Soʻz – gavhar, fikr – olmos

Bir asar tahlili

Kitobxon bilan adabiyotshunos muloqoti

 

Kitobxon: Men oddiy kitobxonman. Oʻqiganlarimni adabiyot qoidalari, badiiy ijodga xos qonuniyatlar asosida tahlil qilishga qobiliyatim yetarli emas. Shuning uchun asarni tushunishimda ayrim yetishmovchiliklar, qarama-qarshi mulohazalar boʻlishi tabiiy. Ularni toʻldirish, fikrimni boyitish uchun adabiyot ilmini yaxshi biladigan mutaxassislarga muhtojman. Chunki bironta asarni oʻqiganimda xayolimda koʻp savollar paydo boʻladi. Ularga javob topishga urinaman. Topsam, oʻzimdan xursand boʻlaman, topolmasam, allamahalgacha qiynalib yuraman. Kitobdan olgan taassurotlarimni kim bilandir oʻrtoqlashgim, bahslashgim keladi. Afsuski, suhbatdoshlarimning barchasidan ham koʻnglim toʻlavermaydi. Oxiri oʻylab-oʻylab adabiyotshunos-mutaxassis sifatida Siz bilan suhbatlashishga keldim. Nima deysiz?

Adabiyotshunos: Juda yaxshi qilibsiz. Tashrifingiz xayrli boʻlsin! Ochigʻi, koʻp oʻqiydigan, asarning baland-pastini, badiiy saviyasini farqlay oladigan bilimdon kitobxon bilan fikr almashish menga ham zavq bagʻishlaydi. Toʻgʻrisi, keyingi yillarda kitobxonlik susayib ketdi. Oʻqiydiganlar ham, asosan, oldi-qochdi voqealar bayon qilingan yengil-yelpi kitoblarni mutolaa qilib, vaqtini oʻldiryapti. Menga esa bunaqa “bozor adabiyoti” yoqmaydi. Ishqilib, Siz ham shunaqa asarlar haqida tortishib, boshimni qotirmasangiz, deb xavotirlanib turibman.

Kitobxon: Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, domla! Men ham unaqa kitoblardan, iloji boricha, uzoqroq yurishga harakat qilaman. Lekin na iloj, qaysi kitob doʻkoniga kirsam, oʻshanaqa kitoblar qalashib yotganini koʻraman. Gʻoyat sifatli muqovalardagi pichoq koʻtargan, basharasi dahshatli kimsalar, bir-birini “eb qoʻyay” deb turgan behayo “oshiq-maʼshuqlar” baʼzilarga yoqsa kerak-da! Men asarlarni tanlab oʻqiyman. Oʻzimning suyukli yozuvchilarim bor. Shulardan biri Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov. Toʻgʻri, Oʻtkir aka keyingi yillarda yangi yirik asar yozgani yoʻq. Chamasi, tanlangan asarlari ustida ishlagan boʻlsa kerak. Qator jiddiy va hajviy hikoyalar eʼlon qildi. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi qayta-qayta nashr etilmoqda. Aslida, bu bitiklarning har birida kattagina qissa va romanga arzigulik maʼno bor… Shuning uchun ular oʻquvchilar oʻrtasida juda mashhur boʻlib ketdi. Aslida, bozor iqtisodiyoti sharoitida vaqtning qadriga yetgan odamlar shunaqa ixcham, mazmunli, taʼsirchan asarlar oʻqishni istab qoladi.

Shunga qaramay, men Oʻtkir Hoshimovning oʻsha “eski” kitoblarini qayta-qayta oʻqigim kelaveradi. Ularning qandaydir ohanrabosi bor. Har safar mutolaa qilganimda olam-olam zavq, yangi-yangi fikrlar olaman, ilgari his qilmagan tuygʻularni boshimdan kechiraman. “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” kabi asarlari men uchun, ayniqsa, qadrli. Bularning har biri haqida soatlab gaplashgim keladi. Keling, vaqtimizni hisobga olib, shulardan bittasi toʻgʻrisida batafsilroq gaplasha qolaylik.

Yaqinda yozuvchining “Bahor qaytmaydi” qissasini nechanchi martadir qayta oʻqib chiqdim va, qiziq, har galgidek yana qarama-qarshi fikrlar, ajib tuygʻular qurshovida qoldim. Asarning yozilganiga 40 yildan oshdi (1969).

Qissa boʻyicha ishlangan telefilm yillar davomida qirq martadan ortiq namoyish qilindi. Asar bugun ham qimmatini yoʻqotgan emas. Bugun ham Alimardonlar urugʻlab ketdi. Zamonaviy Alimardonlarning qilmishlari oqibatida qanchadan-qancha Muqaddamlar baxtsiz, Shavkatlar yetim boʻlib qolayotgani ham bor gap. Qaniydi, ular Alimardonning fojiasidan, Muqaddamning qismatidan tegishli xulosa chiqarib olishsa?! Asarning yashovchanligi, yozuvchining uzoqni koʻra bilishi, qahramonlarning hayotiyligi deganda shular tushunilsa kerak-da!

Adabiyotshunos: Chindan ham, Oʻtkir Hoshimov oʻtgan asrning ikkinchi yarmida oʻzbek adbiyotining yangilanishiga ulkan hissa qoʻshgan isteʼdodli yozuvchi hisoblanadi. Sheʼriyatda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Jamol Kamol, Omon Muxtor, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva, nasrda Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Uchqun Nazarov singari yangi ijodkorlar avlodi adabiyotning shaklini ham, mazmunini ham tubdan oʻzgartirib yubordi. Shoʻro mafkurasi talabiga koʻra, ilgari asarda sotsialistik voqelik birinchi oʻringa qoʻyilib, inson uning orqasida qolib ketgan boʻlsa, bu yangi avlodning saʼy-harakati bilan inson faoliyati va uning ruhiy kechinmalari asar markaziga olib chiqildi.

Oʻtkir Hoshimov boshqalardan farqli oʻlaroq, oʻz asarlari bilan nasriy bayonga lirik yoʻnalish, balandparvozlikdan xoli kayfiyat, musiqiy ohang olib kirdi. Mafkura tazyiqi tufayli bunday fazilatlardan mahrum boʻlgan adabiyotimiz bu asarlarni xuddi erta bahorda ochilgan bodom gullaridek sogʻinib qabul qildi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, inson boshiga tushgan eng qaygʻuli voqea-hodisalarni tasvirlaganda ham Oʻtkir Hoshimov oʻquvchisi qalbida umidbaxsh tuygʻular uygʻota oladi, natijada, u hech qachon tushkunlikka tushmaydi. Bu xususiyat adibning hikoyalariga ham, qissayu romanlariga ham xos. Chunki yozuvchi har bir asarining mazmuniga mos umidbaxsh ohangni topib oladi. Bunga erishmay turib qoʻliga qalam olmaydi. Bu haqda uning oʻzi shunday yozadi: “Chinakam asar tugʻilmasidan oldin uning ohangi, musiqasi paydo boʻladi. Bu – gʻoya emas, syujet ham emas, aynan ohangdir. Mana shu ohang adibni qoʻlidan sudrab kelib, stolga “mixlab” qoʻyadi. Asarning joni degani shu boʻlsa kerak”.

Buning eng yaxshi namunalaridan biri “Bahor qaytmaydi” qissasidir. Qissa xuddi tugallangan musiqa asariga oʻxshaydi, uning oʻz daromadi, oʻrta avji, baland avji, yakuni bor. Ohang voqealar rivojiga qarab bosqichma-bosqich koʻtarilib boraveradi. Orada uning oʻziga xos nolalariyu faryodi mavjud boʻlib, ular asarga jon bagʻishlaydi.

Men bu qissaning musiqiy tuzilishini xuddi notalarning tartib bilan joylashuvidek tasavvur qilaman: u “do”dan ohista boshlanib, “si” bilan baland pardada tugaydi. Nazarimda, qissaning “Boʻston qishlogʻiga ogʻir-vazmin qadamlar bilan kuz kirib keldi” degan axborot-tasviri bilan kuyning daromadi boshlanadi. Alimardonning dahshatli tushi uning nolasi; erining xiyonati tufayli yarim kechada Muqaddamning uydan chiqib ketishi oʻrta avj; ota-onasining uyidan haydalishi baland avjdek eshitiladi. Alimardonning Oynatogʻ qishlogʻiga borib oʻgʻli va xotini bilan uchrashishi mungli nola, qaytishida jarlikka qulab halok boʻlishi faryod sifatida yangraydi. Yakun yana mungli, ammo umidbaxsh kuy bilan tugaydi. Ajab, nechogʻlik nola-faryod eshitmasin, oʻquvchining koʻngli choʻkmaydi. Nega deganda, tasvirdagi yana “yayrab-yashnab bahor”ning kirib kelishi, lojuvard osmonda turnalarning shodon qichqirigʻi, “qator-qator teraklar yaproq yozib” ohista shivirlay boshlashi hayot davom etayotganiga, Muqaddamlar, Shavkatlar albatta, koʻngli Kabir (katta) odamlarning marhamati bilan baxtli boʻlishiga ishoradir. Darvoqe, yozuvchining gʻoyaviy niyati qissaning har bir qahramoni ismiga ham yashiringan.

Ha, Oʻtkir Hoshimovning har bir asari – kattami-kichikmi, bir marta oʻqishga arziydigan oldi-qochdi, yengil asarlar emas. Ularning gʻoyaviy yuki nihoyatda ogʻir, badiiy saviyasi yuksak, qahramonlari sogʻlom va salobatli (garchi salbiy boʻlsa-da), manzaralari ishonarli, soʻzlari rangli va taʼsirchandir. Taniqli adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov bundan 40 yil oldin “Oʻtkirning qalami soʻzning rangini ocha biladi. U soʻzga qut va mehr bagʻishlashday noyob tuygʻuga ega” ekanini taʼkidlagan edi. Vaholanki, bu paytda Oʻtkir Hoshimov endigina ikkita qissayu oʻnga yaqin hikoya yozgan edi, xolos. Zukko adabiyotshunos bashorat qilgan ekan: bora-bora adibning bu xususiyati barcha asarlarini nurlantirib turuvchi bosh uslubga aylandi. Hozir u yaratgan tasvirdagi har bir soʻz gavhardek, anglashilayotgan fikr esa olmos singari tovlanib turadi.

Kitobxon: Aytganingizdek, Oʻtkir Hoshimov qissani kuz fasli tasviri bilan boshlaydi. Tasvirdan anglashilishicha, havo sovigan, osmonga yelpigʻichdek pagʻa-pagʻa bulutlar yopirilgan, chor-atrof duv-duv toʻkilayotgan yaproqlarning mungli shivir-shiviriga toʻlib ketgan. “Odamlar qilichini koʻtarib kelayotgan qishdan choʻchiganday shosha-pisha harakatga tushib qolgan” payt. Bu manzara mening koʻz oʻngimda oktyabr-noyabr oylarini gavdalantiradi. Biroq yozuvchi mana shu vaqtga toʻgʻri kelmaydigan bir detalni kiritadi: Alimardon isitmadan alahsirab yotgan xonaga “Qayerdandir bir qaldirgʻoch otilib kirdi. Shift tagida aylana-aylana vassajuftdagi uzun mixga kelib qoʻndi. Gʻamgingina vijirlab qoʻydi. Oq-sargʻish boʻynini burib Alimardonga qaradi. Munchoqdek koʻzlarini tikib uzoq qarab turdi-da, yana bir sayrab qanotini yozdi. Lip etib pastga shoʻngʻidi, derazaning ochiq tavaqasidan hovliga otildi”. Axir, qaldirgʻochlar avgustning oxiri, sentyabrning boshlarida issiq oʻlkalarga uchib ketadi-ku! Fikrimni isbotlaydigan yana bir qush bor: bu “yongʻoq shoxida sayragan zagʻizgʻon”dir. Axir, zagʻizgʻon (qargʻa) kelganda qaldirgʻoch boʻlmaydi-da! Nima dedingiz?

Adabiyotshunos: Yozuvchi personajlarning ruhiyatini chuqurroq ochish, xarakterini toʻldirish niyatida tashqi omillarga, xususan, peyzaj tasviriga, tabiat hodisalariga, turli detallarga katta eʼtibor beradi. Qissada bulut, shamol, yomgʻir, xazon, koʻlmak, loy singari tabiat unsurlari juda koʻp uchraydi. Ularning birontasi ham bejiz kiritilmagan, har biri syujetni harakatlantirishda muhim oʻrin tutadi. Tabiatdagi eng mayda-chuyda oʻzgarishlar ham muallifning sinchkov nigohidan chetda qolmaydi. Shu nuqtai nazardan Siz aytgan oʻsha qaldirgʻoch masalasiga kelsak, bu detal zimmasiga juda katta maʼno yuklangan. Uning vazifasini sharhlashdan oldin Sizga yozuvchining vaqtni belgilashga yordam beradigan bir iborasini eslatib oʻtay. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, qissaning ikkinchi xatboshida “Sumbula tugʻdi” degan jumla bor. Aslida, “Sumbula” shaklida yozilishi shart boʻlgan bu soʻz (chunki “sumbula” ertapishar piyoz navining nomi) oʻn ikki burjning biri boʻlib, Asad bilan Mezonning oʻrtasida joylashgan va 22 avgustdan 21 sentyabrgacha davom etadi. Sunbula paytida suv soviydi, xolos, havo xiyla iliq boʻladi. Kunning iliqligini doʻstidan xabar olgani kelgan Anvarning isib ketganidan “koʻylagi tugmalarini yechib yuborgani, ichidagi maykasi terlab, badaniga chippa yopishib qolgani”, Muqaddamning yengilgina kiyingani, qaytishlarida yalangoyoq boʻlib olishi ham isbotlab turibdi. Demak, kuz fasli endi boshlanyapti. Bu payt avgustning oxiri, sentyabrning boshlariga toʻgʻri keladi. Siz aytgan zagʻizgʻon esa sovuqni boshlab keladigan qargʻa emas, balki qishin-yozin yurtimizda yashaydigan hakkadir. Yozuvchi tasvirda oʻzining har bir soʻzi gʻoyaviy mazmunni boyitish uchun qanday yuk tashishini oldindan oʻylab qoʻllaydi. Undan bironta soʻzni olib tashlash mumkin boʻlmaganidek, qoʻshib ham boʻlmaydi.

Maʼlumki, qaldirgʻoch Ollohning eng suyukli jonivori, odamning yaqin doʻsti. U hamma uyga ham in quravermaydi, eng osoyishta va fayzli xonadonlarni tanlaydi hamda shu hovliga qut-baraka olib kiradi. Demak, bu qaldirgʻoch Alimardonning onasi tiriklik paytida shu yerga in qurgan, yashagan, bolalagan. Ammo bu galgi kelishida ona yoʻq, eshik berk boʻlgani uchun kirolmagan. Endi qaytishidan oldin qadrdon goʻshasi bilan vidolashgani keldi (otilib kirishi shundan!). Afsus, kerakli odamini yana topolmadi (shuning uchun “Gʻamgingina vijirlab qoʻydi”). Karavotda yotgan yigitni esa tanimadi (garchi “Munchoqdek koʻzlarini tikib uzoq qarab” tursa-da!). Uning chiqib ketishidan oldin yana bir sayrab qoʻyishida ham maʼno bor. Qaldirgʻoch tilsiz jonivor, ammo yozuvchining sehrli qalami vositasida qushchaning koʻzlari gapiryapti: “Sen kimsan? Nega yotibsan? Xonadoningdan fayz ketibdi-ku. Hushyor boʻl!”. Tabiat moʻjizasining bu ogohlantirishini Alimardon anglamadi.

Qaldirgʻochning uydan otilib chiqib ketishi bahor elchisining yigit bilan vidolashuvidek tuyuladi. Mabodo, Siz aytgandek, kuzning sovuq kunlarida qaldirgʻoch nima qiladi deb, aytaylik, musichani kiritganida shuncha maʼnoni uqarmidik? Oʻtkir Hoshimov bu yerda qaldirgʻochni ongli ravishda toʻgʻri tanlangan va gʻoyaviy maqsadini yanada yorqinroq ifodalashga xizmat qildirgan. Binobarin, qaldirgʻoch bilan birga bu xonadondan baxt, omad, totuvlik, sadoqat ham ketdi. Nega boʻlmasa, Muqaddam kelin boʻlib tushganidan keyin shu qaldirgʻoch qaytib kelmadi? Darvoqe, Muqaddamning oʻzi shu qaldirgʻoch timsolida namoyon boʻlgan boʻlsa-chi?! Axir, u ham aynan shu qaldirgʻochga oʻxshab ne-ne umidlar bilan kirib keldi-yu, kutgani (baxt)ni topolmay, gʻamgin bir holatda chiqib ketmadimi? Koʻrdingizmi, isteʼdodli sanʼatkor qoʻllagan har bir detal badiiy matnda muhim gʻoyaviy-estetik vazifani ado etadi va mazmunni boyitadi.

Kitobxon: Qarang-a, birgina qaldirgʻoch bilan bogʻliq kichik bir matn ostida qancha maʼno yashiringan ekan! Yozuvchining mahoratiga qoyil qoldim.

Keling, endi qissa qahramonlarining xarakteri, ichki va tashqi xatti-harakati mantiqiy birligi toʻgʻrisida gaplashaylik. Bu masala ham meni juda qiziqtiradi. Masalan, Alimardonning xatti-harakatlari, gap-soʻzlari oʻquvchida hecham shubha uygʻotmaydi. U onasining yolgʻiz erkatoyi boʻlgan, oʻjar, xudbin va hasadgoʻy. Hamma narsa menga boʻlsa, deydi. Boshqalar uchun eng aziz, muqaddas hisoblangan narsalarni toptab, tortib olishdan or qilmaydi. Bu unga zavq bagʻishlaydi, oʻzgalarni kamsitib huzurlanadi. Alimardonning xarakterini belgilaydigan bitta ibora bor: u har doim suhbatdoshiga “qoshini chimirib qaraydi”. Bu uning oʻjar, magʻrur, manmansiragan tabiatiga mos tushadi. Oʻziga yarashiqli bu qiligʻi oʻgʻli Shavkatga ham oʻtadi va bu tabiiy. Lekin qaynotasi Qori akaning ham shunaqa “qosh chimirishi” menga taqlidday tuyuldi. Bu qiliq Qori akaning yoshiga ham, kasbiga ham mos kelmagandek koʻrinadi. Anvar oʻta uyatchan va tortinchoq yigit. Shu qadar hokisor, uyatchanki, ogʻzidagi tayyor luqmasini oldirib qoʻyadi. Unga baʼzan rahmingiz keladi. Lekin, nailoj, u shu ruhda tarbiyalangan va, baribir, oʻquvchiga yoqadi.

Menda Muqaddam xarakteri ikkiyoqlama taassurot qoldirdi. U Alimardonni davolash uchun kelishida yigitning behayo qiliqlaridan ranjib ketdi. Men, endi yo kelmaydi yoki Anvar akasi bilan birga keladi, deb oʻylovdim. Yoʻq, shifoxona vrachi unga yana xonadonlardagi bemorlardan xabar olgani borasiz, deganida dastlab uyalgan va bir oz choʻchigan Muqaddam qalbining tub-tubida “negadir oʻzining ham oʻsha yoqqa talpinayotganini sezib”, qanot bogʻlab uchib bordi va bu gal qizlik nomusidan ayrilib qaytdi. Xoʻsh, bunga kim aybdor? Shu paytgacha “Bahor qaytmaydi” qissasi haqida fikr yuritilgan ilmiy manbalarda, asosan, Alimardon aybdor qilib koʻrsatilgan. Aslida ham shundaymikan?

Menimcha, qizning oʻzida ham ayb bor, unda qatʼiyat yetishmaydi. U ehtirosli qiz va har doim yigit kishining keskinroq harakat qilishini, erkalashini istaydi. Muqaddam oxir-oqibatda vujudidagi mana shu istakning qurboni boʻldi. Negaki, Anvardan kuta-kuta shu paytgacha “ololmagan narsalar”ni birinchi uchrashganidayoq Alimardondan oldi. Shuning uchun uning harakatlariga qarshi qattiq qarshilik koʻrsatmayotgandek koʻrindi menga. Agar istamasa, endigina kasaldan turayotgan Alimardonga boʻy bermasdi. Chunki muallifning taʼkidlashicha, “Muqaddam kuchli edi”. Xullas, Muqaddamning Alimardon bilan olishuvi tasvirlangan epizodni oʻqib turib, avvalo, Muqaddamning oʻzida istak, xayrixohlik bor ekan-da, deb oʻyladim. Axir, bundan qaltisroq vaziyatlarda Gavhar (“Shamol esaveradi” qissasi qahramoni), Robiya (“Ikki eshik orasi” romani) singari qizlar qutulib ketadi-ku! Vaholanki, ularga hujum qilgan erkaklar Alimardondan kuchliroq, makon esa qoʻrqinchliroq edi. Ehtimol men yanglishayotgandirman? Yozuvchining oʻz gʻoyaviy niyati bordir (yuqoridagi qaldirgʻoch detali singari). Yoki bu muallifning xohish-istagiga boʻysundirilganmi?

Adabiyotshunos: Chindan ham Muqaddamning xarakterida qatʼiyatlilik yetishmasligini toʻgʻri payqabsiz. Oʻtkir Hoshimovning oʻzi ham bir suhbatda koʻp seriyali “Bahor qaytmaydi” telefilmida Muqaddam rolini ijro etgan aktrisa Gulchehra Saʼdullayevaning “Boshiga tushgan koʻrguliklarga Muqaddamning oʻzi sababchi. U oʻzini, muhabbatini himoya qilolmaydi. Bu jihatdan uni oqly olmayman”, degan fikrni maʼqullagani ham bejiz emas. Qissadagi Anvar – Muqaddam – Alimardon uchligi doirasidagi voqealarni oʻqib, bunga ishonch hosil qilish mumkin. Eslaylik, Muqaddam Anvarning iltimosiga koʻra, Alimardondan xabar olish uchun kelganida uyga kirib, uxlab yotgan Alimardonga bir qur nazar tashlaydi va qizning nigohi, eng avvalo, yigit qavmidan koʻpdan buyon kutayotgani – chehrasida koʻrkamlik, magʻrur bir qiyofa va “qatʼiyat balqib turgan”iga tushadi. Uning qalbida qandaydir orziqish yuz beradi va bunga adib Muqaddam “negadir qizarib ketdi” degan ibora orqali ishora qiladi. Yonida Anvar bilan qaytib chiqayotganlarida Muqaddam “yana bir marta oʻgirilib qaradi. Tagʻin krovatga tikilib qoldi”. Nega aynan krovatga tikildi? Chunki bu krovatda xayolidagi yigit yotgandek tuyuldi (qiziq, keyinroq aynan shu krovatda qizning taqdiri hal boʻldi! Yozuvchining matn ostiga yashiringan imo-ishoralariga qoyil qolmay ilojimiz yoʻq). Anvar esa qizga ishonganidan uning na qalbidagi, na tashqi qiyofasidagi oʻzgarishlarni sezdi. Koʻryapsizmi, adib keyinroq roʻy beradigan voqealarga asos yaratyapti.

Muqaddamning oʻz baxtiga oʻzi bolta urganiga ishonch hosil qilish uchun uni kuzatishda davom etaylik. Muallifning Muqaddam xarakteriga bergan taʼriflari, uning psixofiziologik qiyofasida namoyon boʻlgan chizgilarga chuqurroq nazar tashlasak, butunlay aks manzara ham koʻzga tashlanishi mumkin. Mana, Muqaddam Anvar akasi bilan uyga qaytyapti: “Muqaddam oldinda ketar, Anvar uch qadamcha orqada borardi”.

Muqaddam Anvardan hecham uyalmaydi, tortinmaydi. Boʻlmasa, tuflisini yechvolib, yalangoyoq holida ehtiros alangasida lovullab, tepalikdan “Ushlang, Anvar aka!” deya yigit ogʻushiga oʻzini tashlamasdi. Ayni choqda u Anvar akasidan bagʻriga bosib erkalashini, qattiq quchoqlab boʻsalar olishini kutardi. Ibo, hayo, andisha va uyatchanligi Muqaddamdan kuchliroq boʻlgan Anvar esa nima qilishini bilmay “oʻzidan oʻzi uyalib, koʻzlarini olib” qochadi, xolos.

Endi oʻylab koʻraylik: qizil koʻylak kiyib (ehtiros rangi) lovullab turgan qiz ikkovidan boshqa hech kim yoʻq joyda koʻngil qoʻygan yigitidan kutganini olmasa, nima qilsin?! Buning ustiga Anvar akasini yoniga chaqiradi, anhorda choʻmilishga ishora qiladi (agar Anvar “Suv sovuq-ku hozir…”, demaganida bemalol yechinib choʻmilishdan ham toymasdi), shom qorayib qolganiga qaramay, ketgisi kelmaydi. Axir, bular qizning yigitdan nimanidir kutayotganini isbotlamaydimi? Imo-ishoralariga Anvardan javob boʻlavermagach, Muqaddam “chuqur xayolga” toladi. Tabiiyki, bunday paytda istagi roʻyobga chiqmagan qiz hozirgina koʻrgani – yuzida qatʼiyat balqib turgan yigitni oʻylaydi. Keyingi kelganida esa ana shu kutganlarini aynan Alimardondan oldi va yana bir karra Anvar akasining bu yigitga qaraganda “boʻsh” ekaniga amin boʻldi.

Deydilarki, qiz bola birinchi boʻsaning quli. Alimardonning hech tortinmay, dadillik bilan quchoqlashi, oʻpishi, “Siz baribir meniki boʻlasiz!” deb qatʼiy aytishi Muqaddamning koʻnglini alagʻda qilib qoʻyadi. Endi u ikki oʻt orasida qoldi. Chunki shu uchrashuvdan soʻng u “Alimardonning nimasidir Anvardan ustunroq, kuchliroq ekanini his” etdi. Dastlab Anvardan kutgan harakatlarni Alimardondan olganidan keyin aniq bildiki, “Anvar boʻsh ekan, latta ekan!” Bu omillar qiz xarakterida Alimardonga nisbatan moyillik tuygʻusini tobora kuchaytirib bordi va oqibat shu boʻldiki, Alimardonga oʻzini topshirdi. Bu hodisani boshqacha baholash qiyin.

Yuqoridagi holatlarni hisobga olib, men ham bu voqeada koʻproq Muqaddam aybdor deb bilaman. Agar qiz bola xohlamasa, erkak kishi uni urib, behush qilib, keyingina oʻz “murod”iga yetishi mumkin. Negaki ayol kishining vujudida, aytish mumkinki, ruhiyatida oʻz nomusini himoya qilish instinkti va shunga loyiq kuch boʻladi. Adib buni bilmasligi mumkin emas. Siz aytayotgan “Shamol esaveradi”, “Ikki eshik orasi” asarlarida ham shunga oʻxshash holatlar tasviri bor. Talʼat bilan olishayotgan yosh qizaloq Gavhar, xastalikdan yangi turgan, bemajol Robiya hirsdek kuchli Umar zakunchi changalidan qanday qilib chiqib ketdi? Gap shundaki, Gavharning koʻz oʻngida sevgilisi Mansur, Robiya xayolida Kimsan akasi turar edi. Ularda sadoqat bor edi. Bu ularga kuch bagʻishladi. Muqaddam biron marta Anvarni eslab qoʻydimi? Aksincha, badaniga erkak qoʻli tegib, dimogʻiga hidi urilgan Muqaddam koʻpdan kutgan narsasiga yetgandek birdan boʻshashib, jimib qoladi. Gavhar bilan Robiya kuchi boricha qarshilik koʻrsatsa, Muqaddamning qoʻllari bir ozdan soʻng yigitning yuzlarini silay boshlaydi. Muqaddam xarakteridagi bu ojizlik uning bir umr bebaxt boʻlishiga olib keldi.

Adib har bir qahramoni xarakterining tub-tubida yashiringan individual xususiyatlardan kelib chiqib tasvirlaydi va oʻquvchini ishontira oladi. Yozuvchi, ayol psixologiyasini yaxshi oʻrgangan, ular tabiatidagi mavjud kuch yoki ojizlikni kerakli oʻrinda namoyon qila olishiga avvaldan badiiy asos yaratgan.

Kitobxon: Siz qanday oʻylaysiz, bilmadim-ku, asardagi Qori aka mening nazarimda oʻta badjahl, serzarda, hatto zolim odam boʻlib koʻrinadi. Muqaddamni shuncha xoʻrliklardan keyin ham eri bilan yarashishga majbur qilmoqchi boʻladi. Oʻz farzandiga qoʻl koʻtarishdan ham qaytmaydigan vajohati bor.

Adabiyotshunos: Oʻtkir Hoshimov asarlarida ota-onalar obrazlari alohida oʻrin tutadi. Ular bir-biriga oʻxshamaydi ham, bir-birini takrorlamaydi ham. Shunisi muhimki, qanday boʻlishidan qatʼi nazar, otalar yozuvchi tomonidan oilaning ustuni, koʻzgusi tarzida tasvirlanadi. Ular rang-barang xarakterli shaxslar sifatida namoyon boʻladilar. Biri mehribon va gʻamxoʻr, ayni choqda qattiqqoʻl; boshqasi – yumshoq va indamas, ammo jahldor; yana biri – injiq va zolim, bolasini chizgan chizigʻidan chiqmaslikka majbur qiladi. Biroq har qanday vaziyatda ham ular farzandining baxti va omadini oʻylab shu ishga qoʻl urayotganini anglab turasiz. Qori aka ham shunday otalardan biri. U koʻzining oqu qorasi Muqaddamning birinchi roʻzgʻoridan ajrashib ketishini istamaydi. Mahalla ahli oldida nomus qiladi. Zero, oʻzbek oilasi uchun, ayniqsa, qiz bolaning turmushi buzilib, ota-onasinikiga kelib oʻtirishi uyat sanaladi. Ammo Qori aka jahl otiga minib, nomus bilan andishaning, xiyonat bilan muhabbatning farqiga bormay qoladi. Qori aka chindanam murakkab xarakterli qahramon. Uni oqlash ham, biryoqlama qarab qoralash ham mumkin. Harholda uni tushunishga urinib koʻraylik. Mahallasida oʻziga yarasha obroʻga ega boʻlgan Qori aka “Falonchining qizi eridan chiqib kepti”, degan isnodni koʻtarolmaydi. Uning qatʼiy qarori shunday: “Avlodimizda eridan chiqish odati yoʻq” va bundan keyin ham boʻlmaydi!

Adibning yozishicha, Qori aka asabi tarang, qoni qaynoq, “oʻz hukmiga boʻysunmaganlarning jazosini” bermaguncha koʻngli oʻrniga tushmaydiganlar xilidan. Shu boisdan qizining xohish-istagi bilan hisoblashmaydi. Uningcha, “Yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolib ketgani” yaxshi. Ayol kishi taqdiriga tan berishi shart (ayniqsa, Muqaddam singari oʻzi xohlab erga tekkan boʻlsa). Ana shu tushunchasi tufayli otasining qaroriga qarshi borgan Muqaddamni “itvachcha, koʻrnamak”, deya haqorat qilishdan va “Yoʻqol koʻzimdan!” deb haydab yuborishdan toymaydi. Shu vaziyatda Qori akaning tabiatida chindan ham johillik ustun keladi va bu holat uning qiyofasiga soya tashlaydi.

Xullas, “Bahor qaytmaydi” qissasining boshqa talay fazilatlari, ayniqsa, tili, badiiy tasvir vositalaridan foydalanish borasidagi yozuvchi mahorati, qahramonlar psixologiyasini ochishda peyzaj tasvirining oʻrni toʻgʻrisida soatlab gapirish mumkin. Bularning har biri alohida suhbatning mavzusi boʻla oladi. Keling, mulohazalarimizga shu yerda nuqtali vergul qoʻya qolaylik. Bu deganim – asarning badiiy imkoniyatlarini kashf etish, sanʼatkor tomonidan matn ostiga yashiringan gʻoyaviy niyatlarni topa olish haqidagi muloqotimiz yana davom etadi. Zero, qayta mutolaa qilish jarayonida ularning sirli-sehrli fazilatlarini topa olish har qanday asarga ham daxldor boʻlavermaydi, eng yaxshi asarlardangina shunday moʻjizalarni kashf qilish mumkin. Chunki “har gal oʻqiganingizda yangi maʼno topish mumkin boʻlgan badiiy asarni katta isteʼdodlargina” yoza oladi. Bu Oʻtkir Hoshimovning ustoz yozuvchimiz Abdulla Qodiriy asarlarini qayta-qayta mutolaa qilib oʻrganishi tufayli chiqargan xulosasi. Dadil aytish mumkinki, Oʻtkir Hoshimovning oʻzi ham har gal oʻqilganda yangidan-yangi maʼno tashuvchi yashirin nuqtalar, imo-ishoralar topiladigan asarlar yaratgan yirik sanʼatkordir.

 

Muloqotni oqqa koʻchiruvchi:

Yoʻldosh Solijonov,

filologiya fanlari doktori, professor

https://saviya.uz/hayot/suhbat/soz-gavhar-fikr-olmos/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x