– Ayblanuvchi Bozorov Adham, oʻrningizdan turing! Marhamat, oʻzingizni sudga tanishtiring: qachon, qayerda tugʻilgansiz, kasbingiz nima? Hozir oʻqib eshittirilgan ayblovnomadagi jinoyatga nega qoʻl urganingiz, yaʼni samolyotni qanday qilib va nima maqsadda olib qochganingiz haqida batafsil gapirib bering. – Qirra burun, tikanak soch, ikki yuziga qon tepib turgan hakam pistoqi boʻyinbogʻini toʻgʻrilab, zalning chap burchagiga yarim oʻgirildi. Temir panjara ortida koʻzlari jovdiragancha kaftlarini juftlab, tizzalari orasiga olib oʻtirgan mahbus bir qalqib oldi.
Qoramagʻiz, siyrak qoshlari ostidagi qoʻykoʻzlari choʻkkan oʻrta yashar kishi oʻzini dadil tutishga harakat qilar, lekin uniqib, titilib ketayozgan shimining pochasi shabadada qolgandek tinimsiz hilpirardi. U oʻrnidan turgach, sud zalining salobati bosibmi yoki hozirgina hakam oʻqib eshittirgan ayblovning zalvoridan gangibmi, qiynalib yutindi, negadir koʻylagining tugmalarini bir-bir paypaslab ushlab chiqdi.
– Men… men… ayblanuvchi Bozorov Adham Toʻqliyevich, bir ming toʻqqiz yuz oltmish toʻqqizinchi yili shu oʻzimizni qishloqda…
– Nomini ayting, qaysi qishloq?! – Hakam uning soʻzini choʻrt kesdi.
– Men, Bozorov Adham Toʻqliyevich bir ming toʻqqiz yuz oltmish toʻqqizinchi yili shu oʻzimizning… Sakkizqoʻrgʻon qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilganman. Shu qishlogʻimizdagi oʻttiz beshinchi maktabda oʻn yil oʻqidim. Keyin tumandagi kasb-hunar bilim yurtida oʻqidim, maʼlumotim oʻrta-maxsus. Shu qishloqda unib-oʻsib voyaga yetdim. Gʻamxoʻr hukumatimiz yaratib bergan sharoit tufayli astoydil va halol mehnat qilib… ota-onamga yordam berdim, uylandim, hozirda toʻrt nafar farzandni voyaga yetkazmoqda edim… – U tutilib, advokatga birrov yer ostidan koʻz tashladi. Tepakal, kirpimoʻylov advokat unga tasdiq maʼnosida bilinar-bilinmas bosh irgʻab, koʻzoynagini koʻrsatkich barmogʻi bilan koʻtarib oldi.
Adham karra jadvali yodiga tushgan oʻquvchidek biroz ruhlandi:
– Shu… toʻrt nafar farzandni elimizga, davlatimizga yaxshi xizmat qiladigan farzandlar qilib tarbiyalash maqsadida tinim bilmay mexanik-usta sifatida mehnat qilib… elga beminnat xizmat koʻrsatib kelayotgan edim. Shu… shu ikki ming oʻninchi yilning toʻqqizinchi iyul kuni ertalab soat oʻnda umrimda eng katta xatoga yoʻl qoʻydim… va kutilmaganda shu hozir aytilgan oʻsha ishni qildim, oʻsha samolyotni olib qochdim… bundan qattiq pushaymonman. Odil suddan menga shafqat qilishni, voyaga yetmagan toʻrt nafar farzandim, keksaygan, qarovga muhtoj ota-onam borligini hisobga olishini soʻrayman…
Advokat oʻsiq qoshlarini chimirgancha Adhamga norozi tikilib, unga imo qilmoqchi edi, ulgurmadi, hakamning ovozi yangradi:
– Ayblanuvchi Bozorov, sizga hali oxirgi soʻz berilgani yoʻq. Hali ulgurasiz bu gaplarni aytishga. Hozir bu ogʻir jinoyatga sizni nima yetaklagani, kimlar bilan til biriktirib, qanday maqsadda bu ishni sodir etganingiz haqida sudga gapirib bering. Xoʻsh, bu jinoyatga sizni nima undadi?
– Men Bozorov Adham shu… ikki ming oʻninchi yilning yoz kunlarida, iyunning oʻrtalari edi, aniq kuni esimda yoʻq, shu… fuqaro Mannopov Orifni uyimga taklif qildim.
– Mannopov Orif kim edi oʻzi?
– Shu… uchuvchi Mannopov, oʻsha samolyotni boshqaradigan kishi. U taklifimga rozi boʻldi. Keyin uydagi dakang xoʻrozimni soʻyib oshga bosdim. Osh yedik, ichdik. Shu…
– Nima ichdilaring, choymi, suvmi? – hakam kinoyali luqma tashladi.
– Shu… oʻzimizni aroq-da… Keyin uchuvchi Mannopov Orif bilan ancha yaqin boʻlib qoldik. Keyin… shu jinoyat yoʻlida uni chalgʻitish ilinjida oʻn besh kun davomida har kuni tovuq soʻyib, oshga bosdim va unga yedirdim, buni orasida spirtli ichimlik ham quyib berdim, xullas, shu tariqa uning ishonchiga kirib, keyin samolyotni olib qochdim… bundan judayam qattiq pushaymonman.
– Bozorov, siz oilangiz ahvoli ogʻirligi, qaramogʻingizda voyaga yetmagan farzandlardan tashqari keksa ota-onangiz ham borligini roʻkach qilib, afv soʻrayapsiz. Lekin oʻn besh kun uchuvchi Mannopovga ziyofat bergansiz, buncha pulni qaydan topdingiz? – hakam oʻsmoqchiladi.
– Shu… fermerlarning traktorlarini, qishloqda odamlarning mashinalarini tuzatishdan choychaqa tushib turadi, shu… roʻzgʻordan sal tejab… Tovuqlar ham unchalik tovuq emasdi, uch oylik joʻja edi, xolos. Hokimiyat bahorda qishlogʻimizdagi kamxarj xonadonlarga yangi tuxumdan chiqqan joʻjalarni tekin tarqatgan, haligi… ha, radioda aytgandek, dunyoda iqtisodiy inqiroz degan narsa ketyapti, oziq-ovqat narxi oshib boryapti, shunga tayyor turib, tomorqa daromadini oshiringlar deb joʻja bergandi, shundan bizga ham ellikta tekkandi, oʻlganidan qolgani yigirmatacha edi.
– Dastlabki tergov jarayonida berilgan guvohlarning koʻrsatmalaridan maʼlum boʻlishicha, siz jinoyatni sodir etish arafasida ulfatlaringiz orasida bir necha marta “qarab turinglar, hali yana uchaman!” deb aytgansiz. Qishlogʻingizda ham falonchi yana ucharmish, degan gap tarqagan ekan. Ayting-chi, siz avval ham uchgan edingizmi? Qachon va qayerda, nimada uchgansiz?
– Shu… bolaligimda bir marta raketaga osilib uchganman.
Zalda gurr kulgi koʻtarilib, darrov soʻndi. Hakam chimirildi.
– Bozorov?! Siz sud zalida oʻtiribsiz, jinoyatingiz naqadar jiddiyligini bilasizmi?
– Oʻrtoq sudya, rostdan ham uchganman. Parashutli raketa bor-ku, oʻshanga osilib uchganman. Beshinchi sinfda oʻqirdim, dalada mol boqib yurgandim. Kechga yaqin kuchli shamol turib, kunbotish tomondagi togʻ ortidan qop-qora bulutlarni haydab chiqib keldi. Rosa qattiq jala yoki doʻl kelyapti, deb men uyga shoshildim. Bu haligi… bizda doʻlni eritish uchun otadigan zambaraklar bor. Avval yeru koʻkni zirillatib zambarakdan rosa otishdi, doʻl qattiq shekilli, ketidan besh-oltita raketa ham qoʻyib yuborishdi.
Hakam ensasi qotgandek yon-atrofga taajjub bilan alangladi. Yonidagi xalq maslahatchisi yondoshib uning qulogʻiga pichirladi: “Bizda avvallari doʻlga qarshi shunaqa raketa otishgan, doʻlni aerozol bilan eritib, keyin oʻzi parashutda yerga tushib kelardi, hozir ham otishadi, faqat parashutsiz, “Alazan” degan raketa otishadi, raketaning oʻzi havoda parchalanib, yonib ketadi,” dedi. Hakam, “ha, shundaymi”, degandek bosh irgʻab, ayblanuvchining soʻzlariga endi biroz qiziqish bilan quloq sola boshladi.
–… Molimni sudrab qaytayotib Tuyatoydiga yetganimda pushti rang parashutli raketa osmondan qiyalab tushib qolsa boʻladimi? Oʻsha paytlar qishlogʻimizda koʻpchilik parashut tutib olardi, undan sport darsi uchun kiyim tikilardi, pishiq boʻlardi-da, shu… ipi molga zoʻr arqon boʻlardi, uch-toʻrt yil bemalol xizmat qilardi. Xursand boʻlganimdan sigirni qishloqqa qarab haydadim-da, oʻzim raketa ketidan chopdim. Endi yerga qoʻnayin deganda shamol kuchayib, raketani parashut tortib ketdi, qarasam, qoʻnmoqchi emas, yana koʻtarilib boryapti. Shartta raketaga osildim, qizib turgan ekan, sassiq hidiyam hali ketmagandi. Oʻzi uncha katta emas, yoʻgʻonligi yuz elliktalik quvurcha, uzunligi bir yarim quloch keladi, kallagi biroz tutab turibdi. Yerga qoʻndirishga kuchim yetmadi, oʻzimam chillashir bola edim-da… Bir gurillab kelgan shamolda parashut havolab ketdi, men raketaga mahkam chirmashib oldim. Qarasam, yerdan bir metr, keyin ikki metr balandladik. Shu… shamol zoʻrayib, uchib ketaverdim. Tuyatoydi balandlikda emasmi, qishlogʻimiz ustidan oʻtayotganda naqd ellik-oltmish metr tepada edim chamamda… – u gapida biroz tutilib, negadir bir qizarib oldi, keyin taraddudlanib, zavq bilan gapida davom etdi. –… Qishloqni tepasidan koʻrdim, pastda shamol chang-toʻzon koʻtargan, tomlardagi gʻoʻzapoyalar uchgan, kimnidir shiferi qoʻporilib tomi ochilgan, teraklar chayqalib-chayqalib turibdi, ora-sira qarsillagan tovush ham chiqadi. Hamma oʻzi bilan ovora boʻlgani uchun tepada men har qancha baqirmayin hech kim eshitmaydi. Shu alpozda uchib ketaverdim… chamamda oʻn besh minutcha uchdim. Yuzimga shatirlab yomgʻir ura boshlaganda Ilonqirdagi paxta dalasiga qoʻndim. Shiyponda oʻtirgan suvchilar uzoqdan raketani koʻrib zambarakchilarga telefon qilgan ekan, hali parashutni yigʻib ulgurmasimdan mashinada yetib kelishdi, raketaga qoʻshib parashutni ham olib qoʻyishdi. Yoʻl-yoʻlakay meni uyimga eltib, otamga bu bola zaharlanibdi, biror hafta qatiq ichiringlar, deb ketishdi. Shu… parashutni olib qololmadim, shunga boʻlsa kerak qishloq ustidan uchib oʻtganimga haligacha hech kim ishonmagan.
– Bozorov, siz raketani koʻrgan kishi unga yaqinlashmay, zudlik bilan “Doʻlga qarshi harbiylashgan boʻlinma”ga xabar berishi lozimligini bilmasmidingiz? – Endi xalq maslahatchisi Adhamni savolga tutdi.
– Yoʻq, oʻsha payt bilmagan ekanman, – dedi Adham alanglab.
Xalq maslahatchisi oʻzicha maʼnoli bosh irgʻab, boshqa savolim yoʻq, degandek hakamga qaradi.
– Oʻrtoq prokuror, sizda ayblanuvchi Bozorov Adhamga savollar bormi? – hakam pastda oqlovchi bilan yuzma-yuz oʻtirgan toʻq zangor formadagi prokurorga yuzlandi.
Prokuror stol ustidagi tergov hujjatlarini varaqlagancha Adhamga yuzlanmasdan salmoqlanib gap boshladi:
– Bozorov Adham, qani ayting-chi, uchish apparatlarini boshqarish uchun siz maxsus oʻquv mashgʻulotlari oʻtaganmisiz yoki parvoz uchun tegishli idoralardan ruxsatnoma olganmisiz?
Adham ovozi chiqar-chiqmas “yoʻq” dedi.
– Siz hech qanday malakasiz va tegishli davlat idoralari ruxsatisiz samolyot boshqarish jinoyat ekanini bilardingiz, shundaymi?
– Yoʻq, – Adhamning rangi oʻchdi va himoyachi tomonga iltijoli boqdi.
– Bozorov Adham! Siz yashayotgan qishloq qoʻshni davlat chegarasidan bor-yoʻgʻi oʻn kilometr uzoqlikda, xolos, – prokuror soʻzida davom etdi. – Qani ayting-chi, sizda uchish, aeronavigatsiya boʻyicha maxsus bilim va malaka boʻlmagani tufayli mamlakatimizning davlat chegarasidan tashqariga chiqib ketishingiz, qoʻshni davlat havo hududini buzib kirib, davlatlararo mojaroga sababchi boʻlishingiz mumkinligini bilarmidingiz?
Adhamning nafasi ichiga tushib ketdi, bir qancha payt muz qotib turdi. Keyin birdan tilga kirdi:
– Yoʻq, men hech kimning havo hududini buzmoqchi emasdim, qishloqdan ham ketmoqchi emasdim. Umrim boʻyi shaharga ham bir necha marta tushganman, xolos. Shu… qishloq ustidan bir marta uchib oʻtish edi xolos niyatim.
– Bozorov, siz dastlabki tergov payti samolyotni olib qochdim degansiz, hozir ham shu gapni takrorlayapsiz. Vaholanki, ayrim guvohlarga koʻra uchuvchi Mannopov Orif sizga oʻn besh kun uchishdan saboq bergan, evaziga siz uni har kuni osh va aroq bilan siylagansiz. Shunday ekan, fuqaro Mannopovning oʻzi sizga samolyot rulini tutqazmaganmi?
– Yoʻq, sira unday boʻlmagan. U faqat men bergan savollarga javob qaytargan, xolos. Men oʻzi kasbim mexanik boʻlgani uchun texnikaga qattiq qiziqaman, yoshligimda ham birov menga oʻyinchogʻini berishga qoʻrqardi, darrov maydalab, ichak-chavogʻini agʻdarardim-da. Qishlogʻimizda Hakim boyvachcha birinchi boʻlib shu… oʻzimizda ishlab chiqarilgan “Tiko” mashinasini olganda, sinfdoshlarim bilan garov oʻynab, ertalabgacha mashinani sochib, keyin kechgacha qayta yiqqanman, bitta gaykasiyam ortib qolmagan. Oʻsha “Tiko” hozir ham yuribdi gʻizillab. Bu qurgʻur samolyotni ham koʻrib, ichimga oʻt tushdi-da. Bu nima, u nimaga kerak degan savollarimdan Mannopov rosa bezor boʻlib, hammasini bir boshdan gapirib bergan. Shu mijgʻov odam menga boshqa savol bermasin, qutulayin, degan-da.
– Bozorov! Dastlabki surishtiruv paytida berilgan guvohlarning koʻrsatmalariga binoan tergov payti ismini aniqlashning imkoni boʻlmagan, qoʻshni qishloqqa turmushga chiqqan bir ayolning nomini uchish bilan bogʻliq holatlarda siz koʻp marta tilga olgansiz. Qani ayting-chi, siz sodir etgan jinoyatga oʻsha shaxsning aloqasi boʻlganmi?
– Yoʻgʻ-e… Men sira bunday demaganman… Hech kimning nomini tilga olgan emasman. Haligi… Men balki mastlik payti bolalikda boʻlgan voqealarni gapirgan boʻlsam, buni kimdir boshqa narsaga yoʻygan boʻlishi mumkin.
Prokuror menda boshqa savol yoʻq degandek, hakamga qarab bosh chayqadi.
– Advokatda savollar bormi Bozorovga? – hakamning ovozi yangradi.
Advokat oʻrnidan turdi, stol ustidagi dasta qogʻozlardan birini olib, sinchiklab koʻzdan kechirgan boʻldi va ayblanuvchiga oʻgirildi.
– Bozorov Adham, hozir sud zalida samolyot deb atalayotgan oʻsha uchish apparatini birinchi marta qachon koʻrdingiz?
– Birinchi marta shu… iyun oyining oʻrtalarida edi, ertalab osmonda bir narsa tarillab uchib oʻtdi, qishloqda hamma koʻchaga yugurib chiqdi, bolalar ana samolyot, deb qichqirdi, oʻshanda uzoqdan koʻrdim.
– Xoʻp, keyin siz bu uchish apparatini koʻrgani borgansiz. Oʻshanda nimani koʻrdingiz, batafsil gapirib bering-chi, nima ekan oʻsha narsa?
– U kichkina, xuddi oʻzimizning uch gʻildirakli mototsiklga oʻxshaydi, ilgarilari “Muravey” degan mototsikl boʻlardi, dalaga boʻlka non tashiydigan, oʻshanga oʻxshash, faqat tepasida koʻrshapalakka oʻxshash qanoti bor, sim bilan tortilgan. Qanoti ham shu… oʻzimizning brezentdan. Oʻrindigʻi orqasida katta parragi bor. Nomini deltaplan, ha… motorli deltaplan deyishdi.
– Xoʻsh, siz shu deltaplanga oʻxshash boshqa uchish apparatlarini avval koʻrganmisiz, qachon, qayerda?
– Televizorda koʻrganman sportchilar uchganini. “Olamga sayohat”ga oʻxshash bir koʻrsatuv bor, oʻshanda olimlar Sibirdan kelayotgan turnalar bilan yonma-yon uchganini ham koʻrganman, keyin boyvachcha sayohatchilar ham ermakka uchadi, deb eshitganman.
– Siz oʻsha uchish apparatiga oʻtirganingizda nimani boshqaryapman deb oʻyladingiz, samolyotmi yoki boshqa narsami?
– Shu kichkina uch gʻildirak mototsikl, faqat qanoti bor, deb oʻyladim.
– Hurmatli sudya, qoʻlimda Rossiyada ishlab chiqarilgan uchish apparati haqida internetdan olingan toʻliq maʼlumot bor, bu yerda u “Veter” rusumidagi uchish apparati, qisqa qilib “Deltamotor” yoki “Deltalyot” deb atalgan. Yaʼni u biz biladigan katta samolyot emas, shu sabab bu maʼlumot sud tergovi materiallariga ilova qilinishi va bu uchish apparatini samolyot deb emas, deltamotor deb qayd etilishini soʻrayman.
Hakam maʼqul degandek bosh irgʻadi. Advokat hakamga uzatayotgan qogʻozga prokuror shubha bilan qaradi, “internet igʻvoning uyasi-ku, u yerdan olingan maʼlumotga ishonib boʻlarmidi?!” deya dimogʻida toʻngʻilladi, lekin oshkora eʼtiroz bildirmadi.
– Agar Bozorovga boshqa savollar boʻlmasa, ish boʻyicha asosiy guvoh sud zaliga kirsin.
Oʻrta boʻy, sochlari tim qora, burni biroz pachoqroq kishi eshikni ohista qiyalatib, epchillik bilan sirgʻalib kirdi. Koʻylagining yoqasi sargʻayib tutilgan, shimining tizzasi suzilgan, titilib ketgan qayishining uchi yonboshida pichoq qinidek osilib qolgan kishi sud zalining oʻrtasiga ehtiyotlik bilan qadam tashlab keldi, toʻrdagi baland kursida oʻtirgan hakam, yonidagi xalq maslahatchisi, aksari hamqishloqlaridan iborat zaldagi odamlar va panjara ichidagi Adhamga yugurik nigoh tashlab oldi.
Hakam undan oʻzini tanishtirishni soʻradi, soʻng yolgʻon guvohlik berganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini eslatib, tilxatga qoʻl qoʻydirtirdi.
– Otajonov Sobit, daslabki tergov jarayonida siz guvoh sifatida oʻtgansiz, sudga ham guvoh sifatida chaqirildingiz. Endi shu ishga taalluqli boʻlgan, yaʼni ish boʻyicha bilganlaringizni sudga gapirib bering-chi!
– Men oʻzim paxta zavoʻdda oʻt oʻchiruvchi boʻlib ishlayman. Shu yili yozda anovi Fargʻonadan shu kichkina samolyotni obkelishdi. Zavoʻdning ichida uchadigan-qoʻnadigan asfalt yoʻl bor deyishdi. Bu samolyot…
– Deltamotor, – hakam uning soʻzini toʻgʻriladi.
– Toʻgʻri, toʻgʻri! Anovi deltamotor zavoʻddan uchib, adirdagi tutqatorlarga dori sepdi. Qishloqda shu deltamotor paydo boʻlgandan keyin oʻrtogʻim, yaʼni Bozorov Adham tinchini yoʻqotdi. Uni bolalikdan beri bilaman, bir sinfda oʻqiganmiz. Bir kuni yonimga kelib, uchuvchi bilan tanishtirib qoʻygin, dedi. Men tanishtirdim. Keyin uni uyiga mehmonga chaqirdi. Zavoʻdga, anovi uchuvchi Orifning yoniga oʻn besh kun qatnadi, anovi deltamotorni tomosha qilgani. Oʻrtogʻim oʻzi texnikaga mukkasidan ketgan, umr boʻyi qoʻli moydan chiqqan emas. Shuni orasida bir kuni kelib, oʻrtoq, men uchmasam boʻlmaydi, dedi. Oʻrtogʻim oʻzi yoshligida bir uchgan, anovi raketaga osilib uchgan.
Zalda birrov kulgi koʻtarildi. Hakam stolga yastangancha iyagini kaftiga tirab, Sobitga tikildi.
– Ha, anovi parashutli raketaga osilib uchgan. Biroq bunga qishloqda hech kim ishonmagan. Maktabda qizlar ham ishonmagan, ayniqsa…
Sobit bir tutilib oldi, kimningdir ismini aytmoqchi boʻldiyu, keyin shashtidan qaytib, gapida davom etdi.
–… Ayniqsa, anovi sinfimizdagi baʼzi bolalar, keyin qishloqdagilar kalaka qilgani oʻrtogʻimga qattiq botib ketgan. Keyin oʻrtogʻimni koʻcha-koʻyda koʻrganlar “ha, raketachi” deb mazax qiladigan boʻldi. Oʻshanda oʻrtogʻim baribir uchaman, deb koʻngliga tugib qoʻygan boʻlishi mumkin. Shundan boʻlsa kerak, har kuni kelib anovi deltamotorni tomosha qilardi. Keyin oʻrindigʻiga oʻtirib, xuddi uchayotgan odamdek labini doʻrillatib ovoz chiqarar, anovi chorchoʻpga oʻxshash alyumin rulini hali u tomonga, hali bu tomonga tortgandek boʻlardi. Uchuvchi yigit oʻrtogʻimga uchayotganda qanotlar qanday boshqarilishi, shamol yonboshdan urganda chorchoʻpni qaysi tomonga koʻproq tortish kerakligini gapirib berardi. Ammo-lekin uchuvchi uchishni oʻrgatgan emas, anovi oʻrtogʻim uchmasa ham uchgandek boʻlib, mazza qilsin, degan-da. Oʻrtogʻim uchaman degan bilan unga birov ruxsat berib qoʻyarmidi… Asli bir omadi gap edi-da bu. Bir kuni, anovi iyul oyining toʻqqizinchi kuni ertalab dori kelmay qoldi. Soat oʻnlarmidiykan, uchuvchi bola qorovulxonada koʻk choy ichib oʻtirgandi. Oʻrtogʻim har galgidek oʻzicha uchayotgandek boʻlib anovi deltamotorda ovunib oʻtirganda bilmasdan kalitni burab yuborgan, motor tarillab oʻt olib, anovi narsa birdan yurib ketgan. Hayajonlangan boʻlsa kerak, oʻrtogʻim adashib gazni bosib yuborganu shundan keyin uchib ketgan. Uchgandan keyin qoʻndirisham keragu, qanotlarini burib qaytarishga uringan, shuni orasida qoʻshni qishloqqa oʻtib ketgan. Keyin qaytishda qulab tushdi. Koʻrgan-bilganlarim shu-da endi.
Hakam guvohga savollar bormi, degandek pastga qaradi. Prokuror tomoq qirib olib, soʻroqqa tutdi:
– Tergov jarayonida olingan baʼzi guvohlarning soʻzlariga koʻra, Bozorov uchgandan keyin siz uning ortidan mototsiklda quvib, yoʻl-yoʻlakay “Adham uchyapti”, deb baqirib ketgansiz. Siz Bozorovning niyatidan xabardor boʻlgansiz, uning uchishi tasodif emasligini bilgansiz, shundaymi?
– Yoʻgʻ-e, bu tasodif boʻlgan boʻlishi mumkin. Oʻrtogʻim uchib ketganini tasodifan bilib qolib, anovi mototsiklimni oʻt oldirib, ortidan quvganman. Ha toʻgʻri, baqirganman, odamlar yordam bersin deganman-da.
– Unda nega toʻppa-toʻgʻri qoʻshni qishloqdagi vrachlik punktiga borib, u yerdagi ayollarga Bozorovning uchayotgani haqida aytgansiz. Ular ishonmagan, keyin siz hammasini tashqariga chaqirib chiqqansiz, shu toʻgʻrimi?
–… Ha, toʻgʻri. Men ularni koʻchaga chaqirib chiqqanman. Xudo koʻrsatmasin, mabodo oʻrtogʻim qulab tushsa, birinchi tez yordam koʻrsatsin deganman.
– Bozorov oʻsha joydan ikki-uch marta pastlab uchib oʻtgan, nega aynan oʻsha joyda aylangan?
– U meni tanib qolib pastlagan, “ey kallavaram, sen nima qilib yuribsan bu yerda, bor, tez uchuvchini topib kel, bu matohni endi qanday qoʻndiraman”, degan. Men unga zavoʻdga qaytib uch, deganman. Keyin zavoʻdga qaytishda anovi deltamotor pastlab ketib, qanoti Mahkam buvaning baqateragini shoxiga tegib, aylanib ketdi, shundan oʻsha cholning hovlisiga tushdi.
Prokuror menda boshqa savol yoʻq degandek qoʻl siltadi. Hakam qoʻlidagi “Roleks” soatiga bir qarab olib, guvohga boshqa savollar boʻlmasa, ish boʻyicha jabrlanuvchilar chaqirilsin, dedi.
Zalga tim qora kostyumda, toʻq qizil boʻyinbogʻ taqqan poʻrim bir kishi kirdi. Oʻzini tanishtirib, salmoq bilan soʻz boshladi:
– Bizning “Moviy osmon” qoʻshma korxonamiz qishloq xoʻjaligiga katta ziyon keltiradigan zararkunandalarga qarshi kimyoviy dori sepishda Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan toʻrtta deltamotordan foydalanadi. Bunga tegishli tashkilotlardan olingan maxsus ruxsatnomamiz bor, – u shu soʻzlarni aytib, hakamga bir muddat tikilib turdi. – Shu tumandan olingan buyurtma boʻyicha tutqatorlarni dorilash uchun bitta deltamotorni joʻnatgan edik. Toʻqqizinchi iyul kuni mazkur deltamotor mana bu shaxs tomonidan olib qochilgan, keyin unga shikast yetkazilgan.
– Shirkatingiz qancha zarar koʻrdi bu jinoyat orqasidan?
– Endi… apparatning motor va parrak qismi butun, qanot qismi va gʻildiraklari shikastlangan. Oʻzimizda qanot qismini taʼmirlashning imkoni yoʻqligidan yangisiga buyurtma berganmiz. Bizga maʼlum boʻlishicha, ayblanuvchi Bozorov yetkazilgan barcha zararni toʻla qoplashni oʻz zimmasiga olgan.
– Ayblanuvchiga sud qanday jazo qoʻllashini soʻraysiz?
– Qonunda belgilangan jazo berilishini soʻrayman.
Prokuror menda savol bor deb, qoʻshma korxona vakiliga yuzlandi:
– Ayting-chi, uchuvchi Mannopov Orif sizning qoʻl ostingizda ishlaydimi?
– Ha, xuddi shunday.
– Mannopov dastlab guvoh sifatida hujjatlarda koʻrsatilgan. Lekin sud majlisiga chaqirilganda uning Rossiyada xizmat safarida ekani aytilgan. U qanday xizmat safari bilan ketgan?
– Mannopov eng tajribali uchuvchilarimizdan biri. Biz yangi “Veter – 2” deltamotorini xarid qilganmiz, hozirgilaridan koʻra ikki barobar koʻp dori olib uchadi. Yangi apparatda tajriba mashqlarini oʻtashi uchun uni Rossiyaga joʻnatganmiz. Bilasiz, hozir qishloq xoʻjaligida eng dolzarb palla, har bir daqiqa gʻanimat, Mannopovni shoshilinch joʻnatishga toʻgʻri keldi.
Prokuror choʻzib “tushunarli-i”, dedi advokat ham savolim yoʻq degandek, bosh chayqadi.
Zalga yoshi saksonlarga yaqinlagan, moshkichiri soqoli kalta kuzalgan, egniga yengil kulrang chakmon ilgan, qoʻlidagi doʻlana hassasiga ogʻirligini toʻla tashlamay yurishidan tetikligi sezilib turgan chol “bismillo” deb kirib keldi. Qariya hakamning oʻzingizni tanishtiring, degan savoliga ajablanib, “men Rixsiyev Mahkamboy boʻlaman, tuzukmi”, deb hammaga erinmay, sinchiklab qarab chiqdi. Panjara ichidagi Adhamni tanimay biroz tikildi, soʻng tanib, boshini sarak-sarak qildi.
– Otaxon, siz shu jinoiy ish boʻyicha jabrlanuvchi deb topilgansiz. Jinoyat sodir etilgan kuni nima boʻldi oʻzi, nimani eslay olasiz, shuni qisqa qilib gapirib bering sudga.
– Endi men nimayam derdim. Oʻsha kuni ertalabdan rosa oftob qizidi, qistaloq, oʻtirgan joyingda duv-duv ter oqadi. Bir mahal namozi qazoga bir dumalab olay deb tahorat olish uchun obdastani qidirib qoldim. Bollarim suv isib tursin deb obdastani qoʻrgʻonni oʻrtasidagi kungayga qoʻyibdi. Haligi joyda borib obdastani shunday ushlaganimni bilaman, qistaloq, dastasi quyoshda choʻgʻ boʻlib turgan ekan, qoʻlimni jiz kuydirdi. Oʻrikning tagiga oʻtib, qaynoq suvda bir amallab hah-hahlab tahorat olib, endi ayvonga qarab yurganimni bilaman, qistaloq, bir payt osmoni palakdan bir narsa tarillab keldiyu hovliga qarsillab tushdi. Yana nemis bosdi-yov, qoch Mahkam, deb bir irgʻib oʻzimni ayvonga urdim… Tahoratam sindi-da shu joyda…
Zalning har joyida piqir-piqir kulgi koʻtarildi. Hakam stolga qalamning keti bilan urib, tartibga chaqirgan boʻldi. Guvoh beeʼtibor soʻzini davom ettirdi:
– Qoʻrgʻonni etagida bir yarim yashar novvos yotgandi kavshanib. Pensa pulimni yigʻib olgan edim buzoqligida, nevaramni toʻyiga atab. Eti yiltirab, jir bitib qoluvdi. Shu deng, haligi joyda osmondan tushgan palakatdan shaytonlab qochaman deganda arqonga oʻralib, boshi chotining orasida qolib, gupillab agʻdarildi. Shu boʻyi qaytib odam boʻmadi, qassobga soʻydirib, goʻshtini sotdik endi, nimayam qilardik boshqa?!
– Ayblanuvchi Bozorovga daʼvoingiz bormi? Suddan oʻzingizga yetkazilgan zararni undirib berishni soʻraysizmi?
– Endi men nima derdim. Davoyi dostonim yoʻq bunga, oʻzi, qistaloq, roʻzgʻori zoʻrgʻa tebranib turibdi. Otasi bechora ishga yaramay qolgan, bunda onasi kasalmand, xotini bogʻchada ishlaydi, olgan puli nimayam boʻlardi, bu yoqda toʻrtta mishiqisi bor… Bu qoramoyga botib traktir tuzatadi. Bizzi davlat xalqparvar, shu bolaga rahm qilib, yengilroq jazo berilsa, deyman. Bu bola oʻzi bir ahmoqlik qildi… Hah dayus, osmonda pishirib qoʻyibdimi senga?! Uchaman deysan-a! Yana hukumatti osmonida-ya?!
– Rahmat, otaxon, oʻtirishingiz mumkin, – dedi hakam guvohning soʻzi tugar-tugamas, keyin tomogʻini bir qirib olib sud muzokarasidan avval tanaffus eʼlon qildi.
Hakam zaldan chiqishi bilan hamqishloqlar panjara tomon gurr talpindi, lekin soqchilar yaqinlashishga qoʻymay, hammani sud zalidan tashqariga haydadi. Hovliga chiqib kimdir nos otdi, kimdir tamaki tutatdi. Sada tagida choʻnqayib oʻtirgan bir kishi tizzasiga tayanib oʻrnidan turdi-da, ular tomonga yurdi. Sobit uni koʻrib:
– Qayda yuribsan, hech boʻlmasa shu yerga vaqtida kelsang oʻlarmiding? – dedi achchigʻlanib.
– Sal kech qopman, zalga kiritishmadi. Bir soatcha boʻldi, Latofat kelib manovini tashlab ketdi, – dedi u qoʻlidagi qora yelimxaltani koʻrsatib.
– Nima ekan bu? – Sobit yelimxaltani ochgan edi, tubida ikki yuz soʻmlik pul dastalari koʻrindi.
– Agar anovi uchadigan matohga yetkazilgan zarar qoplansa, Adhamni shartli jazo bilan qoʻyib yuborishlari mumkin, deb eshitibdi. Shu gapni aytdi-da, darrov qaytib ketdi.
2011 yil
HIKOYALAR
SOMON YOʻLI
Birinchi hikoya
Koʻkdan tillarang somon yogʻilardi.
Yoqa-yengingdan kirib borsa, jiqqa terlagan badanga yopishib, achitib-qichitadigan mayda somon zarralari, qiltiriqlari, qiltanoqlari…
Ahyonda bir oʻynoqilagan epkin chang va gʻubor orasidan somon talqonini koʻkka koʻtarib chiqadi-da, botayotgan quyosh nurlariga tutadi. Quyosh nuri oltin zarralarga qorishgancha bir lahza muallaq qotib, soʻng chil-chil sochila boshlaydi. Yiltiragan somon zarralari yana pastga tushib, quyuq changga qoʻshiladi va borliqni gʻubor chulgʻab oladi.
Tuproq, somon va yovvoyi oʻtlarning omuxtasidan iborat erinchoq chang qishloq ichidan chiqib ketishni istamaydi. Yoʻl-yoʻlakay saratondan majoli qurib, shalpayib qolgan yaproqlar ustiga qoʻnadi. Behining maydatuk, barqutsimon yaproqlari changni boshqalardan ikki hissa koʻp tutib qoladi. Qishloqni quyuq tumandek chulgʻagan gʻubor orasidan mirzateraklarning uchigina koʻzga tashlanadi.
Qalin chang ostida quloqni qomatga keltiruvchi motorning tarillagan ovozi tinmaydi. Botir doʻxtir Nikolay poshshoning zambaragini yodga soluvchi qoʻlbola kombaynda bugʻdoy yanchadi. Bu matoh boshoqdan bugʻdoyni ajratish uchun emas, kesak va somon chaynab, changini atrofga purkash uchun ishlayotgandek.
Yuziga saqich boylab ketgan chit durra tutgan doʻxtir “zambarak” ogʻziga toʻxtovsiz dastalab bugʻdoy tiqadi. “Zambarak”ning egasi boshqa mijozlarga ham ulgurishi uchun doʻxtirni tinimsiz tezlaydi va oʻzi ham jonhalak somon tortadi. Botir doʻxtirning ikki boʻysara qizi va kenjatoyi bugʻdoy bogʻlarini peshma-pesh yetkazib turibdi. Ularning yuzidan quyilayotgan ter gupillab urilayotgan changga qoʻshilib, loyqaga aylanadi. Botir peshonasidan koʻziga oqib tushayotgan terni artib olishga imkoni boʻlmaganidan koʻzini qayta-qayta yumib-ochar, shunda shoʻr loyqa koʻz yoshlari izidan pastga qarab sizar, lekin yoʻl-yoʻlakay hovur-haroratda qurib, egnida yupqa loysuvoqqa aylanishga ulgurardi. U kombaynning ogʻzidan toʻkilayotgan donni elas-elas koʻrib qolar va gʻayratiga gʻayrat qoʻshilardi. Kombaynning yonboshiga oʻrnatilgan parrak bugʻdoyning puchagini uchirib, shamol pudab turardi.
Aslida, oddiy bir oʻtkinchi bu manzarani ilgʻashi qiyin, uning nazarida Botir va bolalar adirda koʻtarilgan quyun ichida adashib, chopib yurgan sharpalardek tuyulardi.
Qishloqda bu kech qoʻlbola kombaynlardan bir emas, ikki-uchtasi ishlab turgani bois qaysi koʻchadan kirilmasin, quyuq changga duch kelinishi tayin. Bugʻdoy chiqarish mavsumi hali biror hafta davom etar. Qoʻlbola kombaynlarga navbatda turganlarning roʻyxati ham uzun. Eringanlar oʻtgan-ketgan mashinami, ot-ulov yanchib oʻtsin deb bugʻdoyni shundoq yoʻl oʻrtasiga yoyib qoʻygan.
Qishloqning chang bosgan mevasi va uzumlari kuz kelib, yomgʻirlar boshlangandan keyingina yuviladi. Ana oʻshanda behilar ham tillarang boʻlib tovlanadi. Lekin hali ungacha ancha bor. Hozir esa tun yarimlab qoldi. Kombaynlar ham tinchidi. Egalari ularni simyogʻochdan uzib, navbatdagi xonadon eshigi tagiga sudrab eltdi va oʻzlari choʻmilgani anhorga tushib ketdi.
Botir doʻxtir bolalari bilan bugʻdoyni qoplab, ichkariga tashib qoʻygandan soʻng, anhor boʻyiga tushdi, choʻmilib chiqqach, tegirmonchi bilan bir shisha vinoni boʻlishdi. Sharob uning yogʻochdek qotgan barmoqlarini yumshatib, tom bitgan quloqlaridagi shovqinni tarqatib yuborgandan keyin suvning sharqirashiyu teraklarning shovullashini eshitdi, tungi salqinni tuydi va jim qoldi. Uzoq sukut saqladi va birdan oʻrnidan turdi-da, tegirmonchiga hech nima demay joʻnab qoldi.
– Hoʻv doʻxtir, nima boʻldi, qayga shoshyapsiz? – uning ortidan baqirdi hayron qolgan tegirmonchi.
Sahar piyozga dori septirishim kerak, dedi u.
Botir adirda ekilgan piyozini dorilatish uchun bugun ishdan kelishda qoʻshni qishloqdagi zaharchining uyiga oʻtgandi. Agar piyoz shu kunlarda doridan qolsa, hosilni bit yeb bitiradi. Bu oʻydan uning oyoqlari oʻz-oʻzidan ildamlab ketdi.
Chang qishloq uzra qoʻnib-oʻtirib boʻldi. Somon zarralari derazalardan uylarga kirib bordi, kimningdir toʻntarilmay qolib ketgan qozonini bosdi, tokka osilgan solmadagi suti yuzini qopladi. Qishloqning shakli-shamoyili endi bor boʻyicha koʻrindi. Bodrab chiqqan yulduzlar qishloq koʻchalari va katta asfalt yoʻlni qoplagan somonlarda jilvalandi.
Tongga yaqin havo musaffolandi va yengil shabada turdi. Changga terisi yupqalarning tungi achchiq-achchiq chuchkiriklari ham tinib, yozning orombaxsh va salqin tongi ota boshladi.
Katta yoʻldan mashinalar gʻizillab oʻta boshlagan payt Botir adirga otlandi. U koʻcha tomonga emas, hovli tepasidagi dalaga yurdi. Shu tariqa adirga eltadigan yoʻlga kesib chiqish mumkin. Yomgʻirlarda yuvilib, quyoshda tullab, oʻrkachga oʻxshab qolgan paxsadan oshib oʻtdi, keyin qoʻshnilarning devori boʻylab yurdi. Qishloq cheti boʻlgani uchun koʻplar devor olmay, daraxt va butalarni tigʻiz ekib qoʻra qilgan, baland baqateraklardan tortib, pastak doʻlanayu naʼmataklar dalani qishloqdan ajratib turardi.
Botir daraxtlar oralab ketar ekan, ilkis tonggi sokinlikni buzib yangragan qush sayrogʻini eshitdi. Kutilmaganda taralgan bu sas uning hali toʻla uygʻonmagan sezgilarini hushyor torttirdi. Qushning tovushida daraxtzorning sehrli sadosi ham bor edi. Botir bu ohangni eshitmaganiga yuz yillar boʻldi-yov.
Hali tong oqarib ulgurmadi, tongi mayinlik va sokinlik aro yangragan tovush uni yerga mixlab qoʻygandek boʻldi. Botir shu qotganicha bir qancha payt turib qoldi. Tovush ikkinchi marta takrorlangandan keyin yana oʻziga kelib, atrofga zor alangladi.
“Nahotki yana shunday qushlar biz tomonlarga qaytib kelgan boʻlsa?!”
U quloqlariga ishonqiramay, daraxtlarni bir-bir koʻzdan kechira boshladi. Enkayib daraxtlar oralab yurdi. Qush yana ovoz berdi. U choʻkkaladi. Ortidagi qayragʻochga suyanib, koʻzini yumdi va oʻzini allanechuk sarxush his qildi.
Atrofga taralgan tovush daraxtlarga urilib aks-sado berar, bora-bora quyuq barglar orasiga singib ketishidan avval oqarayotgan tong havosida zangor-yashil iz qoldirib ketayotgandek tuyulardi.
Botir koʻzini kirt ochib, ovchidek atrofga alangladi. Yovvoyi bir hissiyot ich-ichidan toʻlqin urib kela boshladi. Qayerdan kelmoqda edi bu tovush. Qushni hurkitib yubormaslik uchun oyoq uchida, daraxtlarni bir-bir ushlab qadam tashladi. Qushning sayrogʻi tingach, bu sehrli ohang qayta yangrashini kutib karaxt qotar va shoxlarni koʻz qiri bilan kuzatar, koʻz qorachigʻining qoʻqqis harakati ham qushni hurkitib yuborgudek edi.
Har gal sayroq yangraganda, u qush turgan joyga tobora yaqinlashib qolganini his qilar va hayajoni ortardi. Subhidam, musaffo havo, sada va doʻlanayu naʼmataklar, shudringda yumshagan shox-shabbalar, yovvoyi yalpiz va chuchukmiyaning oʻtkir hidi hamda qishloq chetidagi bu sokinlik, bularning bari qoʻshilib uni allaqayerlarga chorlagandek boʻlardi.
U chakalakzor orasida ancha yurdi. Orada qush uzoq vaqtgacha tovush bermadi. Lekin u har bir daraxt va butani sergaklik bilan kuzatishdan tinmadi. Va nihoyat, u yarim qurib boʻlgan qayragʻoch shoxida oʻtirgan qushni barglar orasidan ilgʻadi. U yana ham yaqinroq borib bamaylixotir kuzatmoqchi boʻldi va qurgʻab qolgan ariq ichidan qayragʻochga yaqinlasha boshladi. Ilkis uning shundoq yonidagi qoratol kovagidan chumchuq pirillab uchib chiqdiyu hurkigan qush uchdi-ketdi. Havoda toʻlqin-toʻlqin iz qoldirib, lop-lop etib gʻoyib boʻldi. Qayragʻochning quruq shoxi titragancha qoldi. Botirning koʻksidan ham bir nima potirlab chiqib, qushga ergashib ketgandek boʻldi. Nima edi u?! Nega endi uni yana tashlab ketdi? Necha zamonlar boʻldi uning yuragi bunday urmay qoʻyganiga…
Botir qoratolga yelka tiragancha sirgʻalib oʻtirdi, oyogʻi ostidagi ajriqlarni chimdib yuldi, qadoq barmoqlari yer tirnay boshlaganda qoʻliga lappakdek tosh ilindi. U toshni tozalab yaltiratmoqchidek kaftiga ishqab arta boshladi va shu alpozda xotirasi ham tiniqlasha boshlagandek boʻldi.
* * *
Oʻzi yoshligidan miqti, lekin abjir va chayir bola edi. Mahallasidagi bolalarga bosh boʻlaman deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urar, mahalla shaʼni, qishloq shaʼni deb janjalga bosh suqishdan tap tortmas, toʻylarda kurash tushar, eshakdek chayir bu boladan bir-ikki sinf yuqorida oʻqiydigan oʻspirinlar ham hayiqib turardi. Shu sababdan u toʻylarda oʻchoq atrofida yigʻiladigan yigitlar davrasida faxrli mehmondek oʻtirardi. Doshqozon uchun kovlangan, qarsillab olov chatnab turgan yeroʻchoq atrofida oldi-qochdi suhbatlar, askiyalar, armiyadagi yarmi lof sarguzashtlar tinmasdi. Harbiy xizmatdan yangi kelgan, doʻppisini peshonasiga qoʻqqaytirib, koʻylagining oldini kindikkacha ochib, uchini belbogʻnusxa tugib yuradigan poson yigitlar bilan tengma-teng boʻylashadigan Botirga tengqurlarining havasi kelardi. Maktabda “kim boʻlsam ekan” mavzusida insho yozilganda Botir “Men armiyaga boraman. Mening ham boshqalarga aytadigan oʻz sarguzashtlarim boʻlishini xohlayman,” deb yozgandi.
Botir qishloqda faqat ikki oʻrtogʻini “oshna” deb chaqirar, “oshna” deb chaqirilgan oʻsha ikki bolaga hammaning havasi kelardi. Oʻsha paytda muhabbat va doʻstlik haqidagi hind filmlari mashhur boʻlib, kimlardir undagi qoʻshiqlarga taqlid qilsa, Botir mushtlashuv sahnalarini qayta-qayta koʻrish uchun tuman markaziga qatnab charchamasdi.
Maktabni tugatish yili sinfdoshlar oxirgi marta gʻoʻza chopiqqa chiqishdi. Oldinda hali bitirish kechalari, orzu-havaslarga toʻla yangi dunyo. Sinfdosh qizlaru yigitlar bu damlar qaytib kelmasligini his qilgandek ahil tortib qolgan. Endi avvalgidek oyoq ostida toptalgan yoki nogoh chopib tashlangan gʻoʻza niholi haqida qaygʻurishlar oʻrnini boshqa tuygʻular egallagan. Egatlarda choʻkkalab olib quriladigan suhbatlarning adogʻi yoʻq, nigohlar, qarashlar allanechuk sirli va maʼnoli.
“Istalin” laqabi bilan mashhur tuman maorif boʻlimi mudiri oʻsha paytlar katta bir yigʻinda “Kosonsoyda quyosh nuri birinchi boʻlib Goʻrmironga tushadi, biroq bu qishloqdagi maktab oʻquvchilari dalaga nima sababdan hammadan kech chiqadi?!” deb oʻshqirgandi. Maktab direktori va oʻqituvchilar esa yigit-qizlarni oqshom payti daladan qaytarolmay halak edi.
Lekin Botir hamon oʻsha-oʻsha, uning chapani feʼlida gʻurur va oriyatdan oʻzgasi yoʻq edi. Qizlar haqida esa ularni himoya qilish zarurati tugʻilgandagina oʻylardi. Kuzatuvchan odam borliqda soat sayin oʻsish-oʻzgarishni ilgʻaydigan seravj may kunlarining birida Botir dalaning uvatiga tushdi. Egatlar tutqatorning tagida boʻlgani uchun ajriq va gʻumayga toʻla edi. Sinfdoshlari ancha ildamlab ketib, oʻqariqqa yaqinlashib qolgandi. U goh toshloqda kemshik boʻlgan ketmonchasini toshga qoʻyib teradi, goh ajriqlarni yulqilaydi, lekin ishda tinim ham yoʻq, unum ham yoʻq. Lekin u ortda qolib ketganiga sira parvo qilmaydi, chunki odatda qizlar ish oxirida hashar qilib, egatini qaytarib kelishini biladi.
Kun qizigandan qizib borar, yerdan koʻtarilgan hovurda oʻqariq tomondagi sinfdoshlar jimirlab koʻrinardi. Teparoqda qizlardan biri yomgʻirpoʻshini tutning shoxiga ilib ketibdi. Botir oʻsha zangor, chumchuq galasidek kutilmaganda bir koʻtariladigan issiq yelda hilpirab qoʻyayotgan yomgʻirpoʻshni marra belgilab, unga yetguncha bosh koʻtarmaslikka ahd qildi. Hadeb egat oxiriga qarayversa, xuddi oldinga emas, orqaga qarab ketayotgandek tuyuladi.
Botir pakkaga yetib kelganini boshi yomgʻirpoʻshga tekkanida sezdi. Nafas rostlash uchun boshini koʻtarmoqchi edi, shoxga ilingan silliq libos uning yuz-koʻzidan sirgʻalib oʻtdi. Botir ketmonchasini yerga urgan koʻyi qotib qoldi. Uning butun vujudi yoqimli bir hisdan seskanib ketdi va beixtiyor yerga oʻtirdi. U sarmast edi. Birozdan soʻng oʻziga hech kim qaramayotganiga ishonch hosil qilgach, boshini yana bir marta koʻtarib, yuzini yomgʻirpoʻshga qaytadan tegizdi…
Va parvoz qilayotgandek boʻldi. U paxta dalasi uzra uchardi, boshlariga oq durra tangʻib olgan qizlar, koʻylagini boshiga yopingʻich qilgan bolalar pastda yer tatalab yotar, u esa tobora balandroq uchar, koʻm-koʻk osmonda lochin kabi qanot kerar, soʻng kamon oʻqidek pastga shoʻngʻir, keyin qaldirgʻochdek yer bagʻirlab uchar, bora-bora oʻzini pechakgulga qoʻnayotgan kapalakdek his qilardi. Nogoh uning nazarida bahor osmoni bulut toʻplab, momaqaldiroq turdi, yashin chatnab, sharros yomgʻir quydi. Yuz-koʻziga tasirlab urilayotgan muzdek tomchilardan seskanib, vahm aralash yovvoyi qutqu ichida telbalardek qichqirib, ich-ichidan koʻkrak qafasiga potirlab urilayotgan tilsim qushni uchirib yuborgandek boʻldi goʻyo.
Goʻyo birdan yomgʻir tindiyu atrof charogʻon boʻldi, u hali koʻrmagan turfa ranglar, sezmagan hidlar orasida kalovlanib oʻtirar ekan, bu serjilo olamda unga nimadir, kimdir tanish edi. Sinfdoshi Zamira, uning yomgʻirpoʻshi, hidi, kumush qoʻngʻiroqdek jarangdor va yoqimli ovozi…
Botir shu alpozda ancha vaqt qolib ketdi. Yuragi gupillab urar, kallasida jarqaldirgʻochdek charx urayotgan fikrlar ketidan quvib yetolmasdi. U koʻzini yumgancha egat ichiga yotib oldi. Ancha vaqtdan keyin koʻzini ochdi. Endi u dunyoga boshqacha nigoh tashlardi. Xuddi bir umr chang boylab yotgan deraza oynalarini kimdir yaraqlatib yuvib qoʻyganu tashqarida u shu paytga qadar sezmagan hayot toʻq va boy ranglarda joʻshqin davom etardi.
U nimalarnidir endi tushungandek boʻldi. Anhordagi suvning shovullashi, tolkoʻprikning gʻiychillashi, qushlarning chugʻur-chugʻuri, qizlarning yuk mashinada dalaga qoʻshiq aytib kelishiyu qoʻshiq tugagandan soʻng bir-birlariga urilib-surilib, qiqirlab kulishlari, bari-bari quloqlari tagida jaranglay boshladi. Bu tovush-ovozlarda u avvallari ilgʻamagan maʼno, yoʻq-yoʻq, hech kimga koʻrsatib yoki aytib boʻlmaydigan sir borligini anglagandek edi. Navbatchi qiz pishiradigan makaron boʻtqayu bakda chala qaynagan va mumqogʻoz hidi kelib turadigan choy nega xushtaʼmligini endi ilgʻagandek. Sharros jala quyib yuborganda qizlaru bolalar bir tup chinor tagidan panoh topganiyu yelka-tirsaklari bir-birlariga nogoh tegib ketgandagi orziqish-seskanishlar, ter va namdan taralgan hidlar, bularning bari-barida endi maʼno bor edi.
U xuddi shunga oʻxshash, lekin bundan anchayin kuchsiz, yoki agar hidlarda rang boʻlgandaydi, shu hidning ochroq rangini qachonlardir bir koʻrgandek edi. Oʻtgan yili qishda institutda oʻqiydigan opasi ikki toliba dugonasini olib kelgandi. Oʻsha kuni qishloqda toʻy edi. Toliba qizlar yasan-tusan qilib, atir-upa surib toʻyga chiqib ketishgach, Botirning koʻzi sandal ustida qolgan “Yoshlik” degan jurnalga tushdi. U jurnalni qoʻliga olgach, undan juda yoqimli, lekin begona bir hidni tuydi. Oʻshandan buyon bu xush boʻy toliba qizlaru yoshlik haqidagi jurnallar bilan bogʻliq boʻlib xotirasiga oʻrnashib qolgandi.
Lekin bugungi ifor…
Botir butunlay oʻzgardi. Endi Zamiraning har bir harakatiyu soʻzidan oʻzgacha bir maʼno topardi. Qiz nimaiki demasin, nimaiki qilmasin, uning uchun yoqimli tuyulardi. “Zamira” degan ism maʼno kasb etdi, Zamiraning koʻchasi sarishtaroq, darvozasi yonida oʻsgan shotuti qadrdonroq koʻrinadigan boʻldi. U ana shunday xushxayollar ogʻushida yurgan kezlarda tasodifan Zamira bilan yonma-yon egatga tushib qoldi.
Ular ishlayotgan dala chetida bir tashlandiq bogʻ boʻlardi, koʻp daraxtlari qurib ketgan, gʻoʻzadan oshib chiqqan perob suvdan ichib, qolganlari yashnab turardi. Bogʻ qarovsiz boʻlishiga qaramay, bahor va yozda gʻoʻzaga ishlov berishga kelgan maktab oʻquvchilariyu kolxozchilarga soya berardi.
Botir va Zamira boshqalardan ortda qolish uchun ketmonchalarini yerga yengil urar va tez-tez suhbat qurib, egat ichida uzoq oʻtirib qolardilar. Oʻshanda ularning suhbatini buzib bogʻdan bir qushning ajib sayrogʻi eshitildi. Nogahon yangragan bu ohang ketmonlarning chaqir-chuqur toshloq yerga urilishidan chiqqan tovushni bir lahza boʻlsa-da, bosib ketdi. Botir toshdek qotdi, Zamira hayrat ila alangladi. Ular bu qush haqida koʻp eshitgan, biroq oʻzini hech qachon uchratmagandi. Botir qushlar haqida bilganlarini gapira ketdi. Aslida u bu gaplarni bir sinf pastda oʻqiydigan, hamma “qush jinnisi” deb ataydigan boladan eshitgan, koʻp martalab qushlar uyalaydigan jarlarga birga borgandi.
Ular azbaroyi qiziqishdan boqqa kirishdi. Qushni hurkitib yubormaslik uchun oyoq uchida qadam tashlashdi. Daraxt va butalar quyuqlashgan joyda Botir baland yongʻoqning shoxlari orasida oʻtirgan bir qushning duminigina koʻra oldi. U Zamirani soʻzsiz oʻzi tomon imladi. Zamira unga shu qadar yaqin keldiki, Botir uning gupillab urayotgan yurak tovushini, iliq nafasini sezdi va ixtiyorsiz holda uning yanogʻidan shartta oʻpich oldi. Zamira “voy” dediyu hurkib, sapchib qochib ketdi. Qush ham pirr etdiyu uchdi-ketdi. Botirning yuragi esa tipirchilab qoldi. Zamira tomonga qarashga botinolmay, koʻzi lop-lop uchib borayotgan qush ortidan ergashdi.
Botir armiyada ikki yil xizmat qilib kelgandan keyin Zamiraga uylandi. Xizmatdan avval bir yil tibbiy bilim yurtida oʻqigandi, harbiyda feldsher boʻlib ishladi. Qaytib kelganida koʻp narsalar oʻzgarib ketdi… Shoʻro Ittifoqi quladi, gʻoyalar oʻzgardi, odamlarning hayotga qarashlari yangilandi, hayotning tashvishlari-da yangi qiyofa topdi, yetti uxlab tushga kirmagan voqealar paydo boʻldi.
Onasi yoshligida oʻtib ketgan, otasi kasalmand boʻlgani uchun Botir tengqurlaridan koʻra ertaroq uylandi. Oʻqishni davom ettirish uchun ikki yil tibbiy universitetga hujjat topshirdi. Kirolmagach, umid uzdi-da, tuman markazidagi shifoxonada ishladi.
Lekin bir maosh bilan roʻzgʻor tebratish, toʻshakka mixlangan otaga qarash, ukani uylantirishning oʻzi boʻlmadi. U yerga yopishdi. Kolxozlar tarqatilib, oʻrniga fermerlar chiqqan, mol-qoʻy boqish uchun parcha yer qolmagan. U chek yer olib shundan daromad koʻtarmoqchi boʻldi. Bir necha yil urinib tuzukroq hosil koʻrmasa-da, piyoz ekish hadisini oldi. Bu vaqt ichida odamgarchiligi va zehn-farosati tufayli oʻzi feldsher boʻlsa ham xalq orasida “doʻxtir” degan nom qozondi. Xalq birovga shunchaki nom bermaydi, buning uchun avvalo tan berishi kerak. Aslida ham Botir ancha-muncha shifokordan koʻra qoʻli yengil va tajribaliroq edi. Qishloqda unga tinim yoʻq, endi yeng shimarib ketmonga uzansa, kimdir hovliqib kelib qoladi. “Tez yuring, onamning qon bosimi koʻtarilib ketdi”, yoki “oʻgʻlim tomdan yiqildi” deb keluvchilarning keti uzilmaydi. Kasallik fursat kutmaganidek, bemorlar ham vaqt kutmaydi, Botir kechasiyu kunduzi tinim bilmaydi. Shuning orasida dehqonchilik ham qiladi.
Suv qahat boʻlib chek yerdan olinadigan arzimagan daromadning ham barakasi uchdi. Endi u fermerlardan ijara yer olib, piyoz eka boshladi. Kasalxonadan keladiyu dalaga chopadi. Ijara haqini hosildan toʻlaydi. Lekin har yili posangi oʻsha: ovi yursa tovi yurmaydi, tovi yursa ovi chopmaydi, degandek. Hosil zoʻr boʻlganda piyoz arzon, piyoz qimmat boʻlganda hosilning mazasi yoʻq. Har ikkisi ham boʻlganda hosilni shira yeb bitiradi. Lekin Botir xalq orasida yuradigan gapga ishongisi keladi: dehqonning pirlari piyozni yetti yil ekish kerak, shu yetti yildan bittasida piyoz ostonangni tillodan qilib tashlaydi, degan emish. Bu yil besh yil boʻladi piyoz ekishni boshlaganiga. Ikki yil qolibdi. Keyin nima qiladi? Piyozdan boy boʻlmasa, kartoshka ekadi. Baribir mehnat qilish kerak, bolalar katta boʻlyapti.
Lekin doʻxtir zoti yerga yopishmasin ekan, oʻzi shu kasb egalariga jin-pin tekkan boʻlsa ajabmas. Qishloqdan uchta doʻxtir chiqqan. Ikkitasi hozir nafaqada, umri yer chopish bilan oʻtdi. Valijon doʻxtir qishloq etagidagi adirda yigirma yil tosh terib, qoʻriq ochdi. Ishdan keladi-da, eshakaravaga oʻtirib bogʻiga yoʻl soladi. Yoʻlda “Qaro koʻzimni” xirgoyi qiladi, avvallari mast boʻlib qolsa toʻylarda ham shu qoʻshiqni aytib hammani bezor qilardi. Endi birov bilan ishi yoʻq, ketmondan horigan paytlari bogʻining tepasidagi doʻnglikka chiqib olib, nay chaladi. Baʼzan nayning gʻamgin nolishi yarim tunga qadar tinmaydi. Bu yil suv taqchil, bogʻ qurib yotibdi, naydan chiqqan kuy ham saratonning jaziramasidek yurakni oʻrtaydi.
Rahmatilla doʻxtir ham uning yonidan bogʻ qilgan. Biroq bu doʻxtirning ichadigan odati yoʻq, nay ham chalmaydi, lekin ketmonni qoʻlidan qoʻymaydi.
Uchinchi doʻxtir bu ikkovidan ancha yosh. Hali bogʻ savdosi boshiga tushmagan. U hozir Rossiyaning tibbiy ekspeditsiyasiga qoʻshilib Qizil dengiz sohilidagi bir mamlakatda ishlab yuribdi. Oyligi hartugul yaxshi ekan uy-joyini tiklab oldi. Aylanib-aylanib oxiri u ham yerga yopishadigan koʻrinadi. Shu yozda taʼtilga kelganida qishloqdan tomorqa yer olib, terak va gilos koʻchati oʻtqazib ketdi. Keladi-da bir kun tuproq yalagani.
Nega doʻxtirlar yerga dehqondan ham qattiq yopishadi. Oppoq xalatini kiyib, egniga gard yuqtirmay yursa boʻlmasmikin? Nega oʻzini hadeb yerga uradi… tuproq titkilaydi. Balki koʻp qon, koʻp oʻlik koʻrganidandir…
Botir ariq ichida tin olib, bu xil oʻyga choʻmib qancha oʻtirganini bilmadi. Quyosh esa soʻrab-netmay terak boʻyi koʻtarilib qolibdi. Adirga yetgunicha kun qizib ketadi. Piyozga dori sepadigan zaharchi ham kutib-kutib ketib qolgan boʻlsa kerak.
U endi uyiga qaytishdan boshqa chorasi qolmaganidan ogʻir qadamlar bilan ortga qaytdi. Uyining vassajuft shiftiga termulib yotishni oʻylab yuragi siqildi. Qishloqda vassali uy deyarli qolmagan, yo fanerdan qoʻshnova qilib naqsh solingan yoki gipsqogʻozdan shakl berib, moyboʻyoq surilgan, baʼzilar shiftiga turli ranglarda shuʼla taratadigan eng oxirgi rusumdagi chiroqlar oʻrnatgan. Hovliga tushib kelar ekan, otasidan qolgan uyga yonbosh solingan chala imoratga qarab, balki bugun guvala quysammi, deb ham oʻyladi.
Kecha tunda chiqarilgan somonni mallaga solib tashiyotgan xotini erining erta qaytganidan hayron boʻldi.
“Ha, ish bitdimi?! Piyozga zahar septirdiyizmi?” deb soʻradi.
U nima javob qilishni bilmay turib qoldi. Nima desin endi xotiniga?
“Men bir qushni, yoshligimdagi qushni uchratdim. Senga koʻngil qoʻyganimda, sendan ilk boʻsa olganimda uchratgan qushni. Esingdami oʻshanda… e, u paytlar sen boshqacha eding, men boshqacha edim, hayot boshqacha edi. Xullas, adirga ketayotib oʻsha qush tovushini eshitdimu, oʻzini koʻrmoqchi boʻlib piyozga bora olmadim. Shira yeb yotgan piyoz yana zaharsiz qoldi. Endi qachon kasallarimdan boʻshaymanu qachon dalaga boraman, ungacha piyozni shira yeb yotar. Manovi chaladevorning tomi yana yopilmay qoladi, qishi bilan devorlari nurab tushadi, yanagi yil yozda yana qaytadan uramiz. Bollaring maktabga yana eski kiyimlarini kiyib boradi. Sen esa qizingni sepiga tashlaydigan pombarxitni ololmaysan. Hammasi oʻsha qushni deb boʻldi, birgina qush-a. Oʻsha zormandaning boʻy-bastini toʻliq koʻra olgan boʻlsam ham boshqa gap edi!” deydimi.
Bu xotin zoti tushunadimi oʻzi? Jinni boʻlibdi, deb oʻylaydi. Undan koʻra, sassiqpopishakni koʻrsangiz yaxshi boʻlardi, deb kinoya qilishi tayin.
“Darvoqe, sassiqpopishaklar ham kelmay qoʻydi-ya biz tomonlarga,” Botir bu oʻydan keyin iljaydi va xotini koʻrib qolmasligi uchun yuzini ters oʻgirdi. Oʻ, ayol zotidan bir narsani yashirib boʻlarkanmi?!
“E qanaqa odamsiz oʻzi, nega tirjayasiz, zahar nima boʻldi, zahar”, dedi ensasi qotib.
“Zaharchi kemadi.” Xotini kulgisini sezib qolganidan jahli chiqdi uning.
“Nega kemas ekan, nima boʻpti?”
“Zaharchi zahar ichib oʻlipti.” U jahl bilan uzumtok ustunini tepgandi, kechagi chang va somon zarralari boshiga duv toʻkildi.
2010 yil
Ikkinchi hikoya
Botir doʻxtir ishdan qaytaturib, Shahobning doʻkoniga kirdi. Qishloqda “tijorat”nomini olgan, yoʻl boʻyida chust doʻppidek qoʻqqayib turgan doʻkon kezi kelganda mayxona vazifasini oʻtardi. Shu kunga qadar birov bu deparada choyxona yuritib, biri ikki boʻlmagan. Buning sababini hech kim bilmaydi. Kasod boʻlgan choyxonachilarning oʻzlari ham buni goh nasiyachilardan koʻrsa, goh soliqchilarga yopishtiradi. Qolaversa, zamona tezkor, doʻkonga birrov bosh suqqan hamqishloqlar uchun ichimlik ham, gazak ham shu yerning oʻzida muhayyo, oʻrikdan boʻshagan shatmoq yashiklar bir zumda kursiga, koʻcha gazetasi dasturxonga aylanadi.
Hozir ham toʻrt ulfat doʻkonning chetida teshikkulchadan boʻshagan qogʻoz qutini oʻrtaga qoʻyib, qoʻr toʻkib oʻtiribdi. Oʻrtada ikkita labi uchgan piyola, piyoz poʻstidek yupqa kesilgan uch-toʻrt boʻltam kolbasa, uch dona paxtaolma bor. Doʻkon devorlariga naridan beri ohak surilgan, toʻrda shildiroq yelimqogʻozli surat osilgan, unda xitoy qizi soxta jilmayib turibdi, ikkinchi suratda savat toʻla subtropik mevalar. Ranglari shunchalar tiniqki, qizgina yutinsa, tomogʻidan yutumi koʻrinadigandek, bu yoqda esa kivining har bir tukigacha dikkayib turibdi. Kivini umrida koʻrmagan, lekin har safar bu mevani tukli kartoshkaga oʻxshatib mutoyiba qiladigan ulfatlarning suhbati qizgʻin.
– “Bunyodkor”ga braziliyalik trener kepti. Turkiyaning “Fenerbaxcha”siga trenerlik qilardi-ku, oʻsha!
– “Bunyodkor”mi, shu avvalgi “Quruvchi-da?”
– Ha-da, yaqinda Braziliyadan bir oʻyinchi ham sotib oldi-ku.
– Turkiya braziliyalik trenerni qaytarib olmoqchi emish, qancha soʻrasa beramiz debdi, shu rostmi?
– Biznikilar osonlikcha qaytarib bermasa kerak.
– E, ota-bobosi pul-da, kim koʻp toʻlasa, oʻshanga ketaveradi-da.
Botir doʻxtirning eshik gʻiyqillashiga monand salomi suhbatni boʻldi.
– Keling, doʻxtir. Piyoz qalay? – dedi doʻkonchi. – Bu yil endi “Neksiya”ning rangini olay dedimi?!
Sarxush ulfatlarga qiya qarash qilib olgan doʻxtir bu gapdan boʻynini ichiga tortdi, jikkakkina gavdasi yana bir qarich choʻkib ketgandek boʻldi. Ulfatlar yalt etib doʻxtirga qaradi. Birma-bir bosh irgʻab, salomlashildi.
– “Neksiya”ning rasmini chizib qoʻyganmiz, lekin rang kirmayapti, eski “Moskvich”ga qarab tortadimi, deyman… shira yeb bitiryapti-ku, dori sepishim kerak edi, borolmayapman, – dedi uf tortib doʻxtir.
– Xavotir olmang, doʻxtir, doriyam topiladi, zaharchiyam keladi oʻzi qidirib, Xudoning buyurgan soatida. Birorta boshi aylangani kep qolar, u dorini sepgandan keyin bu “dori”ni qimasa boʻmaydi. Ungacha biz bilan… – Saidali quvlik bilan chap koʻzini qisib, peshtaxtadagi shishalarga imo qildi.
– Doʻxtir, zaharchi kemasa, piyozingizga dorini oʻzim sepib beraman. Apparat topsak boʻldi, keling, siz ham bir odamga oʻxshab dam oling. Biror minut tin oling-da endi, doʻxtir. Oling bitta shishani, keling! – Boʻriboy Botirni qistay boshladi.
– Oʻzi shundogʻam tomogʻimdan hech narsa oʻtmayapti, Boʻriboy.
Botir shu kunlarda oʻzi haqida qishloqda tarqalgan gap bu yerda ham chaynalib, davrada ermak boʻlishdan choʻchidi. Darhol doʻkonchiga yuzlanib, yarim kilo shakar, bir kilo makaron tortishni soʻradi. Bularni qarz-nasiya daftariga yozdirib qoʻyib, keyin yogʻ qachon kelishini surishtirdi-da, doʻkonchidan oʻpkalandi:
– Oʻtgan gal zavudyogʻ keganda biznikilar ololmapti-ku.
Doʻkonchi oʻzini oqladi:
– Aka, roʻyxat bilan tarqatsak ham yetmay yotibdi. Roʻyxatni mahalla raisi tuzyapti-ku, – dedi.
Shu payt ulfatlar orasida doʻxtir xavotir olgan mavzuda qochirim boʻldi.
– Doʻxtir! Biz tomonlarda gʻalati-gʻalati qushlar paydo boʻptimi? Odamlar shunday deyapti. Siz ham bittasini koʻribsizmi-ey, shu rostmi?
– E, battol… Sen ham eshitdingmi? – doʻxtir zoʻrma-zoʻraki iljaydi, biroq ushlab turolmadi, boʻlari boʻldi, qabilida rostakamiga kulib yubordi.
Doʻkonchi bu gapdan bexabar ekanmi yoki atayin talmovsiradi.
– Qanaqa qush ekan? Koʻlga qoʻngan qashqaldoqlarmi? Shaharliklar kelib otib ketishyapti ekan.
– Doʻxtir koʻrgan qushni otib boʻmasmish, qandaydir xosiyati bor ekanmi, keyin u hammaga ham koʻrinish bermas ekan.
Botirning kulgusidan dadillashgan ulfatlar payrovni ilib ketdilar.
Doʻxtir uch kun avval kasalxonadan qaytishda qoʻshni qishloqlik dorichining uyiga kirgan, adirdagi piyozini dorilatish uchun u bilan kelishgan, dorichi “zahar sepsang sahar sep, kun qizigandan keyin boshim ogʻrib ketyapti”, deb noligach, bular ertasi tongda paykal boshida uchrashishga kelishib, tarqalgandi.
Ittifoqo, doʻxtir uyiga kelayotib koʻchasida ikki gʻildirakli qoʻlbola kombaynni mahalla bolalariga sudratib ketayotgan tegirmonchini koʻrib qoldi. Doʻxtir eshigi tagiga toʻkib qoʻyilgan yuz ellik bogʻ bugʻdoyni yanchitishga tegirmonchini bir amallab koʻndirdi, ayni mavsum payti, tegirmonchi bir ketsa, qaytib bu tomonlarga yana qachon keladi?! Ular yarim tunda bugʻdoyni kombayndan oʻtkazib boʻlishdi. Horgan-tolgan doʻxtir ertasi tong sahar adirga ketar ekan, Abdusalom domlaning hovlisi tepasidagi daraxtzorga yetganda bir qushning tovushi qulogʻiga chalindi. Doʻxtir bu qushni koʻrmaganiga, ehtimolki, unutganiga, oʻzining aytishicha, yigirma yildan koʻp boʻlibdi. Ne boʻlibdiki, doʻxtir tong pallasida bu qushning tovushiga mahliyo boʻlib, uni bir koʻrish ishtiyoqida dardi-dunyosini unutibdi-da, yaqin tushgacha chakalak ichida qolib ketibdi.
Hayot oʻsha hayot, ogʻrimagan bosh bormi, tashvishsiz kalla bormi? Roʻzgʻor gʻori, turmush mushti, mol-holga qarash, bolalar gʻishavasi, xotinning xarxashasi, bularning bari erkakning gardanida. Oʻzi yigit kishi qirqqa kirganda bir aynib oladi. Boʻlmasa, qizi boʻyiga yetib qolgan kappa-katta odamga balo bormi qushning ketidan quvib. Doʻxtiri tushmagur zax ariqning ichida oʻtirgancha, oʻz xayollari bilan andarmon boʻlib, bu dunyoga nimaga keldiyu nimalar qildi, ne huzur topdiyu ne jabr koʻrdi, degan boʻlmagʻur xayollarni miyasidan quvib chiqarguncha quyosh naqd tikkaga kelibdi. Dorichi adirda doʻxtirni uzoq kutib, keyin soʻkina-soʻkina ketvoribdi. Doʻxtir nima uchun adirga borolmaganini hech kimga aytmagan esa-da, kechqurun baribir xotiniga yorilgan ekan.
Ertasi xotini qoʻshnisiga shikoyat qilibdi:
“Qanday odam ediki, adirda piyozini shira bosib yotgan boʻlsayu, nahot bu kishim yosh boladek qushlarning ketidan yuraversa, bu ketishda qachon kosasi oqaradi, bilmadim… oʻzi necha yillardan beri piyoz ekib, hali bir narsani doʻndirgan emasdi”, deya figʻoni chiqibdi. Ustiga-ustak oʻsha kuni zaharchi oʻlip qopti, deb hazil qilganiyu bugun rostdan ham oʻsha odamga janoza oʻqilganini aytib, yoqasiga tuflabdi.
Bu gap qishloqqa yashin tezligida tarqaydi. Qoʻshib bichiladi.
Oʻsha qush aslida ajina ekan, doʻxtirni yoʻldan ozdirmoqchi boʻlganmish, oʻsha yerda eski sadaqayragʻoch boʻlib, unda insu jinslar makon qurganmish. Bechora doʻxtirni ajina ozgʻirdi, deb ayrimlar bolalarini uyiga qamab oʻtiribdi. Abdusalom domlaning enasi oʻsha sadaqayragʻoch tagida chiroq yoqib, is chiqarguvchi edi, kampir dunyodan oʻtgandan keyin bu joy zavol boʻlib, ajinalar makon qurgani aniq. Bunday yaxshi doʻxtir bu olamda bitta edi, kechayu kunduz odamlarning hojatini chiqarardi, ajina ham kelib-kelib bizning doʻxtirga yoʻliqadimi, deb koʻpchilik afsus chekibdi.
Boshqalari esa oʻsha qush aslida ajina emas, farishta boʻlgani, zaharchining oʻlimi yaqinlashganini doʻxtirning koʻngliga solgani, zero, zaharchi baribir oʻlar ekan, doʻxtirning piyoziga zahar sepib oʻldi, degan gapdan soddadil va joʻmard doʻxtir bir umr aziyat chekib yurishi mumkin edi, deyishibdi. Baʼzilar doʻxtir endi avliyo boʻlib ketsa kerak, hammaga ukol qilib, dori yozib berib yurardi, endi bir nazar tashlaganda har qanday kasal tuzalib ketsa ajabmas, nahotki, bizning qishloqdan ham avliyo chiqsa, axir qishloqning nomi bejiz Goʻrmiron – goʻri miron emas, yaʼnikim, mirlar qabristoni, eh-he, bu yerda qancha-qancha aziz avliyolar yotibdi, deb quvongan ham emish.
Boshqalar bunday gap aytgan odamlarni jerkib tashlabdi. Ajinaga balo bormi shunday zamonda? Kecha tuxumidan chiqqani ham kompyuter nimaligini bilsa, sigirini dalaga haydab ketayotgani ham qulogʻiga Em Pe uchmi, toʻrtmi tutib olgan boʻlsa, tomga gʻoʻzapoya irgʻitayotib bu yogʻi Rossiya, u yogʻi Koreyada ishlab yurgan akasimi yo ukasi bilan telefonda gaplashsa, shunday zamonda ajina qoladimi, debdi.
Aslida, doʻxtir oʻsha qushni bolalikdagi doʻsti, oʻqishdan keyin shaharda qolib ketgan oʻrtogʻiga tutib bermoqchi boʻlganmish. Chunki bular bolaligida qushman degan jon borki xoh yerda, xoh osmonda boʻlsin, tinchlik bermagan, hatto qish qattiq kelgan uzoq bir yili simyogʻochda ochlik va sovuqdan kunishib oʻtirgan qirgʻiyni kun boʻyi dov-daraxtga qoʻndirmay, qirma-qir quvib, oxiri holdan toydirib ushlab olgan ekan. Bu qushni koʻrgani kelgan qishloq bolalarining har biriga qirgʻiyga yemak uchun sichqon soligʻi solganini ham eslabdi odamlar. Oʻshandan buyon tengqurlar biror voqeani eslashmoqchi boʻlsa, “sichqon soligʻi” solingan yildan ikki yil keyin boʻluvdi bu voqea, deb gapiradi.
Boshqasi, qoʻysalaring-chi, otam zamonidan beri tinim bilmay mehnat qiladigan doʻxtir nima jin uribdiyu, oʻsha kuni salqin daraxtzorda, zax ariqning ichida bir miriqib uxlab olgan ekan, qovugʻini shamollatibdi, hozir oʻzi davolanayotgan emish, shira yeb yotgan piyozi bilan ham ishi yoʻqmish, debdi. Yana birovi, ehtimol, doʻxtir chiroq yoqilgan sadaqayragʻoch tagiga siyib-netgandir, dardi shundan boʻlishi ham mumkin, debdi.
Garchand doʻxtir bu gaplarning hammasidan boxabar boʻlmasa-da, turli uydirmalar tarqalganini bilar, bu gaplar oʻziga nashʼa qilsa-da, kap-katta odamning haqiqatan ham bir qushga alagʻda boʻlib, avvalo, hayot-mamotdek dolzarb bir ishdan qolgani uni koʻp xijolatga qoʻysa, ikkinchi jihatdan zaharchi “oʻlibdi” deb xotiniga aytganiyu ertasi kechga bormay hazili rost boʻlib chiqqanidan ortiq iztirobda edi.
“Nafasimni yel uchirsa boʻlmasmidi, koʻpni koʻrgan odamlar bejiz hazil harom deyishmagan”, deb ich-ichidan kuyinardi doʻxtir. Lekin bu iztiroblarini birovga bildirmay yurgandi. Mana bugun Boʻriboy bu haqda gap ochib qoldi.
Doʻxtir endi noiloj qolganini sezib, ulfatlar tepasiga keldi, Boʻriboy dorini oʻzim sepib beraman dedi-ku, piyozni shu kunlarda dorilatmasa, bu yilgi mehnatiga kuyib qolaveradi. Yerning ijara pulini choʻntagidan toʻlaydimi keyin? Maoshi yoʻlkiradan zoʻrgʻa oshib-oshmasa. Xotinga esa xudo beradi, qishi bilan yoʻqchilikdan nolib, quloq-miyasini yeydi.
– Qani boʻlmasa, sal surilinglar-chi, – deb doʻxtir Boʻriboyning yoniga choʻkdi. Ikkita piyola besh kishiga betoʻxtov navbat bilan aylantirildi. Doʻkonchi kolbasadan ikki yuz gramm kesib, koʻk yelimidishga parraklab, uzatdi. Ulfatlar doʻxtirning xomush va horgʻin ruhiyatini yana choʻktirmaslik uchun qushni eslamay, gapni boshqa tomonga burib yuborishdi.
– Doʻxtir, siz qaysi urugʻdan ekkansiz, gibridmi, xarsidonmi?
– Gibrid.
– Esiz, ispanes degani chiqibdi, oʻshandan ekmabsiz-da, dahshat hosil berarmish, tarozini ham zoʻr bosarmish. Mana, oʻtgan yili qoʻqimboylik bittasi ekkan ekan, dalani oʻzida talamon qilib ketibdi xaridorlar. Shartta bitta “Neksiya” olibdi, gʻizillatib haydab yuribdi, uyini ham remont qipti, oppoq, katta temir darvoza oʻrnatibdi. Bu darvozadan “Kamaz” ham kirib ketaverar ekan. Qolgan pulga ukasiga bitta “Tiko” oberibdi.
– E, taniyman, qishloqqa kirib borishdagi zapravka qani, oʻshandan keyingi koʻchada turadi.
– Ha, xuddi oʻsha.
– Lekin chetdan kelayotgan bu urugʻlarning bari bir yildan keyin ayniydi, oʻzidan urugʻ olish qiyin, har yili yangitdan urugʻ sotib olishing kerak. Pul qani unga. Oʻzimizning ota-bobomiz ekib kelgan qoratol yaxshi, jaydari, zahar ham koʻp kerakmas.
– Doʻxtir eshitdingizmi, yangi germanski dori chiqibdi. Piyozga dorini qalin qilib sepilar ekan. Dori yerning betini yupqa yelimqogʻozga oʻxshab yopib qoʻyarkan, shunda piyozdan boshqa bitta ham oʻt chiqmas ekan, ana, piyozoʻtoq ham shart emas, – dedi ulfatlardan biri va paxtaolmadan bir boʻlak karsillatib tishladi.
Lekin Boʻriboy uni oshigʻich toʻxtatdi, olmaning orasidan chiqib kelgan oppoq qurtni barmogʻining uchi bilan olib tashlamoqchi edi, qurt pastga, piyolaning ichidagi aroqqa tushdi.
Boʻriboy gapni davom ettirdi:
– Hoʻv oʻrtoq, begona oʻt chiqmaydi emas, chiqadi. Piyozga oʻxshagan ignabargli oʻt borki, hammasi chiqadi. Faqat piyozni oʻt bosishi kamroq boʻladi, lekin bu dori qurgʻur ham qimmat-da! – Boʻriboy gap asnosida koʻrsatkich barmogʻining uchi bilan aroqning betidagi qurtni piyolaning labiga surib chiqardi, keyin chertib yubordi.
– Piyozni bitiga qarshi Xitoyni “karate”si ham yaxshi ish bermay qoʻydi, undan oʻzimizda chiqqan “delta fors” tuzuk koʻrinadi.
– E, yoʻq, xitoyning zahari kuchli baribir. Asosiysi, arzon.
– Zarari-chi, zarari? Oʻldiradi-ku odamni!
Gap ayni qizib turgan payt doʻkonga moldoʻxtir Ibrat kirib keldi. Ibrat ikki-uch davrada gap yegani uchun serulfat odam edi. Lekin hozir ulfatlarning qistoviga qaramay, adirga qoʻtir boʻlgan molni koʻrishga ketayotgani, molning egasi koʻchada mashinasida kutib turganini aytdi. U tezda xaridini qilib, eshikka yoʻnalgan edi, Boʻriboy uzilib qolgan suhbatni nainki davom ettirish, bunga qadar aytilgan gaplarga bir dalil va tirik guvoh ham keltirish ilinjida uning diqqatini tortdi:
– Mana, uzoqqa bormaylik. Mana, sherigimning bojasi, ikki kun avval shundoq piyozga zahar sepib chiqqan-da, shundoq egatning tepasida oʻlgan-qolgan.
– Yoʻgʻ-e, u piyozga sepmagan, – endi ostonaga qadam qoʻygan Ibrat toʻxtab, ortiga oʻgirildi: – u bodringga sepgan.
– Shu, zahar oʻldirgan-da?!
Ibrat eshikdan tashqari moʻralab, mol egasiga baqirib biroz kutib turishni soʻradi, ortiga qaytib, davraga qoʻshildi:
– Sen quloq solib turgin, bu shanba kuni boʻlgan. Men bir kun avval, juma kuni piyozga dorini sepib chiqqanman bojamning apparatida. Oʻzi piyozim oʻn ikki soʻtix yerda, ikkita egat qolganda apparat buzilib qoldi, rosa damlayman, lekin sepmaydi-da, ogʻzidan dori chuldirab oqib turaveradi sunnat qilinmagan bolaning peshobiga oʻxshab. Haligi ichidagi kolsosi bor-ku, uzuk singari, oʻshanisi ketgan ekan. Ertasiga, shanba kuni boʻlgan bu, bojamning oldiga buzuq apparatni koʻtarib bordim. Avval jahli chiqdi, “ming rahmat sizlarga, kecha bir hamqishlogʻingiz devor ushlatib ketuvdi, bugun siz apparatimni rasvo qibsiz”, dedi.
Ibratning bu gapidan keyin ulfatlar doʻxtirga zimdan qarab oldi, doʻxtir yerga qarab iljaydi. Ibrat gapida davom etdi:
– Bojam bilan biz avvaldan kuch sinashib yurardik. Bu gapidan keyin shartta belidan qisib, bir koʻtargan edim, dod dedi, jon aka, dedi. Keyin qoʻyib yubordim. Birga choyxonada tushlik qildik hazil-huzul bilan. Keyin oʻsha yerda uch-toʻrtta bola shaxmat oʻynab oʻtirgan ekan. Men ham oʻynadim. Hammasini yutdim-da, keyin birma-bir peshonasiga chertib chiqdim. Bojam ularni mazax qilib rosa kuldi, yotvolib kuldi. Shunda soat uch yoki toʻrt boʻlgandi. Shunda bittasi apparat koʻtarib oʻtdi-da! Endi bojam kechki bodring ekib qoʻygan-ku. Bodring mana shundoq boʻlib, koʻm-koʻk yashnab turibdi, shishani singari… – Ibrat bir tamshanib oldi.
Unga darrov piyola tutqazishdi. U shoshilinch piyolani boʻshatib, gapida davom etdi:
– Bojam haligi apparat koʻtarib oʻtganga hazil-huzul bilan, bodringni koʻrdingmi, yashnab yotibdi, hali oqpalak boʻlmasidan dori sepib qoʻyaylik, meni apparatimni mana bu akang buzibdi, seniki qachon boʻshaydi, deb soʻradi. Desa aytdiki, Batka dedi, Batka derdi-da bojamni.
– Ha, toʻgʻri, uni Batka deyishardi.
– Soat beshlarda boʻshaydi, men hozir bir joyda dorini sepib qoʻyay, keyin boʻshaydi, dedi haligi apparat koʻtargan. Shunda soat toʻrt yarimmi, beshlarmi? Shunda men haligi joydan turib, boʻpti boja, deb ketdim. Uyga keldim, yotdim. Ertasiga bozor. Sen quy, juft boʻlsin.
– Ha, quy-da Ibratga, doʻxtirga ham.
– Ertasi bozor. Bozorga ketdim. Bozorga borib, ukamni koʻrib qoldim. Bojangiz kasalxonada ekan, xabar oldingizmi, dedi. Nega, kecha otdek edi-ku, desam, ishonmaysizmi, reanimatsiyada yotibdi ekan, dedi. Shu kechqurun ichvolib yiqilib-piqilib tushgandir-da, degan xayol bilan haligi joyda reanimatsiyaga keldim. Reanimatsiyaga kelsam, akasi turibdi eshikning tagida. U bilan biroz gaplashib turdik, haligi joyda yarim soatcha gaplashdik. Keyin gapning orasida Batka tuzukmi desam, he, Batka oʻlgan, dedi. Hayron boʻldim. Yoʻgʻ-e, desam, ha, dedi. Endi shu yerda gaplashib turgan boʻlsak, ana shu eshikning orqasidagi yoʻlakka kirgizib qoʻyibdi haligi aravachada. Men bilmayman-ku, qayda desam, ana, dedi. Shundoq borsam… Batka! Shundoq kulib qarab yotibdi-da… – Ibrat bir zum tin oldi. – Oʻshanda soat beshlarda unga apparatni olib kelib bergan. Haligi joyda dorini sepgan, oqpalakka, bitta zapravkada. Ikkinchi zapravkani qilgan, haligi apparatga suvni, dorini quygandan keyin nima xayol bilanki shundoq apparatning ogʻziga enkayib qaragan-da. Haligi joyda dorining hidi dimogʻiga gup urib, nafas yoʻlini gʻip yopgan. Bojam poʻrt tashlavorgan oʻzini. Ha-ha bilan kasalxonaga olib kelishgan. Qonini yuvgan, boshqa qilgan, lekin baribir boʻmagan. Jigari shishib, nafas organlari ketib boʻlgan. Boʻmadi. Oʻldi. – Ibrat shu gapni aytdi-da, keyin dik oʻrnidan turib, doʻkondan chiqib ketdi.
– Joyi jannatda boʻlsin, oʻziyam hech qanday zahardan tap tortmasdi. – Botir doʻxtir xoʻrsindi.
– Anovi-chi, Akromning ukasi, piyozga zahar sepaverib tomi ketib qoldi-ku, – ulfatlardan biri gap qoʻshdi.
Biroz sukutdan keyin Boʻriboy yana gapga kirdi:
– Ha, zahar bilan hazillashib boʻlarkanmi? Lekin zahar bilan hazillashmoqchi boʻlsang, bilgin, bir yil yoki ikki yil. Undan ortigʻiga dori hazilni koʻtarmaydi. Men vaqtida toʻxtatdim. Sherigim Adham Rossiyaga ketib qutuldi. Biz ikkovimiz zahar sepmagan dov-daraxt qolgani yoʻq bu deparada. Lekin Adham chatoq edi. Bitta shishani urib olib, issiqmi-sovuqmi, dorini changitib sepaverardi. – U sarxush boshini silkitdi. – Ammo-lekin, huzurini apparatning egasi koʻrdi. Uyiga yongʻoqdan naqshinkor darvoza qurganini koʻrdinglarmi, oʻsha bizzi mehnat-da. U paytda hozirgi “vertolyot” apparatlar chiqmagandi. Endi-chi, bir shisha benzinni quyasan-da, patillatib bir gektarga bir zumda sepib tashlaysan. Ammo-lekin, doʻxtir, siz xavotir olmang. Men “vertolyot”i bor bir odamni bilaman, sizni piyozingizga oʻshanda dori sepamiz. Ertagayoq!
Botir doʻxtir doʻkondan chiqib uyiga yoʻl olganda tungi salqin tushib qolgan, osmonda yulduzlar bodroqdek potragan, anhorda qurbaqalarning qurillashi quloqni qomatga keltirardi. Uzoqdan qoʻlbola kombaynning tarillagan ovozi eshitilar, chang, somon va yana allaqanday yovvoyi oʻtlarning hidi kelardi.
Botir bugʻdoyini chiqarib, yelpib, sandiqqa ham toʻkib qoʻyganini, bu yilgi eng ogʻir mehnatlardan biri ortda qolganini eslab, yulduzlarga mamnun tikilib borardi. Ayniqsa, koʻkdagi somon yoʻli yarqirab, sirli jivir-jivir qilardi. Xudoga shukr qilish kerak, derdi u. Mana, nimasi yomon, hamma narsa joyida, ertaga piyozga ham dori sepiladi. Xudo xohlasa, kuzda piyoz bir boʻlib bersa, balki chala yotgan uyi ham bitib ketar, ehtimolki, “Neksiya”, balki “Matiz”, juda boʻlmay qolsa, “Moskvich” sotib olar. “Moskvich” tuzuk, baribir dehqonning mashinasida…
2010 yil
Uchinchi hikoya
Odamlar bir necha kundan buyon intiq, muhim bir yangilik yuz berishini kutib taraddudda edi. Vaqt oʻtgani sayin hayajon ortib borardi. Turli uydirmayu mish-mishlarga qulogʻi ding, biror kun chanqovbosti xabar topilmasa, qirgʻoqqa chiqib qolgan baliqdek nafasi qistaydigan odamlar soʻfi azon aytmasidan avval katta yoʻl boʻyiga chiqib olib, choʻnqayib olgancha uyquli koʻzlarini tinimsiz ishqalab, goho xomuza tortib, bir nimalarni erinchoq muhokama qilishardi. Tong qorongʻusida gangur-gungur qilib bomdod namoziga ketayotganlar esa bularga qarab: “Kallai saharlab toʻplanib qopti bular? Anjon nosi juma sahar kelardi shekilli… deb bir-birlariga imlab qoʻyadi.
Kun boʻyi hech bir xabar kelmadi. Oldi-qochdi gaplardan oʻzini uzoq tutadigan qishloqning siporoq kishilari ham shomga yaqin katta yoʻl boʻyidagi doʻkon atrofida uymalashib qoldi. Qishloqda norasmiy mayxona vazifasini oʻtaydigan bu doʻkonda hamisha uch-toʻrt chogʻli ulfat ichib oʻtiradi. Odatda aroqdan hazar qiladiganlar bu ulfatlarga yuzini ters qilib oʻtadi, lekin bir gap boʻlsa bexabar qolib ketmayin degan ilinjdami, bugun ular ancha yumshab qolgan. Ulfatlarga yaqin kelmasa-da, hazil-huzul gaplariga uzoqdan yengil kulib, bosiqlik bilan javob qaytarib qoʻyadi. Doʻkon atrofida odamlar soni koʻpaygan sari, quvlashmachoq oʻynagan, velosiped mingan bolalar ham shu atrofda yigʻila boshlaydi. Qosh qorayib, osmonda koʻrshapalaklar gʻiz-gʻiz uchadi, pastda esa gʻala-gʻovur, olomonga kelib qoʻshilayotgan koʻngillilar soni ortib boradi. Ob-havo, ekin-tikin, mol-qoʻy, sabzi-piyoz narxidan boshlangan suhbat aylanib-aylanib yana Botir doʻxtirga kelib taqaladi. Botir oʻzi feldsher boʻlsa ham uquvi va mehnatkashligi tufayli xalq orasida doʻxtir degan nom olgandi. Doʻxtir qandoq ulov minib kelar ekan, rangiyu rusumi qanaqa boʻladi, degan mavzuda bahs ketadi. Oʻzi doʻxtirning haydovchilik guvohnomasi bormidi, deb kimdir soʻraydi. Chust doʻppi kiysa qoʻziqoringa oʻxshab qoladigan boʻyi bir qarich doʻxtir “Lasetti”mi yoki “Neksiya” minib kelsa, tepkiga oyogʻi, yoʻlni koʻrishga boʻyi yetarmikin, deya bosh qashiydi boshqasi biroz gʻashlanib. Tagiga yostiq qoʻyib oladi-da, deydi kimdir va gurros kulgi koʻtariladi. Odamlar turli tusmollar va taxminlardan charchaganda, oʻzi er kishiga omad yetti marta kulib boqadi, shulardan bittasini ushlab qolsang qolding, boʻlmasa piyozni achchiq chaynab qolaversan kabi purmaʼno “hikmat”larga navbat keladi.
– Omad kelsa shu-da, hech kutilmagan joyda, kutilmagan paytda ishing oʻnglanib ketadi, mana-man degan doʻxtirlar yetolmagan martabaga bitta feldsher yetishib turibdi-ku!
– Omad har kimga ham kelavermaydi, omadi borga keladi-da!
– Eng muhimi, berar joyidan qismasa boʻldi, shunda har kimning ham omadi chopaveradi, – doʻkon ichidan kimdir shirakayf ovozda tashqarida turganlarga xitob qiladi, ortidan: “Ha, otangga balli!” degan tasannolar va pishanglar eshitiladi.
Olomon orasida goh yoshlarga xos havasmandlik kayfiyati hukmronlik qilsa, goho hasad aralash aytilgan gap-soʻzlar, gohida esa moʻysafidlarga xos dono oʻgitlar eshitiladi. Shunda hovliqqanroq birovning: “Eh, hayot xuddi kinoga oʻxshaydi-ya!” degan hayajonli ovozi yangraydi.
Oʻzi voqeaning boshlanishi yetti kun avval, Botir doʻxtir tong qorongʻusida turib, bir togʻora somon yuvib turgan payt yuz berdi. Bir novvos va uchta qoʻyning qarovini doʻxtir koʻpam bolalariga ishonmaydi, ishga ketishidan avval oxurlarini yemga toʻldirib qoʻyadi. Hozir ham somonni yuvib, kepak sepib, yaxshilab tert qordi, qoʻliga ilashgan mayda tosh-kesakmi, shisha siniqlarimi, hafsala bilan terib tashladi. Shu payt darvoza taraqlab, kimdir bezovta chaqirib qoldi. Bemahalda kelgan kim boʻldi ekan? Doʻxtir somon va kepak yuqi qoʻllarini koʻylagi etagiga nari-beri artib eshikka yoʻnaldi. Oppoq sutga chayilgandek qimmatbaho ulov darvozaga taqalib turardi. Betoqat turgan poʻrim yigit doʻxtir bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi.
– Assalomu alaykum, doʻxtir aka! Tanidingizmi?.. Ha, ha, oʻsha kishining oʻgʻillariman. Uzr, tong saharlab behuzur qildim. Dadamlar sizni soʻrayaptilar. Kecha kechqurun kasalxonada yotmayman deb injiqlik qildilar. Uyga olib keldik. Bugun azondan sizni yoʻqlab qoldilar, tez yetkazib kelinglar, deb mani joʻnatdilar. Hovlingizni soʻrab-soʻrab zoʻrgʻa topib keldim. Bormasangiz boʻlmaydi endi, doʻxtir aka.
Doʻxtir oʻylab ham oʻtirmay “hozir, oʻn minutda chiqaman” deb uyiga kirib ketadi.
Oʻsha kuni ertalab bor-yoʻq boʻlgan voqea shu edi. Lekin qishloqqa kirgan “Malibu” rusumli bu ulovni koʻrganlar koʻp edi. Ulov kimning uyiga kelgani, kimni olib ketgani tayin gap. Biroq…
Shaharga tushganlar tushdan keyin yangi-yangi gap topib keldi. Ulov tumandagi eng boy kishi hisoblanmish Abdurahimboyga tegishli ekan. Qoʻsha-qoʻsha imoratlari, qavat-qavat doʻkonlari, turnaqator ulovlari bor bu eski savdogar kishini tanimagan odam deyarli yoʻq edi. Abdurahimboy anchadan buyon xastalikka chalingan, farzandlari Toshkentda bir necha marta davolatib kelsa-da nafi tegmaganidan yoshi yetmishdan oshgan chol endi hech qayerga borishni istamasdi. Shu hafta boshida ogʻirlab qolganda, qoʻyarda-qoʻymay uni tuman kasalxonasiga, reanimatsiyaga yotqizishibdi. Botir doʻxtir navbatchilikda turgan kunlari Abdurahimboyga qaragan ekan. Tungi navbatchiligida kasal tepasida mijja qoqmay chiqadigan, oʻziyam qoʻli yengil, soʻzi malham boʻlgan doʻxtirga cholning mehri tushib qopti. Kecha kasalxonada boshqa turmayman, Botir doʻxtirni uyimga olib kelinglar, menga oʻsha qarasin, debdi. Odamlar topib kelgan gap shu edi.
Doʻxtirning uyiga kelgan ulov taʼrifi bir kun oʻzaro suhbatlarga mavzu boʻldi. Nikelli yaltiroq quyma gʻildiragi, yon koʻzgularining avtomat tarzda buralishi, tomidagi qoraytirilgan oynasining oʻzi ochilib-yopilishi, gaz bosganda yoqimli guvillashi, yurganda shuvillashi rosa gap boʻldi. Shu tariqa doʻxtir va Abdurahimboy mavzusi bir hafta odamlar ogʻzida chaynaldi. Axiyri kimdir “Kimsan Abdurahimboy dunyoning yarmini soʻrab kelgan odam, qolgan yarmini farzandlari soʻrab yotibdi, endi bu doʻxtirga shunchalik mehri tushgan ekan, xizmatini oʻz obroʻsiga yarasha taqdirlasa kerak”, degan tusmolli gap chiqardi. “Keksayganda odam koʻngli yumshab sermehr boʻlib qoladi, Abdurahimboy mehri tovlanib turgan boʻlsa, doʻxtirning hayotini obod qilib yuborishi hech gap emas”, dedi birov. “Nihoyat, doʻxtirning toʻriga tilla baliq tushdi”, deganlar ham boʻldi.
Odamzotga oʻzi nima kerak?! Bugun “tilla baliq”dan kim nima soʻragan boʻlardi? Qishloqning koʻplab xonadonlarida har kech dasturxon atrofida shu mavzuda bahs boshlandi. Yoshlar oʻz yoʻliga, koʻcha-koʻyda koʻrishib qolgan chollar, qatiqqa oqliq soʻrab chiqqan xotinlar ham bundan chetda qolmadi. Koʻpchilikning nazarida bugungi zamon odamining eng katta orzusi hammaning koʻzini olovdek kuydiradigan poʻrim, yaraqlagan ulov minib yurish edi.
* * *
Doʻxtir Abdurahimboy haqida koʻp eshitgan, lekin uning oʻzini ilk bor kasalxonada, bemajol, rangi roʻyi somondek sargʻaygan holda koʻrdi. Bugun uning hovlisiga tong saharda kirib kelar ekan, ulkan naqshinkor temir darvozayu yoʻlakda qator terilib turgan ulovlar, gird aylanasiga imorat solingan hayhotdek katta hovlini koʻrib sir bosdi. Oʻrtada favvorali marmar hovuz, atrofida koʻzni tindiradigan yam-yashil maysazor, uch-toʻrt tup durkun archa va shamshod koʻchatlari yashnab turibdi. Hovlining aylanasiga baland qilib temir quvurdan ishkom solingan. Quvurlar oqqa boʻyalgan, ishkom ustunlaridagi quyma naqshlarga zarhal rangi behol yugurtirilgan. Uzumtoklar yaxshi kuzalgan, koʻrinishidan yaqinda yayratib xomtok qilingan, uzum gʻujumlari sargʻayishga boshlabdi. Hovliga toʻq jigarrang tosh bir tekis yotqizilgan, goʻyo yurganda kishining oyogʻi qolib, tuflisi maza qilayotgandek. Doʻxtir Abdurahimboyning kenja oʻgʻli ortidan ergashib kahrabo marmar yotqizilgan zinapoyadan koʻtarilib, keng va yorugʻ xonaga kirdi. Derazaga yaqin joyga karavot qoʻyilib, unda Abdurahimboy oppoq choyshab-toʻshakka choʻkib yotardi. Xonaning toʻrida serhasham, uch tabaqali oynavand javon qad rostlab turibdi. Bir tomonda charm qoplangan yumshoq oromkursilar. Abdurahimboy doʻxtirni koʻrib, siniq jilmaydi.
– Doʻxtir bolam, keldingizmi?! Kattalik qildi demang, kasalxonada bitta menga emas, boshqalarga ham qilgan muomalangizni koʻrib sizga mehrim tushdi. Malol kelmasa, uch-toʻrt kun yonimda oʻzingiz tursangiz degandim.
– Sirayam maloli yoʻq, otaxon. Sizdek oqsoqollarga xizmat qilish biz uchun ham farz, ham qarz, – dedi doʻxtir biroz soʻzamollik qilib.
Abdurahimboyning yana ikki oʻgʻli ham shu yerda ekan, birin-ketin xonaga kirib kelishdi, doʻxtir bilan qoʻshqoʻllab soʻrashgach, kattasi ogʻiz ochdi:
– Doʻxtir, kasalxonani glavrachiga aytilgan, sizda progul boʻmaydi. Bu yerdagi xizmatingiz ham ish hisobiga oʻtadi, siz xavotir olmang, oʻzingiz bilan yana alohida rachchoʻt qilamiz, otaga yaxshi qarasangiz boʻldi, – dedi.
Oʻgʻillari chiqib ketayotganda Abdurahimboy kenjasini qayta chorladi:
– Doʻxtir bolamning uyiga bir qop kartishka, bir qop piyoz, bir xalta guruch, oʻn kilo zavoʻdyogʻ, uch kilo goʻsht eltib bergin, – dedi.
Abdurahimboy yotgan xonaning yonboshidagi kichik mehmonxona doʻxtirning yotogʻiga aylandi. Tushdan keyin kasalxonaning bosh shifokori kelib cholning qon bosimini oʻlchab koʻrdi, doʻxtirga koʻrsatmalar berdi. Tomchi ukolga qoʻshiladigan suyuqliklarni yozib qoʻliga tutqazdi. Doʻxtirning qiladigan ishi koʻproq chol bilan suhbatlashib oʻtirish boʻldi. Osma ukoldan keyin baʼzan cholning oyoq-qoʻllarini uqalaydi, keyin asta yonboshlatib, bir mushtini kuragiga qoʻyib, ikkinchi mushti bilan ohista uradi. Chol silkinib-silkinib ketadi.
– Otaxon, sal chidaysiz-da endi. Shunday qilmasam, qon aylanmay qola-
di, – deydi.
– Balli, doʻxtir bolam, balli, – deb qoʻyadi chol.
Kechqurunlari qizlaru nevaralar yigʻilib kelib, hovli toʻyxonaga oʻxshab ketadi. Qoʻsha-qoʻsha tilla uzuk taqqan, ikki betlari qip-qizil, yaltir-yultur libos kiygan qizlar otasi tepasida bir-bir koʻz yoshi qilib chiqib ketgandan soʻng, derazalari lang ochiq yonbosh xonalarda dunyoning ishlari, tilla narxi, yangi chiqqan gazmollar, oxirgi rusumdagi ulovlaru “Ayfon” degan qoʻl telefonlari haqida baralla va qizgʻin suhbatlar boshlanadi. Bu dabdabayu asʼasalardan doʻxtir hangu mang edi.
– Bolam, aybga buyurmasangiz bir narsa soʻrasam, – deb qoldi chol bir kuni. – Uch-toʻrt marta shifer haqida telefonda kuyinib gapirganingizni eshitib qoldim. Nima gap, doʻxtir bolam?
Doʻxtir xijolat boʻldi. Keyin oʻtgan yili otasidan qolgan eski uy yonidan yangi imorat solgani, bu yil qish kirmay shu chala imoratning tomini yopib qoʻyish rejasi borligini aytdi. “Bir doʻkonchiga oʻttizta shifer aytib qoʻyuvdim, har gal siniq shiferlarni roʻpara qiladi”, dedi xafa boʻlib. Chol, ha shunaqami, deb qoʻydi. Kechqurun kenja oʻgʻli kelganida doʻxtirning uyiga oʻttizta shifer eltib berishni buyurdi. Doʻxtir koʻp xijolat chekdi. Keyin menga endi boshqa hech narsa kerak emas, xizmatim oxirida ham rozi qilaman deb yurmanglar, qattiq xafa boʻlaman, dedi.
Otaxonni koʻrgani kelib-ketuvchi koʻp. Baʼzan kun boʻyi odam uzilmaydi. Bunday kezlarda doʻxtir cholning farzandlarini chaqirib, ovoziga zalvor qoʻshib: “Ota charchab qolyaptilar, bugunga boʻldi, kelganlarni mehmonxonadan kuzatib qoʻyaveringlar”, deb uqtiradi. Uchovlon farzand qoʻllari koʻksida, “Bir ogʻiz gapingiz-da, doʻxtir”, deb chiqib ketishadi. Doʻxtir esa tomchi ukolni ulab qoʻyib, oʻz oʻy-xayollariga choʻmgancha oʻtiradi.
– Doʻxtir bolam, bir gap soʻrasam koʻnglingizga ogʻir olmaysizmi? – dedi chol bir kuni xokisor ovozda. Doʻxtir, “bosh ustiga, xafa boʻlgan nomard”, dedi kulib.
– Qishlogʻingizda bir qushni koʻrganingiz haqida haligacha gap aylanarmish, kasalxonada yotganimda ham shu gap qulogʻimga chalingandek boʻluvdi. Nima boʻlgandi, qanday qush edi u?
– Ha, umi… – doʻxtir ishshayib kulib yubordi. Peshonasida doim tarang yigʻilib turguvchi boʻrtiq ajinlari yoyilib, yayrab ketdi. – Xoʻjaning feʼli tushdan keyin ayniydi, deyishardi, paqirniki ertalabdanoq aynir ekanmi… shuni orqasidan bir tasodif hodisa bolalikda boʻlgan voqealarga ulandi, keyin bunga hazil-huzul gaplar aralashdi. Lekin aytishga arzimaydigan bir gap.
– Nega arzimaydi, doʻxtir bolam? Bu dunyoda har bir narsa, hatto anovi devorga qoqib qoʻyilgan mix ham bejiz emas. Uning ham oʻziga yarasha, arzirli tarixi bor. Kim, nega qoqdi uni? Ha, bir maqsadni koʻzlab qoqqan boʻlsa, nega eplab bolgʻa urmadi. Evi boʻlganida devorga darz tushirmagan boʻlardi. Demak, evi yoʻq odam mix urgan, ehtimol, bolgʻa ushlashni ham tuzuk-quruq bilmas. Surishtirsangiz, nega usta odam emas, evsiz bir kishi mix urgani sababini ham topasiz. Shunaqa, gapirsangiz gapdan gap chiqadi. Ayting bolam, ayting!
– Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, tirikchilik deb odamning keti yer iskashga vaqt topolmay qoladigan damlar boʻladi, – doʻxtir salmoqlab soʻz boshladi. – Bu yoqda kasalxonadagi ish, u yoqda roʻzgʻor, bir tomonda dalaga piyoz ekib qoʻyganman, dorilatish kerak, tomorqadan oʻrilgan bugʻdoyni yanchish kerak. Shunaqa kunlar edi. Kechasi bugʻdoy chiqarib, tong sahar adirga otlandim. Zaharchi bilan shira bosib yotgan piyozni dorilatishga bir kun oldin kelishib qoʻygan edim. Qishloqdan chiqishda chakalakzor bor, shuni oralab ketib borardim. Tong endi oqarib kelayotgan, havo nazarimda yogʻi olinmagan quyuq sutdek, doʻxtirlar tili bilan aytganda kislorodga rosa toʻyingan edi. Shu payt bir qush ovoz berib qoldi. Uning har sayrogʻi goʻyo quyuq havoda iz qoldirib ketardi. Men taqqa toʻxtadim. Dastlab miyamga birov yigirmatalik igna sanchdi-yu keyin butun dunyo oʻzgarib ketdi. Yigirma yildan ham koʻproq boʻlgan ekan shu qushning sayrogʻini eshitmaganimga – doʻxtir zavq-shavqqa toʻlib soʻzlay boshladi. Bu qushni oʻzini koʻrish uchun chakalak oralab tentiragani, biroq qushni hurkitib, koʻrolmay qolganidan alamga botgani haqida gapirdi.
– Qush lop etib uchdiyu ketdi. Ammo yuragimni oʻrtab ketdi. Bir kaft nosni til tagiga tashladim-da, oʻtiraverdim. Bolaligim, maktab, men kezgan koʻchalar, men choʻmilgan ariqlar, soylar, sinfdoshlarim, ilk marta koʻngil bergan paytlarim, bari-bari koʻz oldimdan kino lentasidek gʻizillab oʻta boshladi. Lof boʻlmasa, otaxon, nosni kuchimi yoki boshqa narsami, baʼzi joylarini xuddi kino lentasidek orqaga qaytarib, qayta-qayta koʻraman, sekinlatib ham koʻraman. Xotiram hech bunaqa tiniq ishlamagan edi oʻziyam. – Doʻxtir gapida davom etar ekan, eshityaptimi-yoʻqmi, cholga birrov nazar tashlab olardi. Orada biroz sukut saqlab qolsa chol “gapiravering, eshityapman, doʻxtir” deb qoʻyardi. Doʻxtir oʻsha kuni, undan keyin ham piyozga dori septira olmagani oʻziga, ayniqsa, xotiniga qattiq alam qilgani, erta bahordan boshlagan mehnatiyu qarz-qavola qilib sarflagan sarmoyasining taqdiri hal boʻlar pallada bitta qushni deb hamma ishi chappa aylanganini aytdi. Oqibatda piyozning zarari bilan foydasi uchma-uch boʻlib, doʻxtir qarzlardan zoʻrgʻa qutulib olgani, ustiga-ustak dori sepadigan yigit oʻsha kuni adirda uzoq mahtal boʻlganiyu ertasiga qayerdadir dori sepayotib zaharlanib oʻlganini eshitgan chol, attang, degandek boshini sarak-sarak chayqamoqchi edi, majoli kelmadi. Qishloqda bu qush bilan bogʻliq voqea toʻqilib-bichilib, birov doʻxtirni avliyoga, birov jin chalib ketgan ovsarga chiqarganini eshitib kulmoqchi ham boʻldi, lekin kuch topa olmay yengil xirillab qoʻydi.
Chol bu qadar gʻamgin, ayni paytda quvnoq va begʻubor hikoyani sira eshitmagan edi. Bir qush, nari borsa chumchuqdan katta, kaptardan kichkina bir jonzot kishi hayotida bu qadar oʻrin tutadi deb kim ham oʻylabdi axir. Chol shu xayollar bilan uyquga ketdi. Ertasiga muolajalardan keyin doʻxtirdan yoniga oʻtirishni soʻradi.
– Bilasizmi? Bolaligimdan nima yodimda qolgan… bir soʻmlik, uch soʻmlik, oʻn soʻmlik ezilgan, buklangan, yogʻ bosgan pullar. Otam kechqurun doʻkondan qaytganidan soʻng tanga-soʻm aralash bir sumka pulni uyning oʻrtasiga toʻkardi. Keyin onam keltirgan qaynoq mastavaga bosim murch sepib, ustidan qatiq qoʻshib, yogʻoch qoshiqda yaxshilab ekalab olgandan soʻng peshonasidan marjon-marjon ter oqizib ichardi. Onam ikkovimiz esa pullarni saralar edik. Otam mastavani ichib boʻlgach, yuqiga choy quyib, kosani hafsala bilan uch-toʻrt marta aylantirib chaygach, bir koʻtarishda sipqorardi. Keyin peshonasidagi terlarni belbogʻi bilan artib, oʻng yonboshiga bolish qistirgancha bir soʻz demay bizni kuzatib oʻtirardi. Oʻn soʻmlik qizil pullar kamdan-kam chiqar, chiqib qolsa, onam dazmol bosib, bukilgan belini toʻgʻrilar, soʻng tokchadagi chinni choynak ichiga solib qoʻyardi. Oʻn soʻmlikdan keyingi eng qadrlisi koʻkimtir besh soʻmlik edi. Uch soʻmlik va bir soʻmlik dastalangan pullarni otam kassaga topshirish uchun ertasiga olib ketardi. Hovuch-hovuch tangalar uyda qolardi. Oʻsha paytlar oʻn besh tiyinga bitta pirajka bilan shakarli choy berardi. Yigirma tiyinga yarimta lagʻmon yesa boʻlardi. Tangalar men va singillarim uchun katta boylik edi. Onam yirik pullarni bodring tuzlanadigan bonkaga solib, ogʻzini mahkamlagach, omborxonaga koʻmib, ustidan sholcha tashlab qoʻyardi. Shu tariqa men pul sanab katta boʻldim. Keyinchalik men topgan pullarni bu deparada uncha-muncha odam topolgan emas…
Chol biroz toʻxtab nafas rostladi. Doʻxtir yarim piyola suv tutdi. Chol ichmadi, lablarini hoʻllab oldi xolos.
–… Bilasizmi, doʻxtir bolam? Otam rahmatli yurak xurujidan vafot etgan. Doʻkonniyam, uyniyam revizor bosaverib yuragini oldirib boʻlgan edi. Oxirgi tekshiruvlarni koʻtara olmadi. U kishi oʻtganlaridan keyin onam bor pullarni tillaga aylantirdi. Albatta, meni oʻqishimu ish boshlashim uchun ajratilgan sarmoya alohida edi. Singillarimga ham bir sidra tilla taqinchoqlar hadya qildi. Biroq keksayganlarida vos-vos boʻlib, bir xalta tillani hali yostiq tagiga, hali taxmondagi koʻrpa orasiga yashirib kun oʻtkazdi. Qoʻsha-qoʻsha zanjirlar, bilaguzugu sirgʻalar, yoqut koʻzli uzuklar toʻla xaltaning jarang-jurungi haligacha qulogʻim ostida turadi. Shu tariqa onamning esi kirdi-chiqdi boʻlib olamdan oʻtdi, xudo rahmat qilsin. Men ota-onamdan farqli, koʻp va katta davra koʻrdim, chet ellarga chiqdim, endi zamon ham oʻzgargan edi. Shundan xulosa chiqarib, qariganimda boylikka vos-vos boʻlib qolmayin deb mol-mulkimni erta kunda farzandlarimga teng taqsimlab berdim, qoʻlimda mol qoldirmadim. Bolalarim men kabi otasi pulning dastidan bevaqt oʻlib ketishini koʻrmasin dedim. Keksayganimda nevaralar bilan ovunib, xotirjam hayot kechirmoqchi boʻldim. Bu oson boʻlmadi. Hozir qoʻyadimi, yoʻqmi, bilmadim, bir paytlar “Qirol Lir” degan kino boʻlardi. Mulkini qizlariga boʻlib berib, oʻzi koʻchada qoladi qirol bechora. Oʻshanga oʻxshab qolmaymanmi, degan gap ham oʻtdi koʻngildan. Keyin hartugul, bizda musulmonchilik, el-yurt istiholasi bor deb oʻyladim. Oʻylaganim toʻgʻri chiqdi, farzandlardan nolimayman, garchand onasi erta oʻtib ketgan boʻlsa ham, bolalarimga yaxshi tarbiya bera oldim nazarimda. Bir qarashda niyatim ham amalga oshganday boʻldi…
Cholning gapi boʻlindi. Uzun-qisqa boʻlib hovliga toʻrt nafar keksa kishi kirib keldi. Barchasi birdek ohorli oq yaktak-ishton kiygan, faqat ayrimlarining boshida chust doʻppi boʻlsa, baʼzilarida oq “hoji doʻppi”. Biri patak soqol, boshqasi moshkichiri, qolgan ikkisi koʻsa. Chollarning yagona oʻxshash jihati yuz terilarining birdek tiniqligi, hatto endi pishib kelayotgan qirmizak olma kabi jindek qizilligi ham borligida edi. Doʻxtirning yodiga rahmatli otasining zahil yuzi tushib, yuragi bir achishib oldi. Chollar bemorning atrofida oʻtirib, uzoq suhbat qilishdi, oʻtgan-ketgan, yaqin-yiroq gaplardan gapirishdi. Soʻngida otaxonga dalda berib, Qurʼondan bir pora tushirgach, uzundan-uzun duolar qilishdi. Tilovatimiz “xatmi qurʼon” oʻrnida oʻtsin, deb iltijo qilindi. Mehmonlar ketgandan soʻng chol mijjalari nam, uzoq jim qoldi.
– Eski qadrdon ogʻaynilar, – dedi u doʻxtir eshityaptimi, yoʻqmi, eʼtibor bermay. – Navqironlik paytlarimiz kim koʻp pul qilyapti, kim zoʻr imorat solyapti, kim eng zoʻr ulov sotib oldi deb raqobat qilardik. Baʼzida doʻst, baʼzida hamkor, kezi kelsa raqib edik. Endi boʻlsa har yili qurbonlik oyida bozorga tushib, xalq koʻzida tanlab-tanlab, semiz-semiz qoʻy olib, kimoʻzarga soʻyamiz. Oxir dunyoda Pulsirotdan minib oʻtaman deb umid qilgan qoʻyimiz qancha goʻsht, qancha yogʻ berganini kishi bilmas ovoza qildiramiz. Sizlarni bu hashamlaringizga oxir dunyoda Pulsirot emas, temir-beton koʻprik kerak, deydigan mard yoʻq. Hozir ham ostona hatlab ulgurmay bular men ketib, oʻzlari qolayotganidan yengil tortishdi. Oʻzlarining tetikligi, mendan uzoqroq yashashlarini oʻylab quvonib ketishdi. Buni ular xonada oʻtirishganida koʻzlari aytib turgandi.
Bu gapdan keyin chol jim qoldi, chuqur xoʻrsinib, nursizlanib borayotgan koʻzlarini derazadan tashqari qadadi. Hashamatli hovli suv quygandek jimib qolgan, har zamon musichaning “mu-ku-ku-ku” deb sayragani eshitiladi. Ishkomdagi uzumning issiqdan shalpaygan yaproqlari nogoh kelgan epkinda bir yelpinib qoʻyadi, shunda rangi koʻkimtirdan sargʻishga tortib, shira boylab kelayotgan uzum donalarida quyosh nurlari jilva qilib qoladi. Chol bu manzarani koʻra olyaptimi-yoʻqmi, bilib boʻlmasdi. Chol yana gapirmoqqa chogʻlandi, lekin lablari quruqshab qolgan edi. Doʻxtir hoʻl doka bilan uning lablarini artib chiqdi, dokani siqib, ogʻziga bir-ikki tomchi suv tomizib qoʻydi.
– Doʻxtir bolam, hali tashqarida bir qush sayragandek boʻldimi?..
– Kukulagan musicha edi, otaxon.
– Malol kelmasa, joyimni derazaga yaqinroq surib bersangiz, – dedi chol pichirlab. Doʻxtir chaqqonlik bilan karavotning avval bosh tomoni, keyin oyoq tomonini yengil koʻtarib surdi. Karavot shundoq deraza tagiga kelib qoldi.
– Hah, musicha… Otam musichani eng noshud jonzot deb yomon koʻrardi. Hali yoʻlakda, hali ayvonda tuxumi tushib sinib yotardi. Juda omonat uy quradi oʻziyam. – Chol tashqariga suqlanib qaradi. Lekin musicha qorasini koʻrsatay demasdi. – Kulmasangiz, koʻnglimga bir tilak keldi, doʻxtir bolam… Sizga koʻrinish berib turadigan oʻsha ajabtovur qushga oʻxshamasayam, otam yomon koʻrgan boʻlsayam, oʻzi bir noshud jonivor boʻlsayam, qani endi shu musicha hozir pirr etib uchib kelib, mana shu deraza raxiga qoʻnsa… munchoqdek hayron koʻzlariga boqsam…
Chol quruq suyakka aylangan barmoqlarini qaltiratib qoʻlini deraza raxiga uzatdi. Yupqa va quruqshoq terisi ostidan boʻrtib turgan tomirlari dir-dir titrab ketdi. Soʻng hilvirab qolgan boʻyin terilarini osiltirib tashqariga talpindi. Cholning gavdasidan bir hovuch shaqillagan suyak qolgan, biroq boʻrtiq yelka suyaklari, oʻtkir qirrali jagʻi, qirra burni va koʻzining ustiga tushib turgan qalin, oʻsiq oqish qoshlari bir paytlari uning koʻrkam va kelbatli kishi boʻlganini aytib turardi.
Chol uzumtoklar orasidan koʻm-koʻk osmonga tuynuk topib, uzoq termuldi. Tuynuk qariyaning nursiz koʻzlariga durbindek qoʻl keldimi, nigohi oʻtkirlashgandek boʻldi. Osmonu falakda qanot qoqmay sokin charx urayotgan bir qush nogahon ana shu moviy tuynukdan lip etib oʻtib qoldi. Chol bir seskandi-yu qushning qorasini ilgʻab qoldi va aftidan ana shu oniy lahzalarda uning nigohi qushning qanotlari ustiga qoʻngandek boʻldi:
Pastda gugurt qutisi yangligʻ goh tartib bilan terilgan, goh betartib qalashib, bir-biriga suyanib qolgan past-baland uylar qalashib yotardi. Uylar tugagach, dalalar boshlanadi, qoʻngʻir togʻ etagidagi sargʻish yaydoq adirlar qadar choʻzilgan ekinzorlar yastanib yotibdi. Bozorlar, doʻkonlarda gʻij-gʻij olomon, odam degani dalalarga ham sochilib, tinimsiz gʻimirlab yotibdi. Shahardan qishloqqa, qishloqdan shaharga ulovlar betoʻxtov qatnaydi. Adoqsiz yoʻllar bir-biriga ulanib ketaveradi. Bir qishloq tugab-tugamay ikkinchisi boshlanadi, bugʻdoyzordan keyin paxta dalasi, paxtadan keyin piyoz paykali keladi. Bir parcha boʻsh yer yoʻq. Faqat har bir qishloq chetida devor yoki panjara bilan oʻralgan hayhotdek, taqir va qoʻngʻir ochiq maydonlar bor xolos. Jajji tuproq tepaliklarga toʻla shu joydagina harakatsizlik, sukunat bor. Yangi paydo boʻlgan, nam tuprogʻi hali qurib ulgurmagan tepalik ustiga yugurib chiqib, atrofga shoshilinch nazar solgach, qurib sargʻaygan oʻt-oʻlan va shuvoqlarni shitirlatib qochib qolgan yumronqoziqqina bu sukunatni buzib turadi, xolos. Yangi tepalikni ketmonning orqa yuzi bilan tapillatib urib mustahkamlab ketgan odamlar eski temir panjarali darvozadan tashqari hatlashlari hamon yengil tortib, bu sokin goʻshaning mavjudligini-da unutishga ulgurishadi.
Chol endi chimirilgan, tund, istehzoli, shodon va gʻamgin, gʻazabnok va quvnoq chehralarni ham ilgʻay boshlaydi. Hayot goʻyo bir ulkan musobaqa, ildamlab ketganlar shodon, ortda qolganlar tashvishda, toʻxtab, chorasiz qolganlar gʻussaga botgan. Umr shundoq musobaqa bilan oʻtadi va marra oʻsha – mitti doʻngliklarga toʻla taqir maydon. Kimdir marraga yetib kelganda yana bir tuproq tepalik paydo boʻladi.
Chol oʻzining hammanikidan baland oq tunukali tomini ilgʻab qoladi. Atrofga alanglab, hayratga tushadi – manovi jajji tuproq tepaliklarga toʻla yaydoq makon uyiga bu qadar yaqinligini shu paytgacha sezmagan ekan. Manzil shunchalik yaqinmidi, deb oʻylaydi chol yuksakda turib. Yerda gʻimirlayotgan qora-quralar orasida faqat bir kichik jussagina boshqalardan farqli, baʼzan gʻimirlashdan toʻxtab, osmonga, sokin parvoz qilayotgan qushga tikilgancha, uzoq oʻyga choʻmib qoladi, goʻyo shu odamgina cholni tushunib turgandek. Chol bu kimsani tanigandek boʻladi, pastlaydi, va yana pastlaydi. Axir bu odamni men taniyman-ku, deb oʻylaydi…
– Doʻxtir bolam, bu sizmisiz?! – Cholning yuziga mamnuniyat ifodasi balqib chiqdi.
Qariyaning gapidan doʻxtir bexos choʻchib tushdi, alahsiradi degan oʻyga bordi, biroq uning chuvak yuzidagi baxtiyorlikni koʻrib hayron qoldi.
* * *
Doʻxtir xotiniga telefon qilib, bu kech uyga qaytyapman deb aytgan ekan, qishloq oʻsha soatdayoq bundan xabar topgan edi. Katta yoʻl boʻyidagi pakkaga aylangan doʻkon atrofidan ketolmay qolgan odamlar bahsi tobora qizib borardi. Ha, bugungi kun odamining eng katta orzusi – ulov. Hammaning koʻzini olovdek kuydiradigan, yaraqlagan, moyi artilmagan ulov. Abdurahimboydek dunyoning bir chetini yeb yotgan odam uchun bitta ulov “karnaychidan bir puf” degandek gap.
Bir mahal sutga chayilgandek oppoq mashina tigʻdek oʻtkir chiroqlari bilan tun qorongʻusini chok-chokidan soʻkib kelib, doʻkon yonida toʻxtadi. Ulovdan Botir doʻxtir hech narsa boʻlmagandek irshayib tushib keldi. Koʻzlari nurdan qamashgan odamlar hangu mang edi. Oppoq ulov motorini yoqimli vizillatgancha ortiga qaytib ketganda, doʻxtir esa doʻkonga kirib, bir kilo shakar, ikki kilo makaron xarid qilib, buni nasiya daftariga yozdirib qoʻyganida ularning hayrati oʻn, ehtimol, yuz chandon oshgan edi.
– Kim aytdi hayot kinoga oʻxshaydi deb? – kimdir zarda aralash toʻngʻilladi.
2012 yil
Muhammad ShARIF
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8
https://saviya.uz/ijod/nasr/parvoz/