Qulay

U hozir tirik boʻlsa-yu, lekin koʻzlari koʻrmay qolgan, kimdir oʻqib berayotgan yoki qulogʻi eshitmayotgan-u, boshqa bir kimdir harakatlar bilan tushuntirayotgan yo hammasidan benasib – bu dunyodan oʻtib ketgan, tiriklik daryosi qurib, hayot bogʻi vayron boʻlgan esa-da – baribir ich-ichimdan, u mendan xafa emasday, ha, yozdingmi, mixladingmi ishqilib, tagi teshikmasmi, deganday boʻlaveradi va shuning uchun ham uni sizga tanishtirishni istadim.

U oʻzining ismini bu shafqatsiz dunyoyu va unda yashayotgan tanballarga, ishyoqmaslarga, tekinxoʻru pastkashlarga, boringki, bori odamzodga Qulay deb tanishtirdi. Qutlimurod, Qulmurod, Qulfiddin, hatto Qultoy ham demadi. Keyinchalik unga:

“Nega Qulay? Boshqa ism aytsang, sendan birov hujjat soʻrarmidi?!” deganimda, indamagan, xiyol qisilgan koʻzlarida shoʻx tabassum oʻynab, soʻng qandaydir maʼyuslik, yoʻq, maʼsumlik akslangan va men, nachora, unga shu ism yoqsa kerak, degan xulosaga kelganman.

Qulay deganda dastlab koʻz oʻngimizda qop-qora yigit gavdalanardi. Boʻyi Rahim kaltaning qulochi bilan oʻlchansa, bir yarim, Shodi darozning esa bir qulochiga ham yetmas edi. Har holda, yoshi kattalarning Qulay kalta deganini eslasam – u pakana edi. Oʻlguday chayir, bilaklari zarang daraxtiday qattiq, hamisha bir xil ust-boshda yurar edi: qora, noʻxotday sochmalari oʻziga yarashgan koʻylak, ikki tizzasiyu soni oqargan jinsi shim, ancha urinib qolgan katta patinka. Uning bor boyligi, Zulpin kampirning deyishicha, dunyosi – ustida edi. Darvoqe, chiroyli tumor va uni boʻynida tutib turgan zanjiri ham bor edi.

Momoning aytishicha, uning yoshi mendan katta, menga qaraganda besh-olti tut pishigʻini koʻp koʻrgan ekan.

 

Qish koʻrpa-yostigʻini orqalab, olis-olislarga ketishga chogʻlanayotgan, yer toʻlgʻoq tutgan xotinday lopillayotgan, osmon yosh bolaning koʻz yoshiday yoqimli yomgʻirini zaminga sochayotgan bir paytda Suvqaynarda paydo boʻldi u.

– Odam ham shuncha tussiz boʻladimi, – degan Nozim bobo keyinchalik koʻp afsus qilib, – Oʻzi qora boʻlsayam, ichi oq ekan uni, – deya toʻy-maʼrakalarda gapirib yurganini hamma eshitgan.

– Qop-qora ekanmi? Kechasi yoʻlingdan chiqib qolsa, biror qoraqoʻngʻiz deb bosib oʻtasan, yo yuraging tars yorilib oʻlasan, – degan ekan Amrillo taksi hiringlab. Taksichida namak boʻladimi, debdi kimdir bolaga rahmi kelib.

– Qorami, xunukmi, alvasti yo ajinami, u endi shu yerda – mening uyimda yashaydi. Oʻtinimni olib keladi, bedamni oʻradi, olmamni teradi, – debdi Karim katta xuddi hozir kimdir ilib ketadiganday, biror nima vaʼda qilib aynitadiganday jahllanib.

Karim kattaning nonini birov yarimta qilmadi, bogʻiga kirib kelayotgan suvni urib qolmadi, bilʼaks, yarim nonni butunga, bir ariq suvni toʻlib-toshishiga hissa qoʻshdi – Qulay umumiy mardikorga aylandi. Kimning uyida, bogʻida, dalasida ishi boʻlsa – oʻtoqmi, oʻtinmi, yer agʻdarishmi, chakana qoʻy boqishmi – saratonni issiq demay, qahratonni sovuq demay, berilgan haqni Karim katta qanchalik ogʻrinmay ishlatsa, Qulay hech xafa boʻlmay, jilla qursin, boʻyin tovlamay odamlarning ishini qilib yuraverdi. Ora-sira toʻy-hasham, bayram, hayit boʻlib qolsa, unga xudo beradi – toʻyib ovqatlanadi, oʻynaydi, ichadi va “Hech kimga maʼlum emas, holi parishonim mening”, deb qoʻshiq boshlab yuboradi. “I-e, bu qip-qizil artist ekan-ku! Qani, bir qoʻshiq aytsin!” deya baʼzi hangomatalablar oʻrtakashga uch-toʻrt soʻm qistirib, navbat olib berishsa, tap tortmay mikrofonni oladi-da, oʻsha bir misra qoʻshiqni takror-takror aytadi. U yogʻidan oʻtsangiz ham, bu yogʻidan oʻtsangiz qoʻshigʻini kuylayveradi, bitta soʻz qoʻshmaydiyam, tushirib ham qoldirmaydi. Tebranib turaveradi. Kurashlarda oʻn bor yiqilsa ham yana olishadi. Koʻpkariga esa… biror marta boʻlsin borgan emas. Oʻsha tun, nega koʻpkariga bir martayam bormaysan, deganimda, otlar tuyogʻi ostidagi uloqni koʻrsam, titrab ketaman, degan edi.

Endi, yashirib nima qildim, avvallari u bilan salomlashishdan or qilganman – ijargʻanishmi, mensimaslikmi yoki ha, uni oʻzimga teng koʻrish u yoqda tursin, gapimga ham ravo koʻrmaganman. Ota-onasining bagʻrida qorni toʻq, usti but, uchqur orzular ogʻushida ulgʻayayotgan bizdek oʻsmirlar qayoqda-yu, u qayoqda?! Lekin…

Lekin oʻzing istagan chiziqdan emas, avvaldan belgilab qoʻyilgan yoʻldan yurishingni kim bilibdi, deysiz?

Qishning chillasi edi.

Onamning tobi qochib, kulchaday boʻlib olgan, oh oʻlaman, deydi toʻlgʻonib. Otam nima qilarini bilmay, nuqul peshonasining terini artar, singillarim chirqillab yigʻlardi. Men boʻlsam, xuddi boʻgʻziga pichoq tortilayotgan qoʻzichoqday chorasiz – kimga, kimgadir najot nigohi bilan boqaman-u, ammo oʻsha nigohning ayni damda yoʻqligi vujudimni muzlatib yuborgandi. Shu chogʻ otam taraddudlanib:

– Boʻldi, boʻldi! Yigʻlamanglar, men hozir doʻxtirni opkelaman, – dedi.

Goʻyo hozir otam ketsa, onam oʻlib qoladigandek, faqat otamgina uni saqlab turayotgandek eshikka otildim:

– Siz oʻtira turing, men… oʻzim olib kelaman…

Otam, chamamda: qoʻrqmaysanmi, yoʻl-yoʻlakay Nodir oʻrtogʻingni olib ket, dedi. Ammo men yolgʻiz oʻzim, katta koʻchadan yugurib borardim.

Kasalxona qishloqning quyruq tomonida boʻlib, uning keng hovlisi dashtga tutashib ketgan edi. Tun zim-ziyo. Maydalab qor yogʻib turar edi. Ikki qadam narini koʻrib boʻlmas – koʻp oʻtganim, yodimda oʻrnashib qolgani uchungina yoʻldan qoqilmay odimlardim. Shifoxona bilan bizning mahalla oʻrtasini daryo ajratib turardi. Koʻprikka yetganimda, bilmadim, negadir oyoqlarim oʻzimga boʻysunmay qoldi, sochlarimni tikka – xuddi jayraning sixiday boʻlayotganini ham sezdim-u, beixtiyor yuragim “shigʻ” etdi va bir muddat butun badanim muzlab ketganini his qildim.

Mendan ikki qadam narida – bir juft koʻz yashil chiroqday yonib turar edi. Boʻri! Xayolimga kelgan birinchi soʻz shu boʻldi va endi meni tilka-pora qilishini oʻyladimmi, yo koʻzimga koʻrinib ketdimi, har holda, ado boʻlgan edim. Goʻyo oyoq-qoʻlim qotib qolgan-u, faqat koʻz oldimdan tasvirlargina lip-lip oʻtib turardi. Esimni taniganimdan to shu kungacha nima qilganim, hatto, nelarni oʻylaganim ham menga kaftdagiday koʻrinar va eshitganlarim: boʻri chillada mast boʻlishi odamni hech ikkilanmay olishiyu bunday paytda kishining tili tanglayida qotib qolishi, bejizga jondorda Azroilning bir tuki boʻlmaydi, deyishlarini kimdir qulogʻim ostida shivirlab gapirardi goʻyo.

Oʻn olti yillik hayotim bor boʻy-basti bilan qarshimda turar: kimni ranjitganim, kimdan xafa boʻlganim va endi shunday osongina – zim-ziyo tunda yoʻq boʻlib ketishim, uyimizni, ota-onam, singillarimni hech qachon koʻrolmasligim-u, mana shu togʻ, daryo, daraxtlar, yoʻllar, boringki, barcha jismlarni ushlolmasligim… Bir gap bilan aytganda, oʻlim qarshimda, mendan ikki qadam narida turar – hayotni judayam yaxshi koʻrib ketgandim. Tamom, oʻldim, shoʻrlik onam – onam koʻz oldimda gavdalandi, mana, meni kutib otam tashqariga chiqib, koʻchaga bir-ikki qaradi, nega bu kechikdi ekan, deya xavotirga tushib bir xayoli ortimdan kelmoqchiyam boʻldi, kep qolar, ora yaqin-ku, dedimi, yana uyga – onamning yoniga borib, “Kelayotgan boʻlsa kerak, itlar hurayapti”, deganday boʻldi. Onam esa hozir doktor kelsa, joni orom topib, ogʻriq bosilayotganday boshini biroz koʻtarib, singillarimga qarab jilmaygani va ularning endi onam oʻlmaydi, tuzalib ketadi, degan xayolga borgani-yu, chehralari yorishib, doktorga joy tayyorlagani – ikki qavat koʻrpacha solib, pechkaga olov yoqqani-yu, narigi uydan meva-cheva olib kelganigacha koʻrib turardim. Yana onam meni kutadi, kutaveradi, oradan bir soat, ikki soat, uch soat vaqt oʻtar, keyin… meni izlab, otam chiqar hech joydan topolmay, uyga borishga yuragi betlamay – koʻchani aylanib yurar, bir-ikki qoʻni-qoʻshnini uygʻotar, baribir tonggacha topisholmay, sahar esa koʻprikning ustidagi qon izlarini koʻrib, kiyimimning yirtigʻidan tanib, ana undan keyin qiyomat qoyim boʻlishini – onam dod deb oʻzini har yonga urishi, otam boshi egik nuqul yuragini changallashi, singillarimning chirqillab yigʻlashlari, qishloqdoshlarimdan kim eshitsa, mahzun boʻlib qolishi-yu, koʻzlarida yosh gʻiltillashi, oʻn olti yosh-a, hali bola edi-ku, deyishlari – hamma-hammasini koʻrib, eshitib turar edimki, endi gapning rosti, oʻlimdan qoʻrqmayotgan edim. Men sabab onam tuzalganimi, bilmadim, nimadir menga xotirjamlik berayotgandi. Nima boʻpti, tugʻilish bu – oʻlish degani, bugunmi, ertami, qachon boʻlmasin, baribir oʻlar ekanman, mayli, oʻsha kun hozir ekan, kela qolsin, degandirman-da. Oʻzimni chalgʻitishmi yoki alahsirashmi, ehtimol, qattiq qoʻrqqanimdan sezgilarim zaiflashib, ayni oʻsha lahzalarda qaysi bir aʼzolarim faoliyatdan toʻxtagan yo, umuman, oʻlim qoʻrquvdan ustun kelgan boʻlsa kerak… Endi oʻylab koʻrsam, oʻshanda barcha oʻylarim miyamga shunchalik tez kelib ketgan ekanki, qaniydi, bir umr shunday tez fikrlasam, deyman oʻzimga-oʻzim.

Biroq oʻshanda hamma narsaga – axir qarshimda boʻri va u orqali meni boʻgʻzimdan oladigan oʻlim bor edi, xolos – tayyor edim.

Boʻriga magʻrur qaradim. U boʻlsa mendan koʻzini uzmay, bir qadam bosdi-yu, ilkis ortga oʻgirildi va odamning, ha, aynan odamzodning “Oʻldiraman seni”, degan ovozi eshitildi. Boʻri oʻzini daryoga otdi. Qarshimda koʻzlari yonib Qulay turar edi. Ikkimiz ham bir-birimizga tikilib qoldik. Soʻng oʻzimga keldim-u, onam esimga tushdi, kasalxona tomon yugurib ketdim. U boʻlsa koʻprikning oʻrtasida qolaverdi…

Yana bahor keldi.

Osmonni toʻldirib, qaldirgʻochu turnalar, bulutlarga yelkadosh boʻlib burgutlar uchdi.

Yerni yorib boychechaklar chiqdi. Qir-adirlarda alvon-alvon qizgʻaldoqlar ochildi. Kapalaklar momoqaymoqlarga qoʻnib-qoʻnib, tol shoxida qushlar gʻujurlashdi, sirlashdi. Tilla qoʻngʻizlar yalpizlardan tiriklik totini totdi.

Shamollar togʻdan boqqa, bogʻdan adirlarga, daraxtlarni tebratib, uylarga gullarni sochib esaveradi. Terak barglari boʻsa bergan oʻn yetti yoshli qizday titray boshladi.

Choʻqqidagi qorlar jilgʻaga aylanib, ariqlarni, irmoqlarni toʻldirib oqdi. Daraxtlar endi tili chiqqan bola singari barg yozdi, kurtak ochdi, meva tugdi… Daraxtlarning devorlardan oshib oʻtgan shoxlaridagi mevalar yoʻllarga toʻkildi.

Bogʻlardan qushlar ketmay qoldi. Gala-gala boʻlib goh janubga, gohi sharqqa parvoz qilib, bogʻlardan bogʻlarga salom yetkazdi ular.

Bu bahor uch marta xuddi mana shunday kelib ketdi.

Oʻsha toʻrtinchi bahorda ham dillar yashillandi, tabiat mehmon kutayotganday taraddudlandi.

Tabiatda neki bor giyohdan tortib daraxtgacha, qumursqadan tortib yoʻlbargacha bahor kayfiyati yurakka koʻchayotgan bir paytda, hamma oʻzgaruvchanlikni boshidan oʻtkazayotgan lahzalarda faqat Qulay oʻzgarmadi, u oʻzicha – oʻsha ust-boshu xizmatkorligicha qolaverdi. Aksincha, ishi koʻpaygandan koʻpayib tinim bilmas, bir kun uning bogʻiga borsa, boshqa safar toqqa otlanar, adirda, tomorqada ishlab yurardi. Suvqaynarda ustadan koʻpi yoʻq. Lekin Qulay barini dogʻda qoldirdi: quyosh botadigan payt, hamma dalayu dashtidan horib-charchab keladigan mahal u paxsa urardi. Issiqda ursa yorilib ketarmish. Keyin, loy kamida oʻn ikki soat pishmasa, u uyning ertasi yoʻq emish. Shu, shu – bular Qulayning gaplari…

Lalmi yerlarda bogʻlar barpo qildi u. Bir kunlik yoʻldan ariqlar qazib, suv boylab keldi. Koʻchalarning oʻnqir-choʻnqirini kichik toshlar bilan toʻldirdi. It tindi, eshak tindi, qurbaqalarning sayrashiyam tindi – faqat Qulay tinay demasdi.

Karim kattaning qorni chiqib, toʻlishib qoldi, bolalari kunora kiyim oladi, mashinasini babaplatib koʻchalarni changitadi, Qulay boʻlsa hamon oʻsha – hammaga “mashhur” ust-boshida yurar edi. Biroq boʻynidagi tumori xuddi chakana navbatiday goh kimningdir oti, goh eshagi, qoʻzisiyu itining boʻynida boʻlardi.

Oʻsha tungi voqeadan keyin unga nima deyishni bilmas edim. Goh gʻururim baland kelib qishloqdan haydatib yuborsammi desam, goh hayotimni saqlab qolgani uchun doʻstlashsammi, deya oʻylar edim. Biroq ikkisini-da qila olmas, bilmadim, nimalardir bunga yoʻl qoʻymas, lekin xavotirim ham bor ediki, masalan, kimgadir menga yordam berganini aytib qoʻysa-yu, keyin odamlar mazax qilishsa, nima boʻladi? Biroq u oʻsha tunni unutdi, birovga-da ogʻiz ochmadi. Koʻcha-koʻyda duch kelib qolganimizda, xuddi avvaligiday koʻrishadi-yu, indamay yoʻlida ketaveradi. Keyinchalik oʻyladimki, ha, u meni tanimagan, bilmagan, agar tanisa bormi, hammaga doston qilardi – yengil tortdim.

Kunlar esa oʻtib borardi…

Bir tun. Aprel oyi edi.

Kun boʻyi tinmagan yomgʻir kechasi yanada shiddat bilan yogʻar, togʻlardagi qorlar erib, soyliklardan sel kelar – oqshom koʻrganimizda daryo judayam ayqirib oqardi, Kenja bobo – oltmish oltinchi yil shunaqa katta sel kelgandi, oʻsha yili koʻp toʻpolonlar boʻluvdi, deganini eshitgandik.

Tun yarmidan oʻtganda kimdir darvozamizni qattiq taqillata boshladi. Uyimizda hech kim uxlamagan, otam: yotib qolmanglar, bir falokatning isi kelayapti, degan, biz tayyorlanib, agar sel kelguday boʻlsa, katta togʻamning uyiga qochmoqchi boʻlib turuvdik. Ularning uyi biznikidan ancha balandlikda, daryodan uzoqroqda edi.

Darvoza yana avvalgidan qattiqroq taqillagach, otam chiqdilar. Biroz muddat oʻtib qaytdi-da, menga qarab:

– Seni chaqiryapti – dedi.

– Kim ekan? – degan onamning savoliga otamning javobini eshitmay, koʻchaga qarab yugurdim. Bilar edim, taxmin qilib borardim, bugun koʻchada men bilan koʻrashayotganida, qoʻlimni qisgan edi, oʻsha boʻlsa kerak, deb koʻchaga chiqqanimda adashmagan ekanman.

Yomgʻir tinimsiz yogʻardi. Uni darvoza yonidagi bostirmaga boshladim.

– Jamol boboning uyi daryo labida-ya, – dedi bostirmaga kirgach biroz sukutdan soʻng va mendan tasdiq maʼnosini olgach: – bugun oʻshaning uyida ishlagandim. Yomgʻirda beda eksa yaxshi boʻlarkan – tez unadi, xuddi suv ichganday boʻladi, deb qoʻyarda-qoʻymay yomgʻir ostida kun boʻyi ishlatdi. Lekin qiziq bobo ekan: goh xotinini narigi qishloqdan opqochib kelganini aytsa, goh birga tushgan rasmini maqtab qoladi. Oʻsha eski rasmni oʻn marta koʻrsatdi, oʻziyam. Uyga qaytayotganimda qoʻzichogʻiga koʻzim tushdi.

Biram chiroyliki, mahkam quchoqlab hech qoʻyvorging kelmaydi. Mehrim iyib tumorimni oʻshanga taqib qoʻygandim… – u biroz oʻylanib turdi-da, – hozir ogʻiliga kirsam, mabodo uxlamagan boʻlsa, meni tutib olsa, oʻgʻri deb qamatib yuboradimi, – dedi.

Bilmasam, deganday mingʻirlagan boʻldim. Keyin… ha, keyin miyamga bir fikr keldi: qani, soʻray-chi, oʻsha kecha meni taniganmi-yoʻqmi, agar tanigan boʻlsa, bor, kiraver deyman, u odam uyquchi, qotib uxlaydi, deb aldab-suldab kirgizaman-da, uni tutib, sharmanda qilib, qishloqdan haydab yuborishini tomosha qilaman, degan xayolga bordim. Rost-da, qoʻrqqanimni hammaga aytsa, sharmanda boʻlaman-ku…

U oʻsha kecha meni taniganmiding, deganimni eshitib, koʻzimga tikilib turdi-da:

– Sen qahramon ekansan. Men Denovning Vaxshivoridanman. Biz tomonlardayam boʻrilar bor. Chillada bemalol qishloq oralaydi. Otam ovchi edi. Uning aytishicha, har qanday hayvon avval hamla qilmaydi. Baqirsang yoki biror harakat qilsang, soʻng tashlanadi. Sen oʻsha tun, unga tikilib turganding, u sendan hayiqayotgan edi…

Men jimib qoldim. U esa sekin-sekin keta boshladi.

– Toʻxta, – dedim yelkasidan tortib. – Nega isming Qulay? Nega koʻpkarini yomon koʻrasan? Nega meni qoʻrqqanimni hech kimga aytmading? – va mening negalarim shunchalik koʻp ediki, u bir muddat dovdiradi hatto. Ehtimol, ota-onasini, qishlogʻini eslagandir.

– Koʻpkarida onam ot ostida qolib ketgan. Toʻgʻrirogʻi, meni qutqaraman deb. Seni nima deyman? Qahramonligingni aytaymi? Bilasanmi, bunaqa gaplar aytilavermaydi… Men Jamol boboning uyiga ketdim. Boʻpti, yaxshi qol…

U darvozadan chiqdi. Ortidan yugurdim.

– Qulay, u yoqqa borma. Kampiri oʻlganidan keyin chol uyqusiz boʻlib qolgan. Ayniqsa, bunaqa yomgʻirli kechalarda oʻlsayam uxlamaydi. Borma, u yoqqa.

Unga yetib olganimda nafasim tomogʻimga tiqilib, tinmay hansirardim. U… U meni quchoqlab oldi…

– Men… Men Suvqaynardan bugun ketishim kerak edi… Erta onamning oʻlganiga yigirma yil boʻladi… Shunga bir-ikki soʻm Karim akaga bermay yigʻib qoʻyuvdim… U ancha vaqt jimib turdi soʻng: – Onam… oʻlayotganda boʻynidagi tumorni yecharkan: “Birorta doʻst topsang, shuni sovgʻa qil. Sen yolgʻizsan… Yakka – yolgʻizsan. Otang endi qaytmaydi. Men kecha tush koʻrdim, otang bir chuqurlikka tushib ketdi. Men unga koʻp aytdim, tashla shu ovchilikni, deb – tashlamadi, menga quloq osmadi, mana oqibati. U oʻlgan… Ha, oʻgʻlim endi sen yetimsan. Lekin sen bundan oʻksima, mana shu tumor senga yoʻldosh. Agar bu beshafqat dunyoda bitta doʻst topsang, shuni taqib qoʻy… – deya bir necha bor takrorlab oʻlgan edi. Oʻsha tumorni… senga bermoqchiydim…

“Odamlar, qochinglar, sel kelayapti!..” degan shovqin butun qishloq boʻylab tarqalib, akssado bera boshlaganda, men bir zum oʻzimni yoʻqotib qoʻydim, hushimga kelganimda esa… yonimda Qulay yoʻq edi.

– Qayoqdasan, boʻlsang-chi? Oʻgʻling qani? Qara, top tez! – degan otamning ovozini eshitdim-u, tezda bu yerdan qochishga – Qulayning ortidan borishga oshiqdim. U Jamol boboning uyiga ketganini ich-ichimdan sezardim. Yugurib ketdim. Yomgʻir ayovsiz, shiddat bilan yogʻardi. Daryo boʻyiga borganimda Jamol bobo oppoq kiyinib olgan, uni odamlar mahkam quchar, u boʻlsa oʻzini daryoga otmoqchi boʻlardi.

– Xonavayron boʻldim, uyim kuydi, musulmonlar… ana, qaranglar sel uyimni olib ketdi. Endi nima qilaman, qayerda yashayman, he, yashab nima qildim, endi mening oʻlim-m qayerdan chiqadi?!

Qutirgan daryo boboning uyini olib ketgandi…

Chaqmoq chaqib, atrof bir yorishdi-yu, yana qorongʻilik komida qoldi. Shu lahzalik nur ichida men daryoda kimningdir boshini koʻrib qoldim. U oqimga qarab suzishga intilar, kuchli toʻlqin uni ortga siltar va u koʻrinmay ketardi.

– Qulay… Qulay… choʻkayapti…

Daryo tomon yurmoqchi boʻlgandim, kimdir bilagimdan mahkam tutdi.

– Esingni yigʻ, ey bola…

Bu Karim katta edi…

Yana chaqmoq chaqdi. Men yana uni koʻrdim – qirgʻoqqa yaqin kelib qolgan edi.

– Arqon, arqon kerak, uni tortib olamiz… – deya baqirardim. Biroq Karim kattaning qoʻlidan chiqib ketolmasdim.

– Ma, oʻgʻlingni ushla, sal boʻlmasa oʻzini daryoga otar edi. Qayoqdagi Qulayni qutqaraman deydi buning…

Otam yuzimga bir tarsaki tushirdi. Koʻz oldim yanada qorongʻilashib ketdi.

– Axmoq…

Chaqmoq ketma-ket chaqar, borliq yorishar, daryo battar pishqirar, endi gurs-gurs toshlarning ham ovozi eshitilardi.

– I-e, bu nima… – deb Karim katta yerga egildi va bir narsani koʻtardi. – Qulayning tumorimi?

Otamning qoʻlidan yulqinib chiqdim-da, tumorga tashlandim. Yana chaqmoq chaqqanida Qulayning boshi koʻrindi: uning koʻzidagi shoʻx tabassumni ham ilgʻaganday boʻldim.

– Bitta arqon topsanglar-chi?… – deya baqirdim. Qulogʻim tagiga kelib tushgan tarsakidan gursillab yerga yiqildim…

 

Oradan oʻn toʻrt qishu shuncha bahor oʻtdi. Toqqa yana qor qalin tushdi. Daryo yana quturdi.

Birodarlar, koinotda odam yashaydigan nechta sayyora bor?

Dunyoda mamlakatlar koʻp, biroq vatanimiz bitta-ya?

Yurtimizda tuman, shahar ham talaygina, shunday emasmi?

Qishloqlar-chi?

Bogʻlar-chi?

Yoʻllar-chi?

Hali odam yashaydigan boshqa sayyora kashf etilib, kishilar oʻsha yoqlarga koʻchib ketganicha yoʻq – hamma Yerda yashayapti! Toʻgʻrimasmi?

Hamon vatanimiz bitta, buyam rost.

Tumanlarimiz, shaharlarimiz ham joyida-ku.

Qishloqlar ham.

Bogʻlar koʻpaygani toʻgʻri.

Lekin…

Lekin… Bu dunyoda endi Qulay yoʻq.

U barpo qilgan bogʻlardan odamlar tonnalab olmalar oladi. U urgan devorlardan oʻgʻrilar oshib tusholmaydi. U qazgan ariqlarda hamon suvlar toʻlib-toshib oqadi. U tekislagan yoʻllarda mashinalar serqatnov. Karim kattaning oʻgʻliyam mashinada oʻtadi. Katta qancha toʻylar qildi. Tanish, notanish oshini yedi, tuzini ichdi, lekin Qulay yoʻq edi bu toʻylarda.

Suvqaynarda biror narsa yoʻqki, uni eslatmasa. Boqqa qarang, devorlarga, koʻchalarga, daryoga, dalalargayu qoʻy-qoʻzilarga, otlarga, itlarga qarang, u shunday koʻz oʻngingizda paydo boʻladi. Oʻsha shoʻx tabassumu biroz maʼsumlik bilan jonlanadi u.

Qulay joʻra, qayerlardasan? Oʻsha voqeadan biroz oʻtib kimdir gap topib keldi. Seni Sherobodning qirlarida koʻrgan emish. Koʻzlaring koʻr ekan, oʻsha qoʻshigʻingni aytib mol boqib yurgan emishsan…

Yana kimdir Toʻpolondaryoning boʻyida koʻrgan emish. Quloqlaring kar, shuncha gapirsayam eshitmabsan? Shular rostmi, Qulay joʻra?

Bilaman, ular seni koʻrmagan, oʻzi aslida hech qachon koʻrgan emas ular. Oʻsha – Suvqaynarda kelgan vaqtingdayoq seni koʻrmagan edi. Shunchaki qop-qora bola, xizmatchi, mardikorni koʻrishgan, xolos.

Daryodayam seni koʻrishgani yoʻq. Yana shunchaki, ichib mast boʻlib yiqilib tushgan axmoq deb oʻylashgan-da.

Men bilaman – sen daryoga tumor uchun tushgansan. Ha, qoʻzichoqni qutqaraman deb tushgansan. Jamol boboning xotini bilan tushgan suratini olib chiqaman deb daryoga sakragansan. Meni koʻrib odamlar ham tushar, boboning biror bisotini saqlab qolarmiz, deb daryoga oʻzingni otgansan, joʻra. Ular esa – seni koʻrishmadi, koʻrisholmadi. Ularning koʻzlari bor edi-ku, meni koʻrib turishgandi-ku, deysanmi? Hex, hex, hex…

Qulay joʻra, sen meni kechir… Shuning uchun kechirki, oʻzim ham bilmayman, lekin sendan kechirim soʻrayman, joʻra… Sendan ijargʻanganim uchun, mensimaganim uchun, baridan yomoni – tumoringni saqlab yurmaganim uchun sen kechir, joʻra… Garchand oʻzimni oʻzim kechirmasam-da, sen meni kechirgin, joʻrajon…

Koʻp joʻra orttirdim, doʻstlashdim koʻplar bilan. Lekin hech kim ismini senchalik samimiy aytgani yoʻq. Familiyasini, otasining ismini ham qoʻshib aytganlar boʻldi, joʻra. Sendek toza doʻst topmadim, joʻra…

Suvqaynarga borsam, seni izlayman: hamma narsadan…

Sen kim eding? Odammiding yoki farishta…

Ana eshityapsanmi, “joʻra” demay, bir ogʻizgina doʻst desam, oʻlarmanmi, joʻra…

Yana…

Nimadir, nimalardir yoʻl qoʻymasa, tilim xuddi oʻsha tundagidek qotib qolsa, nima qilay, Qulay joʻra…

Oʻzing ayt, men nima qilay, joʻrajon?!..

 

Sanjar TURSUNOV

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/qulay/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x