Qaydasan, Moriko?

Inson hayoti tasodiflarga, goho yetti uxlab tushiga kirmagan voqealarga toʻla.

Shu yil Gʻalaba kuni urushda halok boʻlgan shahidlar xotirasiga bagʻishlangan muazzam majmuaning ochilish tantanasidan uyga qaytib, endi dam olaman deb turgandim, telefon jiringlab qoldi.

Trubkadan qiz bolaning jarangdor ovozi keldi.

– Siz palonchi yozuvchimisiz? Men Oʻzbek turizmidan telefon qilyapman. Bizga Yaponiyadan bir guruh turistlar kelishgan. Bir xonim sizni tanir ekan, yoʻqlayapti. Iloji boʻlsa koʻrishsam, deyapti.

Hayratlandim.

– Qayoqdan tanirkan?

– Bilmasam, – dedi qizcha. – Yapon urushida qatnashgan ekansizmi? Port-Artur degan shaharda boʻlganmisiz?

Battar ajablandim.

– Ha, boʻlganman. Lekin…

Qizcha gapimni boʻldi:

– Oʻshanda koʻrishgan ekansizlarmi-yey. Qaysi bir kitobingizni oʻqigan ekanmi-yey. “Ulugʻbek” degan asaringiz bormi? Oʻsha kitobingizni oʻqigan ekan. U ruscha bilarkan…

…Port-Artur! Ruscha biladigan yapon xotin! Allaqachon yodimdan chiqqan, biroq chamasi koʻnglimning bir chekkasida mudrab yotgan ham maʼyus, ham kuz oftobiday tiniq esdaliklar selday yopirilib keldi-yu, xayolimni olib qochdi.

– Allo, – dedi qizcha. – Nega indamay qoldingiz? Yo uchrashishni xohlaysizmi?

– Yoʻ-yoʻq, xohlayman, xohlayman…

– Boʻlmasa telefonimni yozib oling. Istagan vaqtingizni aytasiz. Qolganini oʻzim tashkil qilaman.

Ming toʻqqiz yuz qirq beshinchi yilning iliq kuz oylari, Yapon ofitserlari uchun qurilgan shinam shaharcha – Port-Artur. Yam-yashil archazorlar orasiga yashiringan bir qavatli ozoda, koʻrkam uychalar. Rus soʻzlarini allaqanday yoqimli bidirlab gapiradigan yapon qizchasi Moriko!

Xayolim yana uzokdarga uchdi.

Salkam ikki ming chaqirimga choʻzilgan mashhur Gobi sahrosini yayov oʻtganda chekkan uqubatlarimiz, ortda qolgan Gobi sahrosidan keyin yoʻlimizni toʻsgan Xingan togʻlari ham orqaga chekingan. Oldinda esa cheksiz-chegarasiz, yam-yashil vodiy yastanib yotadi. Bu – shimoliy Manjuriyaning boshlanishi edi.

Bizlarni, ust-boshimiz chok-chokidan ketgan, kiyimlarimiz Gobi sahrosi changalzorlarida dabdala boʻlib, faqat paytavada qolgan, soch-soqollarimiz tikanday gʻovlab ketgan shoʻr peshona soldatlarni shu vodiy boʻylab yana podaday haydab ketishdi. Bir hafta deganda temir yoʻl oʻtgan qandaydir shaharga yetib bordik. Bu yerda xuddi konservaga tiqilgan selyodka baliqday qizil vagonlarga tiqishib olib ketishdi. Odam xuddi gʻimirlagan pashshaday, ularni qandaydir shaharlardan (keyin bilsak bu – Mukdsi va Xarbin degan shaharlar ekan) olib oʻtgach, bir hafta deganda haligi qizcha aytgan Port-Artur shahri atrofida yapasqi qirlarga olib borib, xuddi gugurt qutisidagi gugurt choʻplariday toʻkib tashlashdi.

Biz kelgan qirlar koʻrkam olmazor va nokzorlar bilan qoplangan. Kunduz kunlari bogʻlarga shoʻngʻib ketamiz: sababi urush, bogʻlar qarovsiz qolgan… Qoʻyinlarimizni asal taʼmi kelgan nok va olmalarga toʻldirib, pastdagi palatkalarimizga qaytamiz. Biz ham deyarlik qarovsiz qolganmiz. Xohlasak yotamiz, hohlasak turamiz, xohlasak olmazor qirlarga chiqib daydib ketamiz. Shunda koʻz oldimizda ulkan did va mahorat bilan qurilgan mittigina, lekin beqiyos koʻrkam shaharcha Port-Artur namoyon boʻladi. Shaharchaning bir tomoni moviy boʻgʻazga, boʻgʻaz esa oftob ostida jimirlab yotgan okean mavjlariga tutashib ketadi. Ufqda qayoqqadir ketayotgan kemalar koʻzga tashlanadi. Ular qayoqqa ketayapti? Ehtimol elimiz tomon yoʻl olayotgandir? Biz kemalar moʻrisidan eshilib chiqayotgan koʻkimtir tutunlarga entikib tikilamiz. “Biz ham bir kun shunday kemalarga tushib ona yurt tomon yoʻl olarmikanmiz yo suyaklarimiz bu goʻzal, lekin bizga yot guproqlarda qolib ketarmikan”, – degan oʻy yuraklarimizni zirqiratadi…

Bu takasaltang, daydi hayot oʻn kunga choʻzildi. Soʻngra tevarak-atrofdagi qismlardan bizga “sovchi”lar kela boshladi. Ular oʻzlariga kerak soldatlarni tanlab olishadi. Birovga merganlar, birovga pulemyotchi, birovga avtomatchilar kerak, yana birovga esa oshpaz kerak, hatto sartarosh, tikuvchilarni ham qidirib kelishadi.

Shunday kunlardan birida nomiga rota deyilgan, aslida intizom qolmagan bizning qismimizga koʻksi jarang-jurung orden-medallarga toʻla yosh, xushsurat bir mayor ikkita ofitser bilan “sovchi” boʻlib keldi. Ularga oʻn-oʻn beshta avtomatchilardan tashqari shtabda xizmat qiladigan, xati chiroyli, savodi yaxshi bir soldat ham kerak ekan.

Rota komandirimiz jangovor, ammo bor-yoʻgʻi yettinchi sinfni bitirgan ofitser bu masalada mendan “foydalanib” turar, yuqoriga yuboriladigan har xil axborotlarni menga yozdirib yurardi. U meni mayorga tavsiya qilgan ekan, chaqirib qolishdi. Mayor xuddi xarid qilgani ot bozoriga kelgan odamday, yelkamdan ushlab, uyoq-buyoqqa oʻgirib koʻrdi-da, toʻsatdan:

– Qaysi yurtdansan? – deb soʻradi.

– Oʻzbekistondanman, – dedim men.

– Millating oʻzbekmi?

– Oʻzbek…

– Nechanchi sinfni tugatgansan?

– Oʻninchi sinfni.

– Ruschang chakki emas. Qachon oʻrgangansan?

– Beshinchi sinfgacha rus maktabida oʻqiganman.

– Toshkentni koʻrganmisan?

– Koʻrganman…

Mayor lablariga kulgi yugurib:

– Toshkent degani nima degani? – deb soʻradi. Men dovdirab qoldim.

– Toshkent degani – Toshkentda!

Mayor shoʻrlab ketgan eski qalpogʻimni burnimga surib:

– E, seni qara-yu, shuniyam bilmaysan! – deb kuldi. – Toshkent degani – toshdan qurilgan shahar degani. Tosh degani – tosh! Kent degani – shahar.

Men oʻsal boʻldim. Biroq mayor oʻzini bilib-bilmaganlikka oldi-da:

– Xoʻp, – dedi. – Bugundan boshlab shtabimda kotiblik qilasan. Tushgacha shtabda xizmat qilasan, keyin mening uyimda mayda-chuyda ishlarni bajarasan. Masalan, pashsha qoʻrib yotasan. – U oʻziga xoʻp yarashgan moʻylovchasini silab yana kuldi.

Shu kundan boshlab, piyoda askar hayotining inson bolasi chiday olmaydigan uqubatlaridan zada boʻlgan kamina turmushida aql bovar qilmaydigan rohat-farogʻatga toʻla kunlar boshlandi. Qolgan vaqtim shtab boshligʻim – mayornbng uyida oʻtadi. Mayorga Port-Artur qalʼasining shundoqqina dengiz sohilidan, atrofi archazor chiroyli kottedj ajratilgan. Kottedj ilgari nufuzli yapon generaliga qarashli ekan…

Generalning hovlisi etagida xoʻjalik uyi va ombori ham boʻlib, barcha unvonlaridan va imtiyozlaridan ayrilgan general ikki qizi, biri 22–23 yashar Chiko san va kenja qizi Moriko bilan hovli etagidagi torgina xoʻjalik uyida turishar ekan. Sobiq general magʻlubiyatdan keyin tarki dunyolikni ixtiyor etib, uyida qamalib olgan, qizlarini esa rus ofitserlaridan qizgʻanib, tergagani tergagan ekan.

Men boshda ularga koʻp eʼtibor bermay, oʻz ishim bilan ovora boʻlib yurdim. Ishim esa juda gʻalati, soldat xizmatiga sira oʻxshamas edi.

Ertalab mayorning mashinasida xoʻjayinim bilan birga shtabga boraman. Tushgacha mashinkada (mashinkada bosishni bir haftadayoq oʻrganib oldim) yuqori shtablarga mayda-chuyda xabarlar yozaman, tushdan keyin esa mayorning shaxsiy ishlarini bajaraman. Haftada ikki marta polk omborxonasiga borib, oziq-ovqat olaman. Ofitserlarga beriladigan bu oziq-ovqat juda antiqa edi. Non deganingiz sen je, men je – qolganiga: yaponlardan oʻlja olingan, asal taʼmi keladigan, yeganda qisir-qisir qiladigan xalta-xalta galet-pichinon, quyultirilgan sut, goʻsht va baliq konservalari, kolbasa deganning uch-toʻrt xili, bir necha shisha spirt, qoʻyingki, birgina mayor emas, besh-olti kishi yeb tamom qilolmaydigan oziq-ovqat!..

Men bularni op kelib, salqin yertoʻlaga joylayman, soʻngra mayorning kiyim-kechaklarini dazmollayman, xonalarni yigʻishtiraman. Buning hammasiga ketsa bir-ikki soat ketadi, qolgan vaqt, mayor aytganidek: pashsha qoʻrib yotaman. Zerikkan paytlarimda esa mayorning durbinini olib, derazadan magʻlub general kulbasidagi hayotni, toʻgʻrirogʻi, mendan besh battar zerikkan qizlarning shoʻxliklari-yu, jinniliklarini kuzatib yotaman. Bir kun shu mashgʻulotim ustiga mayor kep qoldi. Men uning uyga kirganini sezmay qolibman, chunki ikki oʻyinqaroq qizning shoʻxliklari avjiga chiqqan, ular avval bir-biroviga suv sepishib, rosa kulishgan, keyin jiqqa hoʻl koʻylaklarini yechib, qip-yalangʻoch holda, kiyimlarini siqa boshlagan edilar. Umrimda qip-yalangʻoch qizlarni koʻrmagan, goʻlgina qishloq yigiti – men yuragim gurs-gurs urib, entikib yotgan ekanman, toʻsatdan:

– Sen nima qilyapsan oʻzi? – degan oʻktam ovozdan seskanib, sapchib oʻrnimdan turdim…

– Hech nima, oʻrtoq… mayor!

– Qani, durbinni buyoqqa choʻz! – buyurdi mayor. Soʻng, durbin bilan bir zum generalning kulbasiga qadalib turdi-yu, mening holimga tushib qoldi. Qaltiroq bosib hansiray boshladi.

– Ob-bo qurib ketgurlar-ey! – dedi u, durbindan arang koʻzini uzib. Qara, qanday nozik, xipcha bel, goʻzal! Ayniqsa kattasi. Xuddi… buqacha talab gʻunajinning oʻzginasi… Erkaksiz oʻlib boʻlganga oʻxshaydi. Men kecha “Smersh”da ishlaydigan ogʻaynimdan bilib oldim. Biz general deb yurgan bu odam 1941 yili Amerika flotini yer bilan yakson qilgan dengiz janglarida qahramonlik koʻrsatgan kontradmiral ekan. Xotini oʻlibdi. Ikki qizi bilan turarkan. Katta qizining ismi Chiko ekan, anovi kichkina shaytonchaning ismi Moriko ekan. Chikoning eri komikadze boʻlgan deyishadi. Komikadze degan soʻzni eshitganmisan? Oʻzlarini oʻlimga mahkum etgan imperator uchuvchilarini shunday deyishgan. Ular samolyotlari bilan oʻzlarini Amerika harbiy kemalariga tashlab oʻlishgan… Yo tavba!

Mayor chuqur xoʻrsinib, torgina xonani bir aylanib chiqdi-da, toʻsatdan qoramtir koʻzlari shoʻx chaqnab:

– Menga qara, ogʻayni, – dedi entikib. – Boshlarini aylantirib koʻrmaymizmi, bularning? Kichkinasi hali yosh. Eplasang qitiq patiga tegib, oʻynashib yurishing mumkin. Lekin kattasi menbop ekan! Nima deysan?

Esimga shtabdagi ofitserlarning shivir-shivir gaplari tushdi: rus ofitserlarining yapon qiz-juvonlari bilan aloqada boʻlishlari qatʼiy man etilgan. Kimki, bu masalada qoʻlga tushsa shafqatsiz jazolanadi!..

– Be-e, – dedi mayor bepisand qoʻl siltab. – Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmas! Olloi taolo oldimizga shunday bebaho neʼmatlarni qoʻyib qoʻyipti-yu, biz bu neʼmatni tatib koʻrmasdan oʻtib ketamizmi bu dunyodan! – Mayor shunday deb xitob qildi-yu, toʻsatdan:

– Oziq-ovqatlardan nimalaring bor? – deb soʻradi.

– Hamma narsa! Siz spirtdan boshqa hech narsani isteʼmol qilmaysiz-ku, oʻrtoq mayor!

– Boʻlmasa bunday qil! – dedi mayor gapimni boʻlib. – Bir quti top! Unga bir-ikki banka quyiltirilgan sut, bir-ikki xalta galet sol. Ular galetni oʻlguday yaxshi koʻrishadi! Bir-ikki dona kolbasa sol! Ungacha men bir xat yozib qoʻyaman.

– Ular til bilishmaydi-ku? Qanday tushuntiraman?

– Lapashang. Shuncha yashab koʻrmadingmi?, Opa-singillarning mittigina ruscha-yaponcha lugʻatlari bor. Doim koʻkraklariga bosib oʻqib yurishadi-ku! Bor, buyruqni bajar!

Yertoʻlaga tushib, karton quti topdim. Uni mayor aytgan noz-neʼmatlarga toʻldirib chiqdim. Xoʻjayinim hamon junbushda, betoqat kutib oʻtirardi. U bir parcha qogʻozni koʻrsatib:

– Oʻqib koʻr! – dedi. – Sendan yashiradigan sirim yoʻq!

Mayorning xati bor-yoʻgʻi bir ikki jumladan iborat edi.

“Chiko san! Men seni sevaman. Juda-juda sevaman! Kechasi qorongʻi tushganda kutaman. Kelmasang oʻlib qolaman. Seni qattiq quchib, mayor Misha Nogov”.

– Qalay, boplabmanmi?

Mayor tor xonani boshiga koʻtarib xushnud kuldi. – Oʻtmish tajribamdan bilaman: bunaqa xat olgan birorta qiz-juvon rad etgan emas! Sen joʻjaxoʻroz bu ishda nimani ham tushunasan? Birorta qizni oʻpganmisan oʻzi? – Mayor oʻziga yarashgan ingichka moʻylavchasini silab, yana qah-qah otib kuldi. Endi bunday qilasan, ogʻayni! Qutichangni anov archaning tagiga yashirib qoʻyasan-da, anovi kichkina shaytonchani imlab chaqirasan.

– General koʻrib qolsa-chi?

Koʻrib qolganda nima qilardi seni? Rus ofitseri yapon qiziga oshiqu beqaror boʻlganidan iftixor qilsin bu pati yulingan qari xoʻroz! Opasi bilan mening oramda pochtalon boʻlishi kerak bu mugʻombir shaytoncha! Agar shunga koʻndira olsang – xoʻp-xoʻp! Koʻndira olmasang shtabdan haydab yuboraman! Yurasan mashqlarda kechayu-kunduz yer emaklab! Bor, jangovor buyruqni bajar! Ana, oʻzim bilganday hovlidan chiqib, archalarga suv sepyapti! Nikohlab beraman uni senga!

Haqiqatan, mittigina Moriko qoʻlida uzun shlanga, yalang oyoq, yengsiz ich koʻylak va kaltagina trusikda, archalarga suv sepmoqda edi.

Haqiqatan, umrimda qizlar bilan erkin muomala qip koʻrmagan sodda yigitcha, yuragim patir-putur qilib hovliga chiqdim. Qutini biz tomondagi archa tagiga qoʻyib, Morikoni imlab chaqirdim. Chaqirar ekanman men negadir uni hurkib qochadi, – deb oʻylagan edim. Moriko esa qoʻlidagi shlangni otib yubordi-da, dik-dik sakrab, chopqillab yonimga keldi (chamasi, opa-singillar bizdan mana shunaqa bir ishorani kutib yurishgan ekan-ov). U shunday yaqin keldiki, men qizning yengil nafasini tuydim, ich koʻylagi tagidagi endigina turtib chiqqan va nimasi bilandir uchlik handalakchalarni eslatadigan koʻkraklari koʻksimga tegib, vujudimdan oʻt chiqarib yubordi. Uning xiyol qiygʻoch timqora koʻzlari kulib turar, koʻz qorachiqlarining oʻrtasida allaqanday tilla nuqtalar oftob zarralariday yaltillab turardi.

– Bu senga, – dedim men qutini ochib.

Moriko qiqirlab kuldi.

– O-o, juda koʻp-ku! – dedi u rus soʻzlarini yaponcha talaffuz qilib. Uning kulgisi ham, rus soʻzlarini buzib talaffuz qilishi ham endigina tilga kirgan goʻdakning bidirlashiday yoqimtoy edi.

– Bu esa opangga, Chikoga! – dedim mayorning xatini uzatib. – Sir emas! Xohlasang oʻqib koʻrishing mumkin!

Moriko xatni, olib, koʻz yugurtirib chiqdi-da:

– Men hozir, hozir! – deganicha chopqillab hovlilari tomon ketdi. Haqiqatan yangilishmagan edim, opa-singillar anchadan beri bizdan ishora kutib yurishgan ekan, chamasi! Mayor derazani ochib:

– Nima boʻlyapti oʻzi? – deb soʻradi betoqat boʻlib. Beixtiyor kulib yubordim.

– Shoshmang, osh pishyapti. Opasi bilan gaplashgani ketdi!

Moriko zum oʻtmay yaponcha-ruscha soʻzlagich-lugʻatni koʻkragiga mayin bosib qaytib chiqdi. Bu safar u boyagidan ham quvnoq, chehrasida bolalik shoʻxligi barq urib turardi.

– Opam rozi, – dedi u, bir menga qarab, bir soʻzlagichdan soʻz qidirib, – Faqat bugun emas, keyin, ertaga.

– Nega?

– Chunki… – U yana soʻzlagichni varaqladi. – Chunki… qiz-bola darhol rozi boʻlsa… uyat boʻladi! – U bolalarcha quvnoq kuldi-da, qutichani yengilgina koʻtarib olib, dik-dik sakraganicha hovlilari eshigida gʻoyib boʻldi.

Ogʻzim qulogʻimda mayorning oldiga chopdim. Mayor, gapimni eshitib dargʻazab boʻldi.

– Nega bugun emas, nega ertaga kelarkan? – baqirdi u. – Jangovor vazifani yaxshi bajara olmading, birodar! Bor, qayta gaplash! Ana, kichkina yana suv sepyapti. Unga ayt, tushuntir! Bugun kelmasa komandirim oʻlib qoladi, de!

Bu safar Moriko mening gapimga xomushgina javob berdi.

– Mayli, aytib koʻraman opamga! – U istar-istamas uylariga kirib ketdi-da, anchadan keyin kulimsirab qaytib chiqdi.

– Mayli, kapitan oʻlib qoladigan boʻlsa… oʻlib qolmasin bechora, chiqaman, dedi opam! – Moriko shoʻx kulganicha qochmoqchi boʻldi, yalangʻoch bilagidan shap ushladim.

– Sen ham kel, Moriko, kelasanmi? – hayajondan nafasim boʻgʻilib soʻradim undan. U qoʻlini tortib olmasdan:

– Nima qilamiz? – dedi koʻzlari kulib.

– Gaplashib oʻtiramiz.

– Bor-yoʻgʻi shumi?

– Agar rozi boʻlsang… rozi boʻlsang bitta oʻpaman. Moriko tim qora qisiq koʻzlarini oʻynatib:

– Yoʻq, menga oʻpishish mumkin emas! – nozlandi Moriko.

– Nega?

– Chunki… chunki men kichkinaman!

U shunday deb, kaftini yelkamga qoʻydi.

– Men ham senday boʻlganimda oʻpishishim mumkin!

U xandon otib kuldi-da, qoʻlini qoʻlimdan yulib olib tura qochdi.

Bu safar mayor xursand boʻlib:

– Mana bu boshqa gap, soldat! – deya yelkamga qokdi. – Lekin qachon kelarkin? Soatini aytmabdi-da!

– Soatini nima qilasiz? Qorongʻi tushganda keladi-da? Sabr qiling picha!

– Bor, bor, ishingni qil! – dedi mayor. – Yotib hurrakni otaver, ishing boʻlmasin biz bilan.

Shuncha saʼy-harakatlarimdan keyin qanday ishim boʻlmas ekan?

Men mayorning oʻz xonasida, qafasdagi sherday betinim odimlashiga quloq solib, uzoq yotdim. Qorongʻu tushdi hamki, Chikodan darak boʻlmadi. Oʻzimni chalgʻitish uchun asta-sekin Moriko haqida oʻylay boshladim. Oʻylashim bilan dilimni oftobday yorugʻ bir tuygʻu chulgʻab oldi. Men negadir uning bugun boʻlmasa ham erta-indin kelishiga amin edim. Agar kelsa… nima boʻladi, nima qilaman-a? – bu savoldan yuragim oʻynab, vujudimni titroq bosardi…

Shirin xayollar ogʻushida dong qotib uyquga ketibman. Ertalab mayor koʻrpamdan tortqilab uygʻotdi.

– Sen menga xizmatkormisan, yo men senga malaymi? Tush boʻldi-ku, dangasa! – mayor yosh boladay ishshayib turardi.

– Chiko san keldimi, oʻrtoq mayor?

Mayor moʻylovchasini silab, masxaraomuz kuldi.

– Keldimi emish! Hozir ketdi! Shunday muloyimki, ipak deysan. Naq urgʻochi mushuk deysan! Qoʻlingda ipakday eshiladi-ya, qizgʻar! Yoʻq! – Sochlarini toʻzgʻitib boshini silkidi u. – Kamina umrimda ne-ne goʻzallarni koʻrganman. Oʻzimizning rus Maruskalarini deysanmi, xoxlushkalarni deysanmi, polyachkalaru, nemkalar deysanmi? Faqat sening oʻzbek qizlaringni tatib koʻrmaganman! – dedi u, – chamasi meni xursand qilmoqchi boʻlib. – Toshkentda xizmat qilganimda koʻp harakat qilganman. Biroq, hech narsa chiqmagan! Bizning maruskalar hamma bilan yuraverishadi. Oʻzbek bilan ham, gruzin bilan ham! Ammo senlarning qizlaringni tuzogʻimga ilintira olmadim. Lekin oʻylaymanki, ular ham yaponkalarga tenglasha olmaydi. Bular batamom boshqacha boʻlarkan… Xoʻp, mayli!

Mayor, goʻyo oʻz gaplaridan oʻzi xijolat chekkanday qattiq tomoq qirib oldi.

– Endi bunday qilasan, – dedi u, buyruq ohangida. – Qurib ketgur Chiko spirt ichmas ekan. Bir-ikki shisha vino topish kerak, doʻstim! Sen bugun shtabga ham bormay qoʻyaqol. Toʻgʻri omborxonaga chop. Ombor mudiriga ayt, mayor yubordi de! Yerning tagidan boʻlsa ham bir-ikki shisha vino topib berar ekansan, de! Agar topib bermasang… mana bu yeringga! – mayor ketini shapatilab xaholab kuldi. Tepar ekan, de! Jangovor vazifa ayonmi, ogʻayni?

– Ayon, oʻrtoq mayor!

– Ayon boʻlsa… buyruqni bajar! Uylarni yigʻishtir. Ehtimol kichkinangni koʻndirarsan. Ehtimol, u ham kelar kechqurun. Agar kelsa… ikkimiz boja boʻlamiz!

Mayor xushchaqchaq kayfiyatda shtabga ketdi. Men darhol durbinga yopishdim. Yoʻq, na Chiko koʻrinadi, na kichkina! Shunday boʻlsa ham oʻsha kuni roʻy berishi mumkin boʻlgan totli onlardan yuragim hapqirib ishga kirishdim. Uyni yigʻishtirdim, avval mayorning, keyin oʻzimning kiyimlarimni dazmolladim. Soʻng, toʻrvamni qoʻltiqlab omborxonaga chopdim. Ombor mudiri mayorning qadrdon oshnasi edi. U gapimni eshitib:

– Polk komandiriga op qoʻygan bir-ikki shisha vinom bor edi. Soʻrab qolsa nima qilaman? – deb toʻngʻilladi. Biroq yoʻq deyolmadi. Shishalarni qalin qogʻozga oʻrab berdi, berarkan:

– Nima balo, birorta yapon qizlari bilan topishib qolmadimi xoʻjayining? – deb soʻradi.

– Yoʻq, ogʻayningiz yapon qizga qararmidi, – dedim gapini choʻrt kesib. – Bilasiz-ku, doʻsti-birodarlari koʻp. Har kuni kechqurun yigʻilishadi. Maishat!

– Sen bola unga qarab yur. Jinnilik qilmasin. Qatʼiy buyruq bor. Yapon qiz-juvonlari bilan ilakishib qolgan ofitser… mayor boʻlmoq tugul, general boʻlsa ham… – ombor mudiri xuddi mayorga oʻxshab ketini shapatiladi. – Mana bu yeridan tepki yeb, armiyadan quviladi!

Ombor mudirining gaplari bu qulogʻimdan kirib, u qulogʻimdan chiqib ketdi. Kayfim chogʻ (xoʻjayinimning ikkinchi jangovor topshirigʻini yest qilyapman), xayolimda hamon oʻsha: “Moriko kelarmikan, kelsa nima boʻlarkan?” degan totli oʻy, ikki shisha sharobni xaltachamga urib uyga chopdim.

Moriko, egnida kechagi yengil kiyim, yalang oyoq, qoʻlida joʻmragi teshik idish, derazamiz tagida gullarga suv separdi. Koʻnglimda oʻsha ishonch, shitob bilan yugurib oldiga bordim.

– Moriko, yur, oldimga kir!

Moriko suv sepishdan toʻxtab, koʻzlarimga tikildi.

– Nima qilamiz?

Moriko lablariga noz aralash mugʻombirona tabassum yugurdi.

– Gaplashib oʻtiramiz.

– Quruq gapdan nima foyda?

– Hoʻliyam bor, – dedim xaltamdagi shishalarni koʻrsatib.

– Men sharob ichmayman! – dedi Moriko.

– Moriko! – dedim yolvorib. – Jonim Moriko!

– Mayli, – Moriko, yoqimtoygina iljaydi. – Agar tegmasang kiraman. – U shunday dedi-da, goʻyo gʻaroyib kapalakday lip etib, uyimiz eshigidan kirib gʻoyib boʻldi.

Yuragim hapqirib orqasidan kirdim.

Bir zumda boyagi jurʼatimdan asar ham qolmagandi.

Moriko mening xonamda, koravotimda oʻtirardi. Bir zumda uning boyagi oʻyinqaroqligidan asar ham qolmagan. Timqora qiygʻoch koʻzlariga allaqanday chuqur mung choʻkkandi!

Yoniga oʻtirdim.

– Senga nima boʻldi, Moriko?

Bu mening xonam edi, – u chuqur tin oldi. – Ana u devorlarning hammasini oʻz qoʻlim bilan chizgan suratlar, oʻzim tikkan kashtalar bilan bezatib qoʻyardim…

– Nega ularni op ketding? – dedim, dedimu oʻz savolimdan ijirgʻanib ketdim.

Moriko yalt etib qaradi, uning muloyim chehrasida nafratga oʻxshash sovuq bir ifoda paydo boʻldi.

– Nega men oʻzim chizgan rasmlarim-u, mehr bilan tikkan kashtalarimni bizni xor qilgan askarlarga qoldirib ketarkanman! – dedi u kutilmagan bir qahr bilan.

Nima deyishimni bilmay talmovsirab qoldim.

– Moriko, qoʻy bu gaplarni…

– Toʻxta – dedi u, xiyol yumshab. – Roʻparadagi xonada opam Chiko eri bilan turishardi, xoʻjayining yashayotgan xonada esa (otes, – dedi u), otam bilan marhum onam turardilar. Eshik – derazalarning hammasiga chiroyli darpardalar osib qoʻyardik. Tuvaklarda gullar, xonalarda qimmatbaho toʻqima stollar, kreslolar boʻlardi. Endi hammayoq ship-shiydon…

Men uning qizlarga xos nozik, nimjon yelkasidan quchdim.

– Biz soldatlarmiz-ku, Moriko. Soldatlarda nima ham boʻladi? Undan koʻra bitta oʻptir.

– Qoʻyib yubor, – dedi Moriko.

– Qoʻyvormayman. Bitta oʻpaman!..

– Qoʻyvor, – dedi u qimir etmay… Bilib qoʻy, men juda kuchliman. Ishonmaysanmi? Mana! – u bir talpindi-da, xuddi hoʻl baliqday sirpanib, quchogʻimdan chiqib ketdi va bolalarcha sevinib kuldi. – Bilib qoʻy, men Port-Artur shahar gimnastkalari orasida birinchilikni olganman. Ishonmaysanmi?

– Ishonaman, ishonaman, Moriko…

– Yana bilib qoʻy, goʻzal qizlar musobaqasida ham birinchi oʻrinni egallaganman! Diplomim bor! – dedi u, yana oʻsha bolalarcha yoqimtoy gʻurur bilan. – Mana, qara! – Moriko shunday dedi-da, turgan joyida bir sakrab boshi shipga tekkuday balandlikka koʻtarildi. Soʻng, allaqanday cheksiz goʻzal bir harakat bilan havoda chir aylandi-yu, dik etib oldimga tushdi. U koʻzlari yonib, kulib turar, oʻziyam tengsiz suluv, tengsiz yoqimtoy bir qizchaga aylangan edi.

– Moriko, sen Port-Artur emas, jahon goʻzallari musobaqasida ham goʻzallar goʻzali, degan nom olasan hali! Ke, oʻtir!

– Toʻxta! – dedi u. – Qoʻlingga erk berma. Men oʻzim seni oʻpib qoʻyaman!..

U egilib, sal doʻrdoq, mayin lablarini labimga tekkazdi. Uning lablaridan shakar qoʻshilgan galet-pichinon mazasi, asal taʼmi kelardi.

Nazarimda, xonam, nainki xonam, butun jahon ajib bir nurga toʻlganday tuyuldi-yu, qizning iltijosi yodimdan chiqib, tol chiviqday ingichka egik belidan quchdim.

– Qoʻyib yubor, soldat! – Moriko xuddi boyagiday aql bovar qilmaydigan nozik bir harakat bilan baliqday sirpanib, quchogʻimdan chiqdi.

– Xayr, soldat! – U yana oʻsha bolalarcha quvnoq ovozda xandon otib keldi-da, tagʻin gʻaroyib kapalak misol oʻzini eshikka urdi. Men dod deganimcha oʻrnimda qoldim, qimir etishga majolim qolmagan edi.

Shundan keyin bir haftami, oʻn kunmi men uchun Morikoning shoʻx qiliqlari, yoqimtoy erkaliklari, asal taʼmi keladigan, nurga toʻlgan ajib kunlar, mayor uchun esa toʻyga aylangan tunlar boshlandi. U har kun ertalab oldimga kirar va moʻylavchasini burab, bir xil gapni takrorlardi.

– Yoʻq, bu yapon qizlariga teng keladigan qizlar yoʻq! – Men juda koʻp jononlarni koʻrganman, lekin bunaqasini koʻrmaganman! – deb xitob qilardi. Va u har kuni bir xil savol berardi.

– Xoʻsh, sening ishlaring nima boʻlyapti?

– Yomon emas, oʻrtoq mayor…

– Oʻpishdan nari oʻtdingmi?

– Yoʻq, oʻrtoq mayor…

– Latta! – derdi u boshimdagi pilotkamni yuzimga ishqab. – Battar boʻl, lapashang!

Afsus, olamni nurga toʻldirgan bu gʻalati kunlar nari borsa bir hafta-oʻn kun davom etdi-yu, kutilmaganda taqa-taq toʻxtadi. U bamisoli osmonu falakni qaldiratib kelgan momaqaldiroq, bamisoli chelaklab quygan jaladek kelib, jaladay birdan toʻxtadi-qoldi. Chamasi, general hamma narsadan voqif boʻlgan-u qizlarini qamab qoʻygan edi. Soch-soqoli oʻsib, uvada kiyimlarga oʻranib olgan devonasifat general, baʼzan-baʼzan hovlisida tanho koʻrinib qolar, uyoqdan buyoqqa telbalarcha aylanarkan, byz tomonga yovqarash qilib qoʻyardi.

Mayor bir kun chidadi, ikki kun chidadi, uchinchi kun kechqurun shirakayf holda kirib keldi. Gʻazabdan qorayib ketgandi.

– Miyasi aynigan bu chol nima qilyapti oʻzi? – dedi u durbinni koʻziga tutib. – Qizlarini yertoʻlaga qamab qoʻyganmi? Agar bugun ham ularni qoʻyib yubormasa… Kechasi otib tashlayman bu iflosni!

Mayor shunday deb gʻijindi-yu, toʻsatdan:

– Ie, iye, qayoqqa otlandi bu telba chol, – deb xitob qildi, – Generallik liboslarini kiyib opti-ku? Kim ruxsat berdi unga.

Shu payt generalning gʻarib kulbasini toʻsib turgan qator archalar orasidan general oʻzi chiqib keldi. U gʻovlab ketgan soqolini qirtishlarkan, egnida haqiqatan ham generallik kiteli, boshida yapon gerbi qadalgan furajka, oyogʻida yalt-yalt etgan etik edi. General biz tomonga qaramasdan, qovogʻini uygancha, boshini kulgili darajada magʻrur tutib, eshigimiz yonidan oʻtib ketdi.

Mayor yelkamga shapatilib buyurdi:

– Chop, boltani olvol! Agar yertoʻlasining eshigini qulflab qoʻygan boʻlsa… Qulfini buzib boʻlsa ham, qamoqdan chiqar qizlarni!

– Avval razvedka qilib koʻray-chi! – deb, generalning hovlisiga qarab ketdim. Qulfni buzishning hojati boʻlmadi. Hovliga yaqinlashib qolganimda uydan “lip” etib Moriko chiqdi, chiqdi-yu, qoʻlimdan “shap” ushlab, oʻng tomondagi qalin archazorga shoʻngʻidi:

– Yur, tezroq, otam kep qolmasin!

Yuzimga archa tikanlari igna boʻlib sanchildi. Biz archazorning oxiridagi kaftdekkina ochiq joyda toʻxtadik.

Oftob botgan, ammo kun hali yorugʻ, dengiz tomondan mayin shabada esadi. Morikoning yuzi biroz soʻliqqan, u entikar, ogʻir-ogʻir nafas olardi.

– Biz bugun vidolashamiz! (proshay-proshay qilamiz), – dedi u.

– Nima boʻldi oʻzi? Nega toʻsatdan proshay-proshay qilasanlar? Opang Chiko qani?

– Chiko hozir komandiringga boradi. Bir minutga boradi. Proshay-proshay qilgani boradi! Moriko koʻz yoshlarini arta-arta boʻlgan voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, general hamma voqeadan voqif boʻlgan. “Men kim, palonchi jangovor generalning qizlari oʻz otalarining gʻururini yerga urib, dushmanim ofitserlari bilan yursa… bu qanday sharmandalik, undan koʻra otalaringni oʻldiringlar, toptanglar! – deb nola qilgan. – Men bu sharmandai-sharmisorlikni koʻtara olmayman, men rus ofitserining boshliqlariga borib, bor voqeani aytib beraman, uni armiyadan haydataman. Men bilaman, ular rus ofitserlarining yapon qizlari bilan yurishini qatʼiy taʼqiqlashgan!”

General shunday deb baqirib-chaqirib xuddi bugungiday generallik liboslarini kiya boshlagan. Shunda Chiko ham baqirib, – ota, agar siz bu ishni qilsangiz, men shu bugun kechasi oʻzimni anov archaga osaman! – deb faryod qilgan. Shundan keyin ota-bolalar quchoqlashib uzoq yigʻlashgan, opa-singillar rus ofitseri bilan qayta uchrashmaslikka vaʼda berishgan. Bu gapdan keyin general yapon vakolatxonasiga borib, yurtlariga tezroq joʻnatishlarini iltimos qilgan. Ular ertalab poyezdda Dalniy degan katta portga borishadi. Portda yapon harbiylarini olib ketadigan ulkan kemaga tushib, oʻz ellariga, Yaponiyaga ketishadi…

– Hozir sen bilan vidolashamiz… proshay-proshay qilamiz!

Moriko shunday dedi-da, oʻpkasi toʻlib, oʻzini quchogʻimga otdi, koʻz yoshlari bilan yuvilgan mayin yuzini yuzimga bosib:

– Oʻp! – deb yolvordi. Istaganingcha oʻp meni! Oldingi safar galet taʼmi kelgan yupqa lablari koʻz yoshlaridan shoʻr edi. Men ham uning holiga tusha boshlagan, tomogʻim xippa boʻgʻilgan edi.

Moriko oʻng qoʻlimni koʻkraklariga bosib:

– Silab qoʻy! – deb ingradi. Uning mitti koʻkraklari uchlik xandalakchalardan ham qattiq, ham mayin edi. Qoʻllarim tegishi bilan Moriko, xuddi ogʻir uyqudan uygʻonib ketganday, koʻzlarini katta ochdi-da, nozikkina sirpanib quchogʻimdan chiqdi.

– Senlarda!.. ruscha emas, sening tilingda sevganini, juda-juda sevganini nima deydilar? – soʻradi u, hamon titrab!

– Jonim deyishadi, jonginam deyishadi. Moriko oʻzini archalar orasiga otdi. U yerdan uning yigʻi aralash:

– Xayr, jonim, jonginam! – degan ovozi keldi… Chamasi, Chiko kelib ketgan, mayor oʻz xonasida toʻqima kresloda boshi xam, mungʻayib oʻtirardi, oldida bir banka spirt bilan bir buxanka qora non turardi. U mening kirganimni sezib, xira koʻzlarini ochdi.

– Bunday, ogʻayni! – dedi u menga mastona tikilib. – Ular erta tong joʻnashar ekan. Sen anov deraza tagidagi gullardan ikki guldasta tayyorla. Ertaga poyezdga chiqib kuzatib qoʻyamiz.

– Qandoq boʻlarkin, oʻrtoq mayor? Axir taniqli ofitsersiz, shtab boshligʻisiz.

Mayor qulochkashlab stolni urdi. Spirt quyilgan banka, bir bulka qora non qurbaqalarday dik-dik sakrab, polga tushdi.

– Mening nima boʻlishim bilan ishing nima sen churvaqaning? Bor, buyruqni bajar!

Vokzal uzoq emas, uyimiz bilan uning oraligʻi nari borsa, bir chaqirim kelardi. Mayor meni uygʻotganda, atrof-tevarak gʻira-shira edi. Chamasi Morikolar ketib boʻlishgan edi. Aftidan, yaponlarni kuzatib qoʻyish qatʼiyan taʼqiqlangan boʻlsa kerak, perron boʻm-boʻsh edi. Ammo vagonlar Port-Arturni tashlab ketayotgan oilalar bilan toʻla, bolalar qiy-chuv qilishgan, ayollar bir-birovlarini quchib yigʻlashar edi.

Morikolar parovoz yaqinidagi uchinchi yo toʻrtinchi vagonga joylashgan ekanlar. General koʻrinmas, opa-singillar, chamasi biz bilan vidolashish umidida, deraza oldida tippa-tik turardilar.

Bizni koʻrib ikkovi ham, chehralari goʻyo birdan oftob chiqqanday, yorishib, deraza oynalarini tushirdilar. Chiko, guldastaga yuzini yashirib, hoʻngrab yubordi. Moriko esa… Moriko, bola emasmi, koʻzlari jiqqa yosh, kulib turardi. Biz bir-birlarimizga bir ogʻiz ham soʻz aytishga ulgurmadik, parovoz uzoq chinqirib, oʻrnidan jildi.

Chiko hamon yigʻlardi. Moriko koʻz yoshlarini artib qoʻlini silkitdi.

– Sizlarda sevishganlar bir-biriga nima deydi, deganding? – qichqirdi Moriko.

– Jonim, jonginam deyishadi, Moriko.

– Jonim! – dedi u. Alvido, proshay, proshay, jonim!

Oxirgi vagon muyulishda gʻoyib boʻldi. Biz jimgina odimlab birdan boʻshab qolgan perron boʻylab ketdik.

Perronning oxiriga borib qolganimizda, orqadan:

– Mayor! – degan qatʼiy, dagʻal ovoz eshitildi. Baland boʻyli podpolkovnik bilan ikki kichik ofitser shitob bilan yaqinlashib kelardi. Ular yonimizga kelib, bizni qurshab olishdi.

– Sen, soldat, – dedi polkovnik. – Polkingga qaytaver. Mayorning uyiga emas, polkingga, tushundingmi? Siz esa, mayor (u oʻrtoq demadi faqat mayor dedi), biz bilan yurasiz!

Mayor, masxaraomuz gʻoz turib:

– Yest, siz bilan yuraman! – deb kaftini chakkasiga tiradi.

Podpolkovnik oʻz ofitserlari bilan mayorni qayoqqadir olib ketdi. Men polkka emas, mayorning uyiga qaytdim. Mayor kechqurun qosh qorayganda qaytib keldi. Uning yelkasidagi pogonlari yoʻq, oʻzi esa shirakayf edi.

– Endi bunday, ogʻayni, – dedi u yelkamni quchib. – Ertalab polkingga borasan, uchinchi batalon, toʻqqizinchi rotada xizmat qilasan. Lekin men batalon komandiriga tayinladim: yaxshi yigit, savodi joyida, dastxati ham chiroyli, dedim. Ehtimol batalon shtabiga olishar!

– Siz-chi? – dedim, – Sizning taqdiringiz nima boʻladi.

U sochlarini silkitib gʻamgin kuldi.

– Mening taqdirim! Na toʻrt yil urushda qilgan xizmatlarim, maqtanib aytay, koʻrsatgan qahramonona ishlarim, na nemis akoplarining sim tikonlarini kesib oʻtib yelkamda sudrab oʻtgan asirlarim… birortasi inobatga olinmadi! Meni armiyadan haydashdi. Ajabo: sevgim uchun haydashdi! – asabiy kuldi u. – Endi nima qilaman? Uzoq Sharqqa ketaman. Birorta savdo kemasiga matros boʻlib yollansam ham, kema oʻtxonasiga koʻmir otib turadigan kochegar boʻlib ishlasam ham, Yaponiyaga boraman. Chikoni izlab topaman. Ehtimol oʻsha tomonlarda oʻlib ketarman. Xoʻp, bor, uxla, men juda charchadim, ogʻayni…

 

* * *

Biz Interkontinental mehmonxonasining koʻrkam foyesida uchrashdik. Odam gavjum, chamasi bu joy xorijdan kelgan koʻp tadbirkorlarning ish maskaniga aylangan. Odam koʻp boʻlsa ham, men foyega qadam qoʻyishim bilanoq oʻng qoʻlda muzqaymoq yeb oʻtirgan er-xotinga koʻzim tushdi. Yaponlarning yoshini bilish qiyin. Keksalari ham baʼzan yosh koʻrinadi. Janob millionerning sochlariga hali qirov qoʻnmagan, qop-qora boʻlib yaltillab turar, oʻzi salobatli, vazmin koʻrinar, burniga tilla bandli koʻzoynak qoʻndirgan, egnida qimmatbaho qora kostyum. Xonim esa… kalta qirqilgan kulrang sochlarining oʻrtasidan, qoq peshonasidan orqaga taralgan bir tarami qizgʻish rangga boʻyalgani uchunmi, gʻalati koʻrinar, upa-elikdan mohirona foydalansa kerak, yuzida bitta ham ajin yoʻq, sip-silliq, faqat kulganda (buni men keyin sezdim) lablarining chetlarida bilinar-bilinmas ajinlar paydo boʻlardi. Egnidagi kiyimlari ham oddiygina, oyogʻidagi tuflisi ham joʻngina, faqat oʻng bilagi va barmoqlarida yoqut koʻzli yirik uzuk va bilakuzuklar yaltillardi.

“Bu oʻsha Morikomi yo boshqa bir nozaninmi?”

Yaqinlashar ekanman xonim oʻrnidan turib, nozik oppoq qoʻlini choʻzdi. (Mitti Morikoning mitti kaftlari).

– Janob falonchi?

Tasdiq maʼnosida bosh egdim.

– Marhamat, oʻtiring, – dedi xonim.

Ruschani tuzukkina gapirar, faqat talaffuzi oʻsha-oʻsha, yoqimtoy edi.

Men oʻtirishim bilan janob millioner xonimga bir narsa deb oʻrnidan turdi.

“Erimning ishlari koʻp, sizdan uzr soʻryapti”, – dedi xonim.

Biz yolgʻiz qoldik. Xonim, hanuz yodimdan chiqmagan dilbar qizchaga bir oʻxshar, bir oʻxshamas edi… Uning hamon tiyrak, timqora koʻzlari hanuz chaqnab turar, faqat koʻz qorachigʻida tilla zarrachalari soʻngan edi.

Gapimiz qovushmas, mengina emas, xonim ham oʻzini noqulay sezardi. Oʻrtaga choʻkkan noqulay sukunatni buzish istagida Chikoni soʻradim. Xonim ogʻir xoʻrsindi. Chiko bultur olamdan oʻtibdi. U boshqa er qilmapti. Generalning oʻlganiga esa 10–15 yildan oshibdi. Men mayorni soʻradim, bormadimi, dedim, dedimu xijolat chekdim.

Xonim qoshlarini chimirib:

– Mayor? – deb soʻradi va kuldi. – Rusi kapitan? Yaxshi odam edi.

– Bormoqchi edi, Chikoni izlab bormoqchi edi.

Xonim maʼyus jilmaydi.

– Yoshlik xayollari! Ertak!

Koʻnglimdan beixtiyor: “Nima qilardingiz kelib, xonim, nima qilardingiz anov buloqday tiniq esdaliklarimizga rahna solib?” – degan fikr oʻtdi. Xonim goʻyo mening oʻylarimni payqaganday chuqur tin oldi-da, hazin jilmaydi. Shunda u oʻsha, bir necha daqiqaga boʻlsa ham, ogʻir soldatlik hayotimni ajib bir nurga yoʻgʻirgan mitti Morikoga juda-juda oʻxshab ketdi-yu, ichimda oʻz oʻylarimdan xijolat chekdim. Axir kim bilsin, ehtimol bu xonim ham oʻsha yoshlik esdaliklari sabab meni yoʻqlab kelgandir? Ehtimol oʻsha begʻubor, musaffo tuygʻular goho-goho uning diliga ham quyilab kelgusidir. Gunohkorlarcha bosh egib, er-xotinni mehmonga chaqirdim. Moriko xonim, yaponlarga xos takalluf bilan tashakkur bildirdi va uzr soʻradi. Er-xotin Samarqandga, soʻngra Buxoroga ketayotganliklarini aytdi. Qaytib kelganlaridan keyin qoʻngʻiroqlashadigan boʻldik. Ammo na u telefon qildi, na men.

Sevimli yozuvchilarimdan biri Chexovning “Boloxonali uy” degan goʻzal hikoyasi bor. Uning qahramoni, agar yanglishmasam, yosh student, yozgi taʼtil chogʻida uzoq qarindoshlarining chorbogʻiga mehmon boʻlib boradi. Qarindoshlarining ikkita qizi boʻladi. Kattasi Vera juda chiroyli, ammo erga chiqolmagan, baxtsiz qari qiz. Ikki yosh bir-birlarini sevib qoladi. Biroq baxtsiz opa, baxtli singlisiga hasad qilib, bir kechada uni olib qayoqqadir gʻoyib boʻladi.

Hikoya qahramonning “Qaydasan, Moriko”, – degan nolasi bilan tugaydi.

 

Odil YOQUBOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/qaydasan-moriko/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x