Ijodkorning metin irodasi

Asar yozish bu soʻzdan imorat qurishga oʻxshaydi. Har bir ijodkor oʻzining koʻnglidagi gʻoyalarni, fikrlarni va dardlarini yaxlit syujetga birlashtirib, kompozitsiya asosida “badiiy imorat” barpo etadi. Har bir soʻz ustida erinmasdan ishlasa, asar yanada sifatli chiqishini buyuklar amalda isbotlashgan. Ammo yozuvchilik odamdan eng avvalo sabr-toqat va matonat, metin iroda talab qiladi. Oʻzining asariga vaqti va kuchini ayamagan ijodkor irodali ijodkordir. Bunday adiblar adabiyot tarixida koʻp uchraydi.


 

Jyul Vern (1828–1905)

 

Bu ulugʻ fransuz qalamkashi ham matonat borasida barcha ijodkorlarga namuna boʻla oladi.

Vern 77 yil yashadi. Umrining soʻnggi yillarida qand kasaliga chalindi. Hatto uning koʻzi ham ojizlashib qolgan edi. Lekin hech qanday kasallik Jyul Vernga ijod qilish uchun toʻsqinlik qila olmadi. Adib oʻshanda oʻz oʻgʻliga aytib turib, asar yozdirgan va soʻnggi kitoblarini tugallashga muvaffaq boʻlgandi.

 

Nikolay Vasilyevich Gogol (1809–1853)

 

Buyuk rus satirik adibining yozgan asarlari son jihatdan emas, balki sifat darajasiga qarab ahamiyatlidir. Har bir qoʻlyozmasi ustida oylab ter toʻkkan. Baʼzi qissalarini yillar davomida ishlaganini eshitganmiz. Ayniqsa, pyesalarini yozib tugatgandan soʻng, oʻzining 3-4 ta doʻstini toʻplab har biriga qoʻlyozmaning dastlabki variantini oʻqitgan va qizgʻin muhokamaga qoʻygan ekan. Bahs va munozaralar tugagandan keyin esa oʻtirib, qoʻliga qalam olgan va pyesaning ikkinchi variantini yozishga kirishgan…

 

Gerbert Uells (1866–1946)

 

Ingliz fantasti – bolalik paytida ham, balogʻatga yetganda ham oyogʻini sindirib olgan va natijada Gerbert Uells bir umrga nogiron boʻlib qolgan. Lekin, yozuvchilarga shunaqa temir iroda ato etilganki, buyuk asarlar har qanday sharoitda ham yaratilaveradi.

 

Onore de Balzak (1799–1850)

 

Fransiyalik bu adib haqida esa har qancha gapirsak ham oz. “Insoniyat komediyasi” reja boʻyicha 100 jildli romandan iborat boʻlishi va u Fransiyaning XIX asrdagi umumiy manzarasini aks ettirish lozim edi. Adib oʻz chidam va irodasi bilan kuniga 18 soatlab, kuniga bir mahal ovqatlanib, qorongʻi xonada, sham yorugʻida ijod etgani barchaga maʼlum. Balzak uyquni yengish uchun tinimsiz qahva ichavergan. Garchi, Balzak rejasini toʻliq tugallamagan boʻlsa ham, oʻz qalam kuchi bilan 88 ta romanni qisqa vaqt 20 yil ichida (1830–1850) yozib bitirdi.

 

Ernest Xeminguey (1899–1961)

 

XX asrning eng mashhur adiblaridan biri boʻlgan Xeminguey ham yozmasdan turolmasdi. Oʻtirib yozaverganidan oyoqlari uvushib qolgan. Ammo shundayam u tik oyoqda turib qogʻoz qoralayvergan… Bundan tashqari yozuvchi urushda yaralanib, bir necha bor turli xastaliklar tufayli aziyat chekkan. Xeminguey vafot etganidagina yozishdan toʻxtagan.

 

Temur TANGRIBERGANOV tayyorladi.

 

“Ijod olami”, 2017–2

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/ijodkorning-metin-irodasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x