Oyshirin momo

1

Bolaning Oyshirin momoga mehri zoʻr edi, birgina uning emas, mahalladagi hamma bolalarning ovunchogʻi edi momo. Aslida sochining biron tola qorasi qolmagan momo – momo emas, bola edi. Yoshi yetmishdan oshgan momoning yolgʻizgina oʻgʻli olis yaylovda choʻliq boʻlib ishlar, buning ustiga yoshligidan oʻpkasi shamollab, yilning teng yarmini viloyat markazidagi kasalxonada oʻtkazardi. Momoning qora-qura bolalarni sevishi, qoʻni-qoʻshnilarda nechta churvaqa boʻlsa, har birini, har kuni oʻzi mazali qilib bostirgan serqaymoq qatiq bilan siylashi ham shundandir, balki. Bolalar ham oʻz uylariga oʻt yulib kelishdan qochishsa-da, momoning sigirini sira och qoldirishmasdi. Bahor keldi deguncha Oyshirin momo bolalarning boshini biriktirib, mahalladagi qoʻy-echkilardan suruv qilar, bolalar shovqin-suron koʻtarib, suruvni erta tong yaylovga haydashar, qosh qorayganda qishloqqa enishardi. Momo bolalarni zeriktirmas, gohida qiziq-qiziq choʻpchaklar aytib bersa, gohida qoʻllariga chillak choʻpini ushlatib, bir chetdan oʻyinlariga odil hakamlik qilardi. Shu bois qoʻli kaltaroq oilalardan birining kap-katta ikki oʻgʻli yakkayu-yagona echkisini boqish uchun har kuni birgalashib chiqishardi.

Yoz kunlaridan biri. Erta tongdanoq momoning moʻjazgina hovlisiga tumonat odam yigʻildi. Momo yolgʻizgina oʻgʻlining kiyim-boshlarini boʻyniga tashlab, oppoq sochini yoyib, aytib-aytib yigʻlardi:

Yigit yoshga yetganda

Xazon boʻlgan bolam-a-a.

Yurak-bagʻrimni dogʻlab

Tashlab ketgan bolam-a-a…

Hayotida bunday dahshatli tomoshaning ilk bor guvohi boʻlayotgan bola sehrlanib tik qotgan, u yoq, bu yoqdan oʻtayotganlarga eʼtibor bermas, yigʻi-sigʻilarning sababini tushunmasa-da koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgandi. Kechagina momoning oʻgʻlini doʻxtir moshinada olis shahardan keltirishgan, tuni bilan hovliga kelib-ketuvchilarning izi uzilmagandi. Negadir bolalarni uyga kiritishmagandi.

“Kattalar nega bunday qilishadi. Birontasi momoni ovutay demaydi, aksiga ayollar undan qolishmaslikka bahs boylashgandek davra aylanib, erkaklar safga tizilib, bir-birining yelkasiga qoʻl tashlab yigʻlashgani-yigʻlashgan”…

– Ha bolam, bu yerda nima qilib turibsan?

Onasining mehribon ovozi bolaning uchqur xayollarini tushovladi.

– Nima boʻlayapti, ona?

– Momongni oʻgʻli oʻlgan, uyga ket, yosh bolaning azaga kelishi yaxshi emas bolam, uyat qilishadi, boraqol.

Yelkalari shalvirab tushgan bola ortiga qaytdi, hali u oʻlim, judolik, farzand dogʻi nimaligini bilmas, faqat bugun momoning ertaklarini eshitib, qatiq ichishdan mahrum boʻlganini oʻylardi…

2

…Borlikka tun chodrasi yoyilgach, saraton tafti biroz bosilgandek boʻladi.

– Shu kunlarda roʻzador boʻlganlarning joniga toʻzim bersin, – deydi bolaning onasi rahmdillik bilan.

Keyin, otasining yangasi Oyshirin momo keladi, yolgʻizlikdan zerikib, gurunglashib oʻtirish uchun. U kishi roʻzador.

– Joningizga javr etib nima qilasiz, ochib yuboring, – javranadi onasi salkam bir oyda yuzlari salqi tortib qolgan momoga rahmi kelib.

– Roʻza – Ollohning farzi, Novvi (onasining ismi Navbahor, qisqartirib shunday atashadi), endi necha kunligim qoldi, qarzdor boʻlib qolmay, – deydi Oyshirin momo, soʻngra soʻraydi. – Yangiboy inim hali ishdan qaytmadimi?

– Jiyaningizni yaxshi bilasiz-ku, u kishi ish uchun tugʻilgan.

Bola roʻza, roʻzadorlik haqida unchalik bilmaydi. Keksalarning ermagi boʻlsa kerak, deb oʻylaydi oʻzicha. Negaki u paytlar butun qishloqdan besh-oʻn keksalargina bajarar edi bu farzni. Keyin oy davomida bolaning boshi “roʻza nima oʻzi, uni qanday tutib olishar ekan” degan savol ustida qotardi.

Bola yoshi ulugʻlarni oʻz gurunglari bilan qoldirib, qadrdon supaga, aka-ukalari qatoridagi onasi toʻshagan oʻrniga kiradi. Eʼtiborini osmon suprasiga sochilgan yulduzlarning jilosi oʻziga tortadi:

– Eh-hey, buncha koʻp boʻlmasa ular.

– Yer yuzida odamlar ham koʻp-da bolam, – deydi onasi uning hayratini tagʻin ham oshirib. – Har bir yulduz bir odamniki, osmonda yulduz soʻnsa, bir odam fanoni tark etgan boʻladi.

– Fano nima, ena?

– Fano – biz yashab turgan zamin, bolam, hammamiz unda mehmonmiz.

– Eh-hey, fano deganlari katta mehmonxona ekan-da.

– Shirk keltirma, bolam, u qodir Xudoning bandasiga marhamati.

Bolaning savollari koʻp, faqat momoning yangi gapi uni chalgʻitadi:

– Yana uxlab qolmanglar, bu tun ustimizdan Laylatulqadr uchib oʻtadi,-ogohlantiradi Oyshirin momo.

– Nima u?

– Koʻrinishi qanday? – chuvillashib yostiqdan bosh koʻtarishadi bola va aka-ukalari.

Momo ularning bironta savollarini javobsiz qoldirmaydi:

– Yaratgan egamning elchisi, uni koʻrganlar ajrga yetarmish. Yiliga bir marta, roʻzadorlikning yigirma yettinchi kechasi gunohsiz bandalariga koʻrinish berarmish. Uni koʻrgan kishi eng yaxshi tilaklarini aytsa, ijobat boʻlarmish.

– Uni Siz koʻrganmisiz, koʻrgan boʻlsangiz, nima tilak bildirgansiz? – soʻraydi qaysidir sabrsizrogʻi.

Oyshirin momo xoʻrsinadi, yuz-koʻzi simobiy tus oladi:

– Qani edi koʻrganimda, nima soʻrashni oʻzim bilardim. Uxlamay yotinglar, u Sizlarga albatta koʻrinadi.

Tunni qaritish uchun matal aytishadi, har kim mahalladagi, qishloqdagi oʻz bilgan oilalari farzandlarini ichida barmoq bukib sanab, “bir boyning uch oʻgʻli, bir qizi bor, u kim?” qabilidagi topishmoqlar oʻylab topishadi. Ammo urinishlar zoye ketadi, uyqu shirin, uyqu serjilva, birin-ketin bolani ham, aka-ukalarini ham sehrli ogʻushiga oladi.

Ertalab turib onalarini savolga tutishadi:

– Laylatulqadr keldimi?

– Keldi, bolajonlarim, bir-bir boshingizni silab, omonlik tiladi.

Koʻrmasdan turib, Laylatulqadrni sevib qolishadi:

– Qanday yaxshi ekan Laylatulqadr deganlari…

Negadir u bolaning koʻz oʻngida oppoq qanotlari keng, oyoqlari uzun-uzun qush koʻrinishida gavdalanadi, ehtimol uning nomi qishloq oʻrtasida kim necha yillardan buyon soya tashlab turgan keksa tut daraxti ustiga bobolar oʻraydigan sallaga monand uya qurgan laylaklar jufti nomiga uyqash boʻlganligi uchun shunday toʻxtamga kelgandir.

3

Har gal yarim tilim qovunday boʻlib yangi Oy chiqqaniga koʻzi tushgan bola Oyshirin momodan suyunchi olishga shoshiladi:

– Momo, momo, suyunchi choʻzing, yangi Oy chiqdi!

Oyshirin momoning yuzlariga nur enadi, siniq koʻzlari charaqlaydi:

– Qani, qani, oʻz koʻzing bilan koʻrdingmi?

Bola tezroq momoning boshidagi qat-qat roʻmollar orasiga asrandi qilib qoʻygan shirinligiga ega boʻlish uchun qoʻlini osmonga bigiz qiladi:

– Hayla…

– Qoʻling bilan koʻrsatma, bolam, gunoh boʻladi, oʻsha tomonga imlasang, oʻzim topib olaman.

Nihoyat Oyshirin momo yarim tilim Oyni koʻradi, koʻzlarini, kipriklarini barmoqlari bilan silab, pichirlab nimadir degancha, uning yoʻliga peshvoz yetti qadam tashlaydi, keyin:

– Sen ham shunday qil, bolam, yurib borayotganingda “haq Oy, haq Oy, yanagi kunlarga, yanagi oylarga, yanagi yillarga omon-eson yetkaz”, degin, iloyo Olloh yarlaqagani chin boʻlsin, – deydi.

Oyshirin momoning turish-turmishi sir, yangi-yangi marosimlarni kashf etaveradi. Bola ayniqsa, Navroʻz arafasida oʻtkaziladigan “Chorshanbi chiroq” (ayrim qishloqlarda u “Oxirgi chorshanba” deb atalarkan) marosimini intiqlik bilan kutadi. Bu marosim bayram arafasidagi soʻnggi chorshanbada tun payti oʻtkaziladi.

– Yangi yilga soflanib borgan yaxshi, bolalarim, – deydi momo atrofida chuvillashayotgan bolalarga qayta-qayta topshiriq berarkan. – Biron kishi esdan chiqib qolmasin…

Oyshirin momoning taʼbiricha, darz ketgan idish xonadondan barokatni qochirarmish, “chorshanbi chiroq” – gunohlardan soflanish marosimi, gulxandan niyat qilib sakragan har bir kishining gunohlari olovga toʻkilib qolar emish.

4

…Turmush qatiga turfa sirlarni yashirgan kitob ekan. Bola oʻsib, voyaga yetdi, ota boʻldi. 1983 yil qahraton qishida Oyshirin momo bandalikni bajo etdi. Bu vaqtda u zamonaviy qoʻrgʻonda, jiyani bilan yashayotgandi. Qadrdon uyiga talpinib, uzoq vaqt koʻz yumolmadi. Dildan ishongan, suyangan togʻim deb bilgan qarindoshi:

– Momoni koʻtaring, yigitlar, uyiga olib boramiz, – deganida siniqqina jilmayib, yolgʻon dunyoni tark etdi.

Qor chappa-rostasiga urib turganiga qaramasdan Oyshirin momoning mehribonlari, kechagi bolalar, bugungi otalar uni yelkalarida koʻtarib, soʻnggi manziliga qoʻyib qaytishdi. Tungi payt “bola”ning onasi xoʻrsinib:

– Bechora momo, bir umr tirnoqqa zor oʻtdi, – dedi.

– Burnogʻi yili vafot etgan oʻgʻli-chi? – dedi qoʻshnilardan biri.

– Tutingan bolasi edi.

“Bola”ning koʻz oldi qorongʻulashib ketdi.

Turmush kitobi sahifalarini endigina varaqlay boshlagan oʻsha bola men edim. Donishmand hayot hammamizga shirinini ham, achchigʻini ham tottirdi. “U qaytadi” degan ilinjda soch oqartirgan bevalar ertak emas, haqiqat, butun umr tirnoqqa zor oʻtib, bir-biriga sadoqatli qolganlar voqelik. Vo darigʻ, hamma ayol ham birdek ona nomiga loyiq boʻlavermas ekan. Tunda farzandini chetga surib, yostigʻining yarmini xiyonat egallaydiganlar, rizqini chet ellardagi fahsh toʻshagidan izlaydiganlarni kim deb atash mumkin? Men har doim ONA degan ulugʻ soʻzni tilga olishim bilan Oyshirin momoni eslayman. U alamdan, dard-anduh yer tepib aylanaveradi, aylanaveradi, boʻgʻzida hirqiroq tovush manguga qotib qolgandek:

Yigit yoshga yetganda

Xazon boʻlgan bolam-a-a…

 

Abdunabi ABDIYEV

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/oyshirin-momo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x