Post Views:
196
QASHQAR, Qoshg‘ar – Shayxontohur dahasidagi qadimgi mahalla. Turk, Ila, Tojik mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Bir chekkasi Yangi shaharga tutashgan. Qariyb 130 xonadon yashagan. Aholisi 1830-yillarda Qo‘qon xoni tomonidan, asosan, Qashqardan ko‘chirib keltirilgan qashqarliklar (nomi shundan), bir qismi o‘zbeklar bo‘lgan; savdo-sotiq, shahar tashqarisidagi yerlari (Oqqo‘rg‘on, Bo‘z, Yalang‘och va boshqa mavzelar)da dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Qashqarda 4 ta karvonsaroy, bozor, masjid, baqqollik do‘konlari bo‘lgan (20-asr boshi). Mahallaning sharqiy chekkasida shahar darvozalaridan biri – Qashqar darvozasi joylashgan edi. Chernyayev boshliq rus qo‘shinlari dastlab 1864 yil oktyabrda Toshkentga shu tomondan hujum qilgan, lekin ko‘p talafot berib chekingan. 1865 yil Toshkentni rus qo‘shinlari bosib olgach, Qashqardagi egasiz qolgan xonadonlarga rus ofitserlari joylashib olgan. Qashqarda Hamza maktab ochib bir muddat ishlagan edi. Mahallada ma’rifatchi va adabiyotshunos olim Miyonbuzruk Solihov (1892–1939) yashagan. Toshkent zilzilasi (1966) epitsentri Qashqarda bo‘lgan. Imoratlar qattiq shikastlangan. Qashqar o‘rnida Qashqar mahalla turar joy mavzei barpo etilgan.
«Qashqar» mahallasi (Markaz-4, 20) – Yunusobod tumanidagi hozirgi mahalla. «Matonat» mahallasi bilan chegaradosh. 1969 yil 19 aprelda «Markaz-4» mavzesida «Markaz-4» mahallasi tashkil etilgan. 1990 yil 14 mayda «Qashqar mavzesi» nomi berilgan. Aholisi 2434 kishi, ko‘p millatli. Mahalla hududida Furqat nomidagi madaniyat uyi, T.Sodiqov nomidagi musiqa maktabi, shahar IIBga qarashli sport majmuasi mavjud.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/qadimiy-mahallalar-qashqar-qoshg-ar/