Qogʻozdan yasalgan gul

1930 yil boʻlsa kerak, oʻrtancha togʻam uylandi. Togʻam savodsiz, hunarsiz, mehnatnigina biluvchi yigit edi. Shu boisdan monand kelin topish xiyla qiyin koʻchib, Xonim bibim ancha vaqt “eshik sanab” sovchilikda yurdilar. Nihoyat, darakma-darak yura-yura, Qurbaqaoboddan kambagʻal, ota-onasiz bir oilaning oʻqimagan savodsiz qiziga boʻlishdi.

Toʻydan keyin bir kun Xonim bibim kelin bolani biznikiga salomga olib keldilar.

Kelin oʻn sakkiz, oʻn toʻqqiz yoshlarda, durkun, husndor, ipaklarga belangan upa-surmali edi. Husn, kiyim, koʻrsatilayotgan hurmat unda bir oz gʻurur paydo qilgan edi…

Kelin hovlida turib, hammamizga bir-bir salom qilish “marosim”ini oʻtadi. Oʻz xonalarida yozuv bilan mashgʻul boʻlgan dadam ham hovliga chiqib kelinga “koʻp yashang” deb va bibim bilan soʻrashib kirib ketdilar.

Choydan soʻng oyim osh damlashga unnab ketdilar, bibim dam olgani uzaldilar. Kelin esa tortinib-netib oʻtirmay, oʻzicha uylarimizga bir-bir kirib, tanishib, hatto osigʻliq choyshablar orqasini ham qarab chiqdi va oxirida dadam ijodxonalariga kirdi-da, aylanib uyni tomosha qildi, keyin soʻzsizgina borib dadam yozib oʻtirgan stol yoniga oʻtirdi. U endi chamasi dadam bilan ozgina “suhbatlashmoqchi” edi…

Men kelinning bunday erkin, magʻrur harakatidan taajjubda edim. Chunki salobatli dadam oldiga har kim ham (ayniqsa, ijod chogʻida) botinib kira olmas, Xonim bibimlar-ku, umuman dadam bilan soʻylashib oʻtirishga uyalar edilar.

– Siz kitob yozishni yaxshi koʻrasizmi? – dedi kelin.

– Ha, yaxshi koʻraman, – deya dadam kulimsidilar.

– Ishqilib, hamma ham oʻzicha bir narsani yaxshi koʻrar ekan-da, – dedi kelin, goʻyo qadrdon doʻsti bilan miriqib soʻzlashmoqchiday, oyoqlarini chalishtirib. – Mening akam kiyinishni yaxshi koʻradi. Uning qoʻsha-qoʻsha qiyiq bogʻlab, baland poshna etik kiyib, koʻchada gʻarch-gʻurch bosib yurganini koʻrmagansiz-da. Hamma tomosha qiladi… Shu akam oʻtgan yili Qurbon bayramiga chiqmadi.

– Ha, ha, nega chiqmadi? – Dadam qalamni qoʻyib ajablanganday jiddiy tus oldilar.

– Akam Toʻlagan koʻnchining uyida xizmat qiladi. Bayram oldidan xoʻjayinidan yillik xizmat haqini olib, oʻziga bosh-oyoq kiyim qildi. Hammasini olibdi-yu, faqat qiyiqchasiga qolganda puli yetmabdi. “Qiyiqcha bogʻlamay bayramga chiqamanmi, chiqmayman!” dedi. Oyim: “Hayitga chiq, bolam”, deb yalindilar, baribir chiqmadi. U juda oʻjar, bir soʻzli.

– Chiqmay chakki qilibdi-da. Axir, bogʻlab yurgan qiyiqlar yoʻqmidi?

– Bor edi qoʻsha-qoʻsha… “Hammasi yangi boʻlsin”, dedi-da. Eskisini bogʻlab chiqqani uyaldi.

Shu vaqt kelinning dadam oldida “suhbatlashib” oʻtirganidan xabar topishdi, shekilli, Xonim bibim tavoze bilan asta kirib: “Kelin poshsha, bu yoqqa chiqing, yumush bor”, dedilar va boshlab olib chiqib ketdilar. Tashqariga chiqqach, kelinga qarab achchigʻlanganicha nimalarnidir soʻzladilar.

Kechqurun mehmonlarni kuzatgach, biz darhol dadamga kelin haqidagi oʻz eʼtiroz-fikrlarimizni bildirdik. U kishi kulib tinglab oʻtirib, oyimga:

– Kelin… joyida, lekin tarbiya koʻrmagan, – dedilar. – U bamisoli qogʻozdan yasalgan gul… Husni bor-u, xush boʻyi yoʻq… Bunga aybdor oilasi, oʻqimaganligi, saviyasizligi…

 

Habibulla Qodiriy

“Otam haqida” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/qogozdan-yasalgan-gul/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x