Qulf osilmaydigan qoʻrgʻon

Tohir boboning qazo qilganiga ham bir yildan oshdi. Hayhotdek hovlida Calima aya oʻzi qoldi. Ularning yolgʻiz oʻgʻli Nosir aka esa shaharda anchagina obroʻli ishbilarmon kishilardan. Buning ustiga, pichogʻi moy ustida.

Yaqinda mashina sotib oldi, yana oʻgʻliga deb katta hovli-joy qurdi. Avvaliga Nosir aka onasidan koʻngil uzolmay, har yakshanba bolalari bilan kelib, osh-ovqatidan xabar oladigan, koʻnglini koʻtarib, sovgʻa-salom tashlab ketadigan boʻldi.

– Ona, bir oʻzingiz bu yerda nima qilasiz, yuring biz bilan, uyim kattagina boʻlsa, buning ustiga, nabiralaringiz yonida boʻlasiz, – dedi Nosir aka yalinganday boʻlib.

– Bolam, bu mening tugʻilib oʻsgan yerim, ota-onamni eslatadi. Rahmatli dadang uchun ham qadrli edi. Sen hech xavotir olma, qoʻshnilar bor boʻlsin, har kuni osh-ovqatimdan xabar olib turishibdi, baraka topgurlar.

– Axir, ona, siz bu yerda boʻlsangiz, men qanday yashayman, nabiralaringizni yuboray desam, oʻqishidan qolib ketadi. Keliningiz ham har kuni ishda…

– Aytyapman-ku, bolam, mendan sira xavotir olma, qoʻshni qiz Sevara kech boʻldi deguncha chiqib, oʻrnimni solib beradi, mahalladagi voqealardan aytib koʻnglimni koʻtaradi.

– Xoʻp, ona, siz nima desangiz shu.

Nosir aka bu gal ham shaharga Salima ayasiz ketdi. Orada ishini oʻzi tugʻilib oʻsgan tumaniga koʻchirmoqchi ham boʻldi. Ammo xotini Nafisaga bu haqda maslahat solgan edi. “Bir kami endi bolalarim qishloqda tuproqqa botib yurishi qoluvdi. Shaharda oʻqigan bola boshqacha boʻladi, bolalarimning yoʻlini toʻsmang”, deya noroziligini bildirganidan soʻng jim qoldi.

Nosir aka nima qilishini bilmay, onasini oʻylar, koʻz oʻngida onasi madorsiz, tinmay suv soʻrayotgandek koʻrinardi. Bundan tashqari, kunora otasi tushiga kirib, onang yolgʻiz qoldi, deganday uyqu bermasdi.

Onasiga yalinib oxiri uni shaharda oʻzi bilan yashashga koʻndirdi. Salima aya darvozaga osilgan qulfni koʻrib xuddi butun borligʻidan ayrilgandek, ichini bir narsa tirnardi. Na iloj, farzandi, nabiralari uchun shu qadrdon oshyonini tashlab ketishga majbur.

Nosir akaning qalbidagi gʻashlik tarqagandek, yana ishga shoʻngʻib ketdi. Salima aya avvaliga nabiralariga andarmon boʻlib, sogʻinchini biroz unutdi, lekin uyda bir oʻzi qolganida hech kimga bildirmay yigʻlab olardi.

Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas, Salima aya yotib qoldi. Hech qanday dori kor qilmas, kechalari alahsirab chiqardi. Uning bu ahvoliga shifokorlar biron joʻyali davo topa olishmadi.

Salima ayaning yotib qolganini eshitib, qishloqdan qoʻshnilar hol soʻrashga kelishdi. Ularning daragini bilgan Salima aya yuzida iliqlik paydo boʻlib, bir necha yildan beri yoʻqotib qoʻygan yaqinini topgandek, uzoq salomlashdi. Ularni koʻrganda xuddi Vatanining isini tuygandek boʻldi. Qoʻshnilar ketishga hozirlanganda esa goʻdakdek meni ham olib keting, deganday koʻzlarida jiqqa yosh bilan xayrlashdi.

Buni koʻrgach, Nosir akaning koʻnglini yana oʻsha gʻashlik qamradi. Ona qalbidagi sogʻinchni u ham his qilardi. Ammo nachora…

* * *

Kunlarning birida Nosir aka uyga tushkun kayfiyatda kirib keldi. Ayolini chaqirib:

– Nafisa, meni boshqa ishga oʻtkazishmoqchi, – dedi yana oʻsha ahvolda.

– Voy, zoʻr-ku, dadasi, unda nega xafasiz? – dedi.

– Meni tumandagi ishga oʻtkazishmoqchi deyapman senga, – dedi ovozi koʻtarilib.

Nafisaning yuzidagi tabassum birdan soʻndi va erini savollarga koʻmib tashladi. Savollarga Nosir aka hafsalasizgina javob berardi.

– Aytgancha, men bolalarning maktabidan ruxsat olaman, sen ham arizangni yoz, ikki kundan keyin uyga ketamiz, – deya xonasiga kirib ketdi.

Salima aya bu gapni eshitib, quvonishni ham, xafa boʻlishni ham bilmay qoldi. Uyi haqida oʻylagan sari yuragi hapqirib ketardi. Shu ikki kun xuddi ikki yilday tuyulib, kech tushishi bilan qachon tong otar ekan, deb uxlolmay chiqdi. Nosir aka ham xuddi oʻsha bolaligi oʻtgan uyda yashashni ich-ichidan istardi. Endigina tandirdan uzilgan issiq nonni, oʻchoqda pishirilgan ovqatni, erta tongda quyoshning koʻtarilishini – bari-barini yana bir bor his qilish uchun shu ishga qoʻl urdi. Oʻz ixtiyori bilan uni tuman boʻlimiga oʻtkazishlarini soʻrab ariza yozdi. Avvaliga hamkasblari ustidan kuldi, lekin Nosir akaning fikri jiddiy ekanini eshitib hayron boʻlishdi. Tashkilot rahbari ham hech nimaga tushunmay, arizaga uzoq tikilib qoldi va Nosir akani chaqirtirdi.

– Nosirjon, tinchlikmi? Yo bizdan biror gap oʻtdimi? Yaxshigina ishlab yurgandingiz-ku? – dedi rahbari ishongan xodimini yoʻqotib qoʻygandek.

– Yoʻq, aka, nega unday deysiz, nima gap ham boʻlardi. Bu jamoa oilamdek boʻlib qolgan, oilada esa gina-kudurat, xafagarchilik boʻlmaydi.

– Ha, yashang! Unda nega ketmoqchisiz, sababini aytarsiz? – dedi arizaga ishora qilib.

– Vatanimni sogʻindim… – dedi Nosir aka past ovozda.

 

* * *

…Mana, oʻsha hovli. Bolalikning begʻubor onlarini eslatib turuvchi uy. Endi bu uyga hech qachon qulf osilmaydi…

 

Dilfuza TILLAYEVA

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/qulf-osilmaydigan-qorgon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x