Oʻzbek adabiyoti tarixi bevosita folklor bilan boshlanib, uning tarixiy taraqqiyotida ogʻzaki soʻz sanʼati boy maʼnaviy-badiiy manba sifatida xizmat qiladi. Oʻzbek mumtoz nasrining ajoyib namunalaridan biri Nasiriddin Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy” asari ham ana shunday yozuv adabiyoti bilan ogʻzaki ijodning barcha unsurlarini oʻzida mukammal aks ettirgan yodgorliklardan hisoblanadi. Shu sababli yodgorlik oʻz davri va undan keyingi asrlarda ham mashhur boʻlib, xalq orasida “Qisasi Rabgʻuziy”, “Qisasul anbiyo” nomlari bilan yuritilgan va hozirga qadar uning bir nechta qoʻlyozma va nashriy nusxalari topilgan. Mazkur nusxalarni oʻrganish va ularni bir-biri bilan qiyoslash asnosida, har bir kotibning asarni koʻchirish jarayonida qissaning tilini oʻz davriga moslashtirgani va, hatto, qissaga mustaqil baytlar, qoʻshimcha hikoyatlar kiritganligi maʼlum boʻldi. Natijada, asar nusxalarining tili, uslubi, kompozitsiyasi hamda syujet tizimiga jiddiy nuqsonlar yetganligi aniqlandi. Masalan, Sulaymon (a. s) haqidagi qissada tasvirlangan pari obrazining genezisi va oʻziga xos xarakter-xususiyatini “Qisasi Rabgʻuziy”ning Samarqand nashri misolida kuzataylik. Pari obrazi qadim zamonlardan beri mavjud boʻlib, Markaziy Osiyoda zardushtiylik dini joriy etilishidan ilgari yaratilgan ijod namunalarida ham oʻz ifodasini topgan. Hattoki, bu haqda “Qurʼoni karim”ning Naml surasi 17-oyatida ham “Sulaymonga jin, ins va qushlardan boʻlgan askarlari toʻplanib, tuzilgan holda turdilar”, deyilgan. Bu obraz devlar kabi oʻta qadimiy boʻlib uning hayoti, yashash joylari koʻpincha devlar bilan bogʻliq holda beriladi. Binobarin, G. P. Snesarev pari demonologik obrazining genezisi haqida: “Xorazmning baʼzi joylaridan olingan maʼlumotlarga koʻra, parilar devlardan paydo boʻlib, devlar ularning ota-bobolari boʻlganligi haqidagi qarashlar mavjud”ligini aniqlagan.
“Qisasi Rabgʻuziy”da ham pari obrazi dev obrazi bilan yonma-yon tasvirlanadi. Sulaymon (a. s) devlarga togʻlarning toshidan ulkan binolar qurdirgan, taxti uchun keng maydonlar barpo ettirgan boʻlsa, parilarga odamlar uchun mustahkam uylar qurishni buyurgan. Ularning bu xususiyati demonologik obrazlarning Sulaymon (a. s) davrida hamjihatlikda yashaganligini koʻrsatadi. Lekin “Qisasi Rabgʻuziy”ning Samarqand nashrida Sabo degan shaharning malikasi Bilqisning tugʻilishi haqida bir hikoyat keltirilganki, unda devlar va parilarning oʻzaro adovati tasvirini koʻrish mumkin. Qissa “Hikoyat” sarlavhasi ostida berilgan boʻlib, unda tasvirlanishicha, Ajmar podsho lashkarlari bilan shikorga chiqib, qandaydir sabablarga koʻra bir quli bilan sipohlaridan ajralib qoladi. Ittifoqo, shoh lashkarini izlab bir yerdan oʻtayotsa, bir oq ilon bilan qora ilon urishayotganini va qora ilon oq ilonni oʻldirish darajasida zarar yetkazayotganini koʻradi. Voqeaga shunchaki tomoshabin boʻlishni istamagan shoh quliga qora ilonni oʻldirib, oq ilonni qutqarishni buyuradi. Ertasiga shoh chorbogʻini aylanib yurganda, oʻta nazokatli, xushsurat bir yigit kelib unga salom beradi va oʻzini kecha shoh qutqargan oq ilon ekanini, qora ilon bir dev boʻlib, uni doim taʼqib qilib yurganini, nihoyat, uni yolgʻiz uchratib oʻldirmoqchi boʻlganida, shoh qutqarib qolganini aytadi. Eʼtibor qilinsa, jonning ilon suratida namoyon boʻlishi lavhasi hikoyat syujetida epik motiv evrilishiga asos boʻladi. Yaʼni, pari yigit minnatdorchilik ramzi sifatida shohga uch narsa taklif qiladi: birinchi tabiblikni, ikkinchi hamma roʻyi olamdagi hamma hisravonini koʻrguzishni, uchinchi parilar avlodidan boʻlgan goʻzal hamshirasini bermoqchi boʻladi. Podsho hamshira pariga uylanishni maʼqul koʻradi. Hamshira pari obrazining qissadagi tasviri maʼshuqa timsolining mukammal shakli, es-hushdan ajralish esa yuragiga ishq olovi yonayotgan oshiqi beqaror ruhiyatining obrazli ifodasidir. Bu holat “Hikoyat”dagi mifologik va demonologik obrazlarning mavjud xususiyatlariga qoʻshimcha tarzda qissada estetik funksiyani hosil qilgan. Shohning qarori ham folklor asarlarda koʻp uchraydigan anʼanaviy tanlov boʻlib, shundan eʼtiboran qahramonlarning hayotida ijobiy oʻzgarishlar sodir boʻladi. Pari yigit shohga hamshiraning oʻziga xos shartlarini: “zinhor muni soʻzini rad qilmagʻaysiz, har ish buyursa darhol vuquga kelturursiz, har tariqa yaxshi-yomon ish qilsa hargiz taʼriz qilmagʻaysiz. Zeroki, sizning aslingiz tufroqdin, bizning aslimiz oʻtni yolqinidin turur”, deb, parini shoh Ajmarga nikohlab beradi. Diqqat qilinsa, pari yigit oʻzini oʻtning yolqinidan, shohning esa tufroqdan yaralganligini aytib oʻtni tufroqdan yuqori qoʻymoqda. Zero, barcha diniy adabiyotlarda tufroq oʻtdan afzal hisoblanib, Azozil farishta ham oʻtdan yaralganligiga magʻrurlanib tufroqdan yaralgan Odam (a. s)ga past nazar bilan qaragani uchun ham laʼnatga uchrab, unga Shaytoni laʼin nomi berilgan edi. Bundan koʻrinib turibdiki, bu lavha diniy mohiyatdan butkul yiroq boʻlib, xalq fantaziyasi asosida yaratilgan ekan.
Shuni aytib oʻtish kerakki, M. Abduvohidova oʻzining “Rabgʻuziy va oʻzbek klassik prozasi” nomli maqolasida ham mazkur hikoyatga toʻxtalib: “pari yigit Ahmad podshoga uchinchi tuhfa sifatida oʻz singlisi Parizodni nikohlab bermoqchi ekanligini aytadi”. Bir qancha vaqtdan soʻng ular bir oʻgʻil koʻrishadi. Pari bir muddat chaqaloqqa qarab, keyin uni olovga tashlaydi. Yillar oʻtib ular qiz koʻrishadi. Pari uni bir necha kun parvarish qilib, keyin itga beradi. Parilarning farzandlar tarbiyasidagi bunday uslubi zardushtiylar udumini eslatadi.
Ittifoqo, oʻsha yurtga ulkan yov hujum qiladi. Shoh jangga chiqish oldidan xos vaziri Saryo unga talqon beradi. Shu payt shohning pari xotini kelib talqonni sochib yuboradi. Toqati toq boʻlgan shoh oʻzini tutolmay pariga dashnom berib, bu ishining sababini soʻraydi. Pari Saryo vazirning dushman bilan til biriktirib talqonga zahar qoʻshganini, soʻzining isboti sifatida talqonni Saryo vazirning oʻziga yedirib koʻrishini aytadi. Talqonni yegan vazir Saryo shu zahotiyoq til tortmay oʻladi. Shuningdek, oʻgʻli va qizi xususida qilgan ishlariga ham izoh berib, oʻgʻlini oʻtga tashlaganining sababi parilarning farzandini olov boqishini, qizini itga berganining sababini parilarning qizlarini it voyaga yetkazishini aytib, qizini shohga topshirib, vidolashadi. Oʻsha qiz Bilqis edi. Demak, hikoyat orqali parilar aqlli, ziyrak, uzoqni koʻra oluvchi gʻoyibiy mavjudot ekanligi uqtirilmoqda. Folklorshunos olim Gʻ. Jalolov qayd etganidek: “Dostonlarda ertaklardan oʻtgan pari tasviri ana shunday hayotiylik kasb etishi, fantastik tasvirlarning realistik ifodalarga yaqinlasha borganligi, ularning doston janri talablariga boʻysunib, asarlar magʻziga singib keta borganini koʻrsatadi. Bu holat folklor janrlari oʻzaro munosabatining yangi tomonlarini ochib beradi”.
Ijodkor “Qurʼoni karim”dagi oyat va suralarga tayangan holda, parilarning biologik tuzilishi hamda ularning farishtalardan oʻzaro farqini “Qisasi Rabgʻuziy”da quyidagicha izohlaydi: “… ammo uch narsa birla tafovutlari bor: biri ul tururkim, farishtalar nurdin, parilar yolindan turur. Ikkinchi, farishtalar malak atandi, parilar jin atandi. Uchunchi, farishtalar oʻrni adiz koʻkda boʻldi, parilar yerda boʻldi”. Bu obraz xalq ogʻzaki ijodida anʼanaviy obrazlar sirasiga kirib, koʻpchilik asar qahramonining orzusiga yetishishida yetakchi obrazlardan biri sifatida talqin etiladi.
“Hikoyat”da tasvirlangan pari obrazining oʻziga xos qiyofalari umumlashtirilib quyidagicha tasniflandi:
- Antropomorf;
- Zoomorf.
- Antropomorf parilar inson qiyofasida aks etib, ulardek hayot kechiradi. Parilarning antropomorf shaklidagi koʻrinishi faol boʻlib, asosan, dostonlarda uchraydi. “Insoniy qiyofa – parilarning asosiy shakli shamoyili. Bu koʻrinishdagi pari obrazining yetakchi belgisi goʻzallikdir”. “Qisasul anbiyo”da Ajmar shoh uylangan pari obrazida aynan ana shunday suluv qiz aks etgan.
- Zoomorf tipidagi parilar turli jonivor, parrandalar koʻrinishida boʻlib, xohlagan paytda insoniy qiyofadan qush yoki hayvonlarga aylanishi ularning asosiy hamda oʻziga xos funksiyasi hisoblanadi. Masalan, “Qisasul anbiyo”da aks etgan, Ajmar shoh qutqargan oq ilonning asli pari ekanligi ularning zoomorf koʻrinishda doston va ertaklarda tez-tez uchrashini koʻrsatadi.
Demak, “Qisasi Rabgʻuziy”ning “Qisasul anbiyo” nomi bilan nashr etilgan Samarqand nusxasida berilgan Ajmar shoh haqidagi “Hikoyat”da pari insonlarga xos boʻlgan yaxshilikka yaxshilik bilan javob beruvchi, aqlli, mehnatsevar, halol, vafodor, goʻzal boʻlgan antropomorf va zoomorf obrazlar sifatida talqin etiladi. Demonologik obrazning mazkur turi qissada syujet yaratishda gʻayrioddiy lavhalarni paydo etib, asarning badiiy-estetik funksiyasini kengaytirishga xizmat qilgan.
Xulosa qilib aytganda, “Qisasi Rabgʻuziy” xalqimizning turmush tarzini, dunyoqarashini, rang-barang urf-odatini, etnik xususiyatlarini oʻzida aks ettirgan turkiy badiiy nasrining nodir namunasi hisoblanadi. Unda olam va odam haqidagi ilk mifik tasavvurlar hamda dostonlarga xos lavhalardan foydalanib yaratilgan badiiy tasvirlar kishiga estetik zavq baxsh etadi, kitobxonga olamjahon ilm-maʼrifat beradi.
Zilola ShUKUROVA,
aspirant
“Sharq yulduzi”, 2012–4
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qisasi-rabguziy-dagi-bir-obraz-genezisi/