Eng chiroyli varrak

Oʻgʻlim maktabdan quvonchi ichiga sigʻmay, hayajon bilan keldi. Ertaga varrak musobaqasida qatnashar ekan. Kiyimlarini almashtirib, tushlik qilib boʻlgach, yalingannamo gap boshladi:

– Onajon, musobaqada qatnashish uchun varrak kerak ekan. Dadamga aytsangiz, ishdan qaytishda olib kelarmikan?

Bolamning bu iltimosini bajarish uchun turmush oʻrtogʻimga qoʻngʻiroq qildim. Bozordan eng katta va chiroyli varrak olib kelishini qayta-qayta soʻradim.

Kech boʻlishini intiq kutayotgan oʻgʻlim uy supursam ham, ovqat qilsam ham yonimga kelib, varragining rangi, shaklini qanday tasavvur qilayotganini tinmay gapirardi.

Kun shomdan ogʻib, qizimni bogʻchadan olib keldim. Endi oʻgʻlim uni holi-joniga qoʻymay, dadasi olib keladigan varrak, ertangi musobaqa haqida miriqib soʻzlashga kirishgandi.

– Ziyoda, hozir dadam katta burgut koʻrinishidagi varrak olib keladi. U qanotlarini yoyib, hammanikidan baland uchadi. Tanlovdan keyin senga ham berib turaman. Ikkalamiz hovlida mazza qilib uchiramiz.

Bolamning quvonch toʻla koʻzlariga qarab, ich-ichimdan uning gʻolib boʻlishini istadim. Lekin ishdan har doimgidan kechroq qaytgan turmush oʻrtogʻim varrak olib kelmadi.

– Qidirmagan joyim qolmadi. Bozorlar yopilib, varrakdan asar ham qolmabdi, – deya bergan tushuntirishi oʻgʻlimning kayfiyatini tushirsa tushirdiki, aslo koʻtarmadi. Buni darrov sezgan dadasi masalaning nechogʻli jiddiy ekanini angladi chogʻi, kostyumini yechib, yengini shimargancha hovli etagi tomon ketdi. Yigʻi aralash gʻiltillab oʻtirgan oʻgʻlim esa “boʻldi, endi musobaqada qatnashmas ekanman-da”, deb umidsizlikka tushdi. Unga tasalli berib turgandim, kiyimlari changga burkangan turmush oʻrtogʻim bir dasta qurigan qamish koʻtarib keldi. Berilib ishga kirishdi. “Qani, onasi, uyda kattaroq qogʻoz boʻlsa, olib chiq”, dedi yerga qamishlarni qoʻyib, qoʻlining changini qoqar ekan. Men ham darrovgina qogʻoz topib keldim. Pichoq bilan qamish kesib, ishga kirishib ketgan dadamiz oʻgʻlining koʻnglini koʻtarish uchun katta vaʼdalar berardi.

– Qarab tur, ertaga sening varraging hammanikidan baland uchadi. Aytayotgan burgutli varraklaring buning oldida hech nima boʻlmay qoladi.

– Hamma chiroylisini koʻtarib borganda, men qogʻoz varrak olib boramanmi? Bolalar ustimdan kulishadi-ku?!

– Qoʻyaver, gʻolib boʻlganingdan keyin uyalib qolishadi.

Yarim tungacha birgalashib varrak yasadik. Turmush oʻrtogʻim ingichka kesib olingan qamishni qogʻozga yopishtirsa, oʻgʻlim ikkimiz uning dum qismini tayyorlardik. Qizim esa bu oilaviy mashgʻulotdan chetda qolib ketmaslikka urinib, bizga kerakli buyumlarni chaqqonlik bilan uzatib turardi. Ishni yakunlagach, varragimizni bezatishga kirishdik. Yaltiroq, rangli qogʻozlardan gul yasab, yopishtirib chiqqanimizdan keyin ishimizni biroz tomosha qildik. Tungi yelvizakda uning dumlari hilpirab, xuddi qafasdan chiqishga urinayotgan qushdek goh oldinga, goh orqaga uchardi.

Ertalab dadasi ikkimiz oʻgʻlimni gʻolib boʻlishiga ishontirib, maktabga kuzatdik…

– Onajon, onajon, qarang, menga nima berishdi, – oʻgʻlim darvozadan kirishi bilan qichqirdi. – Faxriy yorliq oldim. Varrak uchirish musobaqasida gʻolib boʻlganim uchun mana bu kitobni ham sovgʻa qilishdi. Dadam toʻgʻri aytgan ekan, oʻqituvchimiz varragimni hammaga maqtadi. Boshqalarga ham uyda oʻzi mustaqil yasab kelishi kerakligini aytdi. Buning uchun dadamga, sizga, singlimga katta rahmat!

Koʻnglimda ajib sokinlik bilan ahil-inoqlikda, oilaviy qilingan mehnatning samarasi xayrli boʻlishini yana bir bor tushunib yetdim.

 

Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/eng-chiroyli-varrak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x