Oʻzbek oʻzgaradimi yoxud eski odatlardan qachon qutilamiz?

URF-ODAT VA ZAMON

Oʻzbek xalqining qadimiy urf-odatlari juda koʻp. Urf-odatlar esa madaniyatning bir qismi hisoblanadi. Odatda yuksak madaniyatli xalq deganda zamon oʻzgarishi bilan eski, oʻz vazifasini oʻtagan va yangi davrga mos kelmaydigan urf-odatlarni tark etib, boshqalar havas qiladigan rasm-rusumlarni joriy qilgan xalq tushuniladi. Masalan, oʻrta asrlarda davlat arboblari, yirik yer egalari va ruhoniylar vafot etsa, hafta-oʻn kun, baʼzan qirq kun va undan ortiqroq muddatda tuya, buqa, qoʻylar soʻyilib, yetim-yesir, musofir va gadolarga ovqat tarqatilgan. Bunday ehson oʻz vaqtida oʻzini oqlar edi. Chunki aholining deyarli aksariyat qismi ishsiz, tinimsiz oʻzaro urushlar hukm surar, toj-u-taxt egallash niyatida ota bilan bola, meros talashgan shahzodalar nizo-janjallari natijasida tinchlik yoʻq edi. Yurt vayron, dehqonning ekin-tekini payhon boʻlgan, uning ustiga tinimsiz bosqinchilik yurishlari oqibatida lashkarning oziq-ovqati, qurol-yarogʻlari uchun olinadigan soliq oshib ketgan, aholining tinkasi qurib qolgan edi.

Bular endi burungi gaplar, albatta.

 

URF-ODAT QULI

Afsuski, eski odatlardan birdaniga qutilish mushkul. Bunga juda koʻp misol keltirish mumkin. Hozir ham kishi vafot etganda doshqozonlarda osh damlab, 300-500 nafar odam chaqirib, ehson oshi tarqatish urfi amalda. Dasturxonlar esa noz-neʼmat koʻpligidan lorsillaydi. Turfa mevalar, qand-qurs, shirmoy non va shirinliklarni koʻrgan kishi “bu taʼziyami yoki toʻy?” deya oʻylanib qolishi aniq.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: Xoʻsh, shuncha noz-neʼmat kimga atalgan? Qoʻli kalta va beva-bechoragami? Taassufki, bunga ijobiy javob berish qiyin. Chunki toʻyxona atrofi qimmatbaho mashinalar bilan toʻlib ketadi. Bu yerga kelgan odamlarning oliftalarcha kiyinib olganini esa aytib oʻtish ortiqcha. Ularning koʻpchiligi gʻijingancha, “Obbo, yana oshmi? Odamni tinchgina dam olishga ham qoʻymaydi” deya tong saharlab uyqudan turadi. Baʼzida shaharning narigi chekkasidan bu chetigacha 30-40 km. yoʻl bosib kelishadi. Bir luqma osh yeydimi-yemaydimi, kamida 5-6 ming, koʻpi 50-100 ming pul sarflab oshga kelib-ketadi. Ular ochligidan emas, urf-odatlarning quli boʻlgani uchun shunday qilishadi.

Qolaversa, bu “shuncha odamlarga osh berdim”, deb soxta obroʻ orttirishning bir yoʻli, xolos. Bu qachonlardir ijtimoiy-iqtisodiy tanglik sharoitida yuzaga kelgan urf-odatning sarqiti ekanini hamma ham birdek tushunib yetgani yoʻq.

 

XORIJ TAJRIBASI

Shu oʻrinda bir voqeani bayon etishni lozim topdik. Bir guruh oʻzbekistonlik olim va ziyolilar bilan Eronda oʻtkazilgan kitob yarmarkasiga bordik. Kitob koʻrgazmasining sahni shunchalik ulkanki, bir boshidan ikkinchi boshi koʻrinmaydi. Yetti yoshdan-yetmish yoshgacha boʻlgan kishilar xuddi umumxalq sayliga kelganday bu yerga oshiqishgan. Endigina maktab yoshiga yetgan-yetmagan oʻgʻil-qizlar qoʻlida bir dasta pul, bir xalta-bir xalta kitob sotib olib, zoʻrgʻa orqalab ketayotgan holatni koʻplab koʻrish mumkin. Bu yerda kitob oʻqishga qiziqish favqulodda zoʻr ekan. Havas qilsa arzigulik.

Eronda toʻy marosimi ham juda ixcham oʻtar ekan. Bu yerda yoshlar maxsus salon yoki restoranda eng yaqin qarindosh, doʻst-yoronlarini chaqirib, 50-100 nafar kishilik toʻy marosimini oʻtkazishadi. Toʻy, odatda, soat 19:00 ga tayinlanadi. Dasturxonga hoʻl meva, shirinlik va choy qoʻyiladi. Milliy musiqa chalinadi, yosh qizaloqlar oʻyinga tushadi, kattalar kelin-kuyovga bir dasta gul berib tabriklaydi, keyin oʻtirib suhbat qurishadi. Soat 22:00 da kechki ovqat tortiladi. Kechki ovqat odatda suvga pishirilgan guruch bilan kabob yoki tovuq boʻladi. Shu bilan soat 23:00 da toʻy tugaydi.

Saudiya Arabistoni Eron, Afgʻoniston va boshqa musulmon davlatlarining koʻpchiligida oilada kimdir vafot etsa, uning fotihasini uch kun masjidda oʻtkazishadi. Yuz-ikki yuz kilolik osh damlab, odamlarga tarqatish uyoqda tursin, hatto kelganlarga choy ham taklif qilishmaydi. Bu dunyodan oʻtganlarni eslab oʻtkaziladigan barcha marosimlar uyda, oʻz yaqinlari davrasida boʻlib oʻtadi. Bizdagi isrofgarchiliklar, xoʻjakoʻrsinga “men sendan kammanmi?” qabilidagi kimoʻzarga osh tarqatishlar bu mamlakatlarda umuman yoʻq.

 

BIZDA…

Bizdagi kelin uzatish dabdabasi uncha-muncha milliarderning ham xayoliga kelmasa kerak. Kelin sarposi, mebeli, baʼzi xonadonlardagi katta uchastkani qurib qoʻyib, kelin tomonga hamma jihozlarini yuklashi, televizor, kir mashina, hatto kuyov bolaga yangi mashinagacha olib berish… Bu roʻyxatni yana davom ettirsa boʻladi. Hozir yosh kelin-kuyovlar aksariyat hollarda biror oliy oʻquv yurtida oʻqiydi. Ularning oʻqish xarajatlari, kiyim-kechagi, yeyish-ichishi esa ota-onaning zimmasiga tushadi. Ota-onasi bularni taʼminlashga qodir boʻlsa-ku, olam guliston. Agar aksi boʻlsa-chi? Zero, hamma oila ham iqtisodiy jihatdan baquvvat emasku?!

Toʻy oʻtkazish borasida koʻpchilikda taqlid hissi kuchli. Kimdir dabdabali toʻy oʻtkazsa, uni koʻrgan boshqalar ham qoʻlidan kelsa-kelmasa unga taqlid qiladi. Bunday taqlidlar oqibati urush-janjal, oila buzilishi kabi turli koʻngilxiraliklarga olib keladi. “Koʻrpangga qarab oyoq uzat” degan dono naqlga amal qiladiganlar nihoyatda oz.

Bunday taqlid yoshlarni boqimandalik, tekinxoʻrlik, molparastlik va maʼnaviy qashshoqlikka undashi bilan yanada tashvishlanarli.

Toʻqlikka shoʻxlik, taqlidchilik bilan qayoqqa qarab ketyapmiz? Nahot, qilayotgan ishlarimizni aql tarozisiga solib, oʻylab koʻrolmasak? Hamma uchun maʼqul boʻlgan, hamma koʻrib havas qiladigan urf-odatlarni joriy qilishga xalqimizning kuch-qudrati yetmaydimi? Bu kabi savollarga tezroq javob topishimiz kerak.

XULOSA

Alisher Navoiy hazratlari bir oʻrinda “Tabiatgʻa har neki odat oʻlur, chu vaqt oʻtgʻay odat tabiat oʻlur”, deya taʼkidlagan. Inchinun, hamma urf-odatlarni ham yuksak milliy qadriyat deb hisoblash joiz emas. Chunki vaqt oʻtishi bilan baʼzi odatlar eskiradi, zamon talablariga javob bermay qoladi. Bu tabiiy hol aslida. Shu maʼnoda turli marosimlarni ixchamlashtirish toʻgʻrisidagi hukumat qarori juda toʻgʻri va ayni vaqtida qabul qilindi. Zero, qachonlardir bu zamonga mos kelmaydigan urf-odatlarimizni oʻzgartirishimiz kerak-ku?! Ana shunda sarlavhadagi savolga ham javob topiladi.

 

Ahmadjon QURONBEKOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori

 

ishonch.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ozbek-ozgaradimi-yoxud-eski-odatlardan-qachon-qutilamiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x