Qo‘qon xonligi (katta maqola)


Post Views:
30 207

Siyosiy tarix.  XVIII asrning boshlarida Farg‘ona vodiysida shakllangan yangi davlat – Qo‘qon xonligiga mahalliy aholi vakillari bo‘lgan ming urug‘i asos soldi. Chunonchi, XVII asrning oxiri – XVIII asr boshlarida ashtarxoniylarning siyosiy va ijtimoiy hayotida yuz bergan tushkunlik, Farg‘ona vodiysi iqtisodiy mustaqilligining o‘sishi hamda 1704 yilda Chodak xo‘jalarining isyon ko‘tarib, Farg‘onaning bir qismini egallashi bunga shart-sharoit yaratib berdi. Ammo, Farg‘onaning shimoli va shimoli – g‘arbidagi Koson, Asht, Chodak hududlari xo‘jalar qo‘l ostida bo‘lsa – da, ular mustaqil davlatga asos sola olmadilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ming urug‘ining  boshlig‘i, taxminan 1669-1670 yillarda tug‘ilgan Shohruhbiy ibn Ashur Muhammad (1709-1721 yy.) Chodak xo‘jalari qo‘lida bo‘lgan siyosiy hokimiyatni kuch bilan tortib olib, 1709/1710 yilda Farg‘ona vodiysidagi minglar sulolasi hukmronligiga asos soldi. Ammo, uning hokimiyati hali ashtarxoniylardan to‘la yoki batamom mustaqil emas edi. Chunki manbalarda Shohruhbiyning nomi ashtarxoniy Abulfayzxondan so‘ng tilga olinib, Shohruhbiyga Buxoro xoni tomonidan otaliq unvoni berilgani eslatiladi. Bu haqda tadqiqotchilarning ham fikrlari munozaralidir. Nima bo‘lganda ham, Shohruhbiy Buxoro xonligidan mustaqil ravishda (nisbatan bo‘lsa ham) siyosat olib borishga harakat qilib, minglar sulolasi tasarrufidagi yerlarni kengaytira boshladi. Shohruhbiy hukmronligi davrida Qo‘qon, Namangan, Marg‘ilon, Konibodom, Isfara va ularning atroflaridagi qishloqlar minglar sulolasi qo‘lida bo‘lgan.

Shohruhbiyning o‘g‘li va vorisi Muhammad Abdurahimbiy (1721-1733 yy.) taxtga o‘tirganidan so‘ng minglar tasarrufidagi yerlar yana kengaya boshladi. Abdurahimbiy 1724 yilda Andijonni, 1725 yilda Xo‘jandni, 1726 yilda O‘ratepani bosib olib, xonlik hududlariga qo‘shib oldi. U qisqa muddat bo‘lsa-da Buxoroga qarashli Samarqand va Kattaqo‘rg‘onni egallab, Shahrisabzga ham tahdid solgan. Abdurahimbiy Qo‘qon (Xo‘qand) qishlog‘i o‘rni va atrofida yangi shaharga (dastlab Qal’ai Rahimbiy deb nomlangan, keyin esa Qo‘qon) asos soladi va bu shahar  xonlikning poytaxtiga aylanadi.

1733-1750 yillarda hukmronlik qilgan Muhammad Abdulkarimbiy ibn Shohruhbiy asosiy etiborini mudofaa ishlariga qaratdi. U xonlikning poytaxti Qo‘qonda Isfara, Qatag‘on, Marg‘ilon, Haydarbek nomli darvozalar qurdirib, shahar atrofini mustahkam devor bilan o‘ratib oldi. Shu bilan birga u 1741-1745 yillardagi qalmoqlar (jung‘orlar) ning Farg‘onaga qilgan hujumlariga zarba berdi. Abdulkarimbiy qalmoqlarga qarshi kurashda qirg‘iz-qipchoqlar va O‘ratepa hokimi Fozilbiy yuz yordamiga tayandi hamda xonlik mustaqilligini saqlab qoldi.

Abdulkarimbiy 1750 yilda vafot etganidan so‘ng xonlik taxtiga uning o‘g‘li Abdurahmon o‘tirdi. Ammo, u taxtga to‘qqiz oy o‘tirib, so‘ng Marg‘ilonga hokim etib jo‘natildi hamda taxtga Abdurahimbiyning ikkinchi o‘g‘li Erdonabiy o‘tirdi. 1753 yilda qalmoqlarning tazyiqi va talabi bilan ularning qo‘lida garov sifatida o‘shalab turilgan Bobobek xonlik taxtiga ko‘tarildi. Lekin, oradan bir yil ham o‘tmay O‘ratepa yurishi vaqtida Bobobek Beshariqda o‘ldirildi hamda Erdonabiy (1755-1769 yy.) qayta Qo‘qon taxtini egalladi. Xitoylik geograflarning ma’lumotlariga ko‘ra, uning hukmronligi davrida, 1759-1760 yillarda Farg‘ona to‘rtta mulk: Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qonga bo‘lingan bo‘lib, ular ichida Qo‘qon yetakchilik qilgan. Erdonabiydan so‘ng taxtga Shohruhbiyning uchinchi o‘g‘li Shodibekning farzandi Sulaymonbek o‘tiradi. Uning taxni egallashida urug‘ oqsoqollarining ko‘magi katta bo‘lgan bo‘lsada u atigi 6 oy hukmdorlik qildi.

1770 yilda Qo‘qon taxtiga Abdurahmonbiyning o‘g‘li Norbo‘tabiy (1770-1801 yy.) o‘tiradi. Norbutabiy Markaziy hikimiyatni mustahkamlashda, bo‘ysunmas hokimlar qarshiligini bostirishda nisbatan muvaffaqiyat qozonadi. U Chust va Namangandagi g‘alayonlarni bostirganidan so‘ng, bu shaharlarga o‘z odamlarini hokim etib tayinlaydi. Norbutabiy bir qancha urinishlardan so‘ng Andijon, O‘sh, Xo‘jand va yaqin atrofdagi qo‘shni hududlarni bosib oladi. U 1799 yilda Toshkentni ham bosib olishga harakat qildi, ammo, uning yuborgan qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi.

Norbutabiydan so‘ng uning o‘g‘li Olimxon (1801-1810 yy.) taxtga o‘tirib, Qo‘qon xonligining siyosiy qudratini mustahkamlash, mamlakat hududlarini kengaytirishga alohida e’tibor berdi. Natijada Qo‘qon xonligining siyosiy mavqyei oshib bordi. Olimxon davriga kelib Qo‘qon xonligidagi davlat boshqaruvi oldingi davlatlar boshqaruv tizimidan deyarli farq qilmas edi. Uning davrida Qo‘qon davlati kuchayib borishi bilan davlatning siyosiy maqomi ham o‘zgaradi. Agar Qo‘qonning dastlabki hukmdorlari “biy” va “bek” unvoni bilan mamlakatni idora qilgan bo‘lsalar, Olimxon davridan boshlab (1805 yil) hukmdorlar rasman “xon” deb yuritila boshlandi.

O‘z davrida Olimxon harbiy yurishlar qilib o‘ziga yangi viloyatlarni , jumladan Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent, Turkistonni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Qisqa muddat O‘ratepani ham egalladi, Jizzax va Zominga yurishlar qildi. Harbiy islohatlar o‘tkazib, markazlashgan va kuchli davlat tuzish uchun harakat qilayotgan Olimxonning siyosatidan norozi bo‘lgan ayrim zodagonlar guruhi unga qarshi fitna tayyorlay boshladilar.  Olimxon o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ukasi Rustambekni, bir nechta sarkardalarni, din peshvolarini o‘ldirtirib yuboradi. Manbalarning ma’lumot berishicha, bu voqyealardan so‘ng kuchayib ketgan fitnachilarga Olimxonning ukasi Umarbek boshchilik qilgan. Natijada, 1810 yilda Olimxon Toshkentdan Qo‘qonga qaytayotganda, Oltiqush mavzesida o‘g‘li Shohruhbek bilan birga Qambar Mirza tomonidan otib o‘ldiriladi.

Manbalarga ko‘ra, Umarxon (1810-1822 yy.) hukmdorligi davrida yirik yer egalari, harbiy sarkardalar va ruhoniylarning mavqyei yanada oshadi. U davlat boshqaruvi ishlarida izchil tartib, qonun – qoidalar o‘rnatdi va diniy ishlarni tartibga soldi. Natijada, 1818 yilda Umarxon ruhoniylarnng roziligi bilan “amir al-muslimin” unvonini olib ham diniy, ham dunyoviy hokimiyatga ega bo‘ladi.

Muhammad Hakimxon ma’lumotlariga ko‘ra, Umarxon davrida Amir Temur va Sulton Husayn Boyqaro zamoniga taqlidan unvon va lavozimlar joriy etilib, ularga hokimiyatga yaqin shaxslar tayinlanadi. Shuningdek, Olimxon zulmidan qochib ketgan ayrim amaldorlar Umarxon xizmatiga qaytib kelib, lavozimlarni egallaydilar.

Manbalarning guvohlik berishiga qaraganda, Qo‘qon xonligining O‘rta Osiyo mintaqasidagi siyosiy jarayonlar va o‘zaro munosabatlarga faol aralashuvi ham Umarxon davridan boshlanadi. O‘z darvida Umarxonning elchilari Xiva, Xitoy va Turkiya davlatlariga jo‘natilganligi ma’lum.

N.Petrovskiy Umarxon hukmronligi davri haqida quyidagi ma’lumotlarni beradi: “Umarning xonligi ham oldingi xonlarnikidek davom etdi, ya’ni, u o‘z yerlarini kengaytirdi. Bu xon davrida Turkiston viloyati musulmonlarning Hazrat (Sulton al-orifin Ahmad Yassaviy davf etilgan Turkiston) shahri bilan birga zabt etildi. Umarxon halq sevib ardoqlagan xonlardan biri bo‘ldi. Qo‘qonda ikki qator she’r tarqalgan bo‘lib, unda Umarxon haqida juda iliq va yaxshi so‘zlar aytilar edi”.

1822 yilda Umarxon kasallanib vafot etganidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Muhammadalixon (Madalixon) (1822-1842 yy.) o‘tiradi. Uning hukmronligi davrida Qo‘qon honligining hududi yanada kengayib, qirg‘izlarning ba’zi tumanlari xonlikka qo‘shib olinadi hamda Ko‘lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz, Maschoh kabi viloyatlar Muhammadalixon hukmronligini tan oladilar.

Manbalarga ko‘ra, Muhammadalixon hukmronligining dastlabki yillari yaxshi va odilona kechgan. U 1826-1831 yillar davomida Qashg‘arga yurishlar qilib, bu yerdagi musulmonlarni xitoyliklar zulmidan ozod qildi hamda 70 ming uyg‘ur musulmonlarini Andijon viloyatiga ko‘chirib keltirdi. Natijada din peshvorlari Muhammadalixonga “G‘oziy” (“din homiysi”, “din yo‘lida kurashuvchi”) unvonini berdilar.

1840 yilda Muhammadalixonning bosh maslahatchisi, davlatni boshqaruv ishlarida katta tajribaga ega bo‘lgan Haqquli mingboshining tuhmatga uchrab xon tomonidan qatl etilishi shusiz ham qaltis bo‘lib turgan vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi. Undan tashqari xon davlat ishlariga loqayd bo‘lib, asosiy vaqtini haramida o‘tkaza boshladi. Natijada davlatni boshqaruv ishlarida suiste’molliklardan umumiy noroziliklar boshlanib, xonni ag‘darish uchun fitna tayyorlana boshladi.

Lekin o‘z kuchlari bilan fitnani amalga oshirishga ko‘zi yetmagan bir guruh Qo‘qon amaldorlari boshqa xon saylash maqsadida Buxoro amiri Nasrulloga noma yozib, undan yordam so‘rashdi. Qo‘qon yurishi uchun bahona topolmay turgan Amir Nasrullo bu taklifni tezda qabul qilib, 1842 yil aprelda Qo‘qonni bosib oldi. Qo‘qondan oilasi bilan Namangan tomonga qochgan  Muhammadalixon tutib keltirilib, oilasining bir qismi bilan qatl ettirildi.

Amir Nasrullo Qo‘qon xonligining Buxoroga qo‘shib olinganligini e’lon qilib, Qo‘qonda o‘z noibi Ibrohim dodhoh Mang‘itni qoldiradi. Ammo, Ibroxim dodhohning Qo‘qon halqiga o‘tkazgan jabr-zulmi, soliqlarning haddan tashqari oshib ketishi natijasida aholi qo‘zg‘olon ko‘tarib, Buxoro hukmronligidan ozod qilish uchun qipchoqlarni yordamga taklif etadilar. Qipchoqlar Muhammadalixonning qarindoshi Sherali boshchiligida Qo‘qonga kelib, buxoroliklarni tor-mor etdilar hamda Sheralixon (1842-1845 yy.) taxtni egalladi.  Qipchoqlar esa shu vaqtdan boshlab uzoq vaqt xonlikda yetakchi mavqyega ega bo‘ldilar.

Qo‘qonda bo‘lgan voqyealardan xabar topgan amir Nasrullo 1842 yilning kuzida yana Qo‘qonga yurish qildi, ammo bu safar unga omad kulib boqmadi. Muhammadalixon davrida yuzboshi bo‘lgan Musulmonquli qipchoq Nasrulloning ishonchiga kirib Qo‘qonga keladi va qo‘qonliklarni taslim bo‘lishga ko‘ndirish o‘rniga bir tan – bir jon bo‘lib amir Nasrulloga qarshi kurashga chorlaydi. Uning maslahatiga ko‘ra Qo‘qonda himoya vositalari kuchaytirildi. Bir oydan ziyodroq Qo‘qonni qamal qilgan amir Nasrullo o‘ziga qarshi suiqasd uyushtirilayotligi hamda xivaliklar chegaraga joylashgan Buxoro qishloqlariga hujum qilayotganligi haqidagi xabarni olib Buxoroga qaytishga majbur bo‘ldi.

Buxoroliklarning ketishi bilan Qo‘qon xonligida bir muddat tinchlik va osoyishtalik hukm surdi. Sheralixon keksa odam bo‘lib oqko‘ngil va muloyim inson edi. Uning davrida barcha davlat lavozimlarini qipchoqlar egallab, davlat boshqaruvini o‘z qo‘llariga oldilar. Ammo, 1845 yilda Buxoroda bo‘lgan Olimxonning o‘g‘li Murodxon (Qo‘qonda 11 kun xon bo‘lgan) amir Nasrulloning yordami bilan Qo‘qonga kelib Sheralixonni qatl etadi va taxtni egallaydi. Bu paytda Namanganda bo‘lgan mingboshi Musulmonquli bu voqyeadan xabardor bo‘lgach Sheralixonning besh o‘g‘lidan biri Xudoyorxonni olib Qo‘qonga keladi hamda uni xonlik taxtiga o‘tqazadi (1845-1853, 1863, 1865-1875 yy.). 16 yoshga kirgan Xudoyorxonning yoshligidan foydalangan Musulmonquli mamlakatni deyarli o‘zi boshqardi. Xudoyorxonning birinchi xonligi davrida ikkita kuch – o‘troq aholi  va ko‘chmanchi turkiy qabilalar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash xonlikning asosiy muammosiga aylandi.

Umuman olgan, XIX asrning o‘rtalariga kelib Qo‘qon xonligidagi siyosiy jarayonlar hamda ichki ahvol yanada og‘irlashgan edi. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, buning sababi birinchidan, o‘troq aholi ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi bo‘lgan qipchoqlar hokimiyatni tan olmaganlar. Xonlik hududlaridagi ba’zi viloyat hukmdorlari Musulmonqo‘lga qarshi chiqdilar. Ikkinchidan,  hokimiyatda yuqori mavqyeni egallash hamda xonga ta’sir o‘tkazish uchun qipchoqlar orasida ham o‘zaro kurashlar borardi. Bu kurashlarda qipchoqlarning qulon urug‘idan bo‘lgan Musulmonquli ham faol ishtirok etgan. Uchinchi  sabab esa, qipchoqlarning o‘troq aholiga nisbatan yuritgan siyosati edi. Qipchoqlar o‘troq aholiga nisbatan bepisandlik nazari bilan qarab, boshqa elat va etnik guruhlarni kamsitganlar. To‘rtinchidan esa, tashqi omil – Rossiya imperiyasining asta-sekinlik bilan xonlik hududlariga bostirib kirishi siyosiy jarayonlarning yanada keskinlashuviga sabab bo‘lgan edi.

1852 yilga kelib, Musulmonquli va qipchoqlarga qarshi kurash uchun o‘troq mulkdorlar va toshkentlik zodagonlar Xudoyorxon atrofida birlashdilar. Bu kuchlar yordamida Xudoyorxon Musulmonqulini 1853 yilda qatl etib, uning tarafdorlarini yo‘q qilgani bilan taxt uchun kurashlarga barham bera olmadi. Bunday vaziyatda xonlikning ichki ahvoli og‘irlashib, u faol tashqi siyosatdan ham ancha orqada qoldi. 1858 yilda Sheralixonning ikkinchi xotinidan bo‘lgan o‘g‘li Mallaxon Xudoyorxonni taxtdan ag‘darib, o‘zini xon deb e’lon qildi. Mallaxon va Aliquli qirg‘iz boshchiligida yangidan tiklangan ko‘chmanchilar guruhi uzoq hukm surmadi. Aynan shu guruh a’zolari Mallaxonga qarshi til biriktirib, 1863 yil  25 fevralda uni o‘ldirdilar. Taxtga esa Xudoyorxonning akasi Sarimsoqbekning o‘g‘li Shohmurod o‘tqazildi. Lekin, qo‘shin boshliqlari va saroydagi ko‘pchilik amaldorlar unga qarshi fitna uyushtirib, Xudoyorxonga yana taxtga o‘tirishni taklif etib, odam yuboradilar.

Bu payda Mallaxon o‘limini eshitgan Xudoyorxon Amir Muzaffarning ruxsati bilan Buxorodan Jizzaxga kelgan edi. Turkiston hokimi Qanoatshoh yordamida qo‘shin yig‘ib, 1863 yilning mart oyida Jizzaxdan Toshkentga kelgan Xudoyorxon Qo‘qonga qarshi yurish uchun Toshkent qo‘shini bilan Xo‘jandga keladi. Bu orada amir Muzaffar ham Buxoro lashkari bilan Xo‘jandga keladi. Xudoyorxon Qo‘qonga hujum qilishni rejalashtirayotga paytda, ya’ni, 1863 yilning 5 mayida shahar aholisi unga shimoliy darvozalarni ochib berdilar. Natijada Qo‘qonda qirg‘in boshlanib, Shohmurodxon o‘z tarafdorlari bilan Marg‘ilonga qochdi. Xudoyorxon ikkinchi marta (1863 y.) taxtni qo‘lga kiritdi.

Ammo, xonlikdagi qirg‘iz-qipchoqlar Koson va Chust atroflarida qo‘zg‘olon ko‘tardilar va To‘raqo‘rg‘onga hujum qildilar. Ular, hatto Toshkent atroflaridagi qabila boshliqlariga noma yuborib madad berishni so‘radilar. Oqibatda Toshkent atrofida qozoqlar qo‘zg‘olon ko‘tarib, Toshkentni qamal qildilar. Xudoyorxon tomonidan yuborilgan qo‘shinlar bu isyonlarni bostirishga muvaffaq bo‘ldilar. Ammo, mag‘lubiyatga uchragan qirg‘iz-qipchoq boshliqlari taxt uchun kurashni davom ettirdilar. Xususan, Shodmonxo‘ja, Said Mahmudxonto‘ra, Aliqulilar Sulton Saidxon boshchiligida Marg‘ilon tomondan kelib Andijonni bosib oldilar va uning atroflaridagi Baliqchi, Quva, Asaka, Shahrixon, O‘sh, Poytug‘ mavzelarini talon-taroj qildilar. 1863 yil 26 aprelda Sulton Saidxonning qo‘shini Mingtutga kelib, Qo‘qonni  qamal qildi. Amir Muzaffarning Xudoyorxonga yordami tufayli qirg‘iz-qipchoq lashkari Asaka tomonga ketib, Qo‘rag‘ulcha darasida himoyaga o‘tdi. Qattiq kurashlardan so‘ng 1863 yilning 24 iyulida Sulton Saidxon Qo‘qon taxtini (1863-1865 yy.) egalladi. Xudoyorxon esa yana Buxoroga qochdi.

Xonlikdagi ichki nizolar tashqi dushmanlarga nihoyatda qo‘l kelgan edi. Bunday vaziyatdan unumli foydalangan chor Rossiyasi qo‘shinlari 1864 yilda Turkiston va Chimkentni bosib oldi. 1865 yil bahorida ular Toshkentga yaqinlashib, Niyozbek qal’asini egalladilar. Uzoq qamaldan so‘ng 17 iyunda Toshkent egallandi.

Qo‘qondagi sarosimaliklardan foydalangan Xudoyorxon 1865 yilning yozida amir qo‘shinlari yordamida so‘ngi marta Qo‘qon taxtini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u amirning talablariga boshqa itoat etmay qo‘ydi. Xudoyorxon 1867 yil yanvar oyida Rossiya bilan savdo bitimini, 1868 yil 13 fevralda Qo‘qon va Rossiya shartnomasini imzoladi. Xudoyorxon 1868-1873 yillar oralig‘ida Rossiya bilan munosabatlarini yaxshilash maqsadida Toshkentga ko‘plab sovg‘a- salomlar yubordi. Shuningdek, Rossiya savdogarlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berdi. Natijada Qo‘qon xonligi amalda Rossiyaning vassaliga aylanib qoldi.

Xonlik hududida hukm surgan nisbiy osoyishtalik 1873 yilgacha davom etgan bo‘lsa ham, hukmdor, uning yaqinlari va mahalliy hokimlarning jabr-zulmi hamda qirg‘iz-qipqoqlarning qayta bosh ko‘tarishi natijasida bu yerlarda o‘zaro nizolar, xalq chiqishlari boshlandi. Hususan, 1873 yilda Po‘latxon (asli ismi Mulla Ishoq  Hasan o‘g‘li) qirg‘izlar tomonidan xon qilib ko‘tarilib, u boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Saroydagi nufuzli amaldorlardan biri Abdurahmon oftobachi Xudoyorxonni taxtdan ag‘darish va uning o‘g‘li Sayid Nasriddinbekni xon taxtiga o‘tqazish maqsadida Po‘latxon bilan til biriktirdi va O‘rdada isyon ko‘tardi. Sayid Nasriddinbek Abdurahmon oftobachi ko‘magida xon deb (1875-1876yy.) e’lon qilindi. Xudoyorxon Nasriddinbek foydasiga taxtdan voz kechib, avval, Xo‘jandga, undan Toshkentga qochdi.

Nasriddinbekning hokimiyat tepasiga kelishi ham mamlakatdagi siyosiy vaziyatning keskinligini bartaraf eta olmadi. Buni tushunib yetgan Abdurahmon oftobachi xonlik aholisini Rossiyaga qarshi kurashga safarbar qilmoqchi bo‘ldi. Ammo, ruslarning qattiq qarshiligiga duch kelib Mahram yaqinidagi jangda ulardan yengildi. Po‘latxon ham ruslarga qarshi kurashish maqsadida Qo‘qonga hujum qilmoqchi bo‘lib turgan vaqtda, ya’ni, 1875 yil 25 sentyabrda Nasriddixon Rossiya imperiyasi hukumati bilan bitim tuzdi. Bu xabar tezda butun Qo‘qonga yoyilib aholi yana isyon ko‘tardi va O‘rdaga hujum qildi. Nasriddinxon taxtni tashlab Xo‘jandga qochdi. Marg‘ilonda Rossiya imperiyasi askarlariga qarshi aholini safarbar qilayotgan Po‘latxon qo‘shiniga shaharliklar, madrasa talabalari va ko‘chmanchi aholi vakillari kelib qo‘shildi. Ularga qo‘zg‘olon vaqtida bosqinchilar bilan hamkorlik qilgan qishilar va xon oilasi vakillarini qatl etish buyurildi.

Bu paytda  Namanganda bo‘lgan Skobelev Rossiya imperiyasining topshirig‘iga asosan 1876 yil fevralida Qo‘qon xonligini butunlay bosib olishga kirishdi. Abduraxmon oftobachi va Po‘latxon qo‘lga olindi. Abduraxmon oftobachi Rossiyaning Yekaterinoslav guberniyasiga, Nasriddinxon esa Vladimir nuberniyasiga surgun qilindi. Shu tariqa, 1876 yil 19 fevralda 150 yildan ko‘proq hukm surgan Qo‘qon xonligi tugatilib, uning hududlari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi va uning o‘rniga Farg‘ona viloyati tashkil etildi.

Ma’muriy–hududiy tuzilishi va aholisi. XVIII asr oxirlarida xonlikning hududi faqat Farg‘ona vodiysidan iborat bo‘lib, bu davrda Norbo‘tabiy vodiydagi barcha beklik va viloyatlarni o‘z itoatiga kirgizib, ularni Qo‘qonga bo‘ysundirdi. Uning davrida Andijon va Marg‘ilon viloyatlari vodiydagi eng katta mulklar edi. Olimxon davrida xonlik hududlari Toshkent va uning atrofidagi yerlar hisobidan ancha kengaydi. Tarixiy manbalarda Toshkent mulki – viloyat, shahar, Toshkent va Dashti Qipchoq viloyati nomlari bilan tilga olinadi. Uning hududlariga Ohangaron, Chinoz, Toshkent atrofi, Sirdaryo bo‘ylaridagi Turkiston shahri va uning atroflari kirgan. Bu mulkning hokimlari manba va hujjatlarda hokim, hukmdor, voliy, noib atamalari bilan tilga olinadi. Umarxon davrida Xo‘jand, O‘ratepa va Jizzax atrofidagi yerlarga ham ketma-ket yurishlar qilinib, 1817 yilda O‘ratepa bosib olinadi.

Muhammadalixon davrida xonlikning hududlari yanada kengayadi. Bu davrda xonlik shimolda Rossiyaga qarashli Tashqi Sibir okrugi bilan, g‘arbda Xiva va Buxoro amirligi bilan, janubda Qorategin, Darvoz va undan uzoqroqdagi yerlar – Shug‘non, Ro‘shon va Vaxon (bu hudud Qo‘qonga nomigagiga qaram bo‘lgan) Ko‘lob bilan, sharqda Qashg‘ar bilan chegaralangan. Xonlik yerlariga Sirdaryo bilan Qorategin O‘rtasida joylashgan Farg‘ona hududlari, Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Namangan, Xo‘jand va boshqa shaharlar, Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligi o‘rtasida joylashgan Qurama viloyati, Turkiston, Sirdaryoning quyi oqimidagi to Balxash ko‘ligacha bo‘lgan qirg‘izlar yashaydigan yerlar, ko‘chmanchi qirg‘izlar yashaydigan Billur tog‘ining sharqiy etaklari, 1830 yildan boshlab g‘arbiy etaklari ham kirgan.

XIX asr manbalarida Qo‘qon xonligi beklik, ba’zan viloyat va sarkorlik sifatida tilga olingan ma’muriy – hududiy qismlarga bo‘lingan hamda ularni xon tomonidan tayinlanadigan beklar, hokimlar va sarkorlar boshqargan. Ayrim manbalar (A. Kun) Qo‘qon xonligidagi 15 ta beklikning nomini keltiradi. Bular: Qo‘qon va uning atrofi, Marg‘ilon, Shahrixon, Andijon, Namangan, So‘x, Mahram, Buloqboshi, Aravon, Baliqchi, Chortoq, Navkat, Koson, Chust va Bobo darhon. “Turkestanskiye vedomosti” (1876, №13) to‘plamida esa Asaka, Marg‘ilon, Baliqchi O‘sh, So‘x, Koson va O‘zgan sarkorlik sifatida ham tilga olinadi.

Hokimlar va hududiy bo‘linma boshliqlari xon oilasi a’zolari, unga yaqin guruhlar, yuqori tabaqa vakillari hamda yetakchi qabilalar sardorlari orasidan tayinlangan. Misol uchun, Xudoyorxon davrida yettita beklik xonning o‘g‘illari va yaqin qarishdoshlari tomonidan boshqarilgan. O‘z navbatida hokimlar viloyat hududlarini o‘zlarining farzandlari va qarindoshlariga bo‘lib berganlar. Qo‘qon xonligining ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimida bek (hokim, voliy) va uning o‘rdasi alohida o‘rin egallagan. Xon tomonidan tayinlangan hokim va qozi ko‘plab vakolatlarga ega bo‘lgan.

Bek o‘rdasida ham xon saroyidagidek yuzlab amal va unvonlar joriy etilgan bo‘lib, ular mahalliy aholidan yig‘iladigan soliq hamda to‘lovlar hisobidan kun kechirishgan. Beklar xonning itoatkor vassallari bo‘lib, mamlakatni idora etishida uni qo‘llab-quvvatlashlari, zarur bo‘lganda unga yordam berishlari, uning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishlari, kerakli vaqtda o‘z qo‘shinlari bilan harbiy yurishlarda ishtiroq etishlari va sovg‘a-salomlar yuborib turishlari lozim bo‘lgan.

Qo‘qon honligida Qo‘qon, Toshkent, Andijon, Namangan, Marg‘ilon, Chimkent, Jizzax, O‘sh, Xo‘jand, O‘ratepa kabi aholisining soni jihatidan katta, hunarmandchilik va savdo rivojlangan, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘nlab shaharlar mavjud bo‘lgan. Xonlikning poytaxti Qo‘qon shahri bo‘lib, u mamlakatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markazi edi.

XIX asrda xonlikning chegara hududlarini bir necha qal’a va istehkomlar muhofaza qilgan. Ular jumlasiga Oqmasjid, Avliyoota, Pishpak, To‘qmoq, Qurtka, Niyozbek, Mahram kabilarni kiritish mumkin. Chu vodiysi bo‘ylab bunyod etilgan istehkomlar esa nafaqat chegara muhofazasi uchun, balki ularning atrofidagi shahar va qishloqlarni itoatda ushlab turish uchun ham hizmat qilgan. Ushbu shahar va qal’alarda harbiy qism hamda ularga  boshliq bo‘lgan botirboshilar bo‘lgan. Mudofaa maqsadlari uchun qurol va aslahalar saqlangan.

Xonlik tarkibiga kiruvchi hududlar aholisining joylashuvi va turmush tarzi bir – biridan farq qilgan. Toshkent vohasi va Farg‘ona vodiysining sug‘orilib dehqonchilik qilinadigan qismi aholi joylashuvi jihatidan zich bo‘lib, ular o‘troq hayot kechirganlar. Sahro, tog‘ va tog‘ oldi tekisliklaridan iborat hududlarda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi yashagan.

Xonlikdagi aholi soni haqida manbalar turli ma’lumotlar beradilar. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asrning boshlarida xonlikda (Toshkent va Turkistonni ham qo‘shib hisoblaganda) aholi soni 1 million, XIX asrning o‘rtalarida 1,5-2 million, XIX asrning ikkinchi yarmida 3 million kishi bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya imperiyasi tomonidan ko‘plab hududlarning bosib olinishi hamda ularning bosqinchilar ma’muriyati tarkibiga kirishi natijasida xonlik tasarrufidagi Farg‘ona vodiysida 2 millionga yaqin aholi qolgani taxmin qilinadi.

Aholi tarkibida o‘troq aholi ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholiga nisbatan ko‘pchilikni tashkil etgan. XIX asr boshlarida aholining 40 foizdan ortig‘i ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi bo‘lsa, shu asrning oxiriga kelib ular 15 foizni tashkil etgan. Xo‘jalik mashg‘ulotlariga ko‘ra, o‘troq aholining asosiy qismi dehqonchilik, hunarmandchilik, kosiblik hamda savdo-sotiq bilan band bo‘lsa, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi chorvachilik bilan shug‘ullangan.

Qo‘qon xonligi aholisining ko‘pchiligi o‘zbeklar bo‘lib, mamlakat shahar va qishloqlarida tojiklar ham yashagan. Xonlikda yana qirg‘izlar va qipchoqlar ham istiqomat qilganlar. Ular Sirdaryoning boshlanish joylaridan Balxash ko‘ligacha bo‘lgan tog‘li rayonlardan to Qashg‘ar chegarasigacha bo‘lgan yerlarda, Yettisuv, Talas vodiysi, Oloy tog‘lari, Badaxshon, Farg‘ona vodiysi hududlarida ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi hayot kechirishgan. Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysida qoraqalpoqlar, Toshkent atroflarida qozoqlar, xonlikning sharqiy qismida, Qo‘qon xonligini Buxoro va Rossiyadan ajratib turadigan cho‘llarda ko‘chmanchi qozoqlar yashaganlar.

Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning boshlarida qirg‘izlar, qalmoqlar, uyg‘urlar, qoraqalpoq, qozoq va qipchoqlar Xitoy hukumati tazyiqi ostida Sharqiy Turkistondan Farg‘ona vodiysigacha ko‘chib kelishga majbur bo‘lganlar. Shuningdek, xonlikning ayrim shaharlarida lo‘lilar, hindlar, afg‘onlar, arablar va boshqa Osiyo xalqlari istiqomat qilganlar. Turkiston general-gubernatorligi tashkil topganidan so‘ng yahudiylar, armanlar va boshqa millat vakillari ham yashaganlar.

Davlat boshqaruvi. Mansablar va unvonlar. O‘zbeklarning ming qabilasi (urug‘i) boshliqlaridan biri Shohruhbiy asos solgan Qo‘qon xonligidagi davlat boshqaruv tizimi o‘rta asrlarda Movarounnahrda hukm surgan musulmon davlatlari boshqaruv tizimidan farq qilmas edi. Xonlikda Buxoro amirligida bo‘lgani kabi Amir Temur davrida shakllangan hamda Shayboniylar davrida qisman islohot qilgan davlat boshqaruvi va tizimi mavjud bo‘lgan. Xonlikda eng oliy va markaziy unvon xon  unvoni bo‘lib, uning hukumati cheklanmagan. Farmon berish va uning bajarilishini  nazorat etish salohiyatlari xonning qo‘lida bo‘lgan.

Xonlikning ming qabilasidan bo‘lgan hokimlar turli yillarda Shahrisabz, Urgut, Mog‘iyon, Urmitan viloyatlari va bekliklarida ham hukm surganlar. Olimxon davrigacha (1798y.) ming urug‘i boshliqlari XIX asrning boshlarida biy unvoni bilan hokimiyatni boshqarganlar. Olimxon 1805 yilda o‘zini rasman xon deb e’lon qildi. Xon unvoni bilan hokimiyatni boshqargan Umarxon (1810-1822yy.) 1818 yilda o‘zini “amir ul-muslimin” deb e’lon qildi. 1822 yilda Muhammad Alixon ham hon unvoni bilan taxga o‘tirgan.

Xon avlodlari xonzoda, amirzoda, mirzoda, shahzoda, to‘ra  deb atalganlar. Xonlikdagi davlat nizomi mutlaq yakka hokimlik bo‘lib, xonning o‘zi cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘lsa-da, ma’lum tarixiy davrlarda uning salohiyati va hokimiyati cheklanib, saroy amaldorlari hamda qo‘shin boshliqlarining xonga ta’siri kuchli bo‘lgan. Bunga Musulmonqulining mingboshi va otaliq bo‘lgan davrini (Xudoyorxon davrida, 1844-1852yy.) yoki Aliqulining amirlashkarlik va vazirlik davrini (Sulton Sayidxon, 1863-1865 yy.) misol qilib keltirish mumkin. Bu holat xonning siyosiy kuch qudrati ma’lum iqtisodiy asoslarga hamda ma’lum ijtimoiy guruhlar faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan deyishga asos bo‘ladi.

Mamlakatda xon eng katta va yirik mulkdor bo‘lib, xonlik hududidagi barcha boyliklarga, yer, suv, qo‘riq yerlar, ko‘lu anhorlarga egalik qilgan. Ulardan keladigan zakot, xiroj, tanobona va boshqa soliqlar shaklidagi daromadlar xon xazinasini muntazam ravishda to‘ldirib turgan. Xon va uning qarindoshlari, saroy ahli va ma’muriyat, qo‘shinlar va qo‘shin boshliqlari asosan soliqlar hisobidan rag‘batlantirilgan.

Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, xon saroyida mingboshi boshchilik qiladigan Kengash tuzilgan bo‘lib, bu kengash saroydagi davlat ahamiyatiga molik muhim ishlarni ko‘rib chiqqan. Dasturxonchi, risolachi va boshqa muhim amaldorlar a’zo bo‘lgan ushbu kengash davlat boshqaruvida muhim ahamiyatga ega edi.

Qo‘qon xonligida asosan Olimxon, Umarxon va Muhammad Alixonlar davrida (1798-1842 yy.) davlat boshqaruvi va davlatchilik ichki va tashqi siyosat ancha barqaror hamda nisbatan tinch rivojlangan. Ammo XIX asrning o‘rtalariga kelib Qo‘qon xonligi inqirozga uchray boshlaydi. Tadqiqotchilar ushbu inqirozning asosiy sabablari sifatida o‘troq xalq va ko‘chmanchi aholi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni, o‘zaro nizo va urushlarni, xon taxti uchun olib borilgan kurashlarni, Buxoro amiri bilan bo‘lgan nizolar va dushmanliklar, saroy amaldorlarining xoinliklari kabilarni ko‘rsatadilar. Bularning natijasida iqtisodiy hayotda taraqqiyot pasayib, ijtimoiy tarqoqlik kuchayib bordi va davlat inqirozga yuz tutdi.

Qo‘qon xonligida unvonlar va mansablar ular ijrochilarining vazifalari hamda  martabalariga qarab harbiy, harbiy-ma’muriy, saroy unvon va mansablari hamda ma’muriy vazifalari, diniy mansab va unvonlar hamda diniy qozixona amallariga bo‘linar edi (unvonlar va mansablar haqidagi ma’lumotlar quyidagi risoladan olindi: Vohidov Sh., Xoliqova R. Markaziy Osiyodagi davlat boshqaruvi tarixidan. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2006. 6-21 bb.). Xon saroyida quyidagi harbiy mansab va unvonlar joriy etilgan:

  • Amir ul-umaro – amirlar amiri. Xon tomonidan keng vakolatlar berilgan (davlatdagi muhim ishlar, amaldorlarni amalga qo‘yish va olish, davlatdagi ichki tartibni saqlash, saroydagi tartib – intizom kabilar)  shaxs bo‘lib, xondan keyingi eng yuqori mansab hisoblangan;
  • Amirlashkar – amir ul-umarodan keyingi mansab. Qo‘qon xonligida mingboshi harbiy unvonining vazifalari, darajasi amirlashkarlikka teng bo‘lgan;
  • Mingboshi ma’mur sifatida ming nafar otliq askar beradigan mulkning hokimi. Bu unvondagi shaxs harbiy yurishlar vaqtida qo‘shinni boshqarib, lashkarboshi unvonini olgan. Bu unvonning egasi vazirlikka ham da’vogar bo‘lgan. Bu unvon Sheralixon davrida (1842-1844 yy.) yuqori darajadagi vazifaga aylanib ketgan;
  • Botirboshi – botir bahodirlar boshlig‘i. Besh yuz kishidan ko‘p lashkarga boshchilik qilgan. Viloyatlarda botirboshi harbiy va qo‘shin ishlariga mas’ul edi. Botirboshi ba’zan qurilish hamda sug‘orish ishlariga ham boshchilik qilgan. (Ulug‘ nahr arig‘i, Otabek botirboshi).
  • Qo‘shbegi – harbiy qo‘shinning boshlig‘i. Bu mansab yurish va jang vaqtlarida berilib, uning egasi mingboshi unvonini olishga da’vogarlik qilgan hamda alohida viloyatga ham hokim bo‘lishi mumkin edi.
  • Voli yoki voliy (noib, muovin) – tobe etilgan viloyat va tumanlarda xonning o‘rinbosari. Viloyatlarda lashkar unga itoat etgan hamda u viloyatning harbiy ma’muriy ishlariga boshchilik qilgan.
  • Qal’abon yoki kutvol – Qo‘qon xonligining chegeralarida joylashgan qal’a va istehkomlarining hokimi bo‘lib, shu hududlarning harbiy-ma’muriy, xiroj va boj olish ishlariga javobgar bo‘lgan. Harbiy maqsadga ko‘ra, qal’abon vazifasiga dodxohdan qushbegigacha bo‘lgan shaxslar tayinlangan.
  • Qo‘rboshi – qo‘rxona ya’ni aslahaxona boshlig‘i. Bu mansab egasi xon va mingboshiga itoat etgan. Qo‘rboshi qo‘rxona, miltiqxona, to‘pxonalarga boshchilik qilib,xomashyo topib kelishdan tortib to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatib berish jarayoniga javobgar bo‘lgan.
  • Yofar – soqchilar boshlig‘i. Bu mansab egasining guruhi yuz nafar askardan iborat bo‘lgan. Yofar o‘z guruhining hisob-kitobi, yillik xarajatini askarlari uchun xazinadan olib bergan. Manbalarda yofarlar g‘allagir (g‘alla oluvchi), javgir (bug‘doy oluvchi) va sarpo oluvchi sifatida ham qayd etilgan.
  • To‘pchiboshi – to‘pchilar, zambarakchilar guruhi boshlig‘i.
  • To‘qsabo – o‘zlarining tug‘iga ega bo‘lgan harbiy guruhning boshlig‘i.
  • Ponsadboshi – besh yuz nafar askardan iborat guruh rahbari.
  • Yuzboshi – yuz kishilik harbiy dasta boshlig‘i.
  • Panjohboshi – ellikboshi, ellik nafarli harbiy guruh boshlig‘i.
  • Dahboshi – o‘n kishilik harbiy guruh boshlig‘i.
  • Qorovulbegi – soqchilar va qorovullar boshlig‘i.

Harbiylar qatoriga askar, sarboz, nukar, sipohi, mergan, mahram, botur, to‘pchi, zanbarchi, qo‘rchi, qorovul kabilar ham kirib, qo‘shin safida, nog‘orachi, surnaychi, to‘g‘chi (bayroqdor) kabilar ham xizmat qilganlar. Bu harbiy unvonlar orasida mingboshidan ponsadboshigacha bo‘lganlari oliy unvonlar, qo‘rboshidan qorovulboshigacha bo‘lganlar o‘rta unvonli mansablar, qolganlari esa past unvonlar hisoblangan.  Elikboshidan mingboshigacha bo‘lgan harbiy lavozimdagi amaldorlar o‘z xizmatlariga mulozimlar olganlar. Ponsadboshidan yuqori mansabdagi harbiylarga yana mirzolar va munshiylar ham hizmat qilgan. Manbalarda harbiylarga saroydan yiliga turli hajmdagi maosh berilganligi qayd etilgan.

Qo‘qon xoligidagi saroy unvon va mansablari quyidagilar edi:

  • Otaliq – xon yoki xonzodaning murabbiysi, ularning homiylari. Ular tarbiyalagan xonzoda taxtga o‘tirganidan so‘ng, otaliqlar ham yuqori mansab va unvonlarni egallaganlar.
  • Beklarbegi – beklarning begi. Bu unvon xonning vorisiga yoki ba’zi viloyatlarning hokimiga berilgan.
  • Biy – turkiy qabilalarning boshliqlari.
  • Devonbegi – xon devonining boshlig‘i, Qo‘qon xonligi viloyatlaridan Toshkent va Dashti qipchoq mulkida ham devonbegi mansabi bo‘lgan.
  • Xazinachi – davlat xazinasining hisob-kitobiga javobgar shaxs. Xazinachilar viloyat markazlarida ham faoliyat yuritgan.
  • Inoq – xonning xos va sirdosh mulozimi.
  • Eshikog‘asi yoki chehraog‘asi – eshik oldidagi soqchi, posbon. Xon mahramlari va soqchi-mulozimlarining boshlig‘i. Notanish kishilarni xon huzuriga ijozatsiz qo‘ymaslikka javobgar shaxs.
  • Parvonachi – bu unvon egasi xon nomiga kelgan xat va arizalarni saroyga olib kirib, javobini olib chiqqan. Bu unvon boshqa unvon sohiblariga ham berilgan.
  • Dodxoh – xon oldiga fuqarolarning xohish-istak hamda maqsadlarini bayon etish huquqiga ega mansab, saroy unvoni.
  • Dasturxonchi – xon dasturxoniga, umuman, oshxonasiga javobgar saroy mansabi.
  • Saroy qorovulbegisi – xon o‘rdasining soqchilariga boshliq bo‘lgan saroy amaldori.
  • Tunqator – tun bo‘yi uyg‘oq bo‘ladigan soqchi. Xonning dam olishi va yurishlari vaqtida qo‘riqchilik qilib, xonning yaqin kishilaridan tayinlanadigan amaldor.
  • Oftobachi – xonning xos mulozimlaridan bo‘lib, uning yuvinishi va tahorati vaqtida xizmat qiladigan amaldor.
  • Sharbatdor – eng oliy va faxriy unionlardan bo‘lib, xonning xos majlislari va safarlarida hizmatda bo‘lgan.
  • Hidoyatchi – xon saroyiga yuborilgan tortiq va sovg‘alarni qabul qilib olib, xon nazaridan o‘tkazuvchi amaldor.
  • Shig‘ovul – saroyga tashrif buyurgan elchilar va choparlarni xon huzuriga boshlab kiruvchi amaldor. Manbalarga ko‘ra, bu mansabdagi amaldorning vazifalari keng bo‘lgan.
  • Sarkor – saroydagi xon amaldorlarining boshlig‘i. Bu mansabdagi shaxs xonga tegishli shifoxonalar, korxonalar hamda qurilish ishlariga ham boshchilik qilgan.
  • Qushbegi (mirishkor) – ov paytida xonga hamrohlik qiladigan mansab egasi. Qushbegining ovchi itlari, lochin va burgutlari bo‘lib, ov paytidagi xonning dam olish jarayonlariga ham bu shaxs javobgar bo‘lgan.
  • Salomog‘asi – xon nomidan xalqqa salom beruvchi.
  • Kitobdor – saroy kitobxonasi uchun javob beradigan amaldor.
  • Risolachi – elchilar va ularning xat-xabarlariga javob berish uchun mas’ul bo‘lgan saroy amaldori.
  • Jam’og‘a – xonning suhbati, qabuli hamda bazmlariga ishtirok etuvchilarga xabar berib, chaqirib keladigan saroy amaldori.
  • Jarchi – xalq yig‘iladigan ommaviy joylarda xonning farmon va buyruqlarini jar solib (baland ovoz bilan) e’lon qiladigan shaxs.
  • Chopquchi – pichoq yasovchi, xon saroyidagilar uchun qurollar (pichoq, xanjar qilich) yasab, qo‘rchi vazifasini ham bajargan.
  • Shotir – xon rikobi oldida yuradigan hizmatchi, odamlarni xon kelishidan xabardor etib, ularni ta’zimga chorlab turgan.
  • Udaychi – xon rikobi oldida yurib, uning sha’niga baland ovoz bilan maqtovli so‘zlar va hamdu sanolar aytib boruvchi hizmatchi.

YUqoridagi amal va mansab egalari o‘z hizmatlari evaziga yillik maosh (pul, ot, qo‘y, g‘alla ko‘rinishida) olganlar. Bundan tashqari, ularga tegishli yer-mulklar ham berilgan.

Butun o‘rta asrlar musulmon davlatlarida bo‘lgani kabi Qo‘qon xonligidagi musulmon ruhoniylari  ham alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan ijtimoiy tabaqa hisoblangan.  Xonlikdagi davlat boshqaruvida, ta’lim – tarbiyada, sud ishlarida hamda jamiyat hayotining turli sohalarida ularning fikri katta ahamiyat kasb etgan. Qo‘qon xonligida qo‘yidagi diniy va qozixona mansab, unvon hamda amallari mavjud bo‘lgan:

  • Shayx ul-islom – dindorlarning eng oliy unvoni bo‘lib, 1818 yilda Umarxon tomonidan joriy etilgan.
  • Xoja kalon – fikh olimi (huquqshunos) ning faxriy unvoni.
  • Xalifa – o‘rinbosar. Qo‘qondagi naqshbandiya, qalandariya, yassaviya taraqqiyotlarining rahbarlari.
  • A’lam – faqih, olim hamda shariat qonun – qoidalarning bilimdoni.
  • Oxund – bilimli va madrasada o‘qiydigan kishi.
  • Sudur – vaqf mulklarining daromadlari hamda hisob – kitobiga javobgar mansabdor.
  • O‘roq – vaqf yerlarining xiroj va soliqlariga mas’ul shaxs, O‘roq shaklidagi nishonni sallasiga taqib yurgan.
  • Mudarris – madrasada ta’lim beruvchi ustoz.
  • Imom va imom xatib – masjid imomi hamda juma nomozlarida xutba o‘qib xizmat qiladigan imom.
  • Muazzin – musulmonlarni namozga chaqiruvchi, azon aytuvchi.
  • Qozi ul – qo‘zzot – qozilar qozisi (adliya vaziri).
  • Qozi kalon – xonlik poytaxti hamda viloyatlar markazlaridagi qozilar va qozixonalar ustida nazorat qiluvchi amaldor.
  • Qozii askar – qo‘shin qozisi.
  • Tarakachi – meros qolgan mol-mulklarni merosxo‘rlarga taqsimlab (taraka) beruvchi shaxs.

Xonlikdagi diniy va qozilik lavozimida bo‘lganlar davlat tomonidan belgilangan maosh hamda turli ehsonlar hisobidan kun ko‘rganlar. Madrasa, masjid, mozorlar o‘zlarining vaqf mulklariga ega bo‘lib, shu mulk daromadidan o‘z xizmatchilariga maosh berganlar. Vaqf mulklariga muttavali mutasaddi – boshliq edi.

Yer egaligi munosabatlari va soliqlar. Qo‘qon xonligi xo‘jalik hayotining asosini tashkil qiladigan soha dehqonchilik  edi. Chunki xonlikning asosini tashkil etgan Farg‘ona vodiysida suv manbalarining yetarli darajada bo‘lganligi dehqonchilik xo‘jaligida mo‘l hosil bo‘lishni ta’minlagan. Xonlikda XVIII asrga qadar yerlarni sug‘orish uchun soylar va jilg‘alarning suvlaridan ham unumli foydalanilgan.

Xonlikdagi taxt uchun o‘zaro kurashlar hamda siyosiy tarqoqlik davom etayotgan bo‘lishiga qaramay XVIII asr ikkinchi yarmidan boshlab ayrim tumanlarning sug‘orish tarmoqlari ta’mirlangan va yangilari qazilgan. Chunki, xonlikda ip va gazlama ishlab chiqarish hajmining ortib borishi, bu mahsulotlarni Rossiya va u orqali Sharqiy Yevropa mamlakatlari bozorlarida ko‘plab sotila boshlashi, ularga bo‘lgan talabning tobora kuchayib borishi sug‘orma dehqonchilik yerlarini kengaytirish hamda yangi yerlarni o‘zlashtirishni taqozo qilar edi.

Shuning uchun ham XIX asr Qo‘qon xonligida, xususan, Farg‘ona vodiysining sug‘orilishi tarixida yangi davrni boshlab berdiki, aynan  shu davrdan boshlab, vodiyda yirik sug‘orish inshootlari, ariqlar, kanallar, to‘g‘onlar qurila boshlangan. Masalan, Sirdaryoning asosiy irmoqlaridan bo‘lgan Norin va Qoradaryolardan suv oladigan Shahrixonsoy kanali, Namangan Yangi arig‘i, Chinobod arig‘i, Ulug‘nahr, Andijonsoy kanali, Oltiariq, Mutagan arig‘i va boshqa sug‘orish tarmoqlarining ko‘payishi, sug‘oriladigan dalalarning sezilarli darajada kengayishi hamda dehqonchilik va bog‘dorchilikning rivojlanishiga olib kelgan.

Qo‘qon xonligida sug‘orish inshootlarini barpo etishning ma’lum tartib – qoidalari mavjud bo‘lgan. Chunonchi, sug‘orish tarmoqlari va ularni barpo etish ishlari ikki guruhga ajratilgan. Birinchi guruhga hajm jihatdan kichik sug‘orish inshootlaridan foydalanuvchi qishloq aholisi ishtirok etgan. Ularga mahalliy mutasaddi kishilar, mirobboshilar boshchilik qilgan. Ikkinchi guruh sug‘orish inshootlariga hajm jihatdan katta va yirik kanallar kiritilib, ularni bunyod qilish ishlariga xonlikning turli viloyatlaridan qazuvchi – hasharchilar jalb etilgan. Bunday inshootlar qurilishiga bevosita xon yoki joylardan uning vakili boshchilik qilgan.

Xonlikda dehqonchilik ekinlarining aksariyati O‘rta Osiyo xonliklariga xos bo‘lib, g‘allachilik, bog‘dorchilik, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish hamda ipakchilik yaxshi rivojlangan. Donli ekinlardan makkajo‘xori yetishtirish keng tarqalgan bo‘lib, u shahar va qishloqlarda kambag‘allarning asosiy iste’mol mahsuloti hisoblangan. Shuningdek, XIX asrga kelib xonlikda paxtachilik sohasiga katta e’tibor berila boshlangan.

Xonlik g‘arbiy qismining tabiiy sharoitida bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish uchun juda qo‘lay bo‘lgan. Janubi-g‘arbiy Xo‘jand, Konibodom, Isfara, So‘x, Chimyon, Rishton hududlari asosan o‘rik yetishtirishga to‘la ixtisoslashgan. Bu davrda butun Farg‘ona vodiysida tut daraxti keng tarqalib, u tog‘ oldi va qadimgi dehqonchilik vohalaridan hisoblangan So‘x, Isfara, Namangan, Ashtda ipakchilik uchun qadimdan o‘stirib kelinan.

Xonlikda yer va suv hukmron tabaqalariniki hisoblanib, yerga egalik qilishning to‘rtta turi mavjud bo‘lib ular quyidagilar edi:

1. Xiroj yerlar – yer egalarining xususiy yerlari.
2. Davlat yoki amloq yerlari – xonga qarashli yerlar – o‘rmonlar, to‘qaylar, yo‘lu-ko‘priklar.
3. Xususiy yerlar – xonning maxsus farmoyishi bilan yirik amaldorlarga berilgan yerlar (suyurg‘ol).
4. Vaqf yerlari – diniy muassalar, ya’ni, masjid, madrasa va mozorlarga qarashli yerlar.

Manbalarga ko‘ra, amloq xon ixtiyoridagi yer bo‘lib, u “zamini xos”, deb atalgan. Bunday yerlar xon tomonidan ayrim guruh va mansabdor shaxslarga berilgan. Yerni olgan kishi unga o‘z hisobidan ishlov berib, sug‘organ. Olgan hosilidan esa xonga soliq to‘lagan va bu soliq miqdori xiroj (xiroj – hosilning 1/5 dan 1/8 qismigacha tashkil etgan) dan ko‘proq bo‘lgan.

Yerga egalik qilishda mulk, ijara, urg‘u, tanho shakllaridan ham foydalanilgan. Mulk – boylarga qarashli xususiy yerlar bo‘lib, ular dehqonlarga ijaraga berilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ijara – muayyan shartlar asosida beriladigan barcha ko‘chmas va ko‘chadigan mulk-yer, ariq, tegirmon, tim, rasta, ulov av boshqalarni o‘z ichiga olgan mulk shakli bo‘lsa, urg‘u – musodara qilish yo‘li bilan xon mulkiga aylantirilgan yoki gunohkorni qo‘lga olishda jonbozlik qilgan shaxslarga berilgan yer va mol-mulkdir.

Tanho – hukmdor tomonidan alohida xizmat ko‘rsatgan kishilarga amloq yerlardan ba’zilari in’om etilishi tufayli paydo bo‘lgan mulk shakli bo‘lib, bunday yerlarda soliq yig‘ish huquqi tanho egalari – tanhodorlarga berilgan. U o‘ziga berilgan yer, bir nechta qishloq, hatto, katta mulkning yillik yoki yarim  yillik daromadini hadya sifatida olgan. Ba’zan, amaldorlar bir umr tanhodor bo‘lgan va o‘g‘li xon marhamatiga sazovor bo‘lsa, tanhodorlik meros sifatida davom etgan. Harbiylarga tanho yoki xiroj taqdim etilsa, u tarxon deb atalgan.

Bu davrda xonlikning daromadi mahsulot va puldan iborat bo‘lib, ular asosan soliqlar undirish yo‘li bilan hosil qilingan. Soliq va majburiyatlar xonlikning barcha shahar va qishloqlarida deyarli bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Mamlakatda mavjud soliqlar joriy etilishiga ko‘ra, to‘rt turga: shariat qonun-qoidalariga binoan belgilangan asosiy soliqlar; rasmiy soliqlar; an’anaviy soliqlar; favqulodda joriy etilgan soliqlar.

Manbalarga ko‘ra, shariat qonun-qoidalari asosida joriy etilgan asosiy soliqlar. – xiroj, ushr va zakot hisoblangan. Dehqonchilikda donli ekinlar ekiladigan yerlardan olinadigan soliq – xiroj deb atalgan. Bu soliq hosilning beshdan bir qismini tashkil etib, 5 qop g‘allaning bir qop miqdorida undirilgan. Soliqning bir qismi mahsulot, bir qismi esa pul bilan to‘langan.

Ushr yerlari – “zamini ushr” deb yuritilgan yerlardan hosilning undan bir qismi miqdorida ushr solig‘i ruhoniylar foydasiga undirilgan. Zakot – mahsulotdan olinadigan savdo solig‘i yoki chorva mollari hisobidan olinadigan soliq bo‘lib, daromadning qirqdan bir qismini tashkil etgan. Xonlikning savdogarlik sarmoyalari aniq bo‘lmaganligi sababli, sharoitga qarab daromaddan zakot olingan. Shuningdek, chorva mollaridan ham qirqdan bir ulush hisobida zakot olingan. Arxiv hujjatlarida an’anaviy zakotdan tashqari – bo‘roqi zakoti, elatiya zakoti, sarkarda zakoti kabilar haqida ma’lumotlar bor.

Xonlikda joriy etilgan tanobona, xonsoliq, karvonlardan chegara yoki maxsus belgilangan shaharlarda, Sirdaryo kechuvidan olinadigan boj to‘lovlari, tuz boji, bozorlarda savdogarlardan, xon mablag‘iga qurilgan barcha inshootlardan olinadigan soliq kabilar rasmiy soliqlarga kirgan. Bog‘dorchilik, sabzavotchilik, polizchilikda ekin ekiladigan yer maydonining hajmiga qarab tanob solig‘i olingan. Soliq yig‘uvchi amaldor tanobchi (har bir tanob yerdan soliq oluvchi), eakot solig‘ini yig‘uvchi amaldorlar zakotchi deb atalgan.

An’anaviy soliqlarga to‘y marosimlaridan, meros bo‘linishidan, tarozidan, daryodan o‘tish uchun sollardan, qirg‘iz va qozoqlarning chorvasidan olinadigan va shunga o‘xshash soliqlar kirgan. Xonlikda bulardan tashqari yana turli xil favqo‘lodda soliqlar mavjud bo‘lib, u tilla puli va mis puli, ulov puli, alaf puli, nafsona, mushtak, kafsan, yaksara va boshqalardir.

Soliqlar qat’iy belgilangan miqdorda hamda o‘z vaqtida yig‘ilishi shart bo‘lsa-da, xon va amaldorlarning ihtiyori bilan bu holat o‘zgarib turgan. Harbiy harakatlar paytida, ayniqsa, soliqlarning turi va miqdori oshirilgan.

Xon xazinasiga kelib tushgan soliqlar – xossachi, bek xazinasiga tushgan soliqlar – beklik deb atalgan. Manbalarga ko‘ra, xon ihtiyoridagi yerlar “zamini xos”deb atalib, undan keladigan barcha daromad xonning ihtiyorida bo‘lgan. Xon xazinasiga tushadigan soliqlarning deyarli barchasi Qo‘qon shahri va uning atrofidagi qishloqlardan yig‘ilgan. Chetdan xon ihtiyoriga mahsulot va chorvadan yig‘iladigan zakot, Sirdaryo kechuvdan olinadigan boj , tuzdan, xossachi joylardan , xon mablag‘iga qurilgan barcha inshootlardan olinadigan soliq, to‘y marosimlaridan va meros bo‘lishdan yig‘iladigan soliqlar tushgan.

Qo‘qon xoligida soliqlardan ozod qilingan, ya’ni, “mulki xur” yerlar ham mavjud bo‘lib, ularning egalari bo‘lgan sayyid, xo‘jalar, shayxlar va eshonlar xonning maxsus inoyatnomalari asosida barcha soliqlardan ozod qilinganlar. Shuningdek, xonzoda va to‘ralar, ba’zi qozi, rais, amin, darvesh va so‘filar ham tanob solig‘idan ozod qilingan.

Soliqlardan tashqari aholi majburiy ravishda turli ishlarga – kanallar qazish, ariqlarni tozalash, obodonchilik ishlari, turli qurilishlarga, ayniqsa, hukmron tabaqalarning xizmatlariga jalb etilgan. Soliq, to‘lov va majburiyatlarning yildan yilga oshib borishi natijasida Qo‘qon xonligida xalqning noroziligi ortib borib, xonlikdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi davlatning siyosiy inqirozini ta’minlab bergan edi.

Hunarmandchilik va savdo-sotiq. Qo‘qon xonligida mamlakat poytaxti va boshqa ko‘plab shaharlar aholisining asosiy qismi hunarmandchilik va kosibchilik va shug‘ullanganlar. Hunarmandchilik shaharlarda ixtisoslashgan ko‘rinishga ega bo‘lib, buyumlarning bir turi va biror qismini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sohalar mavjud bo‘lgan. Hunarmandlar o‘z kasblarining sir-asrorlarini mukammal o‘zlashtirgan mohir ustalari bo‘lib, ishlab chiqargan mahsulotlarini yuksak san’at darajasiga ko‘targanlar.

Xonlikning deyarli barcha shahar va qishloqlarida hunarmandchilikning taraqqiyoti bir xil bo‘lgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish o‘zining ayrim xususiyatlari, ya’ni, mahsulotning turi, sifati bilan ajralib turgan. Hunarmandchilikning temirchilik, zargarlik, to‘quvchilik, degrezlik, kulolchilik, misgarlik va boshqa tarmoqlari keng rivojlangan bo‘lib, xonlikning har bir shahri muayyan sohada ishlab chiqargan mahsuloti bilan dong taratgan. Misol uchun, Qo‘qon shahri zargarlik va qog‘oz ishlab chiqarish, Shahrixon va Chust tikuvchilik hamda temirga ishlov berish, xususan, pichoqchilik, Marg‘ilon, Namangan va Andijon esa ipak gazlamalari, Toshkent o‘zining tikuvchilik, to‘quvchilik, cho‘yan, temir-mis mahsulotlari bilan mashhur bo‘lgan.

Butun xonlik hududida ishlab chiqarish qo‘l mehnatiga asoslangan bo‘lib, asosiy hunar turlari – ip va ipak matolar to‘qish, oyoq kiyim tayyorlash, teriga ishlov berish, kulolchilik mahsulotlari tayyorlash, temirchilik, egar-jabdug‘ yasash, bo‘yoqchilik, misgarlik, zargarlik, duradgorlik, aravasozlik, harbiy qurol ishlab chiqarish, o‘ymakorlik, mum ishlash, pista ko‘mir tayyorlash, kashtachilik, do‘ppichilik, pichoqchilik kabilar edi. Undan tashqari, xonga tegishli porox ishlovchi va qog‘oz tayyorlovli ustaxonalar ham bo‘lgan.

Xonlikda qurolsozlikka alohida e’tibor qaratilgan.Bu tarmoq shahar hunarmandchilik ishlab chiqarishining obro‘li sohalaridan bo‘lib hisoblangan. Qo‘qon shahrida zambaraklar, miltiqlar, qilichlar, pichoqlar, xanjarlar, qalqonlar, nayzalar va boshqa harbiy anjomlar tayyorlangan.

Xonlikning hunarmand-kosibchiligi serqirra va mazmunan boy bo‘lib, ijtimoiy holatiga ko‘ra hunarmandlar ikkita – yuqori va quyi tabaqalarga bo‘lingan. YUqori tabaqa vakillariga o‘z ustaxonasi, mehnat qurollari va xom ashyosiga ega bo‘lgan ustalar kirgan. Mulkdor tabaqalar qo‘lidagi ustaxonalar va mehnat qurollaridan foydalanuvchilar, yuqori tabaqaga kiruvchi ustalarning qo‘llarida kunbay yollanib ishlovchilar quyi tabaqa hisoblangan.

Xonlikda hunarmandchilik va kosiblik ishlab chiqarishini asosan paxtachilik, ipakchilik, chorvachilik tarmoqlari va yer osti boyliklarini qazib chiqarish sohalari xom ashyo bilan ta’minlagan. Hunarmandchilik uchun zarur bo‘lgan xom-ashyolar xonlik hududidan olinish bilan birga chetdan ham harid qilingan. Asosiy xom ashyolardan biri bo‘lgan oltin Sirdaryoning yuqori oqimidan, Qonsuv daryosidan olingan. Shuningdek Kosonsoydan, Qoratog‘ning shimolidagi Kukrev daryosidan, Chirchiq daryosi bo‘ylaridan, Burchmulla yonidan, Chotqol daryosining yuqori oqimidan ham oltin olingan. Hunarmandlar temir rudasini Oloy tog‘ tizmasi etaklaridan, qo‘rg‘oshin va boshqa ma’danlarni Qoratovdan qazib olganlar. Manbalarga ko‘ra, yer osti boyliklarini qazib chiqarish shunchalik sodda va kam bo‘lib, u ehtiyojni talab darajasida qondira olmagan. Shuning uchun ham aksariyat metallar Rossiyadan olib kelingan.

Qo‘qon xonligi hayotida ichki va tashqi savdo munosabatlari alohida ahamiyatga ega edi. Ichki savdo – o‘troq dehqonlar, ko‘chmanchi chorvadorlar va shahar-qishloq hunarmandlari o‘rtasidagi an’anaviy mahsulot ayirboshlashga asoslangan. Aholining kundalik ehtiyojlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar bilan ta’minlab turilgan. Barcha ichki savdo chakana bo‘lib, ulgurji savdo deyarli bo‘lmagan.

Hunarmandlar va kosiblar savdo orqali yaqin aloqada bo‘lganlar. Hunarmandlar aksariyat hollarda o‘z mahsulotlarini o‘zlari sotganlar. Dehqon va chorvadorlar esa, haftaning muayyan kunlari o‘z mollarini bozorga olib chiqqanlar. Bozorlardagi narx-navo bir xilda turmagan. Narx-navo xonlikdagi tinchlik-osoyishtalik, urushlar, ob-havoning yomon kelishi oqibatida hosildorlikning pasayishi kabi omillarga qarab o‘zgarib turgan.

Qo‘qon xonligining eng asosiy savdo va tijorat markazi Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon, Andijon, Xo‘jand, Namangan, O‘sh, O‘ratepa kabi shaharlar bo‘lib, ular orasida Qo‘qon nafaqat xonlik, balki butun O‘rta Osiyoning savdo markazlaridan biri hisoblangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qon bozorlari o‘zining mahsulotlarga boyligi va narx – navoning boshqa shaharlarga nisbatan ancha arzonligi bilan ajralib turgan. Shaharning devorlar bilan o‘ralgan katta bozorlari mahalliy aholi va chetdan kelgan savdogarlar bilan doimo gavjum bo‘lgan. Rus manbalarida keltirilishicha, XIX asrning 20-yillarida Qo‘qonda oltita bozor bo‘lib, ular yakshanba, chorshanba va payshanba kunlari ishlagan. Bu bozorlarda qattiq nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, xaridor haqqiga xiyonat qattiq jazoga tortilgan.

Qo‘qon honligining iqtisodiy hayotida tashqi savdo ham muhim ahamiyat kasb etgan. Mamlakat g‘arb va janubda Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, sharqda Xitoy (Qashg‘ar orqali), shimolda Dashti Qipchoq ko‘chmanchilari  va ayniqsa Rossiya bilan keng savdo aloqalari o‘rnatgan. Ayrim manbalarda xonlikda yaponiyalik va angliyalik savdogarlar ham kelganligi eslatib o‘tiladi.

Xonlikdan chet elga asosan ipak va ipak matolar, paxta, charm, qimmatbaho toshlar, oltin, kumush, zargarlik buyumlari va boshqa mahsulotlar chiqarilgan. Chet eldan asosan choy, metall, chinni, uy-ro‘zg‘or buyumlari, tayyor gazlama, kiyim-kechak, poyifzal va boshqalar keltirilgan.

Xonlikning savdogarlari Buxoro va amirlik chegaralaridagi shaharlar bilan muntazam savdo aloqalari olib borganlar. Har ikkala davlatning savdogalari savdo ishlarida faol ishtirok etib, qo‘qonlik savdogarlar Buxoro amirligiga xo‘jalik hayotda zarur bo‘lgan rus temiri, po‘lat va cho‘yandan yasalgan buyumlar, tamaki, ro‘mol, guruch va ba’zi xitoy yoki mahalliy ipak gazlamalari, choy, chinni idishlar olib borishgan bo‘lsa, buxorolik savdogarlar esa Qo‘qonga hind choyi, surp mato, harir, buyoq, afyun (taryok), zardo‘zlik mahsulotlari, ip va gazlama olib kelishgan.

Rus chiti Buxoroning Qo‘qon xonligi bilan savdosida alohida o‘rin egallagan. Bu mato Orenburg yoki Petropavlovskdan Kazalinskka, undan Buxoro, Samarqand va Xo‘jand orqali Qo‘qonga olib kelingan. Shuningdek xonlikda Mashhaddan olib kelinadigan ingliz gazlamalari, oz miqdorda bo‘lsa ham Qobulning to‘n va sallalari, hind attorlik mollari ham keltirishgan.

Qo‘qon xonligining Qashg‘ar bilan savdo munosabatlari xuddi Buxoro amirligi kabi bo‘lib, Qashg‘ardan Qo‘qonga afyun, chinni idishlar, kumush, xitoy ipak matolari, tola va gilamlar olib kelingan. Qozoq juzlarining Rossiyaga tobe etilishi hukmdor tabaqalar o‘rtasidagi o‘zaro urushlarning to‘xtashiga sabab bo‘ldi va bu holat O‘rta Osiyoning, jumladan, Qo‘qon xonligining Sibir, Ural, Volga bo‘yi bilan savdo aloqlariga keng yo‘l ochdi.

Xolik Hindiston bilan ham muntazam savdo aloqlarini olib borib. Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistondan yiliga Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Qashg‘arga Qobul orqali 10.000 dan 15.000 tuyagacha mahsulot yuborilgan. Ular orasida ip gazlamalar, ipak, echki juni, otlar va boshqalar chiqarilgan. Otlar savdoning katta foyda keltiradigan manbalaridan biri  bo‘lgan. Hind savdogarlari xonlikdagi shaharlarda yashab tijorat va hatto, sudxo‘rlik bilan shug‘ullanganliklari haqida ham ma’lumotlar bor.

Qo‘qonlikning tashqi aloqalarida Qo‘qon-Rossiya savdo munosabatlari ham alohida o‘rin tutgan. Manbalarga ko‘ra, 1861 yildan keyin rus sanoatining jadal rivojlana boshlaganligi xom ashyo bazasi va tashqi bozorga  bo‘lgan ehtiyojning yanada kuchayganligi Rossiyaning Qo‘qon bozorini faol egallab, undan cheksiz foydalanishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan. Rossiyadan Qo‘qonga temir, mis, po‘lat, cho‘yan va temir buyumlar, chit va sifatsiz gazlamalar, oz miqdorda  baxmal, shakar, oynalar, charm, Rossiyaga tobe bo‘lgan qozoq cho‘llaridan qo‘ylar  va uning terisi, charm va charm mahsulotlari, kigiz olib kelingan. Xonlikdan esa Rossiyaga asosan paxta olib chiqilgan.

Me’morchilik va amaliy san’at. XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asr boshlarida Qo‘qon xonligi kuchli markaziy hokimiyatga ega bo‘lgan markazlashgan davlat sifatida qaror topishi natijasida iqtisodiyotning birmuncha jonlanishi madaniy hayotga ta’sir etmay qolmadi. Mamlakat poytaxti Qo‘qon va boshqa shaharlarda bir qator me’morchilik obidalari, yo‘llar, ko‘priklar, hammomlar qurildi, amaliy va hattotlik san’ati rivoj topdi. XIX asrning birinchi yarmida xonlikda Umarxon, Muhammadalixon, Nodirabegim, Xudoyorxon, Sulton Murodbek, Sulton Sayidxon, harbiy boshliqlardan Musulmonquli, Aliquli, Xolmuhammad mingboshilar va zamonasining ilg‘or, ma’rifatli kishilari tomonidan me’moriy obidalar qurdirildi, shaharsozlik tez sur’atlar bilan rivojlandi. Me’morchilikda asosiy e’tibor madrasalar, masjidlar, xonaqolar, darvesh va qalandarlar uchun takyaxonalar, qorixonalar, sardobalar, ko‘priklar, hammomlar, bozor rastalari barpo etish ishlariga qaratilgan.

Me’morchilik imoratlarining markazi Qo‘qon shahri bo‘lib, 1842 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 15 ta madrasa mavjud bo‘lib, eng ko‘zga ko‘ringanlari Hakim to‘ra, Mohlar oyim, Muhammadalixon, Norbo‘tabek, Jomiy, Oliy, Sulton Murodbek, Xo‘ja dodxoh, Ming oyim madarasalari bo‘lgan. Shahar markazi Chorsuda to‘rtta yirik madrasa qad ko‘targan. Ushbu madrasalarning 38 tadan 108 tagacha hujrasi bo‘lgan.

Bu davrda Toshkent shahrida  ham bir qancha madrasalar barpo etilgan. Jumladan, Umarxon davrida Tinchbof go‘zarida Shukurxon madrasasi, Ko‘kcha dahasida Eshon Bo‘rixo‘ja Sanchiqmoni madrasasi qurilgan. Keyinroq Muhammadalixon farmoni bilan shahar registonida madrasa qad rostlagan va unga Mir Inoyatulloh bosh mudarris etib tayinlangan. Isoxo‘ja madrasasi, Charxchiko‘cha madrasasi, Mahmud dasturxonchi madrasalari ham shu davrda bunyod etilgan.

Shuningdek, Marg‘ilonda Saidahmadxo‘ja madrasasi, Andijon shahri atrofida Otaqo‘zi madrasasi, Mirzaquli Bo‘lish madrasasi kabilar qurilgan. Umuman olganda, xonlikning Qo‘qon, Toshkent, Andijon, Xo‘jand, O‘ratepa, Marg‘ilon, Turkiston kabi shaharlarida 200 dan ortiq madrasalar barpo etilgan.

Xonlikda Jome (juma va hayit namozlarini o‘qish uchun) va mahalla (besh vaqt namoz o‘qish uchun) masjidlari qurilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Jome masjidlari o‘zining salobatligi bilan ajralib turgan. Ular baland gumbazli  va tekis shiftli bo‘lib, har ikkala turdagi binoning ichki ko‘rinishidagi shiftiga va tashqi ko‘rinishidagi gumbaz bezagiga alohida e’tibor berilgan. Masjidlar binosining qurilishi va ularning ta’miri asosan vaqflar hisobidan amalga oshirilgan.

Qo‘qon xonligida maqbaralar xonlar, sayyid va xo‘jalar qabrlari ustida barpo qilingan va ularning qurilishi hamda ta’mirlanishi savobli ishlardan hisoblangan. Shuningdek maqbaralar qurdirish obro‘ orttirish vositasi ham bo‘lgan. Farg‘ona vodiysida XVIII – XIX asrlarda qurilgan maqbaralarning ichki ko‘rinishida  XI – XII asrlarga xos an’analar ko‘zatiladi.

Xonlik me’morchiligi tarixida jamoat binolari sirasiga kiruvchi hammomlar alohida o‘rin egallaydi. Hammomlar pishiq g‘ishtdan, bir necha gumbazli qilib qurilgan va ular egasining nomi bilan atalgan.

Xonlikda me’morchilikning rivojlanishi savdo-sotiq munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan inshootlar qurilishida ham kuzatiladi. Xonlik hududlarida markaziy yo‘llar bo‘ylab rabot va karvonsaroylar faoliyati davom etgan, bozorlar rivojlangan. Jumladan, Toshkentda Chorsu bozori sakkizta ko‘chani birlashtirgan. Bu bozor o‘nga yaqin savdo maydonlari va qirqqa yaqin savdo – hunarmandchilik rastalarini o‘z ichiga olgan. Rastalar ko‘chaning ikki tomoni bo‘ylab joylashgan va ularni ko‘cha o‘rtasini egallagan baland tim birlashtirgan. Tim yog‘och tirkagich va to‘siqlardan tashkil topgan. Bunday bino va inshootlar hukmdorlar, alohida amaldorlar va shaxslar tomonidan qurdirilgan.

Xonlik me’morchiligiga yog‘och, temir, pishiq yoki xom g‘isht, yupqa sopol g‘isht, ganch, marmar, xarsang tosh, sog‘ tuproq va ohak asosiy qurilish materiallari bo‘lgan. Temir va yog‘och kam bo‘lganligi bois qurilishda ko‘proq pishiq yoki xom g‘isht, ganch, tosh, loy, somon va ohak ishlatilgan. Binolar poydevoriga xarsangtosh yoki marmartosh yotqizilgan. Qurilishda terak, tol, tut, yong‘oq, qayrag‘och va archa yog‘ochlaridan keng foydalanilgan. Pishiq g‘isht, ganch, yupqa sopol g‘ishtlar maxsus xumdonlarda pishirib tayyorlangan.

Xonlikda qurilgan binolarning umumiy tuzilishi va rejalashtirishida an’anaviylik saqlanib qolgan bo‘lsa-da, Qo‘qon me’morchiligida tashqi aloqalarning ham ta’siri seziladi. Binolarning bezaklarida rang-barang g‘ishtlar ko‘p ishlatilgan. Shiplarga solingan gullar O‘rta Osiyodagi qadimiy yodgorliklardan o‘zining jimjimadorligi, bo‘yog‘ining yorqinligi, ularning ba’zan ko‘zni qamashtiradigan darajada aralash – quralash bo‘lib ketganligi bilan farq qilgan.

Qo‘qon xonligida qurilish va me’morchilik bilan birga amaliy san’at ham rivoj topgan. Xususan, amaliy san’atning naqqoshlik, yog‘och va ganch o‘ymakorligi sohalari yuksak darajada taraqqiy etgan bo‘lib, ularda me’morchilikda keng foydalanilgan. Amaliy san’atning yuqori darajasi Xudoyorxon saroyida, Oltiariqdagi Do‘sti Xudo masjida ayvonida ishlangan nashqlarda Andijon  atrofidagi Otaqo‘zi madrasasi bezaklaridagi islimiy naqshlarda, Chodak masjidining yog‘och va ganch o‘ymakorligida, Rishtondagi Xo‘ja Ilg‘or masjidining shift bezaklarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Qo‘qon xonligi me’morchiligi va amaliy san’atida butun O‘rta Osiyo uchun xos bo‘lgan an’anaviy uslublar bilan bir qatorda mahalliy xususiyatlar ham saqlangan. Qo‘qon, Toshkent me’morchilik maktablarining vakillari jamoat binolarini qurish va ularni bezashda, naqshlar tanlashda o‘z maktablarining an’analarini takomillashtirganlar hamda rivojlantirganlar. Qo‘qon va Toshkentning mahalliy me’morchilik maktablari o‘zlarining keng rejali, hajmli manzaralari, bezak va jihozlarning g‘oyat nafisligi, ranglarning sho‘xchanligi, hamda yog‘och va ganch o‘ymakorligi bilan ajralib turadi. Xonlik me’morchiligida chiroyli qilib aylantirib urg‘u berilgan, ichiga islimiy naqshlar tushirilgan, ko‘proq qizil hamda yashil bo‘yoqlar bilan jilolangan bezaklar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Bu davrda xonlikda hattotlik va kitobat san’ati ham rivoj topgan edi. Qo‘qon xonligining o‘z hattotchilik maktabi bo‘lib, mamlakatda ko‘plab xattotlar yashab, ijod qilganlar. Xattotlarning aksariyati shoir, tarixchi bo‘lgan yoki miniatyura san’ati bilan shug‘ullangan. Qo‘qonlik Muhummad Latif, Abdulg‘ozi Xo‘ja Xo‘qandiy, Mirzo Bobokalon Xo‘qandiy, Ahmadjon kotib, Abdug‘afur xattot, Mirzo Sharif Dabir, toshkentlik Muhammad Yunus Toyib Toshkandiy, Abdulvahobxo‘ja muhrkan, eshon Abdusami’xo‘ja Xatib o‘g‘li kabilar ko‘zga ko‘ringan xattotlardan bo‘lgan. Bu xattotlar nasx, shikasta, nasta’liq kabi yozuv usullarini puxta egallaganlar. Xattotlik san’ati asosan Qo‘qon, Toshkent, Andijon, Xo‘jand, O‘ratepa kabi shaharlarda ko‘proq rivoj topgan.

Ilm-fan. Tarixnavislik. So‘nggi o‘rta asrlarga kelib O‘rta Osiyoning deyarli barcha hududlaridagi ilm-fan, ta’lim va ma’rifat sohalarida diniy ta’limotlar hukmronlik qila boshladi. Boshlang‘ich maktablarda ham, madrasalarda ham asosiy e’tibor diniy ta’lim berishga qaratilgan. Diniy fanlarni o‘qitish madrasalarning asosiy vazifasi hisoblanib, dunyoviy fanlar, ayniqsa, tabiiy fanlar taraqqiyotida bir muncha turg‘unlik kuzatiladi. Madaniy hayotda yuzaga kelgan bunday vaziyat Qo‘qon xonligidagi ilm-fanning ahvoliga, ayniqsa, bu soha rovojining biryoqlamalik xususiyatiga sabab bo‘lgan edi.

Bu davrda aniq va tabiiy fanlarning xo‘jalik va maishiy hayotda, ya’ni amaliyotda qo‘llaniladigan sohalarigagina e’tibor qaratilgan. Kundalik turmushda tibbiyot, me’morchilikda matematika va handasa, sug‘orma dehqonchilikda o‘simlikshunoslik, gidrologiya va muhandislik ilmidan foydalanilgan. Shunga ko‘ra, xonlikda aniq va tabiiy fanlardan tibbiyot, geografiya, tabiatshunoslik fanlari bilan shug‘ullangan olimlarni ko‘rsatish mumkin.

Toshkentlik Muhammad Solih (Qaroxo‘ja eshon domla) o‘lkashunos-geograf, tabiatshunos-zoolog olim sifatida ijod qilgan. U o‘zining “Tarixi jadidai Toshkand”(“Toshkentning yangi tarixi”) asarida Toshkent shahri va vohasining geografiyasi, toponimikasi, o‘simlik olamini yoritgan. Tabobat bilan shug‘ullangan Mullo Avaz Muhammad tibbiyotga oid “Mavarix al-qulub”(“Qalblar sururi”) nomli asar muallifidir. U tabib sifatida bemorlarini o‘tlar (giyohlar) yordamida davolash bilan ham mashhur bo‘lgan.

Xo‘jandlik Hoji Yusuf Hay’atiy eski maktabda tahsil olib, o‘zi mustaqil ravishda astronimiya, tabiat, geografiya fanlarini o‘rgangan. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlariga sayohat qilgan Hoji Yusuf uzoq yillar davomida o‘zining “Falakiyot”nomli asarini yaratgan. Ammo ushbu asar bizning kunlarimizgacha yetib kelmagan. Qo‘qonlik Muhammad Hakimxonto‘ra o‘zining “Muntaxab ut-tavorix” (“Saylangan tarixlar”) asarida Turkistonga oid geografik va seysmologik ma’lumotlar berib, 1823 yilda Farg‘onada yuz bergan zilzila haqida batafsil bayon qilgan. Uning geografiyaga oid ma’lumotlari esa O‘rta Osiyo geografik adabiyotining sarguzasht-sayohat janri bo‘la oladi.

Umuman olganda, xonlikda aniq va tabiiy fanlar o‘z rivojida davr talablaridan orqada qolib ketgan bo‘lsa-da, ijtimoiy -gumanitar fanlardan tarix va tarixnavislik, adabiyot ko‘proq rivojlandi. Qo‘qon tarixnavislik maktabiga mansub asarlar she’riy yoki qisman she’riy uslub yo‘lida yozilganligi bilan ajralib turadi. Garchi bu davrda yaratilgan tarixiy asarlarda maqtov, balandparvoz gaplar, hukmdor shaxsini ulug‘lash kabi xususiyatlar ko‘zga tashlansada, bu asarlar o‘z davrining mahsuli sifatida, o‘sha davr haqida ma’lumot beruvchi muhim manbalar sifatida juda qimmatlidir.

Bular qatoriga Niyoz Muhammad Ho‘qandiyning “Tarixi Shohruhiy”, Mirza Olim ibn Mirza Raxim Toshkandiyning “Ansab-ul salotin va tavorix ul-xavoqin”, Otabek Fozil o‘g‘lining “Mufassal tarixi Farg‘ona”, Akmal Shermuhammad Xo‘qandiyning “Amirnoma”, Fazliy Farg‘oniyning “Umarnoma”, Mirzo Qalandar Mushrifning “Shohnomai Nusratpayom”, Muhammad Hakimxonto‘raning “Muntaxab at-tavorix”, Mullo Avaz Muhammadning “Tarixi jahonnamoyi”, Toxiri Xo‘jandiyning “G‘aroyibi sipoh” kabi ko‘plab tarixiy asarlarni kiritish mumkin.

Adabiyot. Qo‘qon xonligi madaniy hayotida adabiyotning o‘rni ayniqsa yuqori edi. Shuning uchun adabiyot rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan Qo‘qon adabiy muhitining shakllanishi xonlikda madaniyat taraqqiyotini belgilovchi muhim mezon bo‘ldi.

Iste’dodli shoir va shoiralar, yozuvchilar, ya’ni o‘z ilmining ustalari tomonidan shakllangan Qo‘qon adabiy muhitining o‘ziga xos xususiyati – unigng vakillari ikki yo‘nalishda ijod qilganliklaridadir. Birinchi yo‘nalishga mansub ijodkorlar saroy shoirlari bo‘lib, ularning asarlarida boy tabaqa vakillari madh etilgan. Ikkinchi yo‘nalish vakillarining  asarlarida esa xalqning orzu umidlari, intilishlari, dardu-hasratlari o‘z ifodasini topgan. Har ikkala yo‘nalish vakillarining umumiy jihati ham mavjud bo‘lib, bu ularning asarlarida Vatan timsoli , unga muhabbat hissining ilgari surilganligidir.

Qo‘qon adabiy muhitining vakillari va asarlaridan Amiriy taxallusi bilan falsafiy va lirik g‘azallar bitgan Umarxonni, Fazliy va Mushrif tomonidan yozilgan “Majmuat ush-shuaro”(“Shoirlar to‘plami”) tazkirasini, Huvaydoning “Devoni Huvaydo”, “Rohati dil” asarlarini, Gulxaniy va Maxmur asarlarini, Muhammad Yunus Toib, Muhsiniy, Nasimiy, Xo‘qandiy, Nodir, Nozil, Pisandiy, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin, Dilshod, Zebuniso kabi ko‘plab shoir va shoiralarnini keltirish mumkin.

Tadqiqotchilarning fikricha, Qo‘qon xonligidagi adabiy muhit va madaniy hayotni shakllantirishda temuriylar davriga taqlid yaqqol ko‘zga tashlanadi. Buni hukmdor Umarxon davrida shakllangan, uning boshchiligida faoliyat ko‘rsatgan adabiy muhit va adabiyot namoyondalari misolida, yaratilgan asarlarning shakli va janrlarida ko‘rish mumkin. Madaniy hayot va adabiy muhitda ham ming sulolasini ulug‘lashga intilish ustunlik qildi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Qo‘qon xonligi nohoyatda murakkab, siyosiy kurashlar avj olgan bir davrda vujudga kelib, shakllandi. Chunki, xonlik tashkil topgan davr O‘rta Osiyoda buyuk imperiyalar davri o‘tib, mahalliy yo‘lboshchi sulola vakillari turli yo‘llar bilan hokimiyatni qo‘lga olib, qabilaviy konfederatsiya asosida davlat tuza boshlagan davrga to‘g‘ri keldi. Urushlar va o‘zaro kurashlarga boy bo‘lgan Qo‘qon xonligi davlat boshqaruv shakliga ko‘ra mutlaq monarxiya bo‘lib, mamlakatda mulkdor tabaqalar, yetakchi urug‘lar (ming, qipchoq, qirg‘iz, saroy)larning zodagonlari, ruhoniylar, ayniqsa sayyidlar va xo‘jalar yuksak maqomga ega edilar.

XIX asr o‘rtalaridagi siyosiy boshboshdoqlik, o‘zaro urush va nizolar mamlakat hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, Qo‘qon xonligi hayotining barcha sohalarida tushkunlik davri boshlanadi. Bundan unumli foydalangan Rossiya imperiyasi “o‘z chegaralarida” tinchlikni o‘rnatish bahonasida xonlik hududlarini bosib oldi va uning o‘rniga 1876 yilda Farhona viloyati tashkil topdi. Shunga qaramasdan, Qo‘qon xonligi mintaqadagi yirik davlatlardan biri sifatida o‘ziga xosliklarga ega bo‘lib, O‘zbekiston davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutadi.

   Qo‘qon xonligi hukmdorlari (Sagdullayev A.S. va boshq. O‘zbekiston tarixi:…, 233-b. Qisman o‘zgartirish kiritildi)

  1. Shohruhbiy – 1709-1721 yy.
  2. Abdurahimbiy – 1721-1733 yy.
  3. Abdukarimbiy – 1733-1750 yy.
  4. Abdurahmonbiy – to‘qqiz oy hukmronlik qilgan
  5. Erdonabiy – 1751-1753yy.
  6. Bobobek – 1753-1754 yy.
  7. Erdonabiy (ikkinchi marta) – 1755-1769 yy.
  8. Sulaymonbek – 1769 yilda olti oy hukmronlik qilgan
  9. Norbo‘tabek – 1770-1801 yy.
  10. Olimxon – 1801-1810 yy.
  11. Umarxon – 1810-1820 yy.
  12. Muhammad Alixon – 1821-1842 yy.
  13. Buxoro amiri noibi Ishoq mang‘it – 1842 y. Uch oy.
  14. Sheralixon – 1842-1844 yy.
  15. Xudoyorxon – 1845-1858, 1863(to‘rt oy), 1865-1875 yy.
  16. Mallaxon – 1858-1862 yy.
  17. Shohmurodbek – 1862-1863 yy.
  18. Sulton Murodxon – 1863-1865 yy.
  19. Nasriddinbek – 1875-1876 yy.

1. Sagdullayev A. S. va boshq…., 234 – b.

Bohodir Eshov,
“O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi”,
Toshkent-2012

https://shosh.uz/uz/qo-qon-xonligi-katta-maqola/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x