Qogʻozdagi zilol chashma

(Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovga maktub)

 

Inson mehr uchun yaralgan. Sadoqat va vafo, goʻzallikdan bahramand boʻlmoq uchun yaralgan. Yoʻlda duch kelgan toʻfonlarni yengmoq, umrning oriyatli sahifalarini toʻldirmoq uchun yaralgan. Kim qanday yashaydiyu el-yurtga qanday xizmat qiladi? Bu gʻoyat murakkab, ayni vaqtda ulugʻvor masʼuliyat.

Ana shu murakkablikning yechimini sizning ijodingizda bir umr koʻrib keldim, kelmoqdaman. Bir umr deganimga sira ajablanmang. Chunki sizning gazetada eʼlon qilingan birinchi hikoyangizu uning dilkash muhokamasi, qoʻsha-qoʻsha qissalaringizu romanlaringizning parvozlari koʻzim oʻngida boʻldi. Ustozlarning sizga boʻlgan hurmatlari, ishonchlari va sizni ehtiyot qilishlari koʻz oʻngimda boʻldi. Bu eʼzozlar sizning katta baxtingiz, katta masʼuliyatingiz edi. Siz buni qadr qildingiz, oqladingiz. Ustozlarning iliq soʻzlari, gohi roʻyirost aytgan tanqidiy fikrlari sizga faqat qanot berdi, ilhom berdi. Xalq oʻrtasidagi obroʻyingizga obroʻ qoʻshildi…

Kitob javonimdagi asarlaringiz hamon mening qadrdon doʻstlarim. Yoshligimni sogʻinsam, joʻshqin Oʻtkan kunlarimni eslasam, ularni qoʻlga olaman. Ular yoshligimdagi kabi mening sirdoshim, maslakdoshim, koʻngil yupanchim. Men qahramonlaringiz bilan hamon gaplashaman. Hamon ulardan yoʻl-yoʻriq olaman…

Yaqinda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ingizni qayta nashr etganini eshitib, uni koʻrmoqqa shoshildim. Kitob ichidagi bir-biridan asil, sermazmun gaplar kishini oʻylatadi, mulohazaga chorlaydi. Ularning koʻpi aksioma, demak, isbot talab qilmaydigan gap. Oʻzingiz aytmish, ularning har biri alohida asar.

Bir qatrangiz meni allanechuk holatga soldi. Toʻgʻrirogʻi, yuragimni ezib yubordi. Ehtimol, bu eskishaharlik boʻlganim uchundir. U bagʻri bu bagʻriga yetmagan, bolam-chaqam deb, ularga halol taom yediray, deb oʻzi choʻgirga aylangan kishilarni bolalikdan koʻp uchratganim uchundir. Uni oʻqib, anchagacha xayolga choʻmib qolganim shundandir. Mana oʻsha qatrangiz: “U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. Toʻrt qiz, uch oʻgʻilni oyoqqa turgʻazdi. Oʻgʻillarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi. Koʻz yumayotganida “Hammalaringizdan mingdan-ming roziman” dedi…

Qarashsa, kafanligi yoʻq ekan…”.

Bir kun Doʻrmonga, Yozuvchilar bogʻiga taklif etib qolishdi. Ustoz Ibrohim Rahim bilan yosh ijodkorlarning iliqqina suhbati boʻldi. Lekin mening esimda qolgani va hozirgacha saqlanayotgani ikki muhim gap boʻldi: “Vaqtning qadriga yetinglar” va “Yon daftar tutinglar”. Vaqtning qadriga qay darajada yetdim, bilmaymanu oʻsha kundan boshlab kundalik daftar tuta boshladim. Hamon shu odatimni tark etmaganman. Hamon kitob, gazeta-jurnallar yo radio, televizor orqali kerakli yo oʻta maʼqul fikrlarni uchratsam, unga yozib qoʻyaman. Bilmadim, bu kitobingizdagi qancha gaplarning tagi chizilganu qanchasi daftarimga koʻchirilganiykin?! Farzandlaringizga aytgan soʻzlaringiz barcha ota-onalarning soʻzlaridek jaranglaydi. Urushlar haqidagi fikrlaringiz, bugungi tinchlik kunlarimiz uchun shukronalikka chorlaydi. Sovet davrining mudhish “xislatlari” tasviri-chi?

Kitobchangiz shoir yo yozuvchi boʻlishni orzu qilgan, uning azobli yoʻllarini bosib oʻtishga shay turgan yosh qalamkash uchun darslik oʻrnini oʻtaydi. Chunki undagi har bir lavha ijod jarayonining u yoki bu tomonini aniq tasvirlab beradi. Ana endi nafaqat ular, balki til va adabiyot olamida mutaxassis boʻlaman degan muallim, boʻlajak adabiyotshunos va jurnalistlar undagi har bir gapni yon daftarlariga koʻchirib olaversinlar, mutolaa qilsinlar.

Yoki oddiygina “Chegara” qatrangizning taʼsir kuchini aytaymi? U bir qancha boblik roman javob berishi mumkin boʻlgan katta bir savolga javob beradi.

Eh, Oʻtkirjon, Oʻtkirjon! Baribir ustoz Said Ahmad akaning shogirdlarisiz-da. Ularga sadoqatingizni tabassumli tasvirlaringizda izhor etgansiz-qoʻygansiz. Ularni qayta-qayta oʻqisa ham toʻymaydi kishi. Menda shu holat yuz berdi: aylandim – oʻqidim, oʻrguldim – oʻqidim. Miriqib-miriqib kuldim. O, qancha yengil tortdim. Bugina emas. Shunday ajib ustozlarni qanchalik sogʻinganimni, qoʻmsaganimni ham his eta oldim.

Darvoqe, hurmatli yozuvchim, kitobingizda shunday satrlaringiz ham bor (uni ataylab oxirrogʻiga qoldirdim, chogʻi): “Daraxtning meva tugishiga shay turgan qanchadan-qancha gullarini sovugʻu shamollar uchirib ketgani kabi umrimning qanchadan-qancha onlari hasadgoʻylar yetkazgan jarohatlardan ogʻrinishu munofiqlar boshlagan fitnalardan iztirob chekish bilan besamar oʻtganiga oʻkinaman”. Oʻtkirjon, sira-sira oʻkinmang, achinmang. Chunki bu – yoʻldagi janglar. Sizni yiqitishga uringan-u, lekin yiqitolmagan, ruhingizni sindirishga uringan-u, ammo sindirolmagan janglar… Ehtimol, ana shunday odamlar oʻzlari sezmaganlari holda “men”ingizning qaddi-qomatli boʻlishiga va oʻzini yaqqol koʻrsata bilishiga xizmat qilgandirlar.

Shunday qilib… “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ni varaqlar ekanman, qulogʻimda ajib bir qoʻshiq jaranglardi. Bu inson va ona tuproqqa baxshida mehr qoʻshigʻi edi. Uni siz kuylardingiz. Ha, Oʻtkirjon, faqat bu asaringizdagina emas, balki har bir asaringizda qoʻshiq kuylaysiz. Oʻz ohangi, oʻz soʻzi va avji bor qoʻshiq. Bu qoʻshiqlar yuragingizning oppoq qogʻozga tushgan zilol chashmasidir.

 

Yayra Saʼdullayeva

https://saviya.uz/ijod/nasr/qogozdagi-zilol-chashma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x