QOSIMJONOV Rustam Mashruqovich

QOSIMJONOV Rustam Mashruqovich (1979.5.12, Toshkent) — shaxmatchi, xalqaro grossmeyster (1997), 17-jahon chempioni (2004). «Oʻzbekiston iftixori» (2000). Qosimjonov 5 yoshida shaxmat oʻynashni oʻrgandi. Aleksandr Grushevskiy murabbiyligida ilk muvaffaqiyatga erishdi — Oʻzbekiston yoshlar birinchiligida gʻalaba qozondi (1990). Sergey Pinchuk murabbiyligida oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo birinchiligida oltin (1994, Doxa), jahon birinchiliklarida bronza medallarini qoʻlga kiritdi (1994, Seged; 1995, Guarpuova). Oʻzbekiston (1997, 2000) va Osiyo (1998, Tehron) chempioni boʻldi, yoshlar oʻrtasidagi jahon birinchiligi (1999, Yerevan) va kuchlilar oʻrtasidagi jahon kubogi (2002, Haydarobod)da kumush medal bilan sharaflandi. Qosimjonov 1996-y. dan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, jamoa tarkibida Osiyo chempioni (1999, Shenyan), 32—36-jahon shaxmat olimpiadalari qatnashchisi (1996, Yerevan; 1998, Elista; 2000, Istanbul; 2002, Bled; 2004, Kalvia). Istanbul shaxmat olimpiadasida 1-taxtada koʻrsatgan natijasi uchun kichik bronza medali bilan taqdirlangan.

Qosimjonov 1999, 2001 va 2002-y. larda boʻlgan shaxsiy jahon chempionatlarida ishtirok etdi. 2004-y. 18 iyun — 13-iyulda Tripoli sh. (Liviya)da oʻtkazilgan jahon chempionati bosqich oʻyinlarida A. Ramiris (Kosta-Rika; hisob — 1,5:0,5), G. Magati (Eron; 1,5:0,5), V. Ivanchuk (Ukraina; 2,5:1,5), Z. Almashi (Vengriya; 2:0), A. Grishchuk (Rossiya; 3:1), V. Topalov (Bolgariya; 4:2) va M. Adams (Buyuk Britaniya; 4,5:3,5)ni magʻlubiyatga uchratib, Qosimjonov FIDE tasnifi boʻyicha jahon chempioni boʻldi (q. Shaxmat). 2004-y. Oʻzbekistonda «Yilning eng yaxshi sportchisi» deb tan olindi. Oʻzbekiston milliy un-tining kompyuter texnologiyasi f-ti bakalavriatini tugatgan (1999), Zolingen sh. ning «Zolingen» (1999—2004), Bonn sh. ning «Bad-Godesberg» (2004-y. dan) shaxmat klubi tarkibida Germaniya bundesligasi oʻyinlarida qatnashadi. Amir Temur ordeni (2004) bilan mukofotlangan.

Ad. Moʻminov A., Sening yulduzlaring, Vatan, T., 2002.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x