Zamon shiddat bilan ilgarilagan sayin hayotimizga turfa yangiliklar kirib kelyapti. Ustimizdagi kiyim-bosh, ovqatimizu ichimligimiz turfa. Nomlari ham “turfa”. Mana shu “turfa” narsalar oʻzining “bejirimliligi”, “quvvatbaxshligi” bilan insonlar ongu-shuurini egallayapti. Nazokat Masharipovaning “Hayot ko‘zgusi” gazetasida chop etilgan maqolasida baʼzi shunday “turfa” ichimliklar haqida soʻz boradi.
Maqolani toʻliq quyida oʻqing.
ENERGETIK ICHIMLIKLAR
Kimga foyda: sotuvchi yoki xaridor
– Adrenalin Rush bormi?
– Bor.Keling .
– Bitta bering.
Yumush tufayli bir doʻkonga kirdim va u yerdan taxminan 10 yashar bolaning Adrenalin Rush ichimligini sotib olish uchun doʻkon egasi bilan savdolashayotganiga koʻzim tushdi. Boladan kim uchun bu ichimlikni sotib olganini soʻraganimda, u bu ichimlikni oʻzi ichishini, televizordagi reklamada berilganidek bu ichimlikni ichib inson kayfiyati yaxshilanib, quvvatga toʻlishi, oʻzini osmonlarda uchib yurgandek his qilishini aytdi. Shu zahoti qulogʻimga yana kimningdir «Sitro ichimligi bormi» degani eshitildi. Qarasam yoshi katta ona nevarasiga ushbu ichimlikni sotib olib berayotgan ekan. Nevarasi taxminan boshlangʻich sinf oʻquvchisi. Onaning fikricha, bu ichimliklar organizmga energiya ulashar, qolaversa, bola xursand boʻlar ekan. Ularning fikrini eshitar ekanman, ichimliklarning inson organizmiga taʼsiri qandayligiga, qolaversa, xaridor va sotuvchilarning savodxonlik madaniyatiga eʼtibor qaratdim va mulohaza qilishga kirishdim.
Bugun qaysi savdo rastalarini qaramang, turli xil nomdagi energetik gazli ichimliklarga koʻzingiz tushadi. Uning ustiga «quvvatlantiradigan, kuchingizga kuch qoʻshadigan yangi ichimliklar keldi, sotib oling» deya sotuvchilar tomonidan aytilayotgan maqtovlar qulogʻimizga chalinadi. Kishini qanday maʼno anglatishi bilan oʻylantirib qoladigan, ajabtovur soʻzlardan iborat Red Bull, Flash, Adrenalin Rush, Spike Shooter, tizer, sitro kabi energetik, qolaversa, OK, koka kola, fensi, fruktis, moxitto kabi ichimliklarga inson qanday ruju qoʻydiki, bugunini ularsiz tasavvur etolmayotgan boʻlsalar… Oʻz quvvatingni jamlab, bir vaqtning oʻzida oʻzingga sarflaydigan, keyin esa holdan toydirib, turli kasalliklarga duchor qiladigan energetik ichimliklarga qanday ehtiyojimiz bor?! Qiziq! Bunday ichimliklarni bilib-bilmay ichilayotgani sogʻligimiz uchun jiddiy xavf tugʻdirmaydi deb kim kafolat bera oladi?
– Energetik ichimliklar deya atalayotgan bu turdagi ichimliklarni koʻp isteʼmol qilish oqibatida organizmda taxikardiya, gipertoniya, asabiylik, kislorod yetishmasligi kabi kasalliklar kelib chiqishi mumkin, – deydi 23-son oilaviy poliklinika mudirasi, shifokor Mehribon Yusupova. – Ushbu ichimlikni 18 yoshga toʻlmagan bolalar, homilador ayollar, kafeinga taʼsirchan qariyalar, yurak va jigar xastaligi bilan ogʻrigan insonlar ichishi mumkin emas. Yoshi kattalar uchun uning oʻrtacha dozasi 250 mg ni tashkil qiladi. Uni koʻp isteʼmol qilish natijasida esa bosh ogʻrigʻi, qayt qilish, uyqusizlik, baʼzan oʻta ogʻir asoratlarga, hatto oʻlimga ham olib kelishi mumkin. Energetik ichimliklarni ichishni nafaqat tibbiyot xodimlari, hatto sport murabbiylari ham tavsiya qilmas ekanlar.
Maʼlumotlarga qaraganda, Red Bull ichimligida 116 mg, Spike Shooterda 428 mg kofein boʻlib, organizmni zoʻriqtirishga shuning oʻzi yetarli ekan.
Energetik ichimliklar reklamasida ham bunday ichimliklarni haddan ziyod isteʼmol qilishning zarari toʻgʻrisida ogohlantirish, bu ichimliklarni isteʼmol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud boʻlishi, qolaversa, isteʼmolchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishish yoki jismoniy va ruhiy holatini yaxshilashi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni uygʻotmasligi lozimligi toʻgʻrisida tushuntirishlar berilgan. Shunga qaramay yoshlar orasida bu kabi ichimliklarni isteʼmol qilish shu qadar ommalashib ketdiki, hatto bugun chegara bilmay qolishdi. Ochigʻi, yosh bolalardan tortib ota-onalar, xatto uni sotayotgan sotuvchilarning savodxonlik madaniyati past darajada ekanligi koʻpgina jiddiy muammolarni, sogʻlik bilan bogʻlik xatarlarni kelib chiqishiga yoʻl ochmoqda. Bu ichimliklarni haddan ziyod isteʼmol qilish natijasida yurak, jigar, oshqozon-ichak faoliyatining ishlash tizimi sustlashar ekan. Haqli savol tugʻiladi: Nega unda farzandlarimiz anna shunday ichimliklarni sotib olayotganida qarshilik koʻrsatmaymiz, ularga yosh bolaga ichish mumkin emasligi, zararli tomonlarini aytib tushuntirish bermaymiz. Nima uchun tadbirkorlar tomonidan ochiqdan ochiq hali voyaga yetmagan maktab oʻquvchilariga sotish yoʻlga qoʻyilmoqda? Farzandlarimiz taqdiriga, ularning salomatligiga shunchalik befarqmizmi?
Endi bir oʻylab koʻraylik, dorixonalardan dori sotib olib uning yoʻriqnomasi bilan tanishganimizda oʻsha dorining organizmga foydali va zararli tomonlari yoziladi. Nega, energetik deya atalayotgan bunday ichimliklarning zararli tomonlari yozilmaydi? Agar ularning ham ichish mumkin boʻlgan yoshi, foydali va zararli tomonlari yozilganida, balki ota-onalar ham toʻgʻri xulosa chiqargan boʻlisharmidi.
Haqiqatdan ham, qoʻlimizdagi narsani nima, qanday xususiyatga ega ekanligini bilmaslik, isteʼmol qilayotgan narsamiz haqida yetarlicha bilimga ega boʻlmasligimiz, avvalo oʻzimizga zarar yetkazishi tabiiy.
Sotuvchilar tomonidan energetik ichimliklar yoshiga qarab sotilsa, balogʻatga yetmagan bolalarga tushuntirish berilsa, ota-onalar ham oʻz farzandining salomatligi yoʻlida oz boʻlsa-da tibbiy savodxonlikka ega boʻlsalar ertangi kun egalarining yangi kunni sogʻlom qarshi olishlariga zamin yaratgan boʻlar edi.
Nazokat MASHARIPOVA,
jurnalist
“Hayot ko‘zgusi” gazetasi,
2019 yil 22 fevral, 5-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/quvvatni-his-qil-keyin-esa/