QURGʻOQCHILIK

QURGʻOQCHILIKbugʻlanish yogʻindan ortiq boʻlgan sharoitlarda kechadigan uzoq davomli ob-havo. Bunday sharoitda tuproqdagi suv zaxirasi tez sarflanib ketadi, bu esa q. x. ekinlari hamda yaylov oʻsimliklarining rivojlanishi va mahsuldorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tekislik hududlardagi Qurgʻoqchilikning umumiy darajasi gidrotermik koeffitsiyent (GTK) bilan aniqlanadi. GTK vegetatsiya davridagi yogʻin miqdorini huddi shu davrdagi t-ra yigʻindisining 10-marta kamaytirilgan miqdoriga nisbati bilan ifodalanadi (G. T. Selyaninov). Sugʻorma dehqonchilik zonalarida GTK qiymatlari vegetatsiya davrida yogʻinlar kam boʻlgan hududlarda 0,06—0,15 dan togʻoldi zonalarida 0,3—0,4 gacha oʻzgarib turadi. Balandlik oshishi bilan Qurgʻoqchilik taʼsiri sustlashadi, GTKning qiymati esa 0,7 ga qadar koʻtariladi. Qurgʻoqchilik tuproqdagi fiziologik oʻzlashtiriladigan namlik yoʻqligini xarakterlovchi tuproq Q. i hamda transpiratsiya va bugʻlanish miqdori oshib ketganligini ifodalaydigan havo Q. iga boʻlinadi. Tuproq Qurgʻoqchiliki Oʻrta Osiyoda deyarli har yili takrorlanib turadigan oddiy hol hisoblanadi. Uning boshlanishi Oʻrta Osiyoning dengiz yuzasidan 200— 250 m balandlikkacha boʻlgan hududlarida apr. ning 1dekadasiga, 300—400 m balandlikkacha boʻlgan hududlarda mayning dastlabki kunlariga toʻgʻri keladi. Havo Qurgʻoqchiliki oʻsimliklarga yuqori t-rada va past nisbiy havo namligining birgalikda taʼsir qilishi bilan tavsiflanadi (q. Havo namligi). Sugʻoriladigan dehqonchilik mintaqalarida havo Qurgʻoqchiliki kuzatiladigan kunlar, odatda, 10—30 kun orasida oʻzgarib turadi, gohida 50 va undan ham ortiqroq kunga yetadi.

Qurgʻoqchilik qishloq xoʻjaligiga, ayniqsa, lalmikor yerlarda katta zarar keltiradi. Aksariyat hollarda Qurgʻoqchilik garmsel bilan birga yuz beradi. Sugʻoriladigan maydonlarda rivojlangan sugʻorish sistemalarining mavjudligi, shuningdek dala ihota oʻrmonlari barpo etish, Qurgʻoqchilikka chidamli navlarni ekish, oʻsimlik hamda daraxtlarning borligi Qurgʻoqchilikning zararli taʼsirini kamaytiradi. Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishi bunga yaxshi misol boʻla oladi; bu yerda keng sugʻorish tarmoqlari barpo etilib, yirik paxtachilik xoʻjaliklari tashkil topgandan keyin yiliga Qurgʻoqchilik kuzatiladigan kunlar soni 2 baravar kamaydi (27 oʻrniga 13 kun).

Hamidulla Abdullayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x