QURAMA TIZMASI, Qurama togʻlari (qurama qabilasi nomidan) — Tyanshan togʻ sistemasining gʻarbidagi togʻ tizmasi, Tojikiston bilan Oʻzbekiston respublikalari chegarasida. Jan.gʻarbda Tojikiston Respublikasidagi Boʻston sh. dan boshlanib, shim. – sharqqa 170 km davom etadi va Kengsoz dovoni yaqinida Chatqol tizmasiga tutashadi. Fargʻona vodiysini shim.-gʻarbdan oʻrab turadi. Ohangaron bilan Sirdaryo daryolari havzalari orasidagi suvayirgʻich. Oʻrtacha bal. 2500 — 3000 m. Eng baland joyi 3769 m (Boboiob choʻqqisi). Tizma Kamchiq dovonidan jan.-gʻarb tomonga pasayib boradi. Gʻarbda — Oltintopgan va Qalqonota tizmalariga boʻlinadi. Bu tizmalar oraligʻida Sardobsoy vodiysi joylashgan. Tizmalar silur va devon davrlarining slanes, ohaktosh, granit, dolomit, granodiorit, konglomerat, porfir, qumtosh kabi meta-morfik va otqindi togʻ jinslaridan tashkil topgan. Yon bagʻirlarida mezokaynozoy davrlari lyosslari, lyossimon yotqiziqlari mavjud. Ohaktoshlar va dolomitlarda karst relyef shakllari (karrlar, karst voronka va gʻorlari) tarqalgan, mezo-kaynozoy togʻ jinslarida surilmalar sodir boʻlib turadi. Sardobsoyning yuqori oqimidan sharqda Qurama tizmasi koʻproq toshkoʻmir va perm davrlarining effuziv va intruziv jinslaridan tuzilgan. Tizma foydali qazilmalarga boy. Bu yerda toshkoʻmir, kumush, flyuorit, qoʻrgoshin, mis, oltin, rux va b. polimetall rudalar konlari topilgan. Qurama tizmasi yon bagʻirlaridan juda koʻp katta-kichik jilgʻa va soylar, jumladan, shim.-gʻarbiy yon bagʻridan Ohangaron daryosining chap irmoqlari oqib tushadi.
Qurama tizmasining jan.-gʻarbiy va quyi qismlarida iqlim kontinental. Shim.sharqiy va baland qismlarida iqlim moʻtadillashadi, yogʻingarchilik miqdori ortadi. Tizmaning shim.-gʻarbiy yon bagʻri nisbatan sernam. Har ikkala yon bagʻrida ham adir mintaqasida toʻq tusli boʻz tuproqlarda efemer va efemeroid oʻsimliklar, chunonchi bugʻdoyiq, yuqoriroqda kserofit butalar, undan yuqorida jigarrang togʻ tuproqlarda yirik archa oʻrmonlari, yovvoyi olma va yongʻoq (shim. yon bagʻri-da), betaga oʻsadi. 2800—3000 m va undan baland joylarida togʻ yaylovlari uchraydi.
Murod Mamatqu. yuv.