Avgustning soʻnggi shomi

Hali hanuz oʻsha voqea esimga tushsa, hayot qonuniyatining beshafqatligi, yashash uchun berilgan umrning nechogʻli qiymatga ega ekanligiga ich-ichimdan iqror boʻlaman. Va shuning barobarida, vaqti kelsa, yosh bola ham senga saboq berishini, murakkab voqealarga yoshiga xos samimiyat bilan yechim topishi, faqat bolalarga yarashadigan buyukligi oldida bosh eggim kelaveradi. Oʻsha voqea sakkiz yoshli singilcham bilan avgustning soʻnggi shomida yuz bergan edi. Oradan bir necha yil oʻtgan boʻlsa-da, oʻsha iqror, xulosa, tushunish va anglash hayotimni boshqarib borayotganini his qilaman. Gohi kunlari, shu jajji singilchamning teran mulohazasi, sodda falsafasi va hayot haqidagi buyuk xulosasiga hayron ham qolaman. Xayolimda “Bola – buyuk donishmand” degan jumla keladi. Bunga judayam ishonaman, shunday damlarda.

Avgustning soʻnggi shomi edi oʻshanda…

Men hammadan – yeru osmondan, yaxshi yomondan, jamiki yaratiqlar, togʻu toshlar bari-baridan xafa va chuqur alamzada edim. Hammaga quvonch, sevinch, baxt ulashadigan saxiy qismat, menga kelganda xasislik qilganday, avval neʼmatini berib, keyin rashkimi, qahrimi kelib beshafqatlarcha tortib olganday yoki meni dast koʻtarganu tag-tubi koʻrinmas quduqqa tashlab yuborganday edi. Rosti ham shunday edi. Koʻksimda qoʻrgʻoshin quyilganu u lahza sayin vujudimni kuydirar, ogʻriq butun tanam boʻylab tarqalar, dod, ming dod, deb toshlarga boshimni urib tars yorgim, daraxtlarni ildizi bilan yulib olgim, katagiga qamalib yotgan tovuqlarni tirqiratib quvgim, qurillab uyqu urayotgan mushugu kuchukni tayoq bilan solgim kelardi. Nega? Nima uchun, degan savollar tomogʻimga tiqilib qolganday edi goʻyo.

Atrofimdagi odamlarga hech gap boʻlmaganday begʻam va behis yurishardiki, bu holat meni aqldan ozdirishi hech gap emas edi. Mendan kaltak yeb yurgan tengdosh – sinfdoshlarim, maktabda barcha fandan uch baho oladigan hatto jismoniy tarbiya darsini ham eplab topshirolmaydigan joʻralarim taqdiridan xursand, qismatidan mamnun edi oʻshanda. Goʻyo baland togʻ choʻqqisi mening yelkalarimga koʻchib tushgandek. Toshqin daryo faqat mening bogʻimni oqizib ketgandek. Kuchli boʻron uyimni vayron qilgandek. Hatto yomgʻiru qor ham yolgʻiz mening boshimga yogʻilayotgandek. Hammaga hamma narsa boru birgina mening umidim kesilgan, yuragi zardobga toʻla edim oʻshanda.

Oʻshanda… bor yoʻgʻi besh oygina – 153 kungina yashagan qizalogʻim olamdan oʻtgan edi.

Yuz yildan ortiq umr koʻrsa boʻladigan dunyoda bir hayqiriqday kelib ketgan qizalogʻimning dogʻida ado boʻlayozgandim oʻsha kezlari.

– Shox ketsa ketsin – butoq ketmasin – deb onam meni yupatgan boʻladi. Oʻzining ham birinchi farzandi oʻlganini, yuragi teshilganini aytib yigʻlaydi mushtipar. – Agar sangga bir gap boʻlsa nima qilaman, qayerga boraman, manggayam rahming kelsin – deydi koʻz yoshi yuzini yuvib.

Meni jin urarmidi… Yuribman-ku, dunyoga kelib “dada” deyolmagan, “ona” deyolmagan, qiqir-qiqir kulolmagan qizimni tuproqqa koʻmib kelib baloday yuribman-ku. Yuribman-ku!

– Xudoning qahri keladi bolam. Bergan ham u, olgan ham oʻzi… – deydi sakson yoshni qoralab qoʻygan momom. – U bir qush edi, uchdi-ketdi… Nima qilardik…

Olar ekan nega beradi, degan olovdek hayqiriq boʻgʻzimni kuydiradi. Bermasa – peshona shu ekan-da, deb jim turmasdim, deb baqiraman.

– Tovba qil, tovba qil-e, – deydi otin xolam. Bisotidan xuddi shu kunga aytaman deb avaylab yurganday hikmatini naql qiladi. – U dunyoda, – deydi koʻzlarini pirpiratib, – yosh bola jannat eshigining oldida yigʻlab turar ekan. “Sen kiraver, sening gunohing yoʻq”, degan farishtalarga qarab: “avval ota-onam kirsin, keyin kiraman. Menga u dunyoni bermading, nega endi bu dunyoda – jannatda ota-onam bilan birga boʻlmas ekanman”, deb zorlanib yigʻlarkan…

E, deyman, gapirmang deyman. Bu dunyoda shuncha yonayapman-ku… U… – onam yuzimga tarsaki tushiradi. Keyin yosh boladay hoʻngrab yigʻlaydi. Yigʻlayveradi. Oʻrnimdan turib ketaman: kuchukni tayoq bilan solib qolaman, mushukni tepaman, tovuqqa kaltak otaman, yuragimdagi olov pasaymaydi – kuydiraveradi, kuydiraveradi…

 

***

 

Qoʻrada oltita dirriq qoʻzi bor. Yoʻtalgani-yoʻtalgan. Choʻponlar boshimizga balo boʻlmasin, deb tashlab ketgan. Shu dardisarlar boshga bitgan balo, goh otam, goh onam boqadi. Bogʻimizning tepasida adirlik bor – shu yerda qorni toʻyadi boqimandalarni.

Oʻsha kuni, bilmayman, qandaydir yumush bilan otam shaharga tushgan, ukam bunda 4-5 oy oldin nom-nishonsiz, bedarak yoʻqolgan hoʻkizlarni izlab dashtga ketgan. Onam oʻsha yigʻlaganida qon bosimi oshibdimi, yotibdi: momom, xolam, xotinim atrofida musichadek tizilib turibdi. Faqat jajji singilcham hoʻng-hoʻng yigʻlaydi: bir oʻzim qanday boqaman, tepada ilon bor qoʻrqaman… deydi menga qarab yana yigʻiga zoʻr beradi.

– Sen qol, oʻzim… – tayoqni qoʻlga olaman.

Onam boshini koʻtarib, “birga bor”, deb ishora qiladi, joni ogʻriyotgani-da unutib. Oʻzini bir balo qilib qoʻymasin deb xavotirlanadi. Xolam ham, xazon payti, bir oʻzing borma, deya naql qiladi. Singlim menga ergashadi. Tayoqni qoʻlimdan oladi: qoʻylarni tushirib qolishimdan qoʻrqadi-da.

Adirga chiqamiz. Qoʻylar sargʻaygan lalmi oʻtlarga oʻzini jon holatda urishadi. Sekin yesa toʻymayotganday yugirgilab oʻtlaydi. Singlim goh u tomonga, goh bu tomonga chopadi, ovorayu sarson.

Qoʻlimni boshimga yostiq qilib tabiatni hissiz kuzataman: quyosh qizarib botayapti, salqin shabada dimoqqa achimsiq nariroqdagi buloqda mollar suv ichib koʻlmak qilgan balchiqning hidini olib keladi. Benihoya yoqimsiz. Qishloqning narigi – daryo boshi tomonidan chang-toʻzon koʻtarib poda qaytayapti. Roʻparamizdagi qirda yakkam-dukkam mollar oʻtlab yuribdi. Kamar boshida oʻndan ortiq koʻk kaptar qoʻnib turibdi. Sal pastda – lalmi bogʻning quyrugʻida oʻn yoshli bolalar kurash tushayapti. Qishloqda – oshxonalardan tutun koʻtariladi: kechki ovqatga qozon osilgan. Yana kimlarnidir hovli supirayotgani, darvoza oldida besh-oltita xotinni suhbatlashayotgani, qizlarning sharrak oldida suvga navbat kutib qaldirgʻochlarday tizilib oʻtirgani ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Qishloqning pastki tomoni – Chinor shoxidagi qushlarning shovqini ham shu yerga aniq eshitilib turadi. Uch tomonidan kelayotgan uch daryo noz bilan soch oʻrayotgan qizni eslatadi. Kimdir dashtdan bir eshak oʻtin olib kelayapti. Ortidan chamasi yetti yoshli bolasi otasiga yetolmay deyarli yugirgilab borayapti. Balandlikdagi uyning darvozasi oldida bir juvon ikki bolasi bilan tik turibdi: aftidan erini kutayapti.

– Aka, aka, qarang, anavu qushni qarang, – dedi singlim hayajonlangancha.

U barmogʻini nuqib turgan tomonga – ikki qirning oʻrtasida soylikda bir katta qush osmonga koʻtarilolmay lapanglardi. Atrofini yuzdan ortiq qargʻalar oʻrab olgan, yaqin borolmay qagʻillashar, shoʻrlik qush qoʻrqqanidan oʻzini goh u tomonga, goh bu tomonga uradi. Qayerdan keldi, bu maxluq? Qiziq, burgutmikan, yoʻq burgut boʻlishi mumkin emas…

– Ana ularni qarang, – dedi singlim osmonga tikilib.

Osmonda… yuzga yaqin yerdagi maxluqsifat yirtqichlar uchardi. Baʼzilari qanotini qoqmay bir necha soniya turar soʻng shidddat bilan goh tepa, goh pastga shoʻngʻirdi.

– Ular doʻstini qutqargani keldi-ya, – dedi singlim soddalik bilan. Men oʻrnimdan turib ularni kuzatardim.

Ha, deb oʻylardim qushlarga boqib – bular oʻlaksaxoʻrlar. Gʻajir, Tasqara ham deyishadi ularni. Aytishlaricha, qayerda hayvon oʻlganini bir kecha oldin tushida koʻrishar ekan. Qushlar ham tush koʻrar ekan-da. Tabiatda qancha yaratiq boʻlsa, shundan ming barobar ortiq sir-sinoat borligini eshitgandim, demak, rost ekan…

Men zoʻr qiziqish va kuchli hadik bilan boʻlayotgan voqeani kuzatardim. Singlim boʻlsa, tinimsiz savol berar, nega, nima uchun deb chugʻurlardi, jagʻi tinim bilmasdi.

Qiziq, katta koʻchadan ayni shu paytda bittayam odam oʻtmasdi. Men shoshib yoʻl boshi – dashtga qaradim: zogʻ yoʻq edi. Hayratim oshdi.

Qargʻalar gʻajirning ustiga bostirib borar, hatto tepishardi ham. Gʻajir boʻlsa ulkan qanotini yoyib lapanglar, u har qanot qoqqanida qargʻalar undan uzoqlashar, u xuddi shu payt oʻn quloch qirga qarab uchardi. Qargʻalar yana yoppasiga hujumga oʻtar, u boʻlsa boshini qanotining orasiga qisib olardi. Koʻkdagi jinsdoshlari aylana hosil qilib uchar, biroq yerga tushib uni koʻtarib ketisholmasdilar. Beoʻxshov ovoz chiqarishardi, xolos.

Gʻajir yana qanotini keng yoydi. Qargʻalarni hurkitib tepaga koʻtarildi. U endi qirning yarmida sal pastroqda edi. Qargʻalar uning toʻrt tomonini oʻrab oldi. Ular shunchalik yaqin kelishdiki, shoʻrlik gʻajir qanot qoqsa bemolol qargʻalarga tegardi. U boshini qanotining orasiga yanada qisib oldi. Endi qargʻalar uni ayovsiz tepkilashardi. U pastga sirpanib ketdi.

– Aka, jon aka, qargʻalarni haydang, u uchib ketsin, – deb yigʻlardi singlim. Men borsammi, bormasammi, deya ikkilanib turgandim, shunda singlim: – bormang, zoʻr boʻlsa oʻzi uchib ketsin, – dedi yoshiga xos boʻlmagan bir ohangda. Men joyimda qotib qoldim. Singlim kiprik qoqmay gʻajirga tikilar, uning jajji qoʻllari musht edi…

Koʻkdagi gʻajirlar daryo yoqasidagi teraklarning boʻyi qadar pastlashdi. Negadir yerga qoʻnishga shoshilmasdi. Endi ularning ovozi dahshatli ediki, hozir nimadir roʻy beradiganday tassurot qoldirardi kishiga.

Yolgʻiz gʻajir yana qanot qoqdi. U soʻnggi kuchini yigʻib, hayqirib jangga kirgan bahodirni eslatdi menga. Taxminan oʻttiz quloch balandlikka koʻtarildi va tepada – koʻrinib turgan qoyani koʻzlab parvoz qildi. Qoya toʻshidagi kaptarlar qayoqqadir gʻoyib boʻlishgandi. Qargʻalar qagʻillab yoʻlini toʻsishga urindi. Tepadagi gʻajirlar ham qoya tomon ucha boshladi. Gʻajir qanotini uzun sermar, uning uchishi jinsdoshlarinikiga oʻxshamas, uning parvozida oʻktamlik, salobat bor edi. U qoyaga yaqinlashib qoldi. Qargʻalar yoʻlini toʻsar, orqasidan yonidan tepar u boʻlsa, parvo qilmay uchardi. Mana, qoyaga yetishiga ikki qanot qoqish qoldi. U agar, manzilga yetsa, keyin damini olib bemalol osmonu falakka koʻtarilib ketsa boʻladi… Shu payt ikki yuzdan ortiq qargʻa yerdan chiqdimi, koʻkdan tushdimi, paydo boʻlishdi va bari qoyaga qoʻndi. Men shoshib Chinorga qaradim: u yerda bittayam qush yoʻq edi. Gʻajir tek qotdi. Lahzalar ichida qanot qoqmadi. Qargʻalar boʻronday unga yopirildi. U pastga quladi. Qular ekan, xuddi mohir, chapdast polvonday bir aylanib yana parvoz qilab boshladi. Men quvonchdan titrab ketdim. Singlim qichqirib yubordi. Biroq, u endi tepaga – jinsdoshlariga qarab emas pastga – qishloqning quyruq tomoni eski qabristonni koʻzlab uchardi. Uning bir qanoti lapanglab osilgan, oʻsha birgina parvoz uni, xuddi dengizda ohista suzib borayotgan kemaday manzili tomon yetaklardi. Qargʻalar ergashdi. U qishloqning ustidan oʻktam suzib oʻtdi. Qanoti chinorga urildi va eski qarovsiz, egasi oʻlib ketgan boqqa quladi.

Osmonda…

Ular borgan sari yuqorilar, yuqorilaverardi.

Bora-bora nuqtaga aylanib ketdi ular.

Qop-qora nuqtaga…

– Bechora… Agar kamarga qargʻalar kelmaganda u uchib ketardi, toʻgʻrimi? – dedi singlim. Uning soʻzlarida shu qadar achinish mujassam edik, men haligacha uning soʻzidek oʻkinchli nidoni eshitganim yoʻq…

Taqdirmi, deyman, qismatmi, deyman, nima deyishni-da, bilolmayman. Oʻn daqiqa orasida roʻy bergan bu dahshatli voqea mening dunyoyimni ostin-ustun qilib yubordi. Nega, deyman, nima uchun, shu vaqt oraligʻida yoʻldan bittayam odam oʻtmadi deyman. Ana, odamlar koʻchani toʻldirib dashtdan qaytishmoqda. Tepada kurashayotgan bolalar ham kamarga chiqib olibdi. Nega shular sal oldinroq kelishmadi, nima uchun oʻzim bormadim. Singlim ham achinarkan-ku, deyman, borsam oʻlmasmidi, deyman, agar bolalar kamarga oldinroq kelganda, odamlar ham sal avval koʻrinish berganda, qargʻalar qochib ketar, u tirik qolarmidi, deyman. Agar… Agar… Voh, xomkalla, hamma gap shu agarda. Shunda…

Taqdirga tadbir yoʻq.

Qismati shunday edi.

Saboq bu. Ey, inson senga saboq edi bu…

Boshqa hech qanday gap yoʻq.

 

Qorni toʻygan qoʻylarni uyga hayday boshladik.

– Aka, erta birinchi sentyabr, qaysi sheʼrni aytay, – deb soʻraydi singlim. Bir qancha sheʼrni oʻqib tashlaydi.

– Hammasini ayt deyman. – toʻlqinlanib. U menga tikiladi qoladi. – Erta sening bayramingdan keyin Toshkentga ketaman… yangang bilan, deyman.

U suyunchi olgani onamning oldiga yuguradi.

Men boʻlsam qoʻylarni endirib kelaman.

Bu paytda avgustning soʻnggi shomi oʻtayotgan boʻladi…

 

Sanjar Tursunov

https://saviya.uz/ijod/nasr/avgustning-songgi-shomi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x