Jahonda sanoqli insonlar muyassar boʻladigan saodat: Hajga Saudiya Arabistonining mehmoni sifatida borish. Bu hech mubolagʻasiz favqulodda holatdir.
Taniqli ijodkor Laziz Tangriyev ana shu sharafga muyassar boʻlganlardan biridir. U bir umr unutilmas ziyorati jarayonida koʻnglidan kechirgan his-tuygʻulari va oʻy-fikrlarini yaqinda Qafur Qulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan “Qalbga ingan nur” kitobidagi xotiralarida hayajon bilan hikoya qiladi.
Muallif dastlab Umra ziyoratida Saudiya Arabistonining poytaxti Riyoz shahrida boʻlish sharafiga muyassar boʻlgan. Maʼlum boʻlishicha, ushbu shaharga, odatda, faqat maxsus taklifnoma yoki biror bir rasmiy hukumat tadbirida qatnashish sharti bilangina kirish mumkin ekan. Hatto Umra yoki Haj amallarini bajaradiganlar ham toʻgʻridan-toʻgʻri Madinaga yoʻl olishar, ularning Riyozga kirishiga ruxsat berilmas ekan.
Xotiralarda Kaʼbai muazzamni tavof etish, paygʻambarimiz sollalohu alayhi va sallam ravzalarini ziyorat qilish, 900 kilometr yoʻl bosib, musulmon boʻlmaganlar aylanib oʻtishi shart boʻlgan Madinai munavvaraga ham borib, Masjidi Nabaviyda namoz oʻqish, Kubo masjidi, Baqiʼ qabristoni, Uhud jangi boʻlgan tepalikni, keyin esa yana 500 chaqirimdan koʻproq yoʻl bosib, Makkada Kaʼbani yetti bor aylanish taʼsirchan hikoya qilinadi. Muallif ushbu taassurotlarini mashhur shoirlarimiz – Abdulla Oripovning “Paygʻambar”, “Kaʼbatulloh”, Muhammad Yusufning “Bobur nidosi” sheʼrlariga muqoyasa qilgan.
Ijodkorning Umra amallarini ado etishi Riyozda oʻtkazilgan oʻninchi xalqaro kitob koʻrgazmasida Oʻzbekiston noshirlarining delegatsiyasi tarkibida ishtirok etishi bilan biryoʻla boʻlgan. Ushbu xalqaro tadbirda 33 mamlakatdan 7000 dan ortiq nashriyot-matbaa tashkilotlarining ishtirok etgani uning yuksak nufuzini yaqqol isbotlaydi. Laziz Tangriyev Saudiya Arabistonidan tashqari, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarida ham har yili muntazam oʻtkaziladigan islom dunyosining kitob koʻrgazmalarida oʻzbek adiblarining asarlarini arab tiliga tarjima qilib, ishtirok etishning muhimligiga urgʻu beradi.
Xotiralarda Riyoz xalqaro kitob koʻrgazmasida bolalar adabiyoti, shu jumladan, oʻquv darsligi boʻlimining tashkil etilishi alohida eʼtibor va tahsinga sazovorligi taʼkidlanadi. Bu yerda koʻrgazmaga tarbiyachi va muallimlar yetakchiligida bolalarning guruh-guruh boʻlib kelishlari tashkillashtirilgan ekan. Yana bir eʼtiborli tomoni – koʻrgazmada bolalarga nafaqat kitob bayramini tomosha qilish, shu bilan birga, homiylar tomonidan ajratilgan kuponlar orqali kitob, daftar, qalam va boshqa mahsulotlarni bepul olish imkoniyatining yaratilishidir. Muallif ana shu tajribani mamlakatimizda oʻtkaziladigan kitob koʻrgazmalarida ham qoʻllashning foydadan xoli emasligini uqtiradi.
Laziz Tangriyevning xotiralarida koʻpchilik kitobxonlar uchun maʼlum boʻlmagan qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan. Umra amallarini bajarishda ziyoratchilarga xizmat qiladigan Abduqodir otaning hikoya qilishicha, oʻtmishda Hajga kelgan boy-badavlat yurtdoshlarimiz Makkada “Andijon”, “Margʻilon”, “Fargʻona”, “Samarqand” kabi takyalar – moʻjaz mehmonxonalar barpo etishgan ekan. Ularni yuritib turish uchun qoldirgan xizmatkorlariga oʻz ona yurtlaridan kelgan ziyoratchilarga ushbu takyalarda xohlagancha bepul mehmon boʻlishni buyurgan ekanlar.
Muallif xotiralarining mazmun-mohiyatini oʻzi muyassar boʻlgan Haj safari taassurotlarini “Koʻnglimdan qogʻozga toʻkilgan ushbu bitiklar oʻsha baxtli, fayzli, farahli kunlar, lahzalar” sifatida ifoda etadi. Xotiralarda ziyoratchilarning Baytullohning tavof qilinishi, Safo va Marva tepaliklari orasida yetti marta saʼy ibodatini amalga oshirish, Zam-zam suvidan toʻyib ichishga muyassar boʻlish, Mino vodiysiga chiqish bilan bogʻliq his-tuygʻularni hayajonlanmasdan oʻqib boʻlmaydi.
Kitobxonlar uchun “Qalbga ingan nur” xotiralari bilan tanishish foydali degan fikrdamiz. Muallifning oʻz-oʻziga ibratli nasihatlari, xususan, “Din va ilm”, “Nikoh, ilohiy ahd, oila muqaddas”, “Qiyomat va tugʻilgan kun”, “Tavba-tazarru saodati”, shuningdek, sochma fikrlari, publitsistik maqolalari ham oʻquvchilarda qiziqish uygʻotishi, shubhasiz.
Akmal SAIDOV,
akademik
“Oila davrasida” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/qalbga-ingan-nur/