“Oʻzi ustoz boʻlar ustoz koʻrganlar”

“Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar”, deydi dono xalqimiz. Inson zoti borki, oddiy ustadan tortib, taniqli olimgacha, kimnidir oʻziga ustoz deb biladi. Uning etagidan mahkam tutib, pandu nasihatlariga quloq solib, soʻngra, oʻzi ham mustaqil qadam qoʻya boshlaydi. Insonning dunyoga kelishiga ota-ona sababchi boʻlsa, uning “hayot” atalmish umr soʻqmoqlarida oʻzining toʻgʻri yoʻlini topib borishida ustozlarning oʻrni beqiyosdir.

Qisqa umri davomida oʻzbek bolalar sheʼriyatining rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan Qudrat Hikmat qalbida sheʼriyatga muhabbat maktabda oʻqib yurgan vaqtlaridayoq paydo boʻlgan. U yosh shoir sifatida, dastlab, maktab devoriy gazetalarida koʻrina boshlaydi. Qalbidagi sheʼriyatga boʻlgan oshnolik, uni adabiyot toʻgaragi tomon yetaklaydi. Boʻlajak shoirning isteʼdodi ushbu toʻgarakda shakllanadi.

Qudrat Hikmat dastlabki sheʼrlarini kattalar uchun yozgan edi. Ustozi Quddus Muhammadiy rahbarlik qilgan toʻgarakda qatnashgandan soʻng, uning sheʼrlaridan ilhomlanibmi yoki bolalar hayotiga nisbatan boʻlgan qiziqishi boismi, u ijodini butkul bolalarga bagʻishladi.

Adabiyotshunos olim Matyoqub Qoʻshjonov ustoz-shogird ijodlariga nazar tashlar ekan: “Quddus Muhammadiy oʻzbek bolalar adabiyotining katta avlodiga mansub shoir. Qudrat Hikmat esa undan keyingi avlod vakilidir. Bir-birlariga yaqin turgan ikki avlod vakillari – birinchisidagi shoirona oddiylik, xalq ijodiga nihoyatda yaqin turishlik, folklor ohanglaridan, shakl va maʼno xususiyatlaridan unumli foydalanishlik, ikkinchisidagi, mazkur xususiyatlarni oʻzlashtirgan holda sheʼriy madaniylik, shakl va mazmundagi mukammallik va tugallik bizni oʻziga jalb qildi”, deb yozadi. Nazarimizda, bu ikki shoir ijodining oʻzaro uygʻunlashib ketishida, yana bir muhim vosita bor. U ham boʻlsa, har ikkalasining Islom shoirga adabiy kotiblik qilganliklarida, shu bois, ularning xalq ogʻzaki ijodining namunalari bilan yaqindan tanishishganliklarida namoyon boʻlganligi, shubhasiz. Kundalik voqealardan xabardor qilib, yangi-yangi terma, qoʻshiqlar yaratishga daʼvat etgan sodiq shogirdi Qudrat Hikmat nomini Islom shoir oʻz satrlarida mamnun boʻlib tilga oladi. U oʻzining “Yurtimiz abadiy obod boʻlsin” sheʼrini quyidagi misralar bilan yakunlaydi:

 

Islom shoir sheʼrni aytdi til bilan,

Qudrat uni yozdi sidqidil bilan,

Har mushkul ish hal boʻladi el bilan,

Yurtimiz abadiy obod boʻlsin deb.

 

Quddus Muhammadiy ona tabiat kuychisi, Qudrat Hikmat esa manzara yaratish ustasi. Quddus Muhammadiy tabiatshunos muallim va shoir sifatida tabiat hodisalari sirini bolalar ongi va saviyasiga mos ravishda ifoda qilish yoʻlini mohirlik bilan topadi. Uning “Bahor keldi” sheʼri shu jihatdan xarakterlidir:

Qoʻllarida soz bilan, // Gul-gʻuncha pardoz bilan, Silkinib parvoz bilan, // Uchib turna gʻoz bilan,

Sevikli bahor keldi.

Bahorni kuting bogʻda, // Bahor emas, dala, togʻda,

Maysa yashnagan chogʻda, // Qushlar sayrar butogʻda,

Qadrdon bahor keldi.

Har narsada oʻzgarish, // Erib, oqib, joʻnar qish,

Qaynar, gurkirar turmush, // Oʻrik gullari kulmish,

Mehnat bahori keldi.

 

Sheʼrning oʻynoqi ohangiga nazar solsak, qulogʻimiz ostida goʻyo xalq qoʻshiqlari jaranglaganday boʻladi. Bahor uygʻonish fasli, fasllar kelinchagi. Bu kelinchakni “qoʻllarida soz bilan” deya taʼriflar ekan, shoir qushlarning bahorda sevinib oʻz vatanlariga qaytishlarini, qaldirgʻochlarning chugʻurlay boshlashini mayin sozdan taralayotgan yoqimli kuyga mengzaydi. “Gul-gʻuncha pardoz bilan” satrida turfa ranglardagi gul-gʻunchalar pardoz qilgan goʻzallarga mengzalgan boʻlsa, “uchib turna gʻoz bilan” misrasida turnayu gʻozlarning uchib kelishi bahordan darakdir. Bularning barcha-barchasi, nazarimizda, xonadoniga kelin tushirayotgan hovlining taraddudlariga qiyoslanayotganday taassurot qoldiradi. Goʻyo, butun borliq bir hovliyu, bahor shu hovlining erka kelinchagi. Sheʼrni oʻqigan kitobxon koʻz oldida shunday goʻzal manzara namoyon boʻladi. Shoir bu goʻzallikni tasvirlash bilan bir qatorda, yosh kitobxon qalbida unga boʻlgan mehrni ham oshiradi. Zero, bolalar sheʼriyati katta tarbiya vositasidir. Sheʼrda bahorning nafaqat goʻzallik fasli ekanligi, balki ayni mehnat pallasi ekanligi ham taʼkidlab oʻtiladiki, uning goʻzalligiga oshno boʻlishning oʻzi yetarli emas. Chunki bahor faqat goʻzallik fasli emas, balki mehnat fasli hamdir. Bahorda dehqonlarning ishlari qizgʻin boʻladi, xalqimiz dasturxoni toʻkin-sochin boʻlishi uchun ular bor kuchlarini sarflab, javlon urib mehnat qiladilar. Shoir “qaynar, gurkirar turmush” der ekan, ana shu yaratuvchanlik mehnatini tarannum etadi. Dehqonlar ishtiyoqidan zavqlangan oʻrik gullari ham ularni olqishlab, oʻzlarining tabassumlarini hadya qilganday. Binobarin, ushbu sheʼr tagmaʼnosida bolalarni ham goʻzallikni sevishga, ham tabiatni asrashga, ham mehnat koʻnikmalariga undash asosiy maqsad qilib olingan.

Qudrat Hikmatning ustozidan manzara yaratish mahoratini puxta oʻrganganligi, uning yuqoridagi sheʼrga hamohang “Chiqdi mayning oldiga” sheʼrida koʻzga yaqqol tashlanadi:

 

Togʻlar shalola bilan, // Adirlar lola bilan,

Yurt obod dala bilan, // Gʻoʻzalar tola bilan

Chiqdi mayning oldiga.

Bahor ittifoqchiday, // Yashil daraxt soqchiday, Koʻk chehrasi shod birday, // Quyosh ilk bayroqchiday

Chiqdi mayning oldiga.

Uylar yelkan, yap-yangi, // Yoʻl poyandoz, yoʻq changi,

Hamkor doʻstlik ohangi, // Rus, oʻzbek, hind, farangi

Chiqdi mayning oldiga.

 

Ushbu sheʼrda ham tabiatning betakror manzarasi aks ettirilgan boʻlib, fasllar kelinchagi boʻlmish bahorning kelishiga goʻyo butun borliq oʻzining koʻrmanasini tayyorlayotganday taassurot qoldiradi. Shoirning jonlantirish va oʻxshatish mahoratidan ustalik bilan foydalanganligi bahorning ittifoqchiga, yashil daraxtlarning soqchiga, quyoshning olgʻa qadam bosayotgan bayroqdorga mengzalishida namoyon boʻladi.

Hozirgi oʻzbek bolalar sheʼriyatining faol ijodkorlaridan boʻlgan Tursunboy Adashboyev “Har bir manzara ustida ishlash va kartina yaratish sanʼatini ustoz Qudrat Hikmatdan oʻrganganman”, deb bejiz aytmagan. Uning “Bahor tushib kelar togʻdan” sheʼri ushbu eʼtirofga yaqqol dalil boʻla oladi:

Qorlar erib, // Tuni bilan,

Yerga yozib // Yashil gilam,

Bahor tushib kelar togʻdan.

Boychechakdan // Chambar boshda,

Taʼzim qilib, // Yurt, quyoshga,

Bahor tushib kelar togʻdan.

Toblanib // Qish ayozida,

Sinchalakning // Bayozida,

Bahor tushib kelar togʻdan.

Qoʻlga olib // Yangroq torin,

Koʻz-koʻz qilib // Iqtidorin,

Bahor tushib kelar togʻdan.

 

Mazkur sheʼrda ham yilning eng goʻzal fasli boʻlmish bahor tarannum etilgan boʻlib, bahor qishning qorlarini eritib, boshiga boychechakdan chambar taqib, yam-yashil gilamlar yozilgan yerdan, kelinchak yangligʻ butun koʻrku tarovatini koʻz-koʻz qilib tushib keladi.

Ushbu sheʼrlarda shogirdlarning ustoz izidan borganligi quyidagilarda namoyon boʻladi: a) har uch sheʼrning bandlari beshlik tarzida tuzilgan; b) har uchchala sheʼrda bandning soʻnggi misrasi (“Bahor keldi” sheʼrida qisman boʻlsa-da) takrorlangan va takror yordamida tasvirning, ohangdoshlikning yanada kuchayishiga erishilgan; v) har uchchala sheʼrda oʻxshatish, jonlantirish va sifatlash badiiy vosita tarzida yetakchi oʻrin tutadi; g) “Bahor keldi” sheʼrida tabiatning uygʻonganligi, qadrdon bahorni sogʻinib kutganimiz, bir-birining diydoriga toʻygan “oʻrik gullari”ning tabassumi, bahorning nafaqat goʻzallik fasli, balki “mehnat bahori”, yaʼni, mehnat fasli ekanligi tarannum etilsa, “Chiqdi mayning oldiga” sheʼrida tabiat butun chiroyini koʻz-koʻz qilib, “togʻlarni shalola bilan”, “adirlarni lola bilan”, “gʻoʻzalarni tola bilan” yasantirib, bayramga munosib tayyorgarlik koʻradi, “Bahor tushib kelar togʻdan” sheʼrida bahorning oʻzi tabiat kelinchagi yangligʻ yashil gilam yozilgan yerdan ohista yurib, boshiga boychechakdan chambar taqib, yurtga, quyoshga taʼzim qilib togʻdan tushib keladi. Natijada, har uchchala sheʼrda ham badiiy mahorat tufayli, goʻzal tabiat manzarasini yaratishga erishiladi. Bu goʻzallikni butun vujudi bilan his etish natijasida, ustoz-shogirdlar, aynan, bir manzaraning jonliligini oʻzlariga xos tarzda yanada yaqqolroq tasvirlashga erishganlar. Shuningdek, har uchchala sheʼrda har bir banddagi alohida chizgilar oʻzaro umumlashib, umumiy bir manzarani yaratib berishi Qudrat Hikmatning “Chiqdi mayning oldiga” sheʼri Quddus Muhammadiyning “Bahor keldi” sheʼridan, Tursunboy Adashboyevning “Bahor tushib kelar togʻdan” sheʼri esa Qudrat Hikmatning “Chiqdi mayning oldiga” sheʼridan taʼsirlangan holda yaratilganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Bu oʻrinda, shuni ham qayd etish kerakki, ayni bir mavzuda yaratilgan uch sheʼr uch shoirning ijodiy musobaqasiga ham oʻxshab ketadi. Buni sheʼrdan – sheʼrga badiiy mukammallik, yaxlitlik tobora oʻsib borishida kuzatish mumkin. Bu, oʻz navbatida, uch avlod shoirlarining ijodlaridagi oʻzaro uygʻunlik hamda avlodlar osha ustozlar anʼanasining bardavomiyligidan dalolatdir.

Muxtasar qilib aytganda, inson hayoti uning necha yil umr koʻrishi bilan emas, balki oʻzidan soʻng qanday nom qoldirishi bilan mazmun kasb etadi. Atigi qirq uch yil umr koʻrgan, ijodining eng yuqori choʻqqisida hayotdan bevaqt koʻz yumgan Qudrat Hikmat ijodining davomini hozirgi bolalar adabiyotining yetakchi namoyandasi Tursunboy Adashboyev sheʼrlarida koʻrish mumkin. Shunday ustozlar qoʻlida tarbiya topgan shogirdlar bor ekan, oʻzbek bolalar adabiyoti rivojlanish sari dadil qadam tashlayveradi. Zero, oʻzbek xalqining suyukli shoiri Erkin Vohidov aytganidek:

 

Aflotunga shogird edi Arastu,

Ul shogirdga shogird boʻldi Iskandar.

Bu oltin silsila davomi mangu,

Oʻzi ustoz boʻlar ustoz koʻrganlar.

 

Dilorom TOʻRAYEVA,

tadqiqotchi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozi-ustoz-bolar-ustoz-korganlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x