Qahramondan baland ijodkor

Inson koʻnglidagi kechinmalar inʼikosi boʻlgan badiiy asarning, manba mohiyatiga mos ravishda, turli-tuman shaklu shamoyillarda namoyon boʻlishi tabiiydir. Adabiyotshunoslik ilmida nasriy janrlarning eng kichigi sanaladigan hikoya janriga qoʻyiladigan talablar shakllangan boʻlsa-da, adabiy jarayonda har doim ham bunday qoidalarga rioya etiladi, deyish qiyin. Masalan, “Adabiyotshunoslik lugʻati”da hikoyaga shunday taʼrif beriladi: “Hikoya – epik turning kichik janri. Hikoya, odatda, qahramon hayotidan bitta (baʼzan bir-biriga uzviy bogʻliq, qisqa muddat davomida kechgan bir necha) voqeani qalamga oladi. Tasvirlanayotgan voqealarning qisqa vaqt davomida kechishi hikoyaning hajman kichik, syujeti sodda, ishtirok etuvchi personajlar soni kam boʻlishini taqozo etadi. Har qanday voqea ham hikoyabop emas. Hikoya asosida yotgan voqeaning yaxlit, tugal boʻlishi talab etiladi, buning uchun u oʻzining boshlanishi va yakuniga ega boʻlishi (masal, latifadagi kabi) lozim. Yaxlit voqeani tasvirlash asnosida hikoyanavis yo shu voqeaning, yo uning vositasida xarakterning mohiyatini ochib beradi” (Quronov D. va b. Adabiyotshunoslik lugʻati. – Toshkent: “Akademnashr”, 2010.393–394-betlar). Taniqli hikoyanavis Shukur Xolmirzayev ijodini kuzatsak, uning koʻpgina hikoyalari, ayniqsa, oʻtgan asrning 90-yillarida bitgan asarlari yuqoridagi taʼrifga “sigʻmasligi” ayonlashadi. Boshqacha aytganda, adib adabiy janrlarga ancha erkin munosabatda boʻladi, ularning chegarasini nisbiy qabul qiladi.

Yozuvchi boshqa janrlarda ham samarali ijod qilgan boʻlsa-da, asosan, hikoyanavis sifatida dovruq qozondi. Shukur Xolmirzayevning hikoyanavis sanalishiga uning jahon hikoyachiligini chuqur oʻzlashtirgani, hikoya tabiati borasida asosli toʻxtamlarga kelgani va oʻz ijodida bu nazariy asoslardan oʻrinli foydalangani ham sababdir. Zotan, adib dunyoning yetuk hikoyanavislari Jek London, Robindranat Thakur, Anton Chexov, Ernest Xeminguey, Abdulla Qahhor va boshqalarning asarlarini shunchaki oʻqimaydi, balki ularning ijodidagi yetakchi belgilarga diqqat qaratadi, ushbu asarlarni qay xususiyatlar hikoyaga aylantirgan, ularning asosi nima, degan savollarga javob izlaydi. Shu jihatdan adibning “Hikoya haqida” degan maqolasi diqqatga sazovordir. Muallif ushbu maqolasida oʻziga kuchli taʼsir koʻrsatgan ulugʻ hikoyanavislarning alohida qirralarini bilimdonlik bilan koʻrsatish barobarida gʻoyat dolzarb muammo – asarning badiiyatiga putur yetkazuvchi illatlardan biri – hikoyada bayonchilik masalasiga ham toʻxtalib oʻtadi. Maʼlumki, badiiy asar fabulasi hayotiy voqea asosida tiklansa ham, bu hayotda qanday boʻlsa, shundayicha koʻchirish kerak, degani emas. Aksincha, Abdulla Qahhor taʼbiri bilan aytganda, hayotdan aynan koʻchirish kitobdan koʻchirishday gap. Asarga sinch vazifasini bajargan hayotiy voqea muallif tomonidan qayta ishlanishi, soʻng boyitilgan, aniqlashtirilgan va yozuvchining ijodiy prinsiplariga muvofiqlashtirilgan holda oʻquvchilar hukmiga havola etilishi lozim. Shukur Xolmirzayev yozadi: “Bir zamonlar, hozirgi kunda ham baʼzan, shunday hikoyalarni oʻqir edim: bir qiz bir yigitni sevadi, keyin yigit vafosiz chiqipti, keyin qiz uning yuziga… Yoki, bir yigit bir qizni seva turib, eskilik sarqiti yoʻliga koʻndalang boʻlgani uchun uni yenga olmay, boshqaga uylanipti, keyin oʻsha qizni koʻripti – ikkisi ham pushaymon… Yoki, yomon odam bilan yaxshi odam haqidagi hikoyalarni aytmaysizmi… Xullas, sanayversam, ado qilolmayman” (Xolmirzayev Sh. Hikoya haqida//”Sharq yulduzi”, 1971. № 1). Darhaqiqat, voqeani quruq bayon qiluvchi lavhalarning “hikoya degan narsa bilan aloqasi juda kam ekan, ular shunchaki ermak uchun yozilgan yoki umuman adabiyotni tushunmaslik oqibatida paydo boʻlgan mahsulotlar ekan” (Xolmirzayev Sh. Hikoya haqida//”Sharq yulduzi”, 1971. № 1).

“Moʻjiza boʻlib qolsin” maqolasida Shukur Xolmirzayev zamondosh hikoyanavislar ijodiga keng toʻxtaladi. Ayni maqolada adibning hikoya janriga qoʻyiladigan talablarga munosabati, hikoyani boshqa janrlardan farqlantiruvchi belgilarga oid qarashlari ancha oydinlashadi. Garchi maqola avvalida adib “mulohazalarimni ham mutlaq obʼyektiv deb emas, jurnalning fikri yoki qatʼiy xulosasi deb emas, balki shaxsning nisbiy obʼyektiv mulohazalari, deb qabul qilasiz”, deya taʼkidlasa-da, uning umumadabiy mezonlar asosida ish koʻrgani fikrlarining haqiqatga yovuqligidan dalolat beradi. Ikkinchidan, ayni mulohazalar Shukur Xolmirzayevning qozilik daʼvo qilmasligini, oʻzining fikrlari xatodan xoli boʻlmasligini eʼtirof etishini, qolaversa, har kimning taʼbi har xilligini hisobga olganini koʻrsatadi.

Muallif yigirmadan ortiq yozuvchining 1987 yili chop etilgan hikoyasi misolida oʻzbek hikoyachiligining “shaklan va qisman mazmunan ham anʼanaviy yoʻlda ilgarila”yotganini, “hikoyanavislarimiz turmushga chuqurroq shoʻngʻiy boshla”ganlarini, “bir qurum adiblar tasvir imkoniyatlarini kengaytirish ustida turli tajribalar ham qilish”ayotganini va buning-da “sifat oʻzgarishlariga olib borishi tabiiy”ligini taʼkidlaydi. Adib asar mazmunini boshdan-oyoq qayta soʻzlab bermaydi, bilʼaks, tahlil qilinayotgan hikoyaning yutuq va kamchiliklarini aniq misollar bilan koʻrsatadi. Masalan, Jamila Ergashevaning “Malomat” hikoyasi qahramoni – “yoshi oʻtinqiraganroq Erkinoy otli qiz avtobaza direktori Samadni yaxshi koʻrib qoladi va haligiday “yura boshlaydi”. Kunlarning birida maʼlum boʻladiki, direktor oilali, toʻrtta bolasi bor. Shu oʻrinda jindak taajjub qilasan: bitta rayonda yashab turib, undagi azza-bazza avtobazadek korxona direktorining uylangan-uylanmaganini bilmaslik – gʻalati! Buning ustiga, unga maʼshuqa boʻlib yurgan qizning bilmasligi!” Bilganidan soʻng qiz “birovning oilasini buzish yaxshimas” degan oʻyda ishdan ketib qoladi. Avtobaza direktori esa oʻz oilasi ogʻushida, ilgari qanday yashagan boʻlsa, yana shunday yashab ketaveradi.

“Yo, tavba, – deysan, – axir u Erkinoyni sevardi-ku? Qani “hayotdan toʻyib ketgan” yigitning nolalari?”

Demak, yigit qizni shunchaki aldab – ermak qilib yurgan. Qiz esa, – qiz-da, – unga ishongan!

Menga shunday tuyuldiki, yosh adibamiz ham xuddi qahramonlari Erkinoydek oʻyladilar va Erkinoy kabi baza direktoriga ishondilar. Ana shuning uchun ham silliq, chiroyli til bilan, ehtiros bilan yozilgan hikoya chala boʻlib qoldi: avtor hikoyani davom ettirolmadi.

Xullas, muallif qahramonlaridan BALANDda turolmagan”.

Maʼlumki, XX asrning soʻnggi ikki oʻn yilligi adabiyotda ham oʻzgarishlarga, yangilanishlarga boy boʻldi. Oʻzbek adabiyotiga kirib kelgan yangi avlod adabiyotni ham shaklan, ham mazmunan yangilashga harakat qilishdi. N. Eshonqul, N. Otaxonov, O. Otaxonov kabi ijodkorlar asarlari tasvir oʻzgachaligi, obʼyekt yangiligi, idealning oʻzgargani bilan salaflar ijodidan farq qiladi. N. Otaxonovning “Oq bino oqshomlari” asaridagi Shukur Xolmirzayev taʼkidlagan quyidagi jihatni ham ayni omil bilan izohlash oʻrinlidir: “Yozuvchi Hafizaning eri bilan ham, bu oʻynashi bilan ham kechirgan intim onlarini biz tasvirlashga jurʼat etolmaydigan bir shiddat bilan koʻrsatadiki, adabiyotning mana shu funksiyasi ham borligini unutib qoʻyganimizga iqror boʻlamiz: axir adabiyot hayotning mana shunday tomonlarini ham odob doirasida koʻrsatishi kerak!” (Xolmirzayev Sh. Moʻjiza boʻlib qolsin (1987 yil hikoyachiligi haqida oʻylar) //”Sharq yulduzi”, 1988. № 6).

Shukur Xolmirzayev “Oq bino oqshomlari”dan shunday koʻchirma keltiradi: “Hafizadan dugonasi soʻraydi:

“ – Mabodo qayta boshdan boshlaganingda, kimga tegarding?

– Sharif akamga, – dedi Hafiza oʻylab oʻtirmay.

– Unda Avaz aka-chi?

– Bilmadim… – Hafiza tutilib qoldi. – Rostini aytsam, tagʻin shunday boʻlardi, shekilli…”

Soʻng oʻz munosabatini quyidagicha bildiradi:

“O, gap bu yoqdami? Demak, yozigʻi shu?.. Uni – qismatni bilar ekan-da? Demak, Sharifga tegib olib, ishratni Avaz bilan surish taqdirida bor ekan-da?

Ana shunda qizigan miyangga navbatdagi xunuk gap keladi: demak, Hafiza Sharifni his bilan, Avazni hirs bilan sevar ekan” (Xolmirzayev Sh. Moʻjiza boʻlib qolsin (1987 yil hikoyachiligi haqida oʻylar)//”Sharq yulduzi”, 1988. № 6).

Bu “xunuk” tasvir qarashlari anʼanaviy yondashuvlar asosida shakllangan Shukur Xolmirzayevga oʻrinsiz tuyuladi. Holbuki, inson jumbogʻi aynan uning koʻnglida, koʻngil esa turli-tuman kechinmalarga boy maʼvo sanaladi. Inson qalbi soniyaning yuzdan bir qismida ne-ne hislarni kechirmaydi. Bu jihatlarni inobatga olmaslik insonni robotmisol koʻrsatishga, yaʼni sunʼiylikka sabab boʻladi. Vulgar sotsialistik realizm talablariga muvofiq yozilgan aksar bitiklarda aynan shunday qolip – stereotiplar toʻlib-toshgan, aksar qahramonlar ikki xil – yo faqat yaxshi odam yoki butkul yaramas kimsa sifatida talqin qilinar, bir kishi ham xislat, ham illatga egaligi unutilgandi… Garchi oʻtgan asrning 60-yillarida adabiyotimizga kirib kelgan ijodkorlar pleyadasi mavjud adabiy kechimdan qoniqmay, asarlarida koʻp oʻzgarishlar yasagan esa-da, ayrim oʻrinlarda, ayniqsa, insonning holini – ichki olamini yashirmasdan tasvirlashda shakllangan yoʻldan yurgandilarki, bunday yondashuv Shukur Xolmirzayevning “Oq bino oqshomlari” yuzasidan bildirgan mulohazalarida ham seziladi. Biroq (eng muhimi ham shuki), ulkan adib koʻzqarashlarini, ijodiy toʻxtamlarini adabiy kechimga muvofiq rivojlantirib boradi. Jumladan, uning “Bulut toʻsgan oy” (1996) hikoyasida yoʻldan adashgan ayol fojiasi oʻzgacha rakursda, bor murakkabligi bilan koʻrsatiladi. Koʻngil manzaralari beqiyos darajada goʻzal aks ettirilgan asar mutolaasi jarayonida inson degan xilqatning sirli-nomaʼlum qirralari hali ham bisyor ekani anglashiladi. Zotan, hikoyada odam tabiatidagi tuygʻularning kesishgan, illatu fazilatlar zidlashgan nuqtalari mahorat bilan, yashirmay, ochiqchasiga aks ettiriladi. Shundan ham koʻrinadiki, Shukur Xolmirzayevning “Tasavvur eting: Nurillaning ijozati bilan haligi parchani olib tashlaylik-da, hikoyaga yana bir nazar soling: nima oʻzgardi? Hech narsa. Qaytamga boyagidek xunuk xulosa darhol bizni tark etdi”, degan qarashi vaqt oʻtib oʻzgaradi. Zotan, “Oq bino oqshomlari” asarida ayni parcha, yaʼni arosatdagi juvonning ikkilanishlari asar mohiyatini ochishdagi bir kalitdir; inson jumbogʻi, uning koʻnglini anglash mushkulligini tasdiqlovchi holat tasviridir.

 

Otabek SAFAROV

 

“Ijod olami”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qahramondan-baland-ijodkor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x