Zulfiya sheʼriyati XX asr oʻzbek adabiyotida yangi sahifa ochgan, uning boʻy-bastini koʻrsata olish qudratiga ega boʻlgan, kitobxonga vafo va sadoqat, mehr va muhabbatdan saboq beruvchi sheʼriyatdir. Bu sheʼriyatning mavzu va talqin doirasi juda katta qamrovga ega boʻlib, biz unda oʻz Vatanini sevish, oʻzbek ayolining shonli hayot yoʻlini ulugʻlash, bani-basharda tinchlik-omonlikni orzu qilganlar mushoirasi bilan birga, muhim hayotiy muammolar va insoniy dardu kechinmalar tasvirini ham koʻramiz. Bularning barchasi shoira sheʼriyatidagi gʻoyaviy yuksaklik, dilbarlik va pokizalik, teran maʼno-mazmunga ega boʻlgan xususiyatlar jarayonida yuzaga chiqadi. Sheʼriyatidagi ana shunday hayotbaxshlik va vatanparvarlik fazilatlari, yurtning maʼnaviy hayotidagi fidoyiligi uni oʻz xalqining sadoqatli qiziga va shoirasiga aylantirdi.
Hayotni oʻzining yuksak maʼnaviyati va ayolga xos nazokatli nigohi bilan kuzatib yashagan shoiramiz inson hayotida sodir boʻladigan sevinchli va gʻamgin holatlarga roʻbaroʻ keldi, hayot sinovlari va toʻfonlari oldida qaddi bukilmadi, oʻz taqdirini ona xalqi taqdiri bilan bogʻliqlikda his qildi, uning izzat-ikromiga muyassar boʻlganligi uchun shukronalar keltirdi:
Hayot kitobimni bexos varaqlab…
Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim,
Hech kimda koʻrmayin umrimga oʻxshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima bildim,
Shu-da bir yashash!
Shoira sheʼriyatning barcha janrlarida qalam tebratdi. Bu ijod namunalarining aksariyati kitobxonlar tomonidan adabiyotimizdagi yangilik (noyob hodisa) sifatida qabul qilindi va ilmiy-adabiy jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻldi. Men bu oʻrinda shoiraning “Hijron kunlarida”, “Seni kuylayman, hayot”, “Yillar va oʻylar”, “Shalola”, “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush”, “Uni Farhod der edilar”, “Mushoira” turkumlari va dostonlarini alohida qayd etgim keladi.
Aytish joizki, shoira “Hijron kunlarida” turkumidagi sheʼrlari bilan oʻzbek sheʼriyatida yangi yoʻnalishga – inson hayotining fojiaviy talqiniga asos soldi. Xususan, “Bahor keldi seni soʻroqlab”, “Koʻrganmiding koʻzlarimda yosh?”, “Oʻrik gullaganda” kabi sheʼrlarida lirik qahramon ruhiyatining rangin holatlarini – gʻam va iztirob kechinmalarini ham, ayriliq va sogʻinchga toʻlib toshgan dilgirlik kayfiyatlarini ham, neki inson zotiga xos boʻlgan his-tuygʻularni ham, sabr-bardosh va jasoratni ham koʻramiz. Eng muhimi, bu sheʼrlardagi hijron motivlari kitobxonni inson taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan hayot murakkabliklarini, uning bardavomliligini tushunishga yordam beradi va kuch-qudrat bagʻishlaydi:
Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yonimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.
Shoiraning hijron ohanglari tasvirlangan sheʼrlaridagi lirik qahramonning faryod hasratlari ifodalangan misralari goʻyo kitobxon qalbiga Hamid Olimjon asarlaridagi latif tuygʻularga limmo-lim toʻla tasvirlarni koʻchiradi, koʻz oʻngida shoir siymosini gavdalantiradi va, aytish mumkinki, shoir sheʼrlariga oʻziga xos yangicha umr ato etadi. Kitobxon bu sheʼrlarning intihosigacha lirik qahramon bilan birga boʻlib, joʻshqin hissiyot va oʻtkir dramatik tasvir taʼsiridan, sogʻinch va iztiroblar girdobidan chiqib keta olmaydi.
Shoira sheʼrlarida “hayot nafasi shovullab”, “insonlar yuragi lovullab” turishi, jahon xalqlari bilan qardoshlik tuygʻulari, ijodkorning jamiyat va xalq oldidagi masʼuliyati falsafiy va jahoniy talqinda berilishi ham noyob isteʼdodning bir xususiyati edi. Ana shunday xususiyat faqat va faqat Zulfiyaga xos shoirona haroratga boy misralar: “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Yurtim xaritasi – mening yuragim”, “Mushoira” kabi asarlarining ham mazmun-mohiyatini tashkil etadi.
Istiqlol yillarida – umri poyonida yaratilgan asarlari shoira ijodining ham, keyingi yillar oʻzbek sheʼriyatining ham noyob sahifasi boʻlib qoldi. Xususan, “Sharqning oʻzi ona boʻlgan hamisha” (1993) nomli dostonida shoira oʻz umri davomida xalqining oʻzligini, yurtining koʻrkini, yozib ulgurmagan armonlarini bayon etar ekan, oʻziga xos badiiy tafakkurda xalqimizning boshqalarga qaram boʻlmagani va uning farzandlari salohiyatining jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini tariximizdagi shonli sahifalarga bezangan holda oʻquvchi ongi-shuuriga yetkazadi:
Biling:
Komil,
Fozil,
Bashar yulduzlariga
Sharqning oʻzi ONA boʻlgan hamisha!
Eʼtiborli tomoni, dostonda umumbashar madaniyati taraqqiyotidagi allomalarimizning tutgan oʻrni va fazilatlari har bir yurtdoshimizda faxr-iftixor tuygʻularini yuzaga chiqarishda lirik qahramonning maʼnaviy olami bilan uzviy bogʻliq holda tasvirlangan.
Shoiraning istiqlol yillaridagi baʼzi sheʼriy lahzalarida lirik qahramon qalbida sobiq tuzumdagi “hamma qonunlarning ustidan chizib” tashlash isyonkorligi yuzaga chiqsa, baʼzi misralarida “Axtarib topardim har bosgan izim. Bekor oʻtganiga baxsh etardim jon”, degan afsus-nadomatlar yetakchilik qiladi. 1995 yilda yozilgan “Iqrorga vaqt yetdi” nomli sheʼrida shoira yana bir bor yashab oʻtgan umriga nazar tashlaydi, istiqlol tufayli xalq va mamlakat hayotida boʻlayotgan yangilanishlardan koʻngli quvonchga toʻladi, ajinlar iz solgan peshonasini istiqlolning hayotbaxsh qoʻli silashiga iymon keltiradi. Mazkur asarlardagi poetik fikrlar “Xotiram siniqlari” (1995) dostonida yanada teran mazmun kasb etadi. “Xotiram siniqlari” – adabiyotimizdagi benazir bir badiiy olam. Bu asar oʻzining shaklu shamoyili, mazmun-mohiyati, tasvir va ifoda usuliga koʻra ham dostonchiligimiz janrida yangilikdir. Adabiyotshunos Umarali Normatov taʼbiri bilan aytganda, Zulfiya opa bu dunyoga hijron turkumini va “Xotiram siniqlari”ni yaratish uchun kelganday tuyuladi. Ollohga hamdu sanolar boʻlsinkim, shoiramizga istiqlol davrida yashash neʼmatini ato etdi. “Xotiram siniqlari” Yaratganning ana shu marhamatiga shoiramizning ijodiy shukronaligidir.
Doston asosini shoira hayotiga aloqador voqealar tashkil etadi. Asarda nafaqat shoira oilasining, balki millat boshiga tushgan qatagʻon davri musibatining ildizlari ochib beriladi. Ijtimoiy voqealarning badiiy talqinida bugungi oʻquvchi uchun notanish boʻlgan kechagi kunimiz tarixiga aloqador hodisalar, sirli-sinoatli hayot tilsimlari ochila boradi. Bu tasvirlar orqali kitobxon qatagʻon davri zulmidan shoira oilasi ham benasib qolmaganiga guvoh boʻladi. Muallifning qalb isyoni orqali biz qatagʻon davri qurboni Aka, mushtipar Ona, donishmand Otaning qiyofalari, ular tabiatiga xos boʻlgan fazilatlar bilan tanisha boramiz. Ularning shoira shaxsiga nechogʻlik yaqinligi milliy qadriyatlar fonida ochib berilishi esa tasvir jozibasini yanada oshirgan. Maʼlumki, akalar oʻzbeklar oilasida opa-singillarning shaʼni, panohi, suyangan togʻi, yoʻqlovchisidir. Shoiraning yillab qalbida choʻkib yotgan xotira siniqlari hurriyat tufayli qalqib yuzaga chiqadi, oʻz armonlarini, yoʻqlovlarini hissiyot-kechinmalari ogʻushida toʻkib soladi.
…Aka, koʻzingizda otash bor edi,
Aka, joningizda quyosh bor edi,
Sultonlikka loyiq kelbat, layoqat,
Sardorniki yangligʻ bardosh bor edi.
Asarning boshqa misralaridagi nolakor tuygʻularda davr manzaralari shoiraning mushfiq Onasi hamda azoblar iskanjasida qolganida ham, sabr-bardosh bilan yashagan Otasi qiyofalarida chizib beriladi.
Shoira sheʼrlarining deyarli barchasida hayotning jonli tasviri gavdalanadi. Chinakam sheʼriy asar katta hayotiy muammolar va insoniy dardlar asosida tugʻiladi. Yuqorida toʻxtalganimiz “Hijron kunlarida” turkumidagi barcha sheʼrlarga hayotda sodir boʻlgan mudhish voqea – umr yoʻldoshi Hamid Olimjonning kutilmaganda avtohalokatga uchrab halok boʻlishi voqeasi asos boʻlgan. Ana shu voqea shoira sheʼrlaridagi mazmun-mohiyatni, ohang va obrazlar talqinini oʻzgartirib yubordi:
Baxtiyor sevgini kuylardi sozim,
Oʻlim xanjariga tegdi-yu sindi.
Hijron faryodiday sovuq ovozim,
Nahot lirikaning yolqini tindi?
Shoiraning iqror boʻlishicha, uning koʻpgina sheʼrlari turli holatlarda – majlislarda, yoʻlda, safarga ketish chogʻlarida tugʻilgan. Chunki sheʼriy syujetni yuzaga keltiruvchi ijodiy kayfiyat ijodkorda turli sabablar bilan sodir boʻladi. Shoiraning aytishicha, baʼzi sheʼrlari majlis zallarida dunyoga kelgan. Osmoni moviy rang va shamoli guvullab turuvchi aprel tabiati, hali barg yozmagan daraxtlarning pushti va oppoq libosi shoiraning koʻziga chiroyli koʻrinib ketadi-yu (bularning barchasi sheʼr syujeti uchun hayotiy material – D. T.), salqin va toza shabada bahri dilini ochib yuborganini sezib qoladi, ish oson koʻchadi: syujet yaratuvchi yengil ruhiy kayfiyatni qoʻldan boy bermaslik uchun oʻz oldida qogʻoz yoʻqligidan birovning qoʻlyozmasini oladi-da, sheʼrni yozib tugatadi. Uning yonida oʻtirgan bir kishi: “Buni hozir yozdingizmi?” – deb taajjublanadi. Shoira unga “ha!” deb javob qaytaradi va shoʻxligi tutib: “Buyuring, yana nima yozib beray?” deb hazil-mutoyiba qiladi.
“Bu gapdan keyin, – deb hikoya qiladi shoira, – yonimda oʻtirgan kishi menga juda ham sipolik bilan zimdan bir qarab qoʻydi-da, oʻzidan maslahat soʻraganimga astoydil ishonib, boyagidek sipolik bilan: “Vafodorlik haqida… yozing boʻlmasa!” – dedi. Goʻyo oʻz maslahatini, bu mavzuning men uchun gʻoyat ahamiyatli ekanini qattiq taʼkidlamoqchi boʻlganday, yana menga zimdan qarab qoʻydi. Qulogʻimning tagiga tarsaki tushganday boʻlib ketdi. Haligina esib turgan koʻklam shabadasi ham… gullab turgan shaftolining pushti libosi ham birpasda yoʻqolib, shoxi singan, kuz shamolida diydirab turgan, yosh, yalangʻoch chinor nima uchundir koʻz oʻngimda paydo boʻldi. Hamid Olimjon halok boʻlgan yili derazamiz ostida xuddi ana shunday bir chinor bor edi”.
Koʻrinib turibdiki, nogahoniy bir kayfiyat, shoiraning qalb torini chertib yuborgan kishining gapiga javoban sheʼr tugʻilmoqda. Oʻtmish, xotira, shoxi singan chinor (bu – shoiraning majoziy timsoli boʻlib, singan shox Hamid Olimjonning vafotiga dardli bir ishoradir – D. T.) hayotiy materiallardir. Hamid Olimjon siymosi tasvirlangan baʼzi sheʼrlarning syujeti ana shu materiallar asosida yuzaga kelgan. Agar shoiraning qalbini: “O, daraxtning qalin koʻlankasida oʻtirib, jaziramadan jon saqlash naqadar oson. Lekin shu daraxt katta boʻlib olguncha qancha mashaqqatlarni boshidan kechirganini hech kim oʻylamaydimi? Hali uning oʻzi yosh boʻlib tuzukroq yaproq yozmagan, oʻzi ham hali koʻlankaga zor boʻlgan chogʻlarida oftobda kuyganini, yoki boʻlmasa, shamolda qaddi egilganini, yoxud muzdek yomgʻir ostida diydirab qaltiraganini kim koʻribdi?..” – degan iztirobli, dardli fikr ezmaganiga yosh chinorcha koʻlanka, vafodorlik, qisqasi, umr yoʻldoshidan yosh chogʻida beva qolgan shoiraning oʻzi haqidagi va baʼzi odamlarning toshga aylangan bagʻri haqidagi sheʼr tugʻilmagan boʻlar edi.
Shu oʻrinda shoiraning “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush” (1954) sheʼrining tugʻilishiga Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlarida yadro qurolining portlashi natijasidagi mudhish voqea, “Uni Farhod der edilar” asarining tugʻilishida esa oʻzbek sahnasida Farhod rolini qoyilmaqom ijro etib, oʻz xalqi maʼnaviyatining yuksalishida fidoyilik koʻrsatgan sanʼatkor Qobil qori Siddiqovning frontdagi Vatan uchun jonini bergan qahramonligi ijodiy turtki berganligini ham eslasak, uning barcha asarlariga xos boʻlgan hayotiylik shoira ijodidagi badiiylikning asosiy mezoni ekanligini koʻrsatadi.
Zulfiya Osiyo va Afrika yozuvchilarining Tokioda boʻlib oʻtgan bir anjumanida soʻzga chiqib “Adabiyot – hayot demakdir”, deya lutf qilgan edi. Darhaqiqat, shoira oʻzi aytganidek, bir umr ana shu hayot ichida yashadi, “Sheʼr tinglab, sheʼr tizib – sheʼrlarda qoldi…”
Damin TOʻRAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sadoqat-kuychisi/