Romanda soʻzboshi va soʻngsoʻz

Oʻzbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriy ijodi bilan bogʻliq juda koʻp ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Yozuvchi romanlarining oʻziga xos ichki qurilishi, murakkab tizimga asoslangan yaxlitligi tuganmas xazina singari tadqiqotchilar eʼtiborini oʻziga jalb qilib kelmoqda. Adib ijodiga bagʻishlangan bu tadqiqotlar, mulohazaga chorlovchi fikrlar, tahlilda yangicha yondoshuvlar oʻzbek adabiyotshunosligini ilmiy-nazariy jihatdan boyishiga xizmat qiladi. Mazkur maqolada adib romanlari shakliy qurilmasidagi baʼzi oʻziga xos jihatlarga eʼtibor qaratmoqchimiz.

“Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlaridagi muqaddima va xotimalar, yaʼni muallif tomonidan berilgan izohlar oʻzining mazmun-mundarijasi bilan diqqatimizni tortdi. Mana shu kichik izohda muallif yirik romani vositasida koʻzlagan niyatini umumlashtirib berishga harakat qilgan. Bu ham yozuvchi uslubining oʻziga xosligi. Eʼtiborli jihati, adibning mana shu izohlari hali adabiyotshunoslar tomonidan maxsus oʻrganilmagan. Roman yozilgan yillarda milliy adabiyot uchun begona sanalgan roman janrning oʻzi izoh talab etardi. Zaruriyat majburiyatning yuzaga kelishiga zamin boʻldi. Majburiyatning esa oʻz sabablari bor edi, albatta. Shuning uchun adib oʻzi maxsus izoh berib oʻtishni maʼqul koʻrdi.

Abdulla Qodiriy roman yozish uchun ruhiy jihatdan jiddiy tayyorgarlik koʻrgan. Avvalambor, imon taqozosi bilan diniy savodini mustahkamlash niyatida madrasada oʻqidi. Ruhiy xotirjamlik va ilohiy quvvat ijodkor uchun eng muhim jarayon. Xalq ogʻzaki ijodini va dunyo adabiyoti anʼanalarini oʻrgandi. Mana shu bosqichlardan oʻtib, nihoyat, katta ishga qoʻl urdi. Xalq saviyasi va didini eʼtiborda tutib, voqelikni bir tizimga solib, maqsadni yagona nuqtaga uyushtirib, yozuvchi gʻoyasining modeli boʻlmish romanni yozdi.

Qodiriyshunoslikda badiiy asarlardagi tarixiy voqelik va badiiy toʻqima, yozuvchining roman yozish laboratoriyasi hali toʻliq oʻrganilmagan. Buning bosh sababi sifatida, yozuvchining shaxsiy arxivida roman ustida olib borilgan ish jarayonini kuzatishga imkon beruvchi manbalarning yoʻqligi hamda asar qoʻlyozma variantlarining saqlanib qolmaganligini koʻrsatish mumkin.

Aslida, ijodkor oʻzigacha boʻlgan adabiy anʼanalar zaminida ijod qilishi tabiiy. “Pushkin oʻz poemalarini hech narsa yoʻq joyda yozgan emas. Hech bir shoir sheʼr yozish texnikasini, qofiya va ritmni, syujetning oʻziga xos tarzda qurilishini yolgʻiz oʻzi oʻylab topgan emas. Shoirlar aslida xalqona syujet va kompozitsiya, sheʼr texnikasi, undagi obrazlar, usullarni ulkan adabiy anʼanalar tizimiga va tartibiga solib, ertak shaklida hikoya qiluvchi roviylardir”[1]. Shunday ekan, Qodiriy ham oʻz romanini yaratishda xalqning ulkan anʼanalariga asoslandi, milliy eposga tayandi. Muallif xalqning yangi shakldagi badiiy soʻzga ehtiyoj sezayotganini qalban angladi, oʻzida majburiyat his etdi, unga Yaratgan kuch-quvvat, bilim va isteʼdod ato etdi. Ehtiyoj va istak hosilasi oʻlaroq, yangi oʻzbek romani dunyo yuzini koʻrdi.

Tarixiy voqelikka baho berayotganda davr va vaziyatni hisobga olish lozim. Hali zamonaviy oʻzbek nasri shakllanmagan va roman degan janr begona sanalgan bir paytda “Oʻtkan kunlar” dunyo yuzini koʻrdi. U “Yozgʻuchidan” deb nomlangan soʻzboshi bilan boshlandi. Adib tomonidan berilgan kichik izohda juda koʻp masalaga oydinlik kiritish mumkin boʻlgan nuqtalar mavjud: “Yozmoqqa niyatlanganim ushbu – “Oʻtkan kunlar”, yangi zamon roʻmonchiligʻi bilan tanishish yoʻlida kichkina tajriba, yana toʻgʻrisi bir havasdir. Maʼlumki, har bir ishning ham yangi – ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydongʻa chiqishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takammulga yuz tutishi tabiiy bir holdir”.[2] Izohning bu qismida yozuvchidagi ikkilanish va andishani tabiiy qabul qilish mumkin:

“Dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishgʻa, 1 xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin” va “Bahromgoʻr”lari bilan tanishtirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasidan kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim”.[3] Xalqini ogʻzaki dostonlardan “qutultirish”ni orzulagan yozuvchi oʻzbek oʻquvchisini gʻarb romanchiligi maydoniga olib oʻtishda va millat dardini oʻziga xos yoʻsinda aytishga chora qidirdi va xalq didi, saviyasiga munosib yoʻsinda “priyom” topa oldi. Mana shu kichik izohdagi “havasimda jasorat” soʻzlari bizni sergaklantiradi. Sababi – jasoratda insonning oʻziga ishonchi, qatʼiyati, qarashlarida sobit tura olishi jam boʻlishi tushuniladi. Bu ijodkor tafakkurida asar modelining mukammal qurilmasining loyihasi pishib yetilganligini bildiradi. Bu jasoratning sababi va ildizi, yozuvchiga dalda beruvchi va madad boʻluvchi hayotiy omillar juda koʻp boʻlgan.

Qodiriy “Oʻtkan kunlar” asarini qancha hadik va ikkilanish, xavotir va jasorat, xalq oldidagi hurmat va andisha bilan kitobxon hukmiga havola qildi. Mana shu ikkilanishlarning hosilasi sifatida muqaddima yozildi. Demak, “Oʻtkan kunlar” asariga soʻzboshining yozilish sababi adibning xalqi va millati oldidagi hadik va andishadir, deb mulohaza qilish mumkin.

Asar soʻngida Otabekning shahid ketganligi haqidagi xabar shaklidagi izohga muallif oʻziga xos maʼno yuklagan. Yozuvchi hayot vaqtida nashrda: “1277 nchi yilning kuz kezlarida boʻlsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyootadan yozar edi: “Oʻgʻlingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qoʻshunda edi. Olmoto ustidagi oʻrus bilan toʻqunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid boʻldi. Men oʻz qoʻlim bilan ikkisini dafn etdim…”.[4]

Qanotsho hozirgi Tojikistonning Qorateginidan, Qoʻqon xonlaridan bir nechasi davrida amirlashkar lavozimida boʻlib, ruslarga qarshi kurashganlardan. Buxoroga elchilikka borganda amir Muzaffar tomonidan 1862 yilda qatl qilingan. Demak, Otabek ruslarga qarshi jangda halok boʻlib, shahidlik maqomini oladi. Izohda millat farzandlarining (Otabek misolida – T. S.) Turkistonni ruslardan himoya qilish yoʻlida jon berganligiga ishora qilingan. Izoh siyosiy mazmundagi kuchga ega boʻlganligi bois ham necha martalab nashrdan tushirib qoldirilganligi tasodif emas.

Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanidan soʻng yangi mavzuga qoʻl urib, 1926 yilda “Mehrobdan chayon” romanini yozib tugatadi. Yozuvchi keyingi romanida mavzu bilan birgalikda uslubiy vositalarni ham maʼlum maʼnoda yangilab, koʻlamni kengaytirishga erishdi. Bu muallifning obraz tanlashi va tasvirlashi, voqelikni ifoda qilish hamda obraz yaratish borasidagi anʼanaviy qoliplarni yangiladi. Aynan shu yilda Qodiriyga millatchi, siyosiy jihatdan “savodsiz”, hech qanday “shoʻroviy firqalarga aʼzo emas”, degan taʼna-malomat yopishtiriladi. Yozuvchi “Yigʻindi gaplar” maqolasida hukumat rahbarlaridan sanalmish Yoʻldosh Oxunboboyev va Akmal Ikromovni keskin tanqid qilganligi uchun qisqa muddat qamalib chiqadi. Bu kabi tazyiq va zugʻumlar yozuvchiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Mantiqan oʻylab koʻrilsa, endigina turli tuhmatu malomat bilan qamalib chiqqan odam ehtiyotkor boʻlishga harakat qiladi. Bizningcha, hukumat tomonidan nohaq qamalgan Qodiriy davrning siyosati bilan hisoblashmay iloji yoʻq edi. Ammo imon-eʼtiqodi butun Qodiriy bu oʻtkinchi shiorlarni bayroq qilib koʻtarmaydi. Ijodkor fikr aytishning yashirin, niqoblangan yoʻllarini qidiradi va bunga iloj topadi. Qolaversa, yozuvchi soʻzlash va fikr aytishda nihoyatda ziyrak, tabiatan ehtiyotkor boʻlganligi haqida ham maʼlumotlar bor. Mana shu ehtiyotkorlik “Mehrobdan chayon”da oʻzgacha usulda boʻy koʻrsatdi.

Adib “Mehrobdan chayon”da avvalgi romanida qoʻllagan usulini takrorlab muqaddima va soʻngsoʻz berishni maʼqul koʻrgan. Bu haqda adabiyotshunos olim Bahodir Karimov shunday yozadi: “Har bir soʻzga eʼtibori kuchli adib bu tadbiri bilan oʻz romanini “Soʻzboshi” va “Soʻngsoʻz” qoʻrgʻonlari orasiga olib, kutilgan hujumlardan himoya qilishni niyatlagan boʻlishi ehtimoldan uzoq emas”[5]. Dastlab, kirish soʻz “Romanning mavzui toʻgʻrisida” deb yozilib, undan soʻng “Abdulla Qodiriy (Julqunboy), Toshkent, 5 fevral, 1928 yil” deb imzo qoʻyilgan. Asarni yozib tugatgan yozuvchi fikrlarini niqoblab ifoda etishga ehtiyoj sezdi. Ehtiyoj va ehtiyotkorlik bilan adib shartli ravishda soʻzboshidayoq asarning mavzui haqida bayon qildi. Yozuvchi asardan gʻoya qidiruvchilarni chalgʻitish uchun avvalboshdanoq soʻzboshidagi ayrim oʻrinlarni, ayniqsa, mavzuni boʻrttirib berishni maʼqul koʻradi. Haqiqatan ham koʻpchilik tanqidchilar mana shu soʻzboshini shior oʻrnida bayroq qilishadi. Shunday ekan, soʻngsoʻzning ahamiyati nimadan iborat? Muallif oradan oʻn kun oʻtib asarga xotima yozishga ehtiyoj sezdi. Bizningcha, adib asarni gʻoyaviy jihatdan himoyalash uchun soʻzboshini kiritgan boʻlsa, asar syujeti xayoliy uydirma emas, balki tarixiy voqelik va hayotiy haqiqat ustiga qurilganligini koʻrsatish uchun xotimaga oʻrin berishni maʼqul koʻrgan. Yozuvchi tarjimai holi bilan bogʻliq manbalarda “Oʻtkan kunlar” romani eʼlon qilingach, muallifdan kitobxonlar doimo asar hayotda boʻlgan voqeami, qahramonlar kimlar degan savollar bilan qayta-qayta murojaat qilishgan. Roman janri yozuvchi va oʻzbek kitobxoni uchun yangilik sanalib, hali sinalmagan maydon singari edi. Shunday ekan, bunday savollarni tabiiy deb qabul qilish lozim. Mana shu soʻrovlarning oldini olish maqsadida adib xotimani berib oʻtgandir. Bu farazni yana ham kengaytirib, toʻldirish mumkin. Qolaversa, bu adibning “Oʻtkan kunlar”ga bergan izohidan maʼno va mazmuni bilan tubdan farqlangan. “Oʻtkan kunlar” romanidagi andisha va ikkilanish “Mehrobdan chayon”da siyosiy xavotirga aylangan, deyish mumkin.

Soʻzboshida shu vaqtgacha adabiyotshunoslar eʼtiboriga tushmay qolgan quyidagi jumlalarni havola qilamiz: “Ularning xon va ulamoga qarshi isyoni tabiʼiy – sharʼiydir”.[6] Demak, romanda qahramonlarning zulmga qarshi isyoni nafaqat sinfiy asosda, balki oʻsha vaqtda mahalliy aholi qatʼiy rioya etgan shariat qoidalarining oyoqosti qilinishi bilan bogʻliq. Ammo bu kurash sababini yozuvchi hech bir oʻrinda bayroq qilib koʻtarmasdan asar tagmatniga singdirib yuborgan. Qodiriy oʻz romanida shunday bir toifani tasvirladiki, bu olam vakillari oʻzlariga axloq kodeksi sifatida islom maʼrifati va madaniyatini qabul qilishgan. Avvalambor, bu qoidalar yozuvchining ham hayotida bosh mezon boʻlib xizmat qilgan.

Bevosita asardagi hal qiluvchi lahzalardan biri hisoblangan sahnaga murojaat etamiz. Xonga qarshi chiqa olishga oʻzida kuch topa olgan Anvar Xudoyorxonga ham aynan shu musulmonchilik talabini daʼvo qilib chiqadi.

“Xudoyorxon:

Pusulmonchilik qigʻonsan-da?!

– Albatta! – dedi Anvar, – boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib pusulmonchilikdan chiqqach, men pusulmonliq bilan oʻlishni oʻbdan bildim!

– Sening qilgʻon ishing pusulmonchiliqda bormi, ituvli?

– Musulmonchilikda yuzlab xotin ustiga, bir kambagʻal uylanmoqchi boʻlgan qizga ham zoʻrlik qilish bormi?”[7].

Qaltis vaziyatda turgan Anvar oʻzining joni omonat ekanligini bilib tursa-da, xonga qarshi keskin gap ayta oldi. Negaki, xonlik shariat qoidalari asosida boshqarilgan. Shunday ekan, bu tartibga boʻysunishga hamma majbur. Anvar shuning uchun ham bu daʼvoni mahkam ushlaydi. Xudoyorxon har qancha zolim boʻlmasin, shariat qoidasiga itoat qiladi. Shu bois Anvarning talabini ado etib, Sultonalini ozod etadi.

Qodiriy ijodi kuzatilsa, unda din ulamolari tasviri ayricha ahamiyatga ega. Buning sabablari, avvalo, oʻsha davrda xalqaro siyosatda iqtisodiy jihatdan kuchli davlatlar musulmon mamlakatlarini oʻziga boʻysundirib, tobe qilib olish yoʻliga oʻtgan edi. Qodiriy siyosiy masalalarga ham befarq boʻlmay, vaqtli matbuotda oʻz munosabatini bildirib bir qancha jiddiy maqolalar eʼlon qilgan. Uning “Luzonda koʻngil ozishlar va isiriq solishlar” (“Turkiston” gazetasi, 1923), “Siyosat maydonlarida”, “Eshonlarimiz” (“Mushtum” jurnali, 1923) kabi maqolalari aynan shu masalaga bagʻishlangan.

Ikkinchidan, Turkistonni ruslar bosib olgandan keyin ham diniy ulamolar hukumat oldida alohida mavqega ega edi. Bu faktni rus missionerlarning yozishmalari ham tasdiqlaydi.

Uchinchidan, yozuvchi Turkistonning ruslarga qaram boʻlib qolishiga dinni oʻziga niqob qilib olgan munofiq kimsalarning oʻzaro nizolari ham sabab deb hisoblaydi.

Toʻrtinchidan, xalqni oʻz ortidan ergashtirish qudratiga ega boʻlsa-da, oʻz manfaati yoʻlida din libosini kiygan ayrim kimsalar hukumat qoʻgʻirchogʻiga aylangan edi.

Beshinchidan, islomning asl mohiyatini anglamagan, ilmi bor, amali yoʻq soxta dindorlarni fosh etish. Ayniqsa, soʻnggisi adib ijodida katta oʻrin egallaydi. Koʻrsatilgan sabablarni barini jamlab, eʼtibor berib qaralsa, yozuvchi asarlarining mazmuniy mundarijasi kelib chiqadi.

Qodiriy yuqoridagi ehtiyotkorlikni saqlagan holda “ikki sinf kurashini tasvir qilish”, romanning bosh mavzusi ekanligiga urgʻu beradi. Diqqat qilinsa, asarda haqiqatan ham ikki sinf kurashi koʻrsatildimi? Koʻrsatildi, lekin Qodiriy sinfiylik, degan shoʻroviy tushunchaga bir qadar oʻzgacha maʼno bagʻishladi. Bu shoʻrolarning sinfiylik nazariyasidan farqlanadi. Ayni shu oʻrinlarda ochiq aytilmasa-da, ammo matnosti maʼnolari va yozuvchining ijodiy uslubidan kelib chiqib yondashilsa, Qodiriyning estetik qarashi, mazkur muammoga munosabati ravshan koʻrinadi. Romandagi shartli ikki sinf vakillariga ajratish, bizningcha, bu sinfiy ayirma asosida ifodalash degani emas, balki yaxshi va yomon, ezgulik va hasad, doʻstlik va adovat kabi tushunchalarga asoslanishdir. Qodiriy mazkur umuminsoniy gʻoyani shoʻroviy mafkuradan ustun sanagan.

Rus mustamlakachilari oʻz hokimiyatini oʻrnatgan yillar Turkiston xalqlari uchun juda ogʻir payt boʻlib, mahalliy aholining diniy eʼtiqodi juda zaiflashgan edi. Buning oʻz ijtimoiy, tarixiy-siyosiy sabablari bor. Qadriyatlar oyoq osti qilinib, soʻz va amal birligi yoʻqolib boʻlgan edi. Qodiriy oʻz asarida ayni shu ogʻriqli nuqtalarni qamrab olishni niyat qildi.”Turkiston xonlari vaqtidagi musulmoniyalar nihoyat darajada ahvoli olamidin xabarsiz boʻldilar. Zolim hakamlarga rost va toʻgʻri soʻzni aytadurgʻonlar qolmay, zolimlar uchun besh-oʻn tillo badaliga ertadan kechgacha xushomad soʻzlar aytib, alar qanday soʻz aytsa maʼqul deydurgʻonlar boʻlgʻon edilar. Hakam va ulugʻlarimiz fuqarolardin oʻz joyiga va masrafigʻa sarf qilmay, oʻz xohishlari va yushaʼlarigʻa xarj va sarf qilar edi. Hukumat ishida mutlaqo muntazam qoida va qonun yoʻq edi[8].

Turkistonda maʼnaviy tanazzul ancha avval boshlangan boʻlib, adib bunday vaziyatni yuqoridagi kichik kiritmalar orqali asar mazmuniga singdirib yuborgan. Yozuvchi maxdum oilasining kelib chiqish tarixini ifodalagan boʻlsa-da, ammo buning zamiriga juda katta ijtimoiy tarixiy haqiqat jamlangan. Maxdumni ota-bobolari uchragan qatagʻon xavfi doimo taʼqib etib, undan qoʻrqish hissi bir zum tark etmaganligini hisobga olsak, masala oydinlashadi.

Demak, yozuvchi har ikki asarida bergan izohlar birinchi oʻzbek romanining yaratilish sabablari, omillari, manbalari bilan bogʻliq juda koʻp maʼlumotlarni qamrab olganligi bilan qiymatga ega. “Oʻtkan kunlar” asaridagi muqaddima va xotima mazmunidan koʻrinib turibdiki, yozuvchi birinchi romanida erkinroq va jurʼatliroq boʻlgan.

Muallif “Mehrobdan chayon” romanini siyosiy tazyiqlar kuchaygan yillarda yozib tugatdi. Muallif niyatini niqoblashga majbur boʻlib, turli yoʻl qidirgan va buni uddalagan. Qodiriy soʻzboshida mavzuni siyosiy jihatdan boʻrttirib, fikrini tagmatnga singdirib, siyosiy gʻoya qidiruvchilarni chalgʻitishga erishgan.

 

Sanobar TOʻLAGANOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

 


[1] Vigotskiy L. Psixologiya iskusstva. M., 1987. S.18

[2] Abdulla Qodiriy. Tanlangan asarlar.Toshkent.Sharq nashriyoti-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi.2014. B.6.

[3] Abdulla Qodiriy. Tanlangan asarlar.Toshkent. Sharq nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. 2014. B.6.

[4] Abdulla Qodiriy. Tanlangan asarlar.Toshkent.Sharq nashriyoti-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi.2014. B.303.

[5] Karimov B. XX asr oʻzbek adabiyotshunosligida talqin muammosi. Filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya avtoreferati.T., 2002.  B.17.

[6] Abdulla Qodiriy. Tanlangan asarlar.Toshkent.Sharq nashriyoti-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi.2014. B.308.

[7] Abdulla Qodiriy. Tanlangan asarlar.Toshkent.Sharq nashriyoti-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi.2014. B.496.

[8] Mullo Olim Maxdum Hoji. Tarixi Turkiston. Q., 1992. B.100.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/romanda-sozboshi-va-songsoz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x