Quyoshga qarab yashash saodati

Xalqimizda bir gap bor: bolaning qoʻllarini boʻsh qoʻymang, biriga non bering, ikkinchisiga kitob. Ayni shu naqlni bugungi kunimiz bilan muvofiqlashtirsak, ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsadimizga hamohang yangraydi.

Yozuvchi Nazar Eshonqul bilan boʻlgan suhbatimiz kitobning kattalar va bolalar hayotidagi oʻrni haqida kechdi.

– Yerning baʼzi olis nuqtalarida odamlar ibtidoiy jamoa koʻrinishida yashashadi. Ular tezda yoqalashib, bir-biriga qasd qilishar ekan. Na murosa bor, na madora. Sizningcha, ularning ongida nima yetishmaydi?

– Savolingizning tagida “Ular kitob oʻqimagan” degan javobning oʻzi boʻrtib turibdi. Kitobsiz xalq – bu madaniyatsiz xalq, madaniyatsiz elat, madaniyatsiz qavm. Hayotlarida kitob paydo boʻlmas ekan, ular siz aytgan jaholat botqogʻiga botib yotaverishadi. Usiz millat – jaholatga gʻarq boʻlayotgan millat, jaholatga gʻarq boʻlayotgan xalq. Jamiyat qanchalik taraqqiy etgan boʻlmasin, kishilar kitob oʻqimay qoʻysa, uning tanazzuli boshlanadi. Agar dinlar tarixiga nazar solsangiz, insoniyatni jaholatdan, siz aytgan qavmlar kabi yashashdan qutqarish uchun kitoblar tushgan. Boshqa narsa emas, aynan kitob tushgan. Bu yerda ramz, ishora, timsol bor. Insonni faqat kitob va unga asoslangan maʼnaviyat qutqarishi azaldan uning peshonasiga yozib qoʻyilgan. Faqat kitob odamzotni biologik jonivordan idrokli mavjudotga aylantira oldi. Uning timsolidagi madaniyat insoniyatning butun taraqqiyot sarhadlarini yoritib turibdi. Aslida kitobsiz madaniyatning, madaniy ongning oʻzi yoʻq. Kitob tushunayotganimizni toʻgʻridan toʻgʻri bosma kitob deb tushunmaslik kerak. U men uchun insonni iloh bilan bogʻlab, unga oliy haqiqatga boradigan yoʻlni koʻrsatib turuvchi barcha narsa. Hatto xalq ogʻzaki ijodi ham aslida kitob. Faqat shakli ogʻzaki. Bu ogʻzaki kitob minglab yillar insoniyat uchun biz bugun nazarda tutayotgan kitob vazifasini oʻtagan va uni madaniyat, ong, taraqqiyot sari yetaklab kelgan. Yozma shakli paydo boʻlgach esa inson jaholat ustidan gʻalaba qilishi aniq boʻlib qoldi: boshqacha aytganda, insonga jaholat ustidan zafar qozonish quroli berildi. Faqat u bu qurol kuchidan toʻla foydalanyaptimi, yoʻqmi, bu boshqa masala. Muhimi, insonda jaholatdan, yovuzlik, xudbinlik, zulm, mahdudlik, badbinlik, ong zulmatidan qutulish quroli bor. Bu – kitob. Afsuski, bu quroldan bugun har kim har xil maqsadda foydalanayapti.

Tasavvur qiling, inson tafakkuridan kitobning ulushi tortib olinsa, u nimalar haqida oʻylashi, soʻzlashi mumkin? Shunday hol roʻy bersa, odamlar bugun ham oʻsha ibtidoiy davrda yashab yurgan hayvondan juda kam farq qilgan, tabiiyki, oʻy-fikri, kechinmalari, mayli, ehtiyoji, gap-soʻzlari ham shunga yarasha boʻlardi. Kitob ilohdan kuch olishga oʻrgatadi, ruhni tarbiyalaydi, odamni oʻz jismidan uzib, osmonga, koinotga yaqinlashtiradi. Uning tafakkuriga, idrokiga qanot va quvvat beradi. Kitob nuri yoritmagan ong esa faqat jism, faqat qorin haqida oʻylaydi. Kitobsizlik – yovvoyilik, yovvoyilik bilan yonma-yon, birga yashashdir.

Keksa avlod “Kompyuterlar boʻlmasa edi, yana odamlar kitobga qaytardi” deyishadi. Bugunning odami esa: “Nimalar deyapsiz, kompyuter butun koinotni boshqaryaptiku” deydi.

– Bu bahs emas, shunchaki bir-birini tushunmaslik yoki bir-birini tushunishdan qochish. Har ikki tarafning ham oʻz asoslari bor. Biroq gap shundaki, kompyuter kitobni siqib chiqargani yoʻq, kitob oʻqishni yengillashtirdi, kitob oʻqishga, kitobni anglashga imkoniyatni kengaytirdi. Bugungi oddiy bir planshet men uchun butun boshli kutubxona. Unga jo boʻlgan kitob ilgari katta bir binoga joy boʻlardi. Gap kompyuterda emas, gap ehtiyojda. Kompyuter koʻpaygani, yanada takomillashayotgani emas, kitobga ehtiyoj yoʻqolayotgani xavotirli. Kompyuter inson qoʻlidagi vosita. Undan har kim har xil foydalanadi. Oshxonadagi pichoqdan kimdir oshxona uchun, boshqa bir kimsa qabihlik yoʻlida foydalanishi mumkin. Ayb kompyuterda emas, oʻzimizda.

Ushbu zamonda ikki avlod vakillarining qarashlari toʻqnash turibdi. Ikkisining ham oʻz tarjimai holi bor. Shu kungacha yetishgan faylasufning ham, olimning ham kundaligini varaqlang: barini kitob katta qilgan. Bugungi avlodni esa kompyuterlar ulgʻaytiryapti.

– Men yoshlarning biz koʻnikkan shakldagi bosma kitobni oʻqimayotganini hadeb yuziga solish, shundan katta fojea izlashga unchalik qoʻshilmayman. Kompyuter ham aslida kitob. Bosma shakldagisida ham, kompyuter shaklida ham kitobning yovuzlikka oʻrgatadigani, yoʻldan ozdiradigani, insonni shafqatsiz qiladigani bor. Bunga tarix koʻp bora guvoh boʻlgan. Lekin ota-bobolarimiz kitobni muqaddas bilishgan va avlodlarga insonning ruhini, qalbini tarbiyalaydigan, ezgulikka boshlaydigan kitoblarni oʻqishni vasiyat qilishgan, shunday kitoblar mutolasi insonni kamolotga yetishtiradi deb bilishgan. Kompyuterda shafqatsiz oʻyinni koʻrayotgan, shu oʻyin ruhida tarbiyalanayotgan bola aybdormi yoki shunday oʻyinlarni mamlakatimizga bolalarimiz oʻynasin, deb olib kirayotgan, shundan moddiy manfaatdor boʻlgan, shu manfaatdorligi orqasida butun boshli millatning, xalqning oʻzligini, kelajagini, maʼanaviyatini xatarga roʻbaroʻ qilayotgan kattalarmi? Pul, tijorat uchun qon toʻkish, shafqatsizlik, yovuzlik targʻibotiga “bel bogʻlagan”, shunday koʻnikmalar paydo qiladigan oʻyinlarni olib kirayotgan “tadbirkor”larning qirgʻinga undovchi kitoblarni targʻib qiladiganlardan qanchalik farqi bor. Bugun Internet klublarga qarang, ular qaysidir maʼnoda bugunning kutubxonalari. Zamon shunday. Ular vizual kutubxonalar, aslida. Bugunning bolasi dunyoni harflar orqali emas, vizual tasvirlar, manzaralar orqali anglashga koʻproq ehtiyoj sezayotgan boʻlsa, bundan fojea yasash unchalik toʻgʻri emas. Aksincha, biz, bolalar kelajagi uchun masʼullar unga shu shakldagi “kitoblarni” taqdim etishimiz kerak. Lekin u sizu bizni tarbiya qilgan kitoblarning vizual shakli boʻlsin. Men uchun gap shaklda emas, gap mazmunda, gʻoyada. Kitob bolada ezgulik bilan yovuzlik, yaxshi bilan yomon, oq bilan qora, mardlik bilan nomardlik, adolat bilan xiyonat chegaralarini koʻrsatib, uning didini, koʻnikmasini, ruhini tarbiyalaydi. Nima, bugun shunday ruhda tarbiyalaydigan kompyuter asarlari yoʻqmi? Bor. Bolalarimiz ana shunday “asarlarni” oʻqib, oʻzlarining didlarini, tushunchalarini shakllantirayotgan boʻlsa, men baribir xursand boʻlaman. Bunday boladan yomon bola, yomon odam chiqmaydi. Uning didi ham bosma kitob oʻqigandan kam shakllanmaydi. Faqat ular nimani oʻqishyapti, nima koʻrishyapti, nimadan tarbiya olishyapti? Ularning qoʻliga bosma shakldami, vizual shakldami, yomon kitob tushib qolmadimi?! Shunday kitob tushib qolmaslikka kim masʼul?! Gap mana shunda.

– Adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bir suhbatida bolaligini shunday xotirlaydi:

“5-6 yoshlarimda choʻmilishni yaxshi koʻrar edim-u, suzishni bilmas edim. Bir kuni bolalar qiyqirishib choʻmilib yurgan anhorni koʻrdim-u, yugura kelib oʻzimni suvga otdim. Anhor chuqur ekan. Tabiiyki, choʻka boshladim. Katta bolalar bir amallab qirgʻoqqa olib chiqib qoʻyishgan. Mening kitoblar olamiga kirib kelishim ham shunga oʻxshash tarzda sodir boʻlgan. Hali oʻqishni oʻrganib-oʻrganmas, oʻzimni kitoblar ummoniga otganman. Bu ummon ham chuqur ekan, lekin buni qarangki, bu ummonda choʻkmay hanuz suzib yuribman”.

Bunday dilbar oʻtmishni bugunning avlodi ham yashay olarmikan?

– Yuqorida aytdim, bugungi avlodni ayblashdan qochaman. Ertaga uning ham dilbar xotiralari boʻlishiga ishonchim komil. Biz oʻz qarichimiz bilan ularning dunyosini oʻlchamaylik. Bugun olam oʻzgargan. Bugun axborot olish, his qilish, zavq olish darajasi, shakli oʻzgardi. Men ertaklar oʻqib, tarbiya olganman, didim, ruhim shunga yarasha shakllangan. Yaqinda kompyuter orqali dunyoni koʻradigan oʻn ikki yashar va toʻqqiz yashar jiyanlarim bilan savol-javob qildim. Ularning qarashlari mening shu yoshdagi qarashlarimdan koʻra ancha keng, ancha chuqur. Ezgulik haqidagi tushunchalariga ham putur yetmagan. Faqat tasavvur shakli oʻzgargan. Ularning bu borada oʻz qarashlari, oʻziga xos qabul qilish usullari bor. Faqat ular bizga qaraganda juda realist. Bosma yoki bugungi vizual “kitoblarni” oʻqiydimi, gap bunda emas, gap har ikki holatda ham qalbni, koʻngilni, insonni, uning oʻzligini saqlab qolish va shuning uchun kurashga hozirlanishida. Agar viziual kutubxonalar ham shunday tarbiyalasa, kompyuterlardan qoʻrqishga asos yoʻq.

– Qiziq, umrida kitob oʻqimagan ikki kishi uchrashib qolsa, nima haqida suhbatlashar ekan-a? Dov-daraxtlar, hayvonot olami, dunyoning yaralishi haqidami? Yoʻq, bular ham ilm-ku, deyman. Boʻlmasa nima haqida?

– Suhbatimiz ramziy maʼnodagi kitob tushunchasi haqida boryapti. Bu fikrni savodi yoʻq, yaʼni harf tanimaydiganlar bilan chalkashtirmaslik kerak. Kitob yaralgandan soʻng ham, hozir ham millionlab odamlar savodsiz, oʻqish-uqishdan bebahra yashashgan, yashashyapti, biroq ular siz bilan biz gaplashayotgan kitobdan holi odamlar emas. Ular kitob yaratgan madaniyat, axloq, tushuncha, qarashlar asosida tarbiya olishgan, olishmoqda.

Kitob degan tushuncha bu ramziy tushuncha. “Kitob” deganda odamning qalbi va ruhini poklaydigan, unga qanot beradigan, uni olamiy uygʻunlikda tarbiyalaydigan, insonni, olamni sevishga oʻrgatadigan, chorlaydigan, daʼvat qiladigan, insonni shafqatga, halollikka, mardlikka, adolatga, mehrga, muruvvatga, ezgulikka undaydigan barcha narsalar tushuniladi. Men togʻli qishloqda tugʻilganman. Togʻda bolaligi urush yillariga toʻgʻri kelgan, shu sababli oʻqiy olmagan juda koʻp qariyalar bor, ularning savodlari haminqadar edi. Ammo ularning eʼtiqodi, qarashlari, tushunchalari kitob oʻqigan odamlardan hech qanday kam emasdi: ularga haligacha havas qilaman. Ular mening nazarimda, tugʻma kitobga, tugʻma madaniyatga, tugʻma kamolotga oʻxshashadi. Chunki ular kitob yaratgan anʼanalar, qadriyatlar, madaniyat va ahloq asosida tarbiya topishgan. Ularning bir-biri bilan muloqotini eshitsangiz, faqat zavq olasiz, ularning oʻzlari biz oʻqishimiz, oʻrganishimiz kerak boʻlgan butun boshli kitobga oʻxshaydi. Ularning koʻngliga jaholat uya qurolmagan, ularning mehru oqibatlari, koʻngillari, hayotga, insonga qarashlari oldida jaholat ham uyalgan. Kitob oʻqiganning ham, oʻqimaganning ham koʻngliga jaholat uya qursa, bu juda yomon, bu xatarli. Farq shundaki, kitob oʻqimaganning, hech qursa, kitob yaratgan madaniyatni, axloqni, anʼanalarni, fazilatlarni oʻziniki qilmaganning qalbi boʻsh idish boʻladi, uni jaholat birdan toʻldiradi.

– Kitob oʻqib oʻtirgan odam qiyofasi. Xoh uni kuzating, suratdan tomosha qiling, baribir zavqingiz ortadi. Chin halovatni koʻrasiz.

– Toʻgʻri. Menda German Gessening katta kitob javoni oldida kitoblarga havas bilan qarab turgan surati bor. Baʼzida shu suratga negadir uzoq tikilib qolaman. Menga nimadir gapirayotgandek boʻladi. Kitob oʻqiyotgan odam oʻzini va oʻzgalarni xalos qilishni, poklashni oʻylayotgan, shuning yoʻlini izlayotgan odam. Unga havas qilsa, uni tomosha qilsa, uning izidan ergashsa boʻladi. Kitob izidan ergashganning yoʻli ham baribir oydin boʻladi. Chunki kitob zulmatga qarab emas, quyoshga qarab yashashni oʻrgatadi.

 

Bobur ELMURODOV suhbatlashdi

 

Manba: “Sogʻlom avlod” gazetasining sayti.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/quyoshga-qarab-yashash-saodati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x