Dardlarimday uzun koʻchani
Oyoqlaring sasi oʻpadi.
Uxlab qolgan oydin koʻchani
Uygʻotadi sochlaring hidi.
Uzoqlardan senga izma-iz
Oshiq shamol ergashib kelar,
Yolvoradi u senga unsiz,
Yolvoradi tungi maysalar.
Koʻzlaringga oy boqar qonib,
Koʻzlaring oy nuriday toza.
Mana kelding –
Boʻgʻilib, yonib,
Seni yutar koʻhna darvoza.
Shamol esa koʻchada qolar,
Qilt etmaydi,qanotlari tinch.
Parcha-parcha boʻlib sinadi
U koʻtarib yugurgan sevinch.
Va labdagi boʻsa hididan
Mast boʻlgancha chayqalib behol,
Qayragʻochga koʻksini bosib,
Toʻlib-toʻlib yigʻlaydi shamol.
1978
Xurshid Davron.
https://saviya.uz/ijod/nazm/qiz-va-shamol-haqida-ertak/