Parodiyalar

LOʻLILAR HAM ANOYIMAS

 

Rahimjon RAHMATga

 

“Mendan nari tur, desang, yiroqlarda yur desang,

Ketmon olib, goʻr kovlab, oʻsha yerda yotaman.

Sensiz dardga davo yoʻq, bu shaharda maʼno yoʻq,

Men oʻzimni qul qilib, loʻlilarga sotaman.

Oʻldirsa, yor oʻldirsin, paymonamni toʻldirsin.

Lahadning devoriga ishqiy sheʼrlar bitaman”.

“Jonimni ol” sheʼridan

 

* * *

Mashqingizni oʻqiganlar hayron, oʻylar,

Devor osha hilxonaga asta boʻylar.

Ukaginam, oʻzingizga qabr qazmang,

Xizmatga shay goʻrkovlaru murdashoʻylar.

 

Siz aytmoqchi boʻlgan gaplar yangimasdir,

Ketmondagi dogʻdan yurak zanglamasdir.

Lahaddagi dastxatingiz toʻkis boʻlsa,

Qadimshunos tadqiqotchi gangimasdir.

 

Bilasizmi, u dunyoning tartiblarin?..

Balki xeshdir, ish yuritar xatiblari,

“… Jononasiz jonlarni itlar yesa”,

Nima qilar unda ajal kotiblari?..

 

Mungli qoʻshiq xamirturish ertaklarga,

Oʻxshab qolmang, dostondagi Ersaklarga

Loʻlilar ham anoyimas, qul boʻlsangiz,

Barter qilar Sizni temir-tersaklarga…

 

NIMA QOLDI?

 

Asror MOʻMINga

 

“Chaman koʻrsak, gullar seniki,

Togʻlar toʻssa, kemirish – mendan,

Baxtga koʻprik yoʻllar seniki,

Sellar toʻssa, simirish – mendan”.

“Toʻgʻri taqsimot” sheʼridan

 

* * *

Rasul Hamzatni oʻgirib qoʻydim.

Pullari Senga, dollari menga.

“Qoʻsh hoʻkiz” derlar eru xotinni,

Echkisi senga, mollari menga.

Dogʻistonlarning togʻi toʻssa ham

Kemirish menga, semirish senga.

Boʻzasi menga, koʻzasi Senga.

Baxtga eltuvchi yoʻllar Seniki,

Tornado, toʻfon, sellar meniki,

Plastik karta, omad Seniki,

Kelishgan, xipcha qomat meniki.

Xatlanib boʻldi tol va teraklar,

Azizim, Senga kapgir, elaklar.

Validol ichib, ezma yurakni,

Soplatib qoʻydim bolta, kurakni.

“Toʻgʻri taqsimot” turmush tayanchi,

Xoʻsh nima qoldi, jonim, sanang-chi?!

 

Tursunboy ADASHBOYEV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

 

https://saviya.uz/ijod/nazm/parodiyalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x