Eshigiga qulf osilgan kutubxona yoxud ikki yildan buyon hech kim oʻqimagan kitoblar

Kitob – insonning eng yaqin doʻsti va maslahatchisi, uni fikrlashga oʻrgatuvchi tafakkur manbai. Keyingi yillarda mutolaa madaniyatini yuksaltirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, muhim meʼyoriy hujjatlar imzolandi. Buning samarasi oʻlaroq, joylarda yangi va zamonaviy kitob doʻkonlari, kutubxonalar barpo etilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyatida keyingi ikki yilda 3 ta “Kitoblar olami” majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu ziyo maskanlarida kitobxonlar nafaqat sevgan asarlarini xarid qilishlari, balki oʻsha yerning oʻzida oʻqishlari uchun ham sharoit yaratilgan. Mahalla fuqarolar yigʻinlarida moʻjaz kutubxonalar tashkil etilayotgani ham aholiga katta qulaylik berayotir. Endi ular mutolaa uchun shahardagi axborot-resurs markazlariga borishi yoki kitob doʻkonlaridan sotib olishlari shart emas, shunchaki yigʻin binosiga tashrif buyursa boʻlgani.

Hududimizdagi mavjud 30 ta mahallaning barchasida kutubxona tashkil etilgan, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Navoiy shahar kengashi raisi oʻrinbosari Rustam Gʻafforov. – Mahalla joylashgan hududdagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kutubxonalar fondini boyitishga harakat qilyapmiz. Quvonarlisi, bu ishlarning natijasi uzoq kuttirmayapti. Birgina “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida mana, ikki yildirki, viloyatimiz nomidan Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi yoshlar qatnashishmoqda.

Darhaqiqat, bugun Navoiy shahridagi gavjum joylarda kichik kitob doʻkonlari faoliyat koʻrsatmoqda va bayramlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davomida, albatta, kitob savdosi tashkil etilyapti. Biroq…

“Kitobni berishga haqqim yoʻq…”

Xatirchi tumanidagi qator mahallalarda boʻlganimizda hududda kutubxona yoʻqligiga, borlari ham abgor holdagi binolarda joylashgan boʻlib, kitob fondi haminqadar ekaniga guvoh boʻldik. Jumladan, “Olchinobod” mahallasidagi Madaniyat va aholi dam olish markazining bir xonasi kutubxona uchun ajratilgan. Biroq yigʻin ahlining aytishicha, bu xonaning eshigiga hamisha qulf osigʻlik turadi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida markaz direktori Shamsiddin Ahadovga yuzlandik.

Bu kitoblar Xatirchi agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji axborot-resurs markazi balansida turibdi, shu bois ularni birovga berolmaymiz, – deydi Sh. Ahadov. – Ikki yildan buyon kitoblar “qamoqda”. Ulardan hech kim foydalanmaydi, tuman madaniyat boʻlimi mutasaddilari kollej maʼmuriyatiga kitoblarni oʻz balansiga oʻtkazishni soʻrab, murojaat qilgan, afsuski, ijobiy javob ololmagan. Bu yerda ajoyib asarlar borligini deraza oynasidan koʻrgan ayrim fuqarolar “eshikni oching, kitoblarni oʻqiylik”, deb kelishadi. Ammo bunga haqqim yoʻqligi bois ularning talabini bajara olmayman.

Shamsiddin aka kuyunchaklik bilan gapirar ekan, eshikni ochib, javonlarda terilgan kitoblarga ishora qildi: “Qarang, shuncha xazina zax tortib yotibdi”. Oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalariga boqib, qaysi bir donishmandning: “Har qanday buyuk asarning kuch-qudrati mutolaa qilingachgina koʻrinadi” degan ibratli fikri yodimizga keldi.

Kitobni qadrlovchilar kam emas

Tumandagi “Olmazor” mahallasida ham kutubxona mavjud emas. Fuqarolar yigʻini masʼul kotibi Sodiq Oʻljayevning aytishicha, mahallada oʻtkazilgan tadbirlar jarayonida tuman axborot-resurs markazi bilan hamkorlikda bir necha bor koʻchma kutubxona tashkil etilgan, biroq bu hududning oʻzida joylashgan ziyo maskani singari naf bermaydi.

Tuman markazida istagan kitobingni topolmaysanu mahallada kitob doʻkoni qanday boʻlsin, – deydi yigʻin faoli Faxriddin Mavlonov. – Nafaqadagi oʻqituvchiman, kitob oʻqishni yaxshi koʻraman. Har pensiyamdan nevaralarim va oʻzim uchun viloyat markaziga borib kitob xarid qilaman. Agar viloyat markazidagi kitob doʻkonlari bizning qishloqqa koʻchma savdo tashkil qilib tursa, xursand boʻlardik.

Qiziltepa tumanidagi qator mahallalardagi aholi ham Faxriddin bobo singari oʻz hududida kutubxona boʻlishini xohlaydi. Afsuski, ularning bu orzusi qachon amalga oshishini hech kim bilmaydi.

Mahallamizda tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqarolar koʻp. Ular bilan hamkorlikda 2019 yil oxirigacha, albatta, kutubxona va kitob doʻkoni tashkil etamiz, – deydi tumandagi “Xusharti” mahallasi raisi Uchqun Sultonov. – Tuman axborot-resurs markazi bilan shartnoma qilib kitoblar keltirishimiz mumkin, lekin hozircha ularni saqlaydigan joy yoʻq.

Maqolani tayyorlash jarayonida bizni bir jihat xursand qildi: biz koʻrgan mahallalarda kutubxona boʻlmasa-da, kitobni qadrlovchi, mutolaaga qiziquvchi fuqarolar koʻp ekan. Ularning koʻnglida “Mahallamizda kutubxona boʻlsa qaniydi” degan orzu bor, biz esa bu orzuning tezroq amalga oshishiga tilakdoshmiz. Buning uchun tuman mutasaddilari va sektor rahbarlarining eʼtibori zarur, albatta…

 

Xolbibi SAFAROVA,

“Mahalla”

 

mahalladosh.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/eshigiga-qulf-osilgan-kutubxona-yoxud-ikki-yildan-buyon-hech-kim-oqimagan-kitoblar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x