Qashqa yoʻrgʻa

Hisor togʻ tizmalari ortidan ufq tobora oqarib kelmoqda. Oqguzar qishlogʻining kunchiqar tarafidagi keng hovli ufq qizilligiga chulgʻanganda Hisor choʻqqilari bagʻridagi choʻng xarsanglar koʻzga yaqqolroq tashlana boshladi. Xayolni zilday bosib turishga qodir salobatli togʻ choʻqqilari xuddi chopsa yetib oladiganday ajabtovur yaqin koʻrinadi.

Parda rais choʻqqilarga uzoq tikildi. Qani endi qoʻli uzun boʻlsa-yu, huv uzoqda yolgʻiz qolib xoʻrsinayotgan katta xarsangni siljitib, shundoq qiyalikning yonboshiga oʻrnatsa… Oʻshanda bu uch bahaybat xarsang uchburchak shaklini olib, boshqalari bilan mutanosib joylashardi-da, goʻzal bir manzara hosil etardi. Balki shu turgani ham maʼquldir, deb oʻyladi Parda rais, buyam bir xayol-da…

Bu orada huv anavi hali qori ketib ulgurmagan togʻ choʻqqisining shundoq yonginasida oppoq parga oʻxshagan bulut paydo boʻldi. Saldan keyin quyosh charaqlab, qorlar yanada yaraqlaydi; bulut esa oftobning zarrin nurlaridan qizil-sariq boʻlib tovlanishga tushadi. Agar bulutga choʻqqiga mos shakl berilsa, ajoyib rangli tasvir namoyon boʻladi. Ana, choʻqqining boshqa tarafidan ham yana bir boʻltak bulut chiqib keldi. Bunisi endi ortiqcha. Agar sal quyuqlashsa bormi, manzarani butkul buzadi. Ha, mayli, tabiat oʻz oʻyinini ajoyib tarzda koʻrsataversin, axir bu oʻz nomi bilan tabiat…

Parda rais katta darvozadan tashqari chiqdi. Qashqa yoʻrgʻa uni koʻrib boshini koʻtardi, bir-ikki pishqirib, oʻng tuyogʻi bilan bir-ikki yer tirnadi. Rais otning boʻynini, oʻmganini mehr bilan qashladi. Har doim shunday: ot bundan rohatlanib, shu zahoti tinchib qoladi. Bu, endi tayyorman, meni egarlayver, degani boʻladi. Rais otining feʼlini yaxshi biladi, oʻz navbatida uning ham har bir ishorasi, yoʻtali, ovozidagi ohang Qashqa yoʻrgʻaga ayon. Ular salkam oʻn yillik qadrdonlar-da!

Togʻ ortidan charaqlab chiqqan quyosh choʻqqining oʻng tarafidagi bulutni yoritib, ajib bir tus bergan, bulutdan oʻtolmagan nurlar esa uning orqasida xuddi taroqqa oʻxshash toʻlqin-toʻlqin nurlar hosil qilgan, manzara chindan ham gʻaroyib edi.

Rais ot boshini kunbotar tarafga – adoqqa burdi. Qashqa yoʻrgʻa har kungi odatini qilib: “Chuh, jonivor” deyishlarini ham kutmasdan yurib ketdi. Rais jilovni erkin qoʻyib, oʻng oyogʻini uzangiga tiradi-da, qoʻlidagi jigarrang dastali qamchini oʻynagancha, keng dalalarga havas bilan koʻz tashladi.

Yoʻrgʻa keng tuproq yoʻlga tushib oldi. Gardaniga urilayotgan mayin shabadadan huzur qilayotgan rais, har zamonda boshidagi shlyapasini uchib ketmasin deganday, qoshi ustiga bosib-bosib qoʻyadi. Qashqa yoʻrgʻa shiddatini pasaytirishni istamaydi. Yollari taralib, peshonasiga tushib turgan poʻpagi egar tomonga qayrilganidan shabadada chiroyli pirpiray boshlaydi. Yerga tegay-tegay deb turgan dumi shamolda oʻzini har yoqqa otib oʻynaydi. Tuyoqlardan koʻtarilgan changlar pastga tusholmay, bizni ne ahvolga solib qoʻyding, deb oʻpkalaganday uzoq vaqt havoda muallaq turib qoladi…

Yoʻrgʻaning taʼrifi zoʻr, ovozasi Qashqa vohasini tutib ketgan. Odamlar: “Unchalik emasdir-ov, juda zoʻr yoʻrgʻa emish… Lof ham evi bilan-da…” deyishar, kelib koʻrishgach: “Qoyil-e, shunday yoʻrgʻani minganning armoni boʻlmasa kerak”, – deb qoʻyishardi.

Chindan ham, Parda raisning armoni yoʻq. Rais boʻlganiga oʻn yildan oshibdiki, Qashqa yoʻrgʻa u bilan birga. Ikkalasi xuddi tugʻishganlardan ham ortiqroq bir-biriga qadrdon boʻlib ketishgan. Buning sababi bor…

 

* * *

Bir kuni soʻzamol Elmurod chavandoz bunday dedi:

– Yoʻrgʻangizni koʻrganimda, rais, Sohibqiron bobomiz Amir Temurning tulpori esimga tushadi. Sizning duldulingiz ayni Xonoʻgʻlonning oʻzi!

– Yoʻgʻ-ye! Maqtab yubordingiz-ku! – xijolat tortdi Parda rais. – Oʻh-hoʻ! Xonoʻgʻlon-a! Yoʻgʻ-ye!.. Juda unchalikmasdir…

– Ha-ha! Qashqa yoʻrgʻangiz bagʻoyat nasli toza, xosiyatli ot… Xonoʻgʻlonning naq oʻzi…

– Maqtovning ham kiftini keltirasiz-da… Sizning Gulistoniningiz ham shundoq, qolishmaydi…

Elmurod chavandoz Xonoʻgʻlondan gapirishni yaxshi koʻrardi. Har gapirganda rivoyatga qandaydir yangi toʻqimalar qoʻshilib ketar, Xonoʻgʻlon voqeasi oʻzgarib, tobora “boyib” borar, ot tavsifi afsonalarga oʻralganidan mahobat kasb etardi. Rais chavandozning biroz lofga moyilligini bilar, ammo chiroyli soʻzlaganidan, beixtiyor ishonib ketardi.

Elmurod chavandozning birinchi hikoyasi

 

Xonoʻgʻlon misli yoʻq ot edi… – dedi chavandoz. – Xojasi uning juganini notanish yigitga tutqazganida noxush bir hodisa roʻy berayotganini sezdi va boshini ilkis silkitib, beozorgina pishqirdi. Oldingi oyoqlari bilan besabr yer depsindi. Oʻziga qadrdon boʻlib qolgan, Koʻksaroyning yaltiroq qobirgʻali nimkoʻk gumbaziga uzoq vaqt tikildi-da hazin kishnab qoʻydi. Bu galgisi uncha oʻxshamadi. Xojasi asta kelib uning peshonasiga, boʻyniga tushib turgan qalin va dagʻal yollarini silab, boshini boshiga tiradi… Ot unga sadoqatini yana bir karra bildirmoqchi boʻlib, xavotir olmang, men sizning shaʼningizga dogʻ tushirmayman degandek, xojasining boʻynini uzoq iskadi va lablari bilan quloqlarini muloyim yaladi. Xojasining nimanidir kutayotganini, astagina “Oʻzimning Xonoʻgʻlonim!” deya peshonasini mehr bilan silaganidan bezovtaligi ming chandon oshdi. Notanish yigit unga besoʻnaqay minganidan ot noxush hodisa sodir boʻlayotganini tushundi, sarosimada bir xojasiga, bir atrofdagi odamlarga qaradi. Xojasi har safar minganida bir kishnab sakrash odatini kanda etmaydigan tulpor bu safar nima qilishini bilmay talmovsiradi, kalovlandi. Xojasining oʻzidan uzoqlashib ketayotganini koʻrib, oldindan ayriliqning achchiq azobini tuyganday boʻldi. Jugani taranglashib, suvligʻi lunjini ogʻritar darajada qattiq tortilganini sezsa ham, notanish yigitning “chuh” deganini eshitmaganga solib, xojasining izidan maʼyus termilib qoldi. Ikkinchi “chuh”dan soʻnggina, istar-istamas, oʻzidan ancha uzoqlashgan begona otlar izidan arang qoʻzgʻaldi.

Bir kunlik yoʻldan keyin otliqlar toʻxtadilar, avval bir-birlari bilan quchoqlashib, keyin ajralishdilar. Tulpor ularning aksariyati anchayin kuzatuvchilar ekanini, endi ulardan ham ayrilib, begona otlar bilan yolgʻiz oʻzi notanish yigit qayoqqa juganini bursa, oʻsha yoqqa ketishga majbur ekanini his etdi…

Ot yoʻlning notekisligidan bir necha bor surindi, toshlarga ham qoqildi. Tulporning yer depsinib oʻrmalaganday yurishi, baʼzida surinishi notanish yigitga yoqmadi shekilli, ot sagʻrisiga ketma-ket qamchi bosdi. Qamchining achchiq azobini umri bino boʻlib tortmagan Xonoʻgʻlon taajjubda, egarida oʻtirgan notanish yigitning oʻzidan nima talab qilayotganini, ne istayotganini tushunmadi. Boshini u tarafga sal koʻtarib qaragan edi, boʻynining chap tarafiga ikki bor juda kuchli qamchi zarbasi tushdi. Tulpor nogahon gʻazabi ortib, oldingi oyoqlari bilan baland sakradi. Qattiq kishnab, boshini old tarafga choʻzib, uzoqdagi oʻtov yoqqa shiddat bilan yelib ketdi.

Notanish yigit chayir-chaqqonlardan ekan, egar ustida mahkam joylashib, otning bunday ajabtovur qiliq ila chopishidan zavq olgandek qiyqirib, havoda qamchisini oʻynatib, uzangisi bilan uning qorniga niqtab-niqtab borardi. Tulpor bundan hech narsa chiqmasligini sezdi; chopishini sekinlatib, avval loʻkillab, soʻngra sekin yoʻrgʻalashga tushdi. Oʻtovga yetib kelishdi. Tulporni shohona qoziqqa emas, balki boshqa otlar qatorida oddiy qoziqqa bogʻlashdi. Notanish yigit mazax qilishning turli-tuman usullarini oʻylab, tulporni xojasidan oddiy qirchangʻi ot oʻrnida qabul qilganini anglatish uchun shunday yoʻl tutayotgan edi. Tulporning yuragi soʻlish olib, peshonasida har doim tikkayib turadigan yoli shalpayib koʻzi ustiga tushdi, quloqlari ortidan achchiq ter chiqib ketdi. Ayni shu payt notanish yigit va bir talay odamlar oʻrashib, uning boʻy-basti, yoli, oʻmgani, sagʻrisini tomosha qila boshlashdi. Asabi zoʻriqqanidan quloqlari orqasi terlaganini koʻrishib, “qaribdi” deyishdi. Tulpor uning ayricha xususiyatlarini anglashmasin uchun boshini egib, bor nafasini chiqardi-da, qornini ichiga tortganicha, old va orqa oyoqlarini ikki tomonga ayirib, bilinar-bilinmas nafas ola boshladi. Odamlar buni koʻrib: “Tulpor emas ekan” deyishdi-da, undan uzoqlashdilar.

Uch kun davomida suv ichmagan, arpa ham, beda ham yemagan tulpor oʻzini holsiz seza boshladi. Nihoyat, toʻrtinchi kuni uni boshqa otxonaga oʻtkazishdi. Tulpor u yerdagi otlarga nazar solib, birorta ham oʻziga teng ot koʻrmadi. Nihoyat suv va arpa keltirishdi. Lekin unga berishmadi. Yonidagi chovkar otning maza qilib arpa chaynayotganini koʻrib, havasi keldi; u tomonga sal yaqinlashgan edi, chovkar qizgʻanib uni orqa oyoqlari bilan chunonam tepdiki, buni kutmagan tulporning zaxa yegan oʻmganidan qon oqa boshladi. U oʻzining bu yerda endi keraksiz ekanini tushundi-da, kech tushishi bilan qoziqqa bogʻlangan noʻxtaning arqonini chaynay boshladi. Gʻajiy-gʻajiy arqonning ancha ingichkalashganini sezdi-da, qoziqning berigi tarafidan narigi tomoniga tez chopib, bor kuchi bilan siltandi. Taranglashgan arqon shart etib uzildi. Tulpor otxonadan chiqdi-da, yulduzlarga uzoq tikildi va Koʻksaroy tomon moʻljalni olib, avval tezroq, oʻtov rosa koʻrinmay qolgach, sekin chopib yoʻlga tushdi. Kunduzi oʻziga tanish belgilarni ilgʻab Koʻksaroy tomon yeldek ucha boshladi. Uzoqlarda otliqlar koʻrinsa, ularni chetlab oʻtib, adashmaslik uchun avvaldan olgan moʻljaliga koʻra, kunchiqardan sal oʻngga qarab, yelib borardi. Koʻlmaklardan, kichkina ariqchalardan chanqogʻini qondirar, daladagi oʻtdan totinishga esa vaqtni qizgʻanar, oʻmganidagi yarasi achishib ogʻriyotganiga, qorni ochligiga qaramay, tezroq xojasini koʻrishga, Koʻksaroyning somon toʻshalgan burchagiga yetib borishga intilardi.

Nihoyat, bir kuni uzoqdan Koʻksaroyning qobirgʻali nimkoʻk gumbazi quyosh nurida yarqirab koʻringanida joyida taqqa toʻxtadi, boshini baland koʻtarib, chuqur nafas oldi, koʻzi ravshanlashgach, bir kishnab qoʻydi. Qadamlari ildamlashdi, badaniga huzur bagʻishlovchi quvvat va iroda inayotganini sezdi-da, kerilib, rohat qilib pishqirdi. Quyosh endi qizdira boshlagan chogʻda Koʻksaroy darvozasi oldiga yetib keldi va qattiq kishnadi. Ammo bu avvalgilari singari oʻktam va jarangdor kishnash emas, ancha quvvatdan qolgan otning sasi edi.

Darvoza oldidagi qorovullar bir-birlariga nimalar deyishganini eshitmagan boʻlsa ham, ulardan biri kelib, unga diqqat bilan razm solganidan, soʻngra shoshganicha burilib, ichkariga kirib ketganidan yuragi gurs-gurs ura boshladi. Tulpor xojasining chiqishini va oʻzini Koʻksaroy ichkarisiga yetaklab kirishlarini orziqib kutar, koʻzyoshlari noʻxtasini hoʻl qilayotganini sezardi. Nihoyat, kiftiga yupqagina chopon tashlagan xojasi koʻrindi. Tulpor bor quvvati bilan naʼra tortib yuborganday boʻldi, xuddi avvalgilardek old oyoqlarini baland koʻtarib sakrashga urindi, ammo quvvati yetmadi. Xojasi yetib kelib, uning boʻynidan qattiq quchoqladi, otning peshonasiga peshonasini tirab: “Xonoʻgʻlonim! Keldingmi!” deya oldi, xolos. Ikkalasi ham tovush chiqarmasdan yigʻlardi…

Ana shunday, rais! Sizning yoʻrgʻangiz, Guliston, Gʻuzor toʻrasining tarloni, Qalqon bovaning chovkari, Jovli Ochil chopagʻonning toʻrigʻi – bari-bari Xonoʻgʻlondan tarqagan tulporlar, uning avlodlari.

* * *

Parda rais yozmi-qishmi, bahormi-kuzmi, qaysi fasl boʻlishidan qatʼiy nazar, har tong soat beshda oʻrnidan turib, yuz-qoʻlini yuvgach, ichki hovli darvozasini lang ochib, eng avval oʻng tarafdagi bostirmaga qaraydi. U yerda bogʻlangan Qashqa yoʻrgʻa ham koʻzi raisga tushgan zahoti boshini egib, goʻyo salom berayotgandek sekingina pishqiradi. Soʻngra boshini adl koʻtarib, diqqat bilan kuzatib turadi. Raisning qoʻli otning oʻmganiga tekkan zahoti oʻng oyogʻini baland koʻtarib, asta yer tepinadi. Bu xursandlik alomati ekani Parda raisga kunday ayon. Qashqa yoʻrgʻa asta tepingan mahali rais ham ohista tovush bilan xirgoyi boshlaydi:

 

Qashqa yoʻrgʻa, o, qashqa yoʻrgʻa,

Yollaringni mayin tarayin.

Quvonchimni yashirib zoʻrgʻa,

Gʻirkoʻkimsan, deya alqayin.

 

Qashqa yoʻrgʻa, o, jiyron yoʻrgʻa,

Yana seni qanday maqtayin.

Sen bilan men bitta qobirgʻa,

Boychiborday boʻlishing tayin.

 

Xirgoyini eshitgan zahoti Qashqa yoʻrgʻa tinchlanadi; rais otning qansharini, peshonasini, oʻmganini, sagʻrisini, belini ohista qashigan sari quyiroq egiladi, raisning koʻkragiga boshini tegizib, bir maromda nafas oladi. Uning bu feʼli eʼzozlanganiga javob, goʻyo xojasiga taʼzimi edi.

Oʻn yildan oshibdiki, Qashqaning yoʻrgʻasi bir xil, hech oʻzgarmaydi. Enyaptimi, yuqorilayaptimi, yurayotgan yoʻli oʻnqir-choʻnqirmi, tep-tekismi, tuproqmi yoki toshloqmi, farq qilmaydi, bir tekis yoʻrgʻalaydi.

Parda rais bir voqeani doim maroq bilan eslaydi, bagʻriga shamol tekkandek huzurlanadi. Bu voqea bundan besh yil avval yuz bergan. U Hisor togʻining ancha ichkarisidagi Oqqishloqdan Qashqaning yoʻrgʻasini koʻrish, sinash uchun kelganlar bilan garov oʻynadi. Garovga hisori qoʻchqor tikilgan edi. Rais Qashqaning egariga oʻtirgach, unga toʻkilay-toʻkilay deb turgan chalop toʻldirilgan tol tovoqni uzatishdi. Garov sharti sodda – yoʻrgʻa yurganda chalopdan bir tomchi ham toʻkilmasligi kerak.

Rais idishni chap kaftiga oldi, “chuh, jonivor!” soʻzini ham astagina aytdi, ot mayin yoʻrgʻalay ketdi. Belgilangan joydan, ayni maktab toʻgʻrisidan orqaga burildi va jilgan joyiga kelib toʻxtadi.

Garov boylaganlar chopib kelishib tovoqqa qarashdi. Adras chopon kiyib, ustidan belbogʻ bogʻlagan, qorachadan kelgan baland boʻyli Allaberdi “qoyil-e, qoyil!” – deb yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi. Ammo yonida sal gʻoʻdayib, yangi charm etigining tovonini bir-biriga dam-badam urib, oʻzini koʻz-koʻz qilayotgan yigit shoshilmay ot oldiga keldi-da, salmoqli dedi:

– Rais buva! Endi… Ot yoʻrtganida qoʻlingiz bilan tol tovoqning muvozanatini saqlab turdingiz. Yoʻqsa, chalop albatta toʻkilardi. Agar tovoqning tagi egar boshida tursa, siz bunday qila olmasdingiz.

– Uka, – dedi rais tovoqni Allaberdiga uzatayotib bosiqlik bilan. – Otga sizni mindirsam, oʻzingiz sinab koʻrsangiz. Garov haqiqiy boʻlishi shart. Yigit lafzi bilan yigit!

Rais Qashqaning boshiga boshini qoʻyib, erkalab, oʻmganini uch marta ohista siladi. Otning jilovini boʻshatmay, yigitga, mining, deya ishora qildi. Yigit ham chaqqongina ekan, tezda egarga joylashib oldi. Parda rais chalop toʻldirilgan tol tovoqni egar boshiga qoʻydi, muloyim va sal titragan tovush bilan “Yoʻrgʻaginam…” dedi. Soʻng yigitga qaradi:

– Avval tovoqni yaxshilab egar boshiga oʻrnating, qoʻlingiz bilan sal ushlasangiz kifoya. Maktab toʻgʻrisidan orqaga qaytasiz. Faqat jilovni siltab tortmang, otga azob bermang. “Chuh, jonivor!” desangiz bas…

Qashqa maktab tomon yoʻrgʻalay ketdi. Sinchkovlik bilan qarab turgan Allaberdi: “Yo, tavba! Xudoyo qudratingdan! Umrim bino boʻlib, bunday aqlli jonivorni koʻrgan ham, eshitgan ham emasman”, – deb yubordi.

Maktabning roʻparasiga borganda Qashqa ortiga qaytdi. Faqat qaytish doirasini kattaroq oldi. Buni koʻrgan Allaberdi qoyil qolib qoʻlini tizzasiga urdi. Rais faxrlanganidan tomogʻini qirib, tovushini balandlatib: “Ana shunday!” deb yubordi. Qashqa yoʻrgʻa marraga yaqin qolganida yurishini sekinlatdi, raisning roʻparasiga kelganda ohista toʻxtadi.

Yigit tol tovoqni qoʻlida tutib, chalopni oxirigacha simirdi va osmonga qarab koʻkragini toʻldirib chuqur nafas oldi. Bir egar boshiga, bir otning jabduqlariga qaradi, istar-istamas oʻng oyogʻini uzangidan chiqardi. U otdan tushishga shoshilmas, nimadir demoqchi boʻlar, fikrini bir joyga jamlab ifodalashga ojizlik qilganidan dangal soʻzlar qidirar, lekin topa olmay qiynalanardi. Nihoyat, jilovni raisga tutqazdi:

– Rais buva! Rais buva… ha… ha… sizning otingizga, yoʻrgʻangizga qoyilman! Tol tovoqni shu garovdan esdalik sifatida olib ketaman! Oʻrniga shirboz qoʻzi beraman. Rais buva! Sizniki halol! Garovni yutdingiz! Yutdingiz!

Allaberdi Qashqa yoʻrgʻaga tahsinlar aytdi.

Bu voqeadan keyin Parda rais, otning devi bor, degan gapga juda ishondi. Axir Qashqa yoʻrgʻa raisning, chalop tol tovoqdan toʻkilmasin-da, degan istagini angladi-ku! Otning oʻziga yarasha sehri boʻladi, ot egasi buni sal tushundimi, angladimi, tamom, ot oʻz egasining chin vafodoriga aylanadi.

 

* * *

…Rais tun yarmida idoradan qaytardi. Yarim vayrona chaldivor oldidan oʻtar ekan, koʻnglida allaqanday tushunib boʻlmas vahima paydo boʻldi. Koʻngli ozdi, oʻqchigisi keldi. Shu kez yuragida qattiq sanchiq turdi. Ogʻriq bosish uchun otning boʻyniga sal engashib, jilovini qoʻyib yubordi. Oyoqlarini uzangidan chiqarib, chap tizzasini bukdi. Chap kaftining barmoqlari bilan yurak ustini, ogʻriyotgan joyini ushladi, oʻng kafti bilan chap qoʻlini bosdi. Shu vaqt chaldivor ichida bir narsa qattiq tapilladi. Bundan ot hurkib, chap tomonga keskin burildi va sakrab yoʻrgʻasini yugurishga almashtirdi. Oʻzini egar ustida ushlayolmagan rais pastga quladi.

Qancha yotganini bilmaydi. Koʻzini ochganda osmonda sanoqsiz yulduzlar koʻrinardi. Oʻrnidan turib oʻtirdi. Shu zahoti biroz kalta va tizzasidan bukilmaydigan oʻng oyogʻi zirqirab ogʻriyotganini sezdi. Turmoqchi edi, ammo oyogʻi zirqirab, beixtiyor “voh” deb yubordi. Oyogʻining ogʻrigan joyini silayotib, otidan xavotirda atrofga koʻz yugurtirdi. Yoʻrgʻa oʻttiz qadamlar narida unga tikilib turar, boshini har silkitganida koʻzida falakda balqqan oyning aksi shuʼlalanardi.

Parda rais oʻrnidan astoydil turmoqchi edi, lekin ogʻriq kuchaydi, yuragi yana qattiq sanchdi. Rais oʻzida xirgoyi qilishga kuch topdi:

 

Qashqa yoʻrgʻa, o, Qashqa yoʻrgʻa,

Yollaringni mayin tarayin…

 

Qashqa bu tovushni eshitib, ikki marta pishqirdi-da, boshini quyi egib, raisga yaqinlashdi. Rais boshini ot boshiga qoʻyib, tizzasini siypaladi. Yoʻrgʻa choʻkkaladi, orqa oyogʻi bilan tizzalab, surilib raisga yaqin keldi. Rais sirgʻalib yurib egarga qorni bilan chiqib oldi, bir amallab oʻng oyogʻini ot ustidan oshirdi va sekingina: “Chuh, jonivor!” dedi. Ot uy tomonga qarab yoʻrgʻalagancha yurib ketdi… Shu voqea sabab rais uni “Qashqa yoʻrgʻam, xaloskorim!” deyishdan charchamaydi.

Parda rais oʻylar girdobida Mirzapoʻchoq qishlogʻiga yaqinlashganini ham sezmay qoldi. Haydalgan keng dala naq qishloq hovlilarining darvozasiga taqaladi. Chigit ekilgandan keyin hovli egalariga qiyin. Mol-holini dalaga tushirmaslik uchun yetaklab suruvga yoxud podaga qoʻshadi. Shudgor uchun moʻljallangan dala hududi har yili kengaytiriladi, chunki paxta topshirish rejasi muttasil oshib boradi.

Rais otning boshini oʻngga burdi, qishloqdan olislaydigan yoʻlga tushdi. U yaxshi biladi: Qashqa yoʻrgʻa ayni Elmurod chavandozning hovlisi yoniga yetganda avval boshini silkitib pishqiradi-da, keyin qattiq kishnaydi. Hovli ichkarisidan javoban boshqa bir otning kishnashi eshitiladi. Parda rais bugun otlarning oʻzaro kishnashi boshqalarga xalaqit bermasin, degan oʻyda oʻngga burilgan edi.

U bundan bir haftacha burun Sodiq chavandoz bilan boʻlgan gurungni esladi. Chavandoz kirishimli suhbatdosh, Elmurod chavandozdan ham soʻzamol, voqealarni qoyilmaqom hikoya qilishga usta edi. Ayniqsa, uning “Men sizga aytsam, rais”, deb salmoqlab gapirish odati yoqadi.

– Men sizga aytsam, rais bizlar oʻrtacha chavandozmiz. Chavandozning zoʻri Xudoyqul eshaboshi boʻlgan. Eshaboshiga taraf yoʻq… – deyardi Sodiq chavandoz.

– Bilishimcha, eshaboshi degani toʻqsabodan balandroq darajada boʻlgan. Shundaymi, chavandoz?

– Men buni tushunmayman. Balki toʻgʻridir. Lekin Xudoyqul eshaboshilikni toʻqsabo boʻlmasdan olgan.

– Bu juda qiziq-ku! Qanday qilib?

– Siz ham suhbatni chuqurlashtirdingiz-da, rais. Endi boʻlmasam, keling, otlarni oʻtga qoʻyaylik-da, chim ustiga yonboshlab bir gaplashaylik. Men ham sizga eshitganimni aytaman.

 

Sodiq chavandozning birinchi hikoyasi

 

…Quyosh togʻ choʻqqilaridan ancha koʻtarilgan. Bahor havosi etni junjiktiradi. Osmonda toʻp-toʻp bulutlar sayr qilmoqda. Xuddi yerda nimalar sodir boʻlayotganini kuzatayotgandek, ular ham sekin suzadi. Boysun togʻining shundoq etagida yastangan keng, koʻm-koʻk adir boʻylab guruh-guruh joylashgan otliqlar nimanidir sabrsizlik bilan kutadi. Har bir guruh boshida sumbati kelishgan, chiroyli, kattaligi, boʻynining uzunligi, boshini oʻynatib tik qarashi bilan boshqa otlardan yaqqol ajralib turadigan chovkar, boʻz, jayron, qurang, saman, toʻriq, chibor, qoraqashqalar har zamonda oyoqlarini silkitib-silkitib yer tepinadi. Boshlarini silkitib-silkitib pishqirganda egarda yastanib oʻtirgan chavandozlar “tiss-tiss, jonivor” deya juganni tortib, “sabr, sabr”, deb qoʻyadi.

Guruhlar oʻrtasi va orqasida choʻbir, qirchangʻi, gʻoʻnon otlar ham koʻzga tashlanar, ular uloqchi emas, shunchaki tomoshaga miniladigan otlar. Shunda qayerdandir ovoz eshitildi:

– Bakovul, otlar koʻp, mingdan ortiq. Takalarning sal yoshi oʻtganlari, ammo semiz-semizlaridan yigirmatasi soʻyilgan.

– Binoyi. Har bir zotda bittadan tashlaymiz. Juda yaxshi boʻladi.

– Bosh sovringa tana soʻydik, oltmish kilocha keladi.

– Toʻgʻri qilibsizlar. Bir terlashsin. Amirlik mehmonlarning barchasi yetib keldimi?

– Surxon, Qashqa, Samarqand, Buxorodan kelgan mehmonlar allaqachon shu yerda. Turkmanlarga biroz oldin osh tortdik. Afgʻonlar ham yetib kelishdi. Turkmanlarning ham, afgʻonlarning ham otlari baquvvat, chopagʻon. Hammasi gijinglaydi. Bosh sovrinni shular olar-ov…

– Oʻylamay gapirasan-da, Malla. Oʻzing ham xuddi malla otingdaysan, na oʻrtachisan, na chetgir. Ha, mayli, lekin gʻuzorliklarni koʻzdan qochirmanglar. Toʻraning yigirma bitta kuchli juyruq otlari bor-a… Tagʻin boysunliklarni dogʻda qoldirmasin. Aytmoqchi, Jovli Ochil kelganmi?

– Shu yerda, bakovul.

– Hamma umid undan. Ey, Xudo, sharmanda qilma!

– Takani olib kelaveraylikmi?

– Olib kelinglar!

Bakovul takaning orqa oyoqlaridan ikki qoʻllab ushlab, chapdastlik bilan taqimiga oldi-da, keng maydonning oʻrtasiga ot boshini burdi:

– Ey, xaloyiq! Chavandozlar! Yaxshi niyatlar bilan katta koʻpkari berishga jazm etgan amirimiz janobi oliylarining boshi toshdan boʻlsin! Umrlari ziyoda boʻlgʻay! Qoʻlni duoga ochinglar: amirlikda farovonlik boʻlib, dehqonlarning uyi bugʻdoyga toʻlgʻay! Omin!

Butun maydon bir toʻlgʻonib, “omin!” deya duoga qoʻl ochdi. Endi bakovulning tovushi avvalgidan ham kuchliroq gurilladi:

– Shunqorlar! Chavandozlar! Amirlikning koʻpkarisini boshlaymiz. Jigit boʻlsang, jigitligingni koʻrsat! Uloqning oyogʻini egar boshiga oʻramaysan, arqon bilan chiymaysan, uzangidan oʻtkazmaysan, chavandozga qamchi oʻqtalmaysan, uloqni halollab ayirasan. “Halol” demagunimcha, uloqni yerga tashlamaysan. Boshqasi bekor.

Bakovul uloqni tashlagan zahoti oʻziga xos “ur-yiqit” boshlandi. Oʻrtaga tashlangan takaning atrofini chavandozlar oʻrab olgan, kuchli otlar oʻmgani bilan koʻndalang turganini surib, boshqa birlari esa toʻda orasidan oʻziga yoʻl ochib takaga yaqinlashardi. Chavandoz endi egilib takaning oyogʻidan ushlay-ushlay deganda boshqa kuchliroq ot surib asosiy doiradan chiqarib yuboradi. Shunda egasi otning sagʻrisiga uch-toʻrt qamchi tushirib alamini olar, juganini chap yoki oʻng tarafga tortib, suvligʻini ot jagʻini yirtar darajada taranglashtirib, otni taka tarafga burib olib, yana qamchi urardi. Ot jonivor ham qamchi yemaslik uchun boshini egganicha bor kuchi bilan taka tomonga intilar, ammo unga yetib borish oson emasligidan, hali quvvatini ayashi kerakligini sezib, chavandoz to uzangisi bilan qorniga qattiq niqtamagunicha nafasini rostlab olardi. Uzangi qorniga tekkanida ot joyidan qimirlamasa, yo boʻyniga, yo boshiga, yo sagʻrisiga achchiq qamchi zarbasi tushishini, bu esa badanini oʻyar darajada achishtirib ogʻritishini his etar, shuning uchun ham jon-jahdi bilan taka tomonga intilardi. Ammo kuchsizligini, oʻzidan ham quvvatliroq otlar borligini sezganlari boshini sal koʻtarib, goh u otning, goh bunisining sagʻrisiga tumshugʻi bilan turtib, yoʻl berishni soʻrar, biroq ularning egarida ham takaga yetib borish uchun jonini jabborga berayotgan chavandozlar oʻtirardi.

Qashqa toʻriq taka ustiga kelib, bor kuchini yigʻib, to chavandoz egilib takani ushlagunicha toqat qildi. Boshqa otlarning oʻmganiga, qorniga, sagʻriniga zarb bilan urilishga chidadi, boshini quyi egib, egasiga qulay imkoniyat yaratib berdi. Egasi uzangini qorniga niqtaganini sezdi-da, olgʻa intildi. Biroq chavandoz takani qoʻlidan chiqarib yubordi, bir parcha juni qoldi, xolos. Otning kishnagani xayf ketdi. Qancha kuch sarflagan edi-ya! Endi bunchalik qulay fursat kelmasa kerak. Toʻdaning chetida qolgan Qashqa toʻriqning koʻzlaridan oqqan yosh tumshugʻidan tommoqda edi…

Taka tashlangan yerda otlar teridan koʻtarilgan bugʻ erinchoqlik bilan osmonga koʻtarilardi. Uloqni ayirish uchun “jang” boʻlayotgan joy atrofini oʻrab turgan piyodalarga “koʻzingga qara!”, “shunday ham qilasanmi, galvars!”, “chapidan bor!”, “bovringni koʻtar!”, “taqimingga ol!”, “muncha hayallaysan?”, “chetgirdan hazir boʻl!”, “boshini qaytar!”, “ikki qoʻllab ushla!”, degan xitoblar bot-bot eshitilar, bakovulning “halol!” degan baqirigʻi kamdan-kam quloqqa chalinardi. “Halol!” soʻzi eshitilgandan keyin otlar bir pas tinchib qolar, soʻng taqimida boshqa takani oʻrtaga tashlash uchun tayyorlanayotgan bakovul tomon oshiqardi. Mana, taka yerga tashlandi. “Janggoh”da otlar va chavandozlar orasida halol, qizgʻin olishuv hamda tortishuv boshlandi. Bakovulning hayqirigʻi eshitildi:

– Halollab olasan! Zotiga bir tuya, bir biya, bir gʻoʻnoni bor. Ustiga oʻn tillo tanga. Uloq ayirganga halol!

Koʻpkari yarmidan oʻtavergach, Gʻuzor toʻrasining guldiragan tovushi eshitildi:

– Gʻuzor, silar oʻldinglarma?! Hali zot ayirmadinglar?! Nomus qani? Or qani? Yo oʻzim kiraymi koʻpkariga?

Biroq toʻraning shu hayqirigʻidan keyin ham gʻuzorlik chavandozlar uloq ayira olmadilar. Zotning koʻpi turkmanlarda ketdi. Xudoyqul polvonning qoni joʻsh urib, gʻayrati oshib, axta jayronning egarini ezmoqchiday alam bilan toʻlgʻanar, biroq bu oti bilan biron-bir natijaga erishib boʻlmasligini tushunar, faqat tishini gʻijirlatib, tobora toshib kelayotgan gʻazabini bosishga intilardi, xolos.

Gʻuzor toʻrasi katta umid bogʻlagan yigirma bir chopagʻon ot egariga qaqqayib oʻtirib olgan chavandozlarning birontasi ham uloq ayirolmadi. Oʻzlaridan koʻrsin! Ular Xudoyqul polvonni nazar-pisand qilmasdan, ustidan mazax qilganday kulib, axta jayronga mindirib qoʻyishdi. Xudoyqul polvonning shu xayollardan keyin fikri keskinlashdi, aqli tiyraklashdi: “Xudoyqul, manavi tulporni min, koʻpkariga kir, deb aytishi shartmi? Topqirliging qayoqda qoldi? Oʻzingning kim ekaningni bugun koʻrsatmasang, yana qachon koʻrsatasan? Bunday qulay fursat yana qachon nasib etadi?”

Shu gaplar xayolidan oʻtayotgan Xudoyqul polvonning quloqlariga Gʻuzor toʻrasining alamli hayqirigʻi eshitildi:

– E-ey-y… Gʻuzor! Noningni halollab yemaysanmi? Bittayam zot ayirmadinglar-a? Nomus-oringdi berma-da, Gʻuzor! Qoning qaynamayaptimi, qoʻngʻirot? Qoning boʻlmasa, joning boʻlmasa, nima qilasan koʻpkarida, nomard?

Terisi yupqa emasmi, bu gaplardan polvonning gʻazabi keldi, atrofga razm soldi. Koʻpkari boshlangandan beri turkman chavandozi Elgeldi otini toʻdaga solmagan. Bir guruh baland boʻyli, boʻyni uzun, oʻmgani keng otliqlar qurshovida koʻpkarini kuzatardi. Mugʻambir Elgeldi bosh sovrinni koʻzlagan. Qaysi chavandozning qanday mahorati borligi-yu, otining nimalarga qodirligini oʻrganib boʻldi. Agar shunday boʻlsa, ukkagʻarning bosh sovrinni ayirishi aniq. Tajribasi katta-da, oʻzi ham chayir, uloqni ayirish oson emas. Nima qilsam ekan?

Bosh sovrin tashlandi. Ne bir savlatli uloqchopar otlar obroʻni ketkazmaslik, falonchining oti bosh sovrinni ayirdi, degan maqtovni eshitish ilinjida, elining nomus-ori uchun pishqirib, jon-jahdi bilan tonaga[1] intilar, biroq oʻzidan kuchliroq otlar uni nariga surar, ot esa boshqa tarafdan yana yaqinlashmoqqa urinardi.

Xudoyqul polvon Elgeldining oʻz guruhi bilan toʻda ichiga kirganini koʻrdi. Ana endi boshlanadi tomosha! Kuchli raqiblar otining charchab qolishini poyladi-ya, Elgeldi! Juda quv ekan! Ha, uning asosiy maqsadi bosh sovrin! Toʻgʻri-da, maydalari uning baland obroʻsiga toʻgʻri kelmaydi, mard yigit, bu Elgeldi. Lekin men ham borman-ku! Oʻzimni Qoʻngʻirotning alplaridan deb yuraman. Endi mening galim keldi! Bobom Alpomish-a!

Xudoyqul polvon shitob bilan Toʻraning mirzasi mingan tarlon tomon bordi-da, mirzaning qoʻlidan juganni bir siltab tortib oldi, uni egarning ustidan pastga agʻdarib tashladi. Soʻng otning qattiq pishqirib nafas chiqarish paytiga toʻgʻrilab, ayil va pushtani kuchining boricha mahkamlab tortdi, otning depsinib pishqirishiga eʼtibor ham qilmay, chap uzangiga oyoq qoʻyib, qattiq silkinib egarga oʻtirdi; oʻng oyogʻini uzangiga kiritdi-da, juganni qattiq tortib “chuh, jonivor, tarlonim!” deya hayqirdi. Beli mayishib ketganidan tarlon egarga qanday polvon oʻtirganini sezdi. Xursandligidan oldingi oyoqlarini baland koʻtarib shiddat bilan siltanib sakradi, soʻngra qattiq kishnab, zabtiga olib olgʻa intildi. Xudoyqul polvon koʻpkari maydonini bir koʻzdan kechirdi-da, toʻdaga turkman otlari boʻlmagan tomondan kirdi. U biladiki, Elgeldi tonaning orqa oyoqlarini taqimiga olgan zahoti, sheriklari uning oldini begona otlardan toʻsib, toʻdadan chiqib olishini osonlashtiradi. Keyin esa, ancha joygacha Elgeldi bilan birga chopib, chetki va qochqi otlardan himoyalaydi, yakka oʻzining toʻdadan ajralib chiqishiga yoʻl ochadi. “Ha, tushundim seni, Elgeldi, koʻramiz, kim quvroq, taka turkmanmi yo qoʻngʻirot? Gʻirkoʻkmi yo Boychibor?” Tarlon Xudoyqul polvonning xayolidan oʻtayotganlarni tushunganday boʻldi. Koʻpkariga qoʻshilmay, gʻayrati tanasiga sigʻmay turganidan oʻzgacha bir ishtiyoq, oʻzgacha bir harakat, oʻzgacha bir shiddat bilan otlar orasini yorib oʻtardi. Avval tumshugʻi bilan ikki ot sagʻrisi orasini kengaytirar, uzun boʻynini goh chapga, goh oʻngga kuch bilan siltab burib, otlar orasidan biroz joy ochardi-da, orqa oyoqlari bilan tiralib, oʻsha joyni egallardi. Shu zahoti oʻmganini oldga tashlab, oldingi tuyoqlarini yerga tirardi-da, sal siljigach, bu joyni orqa tuyoqlariga boʻshatib berardi.

Xudoyqul polvon tarlon hali oʻmganini ishlatmay, kuchini ayayotganini sezib, qulfi-dili ochildi. Polvon otga qamchi urmas, faqat “chuh, jonivor, chuh tarlon” deb uning oʻng yelkasiga erkalab shapatilar, mana shu shapatilashdan ot ragʻbat olayotganini sezardi. U otning juganini boʻsh qoʻyvorgan, moʻljalni tarlon xuddi oʻzi oʻylayotganday toʻgʻri olayotganidan sovrinni qoʻlga kiritish ishtiyoqi kuchayib, ishonchi yanada oshib borardi. Tonagacha ozgina masofa qolganda, koʻrdiki, oldinda qorabayir! Bildiki, bu Elgeldining oti. Chavandozning yuziga qaramagani maʼqul. Agar taka turkman tanib qolsa, firib ishlatishi yoki oʻz odamlariga uni oʻrab olinglar, deya ishora qilishi mumkin. Xudoyqul polvon boshini otning boʻyniga yashirganicha qorabayirga yaqinlashdi. Elgeldining uloqchi, tajribali qorabayirini joyidan siljitish mahol ekanini bildi-da, baland poshnali chap etigini uzangiga mahkamladi, oʻng uzangidagi oyogʻini xiyol chapga oʻtkazib oldi. Shu zahoti tarlon oldingi oyogʻini qorabayirning orqa oyoqlari orasidan oʻtkazib, sal pastladi-da, tuyoqlarini yerga qattiq tiradi. Xudoyqul polvon “yasha, tarlonim!” deya shivirlab, turkman otining orqa oyoqlari orasidan suqilib, qoʻllari bilan goh yerga, goh raqib otining oyogʻiga tiralib, qorabayirning naq tumshugʻi tarafida yotgan tonaga yaqinlashaverdi. Polvonning oyoqlari uzangida, tanasi otdan pastda osilib turar, lekin egar ot ustida ogʻishmay turardi. Chavandoz tonani oʻzi tomonga ozgina torta oldi, xolos. Nahotki shuncha ogʻir boʻlsa, sakson kilo bormikan, yoʻgʻ-e, unchalik boʻlmasa kerak, bu yerda boshqa sir bor, deya diqqat bilan razm soldi. Tonani qorabayir oʻng oyogʻi bilan bosib turar, Elgeldi tonani endi chap tarafga oʻtkazishga urinayotgan edi. Polvon tezlikda harakat qilmasa, tonadan ayrilishini bildi-da, firib ishlatdi: qorabayirning tizzasini asta qashladi. Juyruk buni darhol tushundi, biroq bu barmoqlar begona ekanini fahmlamay darhol oyogʻini koʻtardi. Xudoyqul polvon kuch bilan tonani oʻziga tortdi. Shu zahoti chayir barmoqlari bilan tonaning orqa oyoqlarini oʻzi tomonga burib oldi, Tarlon shiddat bilan oʻmganini koʻtardi, soʻngra tonaning orqa tarafini old tuyogʻi bilan bosdi. Xudoyqul polvon paytdan foydalanib, egarga oʻtirdi.

Xudoyqul polvon qorabayirning orqasidan kelib, uning naq tumshugʻi tagida turgan sovrinni otning qorni tarafdan tortib olgani Elgeldi va uning sheriklarini chuv tushirdi. Tona endi unda! Ular tarlonning oldini oʻrashi ham ayon. Ana, taka turkman ham qulaylik tugʻdirish uchun tarlonning chap tarafiga oʻtdi. Unga noqulay boʻlsa ham, oʻng taqimiga tonaning old oyoqlarini olishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Polvon tushundi: Elgeldining chavandozlari otlarini sal koʻndalang qoʻyib tarlonning yugurishini sekinlatadi, qorabayir tarlondan oʻzadi, tona ham qoʻldan ketadi. Xudoyqul polvonning bir oʻzi, unga koʻmak beruvchi chavandoz yoʻq. Ha, tonaning sovringa aylanishiga hali ancha bor. Elgeldining guruhini aldash kerak. Ammo qanday qilib? Shu mahal polvonning miyasiga yarq etib bir fikr keldi, shu zahoti uni qoʻlladi: tarlonning juganini tortib, otni orqaga tislatdi. Tarlon ham xuddi shuni kutib turganday, dumini oʻngga, chapga silkitib, keng sagʻrisi bilan ortga yurdi va osonlik bilan oʻziga yoʻl ochdi. Xudoyqul polvon xursandligidan qiyqirib yubordi, chunki ot dumi oʻmrovlarining oʻng yoki chap tomoniga urilayotganini sezgan uloqchi otlar, qarama-qarshi tarafga buriladi.

– Chuh, jonivorim, tarlon!

Tonaga intilayotgan otlarning deyarli barchasi tarlon tarafga qarab qoldi. Bir-ikki qamchi zarbasini yegan uloqchi otlar tarlonga qapishib keldi. Xudoyqul polvonga xuddi mana shunisi kerak edi. Polvon otning boʻyniga mahkam yopishdi-da, tonaning orqa oyoqlarini taqimiga adl olib, “chuh, tarlonim!” deya hayqirdi va shu zahoti uzangisi bilan otning qorniga qattiq niqtadi. Tarlon uzun boʻynini oldinga choʻzib, boshi va oʻmgani kuchi bilan otlar orasidan joy ochib, kengaytirdi-da, shiddat bilan olgʻa intildi.

Polvon tarlonni tik tepalikka toʻgʻri haydadi, chavandoz bildiki, hali ot kuchini charchar darajada sarflamagan, shuncha yuk bilan tepalikka qiynalmay chiqadi. Asosiy maqsad Elgeldini tonaga yaqinlashtirmaslik, boshqa chavandozlarni ham chuv tushirish. Xuddi polvon kutganiday boʻldi: yuzdan ortiq ot uning ortidan xezlab kelar, ulardan hali ajralib chiqish amri mahol, ayniqsa, turkman chavandozlarining chetki qochqi otlaridan uzoqlashib ketish ilojsiz edi. Ana, chaqqon juyruklar tepalikni aylanib oʻta boshladi. Maqsad aniq – ular polvonni tepalikning pastida, yarim belida qarshi olishadi. Unda tarlon ancha charchagan boʻladi. Polvon tik tepalikning eng choʻqqisiga chiqdi. Bahaybat-bahaybat uloqchi otlar uning orqa tomonida ancha quyuqlashib qolganini, aksari ot old tarafda toʻplanganini, turkman qorabayirlari tepalikni aylanib oʻtib, yarim belida, pastida toʻplanayotganini koʻrdi-da, miyigʻida bir kulib, tarlonni shiddat bilan pastga endirdi. Barcha uloqchi otlar uning ortidan ergashdi. Tik tepalik endi tugay deganda Xudoyqul polvon shaxt bilan juganni oʻziga tortib, otni orqaga burdi. Tarlon tepalikka shitob bilan qayta koʻtarildi. Tepalikdan enib kelayotgan, bir-ikki qamchi zarbini yegan juyruklar oʻzlarini toʻxtata olmas, shiddat bilan enib borardi. Ortga qaytishning iloji ham yoʻq edi, chunki otlar tezlikni haddan oshirgan edi. Tarlon tepalikka oson va tez koʻtarildi, sovrinni ayirish yaqinligini sezgan jonivor Xudoyqul polvonning ishorasini kutib turmay, tepadan pastga yelib tushdi, yuzlab qirchangʻi, choʻbir, gʻoʻnonlar orasidan osongina yorib oʻtdi. Tarlon keng yalanglikda yakka oʻzi uzun boʻynini oldinga choʻzganicha shamoldan ham tez chopar, yoli, dumi shamolda hilpirab borar, barcha bu manzaraga mahliyo boʻlib qolgan edi.

Tarlon yana yarim chaqirim yakka oʻzi gerdayib, koʻkragini adl koʻtarib chopdi. Xudoyqul polvonning usuliga qoyil boʻlib, angrayib qolgan bakovulning atrofini bir aylandi, oldingi oyoqlarini baland koʻtarib, qattiq kishnadi. Bunday holni umrida koʻrmagan bakovul nima deyishini bilmay, kalovlanib qoldi. Polvon tarlonning boshini qayirib, bakovulning oldiga keldi-da, “halolmi?” deya hayqirdi. Bakovul es-hushini yigʻib oldi-da, egarning ustida bir qimirlab, ikki qoʻlini baland koʻtardi va “Polvon! Halol! Halol!” deya hirqiroq ovoz bilan qichqirdi.

Xudoyqul polvon: “Toʻraning oti! Sovrinni Toʻraning tarloni ayirdi! Bu Gʻuzor toʻrasining tulpori!” – degan hayqiriq va ovozlarni eshitdi-yu, otdan tezlik bilan tushdi-da, tarlonning boshiga boshini qoʻyib, oʻmganini asta siladi.

Birozdan keyin uni toʻraga roʻbaroʻ qilishdi. Toʻra Xudoyqul polvonning toʻla gavdasiga, baland boʻyiga, turtib chiqqan yanoqlariga, mushaklari pir-pir uchayotgan chandir bilaklariga, rapidaday kaftlariga qaradi-da yarim jilmayib soʻradi:

– Qoʻngʻirotmisan?

– Ha.

– Kimlardansan?

– Qamaylikman, ismim Xudoyqul.

– Ie, qamaylikmisan? Obroʻli joydan ekansan. Polvon, sen Gʻuzorning dovrugʻini amirlikka yoyding, orimizni bermading. Bundan buyon sen Qamayning ishboshisisan. Agar adolatli ish yuritsang, aytganing aytgan, deganing degan boʻladi.

 

* * *

Sodiq chavandoz ancha payt jim qoldi. U hozirgina oʻzi gapirgan voqeaning qanday taʼsir qilganini huzur bilan kuzatar, raisning nima deyishini kutardi.

– Chavandoz, bu eshaboshi dadil, chayir yigit boʻlgan ekanda-a? – deya gap boshladi rais. – Siz Gʻuzor toʻrasi polvonga ishboshilikni bergan deyapsiz. Qamayliklar esa eshaboshi deyishadi. Nega shunday?

– Ishboshidan koʻra eshaboshi aytilishga oson, talaffuzi chiroyli, shuning uchun boʻlsa kerak.

– Hamma joyda eshaboshi haybatli polvon boʻlgan, deyishadi. Shu gap rostmikan yoki uydirmasi ham bormi?

– Rais, unda men sizga yana bir voqeani aytib beray. Ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham oʻzingizga havola.

 

Sodiq chavandozning ikkinchi hikoyasi

 

…Qamayning katta dashtida mingdan ortiq chavandoz yigʻilgan. Zoʻr koʻpkarini koʻrish ishtiyoqida ot minganlar ham anchagina. Tomoshabinlar yassi doʻngliklarga joylashgan.

Gʻuzor toʻrasi va Xudoyqul eshaboshi ot ustida yonma-yon turib, “yaqinlash”, “poychasidan tort”, “joning bormi?”, “egarning boshiga qayirma”, “taqimga olsang-chi”, “qamchini bos”, “oʻmganingni koʻtar,” “yo, pirim” degan hayqiriqlarni eshitib, bir-birlariga gap qotishib turardi. Shu vaqt toʻdadan saman qashqa otilib chiqdi-da, shitob bilan olgʻa intildi. Egarda oʻtirgan barvasta chavandoz, taqimiga olgan taka ogʻirroq shekilli, oʻng tomonga qiyshayib olgan. Uni taʼqib qilayotgan boshqa bir yigit takani ushlab taqimlashaman deb toʻrigʻiga jahl bilan besh-olti qamchi urdi, lekin otini boshqara olmay qoldi. Tulpori bilan Gʻuzor toʻrasining otini turtib oʻtdi. Toʻra ot ustida oldinga bir munkidi-yu, sallasi boshidan tushib chuvalashib qoldi. Buni koʻrgan Xudoyberdi eshaboshi shitob bilan chavandozga yetib oldi. Bu vaqt chavandoz raqibidan takani ayirib, “seniki halol!” hayqirigʻini eshitib, oʻzicha gerdayib, ikki qoʻlini yuqoriga koʻtarib silkitayotgandi. Xudoyberdi eshaboshi chavandozning egari tagidan qoʻllarini oʻtkazib oldi-da, “hu, pirim!” deb kuch bilan siltab tortdi. Otning ayili ham, pushtani ham “qars” etib uzildi. Eshaboshi chavandozni otning ustidan egar bilan birga adl koʻtarib, oldiga oʻtqazdi-da, otini orqaga qayirib, qamchi urdi. Chavandoz angrayib, nima boʻlayotganini ham tushunolmay qoldi. Xudoyqul eshaboshi Gʻuzor toʻrasining oldiga kelib, otini toʻxtatdi-da, chavandozni egari bilan yerga qoʻydi:

– Toʻram, sizga beodoblik qildi, jazosini oʻzingiz bering.

Toʻra bir Xudoyqul eshaboshiga, bir ayil, pushtani uzilgan egar ustida oyoqlarini uzatib oʻtirgan chavandozga qarar, hayratini yashira olmas edi: “E, balli, balli! Hay, qoʻngʻirot-ay…”

Nihoyat, sallasini qayta oʻradi-da:

– Zotni halol ayirgani uchun chavandozga jazo yoʻq. Zotni beringlar! – dedi.

Parda rais Sodiq chavandoz bilan boʻlgan uzoq suhbatdan keyin yoʻrgʻaga mindiyu xayolga berildi: “Biz insonlar otning feʼlini, qiliqlarini bilib, shunga yarasha harakat qilmogʻimiz uchun ularni sinchiklab oʻrganishimiz lozim ekan. Oʻn yil egasi boʻlib, Qashqa yoʻrgʻamning feʼl-atvorini toʻliq bilmayman. Bu menga uyat. Ot uni endi minayotganlarga faqat ulov boʻlib tuyulsa kerak-da!”

Mirzapoʻchoq qishlogʻigacha xayollardan boʻshamagan Parda rais idoraga yaqinlashganini ham sezmay qoldi. Darvoza oldida qorovulga koʻzi tushdi:

– Assalomu alaykum!

– Vaalaykum assalom!

– Rais bova! Raykomning birinchi kotibiga shu bugun, iloji boricha tezroq uchrashar ekansiz. Haydovchisi kelib aytdi.

– Boshqa hech narsa demadimi?

– Yoʻq! Boshqa xoʻjaliklarga ham xabar berishi kerak, shekilli, Qorabogʻ tomonga villisini tez haydab ketdi.

– Mayli. Men idoraga kirib, u-bu ishlarni joylashtirib chiqay-chi…

Qashqa yoʻrgʻaning jilovini qorovulga tutqazdi-da, idoraga yoʻnaldi. “Nega chaqirdi ekan? Chigit tashlanadigan yerni toʻliq shudgorlaganmiz. Qish, bahor yaxshi keldi. Sovliqlarimizning koʻpi egizladi. Koʻproq boʻlsin deb talab qilishmasa edi… Balki bedaga koʻproq yer ajratganimiz maʼqul kelmadimikan? Axir paxtaga ajratilgan yer hisobidan emas-ku! Kuzgi bugʻdoyimiz gurkirab oʻsayotgan boʻlsa… Goʻsht topshirishni ham ortigʻi bilan bajardik. Xoʻsh… Yana nima boʻlishi mumkin?”

Parda rais oʻylab oʻyining tagiga yeta olmadi. Idoradan horgʻin chiqdi-da, darvoza tomonga yurdi. Oʻng tizzasi zirqirab ogʻriy boshladi, buning ustiga chakka tomiri loʻqillar, bu esa tobora gʻashiga tegayotgandi. Chaqirilish sababini taxminan boʻlsa ham fahmlay olmayotgani uni ogʻriqdan ham battar bezovta qilar, hatto biroz xavotirga solardi.

Rais birinchi kotib qabulxonasiga kirishi bilanoq, kotiba qiz unga “kiravering” ishorasini qildi.

Kotib kutib turgan ekanmi, salomlashmasdan oʻtirishga imo qildi. “Xah, bugun imo-ishoraga kunim qolgan ekan-da”, – deb xayolidan oʻtkazdi-yu, “assalomu alaykum, yaxshimisiz…” – deya koʻrsatilgan joyga oʻtirdi. Kotib stol ustida betartib yotgan qogʻozlarni biroz titkilab, nimanidir qidirgan boʻldi, topolmadi shekilli, bir pas jim qoldi. Uning nimadandir bezovta ekani yuz ifodasidan shundoqqina bilinib turardi. Kotib gʻaladondan yoʻgʻon qalamini qoʻliga oldi-da, oʻynab turib, salmoq bilan gap boshladi:

– Rais! Yuqoridan muhim topshiriq oldim. Xabaringiz bor, Ryazan oblasti bir yillik goʻsht topshirish rejasini uch barobar ziyoda qilib uddaladi. Partiya topshirigʻini aʼlo darajada bajarishibdi, qoyil! Xoʻsh, ulardan bizning nimamiz kam? Kerak boʻlsa, ortiqmiz, ortiq! Rayonimiz davlatga goʻsht topshirish rejasini kechadan oldingi kuni muvaffaqiyatli uddaladi. Birinchining rahmatini oldim. Qoʻlimni qattiq siqdi. Muhim topshiriq ham berdi. Oʻzingiz bilasiz, rayonimiz oldingilar safida. Oʻrnimizni boshqalarga boʻshatib bergimiz yoʻq. Bermaymiz ham. Bu bizga yarashmaydi. Ana shundan kelib chiqib, bizga sharafli va masʼuliyatli vazifa yuklatildi. Davlatga goʻsht topshirish rejasini ikki yuz foizga bajarishimiz shart. Imkoniyatlarimiz yetarli. Vaʼda berdim. Vaʼdani bajarmaslik partiya aʼzosi uchun jinoyat! Xullas, bugundan shu vazifani bajarishga kirishasiz.

“Goʻsht” soʻzi tilga olinishi bilan raisning koʻz oʻngidan Yetimkoʻl, Qizilkoʻl, Qoraqoʻtonkoʻl atroflarida dirkillab oʻynayotgan qoʻzilar, yoyilib oʻtlab yurgan sovliqlar, buzoqchalarining qashqasini tillari bilan silayotgan sigirlar, bolasining toʻyi uchun boqqan tanachasini topshirganda koʻzyoshini hech kimga bilintirmay artgan qariyalar oʻta boshladi. Hissiyotlarini yashirish uchun rais oʻzida kuch topa olmadi, yuzlari qizardi, nafas olishi tezlashdi:

– Oʻrtoq kotib! Axir goʻsht topshirish rejasini bajarish uchun barcha mollarni eltib berdik. Endi ular yoʻq! Nima qilamiz?

Raisning peshonasini ter bosdi. Oyoqlari darmonsizlandi. Shu vaqt raykom kotibining soʻzlari quloq pardalarini teshar darajada guldiradi:

– Rais! Gap qaytaryapsizmi? Partiya aʼzosimiz-a?! Labbay deb javob berish oʻrniga chaynalasiz? Bu nima degan gap?!

Parda rais tahdid va zugʻum toʻla soʻzlarni eshitar ekan: “Rejani bajarsang bir balo, bajarmasang ming balo. Bu nima degan gap axir?” – dedi oʻziga oʻzi. Shu kezda chakka tomirlari loʻq-loʻq ura boshladi, nafas olishi yanayam tezlashdi. Kostyumining tugmalarini yechib, koʻylagining yoqasini kengaytirdi. Gapirish uchun endi ogʻiz juftlaganda, kotibning soʻzlari jarangladi:

– Oʻzingizni bosib oling, rais! Partiya va hukumatimizning otalarcha gʻamxoʻrligi ostida yashayapmiz, ishlayapmizmi, biz ham shunga yarasha javob berishimiz kerakligini nahotki sizday ongli va yetakchi partiya xodimi tushunmasa?

– Tushunaman. Tushunyapman!..

Rais peshonasidan oqayotgan terni roʻmolchasi bilan artar ekan, iztirob bilan oʻyladi: “Axir xoʻjalik oʻtirib qoladi-ku! Har yili orttirib berilayotgan topshiriqdan rezervlarimiz tugayapti-ku!” Raisning xayolidan qaydandir eshitgan soʻzlar oʻtdi: “Dehqonchilik uch yilda, chorvachilik qirq yilda tiklanur. Yoʻqotilgan ilm yuz yilda ham tiklanmas!” Shundoq edi chogʻi, yoki sal boshqacharoqmidi? Eh, xotira ham oʻldi!

Raykom kotibi raisning ahvolini tushundi shekilli, choynakdan piyolaga choy quyib uzatdi:

– Oʻzingizni qoʻlga oling, rais! Bu sizga yarashmaydi-ya! Katta obroʻyingiz bor.

“Agar shu obroʻ boʻlsa, boʻlmagani ming aʼlo edi. Odamlarga nima deyman? Partiyaning topshirigʻi desam, sirtlarida indashmasa ham ichlarida, he, topshirigʻing bilan qoʻshmozor boʻl, deyishlari tayin”. Raisning koʻz oldi qorongʻilashib, qoʻllari qaltiray boshladi. Piyolani ikki qoʻllab ushlab, chuqur nafas oldi-da, choydan bir hoʻpladi. Lekin choyning issiq-sovuqligini sezmadi. Faqat tishlari piyola chetiga takillab urilganini eshitdi.

– Rais, endi gap bunday. Bu sharafli vazifani bajarish uchun bor imkonimizni ishga solishimiz zarur va shart. Partiyaning soʻzi-soʻz. Aytildimi, tamom, u qonun. Qonun oldida hamma javobgar, ayniqsa, partiya aʼzolari.

– Tushunaman. Bilaman. Ammo…

– Mana shu “ammo” sizga yarashmaydi.

– Imkoniyatlarimiz…

– Imkoniyatlaringiz bor. Faqat oʻzingiz bilmayapsiz, xolos.

– Axir xoʻjalik oʻtirib qoladi-ku!

– Yoʻq, hech ham oʻtirmaysiz. Ayting-chi, xoʻjaligingizda nechta shaxsiy ot bor? Parda ortiga berkinmay toʻliq maʼlumot bering-chi, rais! Maʼlumotni soxtalashtirish jinoyat ekanini yaxshi bilasiz…

Raisning nazarida raykom kotibi tuman orasida qolgandek tuyuldi. Gapning qay tomonga ogʻayotganini fahmlash uchun bazoʻr es-hushini yigʻib olishga intilar ekan, kotibning oʻzi soʻz boshlab qoldi:

– Biz xususiy mulkka qarshimiz. Bilasiz-a! Shaxsiy otlarni goʻshtga topshirasiz.

– Otlarni? Otlarni dedingizmi? Nega? Otlar ham goʻsht boʻladimi? Ular yigitlarimizning qanoti-ku!

– Ha, yigitlarning qanotini! Endi qanotsiz yuraveradi yigitlaringiz! Ey, menga qarang, nima, kommunistik partiya sizlarga qanot emasmi? Birinchi boʻlib oʻzingiz boshlab berasiz. Yoʻrgʻani goʻshtga topshirasiz. Erta-indin sizga keragi boʻlmaydi.

– Oʻrtoq kotib! Axir rejanni ortigʻi bilan bajardik. Shu… ikki baravar qilib bajarishni yanagi yilga qoldirsakmikan? Partiya aʼzosi sifatida vaʼda beraman. Xoʻjaligimizdagi barcha partiya aʼzolarining ham kafilligini olib beraman. Vaʼdam qatʼiy! Jonim ogʻam! Otlarga teginmaylik…

– Hoʻ, Parda rais! Siz katta ogʻaga qarshi chiqmoqchimisiz? Katta ogʻaga-ya? Sizning mana bunday gerdayib yurishingizning asosiy sababchisi kim? Shonli partiya safida yurib, farovon hayot kechirayotganingizni pisanda qilayotganim yoʻq, rais!

– Axir…

– Axir-paxirni yigʻishtiring. Partbiletingiz yoningizdami? Bir haftadan keyin raykomning plenumi boʻladi, qatnashasiz. Topshiriq bajarilishi shart. Oʻylashga hojat yoʻq!

Kotib shunday deb joyiga oʻtirdi. Sizga ruxsat, endi chiqib ketavering ishorasini ilgʻagan rais oʻrnidan arang turdi va eshik tomon yura boshladi.

– Rais! Rais, boshqa tomonga yurdingiz. Eshik bu yoqda qoldi.

Rais eshik tavaqasini arang ilgʻadi, sirgʻalib chiqayotib, “plenumgacha xayr” degan gapni zoʻrgʻa eshitdi. Gandirakladi. Koʻz oldi qorongʻilashib, koʻz oʻngida suyriga oʻxshash allaqanday oq-sariq tusdagi olovli narsalar ucha boshladi. Eshik tavaqasiga suyandi. Koʻngli behuzur boʻldi. Bir-ikki marta oʻqchidi. Koʻzini yumib ochdi, oʻtirishga joy qidirib, oʻngu chapga bir-bir qaradi. Hech nimani koʻra olmadi. Birdaniga shift aylana boshladi. Gandirakladi. “Ie, rais bova, sizga nima boʻldi”, – deya kotiba uning qoʻltigʻi tagiga kirib, ohista divanga oʻtqizdi.

– Qizim, bir piyola suv ber, ichim kuyib ketyapti.

Kotiba shoshib bir piyola suv keltirdi, derazalarni lang ochdi. Parda rais suvni yutoqib ichdi-da, chuqur nafas oldi. Biroq ichidagi olov battar alangalandi. Yana bir piyola suv soʻrab oldi-da, koʻylak yoqasidan ichiga toʻkdi. Nafas olishi biroz yengillashib, koʻz oldi yorishdi. Derazadan koʻringan bir toʻp qora bulutga uzoq tikildi-da, bor kuchini toʻplab, “uh!” dedi. Bu “uh”da faqat oʻzi tushunadigan alam bor: endi hisobchilikni boshlaganda kamomatni yopdi-yopdi qilish topshirigʻini bajarmagani uchun qamalgani, qamoq mashaqqatlari, gʻururini poymol etgan mazax qilishlar, sakkiz oydan keyin tuhmat fosh etilib, ozodlikka chiqishi birma-bir koʻz oldida namoyon boʻldi. Tilingan bagʻridan otilib chiqqan bu ingrash faryod toʻlqini edi. Raykom kotibining “… barcha imkoniyatni ishga solishimiz zarur… plenumgacha xayr” degan soʻzlari zamirida qandaydir dahshat sharpasi borligini va bu sharpa baloyu-qazo boʻlib nafaqat raisning oʻziga, balki xoʻjalikning koʻp faollariga ham tuhmat boʻlib yogʻilishi mumkinligini anglardi. Baland tepalik ustida boshlarini adl koʻtarib, dumlarini gijinglatib oʻynayotgan tulporlar unga umid bilan tikilib turgandek tuyuldi. Baʼzilarining koʻzida ogʻir mung, ayrimlarining esa koʻzida yosh koʻrdi. Alam bilan xoʻrsinib “eh!” dedi-da, soʻngra “he, topshiriqlaring bilan…” dedi tishlarini gʻijirlatib. Ullo, agar erkin boʻlganimda peshonasiga zarb bilan bir musht urardim, zangʻarning, dedi-yu, divan orqasiga tufladi. Choʻloq oyogʻi tizzasidagi ogʻriqdan koʻra, dilidagi alam qiynogʻi zoʻrroq boʻlsa ham, iroda kuchiga ishongan holda, uni yengishga urinib xonadan chiqdi.

Parda rais qanday qilib raykom binosidan chiqdi-yu, qay holda Qashqaga mindi, buni eslay olmaydi. Otning yoliga boshini mahkam bosib, egar botgan kemirchagining ogʻrigʻi emas, balki qalbining eng toʻridagi achchiq sitam faryodga aylanib borar, buni atrofdagilarga sezdirmaslik uchun pastki lablarini qattiq tishlab olgan edi. Ammo bu alamli faryodni ustki lablarining tinmay titrashi, sal oqargan yonoqlarining uchib-uchib tushishi, jugan tutgan qoʻllarining titrashi bildirib turardi. Raisning ichki tugʻyoni koʻzyoshi boʻlib, burnining ikki chekkasidan oqib tushardi. Bu ayanchli holni oʻz vaqtida payqab qolgan rais, toʻxta, hali najot bordir, shuncha otni goʻshtga topshirmay saqlab qolishning chorasi topilib qolar, degan fikr bilan hissiyotlarini portlashdan saqlashga urinardi. Qashqa ham har doimgidek ildam yoʻrgʻalamas, boshini quyi solganicha irgʻalanib qadam tashlardi. Ot har zamonda egasiga dalda bergan kabi egilgan boshini baland koʻtarar, oʻttiz-qirq qadam yurgach, yana quyi tushirardi. Parda rais otni yuqoridagi toʻgʻri va keng yoʻlga emas, past yalanglikdagi yolgʻizoyoq soʻqmoqqa burdi. Nega shunday qilganini oʻzi ham tushunmas, buni tushuntirib berishdan ojiz edi.

Agar mamlakatning biron yerida urush ketayotgan boʻlsa yoki ocharchilik boshlansa, rejani ikki baravar oshiq bajarishni tushunsa boʻlar. Axir bunday emas-ku! Boʻlmasin ham! Xalq farovonligi deb turib, odamlarni ruhan ezish qaysi mantiqqa sigʻadi? Ruhi choʻkkan fuqaroning mehnatida baraka boʻlmasligi aniq-ku! El-yurt toʻy qilib, koʻpkari bersa, yil boʻyi chinakam halol mehnatining cheri-hordigʻini chiqarsa, buning nimasi yomon? Yanagi yili rejani ikki baravar ortigʻi bilan bajarish shart deyilsa, hozirdan boshlab shunga tayyorgarlik koʻriladi-ku!

Achchiq, iztirobli xayollar bagʻrini ezayotgan rais eski tegirmonning toʻgʻrisiga kelganini payqadi. Bezovta va koʻngilezar xayollar girdobidan xalos boʻlishni istab, yurak sanchigʻi daf boʻlarmikan degan niyatda yoʻrgʻadan tushdi-da, noʻxtasini qoziqqa bogʻladi. Tegirmon oldiga kelib toʻxtadi, koʻkragini toʻldirib-toʻldirib nafas olgandi, diydasi yumshaganini sezdi. Dadil eshikni ochdi:

– Assalomu alaykum, Toji bova!

– E… vaalaykum assalom, rais! Qanday shamollar uchirdi? Keling, keling.

– Hormang endi…

– Bor boʻling.

– Kunbotardan sovuq shamol esib, koʻkragimga urildi. Yuragim ezildi. Dalda boʻlar deb, qora tortib tegirmoningizga kelyapman.

– Xoʻp qipsiz! Qani oʻtiring, rais. Bir piyola koʻk choyni maroq bilan hoʻplab-hoʻplab ichsangiz, ezilgan yurak yayraydi. Odamlarimizning kayfiyati yaxshi, rais. Uyida besh-olti qop bugʻdoy boʻlsa, dehqonning koʻngli toʻq. Unga boshqa nima kerak yana? Mana, oʻtgan yilgi hosilning gʻallasini un qilyapmiz.

– Toji bova, ayting-chi, ot nimaga kerak?

Tegirmonchi Parda raisning gapidan hayron boʻlib, tinchlikmi deganday, unga qaradi:

– Ot – yigitning quvvati, – xotirjamlik bilan gap boshladi u. – Keng hovlingizda tulpor bogʻloqliq tursa, koʻnglingiz togʻday koʻtariladi. Koʻpkarida otingiz bir zot ayirsa, bir yillik hordigʻingiz chiqadi. Ot – umrning bezagi. Koʻngling nimadandir paysallasa ot mingin, degan qariyalarimiz. Bu gapda koʻp xosiyat bor.

– Yaxshi aytdingiz, Toji bova. Endi bizga ruxsat.

– Yana bir pas oʻtirsangiz boʻlardi, rais, endi gurungimiz choʻgʻ olayotgandi.

– Ish koʻp, Toji bova. Uddalamasak boʻlmas. Choy uchun rahmat. Umringizdan baraka toping.

– Mayli, kelib turing, rais. Oppoq un bilan siylaymiz.

– Rahmat, Toji bova…

Oʻzi aytgan gaplardan koʻngli yorishgan rais tezda burilib, yoʻrgʻaga mindi. Jilovi boʻsh qoʻyilib, ixtiyori oʻziga tashlanganini fahmlagan Qashqa yolgʻiz oyoq yoʻl bilan pastga ena boshladi. Soʻqmoqning ikki tarafidagi oʻtlar otning tizzasiga, qorniga tegib qitiqlar, oʻtlardan taralayotgan xushboʻy ifor Qashqaning quvvatini yanada oshirmoqda edi. Soʻqmoqning shundoqqina yonidan har oʻn-oʻn besh qadamda bedanalar parr etib, qanot qoqib koʻzdan uzoqlashar, ahyon-ahyonda toʻrgʻay ham ortda qolmay degandek uchar, sal nariga qoʻnib, otning koʻzidan oʻzini pana qilardi. Qashqaning esa toʻrgʻay bilan ishi yoʻq, hatto oyoqlari tagidan sakrab uchayotgan chigirtkalarga ham parvo qilmaydi. Ot bir tekisda olgʻa intilib, yoʻlning oʻnqir-choʻnqirlari, doʻngmi-pastliklarida ham yoʻrgʻasining maromini buzmay, egasini ortiqcha chayqaltirmay ketib borardi.

Chigirtkalarning chirillashi, bedanalarning pirillab uchishi, toʻrgʻayning osmon tubida, bir nuqtada sayrashi, qizil, oq, sariq, koʻk aralash rangdagi kapalaklarning guldan gulga uchib-oʻynashlari, asalarilarning gullardan boʻsa olishi, gala-gala chumchuqlarning teraklari osmonni koʻtarib turgan bogʻ tomonga uchishi – birortasi ham raisning chalkash xayolini tarqata olmasdi.

Parda rais alamli oʻylar girdobida garang boʻlib, Elmurod chavandozning hovlisi toʻgʻrisiga kelganini ham sezmadi. Qashqa chavandozning hovlisi tarafga qarab odatga koʻra ikki bor kishnadi. Biroq javob boʻlmadi. Ot yoʻrgʻasini toʻxtatib, boshini adl koʻtarib, hovli tomon tikilib, takror kishnab qoʻydi… Yoʻrgʻaning bu qadar achchiq va gʻalati kishnashini ilk bor eshitayotganidan raisning yuragi tahlikaga tushdi, noxush bir holni koʻngli sezib, Qashqaning boshini hovli tomon burdi. Darvozani yuzlari soʻlgʻin, pastki qovoqlari shishgan Elmurod chavandoz ochdi.

– Ha, polvon, gʻamginsiz? Guliston kishnamadi? Ogʻzi toʻrvadamidi?

– E… ey… rais, nima desam, goʻlmiz, ham choʻlmiz. Gulistondan ayrildik…

– Nega? – shoshib soʻradi rais, entikkanidan ovozi ham boshqacha chiqdi. Rais boʻgʻziga tiqilib kelgan narsani yoʻq qilmoq uchun yutindi. Buni uddalay olmagan boʻlsa ham, zoʻriqib ovoz chiqardi:

– Axir kechagina kishnab javob qildi-ku! Ovozi dadil edi!..

Guliston yemdan zaharlandimikan? Yoʻgʻ-ey…

 

Elmurod chavandozning birinchi hikoyasi

 

Bugun ertalab mashʼum hol yuz berdi. Bariga oʻzim aybdorman.

Rais, chavandoz Jovli Karimni bilasiz. Gumashtasi uning bahaybat baytalini olib kelgan ekan. Maqsad Gulistondan qochirmoq. Yaxshi zotli toʻl tushsin degan-da. Baytalni koʻrib mening ham havasim keldi. Kelishgan, haybatli chovkar, xuddi uloqchi otlardek tik qaraydi. Yagʻrinlari juda keng, bizning otimizga mos. Gulistonning baytallaridan boʻlmasin tagʻin, deb oʻyladim. Ikki pol yoki uch pol oshgan boʻlsa ham, baribir Guliston taniydi, demak, chopmaydi. Buni aniq bilaman. Xavotirim shundan boʻldi. Yoʻq desam, Jovli Karimni juda hurmat qilaman. Koʻpkarilarda bir-birimizga juda koʻp yordam qilganmiz. He, oʻl-e, qurumsoq ekansan-ku, endi otingni boshqa qoʻy, deb aytishi aniq. Oʻylab-oʻylab, firib ishlatdim. Qanday deng?

Guliston hididan ham oʻz ajdodini sezadi. Buning yoʻli bor. Katta, keng toʻrva tikdim-da, avval uning ichini isiriq tutuni bilan rosa toʻldirdim. Keyin tutundan ozgina qoldirib, Guliston baytalni koʻrmasin ham, sezmasin ham deb, uning boshiga toʻrva yopib qoʻydim.

Gulistonning aygʻirlashgan mahali… Koʻzi qonga toʻlib turgan ekanmi, tezda baytalga irgʻidi. Hammamiz xursand edik. Ammo bu xursandchiligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Baytal sal uzoqlashsin deb kutayotgandik, gʻaflatda qolibmiz, uying bugʻdoyga toʻlgur, umring uzun boʻlgur oʻgʻlim Meyli, otimning boshida nega toʻrva osilgan, deb soʻramay-netmay olib tashlabdi. Guliston devorning yorigʻidan yetaklangan baytalni koʻrib qoldi. Hali baytal uncha uzoqlashmagan edi. Guliston baytal tarafga tikilib-tikilib qaradi. Boshini baland koʻtarib qattiq kishnadi. Kutib turdi. U tomondan ham kishnagan ovozni eshitib, birdan tisarilib yiqildi…

Biz uni tiygʻanib yiqildi, hozir oʻrnidan turadi, deya chopib oldiga bordik. Bunday boʻlib chiqmadi. Aksincha, kutilmagan gʻaroyib hodisa roʻy berdi! Koʻrib yoqamni ushladim. Guliston boshini old oyoqlari orasidan oʻtkazdi-da, qattiq silkinib, hali sovub ulgurmagan avratini tishlab uzib tashladi. Shu kezda men “qirs” etgan tovush eshitdim. Chamasi juluni[2] uzilib ketgan boʻlsa kerak, keyin u bir kishnadi. Oyoqlari toʻgʻrilandi-yu, boʻyni egilganicha qoldi. Koʻzi ochilganicha jon beribdi. Koʻzlarida shashqator yosh. Avval mol doʻxtirni chaqirib akt qildik. Mana akti. Ullo, agar bunday boʻlishini avvaldan bilganimda, oʻlsam ham bunga ruxsat bermasdim. Nima qilay, xom sut emgan bandaman-da…

 

* * *

Elmurod polvon yelkalarini silkitib-silkitib yigʻlar, Parda rais uni nima deb yupatishni bilmas, ertaga bundan-da ogʻirroq yumush kutayotganini toʻligʻicha tasavvur qila olmas, oʻta mushkul holatda edi.

…Katta maydon liq toʻla odam. Boshqalarga xalaqit bermasin uchun koʻplar telpak, qalpoq, hatto sallalarini ham boshdan olib, vagonlarga chiqarilayotgan otlarni kuzatmoqda. Militsiya xodimlari vagon va otlarni emas, balki odamlarni ziyraklik bilan nazorat qilayotir.

Otlarning vagonga chiqishini osonlashtirish uchun yerdan vagon poliga qadar zich qilib taxtalar terilgan. Egalari otini vagonga chiqaradi-da, noʻxtasini yechib, irgʻalanib, otiga qaray-qaray pastga tushadi. Koʻpchiligi ot boshidan noʻxtasini olayotganda yigʻlab yuborar, baʼzilari esa taxtadan pastga koʻzyoshlarini qoʻllari bilan artib enardi. Ayrim koʻngli boʻshlari otining boʻynidan quchoqlab yigʻlar, koʻzyoshlarini otning yoliga artarkan: “Kechir meni! Kechir…” der, agar vagon ichidagi militsioner: “Qani tez boʻling, boʻling tez”, – deya dagʻdagʻa qilmasa, otidan osonlikcha ayrilmas edi.

Vagonning surma eshigi yopilib, taxtalar boshqa vagonga koʻchirilganda, yigʻlayotganlar soni yana koʻpayar, har zamonda koʻrgilik-da, yigʻini bas qiling endi, degan gaplar eshitilardi. Odamlarning achchiq faryodi yuraklarning eng tubida qoʻzgʻalayotgan isyonni bildirar, dardini oshkor aytish ilojini topa olmay ruhan ezilgan koʻngilning hech narsa bilan ovutib boʻlmaydigan nihoyatda ogʻir iztirobini anglatar edi.

Toʻplanganlarning oldingi safida turgan Parda rais bu holatdan chiqishning ilojini topa olmaganidan afsusu alamda edi. Kotibning qani yoʻrgʻani oʻzingiz olib chiqing, ishorasidan keyin avvaliga nima qilishni bilmay kalovlanib, soʻngra oʻzini tutib olib, yoʻrgʻaning noʻxtasini yechib qoʻliga olayotgan mahali koʻz oldi qorongʻilashdi. Otga suyanganicha yuragini changallab, zoʻrgʻa ortga burildi, bazoʻr qadam tashladi. Shu palla Sodiq chavandozning:

– Rais, dadil boʻling! – degan ovozi qulogʻiga chalindi. Ichida: “Irodangni ishga sol, Parda!”, dedi oʻziga oʻzi va qiya enlik taxtadan asta pastga tusha boshladi.

Hademay poyezd joʻnaydi. Otlarni qayerga oborishadi, necha kun vagonda boʻladi, ularning holidan xabar oluvchi bormi, buni hech kim bilmaydi.

“Otsiz yigit bamisoli qanoti qirqilgan burgut. Boshini adl koʻtarishga uyaladi. Bundan battarini ham boshimizdan oʻtkazdik, rais. Endi koʻkragimizni kerib yurolmay qisinarkanmiz-da…”

Elmurod chavandoz bu gaplarni aytganda ming bor haq edi. Toʻgʻri aytadi. Bu koʻrgilik ham bor ekan-da boshimizda. Paxta rejasini bajarsak, gʻalla topshirishni keragidan ortiq uddalasak, goʻsht topshirish boʻyicha berilgan vazifani qoyillatsak, yana nima kerak ekan?

Shunday azobli xayollar qaynayotgan Parda raisning qulogʻiga taraqlagan tovush eshitildi. Yalt etib qaradi. Vagonning raisga yaqin turgan ikki taxtasi qarsillab sindi-da, taraqlab agʻdarildi. Hosil boʻlgan tirqishdan peshonasi qonga boʻyalgan otning kallasi, soʻngra boʻyni chiqdi. Parda rais yoʻrgʻasini darrov tanidi! Otning yosh sizib chiqqan koʻzlaridan iztirob sharpasi sezilib turardi. Raisning koʻngli birdan yumshadi, tez-tez va chuqur nafas olib, bor quvvatini oyoqlariga yigʻib, choʻloqlanib boʻlsa-da, poyezd izidan oʻtib yoʻrgʻaning boʻynidan qattiq quchoqlab oldi. U koʻzyoshlarini tiya olmas, baralla oʻkirib yigʻlashdan oʻzini arang tiyib turgan boʻlsa-da, yelkalari silkinishi va boshining tebranishidan achchiq alam bilan unsiz yigʻlayotganini payqash mumkin edi. Boʻyniga iliq suyuqlik oqib tushayotganidan yoʻrgʻa ham qoʻshilib yigʻlayotganini bilib, “Otlarni goʻshtga topshirasiz…” degan buyruqni eshitgandan beri to shu kungacha ayovsiz qiynagan gʻam-alamning barini “oh!” degan ayanchli hayqirigʻi bilan toʻkib solmoqchi boʻldi. Biroq hazin dilida yuragini timdalayotgan bu “oh” anduh choʻgʻini beshbattar alangalatdi. Shashqator oqib, koʻylagi yoqasini hoʻl qilayotgan koʻzyoshlari ham, lablarining tinimsiz pirpirashi ham bu alanga hovurini pasaytirolmayotgan edi. Parovozning qichqirigʻi va Elmurod chavandoz bilan Sodiq chavandozlarning: “Boʻldi, rais… Boshqalarning ham yuragini ezdingiz… Chidaymiz-da bu koʻrgilikka!” – degan soʻzlarini eshitib, otning boshiga boshini qattiq bosdi va zoʻrgʻa, eshitilar-eshitilmas ingroq tovush bilan “Xay… r. Yoʻr… gʻam! Xonoʻgʻlonim!” deya oldi, xolos…

Parovozning ketma-ket qichqirigʻi maydonda yigʻilganlarning bagʻrini tilka-pora qildi, vagonlar oʻrnidan jildi. Parda rais Qashqa yoʻrgʻaning unga tomon qayriltirib qarayotganini koʻrib, oʻzi bilmagan holda beixtiyor ikki qadam bosdi. Biroq choʻloq oyogʻining tizzasida qattiq ogʻriq, koʻkragining chap tarafida kutilmagan sanchiq turganidan joyida toʻxtab qoldi.

Shu paytda Qamay tarafdan odatda doim otda yuradigan Hazratqul baxshi oq doʻmbirasini qoʻliga olib, poyi piyoda boʻlib (uning ham choʻbiri goʻshtga tortilgandi) bir naʼra tortib, doʻmbira torini uzib yuborguday kuy chala boshladi. Doʻmbira avval bulbulday sayradi. Bora-bora bu sayrash nolaga almashdi. Bari yigʻilganlar dardini yangilab, yarasini tirnab-tirnab oʻtdi, aksarining koʻzlari yoshlandi.

Tarqalishga tayyorlanayotgan odamlar baxshining atrofiga yigʻildi. Shu vaqt ikki otliq militsioner Hazratqul baxshining qoʻlidagi doʻmbirani tortib olmoqchi boʻldi, el bir qalqdi. Hammasi bir ovozdan “baxshiga tegmanglar!” deya hayqirdi. Odamlarning birdamligidan hayiqdimi, boshqa sababmi, militsionerlar baxshini tinglayotganlarga qoʻshilishdi. Hazratqul baxshi doʻmbiraning tovushini yanada balandlatib, kuy ohangini oʻzgartirdi va xirqiroq ovoz bilan qoʻshiq boshladi:

 

Boʻgʻzim tirnar kuyuk soʻzlarim,

Koʻr boʻlsaydi yoshli koʻzlarim,

Shuvut boʻldi yorugʻ yuzlarim,

Goʻshtga ketgan boʻz otlarim-a,

Qayga yetgay bu dodlarim-a!

 

Sogʻinarmiz otda yurganni,

Otga minib koʻkrak kerganni,

Yoʻqotding, ay, botir, juganni,

Qayga yetgay, ay, dodlarim-a,

Yigʻlayapti toqatlarim-a!

 

Bukilib qolgan baxshi oʻzgacha sitam, oʻzgacha gʻussa bilan doʻmbirasining ingrashini yana avj oldirdi, baland va xirqiroq ovozda, yuraklarning tubiga yetadigan, koʻngil torlarini chertadigan ohangda davom etdi:

 

Soʻzlarimni yoʻymang yoshlikka,

Bir yigʻloqi koʻngli boʻshlikka,

Boʻzlab ketar boʻldi goʻshtlikka,

Yilqisidan judo elim-a!

 

Tepkilandi yoʻgʻu-borimiz,

Tiklanarkan qachon orimiz,

Boʻlarmikan hur diyorimiz,

Tulporidan judo elim-a!

 

Hazratqul baxshi kuylar ekan, koʻzyoshlarini tiya olmas, dardu iztirobini yashirmasdi ham, qalbini oʻrtayotgan alamini aytayotgan qoʻshigʻi toʻla ifodalay olmaganidan koʻzyoshlari sel boʻlib, yuzlarini yuvmoqda edi. Uning ikki yonida goʻyo baxshini qoʻriqlayotgandek turgan militsionerlar hech kimga qaramay, roʻmolchalarini koʻzlariga bosib, yigʻlayotganini boshqalardan bekitmoqchi boʻlar, biroq yelkalarining silkinishi bu sirini oshkor etib turardi. Qashqa yoʻrgʻaning pishqirishi, depsinishi, iztirobli kishnashini koʻz oldiga keltirib, qalbi mumday erib turgan Parda rais birdan hushyor tortdi. Axir u elning oqsoqoli, boshqalarga sabri, matonati bilan oʻrnak boʻlishi kerak. Rais choʻloqlanib baxshining oldiga borib, yelkasiga qoʻlini qoʻydi:

– Baxshi bova! Hammani yigʻlatdingiz, boʻldi. Ilojimiz yoʻq. Ne qilaylik?

Keyin qayrilib, odamlarga murojaat qildi:

– Birodarlar, tarqalaylik! Endi tarqalmay turishimizdan hech qanday foyda yoʻq. Zarari boʻlishi mumkin. Xoʻp deng, ogʻaynilar, tarqalaylik!

Hamma asta uy-uyiga keta boshladi.

Parda raisni huvullagan hovli kutib oldi…

Otni saqlab qololmadingizmi, qani ot degandek, raisning oʻgʻli Qashqa yoʻrgʻa bogʻlanadigan qoziqqa yoʻgʻon kaltak bilan urib-urib qoʻyardi.

Rais bir pas qarab turdi-da, diydasi yumshab, titroqli tovush bilan dedi:

– Uyga kir, oʻgʻlim. Qoziqqa tegma! Inshoollo, hali kerak boʻladi…

Shu palla hovliqqancha kimdir kirib keldi. Rais tanidi: Allaberdi! Allaberdining bezovta tovushi raisni hushyor torttirdi:

– Rais bova, ho rais bova! Zarur ish bilan Qarshiga borayotgan edim. Shoʻrtanga yaqinlashganimda koʻrsam, poyezd toʻxtab turibdi, forma kiygan qandaydir odamlar vagondan bir otni tashqariga chiqarib tashlashyapti. Yaqinlashdimu koʻrib yuragim “shuv” etdi: u Qashqa yoʻrgʻaning oʻligi ekan!

– Qashqa yoʻrgʻa, deysanmi?!

– Ha, sinchiklab qaradim. Tanidim! Yassi va yalpoq tuyogʻidan tanidim. Qashqasining… qashqasining bir tekisligidan tanidim. Qashqaning yuragi yorilib oʻlibdi!

– Uka! Allaberdi! Adashmayapsanmi!?

– Yoʻq, rais bova! Bu aniq. Otning yuragi yorilib oʻlibdi. Qoni koʻkragining ichida yigʻilgan ekan.

Parda rais turgan joyida qotib qoldi.

…Parda rais, Sodiq chavandoz, Toji bova, Hazratqul baxshi, Allaberdilar Qashqa yoʻrgʻa loshini Mirzapoʻchoq qishlogʻining Gʻuzor tarafidagi tepalikka eltganlarida, tuprogʻi hali qurib ulgurmagan qabrning yonida, endigina qazilgan chuqur tepasida belkurakka suyanib turgan mahzun Elmurod chavandoz bilan uning oʻgʻli Meyliga koʻzlari tushdi.

Hech kim hech narsa demadi.

– Yoʻrgʻani mana shu chuqurga, Gulistonning yoniga koʻmamiz, – dedi qatʼiy Parda rais…

Odamlar harakatga tushib ketishdi.

– Allaberdi, uka! Chavandozlarim! – dedi hammani hayratga solib birdan Parda rais, paydo boʻlgan ikki doʻngchaga qarab. – Agar oʻlsam, meni ham… Guliston bilan Qashqa yoʻrgʻa oʻrtasiga…

– Meni ham, – deb yubordi toʻliqib turgan Elmurod chavandoz shu palla! Barcha unga yalt etib qaradi.

– Esingizda tutinglar, – davom etdi Parda rais. – Ammo… hali oʻladigan goʻshtxoʻr yoʻq! Hali ish koʻp! Ha… ish koʻp! Tushundim, endi men boshqacha harakat qilaman!

Rais oxirgi soʻzlarni aytganda qoʻllari musht boʻlib tugilgan edi. Hozir bu harakatning nima ekanini, qanday kechishini tasavvur eta olmasa-da, uyiga qaytar ekan, yoʻl-yoʻlakay beixtiyor Hazratqul baxshining “Zamon kelar, oy boʻlar yaxshi…” – termasini xirgoyi qilib kelganini bilmay qoldi.

Nogahon kunchiqar tarafga boqqandi, togʻ tarafdan koʻtarilayotgan charaqlagan yulduzga koʻzi tushdi. Parda rais yulduzga tikilib qaradi. Uning yogʻdusi ichra bir odam koʻringanday boʻldi. Koʻzlarini yumib ochdi: gʻira-shirada qir ortidan yorugʻlik tomon chiqib kelayotgan otliqqa koʻzi tushdi. Birozdan keyin otliq tiniq ufq tomon burildi. Ufqning nuqra jilosida otning qashqasi yorqin tovlandi. “Qashqa yoʻrgʻa-ku!” – deya hayqirib yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi, rais. Egar ustida oʻtirgan nevarasi Nurdilni tanidi. Qashqa yoʻrgʻaning endi mingi boʻlgan toyi tez va tekis yoʻrgʻa chiqarganini koʻrib koʻngli togʻday koʻtarildi. “Dillarga nur berib tobora yuksalayotgan kelajagi porloq zamonda yashaymiz, hali zafarlar quchamiz” deb oʻyladi.

Hademay toʻlin oy chiqadi, tongda esa albatta quyosh charaqlaydi.

 

Jumanazar BEKNAZAR

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

 


[1] Bir yoshga yetgan buzoq. Koʻpkarida chavandozlarning sovrin olishini qiyinlashtirish uchun ataylab shunday buzoq tanlanadi.

[2] Orqa miyasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/qashqa-yorga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x