Baxt soʻzi

Baxtiyorman degan birgina soʻzni

aytish uchun kerak qancha kuch-chidam,

garchi baxt soʻzlarning eng yoqimligi,

garchi tursa hamki tilning uchida.

Ogʻir botmasmikin

bu soʻz kimgadir,

tegib ketmasmikin oh-vohlariga,

qandoq bardosh berib yashayman keyin

baxtsiz kimsalarning nigohlariga.

Avvalo bu soʻzni oʻzgalar aytsin,

aytsinlar koʻzlari sevinchga toʻlib,

elning baxti uchun umrini tikkan

shoirlar aytmasin birinchi boʻlib.

Bu soʻzni bir umr aytmay yashadim,

har shodlik kelganda yurdim sekinroq.

Gʻam soʻzin elimdan avvalroq aytdim,

baxt soʻzin aytaman,

eldan keyinroq.

 

1984

 

Shavkat Rahmon

https://saviya.uz/ijod/nazm/baxt-sozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x