Ulkan daryolar ham kichkina irmoqdan boshlanib, irmoqlar esa qordan oziq oladi. Daraxt koʻkka intiladi. Biroq, pishgan mevasini yerga tup etib toʻkadi. Archalar ming yildan buyon shamol bilan tillashadi. Huv, yelkasini osmonga tirab turgan togʻlar kunduzi quyoshni, kechasi oy-u yulduzlarni yelkasiga mindirib yuradi. Xuddi bolasi yo nabirasini yelkalab olgan otaxon singari. Momolarning roʻmoli yangligʻ yoqimli is taratuvchi keng va adirliklarda yilqilar, qoʻy-qoʻzilar, togʻning qatlarida esa kiyiklar oʻtlaydi.
Bir qarashda qalʼa darvozasini eslatguvchi mana bu togʻning tepasiga qarayman desang, doʻpping yerga tushadi. Men bu togʻlarni aka-ukagami, ota-bolagami yoki mehmonni kuzatayotgan mezbongami oʻxshatgim keladi. Mana, biri qoʻliga suv quyyapti, biri qoʻl yuvishga chogʻlanyapti. Bilmadim, negadir xayolimga shu narsa oʻrnashib qolgan: Bular egizak. Birining etagidan suv oqib oʻtsa, birining koʻksidan sachrab chiqadi. Bu moʻjiza emasmi?
Tilingiz chiqqan kunni eslolmaysiz. Chunki u vaqtlar es boʻlmaydi-da.
Birinchi bergan savolingiz ham esingizda yoʻq.
Osmonga boqib, quyosh bilan oyni ham tushunmagansiz. Biri chiqsa yorugʻlik, biri ketsa qorongʻulik.
Otangizni yelkasiga qachon minib olgansiz? Buyam esingizda yoʻq.
– Dada, meni toqqa olib boring.
– Osmon nima degani?
– Nega quyosh deydilar?
– Otga mindiring…
– Katta boʻlgim kelayapti…
Koʻchani changitib yurgan har bolaning tilida, dilida shu savol boʻlsa ne ajab: nega osmon deydilar?
Shunga oʻxshash savol bera boshlaganimizda, sal boʻlsa-da, esimiz kirib, koʻcha changitib yurishdan tiyilgan boʻlamiz. Zero, oʻyini oʻyimizda, lekin savollar ham xuddi bobomizning qalin soqoli yangligʻ shunchalik koʻp edi-da. Men dengizni yaxshi koʻraman, ammo buloqni sevaman. Dengizning toʻlqinlariga maftunman, biroq buloqning shildirishi yuragimda kakliklarni sayratadi.
Bu taʼriflarning barchasi Surxon vohasining togʻli hududlaridan biri boʻlmish Sangardak degan soʻlimgina qishloqqa atalgan. Togʻlarida qishu yoz, bahoru kuz kakliklar sayraydi. Bogʻlarida kuzning kech kunlarigacha daraxt shoxida olmalar boʻladi. Bahorda daryolar toshadi, qorlar eriydi, sellar keladi. Xuddi oʻn sakkiz yoshli yigitcha kabi daryolarning kuchi bilagiga sigʻmaydi. Yozida ham daryo katta boʻladi, biroq sal tiniqlashadi. Oʻttiz yoshli ogʻir-bosiq odam singari. Kuzida suvlar dokaday mayin tortib qoladi. Ellikdan oʻtib, oqu qorani tanib olgan odam yangligʻ sekin oqadi. Hatto, birinchi sinf oʻquvchisi ham uni mensimay kesib oʻtadi. Qishda esa… muzlaydi. Usti muz, pastida suv oqib turaveradi. Yuzi kulib tursa-da, qarilikka chora topolmay qalbi azob chekayotgan otaxon misol.
Sangardakning sharsharasi nihoyatda mashhur. Bahordan to kech kuzgacha odam arimaydi. Xuddi bozorga oʻxshab gavjum. Barchaning qalbida shirin bir entikish, ona tabiatga tasanno. Yaratganga shukronalik va jannatmakon yurtimizning shunday goʻshalari borligidan qalbing faxrga toʻladi.
Suvning oʻynashini, raqsga tushishini koʻrganmisiz? Sangardak sharsharasi shunday raqsga tushadi. Dimogʻingizda istagan kuyingizni hirgoyi qilib sharsharaga tikilsangiz, u sizni eshitgan kabi raqs tusha boshlaydi. Agar unga maftunligingizni oshkor etsangiz, u boshingiz uzra kamalak yasaydi, tomchilarini yuzingizga sepib shoʻxlik qiladi. Beparvolik qilsangiz shamol bilan yuzingizga chang soladi.
Bular rivoyat yoki afsona emas. Koʻrganim, bilganim va his qilganlarim. Bir necha marta qoʻshiq aytib sharshara raqsini koʻrganman. Maftunligigimni bildirib, sochlarimni silatganman. Va yana bir marta yuzimga chang soldirganganman. Odamni tushunadigan sharshara bu.
* * *
Bu bolaning oʻyindan boshqa oʻyi yoʻq edi. Maktabdan kela solib, ovqat ham yemasdan, onasining koʻzini pana qilib, qoʻlbola oʻq-yoy olgancha tutzorga oshiqardi. Boʻlmaganda uchta qushning yostigʻini quritar, keyin tanishlariga qilgan “qahramon”ligini uzoq maqtanardi. Bir kuni chiroyli qushning koʻzini nishonga oldi. Xayolida ming bitta oʻy. Shu chogʻ, kutilmaganda qulogʻiga bir balo kelib tegdi. Tamom. Chingillab ketdi. Xuddi togʻning parchasi kelib tekkandek ogʻriq berdi. Bola oʻgirilib qaragandi, Olim sinfdoshining otasi, koʻzlari gʻazabdan yonib, shunday dedi:
– Otangga ayt, otalik qoʻlidan kelmabdi…
Bola qishloqni boshiga koʻtarib, yigʻlagancha uyi tomon chopdi. Bor gapni piqillab aytayotgandi, bir mahal otasi oʻrnidan irgʻib turib, bogʻ tomon oʻtib ketdi. Bola: “Meni urganing uchun adabingni yeysan”, deb pichirladi. Ammo otasi bir xivchin koʻtarib kelib, bolani shir yalangʻoch qilib savaladi. Bola oʻsha voqeani tushunib yetguncha yigirma besh yil yashadi. Anglaganida oʻsha xivchinni qanchalar yaxshi koʻrib qolganini ich-ichidan his etdi. Oʻsha xivchin sabab qush-ku qush, chumoliga ham ozor bermaydigan boʻlib ulgʻaydi-da. Mening Sangardagimda bu seni bolang, bu mening bolam degan tushuncha yoʻq. Yaxshi boʻlsa boshiga koʻtaradi, shoʻx boʻlsa erkalab, haddidan oshsa bir tarsaki bilan tarbiyalab qoʻyadi. Negaki, ular bir-biriga jondosh, qarindoshu qondosh va tuproqdoshligini, birinchi sinf bolasidan tortib, toʻqson yoshli bobo ham yaxshi biladi. Osh qilganda toʻrtta ulfatini chaqirmasa tatimas, qoʻshnisiga bir kun taom chiqarib qoʻshnichilik udumini oʻrniga qoʻymasa, yuragi gʻash boʻladi. Bir tandir non yopsa, yetti qoʻshniga ilinadi. Gohi oʻylab qolaman: bu odamlar mehrning farzandlarimi yoki mehr ulardan andoza olganmanmikan?
Sangardak odamlarining dilida gʻayrat, qoʻlida qudrat bor. Ular koʻz ochguncha toshloq joydan ham bogʻ barpo eta oladi. Bogʻning tashvishi esa sochidan-da, yuzidagi ajinidan-da koʻp. Ammo quvonchi barchasidan bisyor.
Odamlarning bir-biriga qilgan hazillari… Deydilarki, bir toʻyda oshpazga guruch yoqmabdi.
– Bor mening doʻkonimdan ikki qop guruch olib kel. Pulini topganda berasan, – debdi oshpaz.
Toʻy egasi koʻrinishidan soddagina boʻlsa-da, ancha pishiq ekan. Ukasini chaqirib:
– Guruchni mashinaga ortginu koʻchani bir aylanib kel. Keyin oshpazga uyingizdan opkeldim, degin, – debdi. Uka aka aytganini qiladi. Guruch xaltani ochgan oshpaz:
– Mana, bu endi guruchning zoʻri, – deb ishni boshlab yuboribdi.
Oshpaz hammasini bilib turgan, lekin toʻydorning xursandchiligi uchun, qilgan hazilidan izza boʻlmasin deb, shunday deganini oradan ancha vaqt oʻtib aytganiga nima deysiz? Ha, ular hazilniyam, xizmatniyam qotiradi. Shunday bir-biriga qadrdon odamlar bilan bir tuproq ustida, ular oʻtgan koʻchalarda yalangoyoq chopib yurgan menday bola qanday qilib yaxshi koʻrib qolmasligim, hatto saratondayam bir kunda uch mahal yomgʻir yogʻib, quyosh chiqadigan qishloqni qanday sevmasligim mumkin. Sangardakliklarning orzuyu maqsadlari bogʻidagi olmalaridan-da koʻp.
Oʻrmonda adashib qolgan odam qanday qilib boʻlmasin uyiga qaytishni orzu qiladi. Ertalab bogʻigami, dalasigami ketayotgan odam quyosh botgach uyga qaytishga hozirlanadi.
Bu-ku, mayli, biror joyga mehmondorlikka borsa, yarim tun boʻlsa ham uyiga qaytgan momomizga, “Yotsangiz boʻlmaydimi”, desak: “Uyimni sogʻindim”, deydi.
Oʻrmonda adashgan odam nega uyiga qaytishni istaydi? Axir oʻrmon ham yurtining bir hududi-ku. Dehqon bogʻu dalasidan daromad koʻradi, lekin u ham kech boʻlganda uyiga qaytadi. Undan koʻra osmonga termulib, dalada yotsa boʻlmaydimi?
Chunki uy uning Vatani. Vatan – sen tanigan va seni taniganlarning goʻshasi. Seni tushungan va sen ham his qilganlarning makoni. Vatanning millionlab odami boʻladi, lekin millionlab odamning Vatani bitta boʻladi. Mening tushunganim shu…
Birinchi muallimimdan besh baho olganimda koʻzimdan yosh chiqib ketayozgan. Chunki, bilardim uyga borib barchadan maqtov eshitaman. Shunday ham boʻlgan. Rosa quvonishgan. Keyin maʼlum boʻlishicha, oʻqituvchim otamning oshnasi boʻlgani uchun beshni menga “hadya” qilgan ekan. Oʻshanda ming marta ikki olganim aʼlo edi, deb oʻkinganman. Ammo, endi oʻsha besh bahoda bir hikmat koʻraman: odamlar senga ishonch beradi, toki sen oqlamaguningcha. Oʻsha baho sabab doim besh oladigan boʻldim. Ha, birinchi muallimim menga shunday saboq berdi: “Bugun senga men qarzga baho qoʻydim. Sen shunday boʻlki, hech qachon qarzga maqtov ham olma. Hammasi oʻz vaqtida boʻlsin…”
Men yana nima deyin… Har bir odamidan tortib, togʻi-toshigacha menga saboq bergan qishlogʻimni nima deb madh etayin?
Gohi telefon qilgan onamning hazin ovoziga biroz dagʻal, jindek zarda bilan javob beraman. Ertadan kechgacha tinim bilmagan onam, kechga borib betobligini-da, bilmay uxlab qoladi. Televizorga tikilib, ikki yostiqni qoʻltigʻi ostiga qoʻyadigan otam, onamga bir-ikki qarab qoʻyadi. Dilida nimalar bor: oʻzi va Xudo biladi. Narigi xonada kompyuter chuqilayotgan ukam, olis Toshkentni xayol qiladi. Borsam, tomosha qilsam deydi, biroq qoʻyningmi, sigirningmi bemahalda maʼrashi xayolini boʻlib, kompyuterni ham unutib ogʻilxonaga yuguradi. Gohi sigir arqonidan boʻshalgan boʻlsa, goh biror qoʻymi bolalagan boʻladi. Qoʻzichoqni issiqroq joyga qoʻygan ukam, endi Toshkentni xayol qilmaydi: bu qoʻzi qachon katta boʻladi, sal garangmi deyman, chakki boʻldi-da, deb xayol suradi, uyqudan toʻyar-toʻymas tong otadi. Yana tashvish va yumushlar boshlanadi.
U kindik qoni toʻkilgan goʻshasini yaxshi koʻradi. Uning muhabbatiga taʼrif yoʻq. Lekin shu qishloqqa boʻlgan mehri, butun bir mamlakatni sevishga qodirligini, kerak boʻlsa, sevayotganini bilmaydi. Bilib nima ham qildi. Sevish ham yaxshilikdek bir gap. Yaxshilik esa elga oshkor qilinmaydi-ku.
Men ham qishlogʻimni yaxshi koʻraman. Negaki, men kimni tanigan, ismini bilgan boʻlsam, albatta, shu qishloqdan oʻrgandim. Shu qishloqda bobomdan dostonlar, momomdan ertaklar eshitdim. Otamning sochi qop-qora edi, endi oppoq. Ikkisiniyam shu qishloqda koʻrdim. Shu qishloqda ot minishni oʻrgandim. Yiqilishniyam shunda bilib oldim. Sersavol edim, ammo har savolimga javob topardim. Onam aytmasa otam, otam aytmasa bobom, ular ham aytmasa shamolu togʻlar javob berardi.
– Ona, nega suv ichamiz?
Sargʻaygan oʻt-oʻlanlar “Bizlarga boq” derdi. Javob topardim.
– Eng zoʻr kim?
Daryo toshganda olib ketolmagan qoyani koʻrsatib: “Oʻsha” derdi.
– Nega sochingiz oq, bobo?
Shamol, quyoshga erimay togʻ choʻqqisida qolgan qorga qara, derdi. Keyin qulogʻimga shivirlardi: “Oqlik ulugʻlarda boʻladi”.
Bular mening savollarim va topgan javoblarim edi.
Bugun tushunib turibman: men ulkan daryolarga qoʻshilgan boʻlsam-da, oʻsha ilk bulogʻimni unutganim yoʻq. Unutmayman ham.
Qishlogʻimni yaxshi koʻraman. Chunki, u menga oshiqlikni, shaydolikni oʻrgatdi. Oshiq boʻldim. Kichkina qishlogʻim siymosida buyuk bir Vatanni sevdim. Oʻrmon qayer bilmayman, bilganim uyim – bu Vatanim. Togʻim, dalam qayer, buniyam bilmayman, bilganim – yashayotgan zaminu boshimdagi osmonim.
Sangardak ham yurtimning bir boʻlagi, jonimning bir parchasi. Buloqboʻlmasa, irmoq, irmoq boʻlmasa daryo boʻlmaydi. Bizlar buloqlardan daryoga qoʻshilganlarmiz. Yurtimda bulogʻu irmoqlar koʻp. Ammo, men bilgan ummon bitta – uning nomi Oʻzbekiston! Bulogʻimiz qancha tiniq boʻlsa, daryo ham shuncha tiniq boʻladi.
Sanjar Tursunov
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/sangardak-qoshigi/