻardi. Ishga borishga hafsalam kelmay, uch soatlar chamasi agʻanab yotdim. Bunday hodisa, yaʼni hattoki, ishning ham koʻnglimga xush kelmayotganligi hayotimda birinchi marta sodir boʻlayotgan edi. Ammo keyin oʻzimdan oʻzim uyalib ketdimu yoʻlga chiqdim.

Mashina majoli qurigandek imillab borardi, toʻgʻrirogʻi, oʻzimning tabiatim xira edi. Buning ustiga, havo ham aynagan edi. Qarshimdan kabinalari va bortlari qorga botgan mashinalar chiqib turardi. Demak, dovonda qor yogʻayotgan ekan. Mayli, yogʻsa yogʻaversin, menga nima, boʻron turib bermaydimi, menga baribir, nimadan qoʻrqaman, nima boʻlsa boʻlar…

Avzoyim juda buzuq edi. Tepamda turgan koʻzguchaga qarab koʻnglim aynab ketdi: soqol-moʻylovim oʻsib ketgan, xuddi kasaldan turgandek yuzlarim soʻlgʻin, qovogʻim shishgan edi. Yoʻlda bir oz tamaddi qilib olsam boʻlardi, ertalabdan beri tuz totganim yoʻq, ammo ovqatga ishtaham yoʻq boʻlsa ham ichishdan qochmasdim. Oʻzingga bir marta erk berdingmi, bas, keyin toʻxtatib olish qiyin. Birinchi stakandan soʻng ancha tetiklanib, oʻzimga keldim. Mashina ham yengil yurib borayotgandek boʻldi. Keyin yana yoʻlda yugurib kirib yuz gramm ichib chiqdim, keyinroq buning ustiga yana ozroq otib oldim. Yoʻl gʻirillab ortda qolib borar, oyna tozalovchi choʻtkalar u yokdan bu yoqqa borib kelardi. Mashina bilan jangga kirib borayotgandek egilib olib, ogʻzimdagi sigaretani chaynardim. Qarshidan kelib, kabina oynalariga koʻlmak suvlarni sachratib, gʻizillab oʻtib ketayotgan mashinalarnigina koʻrardim, xolos. Men ham tezlikni oshira bordim, kech kirib qolgan, toqqa kelganimda zim-ziyo tun edi. Mana shu yerga kelganimda aroq oʻz kuchini koʻrsata boshladi. Madorim qurib, koʻzim tinib, yoʻlni koʻrish tobora qiyinlasha bordi. Kabina ichida dimiqib ketdim, koʻnglim ayniy boshladi. Hali hech qachon bunchalik mast boʻlmagan edim. Yuzimdan sharros ter quyilardi. Oʻzimni mashinada emas, goʻyo olgʻa tomon shiddat bilan tun bagʻrini yorib borayotgan ikkala chiroq nurlari oʻrtasida oʻtirib ketayotgandek his qilardim. Nurlar bilan birgama-birga men ham goh yorugʻlik tushib turgan chuqurlikka zarb bilan otilib tushar, goh titrab-qaltirab qoyalar ustida oʻrmalovchi nurlarga tirmashib yuqoriga koʻtarilar, goh nurlar ketidan quvlab u yoqdan bu yoqqa yugurayotgandek boʻlardim. Har daqiqa sayin holdan toyib boraverdim. Biroq har qancha ogʻir boʻlsa ham toʻxtamasdim, chunki ruldan qoʻlimni uzdimmi, bas, mashinani endi boshqara olmasligimga aqlim yetib turardi. Oʻsha paytda dovonning qayerida borayotganimni aniq eslayolmayman. Oh, Doʻlan, Doʻlan, Tyan-Shanning haybatli beli! Senda yurish bunchalar mushkul! Ayniqsa tunda, yana men singari kayfi oshgan shofyor uchun!

Mashina allaqanday balandlikka zoʻr-bazoʻr koʻtarildi-yu, birdaniga pastlikka, togʻ etagiga qarab shoʻngʻidi. Koʻz oʻngimda tun gir-gir aylanib, hammayoq agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. Qoʻllarim endi menga itoat qilmay qoʻygandi, rul chambaragidan sirgʻalib tushar, tezlik richagini tuta olmas edi. Borgan sari mashinaning tezligi oshib, pastga tomon uchib borardi. Soʻng allanimaga urildi shekilli, taraqa-turuq, sharaqlagan ovozlar eshitildi. Chiroqlar oʻchib, koʻz oʻngimni zim-ziyo qorongʻilik bosdi. Qalbimning allaqayerida: “Mana, avariyaga ham uchrading!” – degan fikr yalt etib ketdi.

Shu koʻyda qancha vaqt yotganligimni bilmayman. Bir payt qulogʻimga paxta tiqib qoʻyilgandek bir ovoz arang eshitildi. “Qani, yorit-chi!” Kimningdir qoʻllari yelkamni, boshimni va koʻkragimni paypaslab koʻrdi. “Tirik, ammo oʻlardek mast”, – dedi oʻsha ovoz. Boshqasi esa: “Yoʻlni boʻshatish kerak”, – dedi unga.

– Qani, doʻstim, sal suril-chi, rulni menga ber, mashinani chetga olaylik! – haligi qoʻl yelkamga sekingina turtardi.

Men ingrab, ruldan zoʻrgʻa boshimni koʻtardim. Peshonamdan qon oqardi. Koʻkragim ezilib shikastlangan ekan, qaddimni koʻtarishga yoʻl qoʻymasdi. Tepamdagi kishi gugurt chaqib, yuzimga qaradi. Soʻngra yana ikkinchi marta gugurt chaqib, yana tikildi-da, qoʻngʻir moʻylovlari ostidan hayratlanib jilmaydi.

– Doʻstim, senga nima boʻldi! Bu qanaqasi? – derdi u xafalanib gʻamgin ohangda qorongʻilik orasidan.

– Mashina… qattiq shikastlanibdimi? – dedim xirillab qon aralash tuflab.

– Yoʻq, unchalik emas. Faqat borayotib zarb bilan surilib ketgan-u, koʻndalang boʻlib qolgan, xolos.

– Unday boʻlsa hozir joʻnab ketaman, yoʻlda turmayman! – deb oʻzimga itoat qilmay qoʻygan qaltiroq qoʻllarim bilan motorni yurgizmoqchi boʻlib startyorni bosishga urindim.

– Toʻxta! – deb u meni mahkam quchoqlab oldi. – Maynabozchilik yetar. Chiq bu yoqqa. Tong otguncha uxlab ol-chi, ertaga uyogʻini yana koʻrarmiz…

U meni kabinadan tortib chiqardi.

– Kamol, sen yoʻl tirband boʻlib qolmasdan mashinani chekkaga chiqarib qoʻy, keyin nima boʻlganini aniqlarmiz! – dedi u hamrohiga, oʻzi boʻlsa qoʻllarimni boʻyniga solib, qorongʻida qayoqqadir yetakladi. Biz uzoq yurdik, u odam meni jimgina yetaklab borar-di, men iloji boricha oʻzim yurishga harakat qilardim, biroq tezda toliqib qolaverdim, shunda u odam yana qoʻltigʻimga kirib yetaklashda davom etardi. Shu yoʻsinda biz allaqanday xonadonga yetib keldik. Boyagi kishi qoʻltigʻimdan tutib turib, uyga kirishimga yordamlashdi. Kiraverishdagi xonada kerosin chiroq yonib turardi. U kishi meni taburetkaga oʻtqazib, ustimdan kalta poʻstinimni yecha boshladi. Shundagina men uning yuziga qaradim. Uni tanidim. Bu yoʻl tuzatuvchi usta, dovonda mashinani shatakka olganimda uchrashgan oʻsha Boytemir edi. Men juda uyalib ketdim, lekin shunga qaramay, sevindim ham, endi uzr soʻrab, tashakkur izhor etmoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan ham edimki, shu payt polga bir nima taraqlab tushdi. Men qayrilib qaradim va yelkalarimdan ulkan tosh bosib turgandek oʻrnimdan xiyol koʻtarildim. Ostonada, sochilib yotgan oʻtinlar oldida toshdek serrayib qotib qolgan Asal turardi.

– Bu nimasi? – deb pichirladi u. “Asal!” – deb qichqirib yuborishimga sal qoldi, ammo uning yaqinlashmay, begona qiyofada tikilib turganidan ogʻiz ocholmay qoldim. Uyat va nomusdan oʻt boʻlib yonib, boshimni quyi soldim. Xonaga bir zum yurakni yorib yuborgudek ogʻir sukunat choʻkdi. Agar Boytemir boʻlmaganida, bilmadim, nima boʻlardi. U hech narsa boʻlmagandek bamaylixotir meni oʻrnimga oʻtqazdi.

– Hech narsa boʻlgani yoʻq, Asal, – dedi u xotirjamgina. – Shofyor bir ozgina shikastlanibdi, tuzalib ketadi… Sen, yaxshisi, yod bersang boʻlardi bizga…

– Yod? – endi uning ovozi oʻz holiga qaytgan, mayinlashgan va tashvishli edi. – Yodni qoʻshnilar olib ketishgan edi… Hozir olib chiqaman! – deya Asal es-hushini yigʻib oldi-da, yugurib tashqariga chiqib ketdi.

Men qimir etmay, lablarimni tishlaganimcha oʻtirardim. Kayfim tarqab, bir zumda hushimga kelib qoldim… Endi chakka tomirlarim loʻqillab ura boshladi.

– Avval yuvish kerak, – dedi Boytemir peshonamdagi shilingan joylarni koʻzdan kechirarkan, keyin chelakni koʻtarib tashqariga chiqib ketdi. Qoʻshni xonadan koʻylakchan, yalangoyoq, besh yoshlar chamasidagi bir bola moʻralab qarardi. U yotgan joyidan turib kelgan boʻlsa kerak, katta-katta sinchkov koʻzlari bilan menga termilib boqardi. Men uni darhol tanidim. Qanday taniganimni oʻzim ham bilmayman, har qalay, oʻgʻlim ekanini sezdim, qalbim sezdi buni.

– Samad! – deb shivirladim kutilmagan uchrashuvdan ovozim boʻgʻilib va unga qarab intildim. Shu payt ostonada Boytemir paydo boʻddi, men uni koʻrib, negadir bir choʻchib tushdim. Chamasi, oʻgʻlimning otini atab chaqirganimni eshitib qolgan boʻlsa kerak. Xuddi oʻgʻirlik ustida qoʻlga tushgandek, oʻzimni juda noqulay seza boshladim. Xijolat tortayotganimni sezdirmaslikka intilib, peshonamdagi shilingan yerni qoʻlim bilan bekitganimcha:

– Bu sizning oʻgʻlingizmi? – deb soʻradim. Nega shunaqa deb savol berdim-a? Bu xatoim uchun oʻzimni hozirgacha kechira olmayman.

– Mening oʻgʻlim! – dedi mezbonga xos xushmuomalalik bilan Boytemir. U qoʻlidagi chelakni polga qoʻydi-da, Samadni koʻtarib oldi. – Mening oʻgʻlim, albatta, oʻz oʻgʻlim, shunday emasmi, Samad! – derdi u oʻgʻlini oʻpib va moʻylovi bilan uning boʻynilarini qitiqlab erkalab. Boytemirning ovozida va oʻzini tutishida soxtalikdan asar ham yoʻq edi. Uning barcha hatti-harakatlari shunchalik tabiiy ediki, goʻyo mening oʻrnimda mening rolimni ado etayotgandek edi. – Ha, toychogʻim, nega uxlamayapsan? Hamma narsadan xabardor boʻlsang-a, qani, oʻrningga chopqilla-chi!

– Oyim qani? – deb soʻradi Samad.

– Hozir keladi. Ana kelyapti. Bor endi, oʻgʻlim, uxla.

Asal jimgina yugurib kirdi va bizga sergaklik bilan tezgina nazar tashlab chiqdi-da, yodli shishachani Boytemirga berib, oʻgʻlini olib ketdi.

Boytemir namlangan sochiq bilan yuzimdagi qonni artdi.

– Birpas chidaysan endi! – deb hazillashdi u shilingan joylarimga yod surarkan va jiddiy suratda: – Bu ishing uchun seni oʻtda kuydirsa ham boʻlardi-yu, mayli, endi, mehmonimizsan-da… Mana tamom, qutulding, bitib ketadi. Asal, bizga choy qoʻyib yuborsang boʻlardi.

– Hozir! – dedi Asal oʻgʻlini allalay turib. Boytemir polga yoyilgan kigiz ustiga ikki qavat

koʻrpacha solib, yostiq qoʻydi.

– Buyoqqa oʻtib oʻtir, – dedi u menga. – Yonboshla, bir oz damingni ol…

– Hechqisi yoʻq, rahmat! – deb gʻoʻldiradim men.

– Oʻtir, oʻtiraver, oʻz uyingdek bemalol oʻtiraver! – deb qattiq turib oldi u.

Bularning hammasi goʻyo tushimda boʻlayotgandek edi. Mana hozir hammasi oshkor boʻladi, qani endi yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsang, degan qoʻrquv va tashvishdan yuragim tars yorilib ketayozgandek edi. Chunki men bu yerga naqadar ayanchli ahvolda: mast, iflos va qonga boʻyalgan holda kelganimni payqagan edim. Uf, onam nega tuqqan ekan meni-ya!

Asal bizga qaramaslikka harakat qilib, samovarni oldi-da, tashqariga olib chiqib ketdi.

– Men hozir senga yordamlashib yuboraman, Asal! – dedi Boytemir uning orqasidan. U Asalning ketidan endi chiqmoqchi boʻlib turgan edi, Samad yana oʻrnidan irgʻib turdi. Uning mutlaqo uxlagisi yoʻq edi.

– Senga nima boʻldi, Samad! – deb mehribonlik bilan bosh chayqadi Boytemir.

– Amaki, siz toʻppa-toʻgʻri kinodan chiqdingizmi? – deb soʻradi oʻgʻlim jiddiy, oldimga yaqinroq kelib.

Men uning nima hakda gapirayotganini tushunmadim, Boytemir boʻlsa xaxolab kulib yubordi.

– Voy, tentag-yey, – deb kulardi Boytemir bolaning yoniga choʻkkalab oʻtirganicha. – Toza ichaklarni uzding-ku. Biz konga kino koʻrgani borib turamiz! – dedi u menga murojaat qilib. – U ham biz bilan birga boradi.

– Ha, men kinodan chiqdim! – deb umumiy kulgiga qoʻshildim.

Ammo Samad qovogʻini solib oldi-da:

– Yolgʻon! – dedi.

– Nega endi yolgʻon boʻlarkan?

– Boʻlmasa, anov urishadigan qilichingiz qani?

– Uyga tashlab keldim…

– Menga koʻrsatasizmi, amaki? Ertaga koʻrsatasizmi?

– Xoʻp, xoʻp, koʻrsataman. Qani, buyoqqa kel-chi, sening oting nima, Samad-a, toʻgʻrimi?

– Samad. Sizning otingiz nima, amaki?

– Menikimi… – deya nafasim ichimga tushib ketdi. – Mening otim Ilyos amaki, – dedim zoʻr-bazoʻr.

Boytemir shoshib qoldi:

– Sizlar bu yerda gaplashib oʻtira turinglar, biz hozir choy qaynatib kelamiz. – U ostonada toʻxtadi. – Sen, Samad, borib yot, kech boʻlib qoldi.

– Dada, yana ozgina oʻtira qolay! – deb yolvordi Samad.

– Ha, mayli! – deb rozi boʻldi Boytemir. Samad oldimga keldi. Men uning qoʻllarini siladim: u menga oʻxshardi, juda oʻxshardi. Hatto qoʻllari ham, kulgisi ham xuddi menikiga oʻxshardi.

– Katta boʻlganingda kim boʻlasan? – deb soʻradim men qanday boʻlmasin, oʻgʻlimni gapga solmoqchi bolib.

– Shofyor boʻlaman.

– Mashinada yurishni yaxshi koʻrasanmi?

– Judayam… Qoʻl koʻtarsam, hech kim meni mashinasiga chiqarmaydi…

– Ertaga men seni oʻynatib kelaman. Boʻptimi?

– Boʻpti. Men sizga oʻzimning oshiqlarimni beraman! – U oshiqlarni olib kelish uchun narigi xonaga chopib kirib ketdi.

Deraza ortida samovar karnayidan oʻt chiqib turardi. Asal bilan Boytemir allanimalar haqida gaplashishardi. “Samadimizning nima deganini eshitganingdami, ichaging uzilardi”, – dedi Boytemir quvonch bilan tarasha yorayotib. Qiziq, Asal ham aytarli biron narsa boʻlmagandek xotirjamgina javob berdi: “Ha! U shunaqa, nimani koʻrsa, shuni gapiraveradi!”

Samad arxar terisidan yasalgan xaltachadagi oshiqlarini pishillab koʻtarib keldi-da, oldimga sochib tashladi:

– Tanlab oling, amaki! – deb u rang-barang boʻyoqlarga boʻyalgan oʻz boyligini namoyish qila boshladi.

Men esdalik uchun bittasini olmoqchi boʻldim-u, ammo jurʼat eta olmadim. Eshik ochilib, qaynagan samovarni koʻtarib Boytemir kirdi. Uning ketidan Asal koʻrindi. U choy damlaguncha, Boytemir bizning oldimizga yumaloq xontaxtani keltirib qoʻydi-da, dasturxon yozdi. Biz Samad bilan oshiqlarni yigʻishtirib, ularni yana xaltachaga solib qoʻydik.

– Oʻz bisotini koʻz-koʻz qilayapti, ah, maqtanchoq! – deb sevib tortqiladi Boytemir Samadning qulogʻidan.

Oradan sal oʻtmay biz samovar atrofida oʻtirib choy icha boshladik. Biz bir-birimizni goʻyo hech qachon koʻrmagandek va bilmaydigandek oʻtirardik. Shuning uchun boʻlsa kerak, oʻzimizni xotirjam tutishga, kamroq gaplashishga tirishardik. Faqat Samadgina oʻzini erkin tutardi. U Boytemirning tizzasiga chiqib olib, pinjiga tiqilganicha boshini sarak-sarak qilib oʻynardi.

– U-uh, doim moʻylovingiz odamni qitiqlaydi-ya, dada! – deb tipirchilardi u va oʻzi unga yopishib chakkasini moʻyloviga tegizar edi.

– Ehtiyot boʻl, choyga kuyib qolasan! – deb ogohlantirdi Boytemir.

Hali bu goʻdak atrofida oʻtirgan biz kattalarning har birimiz hozir oʻz oʻy-xayollarimiz bilan band ekanligimizni fahmlamas edi. Bizning takdirimiz bugun favqulodda toʻqnashib qolishi kimningxayoliga kelibdi deysiz. Bularning hammasi nima bilan tugallanarkan?..

Boshqa odamni “dada”, deb erkalanayotgan oʻz oʻgʻlim bilan yonma-yon oʻtirish menga oson deysizmi? Visolida qanchalar azob va iztirob chekkanim Asal, mening aziz Asalim roʻparamda oʻtirgan boʻlsa-yu, koʻzlariga tik qarashga jurʼat eta olmasam. Qanday qilib bu yerga kelib qoldiykin u. Sevib qolib turmushga chiqdimikin? Goʻyo men unga mutlaqo begona, mutlaqo notanish kishidek, u oʻzini tanimaslikka solayotgan boʻlsa, men buni qayoqdan bilayin axir? Nahotki u mendan shu qadar nafratlangan boʻlsa? Boytemir-chi? Nahotki u mening aslida kim ekanligimni payqamayotgan boʻlsa? Samad ikkimiz bir-birimizga oʻxshashimizni nahotki sezmayotgan boʻlsa? Nega u dovonda mashinani shatakka olganimizdagi uchrashuvimizni hatto eslamadi ham? Yo unutdimikin?..

Uyquga yotganimizda men oʻzimni yanada ogʻirroq sezdim. Menga shu yerning oʻziga, kigiz ustiga oʻrin solib berishdi. Men devorga qarab yotardim, chiroq piligi xiyol pasaytirilgan. Asal boʻlsa idish-tovoqlarni yigʻishtirmoqda edi.

– Asal! – deb chaqirdi Boytemir sekingina qoʻshni xonaning qiya ochiq turgan eshigidan.

Asal uning oldiga bordi.

– Koʻylagini yuvib qoʻysang boʻlardi, – dedi u. Asal stuldan qonga belangan katak-katak koʻylagimni oldi-da, yuva boshladi. Biroq shu zahotiyoq yuvishdan toʻxtadi. Boytemir tomonga oʻtgani eshitildi.

– Radiatorning suvini toʻkib qoʻydilaringmi? – deb soʻradi u shivirlab. – Tagʻin muzlab qolmasin…

– Toʻkilgan, Kamol toʻkib tashladi! – dedi Boytemir ham shivirlab. – Mashina deyarli lat yemagan… Ertalab yordamlashamiz…

Men esa mashina haqida oʻylamabman ham: na radiator va na motor koʻrinardi koʻzimga.

Asal koʻylakni yuvib boʻlib, uni pechka tepasiga yoyar ekan, chuqur xoʻrsinib qoʻydi va chiroqni oʻchirib, chiqib ketdi.

Uyni qorongʻilik qopladi. Hammamizning ham uxlamay yotganimizni sezib yotardim. Har birimiz oʻzimizcha yolgʻiz oʻy-xayollarimiz bilan edik. Boytemir oʻgʻli bilan bir karavotda yotibdi. U nimalardir deb Samadni erkalar, uyqusida tipirchilab tepkilansa, koʻrpani ustiga tortib yopib qoʻyardi; Asal goho-goho ogʻir xoʻrsinib qoʻyardi. Uning qorongʻida xuddi yomgʻirda qolgan toshdek yiltirayotgan koʻzlari menga koʻrinib turardi… Ular balki yosh bilan toʻladir. Nima hakda, kim haqida oʻylayotganikin? Endi u bir emas, uch kishi haqida qaygʻurishi kerak edi… Ehtimol, u ham xuddi men singari bir-birimizni bogʻlab turuvchi oʻsha oʻtmish kunlarni, lazzatli va iztirobli damlarni xotiridan bir-bir oʻtkazayotgandir. Ammo endi uning visoliga yetolmayman, shuningdek, uning oʻy-fikrlarini ham bilolmayman. Keyingi yillar ichida Asalning oʻzi ham, koʻzlari ham oʻzgarib ketgan edi… Endi bu koʻzlar avvalgi, ishonch bilan boqib, mehr, soddadillik bilan porlab turuvchi gʻuborsiz koʻzlar emas edi. Ular vazmin va jiddiylashgan edi. Biroq Asal men uchun hamon oʻsha dasht quchogʻida yayrab oʻsgan sarvqomatligicha qolgan edi. Uning har bir xislat, xususiyat va xatti-harakatlari men uchun tanish va qadrdon edi. Bu esa bir alamimni ikki qilib, qalbimni oʻrtab tirnardi. Alamimdan yostiq burchagini tishlaganimcha gʻing demay yotardim. Tonggacha mijja qoqmadim.

Derazadan koʻkda suzib yurgan oy bulutlar orasidan yogʻdu sochar, dam-badam oʻz jamolini koʻrsatib qoʻyardi.

Erta tongda Asal bilan Boytemir xoʻjalik ishlari bilan hovliga chiqib ketganlarida men ham oʻrnimdan turdim. Joʻnash kerak edi. Sekin odimlab borib Samadni oʻpdim-da, tezda xonadan chiqib ketdim.

Asal hovlida tosh oʻchoqqa oʻrnatilgan katta qozonda suv isitmoqda edi. Boytemir oʻtin yorardi. Biz u bilan birga mashina tomon ketdik. Jimgina papiros chekishib borardik.

Mashina kechasi yoʻl chekkasidagi betonli ustunchalarga urilgan ekan. Ulardan ikkitasi tag-tugi bilan qoʻporilib yotardi. Mashinaning chirogʻi singan, qanoti va oldingi qismi pachaqlangan, gʻildiragi bir tomonga xiyol qiyshayib ketgandi. Biz bularning hammasini lom va bolgʻa bilan ozmi-koʻpmi tuzatdik. Soʻng motorni yurgizolmay uzoq vaqt azob cheqdik. Motor dovonda muzlab qolgan edi. Karterni mashʼal yoqib qizdirdik, keyin ikki kishilashib ruchkani aylantira boshladik. Yelkalarimiz toʻqnashib, kaftimiz ruchka dastasini aylantiraverib qizib ketdi, bir-birimizning yuzimizga iliq nafasimiz urilardi, ikkalamiz ham bir ishni bajarar edik, ehtimol, oʻy-xayollarimiz ham bir yerdan chiqar.

Motorning oʻt olishi juda qiyin boʻldi. Ikkalamiz ham hansiray boshladik. Shu orada Asal ikki chelak issiq suv keltirdi va ularni jimgina oldimga qoʻydi-da, oʻzini chetga olib turdi. Suvni radiatorga quydim. Soʻngra yana Boytemir bilan birgalikda ruchkani bir-ikki aylantirib yuborgan edik, nihoyat motor ishlab ketdi. Men kabinaga oʻtirdim. Motor notekis, uzilib-uzilib ishlardi. Svechalarni tekshirish uchun Boytemir kapot ostiga kirdi. Shu chogʻ paltochasining tugmalari qadalmagan Samad hansiraganicha chopqillab kelib qoldi va mashinaning atrofidan gʻizillab chopa boshladi. Chunki u mashinaga minib sayr qilish ishtiyoqida edi. Asal uni tutib oldi-da, qoʻlidan mahkam ushlab olgancha, kabinaning yoniga oʻtib turdi. U menga taʼna qilgandek, shunaqa ham alam va achinish bilan termildiki, oʻz gunohimni yuvish va ularni yana oʻzimga qaytarish uchun shu damda lozim boʻlsa har narsa qilishga tayyor edim. Men kabinaning ochiq eshigidan engashib qaradim:

– Asal! oʻgʻlimizni olib oʻtir! Oʻtgan galgidek mashinaga oʻtqazib olib ketaman, bir umrga olib ketaman! Oʻtir! – deb motor shovqini ostida yolvorardim unga.

Asal hech nima demadi, jiqqa yoshga toʻlgan koʻzlarini jimgina chetga burib, “yoʻq”, degandek bosh chayqadi.

– Oʻtiraylik, oyi! – deya uning qoʻlidan tortqiladi Samad. – Oʻynab kelamiz!

U oʻgʻlini siltab tashladi va uni qoʻlidan qoʻymay nariga yetaklab ketdi. U boshini quyi solgancha atrofga nazar tashlamay borardi. Samad esa orqaga tortqilar, ketgisi kelmasdi.

– Tayyor! – deb qichqirdi Boytemir kapotni yopib, keyin, asbob-uskunalarni menga uzatdi.

Yoʻlga tushdim. Yana qoʻlim rulda, yana yoʻl, togʻ-toshlar, mashina meni uchirib olib ketmoqda, uning men bilan qanchalik ishi bor…

Asal bilan oʻgʻlimni dovonda ana shu yoʻsinda topdim, biz shu xilda uchrashdik va ajrashdik. Chegaraga bora-borguncha va qaytishda butun yoʻl boʻylab oʻylab oʻyimga yeta olmadim. Cheki-chegarasi yoʻq oʻy-xayollardan charchab ketdim… Endi bu yerlardan boshim oqqan tomonga qarab bosh olib ketishim kerak edi, bu yerda qolishim mumkin emas edi.

Bunga men qatʼiy qaror qildim, shu xayollar bilan orqaga qaytdim. Dovondan oshib oʻtdim va yoʻl uchastkasidan oʻtib keta turib Samadni koʻrib qoldim. U yoʻl yoqasida bir oʻgʻil bola va oʻzidan bir oz kattaroq bir qiz bola bilan oʻynab yurgan edi. Ular toshqoʻrgʻon oʻynashardi, yaʼni toshlardan hovlichalar va mollar uchun qoʻralar qurishmoqda edi. Ehtimol, ilgarilari ham ularni yoʻl yoqasida koʻrgandirmanu, ammo taniy olmagandirman. Demak, deyarli har kuni oʻgʻilchamning yonginasidan oʻtib-qaytib yurganimni oʻzim payqamay yurgan ekanman. Mashinani toʻxtatdim.

– Samad! – deb chaqirdim men toychogʻimni. Koʻrgim kelib ketdi. Bolalar menga qarab chopqillab kelishdi.

– Amaki, bizni mashinada oʻynatgani keldingizmi? – deb oldimga chopib keldi Samad.

– Ha, ozgina sayr qildirmoqchiman sizlarni! – dedim men.

Bolalar chuvillashib, hammasi birdaniga kabinaga chiqishdi.

– Bu bizning tanish amakimiz, – deb maqtanardi Samad oʻrtoqlariga.

Men ularni bir oz sayr qildirgandek boʻldim. Ammo shu bilan oʻzimni shu qadar quvnoq va shu qadar baxtiyor his qilar edimki, bolalarning oʻzlari ham bunchalik huzur qilmagan boʻlsalar kerak. Soʻngra ularni mashinadan tushirdim.

– Qani endi uylaringga chopinglar! – Bolalar chopqillab ketishdi. Men oʻgʻlimni toʻxtatdim:

– Shoshmay tur, Samad, senga ozroq gapim bor! – deb uni qoʻlimga olib, boshim uzra yuqoriga koʻtardim, yuziga uzoq tikilib turdim soʻngra koʻksimga bosib, oʻpib-oʻpib oldim-da, pastga tushirdim.

– Qilich qani, olib keldingizmi, amaki? – dedi Samad esiga tushib qolib.

– E, yodimdan koʻtarilib ketibdi-ku, oʻgʻlim, endi kelasi safar olib kelaman! – deb vaʼda berdim unga.

– Endi esingizdan chiqarmaysiz-a, amaki? Biz boyagi joyda oʻynab yuramiz.

– Yaxshi, qani endi tezroq chop!

Avtobazada duradgorlik ustaxonasida yogʻochdan uchta oʻyinchoq qilich yasab, oʻzim bilan birga olib yurdim.

Bolalar haqiqatan ham meni kutib turishgan ekan. Men ularni mashinada yana bir oz aylantirdim. Oʻgʻlim va uning oʻrtoqlari bilan doʻstligimiz ana shunday boshlandi. Ular menga tez koʻnikib qolishdi. Uzoqdan koʻzlari tushishi bilanoq bir-biridan oʻzishib chopib qolishardi.

– Mashina, mashinamiz kelyapti! – deb qichqirishardi.

Menga yana jon kirib, odambashara boʻlib qoldim. Yoʻlda ketayotib ruhim tetik, dimogʻim chogʻ ketar va oʻzim bilan birga qandaydir noyob his-tuygʻularni eltib borardim. Yoʻl yoqasida meni oʻgʻlim kutib turganini bilardim. Loaqal bir-ikki minut boʻlsa-da, u bilan yonma-yon oʻtirish men uchun katta baxt-ku. Endi butun fikr-u xayolim qanday boʻlsa ham oʻgʻlimning oldiga oʻz vaqtida yetib borish tashvishi bilan band edi. Men hamma vaqt dovondan kunduzi oʻtishni moʻljallardim. Iliq bahor kunlari edi, bolalar doim ochiq dalada oʻynab yurishardi. Shuning uchun ham men ularni koʻpincha yoʻl yoqasida uchratardim. Azbaroyi shu uchungina yashayotgandek va ishlayotgandek tuyulardi menga: oʻzimda yoʻq baxtiyor edim… Ammo baʼzan yuragim qoʻrquvdan orqasiga tortib ketardi. U yokda yoʻl uchastkasidagilar bolalarni mashinada oʻynatib yurganligimni bilishadimi-yoʻqmi, bilmadimu, ammo oʻgʻlimning men bilan uchrashishini man etishlari, uni yoʻl yoqasiga chiqarmay qoʻyishlari mumkin edi. Men bundan juda qoʻrqardim. Asal bilan Boytemirdan bunday qilmasliklarini, loaqal mana shu oniy uchrashuvlardan meni mahrum etmasliklarini dilimdan yalinib-yolvorib soʻrardim. Ammo bir kuni xuddi shunday boʻldi…

Birinchi May bayrami yaqinlashib kelmoqda edi, oʻgʻlimga sovgʻa qilmoqchi boʻlib, unga oʻziyurar mashina – xuddi menikiga oʻxshash yuk mashinachasi sotib oddim. Oʻsha kuni avtobazada oʻralashib qolib, yoʻlga kechroq chiqqanim uchun juda shoshilardim. Ehtimol, shuning uchun hammi, koʻnglim allanarsani oldindan sezayotgandek gʻash tortayotgan edi, bekordan-bekor haya-jonlanib, xavotirlanardim. Yoʻl uchastkasiga yaqinlashib borar ekanman, Samadning qanchalik xursand boʻlishini koʻz oldimga keltirib, oʻrogʻliq oʻyinchoq mashinani yonimga solib qoʻydim. Garchi uning bundan koʻra yaxshiroq oʻyinchoqlari boʻlsa ham, bu alohida sovgʻa – shofyor boʻlishni orzu qilib yurgan jajjigina bolaga yoʻlovchi tanish shofyorning sovgʻasi edi. Ammo bu gal Samadni uchratolmadim. Bolalar usiz chopib kelishdi… Men kabinadan chiqdim:

– Samad qani?

– Uyda, kasal boʻlib qoldi, – dedi bir bola.

– Kasal boʻlib qoldi? Boshi ogʻriyaptimi yoki boshqa yerimi?

– Yoʻq, u kasal emas! – dedi bilagʻonlik bilan qizcha. – Oyisi buyoqqa yubormayapti!

– Nega?

– Bilmayman. Borma, deyapti.

Tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib, kayfiyatim buzildi. Mana shu bilan tamom, vassalom!

– Ma, olib borib ber, – deb oʻrogʻliq oʻyinchoqni haligi bolaga uzatdim, biroq shu zahotiyoq fikrimdan qaytdim. – Yoʻq, qoʻya qol, – oʻyinchoqni qaytib olib, boshimni quyi solganimcha mashina tomon ketdim.

– Nega amakimiz bizni mashinaga chiqarmadi? – deb soʻradi bola opasidan.

– Kasal boʻlib qoldi, – dedi opasi qovogʻini solib.

. Ha, qizcha toʻgʻri topgandi. Bu xabar men uchun har qanday kasalliqdan ham ortiq edi. Butun yoʻl davomi-da oʻylanib bordim… Nahotki Asal mendan shu daraja koʻngli qolgan boʻlsa, nahotki u menga nisbatan shu qadar bagʻritoshlik qilsa? Men qanchalik yomon boʻlmay, nahotki uning zarracha ichi achimasa! Yoʻq, ishongim kelmasdi… Asalning shu darajaga borishi mumkin emas, bu yerda boshqa bir gap bor… Xoʻsh, nima bor? Men qayoqdan bilay… Shu chogʻ, oʻrtogʻi aytganidek, oʻgʻlimning bir oz tobi qochib qolgan boʻlsa kerak, deb oʻzimni oʻzim ishontirishga urindim. Nega unga ishonmasligim kerak ekan? Axir haqiqatan ham shunday boʻlishi mumkin-ku. Men bunga oʻzimni shu darajada ishontirib qoʻygan edimki, keyin bu fikrimdan oʻzim ham choʻchib ketdim. Oʻgʻlimning isitmalab va alahsirab, ilondek toʻlgʻanib yotgani bir-bir koʻz oldimdan oʻtaverdi… Balki biron yordam zarur boʻlib qolar, dori-darmon keltirish yoki kasalxonaga olib borish kerak boʻlib qolar. Axir ular shaharda emas, dovonda yashashadi! Juda qiynalib ketdim. Orqaga qaytishga shoshildim, qanday tadbir-chora qoʻllash mumkin ekanligini tasavvur eta olmasdimu, biroq xayolimdan birgina narsa oʻtardi: tezroq yetib borishu, agar, oʻgʻlim sogʻ-salomat boʻlsa, koʻrib koʻngilni joyiga tushirish. Men uni uchratishimga ishonardim, buni qalbim aytib turgan edi. Xuddi qasddan qilgandek, bakda yonilgʻi tamom boʻlib qoldi, mashinani dovondagi benzokolonka oldida toʻxtatishga toʻgʻri keldi.

 

* * *

 

Hikoyasining shu yeriga kelganda hamrohim Ilyos jimib qoldi. Qizib ketgan yuzlarini kafti bilan ishqalab, chuqur xoʻrsinib qoʻydi-da, qiya ochilib turgan vagon derazasini oxirigacha surib, bilmadim, nechanchi marta ekan, yana cheka boshladi.

Vaqt yarim kechadan oshgan edi. Bizdan boshqa yoʻlovchilarning hammasi uxlab qolishgan boʻlsa kerak. Gʻildiraklar relslarga “taq-taq” urilib, oʻzlarining tuganmas qoʻshigʻini kuylab borardi. Derazalar ortidan yozgi tun pardasi gʻizillab oʻtib turar, stansiyalarning yer bagʻirlab yonib turgan chiroqlari milt-milt etib oʻtardi. Parovoz yelib borayotib qattiq chinqirdi.

– Xuddi mana shu paytda siz menga uchragan edingiz, ogʻa, men esa sizning iltimosingizni bajo keltirolmagan edim. Endi sizga hammasi ayon boʻlgan boʻlsa kerak, – deb hikoyasini davom ettirarkan, xomushgina jilmayib qoʻydi qoʻshnim. – Siz benzokolonka oldida qolgan edingiz, soʻng “Pobeda”da mendan oʻzib ketdinglar. Buni koʻrgan edim. Ayni, shu payt dovon etagiga yomgʻir yogʻib oʻtgandi…

Ha, mashinani qattiq hayajon ichida haydab borardim. Nihoyat qalb sezgilarim meni aldamagan edi. Samad yoʻl yoqasida kutib turardi. U mashinani koʻrishi bilanoq yoʻlni kesib chopqillab qoldi:

– Amaki! Shofyor amaki!..

Demak, oʻgʻilcham sogʻ-salomat! Eh, oʻzimda yoʻq suyunib ketdim, quvonchim ichimga sigʻmasdi!

Men mashinani shartta toʻxtatib, kabinadan sakrab tushib, oʻgʻlimga peshvoz yugurdim.

– Nima boʻldi, ogʻayni, kasal boʻlib qoldingmi?

– Yoʻq, oyim yubormadi. Uning mashinasiga chiqmagin, deydi. Men yigʻladim, – deb arz qilardi Samad,

– Xoʻsh, hozir qanday qilib kelding?

– Dadam, agar birov bolalarni mashinada oʻynataman desa, qoʻyaver, oʻynataversin, dedi.

– Rostdanmi?

– Men shofyor boʻlaman, dedim…

– Albatta shofyor boʻlasan, boʻlganda ham qanday de! Bilasanmi, men senga nima olib keldim? – Men oʻyinchoq mashinani oldim. – Bunga qara, oʻziyurar “ZIL”cha, kichkintoy shofyorlarga juda bop mashinada bu!

Bola ogʻzi qulogʻiga yetib jilmaydi.

– Men doim, har doim siz bilan birga mashinada yuraman-a, amaki? – deb yolvoruvchi koʻzlari bilan termildi menga. Koʻnglim buzilib ketdi.

– Albatta, har doim! – deb ishontirdim uni. – Istasang, Birinchi may bayramida shaharga birga boramiz, mashinani bayroqchalar bilan yasatamiz, keyin seni yana olib kelib qoʻyaman. – Nega men unga bu soʻzlarni aytganligimni, bunga qanchalik haqqim borligini va ayniqsa, oʻz soʻzlarimga nega birdan oʻzim ham ishonib qolganligimni hozir tushuntirish qiyin edi. Bu ham yetmagandek, yana soʻzlarimga erk berib gapiraverdim. – Agar yoqsa butunlay menikida qolasan! – dedim oʻgʻlimga juda jiddiy suratda. – Biz kabinada yashaymiz, men seni doim oʻzim bilan birga olib yuraman. Boʻptimi?

– Boʻpti! – jon-jon deb rozi boʻldi Samad. – Mashinada yashaymiz! Ketdik, amaki, hozir ketamiz!..

Baʼzan kattalar ham bolalik qilib qoʻyadi. Biz kabinaga oʻtirdik. Men ishonqiramay motorni yurgizdim, startyorni bosdim. Samad juda xursand edi: meni tortqilar, erkalanar, oʻrindikda irgʻishlardi. Mashina qoʻzgʻaldi. Samadning quvonchi ichiga sigʻmasdi, tinmay kulardi, rulni, qarshisidagi knopkalarni koʻrsatib allanimalar deb bijirlab gapirardi. Unga qoʻshilib men ham xursand boʻlib ketdim. Ammo birdan es-hushimni yigʻib oldim. Butun vujudimni issiq alanga qoplab oldi; nima qilyapman oʻzi?! Mashinaga tormoz berdim. Ammo Samad toʻxtatishga koʻnmadi:

– Tezroq, amaki, tezroq haydang! – derdi u. Bolaning iltijo bilan baxtiyor boqishlarini qanday qilib rad eta olardim. Tezlikni yanada oshirdim. Endigina gʻizillab uchib borayotgan edikki, yoʻlga gudron yotqizib yurgan greyder koʻrinib qoldi. Greyder burildi-da, smolali suyuqlikni yoʻlga yotqizganicha bizga tomon kelaverdi, uning ketidan esa suyuqliklar solingan ulkan qozonlar orqasida Boytemir turgan ekan. U grabarka bilan yoʻlga yotqizilgan gudronni tekislamoqda edi. Men dovdirab qoldim. Mashinani toʻxtatmoqchi boʻldimu, ammo kechikkan edim: Samad bilan allaqancha yerga kelib qolgan edik. Men boshimni pastroq egdim-da, jon-jahdim bilan gazni bosdim. Boytemir hech narsani sezmay qoldi. U boshini koʻtarmay ishlab yotgan edi: bu yerdan oʻtib turgan mashinalar kam deysizmi? Qaysi biriga ham qarardi! Biroq Samad uni koʻrib qoldi:

– Ana dadam! Amaki, keling, dadamni ham chiqarib olamiz, maylimi? Toʻxtating, dadamni chaqiraman!

Men indamasdim. Endi toʻxtatishning iloji yoʻq edi, unga nima deyman axir? Samad birdan orqasiga qayrilib qaradi, qoʻrqib ketdi-da, qichqirib yigʻlab yubordi:

– Dadamga boraman! Toʻxtat, dadamga boraman! Toʻxtat, tushaman! O-o-yi-i!..

Muyulishdagi qoya orqasiga oʻtib mashinani toʻxtatdim. Oʻgʻlimni ovutishga urina boshladim:

– Yigʻlama, Samad, yigʻlama, qoʻy! Hozir olib borib qoʻyaman. Lekin yigʻlama!

Ammo qoʻrqib ketgan bola hech narsaga quloq solmasdi.

– Yoʻq, tushaman! Dadamga boraman! Och! – deb kabina eshigiga yopishib taqillata boshladi. – Och, dadamga boraman hozir! Och!

Ana xolos, juda gʻalati ish boʻldi-ku.

– Yigʻlamagin-da, axir! – deb yalinib-yolvorib, uni koʻndirishga urinardim. – Hozir ochaman, yigʻlamasang boʻlgani! Dadangning oldiga oʻzim olib borib qoʻyaman! Qani, tush-chi, ketdik!

Samad yerga sakrab tushdi-da, yigʻlagancha orqaga chopib ketdi. Men uni ushlab qoldim:

– Shoshma! Koʻzingni art. Yigʻlama. Jon oʻgʻlim, yigʻlamagin! Mashinang qoldi-ku, olmaysanmi? Mana qara! – Men shoshib oʻyinchoqni oldim-da, qaltiroq qoʻllarim bilan murvatini buradim. – Qara, senga qarab chopib ketyapti, qani tutib ol-chi! – Mashinacha yoʻlda gʻizillab yurib ketdi va toshga urildi-da, yoʻl yoqasidagi ariqqa chirpirak boʻlib uchib tushdi.

– Kerak emas! – dedi u va yana battarroq yigʻlab, orqasiga qaramay qochib ketdi.

Men boʻlsam dong qotib qoldim. Tomogʻimga qaynoq dumaloq bir narsa qadalgandek boʻldi. Men oʻgʻlimga yetib olish uchun yana orqasidan chopdim:

– Toʻxtab tur, yigʻlama, Samad! Toʻxta, men sening… men, men sening, oʻzing bilasan-ku! – Biroq davomini aytishga tilim kelmasdi…

Samad orqasiga qayrilib qaramay chopib borardi, u muyulishdan oʻtib koʻzdan yoʻqoldi. Men qoyagacha chopib borib, qochib ketayotgan oʻgʻlimning orqasidan qarab qoldim.

Uning yoʻlda ishlayotgan Boytemir oldiga yugurib borib, unga oʻzini tashlaganini kuzatib turdim. Boytemir Samadning oldida choʻqqayib oʻtirdi-da, uni quchoqlab bagʻriga bosdi. Bola ham men tomonga qoʻrqib, xavfsirab qarab, uning boʻynidan quchoqlab oldi.

Boytemir grabarkasini yelkasiga tashlab, Samadning qoʻlidan ushladi. Ular yoʻl boʻylab uzun-qisqa yetaklashib ketishardi.

Men qoyaga suyanganimcha uzoq turdim soʻngra orqaga qaytdim. Oʻyinchoq mashinacha oldida toʻxtadim. U ariqda toʻntarilib yotardi. Koʻz yoshlarim yuzimdan oqib tusha boshladi. “Mana, ishning pachavasi chiqdi!” – dedim mashinamga, uning kapotini siypalab. Motorning issiq tafti yuzimga gup etib urildi… Endi oʻgʻlim bilan soʻnggi uchrashuvimizning shohidi boʻlgan mashinamga nisbatan ham qandaydir mehr-muhabbatim oshib ketgan edi…

 

* * *

 

Ilyos oʻrnidan turib, eshikka tomon yurdi.

– Biroz sof havodan nafas olay, – dedi u.

Men kupeda qoldim. Yorishib kelayotgan sahar osmonining bir parchasi deraza ortidan oqarib, tebranib oʻtib borardi. Gʻira-shirada simyogʻochlar lip-lip oʻtib turardi. Chiroqni oʻchirsa ham boʻlardi.

Men Ilyos bilmagan, ammo menga ayon boʻlgan narsalarni unga aytib bersammikin, yoʻqmikin, deb chalqancha oʻytab yotardim. Ammo u hadeganda kupega qaytib kelavermadi. “Mayli, dam olvolsin, ertaga aytarman”, degan qarorga keldim. Aytmay yaxshi qilgan ekanman, chunki ertasiga yana oʻylab koʻrib, bu fikrimdan qaytdim.

Men yoʻl masteri Boytemir bilan deyarli oʻsha kezlarda – Ilyos Asal bilan oʻgʻlining dovonda yashayotganligidan xabar topgan chogʻlarda tanishgan edim. Pomirda Qirgʻiziston yoʻl ishchilarining oʻzaro tekshirish va tajriba almashish boʻyicha delegatsiyasini kutishayotgan edi. Shu munosabat bilan Tojikiston respublika gazetasi qirgʻizistonlik togʻ yoʻli ishchilari haqida ocherk yozib berishimizni iltimos qilgan edi.

Delegatsiya orasida eng yaxshi yoʻl masterlaridan biri Boytemir Qulov ham bor edi.

Men Boytemir bilan tanishish maqsadida Doʻlanga keldim.

Biz u bilan qoʻqqisdan uchrashib qoldik va bu uchrashuv men uchun juda muvaffaqiyatli boʻldi. Dovonga yetay-yetay deb qolganimizda avtobusimizni qoʻlida qizil bayroqcha tutgan ishchi toʻxtatdi. Bilsak, yoʻlda hozirgina togʻ oʻpirilishi yuz berib, yoʻl tuzatuvchilar uni tozalayotgan ekan. Men avtobusdan chiqib, oʻpirilish yuz bergan joyga qarab ketdim. Togʻ tepasida pastga qarab tosh aralash yer koʻchib, yoʻlga qulab tushibdi-da, oʻzi bilan birga yoʻlning bir chekkasini toʻsib qoʻyilgan beton ustunchalarni ham qoʻshib tik qiyalik boʻylab jarlikka qarab oʻpirib ketibdi. Yoʻlning bu qismi taxta qoliplar yordamida qaytadan tiklanayotgan edi. Buldozer uyilib qolgan tuproqni pastlikka surib tushirardi. Buldozer yurolmaydigan joylarni esa ishchilar belkuraklar bilan tozalab, shibbalashardi. Brezent plash va kirza etik kiyib olgan kishi buldozer bilan yonma-yon yurib, traktorchiga yoʻl-yoʻriq koʻrsatmoqchi edi:

– Xiyol chaproqqa bur! Yana biroz ichkariga! Taxta qoliplar ustidan hayda! Ha, shunday! Toʻxta! Orqaga!..

Yoʻl deyarli tozalab boʻlingan edi. Shofyorlar ikkala tomondan tinmay signal berishib, soqchi ishchilarni soʻkib, yoʻlni ochishni talab qilishardi, ammo plashli kishi bularga parvo qilmasdi. U buldozerni moʻljallangan yerdan yurishga va qoliplar ichidagi tuproqni yaxshilab shibbalashga qayta-qayta majbur etardi. “Boytemir deganlari shu boʻlsa kerak. U oʻz ishining koʻzini bilarkan!” – degan qarorga keldim men. Ha, yanglishmabman, bu ayni shu kishining oʻzi ekan. Nihoyat, yoʻl ochilib, mashinalar harakatga tushib qolishdi.

– Siz nima qilib turibsiz, avtobusingiz ketib qoldi-ku? – dedi menga Boytemir.

– Men siz bilan uchrashgani keldim. Boytemir taajjublanmadi ham. Men bilan oddiygina qoʻlimni mahkam qisib koʻrishdi.

– Mehmondan qochmaymiz, xursand boʻlamiz.

– Sizda ishim bor edi, bake, – dedim uni hurmatlab. Oʻzimni ham tanitdim. – Yoʻl tuzatuvchilarimizning Tojikistonga borishidan sizning xabaringiz bormi?

– Ha, eshituvdim.

– Gap bunday. Pomirga ketishingiz oldidan siz bilan gaplashib olmoqchi edim.

Men kelishdan maqsadimni asta-sekin tushuntirar ekanman, borgan sayin Boytemirning qovogʻi osilib, dagʻal va qoʻngʻir moʻylovini oʻychan silay boshladi.

– Kelganingiz-ku juda yaxshi boʻlibdi, – dedi u menga, – lekin Pomirga men bormayman, mening xususimda yozib oʻtirishingizning hojati ham yoʻq.

– Sababini bilsak boʻladimi? Ishlar koʻpmi? Yoki uyda biron kori hol boʻldimi?

– Ish ham yetarli, har qalay yoʻl-da, oʻzingiz koʻrib turibsiz. Uyda deysizmi? – u papiros ola turib biroz jimib qoldi. – Uyda ham… albatta, hamma oilalarda boʻladiganidek ozmi-koʻpmi ishlar bor… Ammo Pomirga bormayman.

Men unga oʻxshagan yoʻl tuzatuvchilarning delegatsiya sostavida borishining qanchalik muhim ekanligini tushuntirishga va koʻndirishga kirishdim. Ammo Boytemir koʻproq hurmat yuzasidangina menga quloq solar edi, men uni har qancha tashviqot qilsam ham bari bir koʻndira olmadim.

Men juda xafa boʻldim va birinchi galda oʻzimdan oʻpkaladim. Jurnalistlik sezgirligim bu safar ish bermadi, chunki men unga toʻgʻri yondasholmagandim. Men dovondan redaksiyaning topshirigʻini ham, qoʻshni respublika gazetasining iltimosini ham bajara olmay quppa-quruq ketadiganga oʻxshab qoldim.

– Xoʻp, mayli, bake, kechirasiz, endi men ketay. Hozir biror yoʻlovchi mashina kelib qolar.

Boytemir menga osoyishta va sergak koʻzlarini qadab, diqqat bilan tikildi-da, miyigʻida kulib qoʻydi.

– Shaharlik qirgʻizlar urf-odatlarimizni unutib qoʻyyaptilar-da. Mening uyim, oilam, dasturxonim va tunaydigan joyim bor. Meni deb kelgan ekansiz, yoʻldan qaytmasdan, bugun uyimga tushib, ertaga ketarsiz. Yuring, men sizni xotinim va oʻgʻlimning oldiga qoldirib qaytay: koʻnglingizga olmaysiz, albatta. Qorongʻi tushmasdan yoʻlni bir aylanib chiqishim kerak. Tezda qaytaman. Ishimiz shunaqa…

– Bake! – deb toʻxtatdim uni. – Men siz bilan birga yoʻlni aylanib chiqa qolay.

Boytemir mening shaharlik qiyofamga bir nazar tashlab oldi-da, ayyorona koʻz qisib qoʻydi:

– Qalay boʻlarkan, men bilan birga kezib yurishingiz sizga noqulay boʻlmasmikin? Masofa uzoq, buning ustiga yoʻl ham yaxshi emas.

– Mayli, hechqisi yoʻq, – deb qatʼiy turib oldim men.

Shunday qilib, biz yoʻlga tushdik, har bir koʻprik va muyulish oldida, oʻpirilgan joylar va osilib turgan qoyalar qarshisida yoʻl-yoʻlakay toʻxtab, ularni koʻzdan kechirib borardik. Bularning hammasi yoʻl masterining ziyrak va oʻtkir nazaridan oʻtardi. Biz oʻz-oʻzidan gapga kirishib ketdik, albatta. Hali-haligacha nima uchun, qaysi soʻzim bilan, nimam bilan va qay yoʻsinda Boytemirning ishonchini qozonganligimni oʻzim ham bilolmayman. Azbaroyi shu ishonchi tufayli u menga oʻz taqdiri haqida va oilasining taqdiri haqidagi qissani soʻzlab berdi.

Faqat endigina, Ilyosning hikoyasini oxiriga qadar tinglab boʻlgach, jurnalist sifatida omadim juda oʻngidan kelganini tushundim. Zohiran xotirjam va osoyishta koʻringan Boytemir oʻsha kunlari oʻzi bilan gʻam-gʻussa, tashvish va oʻy-xayollarning ulkan yukini koʻtarib yurar edi. Qandaydir, tasodifan, koʻnglini yozish uchundir, Boytemir bir-ikki ogʻiz aytib yubordi-yu, keyin gapini toʻxtata olmay, qalbidagi dard-hasratlari qoʻzgʻalib, daryo kabi oshib-toshib ketdi…

 

YOʻL MASTERINING HIKOYASI

 

Mana siz, nega Pomirga borgingiz yoʻq, deb soʻradingiz. Oʻzim pomirlik qirgʻizman. Tugʻilgan elim Pomir boʻlsa ham men buyoqlarda, Tyan-Shanda yuribman.

Juda yoshlik chogʻlarimdanoq Pomir yoʻl qurilishida ishlay boshladim. U yoqqa komsomol chaqirigʻi bilan borgan edim. Qurilish xalq qurilishi edi, mexanizmlar yetishmasdi, ish qanchalik ogʻir boʻlmasin, biz, ayniqsa yoshlar, ishtiyoq bilan, gʻayrat va shijoat bilan ishlardik. Gʻayrat koʻrsatmay boʻlarmidi: asrlar boʻyi inson qadami yetmagan Pomirga yoʻl solinyapti-ya! Men zarbdorlar qatoriga oʻtib oldim, dam-badam mukofot va inʼomlar olib turardim. Buni maqtanib emas, shunchaki kezi kelgani uchun aytyapman.

U yerda, qurilishda men bir qizni uchratib, uni jon-dilimdan sevib qoldim. Oʻzi ham juda chiroyli, aqlli qiz boʻlib, qurilishga ovuldan kelgan edi; bu esa oʻsha paytlarda oddiy qirgʻiz qizi uchun katta qahramonlik edi. Uyogʻini surishtirganda, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, hatto hozir ham qizlarning ishlab chiqarishga borib ishlashlari unchalik oson emas – bunga urf-odatlarimiz toʻsqinlik qiladi. Gulbara bilan tanishganimizga bir yilcha boʻldi. Yoʻl qurilishi oxirlab qolgan edi. Yoʻlni ishga solib yuborish uchun oʻz kadrlarimiz boʻlishi zarur edi. Yoʻl qurilishi ishning bir tomoni, uni birgalashib, umumiy kuch bilan bajara olish mumkin, shuning bilan birga, unga koʻz-quloq boʻlib, nazorat ham qilib turish kerak-da. Bizda Husainov degan bir yosh injener bor edi, u hozir ham yoʻl sohasida ishlaydi, ministr boʻlib xizmat qilmoqda. Biz u bilan doʻstlashib qoldik. Menga yoʻl ishlari kurslariga borib oʻqishga maslahat bergan ham shu kishi boʻldi. Men oʻqishni bitirib kelgunimcha Gulbara kutib turolmas, uni ovulga olib ketib qolishar, deb oʻylagan edim, yoʻq, u qaytishimni kutdi. Nihoyat birga turmush qurib, oʻsha yerda, yoʻl uchastkasida qolib ishlay boshladik. Biz juda ahil va bir-birimizga mehribon edik… Shuni ham aytish kerakki, ayniqsa togʻ va dovonlarda yashovchi yoʻl tuzatuvchilar uchun mustahkam oila – yaxshi xotin osh-nondek zarur. Men buni keyinroq oʻz hayotimda sinab koʻrdim. Agar men oʻz ishimni bir umrga jon-dilimdan sevib qolgan ekanman, bunda xotinimning xizmati ham oz emas. Biz qiz koʻrdik, keyin ikkinchisi dunyoga keldi, xuddi shu kezlarda toʻsatdan urush boshlanib qoldi.

Pomir yoʻli sharros quyib bergan jaladan keyingi daryo kabi chayqalib, toʻlqinlanib ketdi. Butun xalq ana shu daryo singari pastga tomon oqa boshladi – ular armiyaga ketayotgan edi.

Nihoyat menga ham navbat keldi. Ertalab hammamiz boshlashib uydan yoʻl yoqasiga chiqdik. Kichkina qizchamni qoʻlimda koʻtarib borardim, kattasi esa barimdan ushlab olgancha yonma-yon borardi. Gulbaram, bechora Gulbaram! Uning qoʻlida mening safar xaltam, oʻzini dadil tutishga va meni ham ovutib, tinchitishga urinardi. Ammo kimsasiz togʻu toshlardagi yoʻl uchastkasida ikki yosh bola-yu, yana xuddi oʻziga oʻxshash ikki qoʻshni ayol bilan qolish unga naqadar ogʻir ekanligini butun qalbimdan sezib turardim. Men ularni ovulga: qarindosh-urugʻlarim oldiga joʻnatmoqchi boʻldim, ammo Gulbara istamadi. Kunimizni bir amallab oʻtkazarmiz, seni kutamiz, yoʻlni ham qarovsiz qoldirib boʻlmaydi-ku, axir, derdi u. Men rafiqam va farzandlarim bilan soʻnggi marta yoʻl yoqasida turib xayrlashdim. Biz Gulbara bilan u vaqtda hali juda yosh, hayotga endigina qadam qoʻygan edik…

Men sapyorlar batalʼoniga tushdim. Moskva ostonalaridagi koʻpgina tankka qarshi qurilgan toʻsiqlarga mening ham qoʻlim tekkan. Keyin esa Don va Visla daryolarini kechib oʻtib, Dunayga qarab ketdik. Urush maydonlarida biz qanchadan-qancha yoʻllar, kechuv joylari, koʻpriklar barpo etdik. Qilgan ishlarimizni sanab sanogʻiga yetib boʻlmaydi! Baʼzan shunday paytlar ham boʻlardiki, goh muzday suvda titrab-qaltiraysan, goh tutun va olov ichida yonasan, atrofingda snaryadlar betinim portlaydi, kechuv joylarni ostin-ustin qiladi, qanchadan qancha odamlar qiriladi, tinka-madoring qurib, oʻlishingga ham ming marta rozi boʻlasan. Biroq shunday paytlarda togʻ-toshlarda yashab, xuddi Xizrni yoʻqlagandeq meni intizorlik bilan kutayotgan bola-chaqamni eslasam va Pomirdek joydan bu yerda, koʻprik ostida bekordan bekorga oʻlib ketgani kelmaganimni oʻylasam, kuch-qudratim shu qadar ortib ketardiki, bir-biridan ajralib ketayotgan simlarni hatto tishlarim bilan burardim, hayotdan voz kechgim, taslim boʻlgim kelmasdi. Ana shu kuch bilan Berlin ostonalarigacha yetib bordim.

Xotinim tez-tez xat yozib turardi, yaxshiyamki, pochta ularning yonginasidagi yoʻldan oʻtardi. U hamma narsa haqida, shu jumladan, yoʻl haqida ham batafsil yozardi – u mening oʻrnimga master boʻlib qolgan edi. Unga juda ogʻir ekanligini bilardim: yoʻl ham uncha-muncha yoʻllardan emas, Pomirda-ya! Buning ustiga, qoʻshnilar ham duch kelgan tomonga qarab koʻchib ketishibdi.

Qirq beshinchi yilning bahoriga kelib toʻsatdan xat kelmay qoʻydi. Front pochtasida har xil hodisalar boʻlishi mumkin-ku, deb oʻylab, oʻzimni oʻzim ovutardim. Kunlardan birida meni polk shtabiga chaqirib qolishdi. Xoʻsh, gap shunaqa, starshina, urushib boʻlding, yaxshi jang qilding, tashakkur va mukofotlar ham olding. Endi uyingga qaytasan, u yerda sen hozir koʻproq keraksan. Ammo birinchi navbatda harbiy komissariatga kir, hujjatlaringni topshir, keyin uyingga joʻna… Men kutilmagan bu xabardan quvonib ketdim, albatta. Hatto uyga telegramma ham yubordim.

Men qadrdon joylarimga yetib keldim. Harbiy komissariatga esa kirib oʻtirmadim, ulguraman hali, qayoqqa qochib ketardim! Uyga! Tezroq uyga yetib boray! Yoʻlovchi polutorka mashina uchrab qoldi, men unda Pomir yoʻli boʻylab joʻnab ketdim.

Qani endi qanotim boʻlsa-yu, uchib borsam, frontdagi “Studebekker”larda yurib oʻrganib qolibman, kabinaga engashib shofyorga qichqirardim:

– Tezroq hayda, oshna, shaldiroq aravangni muncha ayamasang! Uyimga ketyapman!

Mana, yaqinlashib ham qoldim. Muyulishdan oʻtish bilan mening uchastkam. Sabr-toqatim chidamadi. Mashinaning yurib ketayotganiga qaramay, sakrab tushdim-da, safar xaltamni yelkamga tashlab, yugurib ketdim. Shunday qilsam tezroq yetib boraman, deb oʻyladim. Chopyapman, chopyapman, muyulishdan ham oʻtdim… Oʻtdim-u, hech narsani taniyolmadim. Goʻyo hamma-hammasi oʻz joy-joyida turgandek: togʻlar ham oʻz urnida, yoi ham oʻsha, ammo na uy-joy, na hovli va na biron tirik jon zoti koʻrinardi. Faqat tosh uyumlarigina qalashib yotardi. Bizning hovlimiz xiyol chetroq-da, naq togʻning tagginasida edi. Togʻ etagidagi joylar juda tor edi. Toqqa koʻzim tushdi-yu, darhol dong qotib angrayib qoldim. Balandlikdan qor qatlari koʻchib, oʻzi bilan birga yoʻlda uchragan hamma narsani tep-tekis qilib supurib ketgan, goʻyo oʻtkir tirnoqli temir pan-jalari bilan togʻ yonbagʻirlarini qoʻporib, pastlikka agʻanatib uloqtirgan-u chuqur va ulkan jarlikning sahnini qoʻsh qoʻshgandek agʻdar-toʻntar qilib tashlagan edi. Xotinim oʻzining soʻnggi xatida juda qalin qor tushganini, soʻngra kutilmaganda yomgʻir yogʻa boshlaganini yozgan edi. Demak, qor uyumini qulamasidan ertaroq portlatib, pastga qulatib yuborish zarur edi, biroq bu ayol kishining qoʻlidan kelarmidi.

Ana shunday qilib, oilam bilan ham uchrashdim. Ming bor oʻlim bilan yuzma-yuz kelib, tiriklayin doʻzaxga tushib qaytsam-u, bu yerda bola-chaqamdan nom-nishon boʻlmasa. Tinka-madorim qurib, qotib turardim. Togʻ-toshlarni larzaga keltirib hayqirgim, dod degim kelardi-yu, nafasim boʻgʻzimga tiqilib, ovozim chiqmasdi. Goʻyo butun vujudim toshga aylanib qotib qolgandek edi. Faqat yelkamdagi safar xaltamning sirgʻalib oyogʻim ostiga tushib borayotganini sezib turardim, xolos. Men uni oʻsha yerga tashlab ketdim, unda qizlarimga, xotinimga sovgʻalar olib kelgan edim, yozda gimnastyorkamni novvotga ayirboshlab oluvdim. Men turgan yerimda goʻyo biror moʻjizani kutayotgandek uzoq turib qoldim. Keyin orqamga qayrildim-da, yoʻldan ketaverdim. Bir zum toʻxtab, ortimga qayrilib qaradim, togʻlar sarak-sarak boʻlib tebranib, butun ogʻirliklari bilan ustimga bostirib kelayotgandek boʻldi. Yuragim qinidan chiqayozgandek qichqirib yubordimda, qocha boshladim. Qoch! Bu laʼnati joylardan qoch! Ana shunda dahshatli ovoz bilan hoʻngrab yigʻlab yuborgan edim.

Qayoqqa va qay tarzda borayotganligimni eslayolmayman, uchinchi kuni stansiyaga kelib qolibman. Gʻala-gʻovur xalq toʻlqini ichida adashgan kishidek daydib yurardim. Nomimni atab bir ofitser meni chaqirib qoldi. Qarasam – injener Husainov. Harbiy xizmatdan boʻshab, uyiga qaytayotgan ekan. Men boshimga tushgan kulfat haqida unga ikki ogʻizgina soʻzlab berdim. Endi qayoqqa bormoqchisan, deb soʻradi u. “Oʻzim ham bilmayman”, deb javob berdim. Yoʻq, dedi u, bunday qilish yaramaydi, chidash kerak. Bir oʻzingning sandiroqlab yurishingga yoʻl qoʻymayman. Qani, yur, Tyan-Shanga ketdik, yoʻlni qurib tugallash kerak. U yogʻini yana koʻrarmiz.

Men bu yerga ana shunday qilib kelib qolganman. Dastlab yoʻlda koʻpriklar qurib yurdim. Vaqt oʻtib borardi, biror ishning boshini tutish kerak edi. Oʻsha kezlarda injener Husainov ministrlikda ishlayotgandi. U mening oldimga tez-tez kelib turar va har kelganida avvalgi ishimga, uchastka yoʻl masteri boʻlib oʻtishga maslahat berardi. Bunga yuragim dov bermasdi. Eslasam, yuragim orqaga tortib ketardi. Qurilishda yakka oʻzim emasman, koʻpchilik bilan ishlash oson boʻladi. U yoqda-chi, kim biladi, yolgʻizlikdan yuragim yorilib ketsa kerak. Oradan necha yillar oʻtib ketdi. Biroq men hamon oʻzimni oʻnglolmas, boshimga tushgan tashvishlarni unutolmasdim. Goʻyo shu bilan hayotim tamom boʻlgan-u, bundan bu yogʻiga hech narsadan umidim yoʻkdek edi. Uylanishni xayolimga ham keltirmasdim. Gulbaram va bolalarimni haddan tashqari sevar edim. Hech kim, hech qachon ularning oʻrnini bosa olmaydigandek tuyulardi menga. Faqat kun kechirish uchungina va shunchaki uylanish esa – ish emas. Bundan koʻra soʻqqabosh boʻlib yurgan maʼqulroq.

Nihoyat, uchastkaga master boʻlib borishga qaror qildim, ishlab koʻraman, agar yoqmasa, yana biron yoqqa ketaveraman-da, deb oʻyladim. Menga bu yerda dovonning naq oʻzidagi uchastkani berishdi. Yomon boʻlmadi, asta-sekin kirishib, koʻnikib ketdim. Ehtimol bunga uchastkaning juda sertashvishliligi sabab boʻlgandir: dovon-da, har qancha desangiz ham ish topiladi. Ammo bu menga ogʻirlik qilmadi, aksincha, yaxshi boʻldi. Vaqt oʻtishi bilan qalbimdagi dard-alamlar soʻna boshladi, ularni asta-sekin unuta bordim. Baʼzi-baʼzida oʻsha mudhish kun tushimga kirib chiqardi: oʻsha yer yuzidan supurilib ketgan hovli qarshisida toshdek qotib, yelkamdagi safar xaltamning sirgʻalib oyogʻim ostiga tushib borayotganini sezib turaman. Keyin qayrilardim-da, orqamga qarab qaytib ketardim. Uygʻonib ketib qarasam, koʻzimda gʻilt-gʻilt yosh boʻladi. Bunday paytlarda sahardayoq oʻrnimdan turib ishga joʻnardim, shu ketganimcha to tunga qadar uyga qaytmasdim. Shu tariqa men soʻqqabosh boʻlib qolgandim. Toʻgʻri, ahyon-ahyonda: “Ehtimol, hali yana baxtli kunlarga erisharman”, degan hazin oʻy xayolimga kelib qolardi.

Nihoyat juda ogʻir, iztirobli va cheksiz mashaqqatli bu baxt men kutmagan bir paytda kelib qoldi.

Bundan toʻrt yilcha muqaddam tugab borayotgan qish kunlarining birida qoʻshnimning bemor onasini oblast kasalxonasiga olib borgan edim. Qoʻshnimning oʻzi boʻlsa uydan boʻshab chiqa olmasdi. Bir yoqda ish, oila, bir yoqda bolalari… Kampirning ahvoli esa kun sayin ogʻirlashib bormoqda edi. Men uni vrachlarga koʻrsatishga ahd qildim. Shu kun uchastkamizga yoʻl boshqarmasidan mashina kelib qoldi. Unda nimadir keltirishgan edi. Biz ana oʻsha mashinada oblast markaziga bordik. Kampirni vrachlarga koʻrsatdim. Vrachlar kampirni kasalxonaga yotqizish kerak, yotqizilma-sa boʻlmaydi, deb maslahat berishdi. Kampir kasalxonaga birinchi marta tushganidan, yotmayman, deb qaysarlik qilib turib oldi, oʻlsam oʻlamanki, ammo kasalxonada qolmayman, derdi u. Qaytarib olib ket, boʻlmasa qargʻishimga qolasan. Shuncha qilsam ham uni koʻndira olmadim. Yana qaytarib olib ketishga toʻgʻri keldi. Turli-tuman doridarmonlar olib, orqaga qaytdik. Vaqt allamahal boʻlib qolgan edi. Avtobazaning dovondagi bazasidan oʻtib ketdik. Bir payt shofyor mashinasini shartta toʻxtatdi, men uning:

– Qayoqqa borasiz? – deb soʻrayotganini eshitdim.

Allanima deb mujmalgina javob qaytargan ayol kishining ovozi quloqqa chalindi va uning nari ketayotgan odim sharpasi eshitildi.

– Chiqa qoling! – dedi shofyor unga. – Nega unday qilasiz? – deb mashinani unga yaqinroq haydab bordi.

Qoʻlida bola, tuguncha koʻtarib olgan yoshgina ayol mashina bortiga yaqinlashdi. Men ayolning kuzovga chiqib olishiga yordamlashdim, kabina orqasidagi shamol tegmaydigan pana joyni unga boʻshatib berib, oʻzim burchakka oʻrnashib oldim.

Biz yoʻlga tushdik. Kun sovuq, rutubatli shamol esardi. Bola yigʻlay boshladi. Ayol bolani ovutishga har qancha urinmasin, u sira tinchlanadiganga oʻxshamasdi. Toza chatoq boʻldi-ku! Kabinaga oʻtqazay desak, u yerda chalajon kampir oʻtirardi. Shunda men ayolning yelkasidan sekingina turtdim:

– Qani, menga bering-chi, ehtimol, tinchib qolar, oʻzingiz sal egilibroq oʻtiring, shamol tegmasin.

Men bolani kalta poʻstinim bilan oʻrab oldim-da, bagʻrimga bosdim. U tinchib, pishillab nafas ola boshladi. Juda doʻmboq, oʻziyam oʻn oylik chamasi jajjigina bola ekan. Men uni chap bagʻrimga olib oʻtirardim. Birdan yuragim gupillab, xuddi otib tushirilgan qush kabi tipirchilay boshladi. Nega ekanligini oʻzim ham bilmayman. Qalbim ham qaygʻu, ham quvonchli tuygʻularga toʻlgan edi. “Eh, nahotki hech qachon otalik baxtiga muyassar boʻlolmasam-a”, deb oʻylardim men. Bola esa bagʻrimda issiqqina yotardi. Unga boshqa hech narsaning keragi ham yoʻq edi.

– Oʻgʻilmi? – deb soʻradim.

Ayol bosh irgʻab qoʻydi. Koʻrib turibman, bechora sovqotib qolgan, egnida yupqa palto. Men boʻlsam qishda ham kalta poʻstin ustidan plash kiyib yuraman: bizning ish sharoitimizda busiz mumkin emas. Bolani bir qoʻlimda ushlab turib, unga ikkinchi yengimni choʻzdim.

– Plashimni yeching. Bunaqada shamollab qolasiz.

– Yoʻgʻ-e, qoʻying, ovora boʻlmang, – deb koʻnmadi u.

– Torting, tortavering! – deb turib oldim men. – Yopinib oling.

U plashga oʻralib oldi, shamol kirmasin deb etaklarini oyogʻi ostiga qistirib qoʻydim.

– Biroz isidingizmi? – deb soʻradim men.

– Ha, isidim.

– Yoʻlga namuncha kech chiqdingiz?

– Shunday boʻlib qoldi, – dedi u ohistagina. Shu payt biz daradan ketayotgan edik. Bu yerda konchilar posyolkasi joylashgan edi. Hamma uyquga ketgan, derazalarda bironta chiroq koʻrinmasdi. Itlar vovillab mashina ketidan chopishardi. Shunda birdan, bu ayol qayoqqa borarkin, degan fikr xayolimga keldi. Men, nima uchundir, u konga kelayotgan boʻlsa kerak, chunki u yokda boradigan joy yoʻq, dovon, undan keyin esa bizning uchastka, deb oʻylardim oʻzimcha.

– Siz yetgan boʻlsangiz kerak? – dedim unga va kabinani taqillatdim. – Biz ham yetay deb qoldik, dovonga kelyapmiz. Mashina nariga bormaydi.

– Bu yer qanaqa joy? – deb soʻradi u.

– Kon. Siz bu yerga kelayotganingiz yoʻqmi?

– Men… men shu yerga kelayotgandim, – dedi u qimtinib. Keyin “dik” etib turdi-da, menga plashni berib, qoʻliga bolani oldi. Bola hiqillay boshladi. Men bortga yaqinroq kelib, unga yordamlashish uchun yerga sakramoqchi boʻldim. Biroq bu bechoraga bir gap boʻlgan, boshiga biron musibat tushgan koʻrinadi, deb oʻylab qoldim. Sovuq tunda yolgʻiz oʻzini tashlab ketsak qanday boʻlarkin?

– Sizning boradigan joyingiz yoʻq! – dedim men unga roʻyirost. – Yomon xayollarga bormang, tagʻin. Bolani buyoqqa bering! – deb qoʻlidan goʻdakni shartta oddim. – Soʻzimni qaytarmang. Tunni biznikida oʻtkazasiz, keyin ixtiyor oʻzingizda. Ketdik! – qichqirdim shofyorga.

Mashina qoʻzgʻaldi. U boshini quyi solib, jimgina oʻtirardi, bilmadim, ehtimol yigʻlayotgandir.

– Xavotir olmang! – deb tinchlantirdim uni. – Men sizga hech qanaqa yomonlikni ravo koʻrmayman. Men yoʻl masteri Boytemir Qulov boʻlaman. Menga bemalol ishonavering.

Ularni oʻz xonamga joylashtirdim. Oʻzim unga taqab qurilgan boʻsh uychamizga kirib, yogʻoch karavotga yotdim.

Allamahalgacha uxlay olmadim. Oʻylar girdobida qoldim. Tinchimni yoʻqotdim. Soʻrab-surishtirib oʻtirish juda noqulay edi. Oʻzim ham buni yoqtirmayman, ammo baribir ayrim narsalarni soʻrashga toʻgʻri keldi. Ehtimol u bechoraga mening yordamim kerakdir. U savollarimga istar-istamas qisqa-qisqa javob qaytarardi. Biroq men aytilmay, uning yuragida qolib ketayotgan gaplarni ham anglab turardim. Agar insonning boshiga musibat tushsa, uning har bir soʻzining tagida yana aytilmay qolgan oʻnlab soʻz yotadi. U erini tashlab, uyidan chiqib ketibdi. Takabburroq boʻlsa kerak, azob chekayotgani, kuyunayotgani sezilib turibdi-yu, ammo hech taslim boʻlmoqchi emasdi. Nima ham deyish mumkin, har kimning ixtiyori oʻzida. Nima qilsa oʻzi biladi. Shunday boʻlsa ham bu yoshgina ayolga juda rahmim kelardi. U hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan qizchaga oʻxshardi, qaddi-qomati kelishgan, chehrasidan nur balqib turardi. Odatda u mehribon, shirinsoʻz edi, ehtimol, samimiy ayoldir. Shunday juvonni hamma narsadan mahrum etib, bosh olib ketishga majbur etgan qanaqa inson ekan-a? Bunga sira tushunolmasdim. Keling, menga nima, bu ularning ishi. Ertaga biror mashinaga oʻtkazib qoʻyarman.

Oʻsha kuni oʻylayverib charchab ketdim, koʻzim ilinishi bilan oʻzimni mashinada ketayotgandek his qildim. Kalta poʻstinim ostiga jajji bolani oʻrab olganmishman. Goʻdakning badaniga issiq yugurib, koʻksimda maza qilib yotganmish.

Tongotarda oʻrnimdan turdim. Yoʻllarni koʻzdan kechirib kelgani ketdim, ammo tez orada qaytdim. Mehmonlarim nima qilishayotgan ekan, degan oʻy miyamdan ketmasdi. Ularning uyqusini buzmaslik uchun ehtiyotlik bilan old xonadagi pechkaga oʻt yoqib, samovar qoʻydim. Ammo u allaqachon uygʻonib, ketishga hozirlik koʻrayotgan ekan. U menga minnatdorchilik bildirdi. Ularni choy ichirmay joʻnatmadim, bir oz kutib oʻtirishga majbur qildim. Tungi kichkintoy hamrohim ajoyib bola ekan, odamga sira tortinmay kelaveradi, hech narsa bilan ishi yoʻq. U bilan oʻynashib huzur qildim, xumordan chiqdim: u bilan darhol koʻnikishib, apoq-chapoq boʻlib ketdim. Choy ustida ayoldan soʻradim:

– Qayoqqa borishingiz kerak? Yoʻlovchi mashina toʻxtataymi?

U bir oz oʻylanib turdi-da:

– Ribachega, – dedi.

– U yerda qarindoshlaringiz bormi?

– Yoʻq. Qarindosh-urugʻlarim ovulda, Toʻsoʻrning narigi yogʻida.

– E-e, unda siz ana oʻsha tomonga boradigan boshqa mashinaga oʻtirishingiz kerak. Boʻlmasa qiynalib qolasiz.

– Men baribir u yoqqa bormayman. Borishimiz ham mumkin emas, – dedi u oʻgʻliga oʻychan boqib. – oʻzimiz aybdormiz…

Men uni ota-onasining roziligisiz turmushga chiqqan boʻlsa kerak, deb oʻzimcha taxmin qilardim. Keyin bilsam, haqiqatan ham shunday ekan.

U ketishga tayyorlana boshladi, biroq men uni bolasi bilan shamolda turib qolmasin deb bir oz uyga kirib kutib turishga koʻndirdim. Mashinani bir oʻzim toʻxtatsam ham boʻladi-ku, axir.

Yuragim ezilib, yoʻlga chiqdim. Ularning ketishini, oʻzimning esa yolgʻiz qolishimni oʻylasam negadir yana qaygʻum oshib, xayolim parishon boʻlardi.

Avval yoʻlovchi mashinalar kelavermadi. Keyinchalik boʻlsa bittasini koʻra turib atayin oʻtkazib yubordim, qoʻl koʻtarmadim. Ammo bu qilmishimdan oʻzim choʻchib ketdim. Nega bunday qilyapman? Ana shundan boshlab meni dard-alamlarim iztirobga solib qiynay boshladi. Mashinalar birin-ketin oʻtib borardi, men esa ularning birortasini ham toʻxtatmay, gʻayriixtiyoriy ravishda vaqtni choʻzardim. Endi kelganini toʻxtataman, derdim-u, ammo qoʻlim yana koʻtarilmasdi. Uyatdan yuzlarim laxcha choʻgʻ boʻlib yonib, terlab ketdim. Bu nima qilganim: birovni aldab, yoʻlidan qoldiryapman-ku! Qanday haqqim bor bunga? Uyda u menga ishonib umid bilan kutib oʻtiribdi. Yoʻl boʻylab u yokdan-bu yoqqa yura boshladim. Oʻzimdan oʻzim choʻchirdim. Menga bir balo boʻlayotgandek edi. Qandaydir bahonayu sabablar qidirib topardim. Goh oynasi siniq ekan, kabina sovuq boʻladi, deyman; goh mashina koʻngildagidek boʻlmasdi; goh shofyori yoqmasdi – olatasirchi koʻrinardi, ehtimol, ichib ham olgandir. Kabinasi band mashinalar oʻtganda esa xuddi yosh bolalardek quvonib ketardim. Ishqilib, ular hozir ketmasaydi, yana bir oz, yana besh-oʻn minut uyimda oʻtira turishsa yaxshi boʻlardi. “Axir u qayoqqa ham boradi? – deb oʻylardim men. – Oʻzi aytdi, ovulga borishi mumkin emas. Boshqa joylarda ularning hech kimi yoʻq. Ribache yoʻl ustidagi serqatnov shaharcha, u yerda har xil odam yashaydi. Bolasi bilan qayerga boradi? Durustroq joy topguncha, qish paytida oʻgʻlidan ajralib qoladi! Yaxshisi, shu yerda bir oz yashab turishsin, yana u yoq-bu yoqni oʻylab koʻrsin, ehtimol, erinikiga qaytib borar. Yo u xotinini izlab kelib qolar…”

E, shoʻrpeshona, yaxshisi, tentirab yurmasdan uning oʻzini yoʻl yoqasiga boshlab kelib, joʻnata qolsam boʻlmasmidi! Uch soatlar chamasi yer depsab vaqtni bekor oʻtkazdim. Oʻzimdan-oʻzim nafratlandim: nega, nima uchun bunday qilyapman-a? Yoʻq, hozir uni bu yerga boshlab kelaman-da, oʻzining oldida mashina toʻxtataman. Boʻlmasa, hech narsa qilolmay turaveraman. Men uyga qaytdim. U endi eshikdan chiqib kelayotgan ekan, kutaverib toqati toq boʻlibdi. Men uyalib ketdim, xuddi biror gunoh qilib qoʻygan yosh boladek unga javdirab qaradim.

– Kutib qoldingiz-a? – deb gʻoʻldiradim men. – Yoʻlovchi mashinalar uchramadi, toʻgʻrirogʻi, uchradi-yu, ammo koʻngildagidek emas ekan. Kechirasiz, tagʻin yomon xayollarga borib yurmang. Xudo haqqi, uyga kirib biroz oʻtira turing. Oʻtinib soʻrayman!

U taajjublanib, menga maʼyusgina boqdida, indamay uyga qaytib kirib:

– Siz menga achinyapsizmi? – dedi.

– Yoʻq, uning uchun emas. Bilasizmi… Siz uchun tashvishlanyapman. Qiynalib qolasiz. Qanday qilib kun kechirmoqchisiz?

– Ishlayman. Suyagim mehnatda qotgan.

– Qayerda ishlaysiz?

– Biror yerga joylasharman. Ammo uyga qaytmayman, ovulga ham bormayman. Mehnat qilib kun kechiraman.

Men indamadim. Hammasi tushunarli edi. U hozir hech narsa haqida oʻylamasdi, koʻziga ham hech narsa koʻrinmasdi.

Alam, gʻurur uni nomaʼlum tomonlarga haydamoqda edi. Ammo “mehnat qilib kun kechiraman”, deyish aytishgagina oson, axir. Ishlab kun kechirish toʻgʻri-ku, lekin hadeguncha unga erisha qolmaysan kishi. Insonni oʻz erkiga, xohishiga qoʻymaslik ham yaxshi emas.

Bola menga qarab talpindi. Uni koʻtarib oldim. Uning yuzidan oʻparkanman: “Eh, doʻmbogʻim, sendan ajralishga toʻgʻri kelyapti-ku. Qaniydi sen bilan bir umrga ajrashmasak. Oʻz oʻgʻlimdek qadrdon va aziz boʻlib qolgan eding menga”, deb oʻtkazdim koʻnglimdan.

– Ha, mayli, yuring, – dedim keyin sekingina. Oʻrnimizdan turdik. Men bolani koʻtarib oldim, biroq eshik oldiga borganda toʻxtab:

– Ish boʻlsa bizda ham topiladi, – dedim yana unga. – Shu yerda ishlasangiz ham boʻladi. Kichikroq xona ham bor. Rost, qola qoling. Shoshilmang. Ketishga har vaqt ulgurasiz. Yana oʻylab koʻring…

U avval indamay turdi. Ammo men hozircha bu yerda ishlab turishning afzalligini, soʻng nima qilish zarurligini hayot oʻzi koʻrsatishini, ketgisi kelsa xohlagan vaqtida keta olishi mumkin ekanligini aytib, unda ishonch hosil qildim.

Shunday qilib, Asal va Samad, oʻgʻlining ismi shunday ekan, bizning yoʻl uchastkamizda qolishdi.

Hovlidagi qoʻshimcha qurilgan uycha sovuq edi, shuning uchun Asalni oʻgʻli bilan mening xonamda yashashga koʻndirdim, oʻzim boʻlsam oʻsha hujraga koʻchib oʻtdim. Menga shu uycha ham yetardi.

Shu paytdan boshlab mening hayotim oʻzgarib ketdi. Bir qarashda-ku, hech narsa oʻzgarmagandek koʻrinardi, hamon avvalgidek soʻqqabosh edim, ammo men oʻzimni yana inson his qila boshladim, uzoq yillik yolgʻizlikda sovigan qalbim tagʻin iliy boshladi. Men endi yakka oʻzim yashamasdim… Odamlar bilan kishilar orasida yashash, ishlash, doʻstlashish, umum ishini ado etish, yordamlashish va yordam olish naqadar yaxshi. Kuning bitib, vaqt-soating yetib oʻlganingda ham boshqalardan kam qilib koʻmishmaydi… Ammo shunga qaramay, hayotning bir tomoni borki, uni sevgilingga boʻlgan mehr-muhabbatdan boʻlak hech narsa bilan almashtirib, toʻldirib boʻlmaydi… Men kichkintoyga juda oʻrganib qoldim. Uchastkaga aylanib chiqqan paytlarda ham uni issiqqina qilib oʻrab olib, oʻzim bilan birga koʻtarib yurardim. Xullas, boʻsh vaqtimning hammasini u bilan oʻtkazardim. Shu paytgacha qanday qilib yashab kelganimni tasavvur eta olmayman. Qoʻshnilarim ham ancha durust kishilar edi. Ular Asalga ham, Samadga ham mehribon edilar. Bolani kim sevmaydi deysiz. Asalning oʻzini olsak dilkash, samimiy, ochiq koʻngilli ayol, shuning uchun ham u uchastkadagilar bilan til topishib, aralashib-quralashib ketdi. Mening esa kichkintoyga ham, Asalga ham mehru muhabbatim yanada oshib ketdi. Bolaga mehrim onasiga boʻlgan mehr-muhabbat bilan payvasta edi. Rostini aytsam, har qancha urinsam ham his-hayajonlarimni oʻzimdan-oʻzim yashira olmadim. Asalni sevib qolgan edim. Bir umrga butun qalbim bilan yolgʻizlikda oʻtkazilgan hijronli yillar, barcha azob-uqubatlarim evaziga uni behad sevib qoldim. Barcha judoliklarim, gʻam-hasratlarim bu muhabbatga mujassamlashgan edi. Ammo buni unga oshkor etishga haqqim yoʻq edi. Asal hamon erini kutardi. Kutishga uzoq kutardi-yu, biroq hech sir boy bermasdi. Biz yoʻlda ishlayotgan kezlarda uning har bir yoʻlovchi mashinani intizor va umidvor koʻzlari bilan kutib olishi va kuzatib qolishini koʻpincha sezardim. Baʼzan oʻgʻlini koʻtarib yoʻl yoqasiga chiqar va u yerda necha soatlab oʻtirar edi. U koʻrina qolmasdi. U kim va qanaqa odam ekanligini bilmayman, buni soʻramasdim ham, Asal ham buni hech kimga soʻzlamasdi.

Vaqt oʻtib borardi. Samad ham ulgʻayib qoldi. Oh, u juda shoʻx, jajji toychoq ediki, bilmayman, birov oʻrgatganmi yoki oʻrganganmi, harholda u meni dada, deya boshladi. Koʻrdimi, bas: “Dada!” “Dada!” – deb boʻynimga osiladi. Asal Samadga qarab oʻychan jilmayib qoʻyardi. Men boʻlsam ham quvonardim, ham yuragim oʻrtanib azob chekardim. Unga ota boʻlishga ming bor rozi edimu, ammo nima ham qila olardim…

Oʻsha yili yoz kunlaridan birida biz yoʻl tuzatayotgan edik. Mashinalar bizni chetlab oʻtib borardi. Asal qoʻqqisdan shofyorlardan biriga qarab qichqirdi:

– Hey, Jontoy, toʻxta!

Mashina bizdan biroz oʻtdi-yu, taqqa toʻxtadi. Asal shofyor tomon chopib ketdi. Ularning nima hakda gapirishganlarini bilmadimu, ammo Asalning toʻsatdan kabinaga qarab qichqira boshlaganini eshitib qoldim:

– Aldayapsan! Yolgʻon! Ishonmayman! Yoʻqol bu yerdan! Hoziroq yoʻqol!

Mashina yoʻliga ravona boʻldi. Asal esa yoʻlni kesib oʻtib, uyga qarab otildi. Aftidan, u yigʻlayotgan edi.

Lattadek boʻshashib, qoʻlim ishga bormay qoldi. Kim boʻldi u? Asalga nima dedi? Shunga oʻxshagan shubha va taxminlar qamrab oldi meni. Chidab tura olmay, uyga yurdim. Asal oʻgʻli bilan uyda oʻtirar edi. Axiri boʻlmadi, kechqurun uning oldiga kirdim.

– Samad qani? Uni juda sogʻinib qoldim! – dedim men.

– Mana, bu yoqda, – dedi Asal maʼyusgina.

– Dada! – deb menga talpindi Samad. Uni qoʻlimga koʻtarib, erkalatdim. Onasi esa gʻamga botib, indamay oʻtirardi.

– Nima boʻldi, Asal? – deb soʻradim. Asal chuqur xoʻrsinib qoʻydi.

– Men ketaman, bake, – dedi u. – Bu yerda turmushim yomon boʻlganidan emas, albatta, sizdan ming marta minnatdorman. Biroq nega, qayoqqa ekanligini oʻzim ham bilmayman-u, boshim oqqan tomonga ketaman…

U bu gaplarni shunchaki aytgani yoʻq, buni koʻrib turibman, gʻam-alam ichida ketib qolishi mumkin. Haqiqatni aytishdan boʻlak ilojim qolmagan edi.

– Nima ham derdim, Asal, seni bu yerda ushlab turishga haqqim yoʻq. Ammo sen ketgach, bu yerda yashay olmayman, men ham bosh olib ketishim kerak. Vayron boʻlgan uy-joyimni bir marta tashlab ketganman. Oʻshandan buyon bir oz koʻnikib qolgandek boʻluvdim… Tasodifmi bu yoki takdirmi, faqat sen va oʻgʻilchang bilan birga boʻlib, gʻam-gʻussalarimni unuta boshlagan edim. Buni gapirib oʻtirishning hojati ham yoʻq, oʻzing bilasan, Asal. Agar sen hozir ketadigan boʻlsang, bu yer ham Pomirda qolib ketgan uyim kabi men uchun haromga aylanadi. Oʻylab koʻr, Asal… Mabodo u qaytib kelsa va qalbing unga undaydigan boʻlsa, sizlarga zarracha xalal bermayman, doim erking oʻzingda, Asal…

Men shu soʻzlarni aytib Samadni koʻtarib oldim-u, yoʻlga chiqdim. U yerda Samadni anchagacha koʻtarib yurdim. Bu toychogʻim hech narsani tushunmasdi.

Asal shu koʻyi vaqtincha yashab qolaverdi. Ammo uning nimalar haqida oʻylab yurgani, qanday qarorga kelgani menga qorongʻi edi. Bu kunlar ichida men ozib-toʻzib qorayib ketdim.

Bir kuni tush paytida allaqanday ish bilan hovliga kirib qoldim. Qarasam, Samad ajabtovur yurishga intilyapti. Asal uni, tagʻin yiqilib tushib lat yemasin, deb qoʻrqib, sal ushlab turardi. Men toʻxtadim.

– Bake, qara, oʻgʻling endi yuradigan boʻlib qoldi! – dedi quvonch bilan jilmayib.

Nima dedi u? Oʻgʻling! Men yelkamdagi belkurakni irgʻitib yubordim-da, choʻnqayib oʻtirib, toychogʻimni chaqira boshladim:

– Toy-toy-toy, boʻtalogʻim! Qani, menga kel-chi, oyoqlaring bilan yerni tepkilab yur-chi, dadilroq bos!

Samad qulochini yozib yubordi.

– Dada! – deb oyoqchalarini entak-tentak bosib, menga qarab chopdi. Men uni ushlab oldim-da, boshim uzra baland koʻtarib, bagʻrimga qattiq bosdim.

– Asal! – dedim men unga. – Ertaga bir bolalar bayramini oʻtkazaylik-a. Sen oq va qora jundan toʻqilgan chilvir tayyorlab qoʻy.

– Xoʻp, bake! – deb kulib yubordi u.

– Ha, ha, albatta oq va qora jundan toʻqilgan boʻl-sin.

Men otga mindim-u, chorvador doʻstlarim oldiga joʻnadim, u yoqdan qimiz va yangi soʻyilgan goʻsht olib keldim. Ertasiga esa biz kichkina bayramimiz – “chilvir kesish” bayramiga qoʻshnilarimizni taklif etdik.

Men Samadni yerga oʻtqazdim-da, oyoqlarini oq-qora chilvir bilan tushovladim, yoniga qaychini keltirib qoʻydim. Soʻng hovlining narigi chekkasida turgan bolalarga qarab buyruq berdim:

– Kimki birinchi boʻlib chopib kelib chilvirni kessa, oʻshanga birinchi boʻlib mukofot beriladi, qolganlarga esa navbat bilan ulashiladi. Qani, boshlanglar, bolalar! – deb qoʻl siltadim.

Xuddi poygaga qoʻyilgan argʻumoqlar singari bolalar bizning “hoy-huv” va shovqin-suronimiz ostida qiyqirishib chopa ketishdi.

Chilvir kesilib boʻlgandan keyin Samadga qarab:

– Qani, oʻgʻlim, chopqillayver endi! – dedim. – Uni qoʻlidan ushlab olib yuringlar, bolalar!

Ular Samadning qoʻlidan tutishdi, u ham bolalar bilan chopib ketdi. Men esa ularning orqasidan, hech kimga murojaat qilmasdan, beixtiyor gapirib yuboribman:

– Odamlar! Mening toychogʻim chopqillab yurib ketdi! U tulpordek ildam boʻlsin!

Samad bolalar ketidan chopqillab bora turib, orqaga qayrilib: “Dada!” dedi-da, dumalab tushdi. Biz Asal bilan ikkimiz baravariga unga tomon tashlandik. Men Samadni yerdan koʻtarib olganimda, Asal birinchi marta menga:

– Jonim! – dedi.

Shu kundan boshlab biz er-xotin boʻlib qovushdik.

Qishda oʻgʻilchamizni olib ovulga, chol-kampirlar oldiga borib keldik. Ular bizdan juda xafa edi, biroq keyinchalik kechirishdi, duo qilishib fotiha berishdi.

Kunlar birin-ketin sezilmay oʻtib borardi. Samad besh yoshga toʻldi. Biz Asal bilan juda ahil, juda inoq yashardik, faqat birgina narsa haqida ogʻiz ochmas va eslamas edik. Asal u hakda oʻylarmidi, yolgʻiz qolganda uni eslab oʻy-xayollarga berilarmidi, buni bilmayman, biroq biz goʻyo gap-soʻzsiz dilimizda oʻzaro shartlashib qoʻygandek edik: biz uni tanimaymiz, biz uchun u odam yoʻq va boʻlmaydi ham…

Ammo inson koʻngli nimalarni istamaydi deysiz. Buning ustiga yana shunday narsalar ham borki, ulardan qochib qutula olmaysan. U yaqindagina bu yerlarda paydo boʻlib qoldi.

Bir kuni kechasi yoʻlda avariya boʻlib qoldi. Yordamchim bilan ikkovimiz nima boʻlganini bilish uchun yugurdik. Ehtimol, biror baxtsizlik yuz bergandir. Yetib keldik. Allaqanday yuk mashinasi yoʻl chekkasidagi ustunlarga tumshugʻi bilan kelib urilibdi. Gʻirt mast shofyor hushidan ketib taxtadek qotib yotardi. Men uni tanidimu, ammo ismini eslayolmadim. U bir kuni bizni falokatdan qutqargan va mashinamizni shatakka olib, dovonga olib chiqib qoʻygan edi. Doʻlanda esa mashinani shatakka olib yurish hazilakam ish emasdi. Ilgarilari bu yerda bunday ish qilish u yoqda tursin, hatto hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Bu shofyor boʻlsa, tirishqoq, dovyurak yigit ekan, har qancha ogʻir boʻlsa ham mashinamizni uchastkagacha sudrab olib keldi. U menga juda yoqib qoldi, koʻnglimdagidek yigit ekan. Oʻsha voqeadan keyin allakim birinchi boʻlib dovondan pritssep bilan oʻtmoqchi boʻlib-di, maqsadiga erishishiga oz qolgan ekanu, ammo uddalay olmabdi. Pritsepni yoʻl yoqasidagi ariqqa tushirib yuboribdi-da, tashlab ketib qolibdi. Men oʻshanda oʻsha dovyurak yigitning ishi emasmikin, deb xayoldan oʻtkazgan edim. Mard kishining oʻz maqsadiga erisha olmaganiga juda achingan edim. Ammo oʻsha voqeadan keyin dovondan pritsep bilan oʻtadigan boʻlishdi. Yigitlar mashina va pritseplarni sharoitga moslashtirib juda toʻgʻri ish qilgan edilar.

Vijdonan aytsam, bu yigit Asal tashlab ketgan kishi ekanini bilmasdim. Agar bilganimda ham baribir shunday qilgan boʻlardim. Men uni uyga sudrab olib keldim, shunda hammasi oydinlashdi-qoʻydi. Eshikdan oʻtin koʻtarib kirib kelgan Asalning koʻzi unga tushdi-yu, qoʻlidagi oʻtinlari polga sochilib ketdi. Ammo goʻyo birinchi marta uchrashayotgandek, birortamiz ham sir boy bermadik. Ayniqsa men oʻzimni qoʻlga olishim kerak edi, chunki ehtiyotsizlik qilib biron nooʻrin soʻz aytib yoki nojoʻya harakatim bilan ularning koʻngliga tegib ketmaslikka intilardim va ularning bir-birovlarini tushunib olishlariga xalal bermaslik uchun oʻzimni tutishga harakat qilardim. Endi men hech narsani hal eta olmasdim. Endi hamma gap ularning oʻzlarida qolgandi: ular orasida oʻtmish kechmishlari, men bagʻrimga bosib va erkalab karavotda olib yotgan oʻgʻillari bor edi.

Oʻsha tuni birortamiz ham mijja qoqmadik, har kim oʻz oʻylari bilan band edi. Shu jumladan, men ham.

Asal oʻgʻli bilan ketib qolishi ham mumkin edi. Bu albatta ularning ishi. Mayli, ular yurak amri va aql-idroklari buyurganini qilishsin. Men, men esa… nima ham derdim, bunga mening nima daxlim bor, masalani hal etish menga bogʻliq emas, ularga xalaqit bermasligim kerak…

U hozir ham shu yerda, mana shu yoʻldan qatnaydi. Shuncha yillar davomida qayerlarda boʻlganiykin u, nima bilan shugʻullandiykin? Ammo buning ahamiyati yoʻq… Bu ularning ishi…

Biz Boytemir bilan yoʻlni aylanib chiqib, orqaga qaytdik. Qosh qorayib qolgan zdi. Tyan-Shanning muzli choʻqqilari ustidagi osmon-u falak bahor oqshomining binafsha rang tusiga kirib borayotgandi. Mashinalar yoʻldan ikki tomonga qarab gʻiz-gʻiz oʻtib turardi.

– Mana, hayot qanchalik murakkab, – dedi Boytemir biroz sukutdan soʻng oʻychan. – Men hozir uydan ketishim kerak emas. Mabodo Asal ketish xayolida boʻlsa, mayli. Faqat menga ketayotganini bir ogʻiz aytsa boʻlgani, oʻgʻli bilan soʻnggi bor xayr-xoʻshlashib, oq yoʻl tilab qolaman. Axir Samad men uchun oʻz oʻgʻlimday boʻlib qolgan-ku. Biroq uni oʻz otasidan zoʻrlab tortib ololmayman. Shuning uchun men ham hech qayoqqa bormayman. Ayniqsa Pomirga… Men buni sizga gazeta uchun hikoya qilib berayotganim yoʻq, albatta. Shunchaki, inson insonga oʻz dardini aytib berayotgandek gapirib beryapman-da…

 

XOTIMA OʻRNIDA

 

Biz Ilyos bilan oʻshda ajralishdik. U Pomirga joʻnadi, men boʻlsam oʻz ishlarim bilan ketdim.

– Borib Alibekni topaman. Yangicha hayot boshlayman! – dedi u yoʻl-yoʻlakay. – Meni endi tuzalmas, tamom boʻlgan odam deb oʻylamang. Kelajagim, hayotim hali oldinda. Kunlar oʻtar, men ham uylanarman, boshqalarga oʻxshab bola-chaqali, uy-joyli boʻlarman. Ishlayman, doʻst, yor-birodarlar orttiraman. Lekin faqat birgina narsa: umrbod, manguga yoʻqotgan narsamni qaytara olmasam kerak… Oʻtgan ishni hech qachon qaytarib boʻlmaydi… Ammo hayotimning soʻnggi kunlariga qadar, to soʻnggi nafasimgacha Asalni va oramizda boʻlib oʻtgan hamma shirin damlarni saqlab oʻtaman.

Yoʻlga chiqish oldidan koʻlga, oʻsha tik tepalikka. bordim. U yerda men Tyan-Shan bilan vidolashdim, Issiqkoʻl bilan xayrlashdim. Xayr, Issiqkoʻl, tugallanmay qolgan orombaxsh kuylarim! Moviy toʻlqinlaring va oltin qirgʻoqlaring bilan birga qoʻshib seni oʻzim bilan birga olib ketardim-u, ammo sevgilimning sevgisini olib keta olmaganimdek, seni ham olib ketish qoʻlimdan kelmaydi. Alvido, Asal! Alvido, qizil durrachali sarvqomatim! Alvido, sevgilim! Baxtiyor boʻlgil…

Men Boytemirdan eshitganlarimni Ilyosga soʻzlab bermadim. Axir bu odamlarning koʻrkamligi va qadr-qimmati ham ularning bir-biri haqida hech narsa bilmasdan turib, bir-biriga shu qadar oliyjanoblik qilishi-da, insoniy munosabatda boʻlishida emasmi! Shunday ekan, bu gaplarni unga soʻzlab nima ham qilardim…

 

Asil Rashidov

tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/sarvqomat-dilbarim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x