QULBOBO KOʻKALDOSH

QULBOBO KOʻKALDOSH, amir Qulbobo, Muhibbiy (taxm. 1534—1598, Buxoro) — davlat arbobi va harbiy sarkarda. Otasi Iskandarxon va Abdullaxon II ning bosh sadri boʻlgan. Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxon IIning koʻkaldosh (emishgan) inisi va yaqin kishilaridan biriga aylangan. Otasi vafot etgach (1581), Q. K. uning sadr lavozimini egallagan. Abdullaxon II Buxoro taxtiga oʻtirgach, Qulbobo Koʻkaldosh saroyda nufuzli mansab — koʻkaltoshlikni egallagan, devoni mushrifiga rahbarlik qilgan va xonning koʻpgina harbiy safarlarida ishtirok etgan. Qulbobo Koʻkaldosh yirik sarkarda sifatida Qunduz va Badaxshondagi boshqa shaharlarni egallashga jonbozlik koʻrsatgan (1584). 1587-y. dan Hirot viloyati noibi. Safaviylar davlati Xurosondagi Tun va Tabos sh. larini bosib olish uchun hujum qilganida Qulbobo Koʻkaldosh va Dinmuhammad Sulton qizil-boshlilarni magʻlubiyatga uchratgan (1592). Biroq Qulbobo Koʻkaldosh nufuzining ortib borishi va Hirotda noib boʻlib turishi Abdullaxon II bilan uning oʻgʻli Balx hokimi valiahd Abdulmoʻminxon oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashuviga olib kelgan. Hofiz Tanish Buxoriy oʻzining «Abdullanoma» asarida Qulbobo Koʻkaldoshni «umdat ul-mulk» («podsholik tayanchi»), «nizomi saltanat», «amir Nizomiddin» degan taʼriflar bilan ulugʻlaydi. Qulbobo Koʻkaldosh oʻz davrining savodxon kishilaridan biri boʻlib, u shoirlar, olimlar va sanʼatkorlarni juda qadrlagan hamda ularga homiylik qilgan. Oʻzi ham shoirlikda nom chiqarib, «Muhibbiy» taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Uning Balxda juda boy kutubxonasi boʻlgan. U vazir va amir sifatida oʻzining shaxsiy mablagʻi hisobidan Buxoro, Balx, Samarqand va Toshkentda 1551 — 75 y. larda 4 ta madrasa qurdirgan (q. Koʻkaldosh madrasasi). Xususan, Balxning obodonchiligiga katta eʼtibor qaratib, bu yerda jomeʼ masjidi va rabot ham qurdirgan.

Abdullaxon II vafot etgach, uning oʻgʻli Abdulmoʻminxon otasining yaqin kishilari qatorida Qulbobo Koʻkaldoshni ham qatl qildirgan (1598).

Manba: Hofiz Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1—2 kitoblar, T., 1999 — 2000.

Ad.: Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x