QISHLOQ XOʻJALIGI

QISHLOQ XOʻJALIGI — moddiy i. ch. ning asosiy tarmoqlaridan biri. Dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari olish uchun ekinlar ekish va chorva mollarini koʻpaytirish bilan shugʻullanadi, aholini oziq-ovqat mahsulotlari va xalq xoʻjaligining bir qancha tarmoqlarini xom ashyo bilan taʼminlaydi. Qishloq xoʻjaligi oʻsimlik va hayvon mahsulotlarini dastlabki qayta ishlashning turli tarmoqlarini ham oʻz ichiga oladi. Moddiy i. ch. ning boshqa jami sohalaridan farq qilgan holda Qishloq xoʻjaligi juda katta may-donlarda va hududiy xilma xil sharoitlarda olib boriladi. Unda yer (asosiy i. ch. vositasi), yorugʻlik, issiqlik, suv va tirik organizmlar — oʻsimlik va hayvonlardan foydalaniladi. Qishloq xoʻjaligining i. ch. davri ish davri bilan mos tushmaydi. Qx. ning asosiy tarmoqlari — dehqonchilik va chorvachilik. Ular ham oʻz navbatida bir qadar kichikroq tarmoqlarga boʻlinadi (dehqonchilikda — dalachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, oʻrmon xoʻjaligi va b. ; chorvachilikda — qoramolchilik, qoʻychilik, yilqichilik, choʻchqachilik, parrandachilik, asalarichilik, pillachilik va b.); Oʻz navbatida, dehqonchilik va chorvachilik tarmoklari ekiladigan ekinlar (gʻallachilik, sholikorlik, paxtachilik) va chorva mollari turlari (qoramol, qoʻy, ot, tuya) boʻyicha guruhlanadi.

Qishloq xoʻjaligi — inson xoʻjalik faoliyatining dastlabki turlaridan biri. Uning kelib chiqishi tosh davri oxiriga borib taqaladi. Bu davrda inson xoʻjalik va b. ehtiyojlarini qondirish uchun yerni oddiy qurollar bilan ishlagan, baʼzi xayvonlarni xonakilashtira boshlagan. Asrlar davomida turli sharoitlar taʼsirila dehqonchilik tizimi oʻzgargan va takomillashgan; hayvonlarning foydali xususiyatlari parvarishlangan, koʻplab zotlari yetishtirilgan.

Jahon Qishloq xoʻjaligida dunyodagi iqtisodiy faol aholining 45,2% (1316,7 mln. kishi) band. Q. x. da foydalaniladigan yerlar 13387,0 mln. ga, jumladan, haydaladigan yerlar 1380,8 mln. ga, jami sugʻoriladigan yerlar 271,4 mln. ga (1998). 1999-y. da jahon Qishloq xoʻjaligida 583,6 mln. t bugʻdoy, 596,4 mln. t sholi, 600,4 mln. t makkajoʻxori, 130,0 mln. t arpa, 294,3 mln. t kartoshka, 444,6 mln. t mevalar, shu jumladan 60,6 mln. t uzum yetishtirildi. Chorvachilikda 225,9 mln. t goʻsht, 562,4 mln. t sut tayyorlandi. 1338,2 mln. bosh qoramol, 912,7 mln. choʻchqa, 1068,6 mln. qoʻy va 709,9 mln. bosh echki, 14139,0 mln. tovuq boqildi.

Dildora Saidova.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x