Quyosh mehrin sochar

 * * *

Oʻzbegim olam arokim topdi qudratda sharaf,

Oʻzligin anglab jahonda topdi jurʼatda sharaf.

 

Erk quyoshi nurlaridan koʻkka yuksaldi gʻurur,

Joʻsh urib har jabhakim, topdi mehnatda sharaf.

 

Boʻldi obod shahru qishloq, kent ulugʻ xizmat bilan,

Yelkasiga tegdi oftob, topdi gʻayratda sharaf.

 

Xalqaro doʻstlikka berdi husni ziynat, iftixor,

Kim etib yangi tashabbus, topdi ibratda sharaf.

 

Ehtiyojmandlarga har dam choʻzdi yordam qoʻllarin,

Haq taolo berdi fayzin, topdi hikmatda sharaf.

 

Ilmu fan, sanʼatda dunyo minbariga chiqdi xoʻp,

Dovyurak ahli bilan boz topdi surʼatda sharaf.

 

Shukrida Mahmud tunu kun, shonli istiqlol sabab,

Elu yurtning baxti kuldi, topdi davlatda sharaf.

 

 

Oshno boʻlmay turib

 

Ochmagil koʻnglingni hargiz oshno boʻlmay turib,

Aytma soʻz behuda hargiz muddao boʻlmay turib.

 

Ishqparvarlik bilan koʻngilni doim yodda tut,

Ochma lab qalbingda hargiz mahliqo boʻlmay turib.

 

Dardi yoʻqlar xobi gʻaflatda oʻtar oʻzidin ketib,

Izla yorni, tunu kun andin judo boʻlmay turib.

 

Ushbu olamni ziroatgoh bilur ahli fano,

Bu ulugʻ neʼmatni topgil mosuvo boʻlmay turib.

 

Ahli rostlar shavqida kim topgusi chin muddao,

Topmagay hech kimsa yoʻl ishqidin shifo boʻlmay turib.

 

Bas, riyozat chekmayin chiqmas kishi ishq togʻiga,

Yetmagay yorga kishi ishqdin jafo boʻlmay turib.

 

Ikki olam hikmati har kimga ham etmas nasib,

Bandasiga, Mahmudo haqdin safo boʻlmay turib.

 

 

Xayoling atridin

 

Xayoling atridin olam amal oldi boʻlib boʻston,

Ki, shaʼming nuridin har dil chechaklardek yozur marjon.

 

Visoling hajrida, ey yor, vujud gʻamnok edi behad,

Shifoat istarib toʻldi bu koʻnglim ichrakim tugʻyon.

 

Ochildi xush atirgullar, ifor tortdi, ki, rayhon ham,

Mudom oshuftadir koʻnglim yuzingni koʻrmaka chandon.

 

Ki, bogʻlar ichra har gulning isi ham taftidir oʻzga

Va, lek, senday parivash yoʻq bu boʻston ichrakim janon.

 

Quyosh mehrin sochar har yon bu olam bogʻlari uzra,

Jamolingsiz koʻngil bogʻim nahot boʻlgʻaymukun raxshon?

 

Bu jon ozurdaligʻdin, voh, necha ming bor azob chekdi,

Judoligʻ qasdida yana ming borkim armon.

 

Figʻoni shavqi ishqingdin gadoligʻ shahrida Mahmud,

Ki, tuhfangdin umid aylab turar poyingdakim larzon.

 

Ismoil Mahmud MARGʻILONIY

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/quyosh-mehrin-sochar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x